Reja: Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari



Yüklə 228,5 Kb.
səhifə7/9
tarix28.11.2023
ölçüsü228,5 Kb.
#138175
1   2   3   4   5   6   7   8   9
1403329402 44505

Immanuil Kant (1724-1804) nemis klassik falsafasining asoschisi. Uning falsafasi tushunish uchun qiyin bo`lib, falsafiy bilimning barcha jihatlarini o`z ichiga oluvchi keng tizimni tashkil etsada, asosiy e`tibor ontologiya, gnoseologiya va axloq masalalariga qaratiladi.
Kant konsepsiyasi: «Sof aql tanqidi» (1781), «Amaliy aql tanqidi» (1788), «Mulohaza yuritish qobiliyatining tanqidi» (1790)asarlarida, shuningdek faylasuf ijodining o`ziga xos sarhisobi sanaluvchi – «Sof aql chegaralarida din» (1793) kabi kitoblarida bayon etilgan. Kant bilish nazariyasining asosiy qoidalari quyidagilardan iborat. Kant fikricha bilish jarayoni uch bosqich: 1) sezgilar darajasida bilish, 2) idrok, 3) aqldan o`tadi.
Bilishning birinchi bosqichi -sezgilar darajasida inson narsaning mavjudligini biladi, idrok yordamida uni fikrlaydi. Narsani haqiqiy bilish aynan shu ikki bosqichni sintez qilishni talab etadi. Idrok darajasidagi bilishning quroli – kategoriyalar. Ular idrokka ichdan xos. Hodisalar rang-barangligi kategoriyalar tizimida aks etadi. Kategoriyalar yordamida inson bilimi tasodifiy empirik emas, balki umumiy zarur, ya`ni ilmiy xususiyat kasb etadi. Ilmiy bilim kategorial bilimdir. Biroq shundan so`ng Kant subyektiv idealist sifatida mulohaza yuritadi: idrok tabiat qonunlarini ochmaydi, balki ularni tabiat uchun belgilaydi. Kant fikriga ko`ra, kategoriyalar birligi va ularning bilish (sintez qilish) qobiliyati zamirida dunyoning obyektiv moddiy birligi emas, balki o`zlikni anglashning transsendental birligi yotadi.
Idrok etish – bilishning ikkinchi bosqichi. Idrokning kuchi uning sintez qilish qobiliyatida namoyon bo`ladi. Biroq bu to`liq, cheksiz qobiliyat emas. Idrok tajriba chegarasidan tashqariga chiqa olmaydi. Biroq idrok o`z chegaralarini o`zi bilmaydi. U doim bu chegaralardan chetga chiqadi, ya`ni hodisalar dunyosidan o`zidagi narsalar dunyosiga kirishga harakat qiladi. Biroq tajriba chegaralarini tark etgach (shu tariqa idrok emas, balki aqlga aylangach), u yechib bo`lmas ziddiyatlar sohasiga tushib qoladi, uning mulohazalari esa muqarrar tarzda xom xayolga aylanadi.
Aql – bilish jarayonining uchinchi, oliy bosqichi. U hissiyot bilan bevosita emas, balki bilvosita – idrok orqali bog`lanadi. Aql bilishning oliy bosqichi bo`lsa-da, idrokka ko`p jihatdan yutqizadi. U tajribaning mustahkam zaminidan ajralgach, dunyoqarash darajasidagi savollarning birortasiga ham uzil-kesil – ha yoki yo`q deb javob bera olmaydi. Dunyo vaqtda va makonda boshlanadimi yoki u cheksiz va boqiymi? Inson joni boqiymi yoki foniymi? Iroda erkinligi mavjudmi yoki dunyoda hech qanday erkinlik mavjud emas, hamma narsa tabiiy zarurat qonuniga ko`ra yuz beradimi? Xudo bormi yoki yo`qmi? Idrok bunday savollarni bera olmagan bo`lardi. Aql esa bunday savollarni beradi, biroq ularga javob topa olmaydi. Uning da`volari imkoniyat darajasida emas. Sof nazariy aql o`z mag`lubiyatini tan olishi lozim, chunki u o`zidagi narsalarni bila olmaydi.
Ammo nima uchun u shunga qaramay bilishning oliy bosqichi deb e`tirof etiladi? Shuning uchunki, aqlning sof g`oyalari (Kant ularni tamoyillar deb nomlagan) bilishda oliy tartibga solish vazifasini bajaradi. Ular idrokka yo`l ko`rsatadi. Aql g`oyalarini ufq chizig`iga o`xshatish mumkin: garchi bu chiziqqa yetib bo`lmasa-da, u insonga makonda mo`ljal olish, ko`zlangan maqsad sari to`g`ri harakatlanish imkonini beradi. Shunga qaramay, Kant bilish nazariyasida metafizik bo`lib qoldi: u aqlning ziddiyatliligi (ya`ni cheksizlikning ziddiyatliligi)ni uning ojizligi, narsalar mohiyatini anglashga qodir emaslik belgisi sifatida talqin qildi. Holbuki, bu amalda, Gegel keyinroq ko`rsatganidek, aqlning qudratli kuchidan dalolat beradi.
Sof aql tanqidida Kant falsafa o`zidagi narsalar, ya`ni dunyoning oliy qadriyatlari haqidagi emas, balki faqat bilish chegaralari haqidagi fan bo`lishi mumkin, degan xulosaga keladi. Oliy mohiyatlar va oliy qadriyatlar – bu Xudo, ruh va erkinlik bo`lib, ularni biz biron-bir tajribada ko`ra olmaymiz, ular haqida oqilona fan bo`lishi mumkin emas. Biroq ularning borligini isbotlashga qodir bo`lmagan nazariy aql, buning aksini isbotlashga ham qodir emas, ya`ni u Xudoning borligiga, ruhning o`lmasligiga va iroda erkinligiga ishonishni taqiqlamaydi. Insonga e`tiqod va ishonmaslik o`rtasida yo`l tanlash imkoniyati berilgan. U e`tiqodni tanlashi lozim, chunki vijdon ovozi, axloq ovozi undan shuni talab qiladi. Ammo bu endi nazariy aqldan amaliy aqlga, gnoseologiyadan axloqqa o`tishdir.
Kant falsafada o`ziga xos to`ntarish yasadi va falsafani alohida fan sifatida tushunish asoslarini yaratdi. Yangi bilish nazariyasini asoslashga harakat qilib, u XVII-XVIII asrlarning bilishni borliqdan ko`chirilgan andoza sifatida talqin qiluvchi empirik nazariyalarini tanqid qildi. Kant muammoni boshqa zaminga ko`chirdi va falsafada gnoseologiyaning bilish jarayoniga subyekt – obyekt munosabati sifatida qaraydigan yo`nalishiga asos soldi.
Biluvchi subyekt – bu muayyan individ emas, balki insonning bilish qobiliyatlari va bilim manbalarinigina o`zida mujassamlashtiruvchi qandaydir mavxum tasavvur. Inson ongida mavjud bo`lgan mazkur qobiliyatlar majmui unga o`zini qurshagan dunyoni sezgilar va aqlning aprior shakllari yordamida tartibga solishga yordam beradi. Bu inson individual, shaxsiy xususiyatlarga ega emas, degan ma`noni anglatmaydi, biroq ular bilish jarayonida yetakchi rol o`ynamasligi kerak.
Subyekt qandaydir narsa, predmet yoki hodisaning ta`sirini sezgilar darajasida idrok etadi. Bu mushohada yuritishning aprior shakllari yordamida tartibga solinuvchi tuyg`ular rang-barangligini yuzaga keltiradi. Biroq bu bosqichda bilim subyektiv bo`lib qoladi. Shundan so`ng idrok ishga kirishadi va mavjud bilimlarni tushunchalar shakliga soladi, ya`ni ularda qandaydir umumiy jihatlarni aniqlaydi. Shu sababli pirovard natijada idrok va aqlni birlashtirgan biluvchi subyektgina bilim deb hisoblash mumkin bo`lgan birlikni yaratadi.
Binobarin, bilimning turli shakllariga muayyan tavsif berish mumkin. Masalan, matematika hissiylikning makon va vaqt kabi aprior (ya`ni tajribada ko`rilmagan) shakllariga tayanadi. Boshqacha aytganda, biluvchi subyekt dunyoga makon va vaqtda mavjudlik nuqtai nazaridan qaraydi. Ayni holda makon – tashqi sezgining aprior shakli, vaqt esa – ichki sezgining aprior shakli. Bunday apriorlik matematik haqiqatlarning, demak, fan sifatidagi matematikaning ham mavjudlik imkoniyatini belgilaydi.
Fizika (va boshqa tabiiy fanlar) ham o`z apriorligi jihatidan «sof» bo`lgan va tajribada «ifloslanmagan» bir qancha mushohadalarga tayanadi. Tabiatshunoslik aprior mushohadalar va idrok kategoriyalarining sintezi sifatida amalga oshiriladi.
Inson bilimlari, fan va madaniyat dunyosi bizning tajribamiz, tuyg`ularimiz va aqlimiz ma`lumotlariga asoslanadi. F.Bekon va R.Dekart fan va madaniyatning yanada rivojlanish yo`llarini tuyg`ularimiz va mulohaza yuritish qobiliyatimizning takomillashuvi bilan bog`laganida, to`la haq edi. Biroq ular bizning tajribaga asoslangan bilimimiz har qancha rivojlanmasin va takomillashmasin, u hech qachon bizga faqat sezgilar, aql va tajribaga asoslanib dunyoni oxirigacha tushunish imkonini bermasligini hisobga olmagan.
Bu bilim bizga tabiatan berilgan. U bizning tajribamizdan kelib chiqmaydigan makon, vaqt, sababiyat, cheksizlik, Xudo kabi kategoriyalarda mujassamlashgan. Bu insonga oldindan berilgan tajribada olingan materialga ishlov berish asboblaridir. Insonning tajribada olingan bilimi doirasidan chetga chiquvchi bu transsendent (lotincha o`tish, bosib o`tish so`zidan) kategoriyalar bilish chegarasi, imkoniyatlarini biz sezgilar yoki aql yordamida biron-bir narsani bila boshlashimizdan oldinroq belgilab qo`yadi. Shunday qilib, bizning bilimlarimiz dunyosi ikki qismdan: tajribada olingan va tajribadan oldingi bilimdan iboratdir.
Kant ijodining ahamiyati shundaki, u bilimlarimizning ikki tomonlamaligini, ya`ni ular nafaqat tajribada olingan, aposterior manbalarga, balki aprior, transsendent manbalarga ham tayanishini aniqladi.
I.Kant gnoseologiyasining ontologik xususiyat kasb etuvchi yana bir muhim tamoyili uning transsendent bilish nazariyasidan kelib chiqadi va dunyoning, uni tashkil etuvchi barcha narsalarning umumiy tuzilishini tushuntiradi. Kant fikriga ko`ra, inson ongi kabi, dunyodagi barcha narsalar ham ikki tomonlamadir. Birinchidan, bu qarshimizda narsaning eng yorqin tomoni sifatida namoyon bo`luvchi, sezgilarimiz uni shunday idrok etuvchi «biz uchun narsa» yoki hodisa sifatidagi narsa. Ikkinchidan, bu biz sezgilarimiz bilan idrok etishga qodir bo`lmagan «o`zidagi» narsa, narsaning bizga «qorong`i», yashirin, teran tomoni yoki "noumen" sifatidagi narsa.
Ayni shu sababli bizning dunyo, narsalar va inson haqidagi bilimimiz hech qachon to`liq, mutlaq bo`lmaydi, balki doim nisbiy, noto`liq bo`lib qoladi. Dunyo va inson nima, degan savollar doim boqiy, falsafiy masalalar bo`lib qoladi. Kant bilish nazariyasining asosiy tamoyillari ana shulardan iborat.
Shunday qilib, Kant o`z bilish nazariyasida bilim, fan va madaniyatning rolini yanada yuksakroq darajaga ko`tardi. Uning bilish nazariyasidan ong nafaqat dunyoni passiv aks ettiradi, balki insonga tabiatan berilgan sezish va idrok etishning aprior shakllari yordamida uni faol o`zgartiradi, yaratadi, bunyod etadi degan xulosa kelib chiqadi. Kant bilish faoliyatining xususiyatini dunyoni aniq aks ettiruvchi ko`zguga emas, balki chizgan rasmlari nafaqat dunyoning o`zini, balki ijodkorning tabiatini ham aks ettiruvchi rassomga o`xshatish lozim.
Ayni zamonda, Kant bilishning muayyan chegaralari ham mavjudligini qayd etadi. «Men yaratgan bilish nazariyasi inson aqlini uning imkoniyatlari chegarasi haqida ogohlantiruvchi chegara posboni yoki aqlning dimog`dorligi deb ataluvchi xavfli kasallikka qarshi dori bo`lib xizmat qilishi lozim», deb yozadi.
Kant ta`limotidan inson bilimlari majmui bilishning insonga berilgan aprior shakllari yordamida narsalarning biron-bir qismi, tomoni, jihatinigina o`ziga xos tarzda aks ettiradi, bu narsalar ko`z o`ngimizda doimo namoyon bo`ladi, biroq o`zining asl mohiyatini hech qachon ko`rsatmaydi, «o`zidagi narsa» bo`lib qoladi, degan xulosa kelib chiqadi.
Kant ta`limoti bilishning ijodiy tabiatini yoritib, inson bilimining taraqqiyotini, olimlar, yozuvchilar ijodini rag`batlantirdi, biroq shu bilan bir vaqtda u inson bilimlarining nisbiyligi, u yoki bu g`oyalar yoki nazariyalarni mutlaqlashtirish, shuningdek ularning yaratuvchilarini ilohiylashtirish xavfli ekanligi haqida ogohlantirdi.
SHelling Fridrix Vilgelm Yozef (nemis faylasufi. 1775-1854) Bosh asari: «Transsendent idealizm tizimi»ning falsafiy va metodologik ahamiyati shundaki, bu asarda tarixiylik tamoyillari ilk bor izchil ko`rinishda namoyon bo`ladi.
Transsendent idealizm tizimi quyidagi asosiy elementlardan tashkil topadi.
1. Nazariy falsafa. U o`zlikni anglash uchun qarama-qarshi yo`nalishlar (obyekt, subyekt, ideal va real faoliyat) o`rtasida kurash lozim, degan metodologik qoidadan boshlanadi. SHelling o`zlikni anglash faqat shu kurash jarayonida yuz berishini va «Men» mexanizmi to`laligicha faqat o`zlikni anglashni tashkil etuvchi qarama-qarshiliklardan keltirib chiqarilishi mumkinligini qayd etadi. Bunda u ikki holatni: «Men» endigina yuzaga kelgan va «Men» aniq-ravshan ko`rinib turuvchi holatlarni farqlaydi. Bunda birinchi holat «Men»dan tashqarida, ikkinchi holat – «Men»ning ichida bo`ladi. Shu munosabat bilan ong qaysi holatdan boshlanishini aniqlash va unga mazkur chegaradan, ya`ni ongdan tashqarida yotgan narsalarni aralashtirmaslik juda muhimdir.
SHelling o`z asarida tarixiylik tamoyilidan foydalanib, o`zlikni anglash tarixida uch asosiy davrni (bosqichni): dastlabki sezishdan samarali mushohada yuritishgacha; samarali mushohada yuritishdan refleksiyagacha; refleksiyadan irodaning mutlaq harakatigacha bo`lgan davrlarni farqlaydi. Bunda SHelling ong, o`zlikni anglash va jamiyatning shakllanish jarayonini odamlarning amaliy faoliyati bilan bog`lashga harakat qildi.
2. Amaliy falsafa. Uning bosh tushunchasi – «tarix», bog`lovchi muhit sifatidagi obyektiv dunyoda yuz beruvchi va aqlli jonzotlar sifatidagi odamlar erkinligining sharti hisoblanuvchi kishilararo o`zaro aloqasidir. Boshqacha aytganda, bu jahon tarixidagi obyektiv qonuniyat haqidagi muhim masalaning qo`yilishidir.
3. Tabiiy maqsadlar falsafasi. Bu yerda SHelling quyidagi antinomiyani ta`riflaydi: ko`r-ko`rona kuchlar mahsuli bo`lgan tabiat amalda maqsadga muvofiqlik ruhi bilan sug`orilgandir. Bu antinomiyaning yechimini u subyekt va obyektning dastlabki ayniyligini e`tirof etish yo`lida ko`radi: umuman tabiatda va uning ayrim mahsullarida maqsadga muvofiqlikka faqat mushohada yuritish yo`li bilan erishish mumkin. Bu mushohadada tushuncha haqidagi tushuncha va obyektning o`zi dastlabki tarzda va uzviy bog`lanadi – shunda natija maqsadga muvofiq tarzda namoyon bo`lishi lozim.
4. San`at falsafasi – transsendental idealizm tizimining oxirgi bo`limi. Uning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:
a) san`at – umuman bilishning oliy shakli, chunki faqat u insonga oliy bilimga erishish imkonini beradi. San`at amaliy foydaga ham, axloqqa ham, fanga (falsafaga) ham bo`ysunishi mumkin emas, chunki u hamma narsadan oliyroqdir;
b) san`atning ustunligi shundaki, uning asarlarida ongli va ongsiz faoliyat ayniyati aks etadi. «Bizda mujassamlashgan bu teran ziddiyat»ni aynan va faqat san`at yechishga qodir. San`at – bu nazariy va amaliy narsalar o`rtasidagi qarama-qarshilik bartaraf etilib, ongli va ongsiz tabiat va erkinlikning to`la uyg`unligiga, idealga erishiluvchi jabha;
v) san`at o`z rivojlanish jarayonida spiral tashkil etadi: qadimda undan (aniqrog`i poeziyadan) falsafa va boshqa fanlar tug`ilgan;
g) san`at – erkinlik va zaruriyatning yuksak birligi. Insonning ijodiy tabiati to`la davra aylanib san`atda o`zining yakuniy ifodasini topadi. San`at insonga "oliy"ni bilish darajasiga yetish imkonini beradi.
SHelling naturfalsafasi XVIII asr oxiriga kelib erishilgan va jamoatchilikda keng qiziqish uyg`otgan yangi tabiiy-ilmiy natijalarni falsafiy jihatdan umumlashtirishga bo`lgan ehtiyojga javob sifatida vujudga keldi. SHelling o`z davrining barcha kashfiyotlariga yagona asosni topishga harakat qildi: u tabiatning ideal mohiyati, tabiat faolligining nomoddiy xususiyati haqidagi g`oyani ilgari surdi. SHelling naturfalsafasining qimmati uning dialektikasida namoyon bo`ladi. Tabiatshunoslik kashf etgan aloqalar haqida mulohaza yuritar ekan, SHelling bu aloqalarni belgilovchi kuchlarning birligi va tabiatning yagonaligi haqidagi fikrni ilgari suradi. Bundan tashqari, u har qanday narsaning mohiyati qarama-qarshi faol kuchlarning birligi bilan tavsiflanadi, degan xulosaga keladi. Bu birlikni u «qutblilik» deb nomladi. Qarama-qarshiliklarning birligiga misol qilib SHelling magnitni, musbat va manfiy elektr zaryadlarini, kimyoviy moddalarda kislota va ishqorlarni, organik jarayonlarda ta`sirlanish va tormozlanishni, ongda subyektivlik va obyektivlikni keltiradi. «Qutblilik»ka SHelling narsalar faolligining bosh manbai sifatida qaraydi, uni tabiatning «haqiqiy dunyoviy joni» deb tavsiflaydi. SHelling o`z asarlarida ideal va moddiy narsalarning ayniyligi g`oyasini ilgari suradi. Uning fikricha, materiya mutlaq ruh, aqlning erkin holatidir. Ruh va materiyani bir-biriga qarshi qo`yish mumkin emas; ular ayniydir, chunki ayni bir mutlaq aqlning turli holatlarini aks ettiradi.
Falsafiy kategoriyalarni tadqiq etish va rivojlantirish ishiga F.SHelling salmoqli hissa qo`shdi. Shu ma`noda F.SHellingning naturfalsafasi (tabiat falsafasi) ayniqsa diqqatga sazovordir. Tabiatni tushunishda SHelling panteistdir, u Xudo va tabiatni tenglashtiradi. Tabiatning rivojlanishini SHelling ongning shakllanish jarayoni, ongsizlikdan onglilik sari harakat sifatida tavsiflaydi. Ongning shakllanish mexanizmini SHelling tabiatda qutblilik (qarama-qarshiliklar birligi) va tadrijiylikning mavjudligi bilan izohlaydi. Tadrijiylik, ya`ni tabiat evolyutsiyasi bosqichlarini SHelling qutblilikda keskinlikning pasayishi mahsuli sifatida tushuntiradi. U jonli organizmlar noorganik shakllardan vujudga keladi, hayot esa modda sintezi va parchalanishining birligidir, deb hisoblagan.
SHelling o`z naturfalsafasining ta`riflangan muhim tamoyillari – tabiatning dialektik birligi, rivojlanishi va umumiy ikki taraflamaligini insonning tabiatni tushunishiga nisbatan tatbiq etadi. Fixtega ergashib SHelling ham bilishning rivojlanishini bilishning nazariy bosqichlaridan amaliy bosqichlar sari harakat sifatida tahlil qiladi. Ongning shakllanish asosini SHelling insonning dunyoga nisbatan harakatlari bilan bog`laydi. O`zlikni anglash tadrijiylik, ya`ni mushohada yuritishning quyi shakllari - sezish, idrok etishdan tasavvur qilish va refleksiyaga o`tish sifatida shakllanadi. Nima uchun aynan faoliyat, ong va bilishning rivojlanish manbai hisoblanadi? – degan savolga nisbatan SHelling quyidagicha mulohaza yuritadi: amaliy faoliyatda inson o`zining ma`naviy qobiliyatlarini moddiylashtiradi (obyektga aylantiradi), ular inson o`zgartirgan tabiat predmetlarida yashashda davom etadi. Shunday qilib, inson faoliyati natijasida tabiat sof tabiatga va inson tomonidan o`zgartirilgan tabiatga ajraladi. Insonning muhim xususiyatlari moddiylashgan ayni shu o`zgartirilgan tabiat inson ongi va o`zligi rivojlanishiga ko`maklashadi. Ammo individlarning o`zaro aloqasi, ularning muloqoti insonga bundan ham kuchliroq ta`sir ko`rsatadi.
Umuman olganda F.SHelling Gegel dialektikasining aksariyat g`oyalarini undan oldinroq ilgari suradi va ko`p jihatdan undan o`zib ketadi, chunki Gegel tabiatda rivojlanishning mavjudligini rad etadi, SHelling esa, aksincha, nafaqat inson ruhi, balki tabiat rivojlanishining umumiy tamoyillarini ham ta`riflab berdi, tabiatning tadrijiy rivojlanish jarayoni ong shakllanishi bilan nihoyasiga yetishini qayd etdi. SHelling g`oyalari Gegel falsafasida o`zining mukammal ifodasini topdi. SHelling naturfalsafasining paydo bo`lishi Fixte subyektiv idealizmi ildiziga bolta urdi va nemis klassik idealizmida obyektiv idealizm va uning dialektikasi sari burilish yasadi.
Gegel Georg Vilgelm Fridrix (1770-1831) falsafiy tizimi nemis klassik idealizmining tadrijiy yakuni hisoblanadi. Buyuk faylasufning barcha mashhur asarlari: «Ruh fenomenologiyasi» (1807), «Mantiq fani» (1812-1816), «Falsafa fanlari qomusi» (1817) ayni shu tizimni ishlab chiqishga bag`ishlangan. «Ruh fenomenologiyasi» asari Gegel falsafiy tizimiga o`ziga xos debochadir. Bu asarda Gegel inson ongi turli darajalari rivojlanishining izchil qatorini tahlil qiladi.
Gegel tizimining birinchi va muhim qismi – «Mantiq» «Ruh fenomenologiyasi»ning yakuni va xulosasidir. Bu subyekt va obyektga qadar mavjud bo`lgan «sof fikr» sohasidir. Mantiqda uning o`zi va mantiq shakllaridan tashqari hech qanday empirik mazmun mavjud emas. Mantiq tarix va tabiatdan oldin paydo bo`lgan. Mantiq ularni yaratgan.
Mantiq uch qismga: borliq haqidagi ta`limot, mohiyat haqidagi ta`limot va tushuncha haqidagi ta`limotga bo`linadi. Borliq va mohiyat tushuncha o`zini to`liq namoyon etgunga qadar «ko`tariladigan» pillapoyalar sifatida qaraladi. «Mantiq»da mutlaq g`oyaning rivojlanishi abstrakt mantiqiy kategoriyalar ko`rinishida yuz beradi. Uning tayanch nuqtasi – borliq haqidagi sof mavhum fikr. Dastlab mazmunsiz bo`lgan bu «sof borliq» tushunchasi «nimadir» orqali o`z mazmunini kasb etishga harakat qiladi. Bu «nimadir», o`z navbatida, «muayyan borliq»dir. Gegel fikriga ko`ra, mutlaq g`oyaning vujudga kelish jarayoni ayni shu tariqa boshlanadi. «Muayyan borliq» keyingi bosqichda «qandaydir muayyan borliq» sifatida amal qiladi yoki sifat kasb etadi. Sifat kategoriyasi miqdor kategoriyasi bilan birga rivojlanadi. Sifatli miqdor yoki miqdoriy sifat esa o`lchov hisoblanadi. Borliq haqidagi ta`limotda Gegel dialektika qonunlaridan biri: miqdordan sifatga va sifatdan miqdorga o`tish, rivojlanish jarayonlari sakrash tarzida yuz berishini asoslashga harakat qiladi.
Hodisa sifatida tushuniladigan borliqdan Gegel yanada teranroq, ichki qonuniyatlarga – mohiyatga o`tadi. Bu qismda Gegel qarama-qarshiliklarning bir-biriga o`tishi, ularning birligi, ayniyat va kurash to`g`risidagi qonunni tahlil qiladi. Gegel fikriga ko`ra, ziddiyat – bu qarama-qarshiliklarning o`zaro nisbatidir. Ular bir-birisiz mavjud bo`lmaydi, lekin turli yo`ldan rivojlanadi va bu ular o`rtasidagi munosabatlarning keskinlashuviga sabab bo`ladi. Ziddiyatni yechish yoki unga chek qo`yish talab etiladi. Gegel ziddiyatni asos va oqibatning, shakl va mazmunning, hodisa va mohiyatning, imkoniyat va voqelikning, tasodif va zaruriyatning o`zaro nisbatida ko`radi. Ziddiyat haqidagi ta`limotni rivojlantirar ekan, Gegel ichdan zarur bo`lgan, har qanday o`zgarish va rivojlanishning manbai sanalgan «o`z-o`zidan harakat» haqida xulosa chiqaradi.
Gegel fikriga ko`ra, ayniyat va tafovutning nisbatini bilish jarayonida ularning zamirida yotgan ziddiyat namoyon bo`ladi. Ziddiyatlar mavjudligi hodisaning rivojlanayotganidan dalolat beradi. Mohiyat haqidagi ta`limotda Gegel voqelikni «mohiyat va mavjudlikning birligi» sifatida tavsiflaydi. Mohiyatning o`zi – «mavjudlik asosi»dir. Mohiyat haqidagi ta`limotning dastlabki boblaridan boshlab Gegel uni bilish mumkin emas degan tasavvurni rad etadi.
Borliq va mohiyat sohasidagi rivojlanish jarayonlarini belgilovchi zaruriyat tushunchada o`z aksini topadi. Bunday zaruriyat erkinlikka aylanadi, «erkinlik esa – bu anglab yetilgan zaruriyat»dir. Shu tariqa «Mantiq» tushunchaga o`tadi. Bunda Gegel falsafiy metod sifatidagi formal mantiq va metafizikani tanqid qiladi va umumiylik, alohidalik va yakkalik dialektikasini ishlab chiqadi. Ayni vaqtda u haqiqat tushunchasini fikrning obyekt bilan mos kelish jarayoni sifatida tahlil qiladi. Bunga g`oyada erishiladi. Faqat g`oya tushuncha va narsaning shak-shubhasiz birligi hisoblanadi.
Mantiqdan Gegel mutlag` g`oya rivojlanishining ikkinchi bosqichi- tabiat falsafasiga o`tadi. Unda g`oya tabiat bunyodkori hisoblanadi. Aynan u o`zining «o`zga borlig`i» - tabiatni yaratadi. Tabiatning rivojlanish bosqichlari: mexanizm, ximizm, organizm kabilardir. Gegel o`z dialektik tafakkurining teranligi va kuchi yordamida «Tabiat falsafasi»da noorganik va organik tabiatning ayrim bosqichlari o`rtasidagi o`zaro aloqa hamda dunyodagi barcha hodisalarning qonuniyati haqida bir qancha noyob farazlarni ilgari suradi.
Mutlaq g`oya rivojlanishining uchinchi bosqichi ruh bo`lib, u ham o`z rivojlanish jarayonida uch bosqichdan o`tadi: subyektiv ruh, obyektiv ruh, mutlaq ruh. Subyektiv ruh – bu «jon» yoki «ruh o`zida», ong yoki «ruh o`zi uchun». Obyektiv ruh huquq sohasini belgilaydi. Pirovard natijada u axloqda o`z ifodasini topadi va oilada, fuqarolik jamiyati va davlatda mujassamlashadi. Mutlaq ruh – umrboqiy haqiqat. U o`z rivojlanish jarayonida uch bosqich: san`at, din va falsafa bosqichlaridan o`tadi. San`at, Gegel fikriga ko`ra, mutlaq g`oyani bilishning bevosita shakli. Din o`z manbai – vahiy orqali Xudoni anglab yetadi. Falsafa - mutlaq ruh rivojlanishining oliy darajasi. Bu yerda g`oya o`zini o`zi anglab yetadi, o`zining «sof ptamoyili» darajasiga ko`tariladi, mutlaq g`oyaning intihosini uning ibtidosi bilan bog`laydi.
Bilish nazariyasida Gegel o`zining tafakkur va borliqning ayniyligi haqidagi g`oyasini asoslashga harakat qiladi. U narsalar haqidagi fikr va narsalarning o`zi mos kelishini, ammo bu ayniyat tafovutni ham o`z ichiga olishini qayd etadi. Bilish rivojlanishining umumiy tamoyili – mavhumlikdan muayyanga yuksalishdir. Bilish jarayonida Gegel uch asosiy bosqich: hissiy aniqlik, idrok va aqlni farqlaydi. Hissiy aniqlik anglashning to`g`riligiga, ya`ni bizning sezgilarimiz narsaning yaxlit obrazini qayd etayotgani va unda hech narsani e`tibordan chetda qoldirmayotganiga ishonch uyg`otadi. Idrok predmetni o`z xossalariga ega bo`lgan narsa sifatida tushunadi. Aql narsaning hissiy qiyofasi ortida uning ichki mazmuni, mohiyatini topishga harakat qiladi. Borliq va tafakkurning ayniyligi g`oyasi Gegelni Aristotel mantig`i amalda to`qnash kelgan ziddiyatga qaytaradi: agar borliq ichdan ziddiyatli bo`lsa, o`z-o`ziga qarshi bormasdan fikrlash mumkin emas. Gegel mazkur ziddiyatni istisno etilgan uchinchi formal-mantiq qonunining yanglishligi haqidagi fikr yordamida yechishga harakat qiladi. U ziddiyatlarni fikrlash mumkin emas, deb o`ylash xato ekanligini qayd etadi. Gegel uchun ziddiyatlar – harakat manbai, fikr qarama-qarshiligi – fikrning harakat manbaidir. Gegel bilish ziddiyatlari va obyektiv ziddiyatlarni farqlaydi. Shu tariqa u dialektik qarama-qarshilikni asossiz ravishda formal-mantiqiy qarama-qarshilik bilan almashtiradi.
Shunday qilib, Gegel falsafiy tizimida mutlaq g`oya rang-barang va murakkab hayot yo`lini bosib o`tadi. Uning tizimi – bu obyektiv idealizm: mutlaq g`oya tabiat va insonga qadar «sof fikr» sifatida mavjud bo`ladi, tabiat va jamiyatni vujudga keltiradi. Tizim zamirida «triada»: tezis – antitezis – sintez yotadi. Bu «triada», bir tomondan, Gegel falsafiy tizimiga izchil tus beradi, boshqa tomondan esa, Gegelga dunyo rivojlanishining hujumkor xususiyatini ko`rsatish, qomusiy bilimlardan foydalanish uchun imkoniyat yaratadi.
Dialektika muammolarini ishlab chiqishda ham Gegelning xizmatlari beqiyosdir. U sifat o`zgarishi, quyi shakllardan oliy shakllarga yuksalish, eskining yangiga o`tishi, har bir hodisaning o`z ziddiga aylanishi sifatidagi dialektik rivojlanish haqidagi ta`limotni yaratdi. Gegel dunyodagi barcha jarayonlar o`rtasidagi o`zaro aloqani qayd etdi.
Gegel dialektikaning idealistik shaklini ishlab chiqqan: u kategoriyalar dialektikasini, ularning aloqalari va bir-biriga o`tishini, «sof fikr» - mutlaq g`oyaning rivojlanishini tahlil qiladi. U rivojlanishni o`z-o`zidan harakat sifatida, qarama-qarshiliklar bir-biriga o`tishi natijasida yuz beruvchi o`z-o`zidan rivojlanish sifatida tushunadi: hodisa ziddiyatli bo`lgani bois, u harakatlanish va rivojlanish qobiliyatiga ega bo`ladi. Gegel dialektikasida har bir tushuncha qolgan barcha tushunchalar bilan ichdan bog`lanadi: tushunchalar va kategoriyalar bir-biriga o`tadi. Masalan, imkoniyat rivojlanish jarayonida voqelikka, miqdor – sifatga, sabab – oqibatga aylanadi va ayni vaqtda buning aksi yuz beradi. Gegel qarama-qarshi kategoriyalar – shakl va mazmun, mohiyat va hodisa, tasodif va zaruriyat, sabab va oqibatning birligini qayd etadi.
Gegel dialektikaning asosiy qonunlari: miqdor va sifat o`zgarishlari qonuni, qarama-qarshiliklarning bir-biriga o`tishi qonuni va inkorni inkor qonunini kashf etdi. U kategoriyalar dialektikasi orqali dialektika asosiy qonunlarining amal qilish mexanizmini o`rganadi.
Gegel dialektikani bilish jarayoniga tatbiq etdi. Gegel uchun haqiqat bir marta va bir umrga berilgan mutlaqo to`g`ri javob emas, balki jarayondir. Gegelda bilish nazariyasi bilish tarixi bilan mos keladi: bilish, fan rivojlanishi tarixiy bosqichlarining har biri u haqda «mutlaq», lekin cheklangan, to`liq bo`lmagan tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Har bir keyingi bosqich o`zidan oldingi bosqichdan boyroq va muayyanroq. U avvalgi mazmunning boyligini o`zida to`liq saqlaydi va oldingi bosqichni rad etadi, lekin uning noyob jihatlarini yo`qotmaydi, «o`zlashtirilgan barcha xossalarni yanada boyitadi».
Shunday qilib, Gegel mutlaq va nisbiy haqiqat dialektikasini ishlab chiqadi. Gegel dialektikasini o`rganish bilish nazariyasiga oid bilimlarni boyitadi, nazariy, ijodiy fikrlash qobiliyatining rivojlanishiga yo`l ochadi, mustaqil g`oyalarni yaratishga ko`maklashadi.
Gegelning falsafiy tizimi mantiq va tabiat falsafasini, antropologiya va psixologiyani, huquq falsafasi va axloqni, davlat va fuqarolik jamiyati falsafasini, din falsafasi va estetikani, falsafa tarixi va tarix falsafasini, tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimi sifatidagi dialektikani o`z ichiga oladi.
XX – XXI asr falsafasi. G`arb falsafasida XIX asr oxirida boshlangan jarayonlar XX asrda uning yangi, hozirgi noklassik tipi vujudga kelishi bilan yakunlandi.
Hozirgi G`arb noklassik falsafasi muayyan yaxlitlik, birlikni ifoda etuvchi falsafiy tafakkur shakllanishining o`ziga xos bosqichidir. Unda ayrim asosiy yo`nalishlar – pozitivizm, neopozitivizm, strukturalizm va hokazolar farqlanadi.
Ssiyentistik tendensiya falsafani ijtimoiy fanga aylantirish va dunyoqarash masalalaridan xalos bo`lishga intilish bilan bog`liq. Uni avvalo pozitivizmning har xil, shu jumladan sotsiologiya sohasidagi shakllari ifoda etadi. Ularga falsafaning ijtimoiy bilim uchun ilmiylikning yagona andozasini yaratishga harakat qiluvchi yo`nalishi – strukturalizm yaqin turadi.
Antissiyentistik, ko`p jihatdan irratsionalistik tendensiya fan salbiy ijtimoiy va tabiiy jarayonlarga sabab bo`lib, ong va bilishning boshqa noilmiy shakllarini chetga chiqarib qo`yishidan kelib chiqadi. Falsafiy mulohaza yuritishning bu tipi avvalo hayot falsafasi, ekzistensializm va germenevtikani o`z ichiga oladi.
Mavhum-metafizik tendensiya falsafani borliq va bilishning teran asoslarini aniqlovchi «mutlaq fan» sifatida tasavvur qilish bilan bog`liq. Falsafa o`z mazmunini ijtimoiy fanlarning dalillari va qonunlaridan qat`iy nazar keng tushuntiradi, deb hisoblanadi. Bu tendensiyani diniy falsafaning turli yo`nalishlari ifoda etadi. Bunga fenomenologiya yo`nalishi ham yaqin turadi.
Endi hozirgi zamon G`arb falsafasining muammolari tahlil qilinuvchi eng nufuzli yo`nalishlarini ko`rib chiqamiz. Pozitivizm falsafaning keng tarqalgan yo`nalishlaridan biridir. Uning muammolari ilmiy bilimning falsafiy tahlili atrofida jamlanadi.
Pozitivizm soxta bilimdan haqiqiy bilimni ajratishga harakat qiluvchi ijobiy bilimning falsafiy doktrinasini anglatadi. Bunday ijobiy bilimlar ayrim fanlarni bilish bilan tenglashtiriladi: pozitivizmga dunyoqarash muammolarini o`z ichiga oluvchi an`anaviy falsafaga nisbatan o`ta salbiy munosabat xosdir.
Pozitivizmning birinchi tarixiy shakli XIX asrning 30-40-yillarida vujudga kelgan. Unga fransuz faylasufi O.Kont asos solgan.
Kont fikriga ko`ra, fanning vazifasi narsani tushuntirish emas, balki unga tavsif berishdir. Fan «nima uchun?» degan savolga javob berishga qodir emas, u dalillarni qayd etish va «qay tarzda?» degan savolgagina javob berish bilan kifoyalanishi lozim. Shu holdagina u ijobiy bo`lishi mumkin.
Kontning falsafani ijobiy bilim tamoyillariga muvofiq tuzishga urinishi tabiatshunos olimlar davralarida o`z izdoshlarini topdi.
Ilk pozitivizm asoschilari olimlarni hissiy hodisalar jabhasiga chuqur kirishga urinishlardan voz kechish va ularni tavsiflash bilan kifoyalanishga chaqirdilar. Bu yondashuv hissiylik jabhasi ortida qandaydir borliqning mavjudligini nazarda tutadi.
Ilk pozitivizmning o`ziga xos xususiyati shundaki, O.Kont va uning boshqa namoyandalari falsafaning asosiy vazifasini muayyan fanlarning amalda mavjud moddiy dunyo haqidagi ma`lumotlarini umumlashtirish va tizimga solishdan iborat deb bildilar. Boshqacha aytganda, bu bosqichda pozitivizm hali tashqi dunyoning mavjudligini tan oluvchi materialistik ta`limot bo`lib qoldi.
Empiriokrititsizm pozitivizmning ikkinchi tarixiy shakli sifatida XIX–XX asrlar chegarasida yuzaga keldi. Uning eng mashhur namoyandalari – E.Max (1838-1916) va R.Avenarius (1843-1896). Ilk pozitivizmdan farqli o`laroq, empiriokrititsizm falsafaga «ikkinchi pozitivizm»ni sintez qiluvchi fan sifatida yondashadi, uni bilish nazariyasiga bog`laydi. Empiriokrititsizm «tajriba tanqidi» degan ma`noni anglatadi va «tajribani metafizik tabiatni o`zgartiruvchi barcha qoidalardan tozalash»ni nazarda tutadi. E.Max fikriga ko`ra, tajriba amalda «dunyo elementlari» hisoblanuvchi sezgilardan iboratdir. Binobarin, pozitivizm o`zining maxizm shaklini kasb etgan ikkinchi bosqichida butun falsafiy faoliyatni inson tajribasi hissiy asosining ruhiy-fiziologik shakllari tahliliga bog`ladi. Maxizm falsafasida dunyo «sezgilar majmui» tarzida namoyon bo`ldiki, bu materializmdan butunlay voz kechilishi, ingliz faylasufi Berklining subyektiv idealizmi o`ziga xos tarzda tiklanishini anglatadi. Xullas, ikkinchi pozitivizm yaratuvchilari bilish jarayonining nazariy modelini tuzishga harakat qildilar.
Neopozitivizm, pozitivizmning uchinchi tarixiy shakli sifatida, ilmiy nazariyalarning haqiqatnamoligini, ularning nisbiy qimmatini aniqlash metodlarini o`z falsafiy faoliyatining predmetiga aylantirdi. Bu bosqich vakillari pozitivizmning asosiy tamoyillariga tayanib, an`anaviy falsafa tushunchalari noilmiydir, chunki ularni tajribada tekshirish mumkin emas, deb e`lon qildilar.
Neopozitivistlar u yoki bu ilmiy xulosalar, konsepsiyalar va nazariyalarning to`g`riligi, haqiqiyligini tekshirish metodlariga asosiy e`tiborni qaratdilar. Ular hozirgi ilmiy bilimlarning haqiqiyligini tekshirishning asosiy tamoyillari: verifikatsiya, falsifikatsiya va konvensiya tamoyilarini ta`riflab berdilar.
Verifikatsiya (lot. «verus» - haqiqiy va «facio» - bajaraman) tamoyili nuqtai nazaridan hissiy tajriba dalillari bilan tasdiqlanuvchi ilmiy qoidalargina haqiqiy hisoblanadi. Boshqacha aytganda, tajribada sinalishi mumkin bo`lgan mulohazalargina ahamiyat kasb etadi.
Neopozitivizm metafizik farazlarni aniqlash ishida verifikatsiya tamoyili muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidlagan. Biroq bu tamoyil o`zini oqlamadi, chunki u fan tuzilishi va dinamikasiga mos kelmasdi. Verifikatsiya tamoyiliga qarshi quyidagi e`tirozlar mavjud: Fanda tajribada sinash mumkin bo`lmagan bilimlar hanuzgacha mavjud. Biroq ularni keyinchalik, kuzatish va eksperiment texnikasi rivojlanganidan so`ng tekshirish imkoniyati paydo bo`lishi mumkin. Masalan, O.Kont osmon jismlarining kimyoviy tarkibi haqidagi masalani metafizik masala deb hisoblagan. U mazkur masalaning yechimini topish mumkin emasligini qayd etgan. O. Kont vafotidan so`ng oradan ikki yil o`tgach spektral analiz paydo bo`ldi va uning yordamida osmon jismlarining kimyoviy tarkibi aniqlandi.
Tarixiy bilim – o`tmish haqidagi, hozir mavjud bo`lmagan narsalar haqidagi bilim. Verifikatsiya tamoyili esa mavjud borliqqa tayanishni talab qiladi. Biroq o`tmishni ham bilish mumkin. Verifikatsiya tamoyiliga ko`ra esa, barcha tarixiy mulohazalar ma`nosizdir.
Ma`noli mulohazalar majmuini neopozitivizm ikki turga – sintetik va analitik mulohazalarga ajratadi. Verifikatsiya tamoyilining o`zini mulohazalarning qaysi turiga kiritish mumkin? Bu tavtologiya ham, tajribada sinalgan (sintetik) mulohaza ham emas. Mazkur tamoyilning kelib chiqishi falsafiy xususiyatga ega, mohiyat e`tibori bilan bu mantiqiy pozitivizm qabul qila olmaydigan metafizik qoidadir.
Falsifikatsiya tamoyili ilgari surilgan qoidalarni tasdiqlashga emas, balki rad etishga qarab mo`ljal oladi. U ilmiylikka da`vogar bo`lgan qoidalarni rad etishga harakat qilishni nazarda tutadi. Ilgari surilgan qoidani rad etib bo`lmasa, uni haqiqiy yoki hech bo`lmasa o`rinli deb hisoblash mumkin. Rad etilgan qoidadan esa voz kechilishi lozim.
Fanni o`rganish sohasidagi falsafiy yo`nalish sifatida, Neopozitivizm, 50-yillar oxiri – 60-yillarning boshlarida o`z nufuzini yo`qotdi, va shu davrda «To`rtinchi pozitivizm» yoki postpozitivizm maydonga chiqdi. Uning eng mashhur namoyandalari qatoriga K.Popper, I.Lakatos, T.Kun, S.Tulmin, P.Feyyerabend, D.Agatssini kiritish mumkin.
Postpozitivizm. Postpozitivizmning neopozitivizm bilan g`oyaviy aloqasi shunda ifodalanadiki, ular asosan ilmiy bilim tahlili bilan shug`ullangan, tilga katta e`tibor bergan. Biroq, mantiqiy pozitivizm asosan mavjud ilmiy bilim tuzilishini o`rganishga e`tiborni qaratgan bo`lsa, postpozitivizmning bosh muammosini ilmiy bilim dinamikasi tashkil etadi. Bu o`zgarish fanni falsafiy o`rganish masalalari doirasining ham o`zgarishiga sabab bo`ldi. Postpozitivizmni avvalo ilmiy bilimning ijtimoiy-madaniy omillari, yangi nazariyalarning yuzaga kelishi, ularning olimlar hamjamiyati tomonidan qabul qilinishi, raqobatlashuvchi ilmiy konsepsiyalarni taqqoslash va tanlash mezoni qiziqtiradi.
Agar mantiqiy pozitivizmga empirik bilimni ishonchli va barqaror bilim sifatida ishonchsiz va o`zgaruvchan nazariy bilimga qarshi qo`yish xos bo`lsa, postpozitivizmga esa, aksincha, bilimning bu ikki darajasi bir-biriga o`tishi haqidagi qarash xosdir. Zero postpozitivizm ta`limoti nazariyaning empiriyaga ta`siri kuchli emasligi, dalillarni aniqlash uchun nazariya talab etilishi, shu sababli dalillar nazariyaga ma`lum darajada bog`liq bo`lishi yoki hatto ularni belgilashi yoritib berilgan.
Postpozitivizm konsepsiyasining navbatdagi xususiyati – shundaki ilmiy bilimning rivojlanishini talqin qilishda kumulyativizmdan voz kechilgan. Ilk pozitivizm ilgari surgan kumulyativistik yondashuv fanning izchil rivojlanishi, bilimlarning asta-sekin to`planib borishini nazarda tutadi. Postpozitivizm fan haqidagi bunday tasavvurdan voz kechadi. U fan tarixida inqilobiy o`zgarishlar yuz berishi muqarrarligini asoslashga harakat qiladi. Postpozitivistlar fikriga ko`ra, inqilob natijasida fanda ilgari e`tirof etilgan va asoslangan bilimlar, nafaqat nazariyalar, balki metodlar va omillar ham qayta ko`riladi.
Uchinchi va to`rtinchi pozitivizm o`rtasida fanni soxta fan (metafizika)dan farqlash masalasida ham jiddiy tafovutlar mavjud. Pozitivizm metafizikani fandan chiqarib tashlashni bosh vazifalardan biri deb hisoblagan. Postpozitivizm esa ilmiy bilim va falsafa o`rtasida qat`iy chegara o`tkazishdan bosh tortadi. U falsafiy qoidalarning asosliligini va ularni fanlardan chiqarib tashlash mumkin emasligini tan oladi. Fan falsafasida keng qo`llaniluvchi «paradigma» (T.Kun), «ilmiy tadqiqot dasturi» (I.Lakatos) kabi tushunchalar falsafiy (metafizik) unsurlardan iborat. Shuningdek, postpozitivizmning ayrim namoyandalari (P.Feyyerabend) fan, falsafa va afsona o`rtasida biron-bir farqni ko`rishdan butunlay bosh tortadi.
Postpozitivizm fan tashqi (ijtimoiy, madaniy) omillar bilan belgilanishi haqidagi g`oyani tan oladi. Bu jihatdan ham postpozitivizm mazkur falsafiy yo`nalishning oldingi shakllaridan ancha farq qiladi. Quyida postpozitivizm vakillarining qarashlari bilan tanishamiz.
Tomas Kunning (1922-1996) epistemologik konsepsiyasi uning «Ilmiy inqiloblar strukturasi» asarida ifodalangan bo`lib, bu yerda u pozitivistik an`analarni tanqid qiladi.
T. Kun fikriga ko`ra, fan tarixi epistemologiyaning bazisi va asosiy materialiga aylanishi lozim. Fan – bilimlar tizimi emas, balki avvalo ilmiy hamjamiyatlar faoliyatidir. Muammo bunday qo`yilganida falsafa fanining dastlabki nuqtai nazarlari va xatti-harakatlarida mujassamlashgan alohida normativlik va mantiqiy-metodologik mustaqillikka ega bo`lgan barcha da`volar o`z ahamiyatini yo`qotadi. Ular ilmiy hamjamiyat faoliyatining asosiy usuliga, uning zaminida shakllangan fan matritsasi va paradigmasiga bog`liq bo`lib qoladi. T.Kunning «Ilmiy inqiloblar strukturasi» asari ta`sirida ilmiy hamjamiyat tushunchasi fanning barcha sohalaridan mustahkam o`rin oldi. Fanning o`zi g`oyalar tizimining rivojlanishi sifatida emas, balki ilmiy hamjamiyat faoliyatining mahsuli sifatida tushunila boshlandi.
Ilmiy hamjamiyatni ma`lum ixtisoslikka va o`xshash ilmiy tayyorgarlikka ega tadqiqotchilar tashkil etadi. Ilmiy hamjamiyat vakillari, odatda, o`xshash kasbiy ko`nikmalarga ega va ilmiy adabiyotlarning muayyan majmuini o`zlashtirgan bo`ladi. Ilmiy hamjamiyat bu muayyan bilim sohasi mutaxassislarining hamjamiyati yoki muayyan ilmiy muammoni o`rganuvchi tadqiqotchilar guruhidir.
Fanning rivojlanish jarayonida ilmiy hamjamiyatning rolini quyidagicha tavsiflash mumkin:
-mazkur hamjamiyat vakillari fan maqsadlarini va o`z sohasining vazifalarini bir xil tushunadilar. Shu tariqa ular u yoki bu fanning predmeti va uning rivojlanishi haqidagi tasavvurlar tizimini tartibga keltiradilar;
-ularga universalizm xos bo`lib, buni ular o`z tadqiqotlarida va o`z hamkasblarining tadqiqotlariga baho berishda hisobga oladilar, bu yerda ular bilimlarni asoslash va isbotlashning umumiy mezonlari va qoidalariga amal qiladilar;
-ilmiy hamjamiyat tushunchasi bilimlarni jamlashning kollektiv xususiyatini qayd etadi. U bilishning kollektiv subyekti nomidan ish ko`radi, bilish faoliyati natijalariga kelishib baho beradi, ichki me`yorlar va ideallar tizimi – fan etosini yaratadi va quvvatlaydi;
-ilmiy hamjamiyatning barcha a`zolari muayyan paradigmaga – ilmiy muammolarni qo`yish va yechish modeli (andozasi)ga amal qiladi. Yoki, T.Kun ta`biri bilan aytganda, paradigma tadqiqotchi olimlar guruhini boshqaradi. Olimlarning o`zlari ko`proq paradigma haqida emas, balki nazariya yoki nazariyalar to`plami haqida so`z yuritishni ma`qul ko`radilar.
Fan rivojlanishining Kun taklif qilgan modeli turli ilmiy hamjamiyatlar o`rtasidagi raqobat kurashi hodisalari oldinma-ketin yuz berishini nazarda tutadi. Qabul qilingan paradigma hukmronligi davri, «normal fan» bosqichidan keyin paradigmaning inqiroz davri keladi va bu ilmiy inqilob atamasi bilan ifodalanadi. Raqobatlashayotgan taraflardan birining g`alabasi fanning normal rivojlanish bosqichini tiklaydi. Paradigma yuzaga kelishidan oldingi davr dalillarning tartibsiz to`planishi bilan tavsiflanadi. Bu davrdan chiqish ilmiy amaliyot andozalari, nazariy qoidalar, dunyoning aniq manzarasi belgilangani, nazariya va metodning birlashuvini anglatadi.
Ilmiy paradigmaning almashishi, inqilobiy o`zgarishlar bosqichiga o`tish fan matritsasi elementlari, tadqiqot texnikasi, metodlar va nazariy farazlar to`la yoki qisman o`zgarishini nazarda tutadi. Epistemologik qadriyatlar majmui to`la o`zgaradi.
Kun fikriga ko`ra, ilmiy oqilonalikning umumiy mezonlari nisbiy xususiyat kasb etadi. Har bir paradigma o`z muammolar sohasida yaratilgan andoza va mezonlarga tayanadi, shu sababli ular formal mantiq andozalariga muvofiq bo`lishi shart emas, ammo ular, shuningdek sog`lom fikrga zid kelmasligi lozim. Shu boisdan fanni intellektual faoliyatning boshqa turlaridan farqlash imkonini beruvchi chegara (demarkatsiya) haqida gapirish ancha qiyin. U har safar yangidan o`rnatiladi. Kun fikriga ko`ra, fan uchun yagona va universal metod mavjud emas, kuzatishlarning universal bayonnomalari ham yo`q, serqamrov metatarixiy lug`at ham bo`lishi mumkin emas. Olimning dunyoga munosabati uning muayyan paradigmaga amal qilishi bilan belgilanadi, tarixiy va ijtimoiy dalillarga bog`liq bo`ladi.
Kun o`zining paradigma konsepsiyasini har tomonlama himoya qiladi. «Paradigma» deganda u ma`lum vaqt mobaynida ilmiy hamjamiyatga muammolarni qo`yish va yechish andozasini beruvchi keng e`tirof etilgan ilmiy yutuqlarni tushunadi. Paradigma ilmiy hamjamiyat tomonidan qabul qilingan va ilmiy an`ananing mavjudligini ta`minlovchi e`tiqodlar, qadriyatlar va texnika vositalari majmuini anglatgani bois, Kun fundamentalizm tamoyillarini rad etadi. Ilmiy paradigmaga bog`liq bo`lmagan omillar yo`q va bo`lishi mumkin emas. Uning fikricha, kuzatishning empirik jihatdan neytral tili ham bo`lishi mumkin emas. Ilmiy hamjamiyatga qo`shilgan olimlar dunyoga qabul qilingan paradigma nuqtai nazaridan qaraydilar. Zero dalillar nazariyani belgilamaydi, balki nazariya o`zining anglab yetilgan tajribasiga kirishi mumkin bo`lgan u yoki bu dalillarni tanlaydi. Kun yangi paradigma rivojlanishining dastlabki bosqichida uning tarafdoriga aylangan odam bu paradigmaning muvaffaqiyatiga ishonishi lozim, deb hisoblagan.
Paradigma strukturasiga nimalar kiradi?
Birinchidan, simvolik umumlashtirishlar - qonunlar, ta`riflar va ko`p ishlatiladigan atamalar.
Ikkinchidan, universumning u yoki bu ontologiyasini belgilovchi metafizik mo`ljallar majmui.
Uchinchidan, ayrim vazifalarni yechishning umumiy qabul qilingan andozalari, sxemalari.
Kun paradigmani o`lchash mumkin emas, degan tezisni ilgari suradi. U fanning rivojlanish tarixidagi vorisiylikni rad etadi. Fan dinamikasini uzluksiz emas, balki uzlukli deb biladi. Uning fikriga ko`ra, ilmiy hamjamiyatlar bir-birini siqib chiqaradi, oldingi paradigma to`plagan bilimdan esa voz kechiladi.
Kun paradigma tushunchasini yanada aniqroq izohlashaga urinib, uni keyinchalik olimlarning muayyan fanga mansubligini ham, ilmiy faoliyat qoidalari tizimini ham hisobga oluvchi fan matritsasi tushunchasiga aylantirdi. Fan matritsasining strukturasiga nazar tashlar ekanmiz, uning paradigma strukturasiga o`xshashligini ko`rishimiz va matritsaning quyidagi elementlarini qayd etishimiz mumkin. Simvolik umumlashtirishlar. Bu yerda ilmiy guruh a`zolari shak-shubhasiz va yakdillik bilan foydalanuvchi iboralar nazarda tutiladi. Ular formal xususiyat kasb etadi yoki osongina formallashtiriladi. Zarur qoidalar (yoki metafizik paradigmalar), mazkur fan doirasida tan olingan qadriyatlardir. Aksariyat hamjamiyatlarda birdamlik tuyg`usi aynan qadriyatlarning birligi tufayli yuzaga keladi.
Stiven Tulmin (1922-1997) butunlay boshqacha metodologik mo`ljal – evolyutsion epistemologiya asoschisi. Mazkur yo`nalishning umumiy ma`nosi shundan iboratki, u bilishni jonli tabiat evolyutsiyasining lahzasi sifatida o`rganadi va bilish mexanizmlarini evolyutsiya nuqtai nazaridan yoritadi. Evolyutsion epistemologiya sof evolyutsiya va bilish jarayoni biologiyasining o`xshashligi g`oyasiga asoslangan va insonning bilish apparati bu biologik evolyutsiya jarayonida rivojlangan moslashuvlar mexanizmidir, degan tasavvurga tayangan. Evolyutsion epistemologlar fikriga ko`ra, ayni shu sababli bilish mexanizmi evolyutsion tip bo`yicha rivojlanadi va tegishli ravishda hozirgi zamon evolyutsiya nazariyasiga muvofiq tushunilishi mumkin.
Evolyutsion epistemologiya insonning biologik evolyutsiya mahsuli sifatidagi talqinidan kelib chiquvchi bilish nazariyasidir.
Shunday qilib, evolyutsion epistemologiyaning asosiy nazariy manbasi sifatida organik evolyutsiya konsepsiyasi amal qiladi. Evolyutsion epistemologiyaning ikki xil ma`nosini farqlash lozim:
• bilish vositalari, shakllari va metodlarining (bilish organlarining) rivojlanishini evolyutsion sxema yordamida tushuntirishga urinish;
• bilim mazmunini (axborotning paydo bo`lishini) evolyutsion tushuntirishga harakat qilish. Bu yerda o`zgaruvchanlik, tanlash va mustahkamlash tushunchalari ma`lum ahamiyat kasb etadi.
Evolyutsion epistemologiyaning birinchi ma`nosida dunyoni aniq aks ettirish imkoniyatini ta`minlovchi bilish organlari, kognitiv strukturalar va bilish qobiliyatlarining evolyutsiyasi masalalariga urg`u beriladi. U bizning bilish apparatimiz evolyutsiya mahsulidir, degan fikrni ilgari suradi. Tirik organizmlarning nerv sistemasi va idrok etish organlari millionlab yillar mobaynida borliqni mumkin qadar aniq aks ettirishni ta`minlaydigan tarzda o`zgarib borgan. Agar organizm bunday moslamalar bilan ta`minlanmaganida, uning mavjudligi va rivojlanishi mumkin bo`lmas edi. Perseptual (sezgilar) tizimi o`zi yashaydigan muhit sharoitlarida mos ravishda va qoniqarli harakat qilish imkonini beruvchi organizmlargina yashab qoladi va nasl qoldiradi. Bilishning subyektiv strukturalari borliqqa mos tushadi, chunki aynan shunday holat yashab qolish imkoniyatini ta`minlaydi.
Evolyutsion epistemologiyaning ikkinchi ma`nosi falsafa fanining bevosita predmetidir, chunki unda o`z xususiyatiga ko`ra evolyutsion bo`lgan ilmiy bilimning o`sishi modeliga urg`u beriladi. Bu yerda falsafa fani konsepsiyalaridan biri sifatidagi evolyutsion epistemologiya to`g`risida so`z yuritiladi. U evolyutsiya dinamikasining mantiqiy talqiniga mos tushuvchi ilmiy bilim dinamikasini ko`rsatadi. Mazkur yo`nalish ham fanning evolyutsion nazariyasi deb ataladi.
Karl Popper (1902-1994). Eng muhim asarlari: «Ilmiy tadqiqot mantiqi» (1935), «Ochiq jamiyat va uning dushmanlari» (1945), «Tarixiylikning qashshoqligi» (1963), «Obyektiv bilim. Evolyutsion yondashuv» (1972), «Realizm va fan maqsadi» (1983).
Popper falsafaning bosh maqsadi ilmiy bilimning o`sishini, ayniqsa – ilmiy kosmologiyani o`rganishdan iborat deb bilgan. Ilmiy kosmologiya dunyoni, shu jumladan insonni (va uning bilimini) bu dunyoning qismlari sifatida bilishni nazarda tutadi. Popper fikriga ko`ra, falsafaning alohida metodi mavjud emas – masalalar aniq qo`yiluvchi va taklif etilgan yechimlar tanqidiy tahlil qilinuvchi har qanday oqilona munozara metodi mavjud. U verifikatsiya tamoyiliga zid o`laroq falsifikatsiya metodini (har qanday fikrni rad etish mumkinligi tamoyilini) taklif qildi, bilimni tashkil etish nazariy va empirik darajalarining uyg`un birligini, shuningdek gipotetik xususiyati va xato qilishi mumkinligini (har qanday fanning fallibilizmi prinsipini) qayd etdi. Falsifikatsiya tamoyili fan uchun muayyan ahamiyatga egadir. Salbiy tekshirish u yoki bu qoidaning haqiqiyligini isbotlamasa, uni uzil-kesil rad etadi. Biroq falsifikatsiya tamoyili faqat rad etishga qarab mo`ljal oladi: u bilimlarni o`stirish jarayonini muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini bermaydi, agar u yoki bu nazariyani rad etuvchi ma`lumotlar topilsa, bu nazariyadan butunlay voz kechiladi.
Nazariyalar o`rtasida vorisiylik mavjud bo`lib, u Nils Borning muvofiqlik tamoyilida o`z ifodasini topgan.
Ilmiy bilimni noilmiy bilimdan, fanni metafizikadan ajratishni (yoki demarkatsiya muammosini) Popper muhimlik mezonlarini yaratish mo`ljallariga qarshi o`laroq dolzarb ahamiyatga ega deb belgilaydi.
Ilmiy bilimning o`sishini Popper ijtimoiy o`zgarishlar umumiy jarayonlarining ayrim hodisasi sifatida talqin qiladi (va ularning doirasida muammolar va ularni yechishga alohida e`tibor qaratilishi lozim deb hisoblaydi). Ilmiy bilish tarixi – bu dadil farazlar va ularni permanent rad etishlar tarixidir. Popper ta`biri bilan aytganda, «fan» degan odam «taraqqiyot» deydi va aksincha (Vena to`garagi vakillaridan farqli o`laroq, Popper normal fanga rivojlanuvchi fan sifatida yondashadi va uning o`sishini qadrsizlantiruvchi metodologiyani tuzishga harakat qiladi). Birdan-bir ilmiy bilimga erishish, shuningdek haqiqatning tagiga yetishga yaqinlashish, Popper nuqtai nazaridan, faqat xatolar va yanglishishlar eliminatsiyasi mahsuli sifatida amalga oshishi mumkin: fan yaxlitligining asosi sifatida oldindan belgilangan ideal va ilmiy tilning haqiqiyligi emas, balki borliqning birligi amal qiladi. Fanlar bu borliqni anglash jarayonida o`sib boruvchi jarayon tarzida bir-biriga yaqinlashadi. Oqilonalashuv darajasi, Popper fikriga ko`ra, ilmiy inqiloblarning intensivligi bilan belgilanadi.
Popper ta`limoti kontekstida falsafa va fanning o`zaro nisbati yo`lidagi eng katta to`siq - falsafiy bilimning o`ziga xosligi. Popper fikriga ko`ra, falsafa va fanni aniq ajratish naturfalsafaning spekulyativ tamoyillari va fan farazlarini farqlash uchun zarurdir.
Bu kontekstda Popper fan va falsafani emas, balki dogmatik va evristik bilimni ajratishni ma`qul ko`rgan.
Imre Lakatos (1922-1974). Britaniyalik fan faylasufi va tarixchisi Imre Lakatos (1922-1974) o`zining ilk asarlarida farazlar va rad etishlar mantiqining o`ziga xos variantini bilimning o`sishi muammosining rekonstruksiyasi sifatida tuzishga harakat qildi. XVII-XIX asrlar matematikasi uning tahlil predmetiga aylandi. Keyinchalik u, o`z fikriga ko`ra, fanlarning rivojlanish zamirida yotuvchi ilmiy tadqiqot dasturlarining raqobati g`oyalarini asoslashga harakat qiladi. «Mening yondashuvim tadqiqot dasturlaridan iborat «raso fan» bilan sinov va xatolarning siyqasi chiqqan andozasidan tashkil topgan «noraso fan»ni farqlashning yangi mezonini nazarda tutadi» , deb yozadi olim. Lakatos o`z konsepsiyasini asoslashda fan tarixini o`rganishga alohida e`tibor bergan. Lakatos fikriga ko`ra, ilmiy dastur ilmiy bilimning asosiy birligidir. U ilgari surgan konsepsiya nuqtai nazaridan fanning rivojlanishi tadqiqot dasturlarining o`zgarishidir. «Men fanning uzluksizligiga Popper ko`zoynagi orqali qarayman, - deb tan oladi u. – Shu sababli Kun paradigmalarni ko`rgan joyda men oqilona tadqiqot dasturlarini ham ko`raman»2. Tadqiqot dasturi uzluksiz rivojlanuvchi asos, g`oyalar va tamoyillar birligi bilan bog`liq nazariyalar majmui va ketma-ketligi sifatida tushuniladi. Bosh nazariya keyingi nazariyalarning yuzaga kelishiga asos bo`ladi va ularning har biri oldingi gipotezaga qo`shimcha gipoteza kiritish orqali rivojlanadi. Lakatos «raso fan» va «noraso fan»ni farqlaydi. «Raso fan» shu bilan tavsiflanadiki, u:
ilgari ma`lum bo`lmagan dalillarni bashorat qiladi;
yangi yordamchi nazariyalarni oldindan aytib beradi;
evristik kuchga ega bo`ladi;
nazariy jihatdan mustaqil bo`ladi.
Uzluksiz dastur alohida normativ qoidalar bilan muhofaza qilinadi.
Tadqiqot dasturi tarkibiga qattiq o`zak, fundamental farazlar, ijobiy evristika qoidalari (ular tadqiqotlarni amalga oshirish yo`llarini belgilaydi) va salbiy evristika qoidalari (ular taqiqlarni, qaysi yo`llardan yurmaslik kerakligini ko`rsatadi) kiradi. Fundamental farazlar o`ziga xos xususiyat kasb etadi va shartli ravishda rad etilmagan deb olinadi. Qattiq o`zak ilmiy dasturning barcha nazariyalarida o`zgarishsiz saqlanayotgan muayyan ilmiy va ontologik farazlar majmuidan tashkil topadi.
«Salbiy» evristika qoidalari tadqiqot dasturining qattiq o`zagini hatto u anomaliyalar bilan to`qnash kelgan holda ham qayta ko`rishni man etadi. Tadqiqot dasturi muayyan darajada dogmatik xususiyat kasb etadi. Bir marta qabul qilingan nazariyaning dogmatik to`g`riligi ijobiy ahamiyatga egadir. Usiz olimlar nazariyadan uning imkoniyatlari, kuchi va ahamiyatini anglashdan oldinroq voz kechgan bo`lar edi. Shu tariqa u muayyan nazariyaning kuchi va afzalliklarini yaxshiroq tushunishga ko`maklashadi. Uning izlariga Kunning «normal fan» davri tavsifidayoq duch kelish mumkin.
Nazariyaning «qattiq o`zagi» yaxshiroq saqlanishi uchun qo`shimcha gipotezalarning «himoyalovchi kamari» tashkil etiladi. Bu gipotezalar anomaliyalarga moslashib o`z shakl-shamoyilini o`zgartirishi mumkin. Bu bilan Lakatos anomal vaziyatlarga tushuvchi yoki qarshi misollar bilan to`qnash keluvchi nazariyalarga baho berishda falsifikatsionizmga haddan tashqari berilishning oldini olishga harakat qilgan.
U yoki bu tadqiqot dasturini metodologik tahlil qilish texnikasi bir qancha bosqichlardan iborat:
-tadqiqot dasturining oqilona rekonstruksiyasini ilgari surish;
-uni haqiqiy nazariya bilan taqqoslash;
-uni tarixiylik va oqilonalikning mavjud emasligi uchun tanqid qilish.
Uzluksiz o`sish talabi Lakatos oqilona rekonstruksiyasining asosiy mazmuni va mohiyatidir. Umuman olganda, olimning konsepsiyasi mantiqiy-normativ xususiyat kasb etadi. Ilmiy tadqiqot dasturi ilmiy bilim rivojlanish yo`llarining ko`p sonliligi va rang-barangligini cheklaydi, fan tarixi turli nazariyalarning yuzaga kelishi, rivojlanishi va raqobati tarzida namoyon bo`ladi. Ayni vaqtda, tadqiqot dasturlari, asosiy nazariyalar hamda ilmiy bilimning o`zgarishi va rivojlanishi rang-barang shakllari mexanizmining amalda murakkabligi taklif etilgan model bilan uyg`unlasha olmaydi.
Pol Feyyerabend (1924-10994. amerikalik faylasuf va metodolog olim). Feyyerabendning serqirra konsepsiyasida Vitgenshteyn ijodi so`nggi davrining ta`siri, taniqidiy ratsionalizmga moyillik va hatto «ilmiy materializm» tamoyillariga duch kelish mumkin. Bu olim an`anaviy va yangi muammolarni tabiiy-ilmiy dunyoqarash va metodologiya nuqtai nazaridan tushunishga harakat qilganligidan dalolat beradi.
Feyyerabend XX asrning 70-yillarning oxirida fan falsafasi va «fan faylasuflari»ning asarlarida ifodalangan «antagonistik g`oyalar», oqibatlar va natijalar to`g`risida so`z yuritadi. Fan nima, u qay tarzda ish ko`radi, uning natijalari qanday, degan savollarni berib, mutafakkir ularga javoban fan faoliyatini boshqaruvchi alohida ilmiy metod, ya`ni qoidalar majmui mavjudligini qayd etadi.
Fan va kumulyativizmning mavjud gipotetik-deduktiv modeliga faylasuf nazariy realizm g`oyasini qarshi qo`yadi. Tabiatshunoslikni tavsiflash amaliyotini umumlashtirish asosida yuzaga kelgan kumulyativizm bilim o`sishining sodda talqini, ya`ni haqiqiy qoidalarning jamlangan yig`indisiga yangi fikrlar asta-sekin qo`shilishini nazarda tutadi. Unda xatolar faqat bilimning o`zgarishi, eski bilimdan voz kechilishi va qabul qilingan bilimning rad etilishiga yo`l qo`yilmaydigan subyektiv jarayon sifatida talqin qilinadi. Empirik kumulyativizm bilimning o`sishini uning empirik mazmuni boyishi bilan tenglashtiradi. Ratsionalistik kumulyativizm bilim rivojlanishining shunday bir usulini nazarda tutadiki, unda har bir keyingi element mavjud mavhum tamoyillar va nazariy xulosalar tizimiga kiritiladi.
Feyyerabend ilgari surgan nazariy realizm g`oyasi bilimning aktual o`sishi o`zaro mos tushmaydigan (yagona mantiqiy asos bilan deduktiv bog`lanmagan va har xil tushunchalar va metodlardan foydalanuvchi) nazariyalarning ko`payishi (proliferatsiyasi) natijasida amalga oshirilishini qayd etadi. Tajriba doim nazariy asoslangan tajribadir, u yoki bu nazariyaning qabul qilinishi esa idrok etish tizimini belgilaydi.
Metodolog asoslab bergan proliferatsiya (nazariyalarning ko`payishi) tamoyili qabul qilingan nuqtai nazarlar hatto yetarli darajada tasdiqlangan va keng e`tirof etilgan bo`lsa ham ularga mos tushmaydigan nazariyalarni yaratishga ruxsat beradi. Fan rivojlanishining turli bosqichlariga yoki ayni bir bosqichiga mansub bo`lgan muqobil nazariyalar va konsepsiyalarning o`zaro mos kelmasligi va ularni bir-biriga o`tkazish mumkin emasligi haqidagi tezisni ilgari surish yo`li bilan Feyyerabend proliferatsiya tamoyilining talablarini yanada kuchaytiradi.
Nazariy metodologik immoralizm pozitsiyasi bilimning teng huquqli tiplari to`plami fan va shaxsning rivojlanishidan dalolat beruvchi borliqdir, degan g`oyaga tayanadi. Feyyerabend fikricha, muqobillar o`rtasidagi kurash davrlari eng samarali davrlardir. Muqobil konsepsiyalarning kurtaklari olimning turli falsafiy va metodologik nuqtai nazarlarida yashirindir.
Nazariyalar plyuralizmi g`oyasini Feyyerabend an`analar plyuralizmigacha kengaytiradi. Shu munosabat bilan fan ilmiy elita mafkurasi sifatida o`z markaziy o`rnidan mahrum etilishi va mifologiya, din bilan tenglashtirilishi lozim. Bunday o`ta antissiyentistik yondashuv tanqidiy ratsionalizmga qarshi qaratilgan va falsafa xususiyatini yangicha baholaydi.
Feyyerabend fikriga ko`ra, olimlar faoliyatida haqiqat emas, balki individual qobiliyatlarning rivojlanishi, bilish va uning chin oqilonaligi emas, balki cheklanmagan, mutlaqo erkin xulq-atvor muhimdir. Uning ko`pgina g`oyalari akademik falsafa vakillarini lol qoldirgan. Feyyerabend konsepsiyalari ba`zan anarxistik epistemologiya deb ataladi. Bu qisman shu bilan izohlanadiki, Feyyerabend yagona universal metodning mavjudligini mutlaqo rad etadi. Bundan tashqari, olimlar «hamma narsa mumkin» degan tamoyilga amal qilishlariga uning ishonchi komil. Bir metodga qat`iy rioya etish va uning barcha talablarini bajarish, Feyyerabend fikriga ko`ra, tadqiqot amaliyotiga ham, bilishning ijodiy tabiatiga ham mos kelmaydi. Shu sababli fanning obro`si hayotning boshqa har qanday shakli obro`sidan ortiq emas.
Biroq plyuralistik metodologiyadan foydalanish nimani anglatadi? Feyyerabend fikriga ko`ra, olim g`oyalarni tajriba bilan emas, balki boshqa g`oyalar bilan solishtirishi va bellashuvda mag`lub bo`lgan konsepsiyalardan voz kechmasdan ularni yaxshilashga harakat qilishi lozim. Shunday ish ko`rish yo`li bilan u "Borliq" kitobi yoki "Polmandrada"da bayon etilgan inson va kosmos konsepsiyasini saqlab qoladi va ulardan evolyutsiya nazariyasida va boshqa yangi konsepsiyalarda muvaffaqiyatga erishish uchun foydalanadi. Uning «Metodologik majburlashga qarshi. Bilishning anarxistik nazariyasi ocherki» (1970) relyativizmga qo`yilgan mashhur haykaldir. Bu asar matnining asosiy mazmunini ifodalovchi tezislar quyidagilardan iborat:
-nazariy anarxizm uning qonun va tartibga tayanuvchi muqobillaridan insoniyroq va progressivroqdir; -«hamma narsa mumkin» tamoyili taraqqiyotga to`sqinlik qilmaydigan birdan-bir tamoyildir; -yaxshi tasdiqlangan nazariyalarga zid gipotezalardan foydalanish, induksiyaga qarshi ish ko`rib fanni rivojlantirish mumkin; -muvofiqlik sharti oqilona emas, chunki u yaxshiroq emas, balki eskiroq nazariyani saqlab qoladi, bir andozalilik individning erkin rivojlanishini xavf ostida qoldiradi; -qancha eski va absurd bo`lmasin, bizning bilimimizni yaxshilashga qodir bo`lmagan g`oya mavjud emas; -fan mavjud bo`lsa, aql universal bo`lishi mumkin emas va nooqilonalikni bartaraf etish mumkin emas. Fanning bu o`ziga xos xususiyati anarxistik epistemologiyani talab qiladi .
Ilmiy izlanish asoslari muammosini Feyyerabend o`ziga xos tarzda talqin qiladi. Uning fikricha, yangi metodologik paradigmada narsaga teran nazar tashlash va olimni amalda nima cheklashini tushunish muhimdir.
Feyyerabend fikriga ko`ra, agar olim «xohlagan ishingni qil» degan tamoyilga amal qilsa, uning dalillari dialektik xususiyat kasb etadi, ya`ni andozalarning qayd etilgan to`plamiga emas, balki o`zgaruvchi oqilonalikka tayanadi. Boshqa tomondan, agar olimdan ilmiy metod nima, deb so`ralsa, u aniq javob bera olmasa kerak. Olimlar o`z tadqiqotlari jarayonida aynan nima qilayotganlarini kamdan-kam holda biladilar.
Feyyerabend metodologiyasida barcha gnoseologik amallar va oqilonalikning plyuralistik o`zgarishiga qarab mo`ljal olingani bejiz emas. U fan falsafasining mazkur bosqichiga xos bo`lgan epistemologik tadqiqotlarda bilish imkoniyatlarining ochiqligi va uning demokratiyalashuviga intilishni aks ettiradi.
Maykl Polani (1891-1976) yaratgan yashirin shaxsiy bilim konsepsiyasi o`ziga xosligi va oldingi bosqichning normativ-ratsionalistik muammolariga nomuvofiqligi bilan ajralib turadi.
M.Polani epistemologiyasida antropologik mo`ljallar ancha kuchlidir. Uning asosiy tezislari:
-Fanni mahoratli odamlar yaratadi.
-Bilish faoliyati san`atini darslikdan o`rganish mumkin emas. U faqat -bevosita mahorat bilan o`tadi.
-Fanni yaratuvchi odamlar boshqalar bilan almashtirilishi va o`zlari yaratgan bilimdan ajratilishi mumkin emas.
-Ilmiy bilish faoliyatida fanga, uning qimmatiga bo`lgan ichki ishonch kechinmalari shaxsiy tajribasi motivlari, shuningdek olimning manfaatdorligi, shaxsiy mas`uliyati o`ta muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Polani uchun shaxsiy bilim – bu biluvchining intellektual jonbozligi, fidokorligidir. U nomukammallikdan dalolat bersada, biroq bilimning zaruriy elementi hisoblanadi. U bizning dunyo manzarasidan inson imkoniyatlarini chiqarib tashlashga bo`lgan har qanday urinish muqarrar tarzda mantiqsizlikka olib kelishini qayd etadi. Haqiqatni aniqlash bizning formal belgilash mumkin bo`lmagan ayrim xususiy, implitsit asoslarimiz va mezonlarimizga bog`liq bo`lib qolishiga olimning ishonchi komil. So`zlarda ifodalangan haqiqat maqomi tegishli tarzda cheklanishi ham muqarrardir.
Polani e`tiqodning bilish jarayonidagi ulkan roliga yangicha baho beradi. U e`tiqod obro`sizlanishi natijasida hozirgi odamning dinga e`tiqod qilishi bilan bog`liq vaziyatlarning cheklangan sonidan biron-bir fikrlarni ishonch bilan qabul qilish qobiliyatini yo`qotganini, e`tiqod hodisasi umumiylikni bilish imkonini bermaydigan subyektiv ro`yo maqomini olganini qayd etadi. Muallif fikriga ko`ra, bugun biz e`tiqod bilim manbai hisoblanishini yana tan olishimiz lozim. Jamiyatdagi o`zaro ishonch tizimi zamirida e`tiqod yotadi. Ochiq va yashirin murosa, intellektual ehtiroslilik, madaniy vorisiylik – bularning barchasi e`tiqod bilan uzviy bog`liq turtkilarni nazarda tutadi. Aql e`tiqodga o`zining muhim asosi sifatida tayanadi, biroq har safar unga shubha bildirishga qodir. Aksiomalar, qoidalar va tamoyillar to`plamlarining paydo bo`lishi va mavjudligi ham bizning dunyo bilish mumkin bo`lgan yetuk va uyg`un birlik ekanligiga bo`lgan ishonchimiz bilan chambarchas bog`liq.
Bilish mahoratini tavsiflash va til vositalari bilan ifodalash mumkin emasligi muallif uchun oydek ravshandir. Bu tezis fanning bir xillashtirilgan tilini yaratish vazifasiga, hech shubhasiz, ziddir. Mutafakkir fikriga ko`ra, ilmiy maqolalar va darsliklarning matnlarida ifodalangan ilmiy bilim ong diqqat markazida turuvchi bilimlarning bir qismi, xolos. Ularning ikkinchi qismi bilish jarayoniga doimo yo`ldosh bo`lgan chetdagi (yoki yashirin) bilim yarmida jamlangandir. Bu bilimni «sezgilarni tusmollab anglash» bilan o`xshashlik bo`yicha va qo`lda mavjud asbob yordamida talqin qilish mumkin. Shusiz faoliyat jarayoni izchil amalga oshishi mumkin emas. Bilish asbob yoki mo`ljal sifatida foydalaniluvchi ayrim narsalarni tartibga solish va ularni sun`iy nazariy yoki amaliy natijada rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi. Bu holda bizning ongimiz bosh «ong nuqtasi»ga, biz pirovard natijada erishadigan yaxlitlikka nisbatan «periferik» hisoblanadi.
Talqinchilar M.Polani taklif qilgan shaxsiy bilim konsepsiyasida tafakkur va nutqning uch asosiy sohasi yoki uch variantini farqlaydi.
Birinchisi so`zdagi ifodasi aniq bo`lmagan yashirin bilim sohasi bilan tavsiflanadi. Bu sohani ifodalab bo`lmaydigan bilim sohasi deb nomlash mumkin. U kechinmalarga va hayot taassurotlariga asoslangan bilimlarni qamrab oladi. Bu teran shaxsiy bilimlarni ifodalash va ijtimoiylashtirish juda qiyin. San`at doim bu vazifani o`z vositalari bilan yechishga harakat qilgan. Hamdardlik harakatida dunyoga va hayotga hayot dramasi qahramonining ko`zlari bilan qarash ko`nikmasi aks etgan.
Ikkinchisi – nutq vositalari bilan ancha yaxshi ifodalanuvchi bilim sohasi. Bu yerda tafakkur elementi yaxshi tushunarli nutq bilan uzatilishi mumkin bo`lgan axborot tarzida mavjuddir, shu bois bu sohada sukut saqlovchi bilim o`zi ifodalangan matn bilan mos tushadi.
Tushunish mushkul bo`lgan uchinchi sohada tafakkurning noverbal mazmuni va nutq vositalari o`rtasida fikrning mazmunini konseptuallashtirishga xalaqit beruvchi nomuvofiqlik mavjud. Bu yashirin bilim va formal bilim bir-biriga bog`liq bo`lmagan sohadir.
Shaxsiy, yashirin bilim hajmiga obyekt bilan tanishish mexanizmi ham kiradi. Bu mexanizmning amal qilishi natijasida obyekt hayot faoliyati jarayoniga qo`shiladi, u bilan muomala qilish ko`nikmalari va mahorati shakllanadi.
Shunday qilib, obyekt bilan tanishish u haqdagi dastlabki bilim sifatida, insonning shaxsiy bilimiga aylanadi. Biroq shuni ta`kidlash lozimki, ko`nikmalar faoliyat tarziga ko`ra o`xshash bo`lsa-da, amalda har xil va o`ziga xosdir. Birovning ko`nikmasi shaxsiy bilimning o`z qatlamini yuzaga keltiradi.
M.Polani konsepsiyasining yangiligi shundaki, unda ilmiy qoidalar ma`nosi yashirin bilimning, o`z teran asoslarida instrumental xususiyat kasb etuvchi «bilim»ning mavhum kontekstiga bog`liq bo`ladi. U insonning butun moddiy tuzilishi bilan belgilanadi va artikulyatsiya qilinmay qolgan instrumental bilim bilan uzviydir. Polani ma`no e`lon qilinuvchi mulohazada mujassamlashgan shaxsiy ishonch bilan ham uzviy bog`liq ekanligini qayd etadi. M.Polani ilmiy bilim o`sishining bilish faoliyatining amaldagi shaxsiy-kognitiv mexanizmlari hisobga olinuvchi yangi modelini o`ylash lozim, degan xulosaga keldi.
Strukturalizm va poststrukturalizm. Strukturalizm (lot. structuma – tuzilish, joylashish, tartib) - g`arb falsafasining yangi yo`nalishlaridan biri. Strukturalizm, umumiy falsafiy-epistemologik tasavvurlar, metodologik mo`ljallar va ayrim fanlar (lingvistika, adabiyotshunoslik, etnografiya, tarix, estetika, san`atshunoslik, psixologiya, sotsiologiya, falsafa)dagi yo`nalishlar majmui sifatida, XX asr boshidan 40-yillargacha shakllandi.
Strukturalizmning ko`pgina g`oyalari yuzaga kelishiga turtki bergan mutafakkirlar qatoriga V.Gumboldt (inson ongi dunyosini modellashtirishda tilning dinamik roli), Ch.Pirs (semiotika asoschisi), E.Kassirer (inson xulq-atvori va ongining shakllanishida til, mifologiya va san`at simvolik tizimlarining roli)ni kiritish mumkin.
Strukturalizmning asosiy xususiyati shundan iboratki, uning tarafdorlari inson hissiy idrok etishi mumkin bo`lgan barcha hodisalarga «fenomenlar», ya`ni ichki, teran va shu sababli «noaniq» strukturalarning sirtda namoyon bo`lishi (manifestatsiya) sifatida qaraganlar va ularni yoritishni o`z vazifasi deb hisoblaganlar.
Bu vazifani hal qilishda strukturalizm pafosi ijtimoiy fanlarga aniq fanlar maqomini berishga qaratildi.
Struktura tushunchasi strukturalizmning bosh tushunchasi hisoblanadi. Struktura deganda turli ichki va tashqi o`zgarishlarda har xil, ko`p variantli tushunchalar majmui yoki, strukturalistlar ta`biri bilan aytganda, har qanday diaxronik rivojlanuvchi tizimning sinxron qayd etilishi tushuniladi. Strukturalizmda ko`pincha model sifatida belgilanuvchi har qanday struktura uch zaruriy shart: elementlar mustaqil butunga yaxlit bo`ysunishi; transformatsiya – bir kichik struktura boshqa kichik strukturaga yuzaga kelish qoidalariga muvofiq tartibli o`tishi; o`zini o`zi tartibga solish – mazkur tizim doirasida qoidalarning ichki tartibga solinishini qanoatlantirishi lozim. Shunday qilib, struktura nafaqat obyektning barqaror skeleti tarzida, balki rioya qilish, bir obyektdan ikkinchi, uchinchi va hokazo obyektlarni olish imkonini beruvchi qoidalar majmui sifatida amal qiladi. Bunda ayrim obyektlar to`plamining yagona strukturaviy qonuniyatlarini aniqlashga bu obyektlarning farqlarini e`tibordan soqit etish hisobiga emas, balki yagona mavhum invariantning muayyan variantlari sifatida qayd etilgan bir-biriga o`tishlar dinamikasi va mexanikasini tahlil qilish yo`li bilan erishiladi.
Shuni ta`kidlash lozimki, strukturalistlar foydalanuvchi asosiy tushunchalar ulardan tadqiqotchilik maqsadlarida foydalanilgan maxsus fanlar doirasida ishlab chiqilgan. Shu sababli asosiy kategoriyalar va g`oyalar bu yo`nalishning bosh shakllari bilan maqsadga muvofiqdir.
Poststrukturalistlar (Derrida, Delez, M.Fuko va h.k.) strukturani va bilimdagi barcha nostrukturaviy narsalarni ularning genezisi va tarixiy rivojlanishi nuqtai nazaridan anglab yetishga harakat qildilar.
Ko`rsatilgan yondashuvlarning ikkalasi ham ijtimoiy bilim xususiyatlari va metodlarini, uning faoliyati umumiy mexanizmlarini, tabiiy ilmiy bilimdan farqlarini, u yoki bu ijtimoiy-madaniy shakllar (til, san`at, adabiyot, moda va h.k.) yuzaga kelishini bilishda sinxron va diaxron narsalarning birligini o`rgangan.
Strukturalistlar bunday hodisalarni o`rganishda struktura tarixdan obyektivroq, muhimroq va birlamchiroq deb hisoblagan bo`lsalar, poststrukturalistlar bunga zid xulosani ilgari surganlar. Ular o`z hamkasblarining agnostitsizmi (notarixiyligi)ni yengish, inson va jamiyatni til strukturalari yordamida obyektiv bilishga urinishda yuzaga keluvchi jumboqlarni aniqlash va o`rganishga harakat qildilar.
Poststrukturalizmda hamma narsa teng huquqli, bir xilda muhim va qimmatlidir. Bu yerda dialektik oppozitsiya tamoyiliga ko`ra tuzilgan odatdagi kategoriyalar apparati: mohiyat – hodisa, shakl – mazmun, sabab – oqibat va hokazolar o`z ma`nosini yo`qotadi. Hodisa – mohiyatni aniqlash emas, u faqat o`zini va hayot rang-barangligi qirralaridan biri sifatida ifoda etadi. Hayotning rang-barangligini esa faqat birortasi ham imtiyozli holatda bo`lishi mumkin bo`lmagan bilish subyektlari pozitsiyalarining ko`p sonliligi bilan anglab yetiladi.
Poststrukturalizm o`ziga azaldan xos bo`lgan omillarning tabiiy davomi hisoblanib, nazariy harakat sifatida strukturalizm tanqidi tarzida to`rt asosiy yo`nalishda rivojlanadi:
- strukturaviylik muammosi; - belgililik muammosi;
- kommunikativlik muammosi;
- subyektning yaxlitligi muammosi.
Ayni vaqtda, poststrukturalizm namoyandalari obyektivlik, metod va ilmiylik ahamiyatga ega emas va bilish jarayonining izlanuvchi maqsadlari sifatida amal qilmaydi, deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, bilish jarayoni subyekt, istak, tasavvur va bilishda muhim rol o`ynovchi boshqa shaxsiy fazilatlarsiz amalga oshishi mumkin emas. Shu sababli poststrukturalistik subyekt – bu bilim egasi va bilim himoyachisi emas, balki vazifasi qanday yo`l bilan bo`lmasin borliqqa kirishdan iborat bo`lgan afsungar, san`atkor, bola, inqilobchi va shu kabilardir.
XX-XXI asr o`zbek falsafasiXX asr o`zbek falsafasi kam o`rganilgan ziddiyatli davrni qamrab oladi. Chunki hozirgi davr tanqidchilarida sovet davrida falsafa bo`lmagan, u davrda intellektual hayot o`lgan va uzoq muddatga qotib qolgan, faqat ayrim hollarda ba`zi mardlargina o`zlarining g`oya va qarashlarini ayta olganlar degan fikr shakllangan. Biroq bu noto`g`ri. Chunki aynan XX asr boshlarida shakllangan jadidchilar harakati "jamiyatni ma`rifat orqali yangilash" g`oyasini ilgari surganlar, Behbudiy, A.Avloniy, A.Fitrat kabilar bir guruh yoshlarni chet elga o`qishga yuborib, yangi avlod ziyolilarini tarbiyalashga o`zlarining munosib hissasini qo`shganlar.
Shu bois, 1917 yilda bolsheviklar partiyasi g`alaba qozonib, dunyo xaritasini katta Sovet ittifoqi degan mamlakat egallab, unda partiyaviylik mafkurasi hukmronlik qilsada, O`zbekistonda falsafiy fikr rivoji to`xtab qolgan emas.
Falsafaning fidoyilari yangi qaror topgan siyosiy tizimda yashash, ishlash va juda ko`p sinovlardan o`tishlari lozim bo`ldi. Ayrim ziyolilar chet elga qochib ketdilar, ko`pchilikda esa marksizm g`oyasining haqiqiy insonparvarligiga qat`iy ishonch shakllandi va shu bois, shu yo`nalishda faoliyat olib bordilar. Biroq muayyan darajada sovet mafkurasi ta`siri bo`lsada, o`tgan asrda o`zbek falsafasi to`rt yo`nalishda Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti falsafa fakulteti, O`zbekiston Fanlar Akademiyasining falsafa va huquq instituti, viloyatlar oliy o`quv yurtlari falsafa bo`limlari, O`zbekiston falsafa jamiyati va O`zbekiston faylasuflari milliy jamiyati faoliyatida namoyon bo`ldi va olimlar o`z falsafiy qarashlarida davrning ruhini ifoda eta oldilar. Darhaqiqat, I.A.Karimov aytganlaridek, "Odam qancha chuqur bilimga ega bo`lsa, dunyoni yaxshi bilsa, yon atrofda bo`layotgan voqealarni to`g`ri anglay olsa, shundan keyingina unda g`urur-iftixor bo`ladi. Shundagina, juda murakkab, tahlikali davlarda ham ko`pchilik unga murojaat qilib, maslahatlashadi. Maslahat kimdan so`raladi – avvalombor, salohiyatli odamdan, katta falsafiy bilim va intellektual bilimga ega bo`lgan kishidan." . Shunday ekan, O`zbekistondagi ijtimoiy siyosiy jarayonlarni tushunishda va ularning mohiyatini tushuntirishda yurtimiz faylasuf-olimlarining xizmati ham katta.
Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti falsafa fakulteti1922 yilda O`rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O`zMU) ijtimoiy gumanitar fanlar fakultetida falsafa fanidan o`quv mashg`ulotlarining olib borilishi, bu boradagi dastlabki qadam bo`ldi.
1935 yilda birinchi «Dialektika va tarixiy materializm» kafedrasi tashkil qilindi. 1944 yilda Dialektika va tarixiy materializm kafedrasi tarkibidan «Falsafa» kafedrasi ajralib chiqqan. Aynan "Falsafa" kafedrasi negizida 1962 yilda "Ilmiy kommunizm", 1967 yilda "Tabiiy va gumanitar fakultetlar falsafa" kafedralari tashkil qilingan. Kafedralar tarkibi milliy kadrlar bilan boyib borgan.
1960 yillarda "Falsafa" kafedrasida 45 ta professor-o`qituvchi faoliyat olib borgan. Bu davrda falsafa mutaxassisligi bo`yicha universitetning o`zida milliy kadrlar tayyorlash imkoniyati paydo bo`lgan. Professor A.Ayupov, H.Umarov sa`y harakatlari bilan oliy ta`lim vazirligida bu masalaga ijobiy yondoshilib, universitetning tarix fakultetida 1963-1964 o`quv yilidan boshlab "Falsafa" bo`limi tashkil qilingan va unga H.Umarov rahbar etib tayinlangan. O`quv rejasi asosida respublikaning yirik olimlari jalb qilinib, falsafa bo`yicha mutaxassis kadrlar tayyorlash jarayoni boshlangan.
Shu yillarda ilmiy ishlar rivoj topib yuqori malakali kadrlar yetishib chiqa boshlagan. 1962-1967 yillarda 18 ta falsafa fanlari nomzodi tayyorlangan. 1962-1992 yillar davomida gumanitar fakultetlar "Falsafa" kafedrasini boshqargan professor A.T.Ayupov boshchiligida dotsentlar G`.Shoyusupova, A.I.Abdusamedov, K.S.Sadikov, K.I.Ivanova, I.Rahimov, V.S.Nikitchenko va boshqalar dastlab falsafa bo`limi, keyin falsafa fakultetida milliy kadrlarni tayyorlash ishida katta rol o`ynadilar. O`sha yillarda falsafa bo`limi professor-o`qituvchilari nafaqat o`quv jarayoni, balki ilmiy bilish sohasida faol ishtirok qilganlar. 1974 yilda K.I.Ivanovaning "Ilmiy bilishda sababiylik tamoyili" nomli monografiyasi, professor L.YE.Garber, A.T.Ayupov, U.Xaydarov, B.To`ychiyev, V.G.Chernixlarning "Ilmiy bilish mantig`i va metodlari"(1986) mavzusidagi turkum asarlari nashr qilingan.
O`zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi E.Y.Yusupov, professorlar M.V.Vohidov, I.R.Rahimovlar 1980-2005 yillarda O`zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-madaniy taraqqiyotining falsafiy muammolari bo`yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borish bilan birga, darslik va o`quv qo`llanmalari yozganlar, yosh kadrlarni tayyorlashga o`zlarining munosib hissasini qo`shganlar. Shu yillar davomida J.Babayevning "Falsafa asoslari" o`quv qo`llanmasi, E.Yusupovning tahririda "Falsafa" (1985) darsligi, I Raximovning "Mantiq fanidan seminar mashg`ulotlari" (1984) o`quv qo`llanmalari nashr qilingan.
Falsafa bo`limida o`qitiladigan fanlarning differensiallashuvi natijasida "Mantiq", "Falsafa tarixi" va "Dinshunoslik" kafedralari tashkil qilingan. O`sha yillarda falsafa bo`limi professor-o`qituvchilari nafaqat o`quv jarayoni, balki ilmiy ishlar sohasida ham faol ishtirok qilganlar.
Mustahkam poydevor yaratilgach, 1979 yilda tarix fakulteti tarkibidan "Falsafa, iqtisod va psixologiya" bo`limlari ajratilib, uchta mutaxassislikni birlashtiruvchi yangi "Falsafa-iqtisod" fakulteti tashkil qilingan va falsafa fanlari nomzodi, professor G.SH.Shoyusupova (1979-1985) dekan lavozimiga tayinlandi.
Bu esa o`sha davrda falsafa fanining yanada chuqur va keng o`rganilishi yo`lidagi dadil qadam bo`ldi. Yangi kafedralar tashkil qilinib, falsafani o`qitishga differensial yondoshuv shakllandi. Shu yillarda fakultetda pofessorlar: - M.Xayrullayev, M.Baratov, L.YE. Garber, V.N. Moroz, M. Nurmatov f.f.n dotsent M.Q. Aripov, f.f.n. dotsent M.Daliyev, dotsent E.N. Abramyan, Z.Mo`minova, dotsent T.M.Ramazanov, I.R.Ramazanov, R.Nosirov, Sh.B.Qahharova, M. Usmonov, I.L. Turchaninov, shuningdek fakultetning bitiruvchi yoshlari M. Sharipov, B.To`ychiyev, E.Mo`minov, A.O`tamurodov, I.Ergashev, o`rindoshlik asosida professorlar M.N. Abdullayeva, H.Aliqulov va boshqalar ilmiy pedagogik faoliyat olib borganlar.
1990 yilda universitetning yangi Nizomi qabul qilinib, uning keyingi taraqqiyot yo`llari, vazifalari, huquqlari, xalq hayotidagi mavqei yangi dunyoqarash nuqtai nazaridan belgilab olindi. Shu bois 1991 yilda fakultet tarkibidan "Iqtisod" bo`limi ajraldi hamda Falsafa, sotsiologiya va psixologiya" bo`limlari va 9 kafedradan iborat "Falsafa" fakulteti yoshlar ongiga mustaqillik mafkurasining mazmun va mohiyatini singdirish, yangi dunyoqarashni shakllantirish yo`lida fidokorona mehnat qildilar.
1989-2007 yillarda "Falsafa tarixi va mantiq" kafedrasining mudiri lavozimida ishlagan professor S.A.Yo`ldoshev kafedra a`zolari bilan hamkorlikda Sharq va G`arb xalqlari tarixi, Markaziy Osiyo xalqlari falsafasi va ijtimoiy axloqiy qarashlarini o`rganish bilan bir qatorda, mantiq fanining keng qamrovli o`rganilishiga ham alohida e`tibor qaratib kelgan. Pokiston va Eron falsafasini O`zbekistonda chuqur o`rganilishiga munosib hissa qo`shgan.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 2000 yil 28 yanvardagi farmoniga ko`ra, Toshkent Davlat universitetiga "Milliy" maqomi berilishi, fakultet professor o`qituvchilariga mas`uliyat yuklashi bilan bir qatorda yangi faoliyatga chorladi. Ular falsafiy bilimlarni, yangilangan tafakkur nuqtai nazaridan yoritish bo`yicha faol ish olib bordilar.
2002 yilda yangi "Falsafa va fan metodologiyasi" kafedrasining tashkil qilinishi falsafadagi ijtimoiy muammolar bilan bir qatorda, fundamental masalalarning o`rganilishiga keng imkoniyatlar yaratdi. "Falsafaning munazariy masalalari" ilmiy maktabiga asos solindi. Bugungi kunda ushbu maktab tadqiqotchilari tomonidan "gerontologiya" - "fenomenologiya" insonning individual ijtimoiy ongiga ta`sir qiluvchi omillar muammosi, "germenevtika" - tushunish va tushuntirish muammosi, qariyalik muammosi, "tanatalogiya" - o`lim va barhayotlik muammosi, "epistemologiya", "fan falsafasi", "Ijtimoiy vaqt", "Sinergetika", "Dialog tushunish vositasi" kabi muammolarning falsafiy tahliliga qiziqishning kundan kunga ortib borishi yangi avlod faylasuflarining yuqori intellektual salohiyatga egaligi va ayni paytda ularni ilmga yo`naltiruvchi munosib ustozlar borligidan dalolat beradi.
O`tgan yillar davomida fakultet bitiruvchilari nafaqat pedagogik faoliyati, balki ilmiy salohiyati bilan falsafiy fanlar bo`yicha yangi o`quv adabiyotlarini yaratish jarayonida ham faol ishtirok qildilar. I.Saifnazarov muallifligida "Kurs leksiy po filosofii" (2001), "Ilmiy ijod metodologiyasi" (2004), "Fanlarning falsafiy masalalari" (2007), I.Rahimov A.O`tamurodov hamkorligida "Fanlarning falsafiy masalalari" (2005), D.Fayzixo`jayeva va M.Sharipovlar hammuallifligida "Mantiq" (2004) o`quv qo`llanmalari, S.Mamashokirov tahriri ostida Falsafa (2005 lotin tilida), "O`zbekistonda yangi jamiyat qurilishining g`oyaviy-mafkuraviy masalalari" (2005), "Erkin va farovon hayot qurilishining g`oyaviy mafkuraviy masalalari" (2007) o`quv qo`llanmalari, Q.Nazarov tahriri ostida "Milliy istiqlol g`oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar" (2001), "Falsafa qomusiy lug`at" (2004), "G`arb falsafasi" (2004), "Jahon falsafasi tarixidan lavhalar" (2005), "Milliy g`oya asosiy tushuncha va tamoyillari lug`ati" (2005), "Milliy g`oya va rahbar mas`uliyati" (2008) kitoblari, yakka muallifligida "Bilish falsafasi" (2005), "Qadriyatlar falsafasi" (2004) o`quv qo`llanmalari, N.A.SHermuxamedova muallifligida "Filosofiya i metodologiya nauki" (2003) o`quv qo`llanmasi, "Falsafa va fan metodologiyasi" (2005), "Gnoseologiya" (2007), Gnoseologiya – bilish nazariyasi (2010) darsliklari, A.Ochildiyevning "Milliy g`oya va millatlararo munosabatlar" (2004), Madaniyat falsafasi (2010), YE.Emirovaning "Metodika prepodavaniya filosofii" (2004), shuningdek A.Strelsova bilan hamkorlikdagi "Vvedeniye v spetsialnost» (2008) o`quv qo`llanmasi kabi qator yangi adabiyotlarining nashr qilinishi fakultetning katta ilmiy salohiyatga egaligidan dalolat beradi.
O`zMUning 90 yillik tarixida Falsafa bo`limining 45 yillik, falsafa fakultetining 30 yillik faoliyati o`z o`rniga ega. Zero, bugungi kunda yangilangan tafakkur egalari o`zbek falsafasining nomini dunyoga tanitmoqdalar. Azaliy falsafiy muammolarga yangicha yondoshmoqdalar. "Ustoz va shogird" maktabining yangi avlodi shakllanmoqda, yangi ilmiy maktablarga asos solinmoqda. Fakultetning 1500 mingdan ortiq bitiruvchilaridan shu yillar davomida 40 ta fan doktorlari va 200 dan ortiq fan nomzodlari yetishib chiqdi. O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining I.Mo`minov nomidagi Falsafa va huquq instituti. O`zbekistonda falsafa fanining rivojiga nafaqat falsafa fakulteti professor o`qituvchilari, balki 1957 yilda I.M.Mo`minov tashabbusi bilan tashkil qilingan O`zbekiston Fanlar Akademiyasining "Falsafa va huquq" institutining ilmiy xodimlari ham munosib hissa qo`shdilar. Ilmiy tadqiqot institutida dastlab "Tabiatshunoslik", "Falsafa tarixi" bo`limlari faoliyat olib bordi. Keyinchalik institut tarkibi yangi yosh milliy kadrlar bilan boyib bordi hamda, "Dialektika va bilish nazariyasi", "Ijtimoiy falsafa", "Etika" kabi bo`limlar tashkil qilindi. Institutning asosiy faoliyati falsafa, fan va madaniyat tarixini obyektiv o`rganish, ma`naviyatning yangi milliy qirralarini izlash, xalq ma`naviyatini yangi bilimlar bilan boyitish, millatning ma`rifiy ruhini ko`tarishga yo`nalgan edi. Bu sohada Ibrohim Mo`minov, Muzaffar Xayrullayev, Mo`bin Baratov, Erkin Yusupov, Karim Sodiqov, Mirahmad Abdullayev, Haydar Aliqulov, Rasul Nosirov, Muhammadjon Boltayev, Anvar Sharipov, Gulchehra Navro`zova va boshqalarning ilmiy tadqiqotlari e`tiborga sazovordir.
Ijtimoiy falsafa, etika, estetika, madaniyatshunoslik falsafasi sohasida Rustam va Telman Abdushukurovlar, Haydar Po`latov, Abdulxay Valiyev, Oysara Umrzoqova, Naim G`oyibov, Abduvosid Yo`ldoshev, Maxmud Abdullayev, Mnazura Xolmatova, Said SHermuxamedov, Qo`chqor Xonazarov, Xotima Shayxova, Abdulxafiz Jalolov, Jo`ravoy Yaxshilikov, Zuhra Qodirova, Qiyom Nazarov, Viktor Alimasovlar samarali ishladilar va ishlamoqdalar.
Ontologiya va bilish nazariyasi, tabiatshunoslik falsafasi, fan metodologiyasi bo`yicha Jondor Tulenov, Bahrom Ismoilov, Omonulla Fayzullayev kabilar boshlagan an`analarni, Mahbuba Abdullayeva, Baxtiyor Karimov, Baxtiyor To`rayev, Ra`no Imomaliyeva, E`tibor Hoshimova, Shuhrat Qo`shoqov, Hakima Salomova, Oqil Fayziyev, Ziyodullo Davronov, Nigina SHermuxamedova, Alima Berdimurodova, Nariman Eshmetov, Shavkat Mamadaliyev, Karima Tulenova, Emina Izzetova va boshqalar davom ettirmoqdalar.
2002 yilda Qiyom Nazarovning tashabbusi bilan "Falsafa va huquq" jurnalining tashkil qilinishi institut xodimlarining ilmiy faoliyati samaradorligini yanada oshirishga hamda yosh olimlarning ilmiy izlanishlari haqida keng jamoatchilikning tanishishi va falsafiy muloqotlar olib borilishidagi dadil qadam bo`ldi.
Birgina 2003 yilda institut xodimlari 31 ta turli yo`nalishdagi ilmiy tadqiqot loyihasiga ega bo`ldilar. Bugungi kunda "Falsafa va huquq" instituti yangi yosh kadrlar bilan boyib bormoqda.
Falsafa tarixi va tarix falsafasini tahlil qilishda I.A.Karimov aytganlaridek, "Sharq falsafasini teran o`rganish, shu asosda ulug` madaniyatimiz va qadriyatlarimiz ildizlarini jonlantirish, yaqin o`tmishdan qolgan mafkuradan xalos bo`lish, o`zimizning asrlar sinovidan o`tgan, ulug` ajdodlarimiz bizga qoldirgan milliy mafkura va tafakkurimizni tiklash, uni zamonaviy – umumbashariy ruh bilan boyitish xalqimizning dolzarb vazifasidir" . Shu ma`noda, o`zbek falsafasining yetakchi vakillari Sharq falsafasi tarixini o`rganish va undagi gumanistik g`oyalarni "... halqimiz soddagina qilib, "o`zbekchilik" deb ataydigan, mehr-oqibat, o`zaro chidam va hurmat, o`zgalarning dardiga hamdard bo`lish kabi oliyjanob fazilatlarni" kelgusi avlodga yetkazish bo`yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib bordilar. Quyida ko`p sonli o`zbek falsafasining vakillarining ta`limotlari bilan tanishamiz.
I.Mo`minov (1908-1974) akademik, falsafa fanlari doktori, professor. I.Mo`minov tomonidan 1956 yilda O`zbekiston Fanlar Akademiyasining "O`zbekistonda ijtimoiy fanlar" jurnaliga asos solinishi ilmiy tadqiqot ishlari tarkibi va mavzulari doirasining nisbatan kengaytirilishi, ijodiy erkinlikka yo`l ochdi. 1957 yilda I.Mo`minov tashabbusi bilan O`zFa huzurida "Falsafa va huquq instituti" tashkil qilingan. (O`zbek ensiklopediyasining birinchi mas`ul muharriri bo`lgan.)
I.M. Mo`minov o`zbek faylasuflaridan birinchi bo`lib, totalitar tuzumning millatni ma`naviy qadriyatlardan mahrum etish, milliy ongni buzish va o`z-o`zini anglashga yo`l qo`ymaslikka intilib, kommunistik mafkurani shakllantirishga jon-jahdi bilan harakat qilayotgan bir paytda, tarixiy va ma`naviy merosni, o`zbek xalqi va Markaziy Osiyoning boshqa xalqlari yaratgan boy ma`naviy qadriyatlarni har tomonlama o`rgandi.
I.M Mo`minovning Abu Rayxon Beruniy tavalludining 1000 yilligiga bag`ishlab o`tkazilgan xalqaro konferensiyada "Beruniy – ensiklopedist olim" mavzusidagi ma`ruzasi va "Xorazmlik buyuk ensiklopedist" monografiyasining o`zbek, rus, ingliz va fransuz tillarida nashr qilinishi olamshumul voqea bo`ldi. Xususan u "Biz buyuk xorazmlik olim Beruniyga vatanparvarligi, insonparvarligi uchun, olimning quvonchi va baxtini umuminsoniylik va milliylik, umumiylik va xususiylik birligida ko`ra olgani uchun buyuk hurmat bilan qaraymiz. Beruniyda vatanparvarlik izchil insonparvarlik bilan uzviy bog`lanib ketadi" , deb e`tirof etadi. O`sha davrda o`tmish mutafakkirlari va olimlarining insonparvarlik salohiyati, qarashlari va ta`limotlaridagi nodir milliy va umuminsoniy qadriyatlar haqida hech narsa deyilmagan yoki ular inkor qilingan bir vaziyatdagi bu sa`y harakat milliy falsafa rivojidagi dastlabki uchqun bo`ldi, desak mubolag`a bo`lmaydi.
Olim turli manba va ilmiy adabiyotlardan foydalangan va ularni sharhlagan holda Amir Temurning shaxsi va faoliyatini obyektiv tahlil qilishga va baholashga harakat qildi. I.Mo`minov o`sha davrdagi ilm ahlini Amir Temurning milliy davlatchilikni shakllantirishdagi roliga to`g`ri baho berishga chaqirdi va 1969 yilda YUNESKO homiyligida Samarqand shahrining 2500 yilligi, Temur va Temuriylar davridagi O`rta Osiyo san`atini o`rganishga bag`ishlangan konferensiyada "Amir Temurning O`rta Osiyoda tutgan o`rni va roli"mavzusida ma`ruza qildi, jiddiy muhokamalardan so`ng ma`ruza o`zbek va rus tillarida nashr qilindi. U "Bunday shaxsning yuzaga kelishi davrning, zamonning taqozosi, Chig`atoy ulusining zulmi, mayda feodal beklarni vahshiyona ezishi, mo`g`ul xonlari, Oltin O`rda beklarining Movaraunnahrdagi to`xtovsiz bosqinchilik yurishlari, azoblangan, xonavayron bo`lgan, 150 yil davomida chet el hukmronligidan tinkasi qurigan mamlakatning, xalqning mustaqillikka erishish talabi edi. Bu tarixiy zaruriyat Temurda, uning lashkarboshilarida ravshan ko`rindi. Temur davlat arbobi sifatida ma`lum darajada bu ehtiyojni, talabni, zaruriyatni o`zida aks ettirdi, ya`ni Movanaunnahrda mustaqil markaziy birlashgan davlat tuzdi, mamlakat ehtiyojlariga javob berdi. Mulkdor sinflar, savdogarlar, karvonsaroy egalari hamda ma`lum ma`noda aholi talablariga peshvoz chiqib, mamlakatning ko`p joylarida qurilishlar qildirdi, kamida yuz yigirma yil davomida nisbatan osoyishtalik o`rnatdi. Bu shubhasiz, mamkalakatda iqtisod, madaniyat, fan, adabiyot va san`atning o`sishida muhim omil bo`ldi. Temurning O`rta Osiyo tarixidagi xizmati, bizningcha ana shulardan iboratdir" deb ta`kidladi.
Shuningdek, I.Mo`minov "Amir Temur O`rta Osiyoni birlashtiribgina qolmasdan, balki Rusga va boshqa Yevropa xalqlariga, shuningdek Shimoliy Afrika xalqlariga, birinchi navbatda Misr xalqiga yordam ko`rsatdi" deb ta`kidladi. Bu asari bilan I.Mo`minov ba`zi tarixchilarning "Amir Temur o`zidan vayrona va kuldan boshqa hech narsa qoldirmadi", "Temur va Chingizxon bir tarzda ish ko`rdi" degan uydirma da`volarning asossiz ekanligini isbotladi. Bu totalitar mafkura hukmronlik qilgan davrdagi buyuk jasorat namunasi edi. Shu bois, I.Mo`minov ma`muriy –buyruqbozlik tizimi mafkurasining keskin tanqidi va adolatsiz tazyiqiga uchradi. Chunki marksistik mafkura uchun millatning o`z –o`zini angalashga asos bo`ladigan ilmiy tarixiy dalillar emas, balki millatlar va xalqlarni tarixiy ildizlaridan va qadriyatlaridan uzib qo`yadigan kommunistik ongni shakllantirish muhimroq edi. Shunday bo`lsada, 1976-1977 yillarda uning 4 jildlik "Tanlangan asarlari" nashr qilindi. Ushbu kitoblarga I.Mo`minovning nafaqat O`rta Osiyo mutafakkirlari, (Mirzo Bedil, A.Beruniy, Y.Qoshg`ariy, A.Navoiy, A.Jomiy), balki g`arb falsafasi namoyondalari (Gegel, Kant, Yum, Fixte) ijodiga bag`ishlangan asarlari jamlangan.
Mustaqillikka erishgach Mo`minovning ijodi va jamoatchi arbob sifatidagi faoliyatiga munosabat o`zgardi. U fan, falsafa ravnaqiga qo`shgan hissasi uchun "Buyuk xizmatlari"ordeni bilan taqdirlandi. "Falsafa va huquq instituti" uning nomi bilan ataldi. I.Mo`minov yaratgan ilmiy maktabning dastlabki qaldirg`ochlari o`z maktablarini yaratishga muyassar bo`ldilar va ustoz ishini davom ettirdilar.
O`zbekistonda nafaqat falsafa tarixi, balki dialektika va bilish nazariyasi masalalarini o`rganishga ham e`tibor qaratilgan. I.A.Karimov aytganlaridek, "Falsafani o`zagini tashkil etadigan dialektika fani bo`yicha hozir oliy o`quv yurtlarimizda qanday darsliklar bor? Dunyoni dialektik nuqtai nazardan baholashda, bugungi o`ta murakkab va shiddatli jarayonlarni anglash, ularga munosabat bildirishda qaysi yo`nalishlar sizga ma`qul?" . Darhaqiqat, sho`rolar davrida ilmiy bilim marksizm g`oyalari bilan sug`orilgan bo`lsa-da, ba`zi faylasuflar ijodida bilim o`zining haqiqiy ma`nosida ifodasini topa oldi. Shunday olimlardan biri Jondor Tulenovdir.

Yüklə 228,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə