Reja: Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari



Yüklə 228,5 Kb.
səhifə1/9
tarix28.11.2023
ölçüsü228,5 Kb.
#138175
  1   2   3   4   5   6   7   8   9
1403329402 44505


Yangi va eng yangi davr falsafasi
Reja:

  1. Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari. 

  2. Yangi davr G`arb va Sharq falsafasidagi asosiy muammolar (ontologiya va gnoseologiya). 

  3. Rene Dekart 

  4. Benedikt (Barux) Spinoza 

  5. Gotfrid Vilgelm Leybnits 

  6. Immanuil Kant 

  7. XVIII asr Yevropa falsafasining ma`rifiy xususiyati. 

  8. Devid Yum 

  9. Jorj Berkli 

  10. Sharl Lui Monteskye 

  11. Pol Genrix Ditrix Golbax 

  12. Deni Didro 

  13. Immanuil Kant 

  14. Gegel Georg Vilgelm Fridrix

  15. Postpozitivizm

  16. Tomas Kun

  17. Karl Popper 

  18. O`zbekiston faylasuflari milliy jamiyati

Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari. XVII asrdan boshlab tabiatshunoslik jadal sur`atlarda rivojlanadi. Dengizlarda kemalarning yurishiga ehtiyojning ortishi astronomiyaning rivojlanishini, shaharsozlik, kemasozlik, harbiy ish – matematika va mexanikaning rivojlanishini belgilaydi. Yangi fan avvalo moddiy ishlab chiqarish amaliyotiga: to`qimachilik sanoatida mashinalar ixtiro qilinishiga, ko`mir va metallurgiya sanoatida ishlab chiqarish qurollarining takomillashuviga tayanadi. E.Torrichelli havo bosimi mavjudligini eksperimental yo`l bilan aniqladi, simobli barometr va havo nasosini ixtiro qildi. I.Nyuton mexanikaning asosiy qonunlarini, shu jumladan butun olam tortishish qonunini ta`rifladi. R.Boyl kimyoda mexanikani qo`lladi va kimyoviy element tushunchasini ishlab chiqdi. Ingliz fizigi U.Gilbert magnit xossalarini va uning amalda qo`llanilishini o`rgandi. V.Garvey qon aylanishini kashf etdi va uning rolini empirik usulda tadqiq etdi. R.Dekart va G.Leybnits matematika, mexanika, fizika va fiziologiyaning rivojlanishiga ulkan hissa qo`shdi. Ijtimoiy fanlarda tabiiy huquq nazariyasi ishlab chiqildi (Angliyada T.Gobbs, Gollandiyada G.Grotsiy).


Fanning bunday rivojlanishi o`z davrining falsafasiga ham ta`sir ko`rsatmay qolmadi. Falsafada sxolastika va dindan uzil-kesil ajralish yuz berdi: diniy aqidalarning hukmronligiga, cherkovning ta`siri va tazyiqiga qarshi kurashda aqlning har narsaga qodirligi va ilmiy tadqiqotning cheksiz imkoniyatlari haqidagi ta`limot vujudga keldi.
Yangi davr falsafasiga avvalo tabiatshunoslikdan kelib chiqadigan kuchli materialistik tendensiya xos.
XVII asrda Yevropaning yirik faylasuflari qatoriga F.Bekon, T.Gobbs va J.Lokk (Angliya), R.Dekart (Fransiya), B.Spinoza (Gollandiya), G.Leybnits (Germaniya) kiradi.
Yangi davr G`arb va Sharq falsafasidagi asosiy muammolar (ontologiya va gnoseologiya). Yangi davr, avvalo XVII asr falsafasida ontologiya, ya`ni borliq va substansiya haqidagi ta`limotga katta e`tibor beriladi (ayniqsa harakat, makon va vaqt to`g`risida so`z yuritilganda).
Fan va falsafaning vazifasi – insonning tabiat ustidan hukmronligini kuchaytirishga, inson sog`lig`i va go`zalligiga ko`maklashish, hodisalarning sabablarini, ularning muhim kuchlarini o`rganish zarurligi anglab yetilishiga olib kelgan. Shu sababli substansiya va uning xossalari muammolari Yangi davrning deyarli barcha faylasuflarini qiziqtirgan.
Bu davr falsafasida «substansiya» tushunchasini tavsiflashga nisbatan ikki xil yondashuv paydo bo`lgan: birinchi yondashuv substansiyani borliqning chegaraviy asosi sifatida ontologik tushunish bilan, ikkinchi yondashuv – «substansiya» tushunchasini, uning ilmiy bilim uchun zarurligini gnoseologik jihatdan anglab yetish bilan bog`liq.
Frensis Bekon (– ingliz faylasufi 1561-1626) birinchi yondashuv asoschisi substansiya shakllarining xususiyatlariga tavsif bergan va substansiyani muayyan narsalar shakli bilan ayniylashtirgan. Uning fikricha, materiya sariqlik, moviylik, qoramtirlik, iliqlik, og`irlik va boshqa shunga o`xshash xossalarga ega. Bular materiyaning eng sodda xususiyatlaridir. Bu xossalarning turli birikmalaridan tabiatning rang-barang narsalari vujudga keladi.
Materiyaning sifat jihatidan har xilligi haqidagi ta`limotni F.Bekon o`zining shakl va harakat haqidagi ta`limoti bilan rivojlantirgan. Uning talqinida shakl – bu narsaga xos bo`lgan xususiyatning moddiy mohiyati. U Platon va Aristotelning shakl haqidagi mushohadalari bilan bahsga kirishadi. Bekon fikriga ko`ra, shakl – jismni tashkil etuvchi moddiy zarralar harakatining turi. Ammo bu zarralar atomlar emas. F.Bekon qadimgi faylasuflarning materiyaning atomistik tuzilishi haqidagi ta`limotiga, ayniqsa bo`shliqning mavjudligi haqidagi ta`limotiga tanqidiy yondashadi. U makonni bo`shliq deb hisoblamagan: Bekon uchun makon materiyaning doimiy o`rni bilan bog`liq bo`lgan. Amalda u makonni moddiy obyektlarning ko`lamliligi bilan ayniylashtirgan. Vaqtni Bekon moddiy jismlar tezligining obyektiv o`lchovi sifatida tavsiflagan. Vaqtning mohiyatini tushunishga nisbatan mazkur yondashuv diqqatga sazovordir, zero vaqt materiyaning moddiy jismlarda yuz beruvchi o`zgarishlarning davomliligidan iborat bo`lgan va bu o`zgarishlarning sur`atini tavsiflaydigan ichki xossasi sifatida e`tirof etiladi. Shunday qilib, vaqt harakat bilan uyg`un bog`lanadi.
Bekon fikriga ko`ra, harakat – materiyaning tug`ma xossasi. Materiya qanday abadiy bo`lsa, harakat ham shunday abadiydir. U harakatning tabiatdagi 19 turi yoki shaklini qayd etgan: tebranish, qarshilik, inersiya, intilish, kuchlanish, hayot ruhi, azoblanish va b. Bu shakllar amalda o`sha davrda fanda ayniqsa mukammal o`rganilgan materiya harakati mexanik shakllarining xususiyatlari bo`lgan. Ayni vaqtda F.Bekon moddiy dunyoning ko`p sifatliligini o`rganish va tushuntirishga harakat qilgan.
F.Bekon bilishning empirik metodi asoschisi hamdir. U tajribaga asoslangan fanlar, kuzatish va eksperimentga alohida e`tibor bergan. Bilimlar manbai va ularning haqiqiyligi mezonlarini tajribada ko`rgan. Bilishga tashqi dunyoning inson ongidagi in`ikosi sifatida yondashar ekan, u bilishda tajriba hal qiluvchi rol o`ynashini qayd etgan. Ammo faylasuf bilishda aqlning rolini ham inkor etmagan.
Tomas Gobbs (ingliz faylasufi 1588-1679) tomonidan F.Bekonning materialistik qarashlari tizimga solingan va rivojlantirilgan. Gobbs materiyaga birdan-bir substansiya sifatida yondashgan, barcha hodisalar, narsalar, jarayonlarni bu substansiyaning namoyon bo`lish shakllari deb hisoblagan. Materiya – abadiy, jismlar va hodisalar – o`tkinchi: ular vujudga keladi va yo`q bo`ladi. Fikrlashni materiyadan ajratib bo`lmaydi, zero materiyaning o`zigina fikrlaydi. Jismsiz tana bo`lmaganidek, jismsiz substansiya ham bo`lishi mumkin emas. Aynan materiya barcha o`zgarishlar subyekti hisoblanadi.
Barcha moddiy jismlar ko`lamlilik va shakl bilan tavsiflanadi. Ularni o`lchash mumkin, chunki ular uzunlik, kenglik va balandlikka ega. F.Bekondan farqli o`laroq, Gobbsda materiya sifat ko`rsatkichlariga ega emas: u materiyani matematik va mexanik sifatida miqdor jihatidan o`rganadi. Unda materiya dunyosi rang, hid, ovoz kabi xossalardan mahrum. T.Gobbs talqinida materiya go`yo geometrik tus oladi va sifat jihatidan bir jinsli, rangsiz narsa tarzida, miqdoriy kattaliklarning muayyan tizimi sifatida namoyon bo`ladi. Harakatni u faqat mexanik nuqtai nazardan tushunadi. Makon va vaqt muammolarini o`rganishga nisbatan Gobbs materialistik nuqtai nazardan yondashadi.
T.Gobbs o`zining dunyo haqidagi falsafiy qarashlarida deist sifatida ish ko`radi. Ammo uning asarlarida ateistik xususiyatga ega bo`lgan fikrlarga ham duch kelish mumkin. Masalan, u Xudo – inson tasavvurining mahsuli, degan fikrni ilgari suradi. «Tabiiy va siyosiy qonunlarning elementlari» asarida, «Falsafa asoslari» trilogiyasi («Jism haqida», «Inson haqida», «Fuqaro haqida»)da, shuningdek «Leviafan» asarida Gobbs tabiiy aloqalar va qonuniyatlar rolini takror-takror qayd etadi. Biroq, T.Gobbs Xudoni odamlar hayotidan butunlay chiqarmaydi: uning fikricha, Xudo «hamma narsani ko`rguvchi va hamma narsani boshqaruvchi», «u barcha sabablarning birinchisi»dir. Gobbs Xudo voqealarning tabiiy oqimiga aralashmasligini qayd etadi.
F.Bekon falsafasining davomchisi T.Gobbs ham gnoseologiyada asosan empirik va sensualist bo`lgan (hissiy bilishni bilishning asosiy shakli deb hisoblagan). Insonga moddiy jism ta`siri natijasida vujudga kelgan sezgini u bilishning birinchi amali deb hisoblagan. Fikrlashni u tushunchalarni qo`shish yoki ayirish deb hisoblagan, unga o`z matematik metodini to`la tatbiq etgan.

Yüklə 228,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə