Reja: Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari


Tulenov Jondor (1927-2002) akademik, falsafa fanlari doktori, professor



Yüklə 228,5 Kb.
səhifə8/9
tarix28.11.2023
ölçüsü228,5 Kb.
#138175
1   2   3   4   5   6   7   8   9
1403329402 44505

Tulenov Jondor (1927-2002) akademik, falsafa fanlari doktori, professor. Asosiy ijodi dialektika va bilish nazariyasi, ilmiy tafakkur uslubi masalalariga bag`ishlangan.
XX asrning 70-80 yillarida falsafani o`rganishda nisbatan erkinlik shakllandi va shu bois dialektik mantiqning rivojiga yo`l ochildi. O`zbekistonda J.Tulenovning dialektika maktabi shakllandi. Qozog`istonlik o`zbek olimi 1971 yildan O`zbekistonda ilmiy faoliyatini davom ettiradi. U 350 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. J.Tulenov o`zining "Qonun falsafiy kategoriya sifatida" (Zakon kak filosofskaya kategoriya 1959) asarida qonunlar tuzilishi jihatidan uch asosiy komponentlardan iborat deb ko`rsatadi: Ular 1) obyektiv asosga ega, ya`ni predmet va hodisalarning umumiy nisbatan barqaror zaruriy aloqalarini ifodalaydi; 2) harakatning o`ziga xos usuliga ega, ya`ni voqealar xarakteri va yo`nalishini aniqlaydi; 3) yuqorida ko`rsatilgan ikki komponent o`rtasida bog`lovchi element vazifasini bajaruvchi muayyan sharoitlar mavjudligida namoyon bo`ladi. Demak qonun- bu predmet va hodisalarning zaruriy, nisbatan barqaror munosabatlari majmui bo`lib, ular voqealarning yo`nalishi va xarakterini aniqlaydi. Qonun namoyon bo`lishining turli shakllari bilan xarakterlanadi. Qonunning namoyon bo`lish shakllariga quyidagilar kiradi: 1) qonunning stixiyali anglanilgan kuch sifatida namoyon bo`lishi; 2) qonunning hukmron tendensiya va aniq shaklda namoyon bo`lishi (dinamika va statika qonunlari); 3) qonunning katta va kichik kuch bilan harakati.
Obyektiv qonunlar tizimi ham turli tumanligi bilan xarakterlanadi.1) Qonun qamrab olgan obyektiv jarayonlar nuqtai nazaridan tabiiy va ijtimoiy qonunlar farqlanadi; 2) Jarayonlarga ta`sir darajasi nuqtai nazaridan asosiy va asosiy bo`lmagan qonunlar; 3) harakat sharoitlari nuqtai nazaridan xususiy, umumiy va eng umumiy qonunlar farqlanadi. Ushbu qonunlar ijtimoiy taraqiyotda o`z ifodasni topadi.
J.Tulenovning kategoriyalar haqidagi fikrlari ham diqqatga sazovordir. Jumladan u a) dialektika kategoriyalari obyektiv dunyoning umumiy qonuniyatlarini ifodalaydi va ontologik mazmunga ega; bu inson ongiga bog`liq bo`lmagan holda mavjud bo`lgan voqelik rivojlanishi va harakatining aloqadorligi bilan bog`liq umumiy qonun; 2) dialektika kategoriyalari umumiy tushunchalar sifatida inson fikrining shaklidir va bilishning tayanch nuqtasi hisoblangan mantiqiy mazmunga ega; 3) dialektika kategoriyalarining shakllanishi va rivojlanishining asosi bo`lgan amaliyot insonning moddiy ma`naviy faoliyati majmui sifatida namoyon bo`ladi, shuning uchun dialektika kategoriyalari ijtimoiy amaliyotning mahsuli ham deyiladi; 4) dialektika kategoriyalari amaliyotda paydo bo`lib, amaliyotga xizmat qiladi. 5) dialektika kategoriyalarining muhim xususiyati ularning o`zgaruvchanligi va egiluvchanligidir deb e`tirof qiladi. Muallif "Dialektika kategoriyalarining egiluvchanligi" (Problema gibkosti kategoriy, 1981), Dialektika kategoriyalarning o`zaro aloqadorligi (Vzaimosvyaz kategoriy dialektiki 1986) asarlarida birinchi bo`lib, dialektika kategoriyalarining ziddiyatliligi, ularning rivoji, o`zaro aloqadorligi va o`zaro bir-biriga o`tishini, kategoriyalar egiluvchanligining fan va amaliyot uchun ahamiyatini asoslagan. J. Tulenov dialektika qonun va kategoriyalarining ayniyligi va farqlari masalasi haqida ham to`xtaladi. U o`zining "Dialektika va ilmiy tafakkur uslubi" (Dialektika i stil nauchnogo mishleniya, 1983) asarida birinchi marta, inson ijodiy faoliyatida tafakkur uslubining o`rni va rolini yoritib beradi. Insonning kundalik tafakkur uslubidan ilmiy tafakkur uslubiga o`tishiga ta`sir qiluvchi omillarni, dialektik, metafizik, sofistik, eklektik tafakkur uslublarining tarixiy rivojlanish bosqichlarini yoritish bilan bir qatorda, ilmiy tafakkur uslubiga ta`rif bergan. Sovet davrining qaqshatqich tazyiqi ostida J.Tulenov 3 marta "Dialektika va bilish nazariyasi" (1984, 1986, 1989) mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o`tkazdi va bu bilan o`zbek falsafasining rivojiga o`z hissasini qo`shdi.
Mustaqil O`zbekistonda J.Tulenov ijodining yangi qirralari namoyon bo`ldi. Bu davrda u ijtimoiy dialektika masalalariga alohida e`tibor qaratadi. Hayot falsafasi (1993) asarida falsafiy bilimning o`ziga xos xususiyatlari, uning siyosat bilan bog`liqligi, mamlakat mustaqilligining dastlabki yillarida ijtimoiy siyosiy, iqtisodiy, ma`naviy yangilanish jarayonlarini tushunish uchun falsafiy madaniyat va siyosiy tafakkurni shakllantirish lozimligini ta`kidlaydi. "Mustaqillik va milliy tiklanish" (1996) asarida O`zbekiston mustaqilligining tarixiy ahamiyati, yangi siyosiy tizim, ko`pukladli iqtisod va bozor munosabatlariga o`tishda, mustaqil davlatning ma`naviy, madaniy va axloqiy asoslarini rivojlantirish va mustahkamlash, milliy mustaqillik mafkurasining maqsadi va yo`nalishlarini aniq anglash va ularni hayotga tadbiq etish masalalari yoritilgan. "Qadriyatlar falsafasi" (1998) asarida qadriyatlarning mohiyati, ularning turlari (tabiiy, iqtisodiy, ijtimoiy siyosiy, estetik va h.k) ma`muriy buyruqbozlik hukmronlik qilgan tuzumda milliy qadriyatlarning qadrsizlanganligi, mustaqillik davrida qadriyatlarga munosabatning o`zgarganligi, milliy tiklanish, millatning o`z-o`zini anglashi mustaqillikni saqlashning asosiy omili bo`lishini e`tirof etgan.
Tulenovning so`nggi asari "Dialektika nazariyasi"(2001) bo`lib, unda olim dialektikani sinergetika bilan almashtirishga, dialektikani o`ldiga chiqarishga harakat qilgan ba`zi soxta olimchalarga qaqshatqich zarba beradi. Dialektikaning fan va ta`limot sifatidagi tarixiy taraqqiyotini, uning eng qadimgi va hozirgi zamon bilishining metodlaridan biri ekanligini, buyuk mutafakkirlar al-Forobiy, al-Xorazmiy, al-Beruniy, Ibn-Sino, Ulug`bek, Mirzo Bedil asarlari asosida dialektikaning ijtimoiy jarayonlarni bilishdagi ahamiyati, uning global xarakterini yoritgan. J.Tulenov talabalar uchun qator darslik va o`quv qo`llanmalarini yaratgan, umrining oxirigacha xalqqa xizmat qilgan buyuk olim edi.
I.A.Karimov aytganlaridek, "Shaxs imkoniyatlari bizda juda chuqur irsiy asoslarga egadir. Respublikamizda jahon fani va texnikasi, falsafa va huquq yutuqlarini egallab olgan va shu bilan birga o`z xalqiga yaqinlikni saqlab qolgan kishilar juda ko`pdir" . Ular o`zlarining halol mehnati bilan ajdodlar ishini davom ettirgan hamda hozirgi kunda ham mamlakatimizni demokratlashtirish va modernizatsiyalashtirish jarayoniga munosib hissasini qo`shmoqdalar. Quyida mamlakatimizda ijtimoiy falsafa va madaniyat falsafasi fani ravnaqiga munosib hissa qo`shgan faylasuf olimlar haqida so`z yuritamiz.
Valiyev Abdulxay (1929-2002) akademik, falsafa fanlari doktori, professor. Asosiy ilmiy ijodi jamiyat taraqqiyotida milliy ziyolilarning roli masalalariga bag`ishlangan. U bu jarayonning o`ziga xos xususiyatlarini, O`zbekistonda milliy ziyolilar faoliyatini rivojining zarurligini asoslagan. Sovet tuzumi hukmronligi avj olgan 1966 yilda A.Valiyev "O`rta Osiyoda milliy ziyolilarining shakllanishi" asarida ishchi dehqonlar orasidan iqtidorlilarini tanlab, milliy rahbar kadrlarni tayyorlash lozimligi haqidagi g`oyani ilgari surgan. U turli toifadagi ziyolilar dunyoqarashi, ongi, psixologiyasi, kayfiyatidagi ziddiyatlarni ochib berishga harakat qilgan. A.Valiyev 30 yillarda qatag`on qilingan mashhur davlat arboblari, milliy ziyolilar F.Xo`jayev va T.Risqulovning mash`um taqdiri haqida ochiq fikr yuritgan. 1969 yilda esa O`rta Osiyodagi milliy ziyolilarning davlat boshqaruvidagi roli masalasiga bag`ishlangan asarida 1917-1960 yillardagi ziyolilarning ijtimoiy evolyutsiyasi, ishlab chiqarish sohasidagi ziyolilarning xalq xo`jaligini tiklashdagi roli, ilmiy texnikaviy taraqqiyotda ilmiy ziyolilar faoliyatining o`rni, milliy ziyolilarning jamiyat ma`naviy hayotiga ta`siri haqida fikr yuritadi. Ilmiy faoliyat bilan bir qatorda A.Valiyev jamoat ishlarida ham faol ishtirok qilgan. 1961-65 yilllarda u "O`zbekistonda ijtimoiy fanlar" jurnali bosh muharriri o`rinbosari, va "O`zbek ensiklopediyasi"ning bosh muharriri birinchi o`rinbosari lavozimida ishlagan. O`zbek ensiklopediyasining birinchi 8 jildligini nashrga tayyorlashda faol ishtirok qilgan.
Mustaqillik yillarida A.Valiyev mustaqillik buyuk ne`mat ekanligi, va uni asrash, avaylashda o`zbek ziyolilarining roli muhim ekanligini anglagan holda, umrining oxirigacha yangi avlod milliy kadrlarini tarbiyalashga munosib hissa qo`shdi.
Yusupov Erkin (1928-2003) akademik, falsafa fanlari doktori, professor. Asosiy ilmiy ijodi ijtimoiy falsafa va madaniyat nazariyasi sohasi bilan bog`liq. U mustaqillikning dastlabki kunlaridayoq millatlararo munosabatlar sohasida mamlakatda uzoq yillar davomida to`planib qolgan hal etilmay kelgan qator muammolar, ularning paydo bo`lish, rivojlanish va keskinlashish sabablari, obyektiv omillari va subyektiv zaminlarini tahlil etgan. Shuningdek E.Yusupov milliy manfaatlar va milliy munosabatlarning dialektik aloqadorligi, millatlar rivojlanishining ijtimoiy iqtisodiy muammolariga e`tibor bergan. E.Yusupov o`zining "Inson kamolotining ma`naviy asoslari"(1998) asarida inson ma`naviy kamoloti va jamiyat taraqqiyotining o`zaro bog`liqligi ma`naviyatning xususan axloq odob, imon, vijdon, e`tiqod madaniyat, ma`rifat kabi omillarning jamiyat taraqqiyotiga ta`siri, ularning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning asosiy yo`llaridan biri ekanligini tahlil etgan. Xususan u "Axloqning mezonlari jamiyat taraqqiyotining umumiy imkoniyatlari va ehtiyojlari alohida etnik guruhlar yashayotgan, mehnat qilayotgan sharoitlar ularning o`ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi. Barcha insoniyatga xos bo`lgan ruhiy boylik-axloq turli konkret tarixiy sharoitlarda, turli mamlakatlar va xalqlarda o`ziga xos shakllarda namoyon bo`ladi" deb ta`kidlaydi. "Oila ma`naviyat bulog`i" asarida E.Yusupov mustaqillik yillarida O`zbekistonda oilani mustahkamlash, ko`p bolali oilalarni ijtimoiy himoyalash, ma`naviy yetuk, jismoniy sog`lom avlodni tarbiyalash borasida ko`rilayotgan tadbirlar haqida fikr yuritadi, shuningdek oilada ota-ona ibrati, farzandlik burchi, farzand tarbiyasiga xos bo`lagan axloqiy qadriyatlar, oilaviy munosabatlarning diniy va milliy jihatlariga e`tibor qaratadi. Uning fikricha "Ahil oilada hal qiluvchi so`zni ota aytadi, bu so`zdan oldin u albatta oila a`zolarining fikr va manfaatini e`tiborga oladi, shu sababli ham milliy an`analarimizda otadan oldin so`zlash yoki ota o`rniga so`zlash, uning so`zini bo`lish ham beodoblikning belgisi hisoblanadi" . E.Yusupovning so`nggi "Falsafa – bahs va munozaralar maydoni" maqolasida "Falsafa shunday fanki uning muammolari tahlilida davrning ildamlab borayotgan ziddiyatli ruhi to`la va to`g`ri aks etishi kerak. Falsafa har qanday kashfiyotni, fan sohasidagi yangilikni mutlaq haqiqat deb tan olmaydi, har bir muammo tahlilidan oldin bu nima uchun shunday?, boshqacha bo`lishi mumkin emasmi? deb savol qo`yadi... Falsafa tarixida jamiyat va fan taraqqiyoti oldiga bunday savollar qo`yilmagan davr bo`lmagan va bo`lmaydi ham, shu sababli falsafiy muammolar tahlili doim keskin bahs va munozaralar maydoni bo`lgan" deb ta`kidlaydi. E.Yusupov milliy kadrlar tayyorlash masalasiga ham jiddiy yondoshgan. Olim umrining oxirigacha O`zMU falsafa fakultetida talabalarga falsafa ilmidan dars bergan.
M.X.Xayrullayev (1931-2004) akademik, falsafa fanlari doktori, professor. XX asrning ikkinchi yarmida o`zbek falsafasi rivojiga salmoqli hissa qo`shgan yetuk olim, jamoat arbobi. Asosiy faoliyati Abu Nasr al Forobiyning ilmiy ijodini o`rganish va sharhlashga bag`ishlangan. U "Buyuk siymolar"(1996 2 jild) va "Ma`naviyat yulduzlari" (1999) asarlarining mas`ul muharriri. M.Xayrullayev Forobiy ijodini qayta kashf etgan olim. U Forobiy ijodidagi materializm va idealizmni bir-biri bilan aralashtimaslik kerak deb hisoblaydi. Uning fikricha, Forobiy tomonidan Xudoning tan olinishi idealizm bo`lsa, astronomiya, matematika, mantiq sohasidagi kashfiyotlari materializmdir. Chunki bu sohalarda narsalar yo`qdan bor bo`lmaydi, bordan yo`q bo`lmaydi. Masalan, Yer, Quyosh, Oy, sayyoralar harakatlari orasidagi munosabatlarning obyektivligi doimo bir xildadir . M.Xayrullayev kommunistik mafkura hukmron bo`lgan davrda, Forobiy idealizmini tan ola oldi va uning ijodidagi idealistik va materialistik g`oyalarni sharhladi. M. Xayrullayev yetuk olim bo`lish bilan bir qatorda jamoatchi ham edi. U uzoq yillar davomida O`zFA "Sharqshunoslik" institutida direktr lavozimida va "O`zbekistonda ijtimoiy fanlar" jurnalining mas`ul muharri lavozimida ishlagan.
Baratov Mo`bin (1934-2005) akademik, falsafa fanlari doktori, professor. Asosiy ilmiy ishlari Markaziy Osiyo mutafakkirlarining falsafiy merosini o`rganishga bag`ishlangan. Jumladan, uning "Ibn Sino falsafasi" asarida buyuk mutafakkir ijodining yangi kirralari ochib berilgan. Mo`bin Baratov har qanday jamiyatni harakatlantiruvchi kuch ma`naviy omil deb ta`kidlaydi va o`zbek xalqida tarixan ma`naviy qadriyatlarga sodiqlik shakllangan, hozirgi kunda ularni davr ruhiga moslashtirish lozim deb hisoblagan.
Tursunmuhamedov Sattar Pozilxaqovich (1929) akademik, falsafa fanlari doktori, professor. Asosiy ilmiy ishlari sanoat va qishloq xo`jalik mehnati, ijtimoiy guruhlar, tabaqalar, mulkdorlar sinfining shakllanishi, ijtimoiy jarayonlar, jamiyatning siyosiy tizimi, mustaqillik yillarida esa, bozor iqtisodiyoti munosabatlari sharoitida kuchli ijtimoiy siyosatning ahamiyati masalalariga bag`ishlangan.
SHermuxamedov Said (1930) akademik, falsafa fanlari doktori, professorO`zbekistonda madaniyat nazariyasi va tarixi ilmiy maktabining asoschi. Shuningdek u "Ijtimoiy falsafa", "Pedagogika tarixi va nazariyasi", "Siyosatshunoslik", "Sotsiologiya", "Etika" ,"Estetika", "Madaniyatshunoslik" kabi yo`nalishlarda jami 570 yaqin ilmiy va ilmiy ommabop ishlarning muallifi. O`zining "O`zbek xalqi madaniyatining milliy shakli"(1961) monografiyasida o`zbek xalqi madaniyati qadimiy ildizlarga egaligi va har qanday madaniyat zamon ruhiga moslashib, yangilanib borishi va ayni paytda milliy ruhi saqlanib qolishini ta`kidlaydi. S.SHermuxamedov nafaqat o`zbek millati, balki boshqa millat madaniyatini ham o`rganish asosida milliy madaniyatlarda o`zaro uyg`unlik va o`zaro aloqadorlik bor, biroq har bir millatning milliy o`ziga xosligi millatlarni bir-biridan farqini ko`rsatadi, deb hisoblaydi. Olim madaniyatning gumanistik asoslari, zamonaviy madaniyatning shakllanishida milliy va umuminsoniy madaniyat uyg`unligiga alohida e`tibor qaratadi.
Sovet tuzumi davrida S.SHermuxamedov tashabbusi bilan jami to`rtta (1978, 1980, 1982, 1984,) milliy madaniyat masalalariga bag`ishlangan xalqaro konferensiyalar o`tkazildi. Ularda jahon hamjamiyati vakillari ishtirok etdilar.
Mustaqillik yillarida S.SHermuxamedov milliy istiqlol g`oyasi, yangilanayotgan jamiyatning asl mohiyatini aholi turli qatlamlari, ayniqsa yoshlar ongiga singdirishning ahamiyatini chuqur anglagan holda, "Yangilanayotgan jamiyatga - yangilangan falsafa" (1993), "Madaniyat va sivilizatsiya" (1996), "Davrimiz allomasi" (1998), "Biz qanday jamiyat qurmoqdamiz" (1999), "Istiqlol quyoshi" (2002), "O`zbekiston Respublikasi mustaqilligi va falsafaning ravnaqi" (2005), "Falsafa va ijtimoiy taraqqiyot" (2005), Inson falsafasi (2009) kabi asarlar yaratdi va ular ilmiy jamoatchilik tomonidan munosib baholandi. Olim, ushbu asarlarida sovet tuzumi davrida falsafa fanining siyosiylashtirish oqibatlari haqida fikr yuritadi va yangilangan falsafaning eng avvalo gumanistik, so`ngra dunyoqarashli, tarbiyaviy, qadriyatli, integrativ, axloqiy funksiyalariga ta`rif beradi. "Biz qanday jamiyat qurmoqdamiz" asarida u milliy mustaqillikning ahamiyati, jamiyatning demokratiyalashuvi jarayonida yangilangan tafakkurni shakllantirishning zaruriyatini asoslaydi. S.SHermuxamedov S.Mirzayev bilan hamkorlikda yaratgan "Hozirgi zamon o`zbek adabiyoti tarixi", "Oybek va o`zbek adabiyoti", "Komil Yashin ijodi", "Adabiyotning hamkorligi hayot taqozosi", "Abadiyot va san`atda prinsiplar" kabi kitob va risolalari, uning nafaqat faylasuf olim, balki o`zbek adabiyotining haqiqiy ixlosmandi ekanligidan dalolatdir. Xususan "Hozirgi o`zbek adabiyoti tarixi" (1985) qo`llanmasida olim zamon zaylidan cho`chimasdan, har bir adib, shoir va umuman adabiy muhit haqida xolisona fikr bildirgan. Olim barcha asarlarida inson omilini birinchi o`ringa qo`yadi va shogirdlarini Bedilning "Garchi dushmanni do`st qilolmasang, do`stni dushman qilmagin" degan naqliga amal qilishga chorlaydi.
S.SHermuxamedov ustozga sadoqatli shogird va shogirdparvar ustoz hamdir. U ustozi I. Mo`minovning 80, 85, 90, 95, 100 yillik yubileylarini o`tkazish, tug`ilgan yurtida muzey tashkil qilishda faol ishtirok qildi, ustozining boy ilmiy merosi, ijodi va faoliyati haqida qator risolalar yaratdi.
S.SHermuxamedov "Madaniyat falsafasi va tarixi" ilmiy maktabida 130 dan ortiq shogirdlar tayyorladi, ular bugungi kunda respublikamiz Oliy o`quv yurtlari, davlat tashkilotlarida turli lavozimlarda ishlab yurt tinchligi va farovonligiga ilmiy salohiyatlari bilan hissa qo`shib kelmoqdalar. Ustoz hozirgi kunda ham yoshlarning ma`naviy axloqiy tarbiyasiga munosib hissa qo`shib kelmoqda.
O`zbekiston falsafa jamiyati1973 yilda O`zbekiston falsafa jamiyati tashkil qilingan va uning raisi etib Ibrohim Mo`minov saylangan. I.Mo`minov vafotidan so`ng, 1974-1980 yillarda Muzaffar Xayrullayev, 1980-1986 yillarda Q.Xonazarov, 1988-1990 yillarda Erkin Yusupovlar O`zbekiston falsafa jamiyati raisi lavozimida ishlar ekanlar, asosiy e`tiborni O`zbekistonda yashab ijod qilayotgan faylasuflarning ijodiy hamkorligini ta`minlash, ularning ajdodlarga munosib avlod ekanligini dunyo hamjamiyatiga tanishtirishga qaratdilar. Shu bois o`zbek faylasuflari muntazam xalqaro konferensiyalar va falsafa kongresslarida ishtirok etganlar.
1990 yildan buyon Said SHermuxamedov rahbarligida O`zbekiston falsafa jamiyati huzurida «Falsafa fanining dolzarb muammolari» bo`yicha doimiy respublika ilmiy nazariy seminari tashkil etilgan. Unda respublikamizning taniqli faylasuflari shuningdek, boshqa fan vakillari XXI asr fanining dolzarb muammolari bilan bir qatorda, ma`naviy yuksalish, jamiyatni demokratlashtirish va modernizatsiyalashning ustivor yo`nalishlari haqida fikr almashadilar. 2001 yilda YUNESKO qaroriga binoan har yili noyabr oyida nishonlanadigan "Jahon falsafa kuni" arafasida Falsafa jamiyati rahbariyatining sa`y harakatlari bilan, falsafa fani rivojiga hissa qo`shayotgan yetakchi olimlar va yosh tadqiqotchilar munosib taqdirlanib kelmoqda. Yoshlarda falsafiy mushohada yuritishni takomillashtirish maqsadida "Aql mashqi", "Tafakkur shaydolari" kabi to`garaklar tashkil qilingan. Shu bilan birga respublika falsafa kafedralari faoliyatini o`rganish bo`yicha "Eng yaxshi kafedra","Eng yaxshi darslik", "Eng yaxshi talaba referati" nominatsiyalari bo`yicha tanlovlar e`lon qilinib, munosib topilgan nomzodlar taqdirlanmoqda.

Yüklə 228,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə