|
Turkiy xalqlar adabiyoti 1 dildoraxon abdullaevaDildoraxon abdullaeva turkiy xalqlar adabiyTurkiy xalqlar adabiyoti
6
Hech bir tarixiy taraqqiyot bir xilda tekis va ravon kechgan emas, doimo ko’rinishi,
shakli, mazmuni o’zgarib, har o’zgarganda yangi xususiyatlar kasb etib kelgan. Turkiy
xalqlar adabiyoti tarixi ham turli zamonlarda goh ko’tarilish, goh susayishlar bilan
taraqqiyot yo’lidan borgan. Hech bir xalqning adabiyotini uning tarixiy davridan ayri holda
o’rganish mumkin bo’lmaganiday, turkiy xalqlar adabiyotini ham o’z asl mohiyatidan kelib
chiqib tahlil etish zarur. Aslida, dunyoda qaysi xalq bo’lmasin, uning adabiyotini, tarixini
xolislik va ilmiylik tamoyillari asosida tekshirish to’g’ri bo’ladi.
Bugungi kunda bir negizga mansub bo’lgan turkiy xalqlar o’rtasidagi adabiy-madaniy
aloqalarni rivojlantirish, ularning o’zaro totuvligini yanada mustahkamlash davr talabidir.
Oliy o’quv yurtlari dasturiga “Turkiy xalqlar adabiyoti” fanini kiritilishining tub sabablari
bor. Birinchidan, hozirgi davrdagi siyosiy maqsadimiz adolatli jamiyat va demokratik
davlat qurish bo’lib, millat va xalqlarning erkinliklari qonuniylashgan davrda
yashamoqdamiz. Har bir xalq o’ziga qon-qarindosh bo’lgan xalqning tarixi, madaniyati,
san’ati va adabiyotini chuqur bilsa, bu uning farovon kelajagi uchun ham omildir.
Ikkinchidan, hozirgi vaqtda mamlakatimizda yashaydigan turli millatlar va xalqlarga o’z
an’ana va merosini tiklab, o’rganish hamda targ’ib qilish imkoni ham berilgan. Davlatimiz
tomonidan qo’shni turkiy xalqlar bilan nafaqat diplomatik, balki madaniy-adabiy
sohalarda ham samarali aloqalar yo’lga qo’yilgan. Xususan, qirg’iz, qozoq, qoraqalpoq,
ozarbayjon, turkman, turk adiblarining tavallud kunlariga bag’ishlangan ilmiy-amaliy
anjumanlar, tadbirlar, adabiy kechalarning o’tkazilishi, “Respublika baynalminal
markazi”ning faoliyat olib borayotganligi, radio va televidenieda qardosh turkiy tillarda
dasturlar va eshittirishlarning muntazam namoyish etilishi, mazkur tillarda matbuot
nashrlarining mavjudligi mamlakatimizda “Turkiston umumiy uyimiz” g’oyasini
shakllantirishda muhimdir. Umumturkiy xalqlarning o’ziga xos adabiyoti, san’ati va
madaniyati, urf-odat va an’analari, tarixiy-adabiy merosini o’rganish orqali ular bilan
insonparvarlik, tinchlikparvarlik yo’lidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash
mumkin.
|
|
|