Reja: Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari



Yüklə 228,5 Kb.
səhifə6/9
tarix28.11.2023
ölçüsü228,5 Kb.
#138175
1   2   3   4   5   6   7   8   9
1403329402 44505

Deni Didro (1713-1784) o`zining «Materiya va harakatning falsafiy prinsiplari», «Tabiatni tushuntirish haqida mulohazalar», «D`Alamberning tushi» asarlarida subyektiv idealizmga qarshi chiqadi va muhim ontologik muammolarning o`z talqinini taklif qiladi. Uning fikricha, mavjud bo`lgan hamma narsalar moddiydir. Didro, dunyo uzluksiz paydo bo`ladi va o`ladi, har bir lahzada tug`ilish va o`lish holatida bo`ladi; o`zga dunyo hech qachon bo`lmagan va bo`lmaydi, deb ta`kidlaydi. Ko`rib turganimizdek, Didro borliq muammolarini o`rganish sohasiga dialektikani tatbiq etadi. Uning fikricha, butun materiya his qiladi (bu gilozoizm nuqtai nazari). Ammo u «inert hissiylik» va «faol hissiylik»ni farq qiladi. «Faol hissiylik» muayyan tarzda uyushgan materiyadagina namoyon bo`ladi.
Fransuz materializmi tabiatshunoslikda hukm surgan tabiat «saltanati» - o`simliklar, hayvonot dunyosi bilan inson o`rtasidagi tafovutni bartaraf etishga harakat qildi.
Didro, Golbax, Lametri, Gelvetsiy va Kondilyak falsafasida gnoseologiya muammolari muhimlik jihatidan ontologik muammolar bilan bir qatorda turadi. Insonning ichki va tashqi dunyosi bilimlar manbai deb e`lon qilinadi. Bu dunyolarni anglab yetish mumkin. Inson bilimlarining nomukammalligi avvalo ular rivojlanishining mazkur bosqichi bilan belgilanadi. Fransuz materialistlari hissiy va aqliy omillarning bilishdagi rolini shunda ko`radilarki, sezgilar guvohlik ko`rsatkichini bersa, aql bu ko`rsatkichlarning to`g`riligini tekshiruvchi hakam vazifasini bajaradi. Aql hissiy ko`rsatkichlardan uzoqlashishi mumkin emas, lekin u mazkur ko`rsatkichlarga haddan tashqari ishonishi ham yaramaydi. Aqlning sezgidan ajralishi bilishni amalga oshirib bo`lmaydigan ishga aylantiradi.
Kuzatish va eksperiment bilish metodlaridir. Ular mushohada qilish, mulohaza yuritish, tushunish va idrok etish, shuningdek aql uchun juda zarur.
Lametri, Didro, Gelvetsiy va Golbax ismlari bilan bog`liq bo`lgan falsafiy yo`nalishning rivojlanishida Etyen Bonno de Kondilyak (1714-1780) ishlab chiqqan bilish nazariyasi ayniqsa muhim rol o`ynadi. U o`zining «Inson bilimlarining kelib chiqishi haqida tajriba», «Sezgilar haqida risola», «Tizimlar haqida risola», «Hayvonlar haqida risola» deb nomlangan asarlarida Lokkni sensualizm va empirizm tamoyilini amalga tatbiq etishda noizchillikda ayblab, bilishning sensualistik nazariyasini asoslashga harakat qiladi. Kondilyak fikriga ko`ra, inson dunyoga kelganda, u nafaqat hech narsani bilmaydi, balki sezish qobiliyatiga ham ega bo`lmaydi. Bularning barchasini u tajriba orqali o`zlashtiradi. Kondilyak sezgi azaldan biron-bir mazmunga ega emas, lekin u lazzatlanish va azob-uqubatni aks ettirishga qodir, shu bois, u yoqimli va ko`ngilsiz bo`ladi va xotirada saqlanib qoladi, deb hisoblaydi.
Hissiyotdan abstrakt fikrlashga o`tish, Kondilyak fikriga ko`ra, uzluksiz jarayon sifatida yuz beradi: mayl, xotira izidan taqqoslash va mulohaza yuritish keladi. Kondilyak g`oyalarga borliqqa bog`liq bo`lmagan holda mavjudlik xossasini yuklashga bo`lgan har qanday urinishlarga qarshi chiqadi. Borliqni u g`oyalardan qat`iy nazar mavjud bo`lgan hodisalar sifatida tasavvur qiladi.
Nemis klassik falsafasi. Nemis klassik falsafasining yirik vakillari Immanuil Kant, I.Fixte, F.SHelling, Georg Gegel va Lyudvig Feyyerbax kabilardir.
Falsafiy tafakkur rivojlanishining bu bosqichi davrning muayyan tarixiy shart-sharoitlari bilan belgilanadi. Bu kuchli ijtimoiy ziddiyatlar, jamiyat ongida olamshumul o`zgarishlar yuz bergan davr edi. Kuchli inqilobiy harakatlardan so`ng ularning sur`ati pasayib imkoniyatlariga ishonchsizlik kuchaydi. Ijtimoiy ongda konservativ tendensiyalar ustunlik qila boshladi. Angliya va Fransiyada monarxiya va Cherkovning oldingi mavqei tiklandi. Germaniyada pruss monarxiyasining roli kuchaydi. Tarixdagi bu ziddiyatli voqealar nemis falsafasining asosiy xususiyatlarini belgilab berdi.
Nemis falsafasi F.Bekon va R.Dekart boshlagan inson aqli imkoniyatlarini o`rganishning umumiy yo`nalishini davom ettirdi. Biroq u o`z vazifasini nafaqat inson aqlini madh etish, balki uning chegaralarini belgilash, e`tiqod va aql, din va fanni murosaga keltirish yo`llarini ham izlashda ko`rdi. Bu nemis falsafasi bajarishi lozim bo`lgan ijtimoiy buyurtma edi.
Davrning olamshumul voqealari ijtimoiy taraqqiyot nafaqat aql va fan yutuqlari, balki axloq, ma`naviyat sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan ham o`lchanishini namoyish etdi. Inqilob va u bilan bog`liq urushlar davrida yuz bergan ma`naviy inqiroz nemis falsafasida nafaqat bilish imkoniyatlariga, balki inson ma`naviy dunyosining barcha tomonlari, uning bilish, diniy, axloqiy va estetik qobiliyatlarining o`zaro aloqasi muammosiga ham e`tiborni qaratishni talab qildi. Umuman olganda, nemis faylasuflari haqiqat, e`tiqod, yaxshilik va go`zallik ajralmasdir, degan fikrni teran asoslashga harakat qildilar.

Yüklə 228,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə