Reja: Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari



Yüklə 228,5 Kb.
səhifə4/9
tarix28.11.2023
ölçüsü228,5 Kb.
#138175
1   2   3   4   5   6   7   8   9
1403329402 44505

Gotfrid Vilgelm Leybnits (nemis olimi va faylasufi 1646-1716) Spinozaning substansiya tushunchasiga faol kuch yoki «tashabbuskorlik» tamoyilini qo`shimcha qilgan. O`zining «Monadologiya» asarida u moddiy hodisalarni bo`linmas, sodda ma`naviy birliklar – monadalarning namoyon bo`lishi deb e`lon qilgan. Bo`linmas monada ko`lamlilik xususiyatiga ega emas va makonda joylashmaydi, chunki makon cheksiz darajada bo`linuvchandir. Monada – faol kuchning nomoddiy, ma`naviy markazi. Monadalar umrboqiy va yo`q bo`lmasdir, ular tabiiy yo`l bilan vujudga kelishi yoki halok bo`lishi mumkin emas. Ular tashqi ta`sir ostida ham o`zgarmaydi. Har qanday ayrim monada –jon va tananing birligi. Monada ma`naviy mohiyatining tashqi ifodasi sondir.
Faoliyat, harakat – monadaning xossasi. Leybnits tabiatni mexanika qonunlari bilangina tushuntirish mumkin emas, shu bois, maqsad tushunchasini ham kiritish lozim, deb hisoblaydi. Uning fikricha, har bir monada o`zining barcha harakatlari asosi va ayni zamonda ularning maqsadidir. Jon – jismning maqsadi, ya`ni u erishishga harakat qiluvchi mo`ljal.
Leybnits monadalarni uch toifaga ajratadi: hayot monadalari, jon monadalari va ruh monadalari. Shundan kelib chiqib u barcha murakkab substansiyalarni uch guruhga ajratadi: hayot monadalaridan noorganik tabiat vujudga keladi; jon monadalaridan hayvonlar yaraladi; ruh monadalaridan odamlar paydo bo`ladi.
Leybnits falsafasida ratsionalizm va empirizmning uyg`unligi oqilona asosda namoyon bo`ladi. «Inson aqli haqida yangi tajribalar» asarida u Lokkning ilgari sezgilarda mavjud bo`lmagan narsa aqlda mavjud emas, aqlning o`zi bundan mustasno, degan tezisini tanqid qiladi. Barcha haqiqatlarni u zaruriy haqiqatlar (aql haqiqatlari) va tasodifiy haqiqatlar (fakt haqiqatlari)ga ajratadi. Aql haqiqatlari qatoriga Leybnits substansiya, borliq, sabab, harakat, ayniyat tushunchalarini, mantiq tamoyillari, matematika tamoyillari va axloqiy tamoyillarni kiritadi. Uning fikricha, bu haqiqatlar manbai faqat aqldir.
Jon Lokk (ingliz faylasufi 1632-1704) cubstansiya tushunchasini tahlil qilishga nisbatan gnoseologik yondashuvga asos solgan. U g`oyalar va tushunchalarning manbai tashqi dunyo, moddiy narsalardir, degan tezisni isbotlashga harakat qilgan. Uning fikricha, moddiy jismlarga sof miqdor xususiyatlarigina xos. Materiya sifat jihatidan rang-barang emas: moddiy jismlar bir-biridan kattaligi, shakl-shamoyili, harakati va osoyishtaligi bilangina ajralib turadigan «birlamchi sifatlar»dir. «Ikkilamchi sifatlar» esa - hid, ovoz, rang, ta`m. Ular narsalar bilan uzviy bo`lib tuyuladi, lekin amalda bunday emas: narsalarda bunday sifatlar yo`q. Ular, Lokk fikriga ko`ra, subyektda «birlamchi sifatlar» ta`sirida vujudga keladi.
«Birlamchi» va «ikkilamchi» sifatlarni ajratish hozirgi zamon bilimi nuqtai nazaridan sodda va noilmiy hisoblanadi. Ammo u subyektiv idealizm namoyandalari tomonidan o`zlashtirilgan va o`zining tadrijiy yakuniga yetkazilgan: «birlamchi sifatlar», «ikkilamchi sifatlar» bilan bir qatorda, subyektga bog`liq bo`lmagan, obyektiv mazmunga ega emas, deb e`lon qilingan.
Bilish nazariyasida J.Lokk inson ongining mazmunini hissiy tajribadan keltirib chiqarishga harakat qilgan. Lokk sensualizmining noizchilligidan Berkli foydalangan va sirtdagi tajriba omilidan butunlay voz kechgan
Jorj Berkli (ingliz faylasufi, yepiskop har 1685-1753) materializm, ateizm va deizmga ochiq-oydin qarshi chiqqan, har qanday sifatning obyektiv asosini rad etgan va amalda ularni inson sezgilariga tenglashtirgan. Berkli fikriga ko`ra, amalda avvalo «jonlar», ularni yaratgan Xudo, shuningdek Xudo odamlar joniga joylagan «g`oyalar» yoki sezgilar mavjud. Berkli tashqi dunyodagi obyektivlikni subyektivlik bilan bog`laydi: u barcha narsalarni sezgilarning «uyg`unligi» bilan bog`laydi. Berkli uchun idrok etish mumkin bo`lgan narsalargina mavjuddir. U barcha narsalar Xudoning aqlida zohir, degan fikrni ilgari suradi.
Devid Yum (ingliz faylasufi 1711-1776) ham, J.Berkli kabi, substansiyaning materialistik talqiniga qarshi chiqib, ontologiya muammolarini yechishga harakat qilgan. U moddiy va ma`naviy substansiyaning amalda mavjudligini inkor etgan, lekin substansiya «g`oyasi» mavjud, deb hisoblagan. Substansiya «g`oyasi» deganda u ilmiy bilimga emas, balki oddiy bilimga xos bo`lgan inson «idroklari majmui»ni tushungan.
Xullas, yangi davr falsafasi bilish nazariyasi (gnoseologiya)ning rivojlanishida ulkan qadam tashladi. Falsafa ilmiy metodi, insonning tashqi dunyoni bilish metodologiyasi, tashqi va ichki tajriba aloqalari bosh muammolarga aylandi. Olinayotgan barcha bilimlar tizimining o`zagi hisoblangan haqqoniy bilimni olish vazifasi qo`yildi. Bu vazifani hal qilishning turli yo`llarini tanlash gnoseologiyaning ikki asosiy yo`nalishi – empirizm va ratsionalizm paydo bo`lishini belgiladi.
XVIII asr Yevropa falsafasining ma`rifiy xususiyatiYevropada XVIII asr falsafasi XVII asr g`oyalarini davom ettiradi va rivojlantiradi. Bu davrda falsafiy tafakkur fan va ijtimoiy amaliyot sohasida erishilgan yutuqlarni umumlashtiradi. Falsafiy g`oyalar yanada kengroq targ`ib qilinadi, chunki XVII asrda falsafiy asarlar faqat lotin tilida yozilgan va ular bilan tanishish imkoniyatiga ega kishilar doirasi ancha tor bo`lgan; XVIII asrda faylasuflarning asarlari ular qaysi mamlakatda yashasa, shu mamlakat tilida yozilgan va nashr etilgan.
XVIII asr falsafasida tabiat hodisalarini tushuntirishga nisbatan qarashlarda materializm sezilarli darajada rivojlanadi. Fransuz materializmi tarixiy ahamiyat kasb etadi: u o`rta asrlar sxolastikasiga qarshi chiqibgina qolmasdan, balki o`z dunyoqarashi va dunyoviy manfaatlarini ham asoslashga harakat qiladi.
Albatta, XVIII asr falsafasi o`ziga xos xususiyatlarga ega: unda materialistik dunyoqarash mo`ljallari ham, idealistik dunyoqarash mo`ljallari ham, ateistik va deistik qarashlar ham mavjud. Aksariyat hollarda idealizm va materializm, din va fan yonma-yon turadi.
Shuni qayd etish lozimki, XVIII asr falsafasi avvalo ma`rifat falsafasi sifatida rivojlangan; qomuslar va lug`atlar, pamfletlar va boshqa nashrlarda ilmiy va falsafiy g`oyalar keng ommaga tushunarli tarzda atroflicha bayon etilgan.
Ma`rifat davri falsafasiga P.Gassendi (1592-1655) asarlari, uning atomistik materializmi, Epikur g`oyalari, shuningdek uning etikasi, sxolastikaning tanqidi, R.Dekart asarlari, P.Beyl (1647-1706) asarlaridagi diniy dogmatizmning tanqidi zamin yaratdi.
XVII-XVIII asrlar Yevropa Ma`rifat falsafasiga ingliz ma`rifatchilari J.Lokk va D.Yum, XVII asr nemis ma`rifatchisi G.Leybnits, shuningdek buyuk olim I.Nyuton falsafasi ham kuchli ta`sir ko`rsatdi. XVIII asr Ma`rifat falsafasida ikki yo`nalish: Volter, Russo, Volf, Monteskye va boshqalarning deistik materializmi hamda Melye, Didro, Golbax, Gelvetsiy, Lametri kabi olimlarning asarlarida Nyuton, Galiley, Dekartning materialistik tabiatshunosligi negizida deizm nazariy asoslarining tanqidi farqlanadi.
Fransua Mari (Arue) Volter (1694-1778) fransuz ma`rifatchilarining atoqli namoyandasi falsafa tarixi bo`yicha otashin publitsist, Nyuton fizikasi va mexanikasi hamda Angliyadagi konstitutsiyaviy tartib va muassasalarning targ`ibotchisi, cherkov, iyezuitlar, inkvizitsiya tajovuzlaridan shaxs erkinligining himoyachisi sifatida o`rin oldi. Uning «Kandid», «Orlean qizi» asarlari, «Falsafiy lug`at», «Ensiklopediya»dagi maqolalari butun Yevropada keng tarqaldi.
Jan Jak Russo (1712-1778) Yevropa inqilobiy mafkurasining vujudga kelishiga mashhur «Ijtimoiy shartnoma» asari bilan ulkan ta`sir ko`rsatdi. Erkinlik hamda yuridik huquqlarning so`zsiz tengligiga asoslangan fuqarolik jamiyatining nazariy asosi hisoblangan bu asar Buyuk fransuz inqilobi davrida yakobinchilar uchun o`ziga xos dasturilamal bo`lib xizmat qildi.
Sharl Lui Monteskye (1689-1755) geografik determinizm asoschilaridan biri jamiyatda tartib va axloqni saqlash uchun zarur bo`lgan dinning funksional roli konsepsiyasini rivojlantirdi.
XVIII asrning ikkinchi yarmida ma`rifatchilik harakati keng demokratik qamrov kasb ketdi. Fransiyada bosh muharriri va tashkilotchisi D.Didro bo`lgan «Ensiklopediya» nashri atrofida jipslashgan ilg`or mutafakkirlar, olimlar va yozuvchilardan iborat «faylasuflar partiyasi» paydo bo`lgani to`g`risida so`z yuritila boshladi. Bu «faylasuflar partiyasi»da Didro bilan bir qatorda Gelvetsiy va Golbax, shuningdek Lametri yetakchi rol o`ynadi. Ular materializmning faylasuflar va falsafiy maktablarning keyingi avlodlariga kuchli ta`sir ko`rsatgan ancha rivojlangan shaklini yaratdilar.

Yüklə 228,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə