O‘zbekiston respublikasi xalq ta’limi vazirligi samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi


Sport va uning ma’naviy-estetik jihatlari



Yüklə 173,81 Kb.
səhifə7/9
tarix22.03.2024
ölçüsü173,81 Kb.
#182869
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Tarbiyaviy soat darslarida o‘quvchilarni estitik madaniyatini shakllantirish

6. Sport va uning ma’naviy-estetik jihatlari
Sport nafosatli tarbiya vositasi sifatida zamonaviy insonni kamol toptirishda alohida e’tiborga ega. Hozirda sportni rivojlantirish mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodni jismonan baquvvat, sog‘lom, vatanning jasur himoyachisi qilib tarbiyalashdir. Bugun yurtimizda sportni rivojlantirishga doir ko‘plab dasturlar ishlab chiqilgan va ular jamiyat munosabatlarida amalda ishtirok qilmoqdalar. Keyingi kunlarda O‘zbekiston ko‘plab sport turlari bo‘yicha jahon musobaqalarini uyushtiruvchi va o‘tkazuvchi mamlakat sifatida jahon hamjamiyatida ko‘zga ko‘rinib bormoqda. Ana shularning barchasi muayyan ma’noda inson nafosatli dunyoqarashini, tafakkurini sog‘lomlashtirishga qaratilgan. Bir so‘z bilan aytganda, sport nafosatli tarbiyaning muhim vositasi sifatida «Farzandlari sog‘lom yurtning kelajagi porloq bo‘ladi» degan maqsadni amalga oshirishga muhim hissa qo‘shadi.
Sport estetikasi – estetika va nafosat falsafasi ilmining tarkibiy qismi bo‘lib, u sport sohasidagi estetik qonuniyatlarni o‘rganish bilan birga sportning estetik mazmunini, uning jamiyat madaniyatidagi o‘rnini, sport bilan san’atning o‘zaro aloqadorligini o‘rganadi. Sport insonni har qanday qiyinchiliklarni sabr-matonat, kuchli iroda va oldinga intilish, atrofdagilarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish kabi xususiyatlarni shakllantiradi. Sport bilan shug‘ullangan insonning ichki dunyosiga sport orqali yangicha qarash, yangicha insoniy hissiyotlar kiradi. Sport insonning irodasini toblaydi, uni aniq maqsad sari intilish, qiyinchiliklarni bardosh va chidam bilan yengishga o‘rgatadi. Sport inson qalbida g‘alabaga ishonch, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Sport odamni mard, matonatli, bardoshli qilib tarbiyalab, hech bir narsa millat va mamlakatni sport kabi tezda dunyoga mashhur qila olmaydi. Ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni tarbiyalash faqat milliy ehtiyojgina emas, balki umumdavlat ahamiyatiga molik masaladir. Keyingi paytlarda, asosan, sport o‘yinlari, sport turlari go‘zalligiga e’tibor berilishi, tashkiliy masalalar inson ehtiyojiga moslashishi va unda kishilarning shaxsan ishtirok etishi hammadan ko‘ra jozibali, go‘zal va zavqiy his-tuyg‘ularning shakllanishiga olib kelmoqda. Sport kishilarning har tomonlama rivojlanishiga yordam berib, sog‘ligini mustahkamlaydi. Sport jamiyatda sog‘lom turmush tarzini yaratib insonning ma’naviy va estetik borlig‘ini o‘zgartiradi.
Yoshlarni estetik tarbiya vositalari bilan tarbiyalashda jismoniy tarbiya va sportning roli beqiyos kattadir. Insonlarning hamisha sog‘lom, baquvvat va mustahkam irodali bo‘lib yetishishida jismoniy tarbiya muhim vositadir.
Mashhur Yunon donishmandi Aflotun baxt haqida fikr bildirib: «Inson uchun birinchi baxt – uning sog‘ligi, ikkinchisi – go‘zalligidir»12, – degan ekan. Haqiqatdan, inson o‘zining doimo sog‘lom bo‘lishini istasa, sport bilan shug‘ullanib turishi zarur. Sport – insonning yoshidan qat’i nazar, uni kuchiga kuch, qaddi-qomatiga qomat qo‘shadi, kishilardagi salomatlikni mustahkamlaydi, mehnatga qiziqishini oshiradi, uzoq umr ko‘rishini ta’minlaydi.
Jismoniy tarbiya xalq madaniyati ekanligini tarix orqali bilish mumkin. Xususan, O‘zbekiston hududida qadimdan yashab kelgan xalqlar jismoniy madaniyat kishilar ma’naviy va jismoniy barkamolligini oshirishligini o‘sha davrlardayoq bilishgan. «Avesto»da yozilishicha qadimda «bolalarni harbiy ishga tayyorlash ularni jismonan chiniqtirishdan iborat edi. Darvoqe, harbiy tayyorgarlik jarayonida bolalar otda chopish, ov qilish, qilichbozlik va qalqonda raqibidan o‘zini himoya qila bilish, suvda suzish, uzoqqa yugurish, sakrash, nayza irg‘itishni egallashi majburiy bo‘lgan»13. Kishilarning jismoniy madaniyati xalqimiz turmush tarziga shu o‘tmish merosimiz asosida singib, butun ijtimoiy hayotda bunday tarbiyani amal qilishi, insonni o‘zi o‘sib ulg‘ayadigan zaminni sevishga, yurtida doimo go‘zal va nozik sport turlari rivojlanishiga undagan. Hattoki, turmush qurish jarayonida «erkak kishi, avvalo, uylanish uchun moddiy va ma’naviy tomondan to‘q va jismonan baquvvat bo‘lishi lozim»14 bo‘lgan. Shu sababdan ota-bobolarimiz o‘z farzandlarining jismoniy madaniyatiga alohida e’tibor berib kelishgan.
O‘zbekiston zaminidan topilgan arxeologik yodgorliklar, tarixiy obidalar, qolaversa “To‘maris” afsonasi, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Qirq qiz” va boshqa turkum xalq og‘zaki dostonlarida ilgari surilgan g‘oyalar bu yerda jismoniy tarbiya qabila va urug‘chilik davridayoq keng tarqalganligidan dalolat beradi.
Sharqning buyuk mutafakkirlari Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, At-Termiziy va boshqalar jismoniy tarbiya rivojiga katta hissa qo‘shganlar. Jumladan, Abu Nasr Forobiy o‘zining siyosiy-falsafiy qarashlarida jismoniy harakatlar bilan shug‘ullanish zarurligini, bunday harakatlar insoniy baxtga erishishning asosiy omili ekanligini aytgan. Jismoniy tarbiyaning rivojlanishida Abu Ali ibn Sinoning alohida o‘rni bor. U o‘z asarlarida jismoniy mashqlarning inson rivojlanishi va salomatligidagi mohiyatini, tanani toza tutish, faol harakatlar bilan shug‘ullanish, sayohat qilish inson kamolotining muhim omili ekanligini ko‘rsatgan. Ibn Sino jismoniy tarbiya har kimga moslangan bo‘lishini, shug‘ullanuvchining imkoniyat me’yorida amalga oshirishi lozimligini ta’kidlagan.
Turli milliy jismoniy mashqlar, o‘yinlar va musobaqalar: kamondan otish, nayza irg‘itish, kurash, qilichbozlik, ot poygasi, ot sporti o‘yinlari, shatranj ya’ni shaxmat O‘zbekiston xalqlari turmushining an’anaviy tarkibiy qismi hisoblangan15.
Ona zaminimizda XIV-XV asrlarda ma’naviy va jismoniy madaniyatga bo‘lgan munosabat rivojlanib, bu davrda Amir Temur jismoniy madaniyatni estetik tarbiyaning asosiy sohasiga aylantirdi. Xususan, harbiylarni jismoniy tarbiyalashga alohida e’tibor berilib, ular o‘rtasida kurash, kamon otish, ot sporti o‘yinlari bo‘yicha ko‘plab musobaqalar o‘tkazib turilgan. Vaholanki, Amir Temurning «Askari quvvatli mamlakat boy bo‘lur, boy mamlakatning askari quvvatli bo‘lur» degan so‘zlari zamirida jismoniy tarbiya masalasi yotganligini har bir inson mushohada etsa ajab emas.
Diyorimiz qadimdan milliy o‘yinlarga boy. Zero, «Arg‘imchoq», «Bekinmachoq», «Qilichbozlik», «Oq terakmi, ko‘k terak?», «Chillik», «Tortishmachoq» va boshqa milliy o‘yinlar bolalarning joni dili. Bu o‘yinlar yosh bolalar jismoniy madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jismoniy tarbiya estetik tarbiya vositasi sifatida yosh avlodni tarbiyalab voyaga etkazishda muhim ahamiyatga ega. U insonning tevarak-atrofidagilar iymon-e’tiqodli va sadoqatli bo‘lishi, bardoshli va bir so‘zli bo‘lishi, sog‘lom va baquvvat bo‘lishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Jismoniy tarbiya bolalarning barcha a’zolari sog‘lom o‘sishini ta’minlab, ularda aqliy va jismoniy barkamollikni tarbiyalaydi. Jismoniy tarbiyaning maqsadi avvalo, har tomonlama jismonan baquvvat, sog‘lom fikrli, mustahkam irodali, qolaversa, alp qomatli o‘g‘lonlarni, chiroyli va ko‘rkam ko‘rinishli qizlarni tarbiyalashdir.
Jismoniy tarbiya insonni doimo hushyor, sezgir bo‘lishga chorlaydi. Kishining jismonan sog‘lom bo‘lishi o‘zining ma’lum maqsad asosida olib borayotgan harakatlari, tabiat bag‘rida yoki chiroyli sport zallari va maydonlarida jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi – bularning barchasi kishidagi estetik his-tuyg‘ularni, ideallarni, qarashlarni, didini tarbiyalaydi. Bunday sport o‘yinlari va xilma-xil mashqlar estetik kechinma, hislarni yuksak hissiyot bilan boyitadi. Ba’zida jismoniy mashqlar o‘zida estetik tarbiyani namoyon etmayotgandek tuyuladi, lekin bu mashqlarni diqqat bilan kuzatsak, unda jismoniy va estetik tarbiyaning uyg‘unligi ko‘rinadi. Bu narsaga ko‘proq o‘quvchilar e’tibor beradi. Chunki o‘quvchilar jismoniy tarbiya darslarida o‘zining qiziquvchan, intiluvchan xislatlari orqali juda chiroyli jismoniy mashqlarni bajaradilar va undan zavq-shavqqa to‘ladilar. O‘qituvchi bolalarni faqatgina jismonan tarbiyalab qolmay, balki o‘quvchini estetik jihatdan ham tarbiyalaydi. Jismoniy tarbiyaning mohiyatini chuqur anglab etgan kishi faqat o‘zining sog‘lom bo‘lishinigina emas, balki doimo xushchaqchaq, ochiqko‘ngilli, xushmuomalali, chiroyli, go‘zal bo‘lib yurishini ham ta’minlaydi.
Bugungi kunda yosh avlodni jismonan baquvvat va estetik jihatdan go‘zal qilib tarbiyalash davr talabiga aylandi. Mamlakatda «Sog‘lom avlod» dasturi ishlab chiqildi va bu dastur asosida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi milliy qadriyatlarni tiklashga erishildi. «Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘ladi, qudratli yurtning farzandlari sog‘lom bo‘ladi», degan fikr davlatimizning yoshlarga oid siyosatidagi muhim yo‘nalishni belgilaydi. Bu fikrning zamirida qanchadan qancha hikmat yotganligini anglab etish, kelajagimizning chiroyli va ko‘rkam bo‘lishi, o‘zbek farzandlarining jahon maydonlaridagi nufuzi orta borayotganligida namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, yildan-yilga chiroy ochib borayotgan O‘zbekistonda sport inshootlarining qad rostlayotgani kelajak mevasidir. Bunday maskanlarda ham jismonan, ham aqlan, ham estetik jihatdan mukammal tarbiya olayotgan yoshlarimiz ko‘payib bormoqda. Sharqirab oqib turgan suv qanchalik go‘zal va zilol bo‘lib dalalarga chiroy baxsh etganidek, o‘zbek farzandlari ham o‘zlarining sport sohasida erishayotgan muvaffaqiyatlari bilan o‘zlarini go‘zal, odob-axloqlarini sermazmun, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratish masalasida kattadan-katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmoqdalar.
Sport insonning jismoniy va ma’naviy kamoloti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, sport bilan shug‘ullanish insondan ijodiy faollikni talab qiladi. Sportning estetika bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan turlari - figurali uchish, badiiy gimnastika, sinxron suzish, ot sporti, qilichbozlik, sport akrobatikasi, sport gimnastikasi, suvga sakrash, engil atletika va boshqa turlari o‘z mohiyatiga ko‘ra san’at darajasida ijro etiladi. Sportchi ko‘pgina sport turlarida o‘zi bajaradigan mashqlarni bajarishda o‘z faoliyatiga ijodiy tarzda yondashishi, Shu paytgacha hech kim tomonidan qo‘llanilmagan yangi-yangi xatti-harakat va mashq usullarini ishlab chiqishi hamda ularni ijro jarayonida ijodiy tarzda qo‘llashi talab etiladi. Figurali uchish, badiiy gimnastika, sport akrobatikasi, sport gimnastikasi kabi sport turlarida sportchi tomonidan o‘z faoliyatiga ijodiy tarzda yondashib yangi usul, yangi harakatni sportning muayyan turiga nisbatan tatbiq qilishi o‘sha usul va harakatni keyinchalik boshqalar tomonidan ijodkor sportchi nomi bilan atalishiga ham olib kelingan. Sport jamiyat taraqqiyoti jarayonida doimo takomillashib, sportning yangi turlari paydo bo‘lib, turli milliy sport turlari boshqa halqlar tomonidan qabul qilinib halqaro maydonda ommalashib bormoqda. Sportning ko‘pgina turlari olimpiada o‘yinlariga, jahon chempionatlariga kiritilib yanada rivojlantirilmoqda. Sportning estetika bilan bog‘liq jihatlari yanada kengayib, takomillashib bormoqda. Sport estetikasi deganda, inson harakati go‘zalligi va ulug‘vorligini estetik anglab etish tushuniladi. Sport estetikasining rivojlanish jarayonlari insonning ma’naviy va jismoniy yetuklik uyg‘unligining in’ikosidir. Bunda insonda jismoniy rivojlanish, jismoniy tayyorgarlik, jismoniy kamolot, jismoniy ta’lim, jismoniy madaniyat kabi bosqichlar kuzatiladi. Sport bu musobaqa jarayonida namoyon bo‘ladigan u yoki bu jismoniy mashq turiga eng yuqori natijaga erishishga yo‘naltirilgan maxsus faoliyatdir.
Sport ijodiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lib doimo rivojlanib borar ekan, sport sohasidagi moddiy boyliklar ham takomillashib boradi. Sport sohasidagi moddiy boyliklarga sport inshootlari, stadionlar, sport zallari, basseyn, kortlar, jismoniy tarbiya jihozlari, maxsus kiyim, poyafzal, Shuningdek sport sohasida erishilgan yutuqlar, ya’ni kamolot darajasi kiradi. Ma’naviy boyliklarga jismoniy tarbiya haqidagi fan, san’at asarlari, adabiyot, musiqa va boshqalar kiradi.
Jismoniy tarbiya va sportning maqsadi – inson tanasidagi barcha a’zolarining sog‘lom o‘sishini ta’minlash barobarida uni aqliy va jismoniy mehnatga, shuningdek, Vatan mudofaasiga tayyorlashdan iboratdir. Abdulla Avloniyning fikricha, sog‘lom fikr, yaxshi axloq va ilm-ma’rifatga ega bo‘lmoq uchun badanni tarbiya qilish zarurdir.
Jismoniy tarbiya va sport insonlarga katta ta’sir ko‘rsatib, salomatligini mustahkamlaydi, ishlash qobiliyatini oshiradi, uzoq umr ko‘rishiga yordam beradi. Sport – har qanday yoshda ham qaddi-qomatni tarbiya qilish, kuch-quvvatni saqlab turishning vositasi hisoblanadi.
Shaxsning har tomonlama uyg‘un rivojlanishi uchun sport turlarining ahamiyati katta. Sport insonni jismoniy chiniqtiradi, tarbiyalaydi, uni go‘zallikka va ezgulikka chorlaydi. Sportchilar ajoyib mashqlarni, harakatlarni bajarib muxlislarda katta estetik zavq-shavq uyg‘otadilar, ularga quvonch bag‘ishlaydilar. Sportning estetik turlari figurali uchish, badiiy gimnastika, sinxron suzish, ot sporti, qilichbozlik va boshqalardir. Bu sport turlari o‘z mohiyatiga ko‘ra san’at darajasida ijro etiladi. Sportning juda ko‘plab turlari mavjud bo‘lib, ularga Akademik eshkak eshish, Alpinizm, Aviatsiya sporti, Avtomobil sporti, Badiiy gimnastika, Badminton, Basketbol, Baydarka va kanoeda eshkak eshish, Biatlon, Bodibilding, Boks, Dzyudo, Erkin kurash, Figurali uchish, Fristayl, Futbol, Gandbol, Kamondan otish, Karate, Kurash, Mini futbol, Motosport, Og‘ir atletika, Ot sporti, O‘zbek jang san’ati, Parashyut sporti, Qilichbozlik, Radiosport, Regbi, Sambo, Shashka, Shaxmat, Sport akrobatikasi, Sport gimnastikasi, Stol tennisi, Suv polosi, Suvda suzish, Suvga sakrash, Sinxron suzish, Tennis, tog‘ chang‘i sporti, Turon yakka kurashi, Taekvondo, Uloq ko‘pkari, Velosiped sporti, Voleybol, Xokkey, Yengil atletika, Yunon rum kurashi, shashka, shaxmat, Chim ustida xokkey kabi sport turlari kiradi. Sportning barcha turlari insonning jismoniy va ma’naviy kamolotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Sportning estetik turlaridan yana biri figurali uchish bo‘lib, bu sport turi konkida yuguruvchi sportchining muz ustida harakat yo‘nalishini o‘zgartirishi, aylanishlar va sakrashlar bilan bog‘liq harakatlariga asoslanadi. Figurali uchish ayollar va erkaklarning yakka holda va juft bo‘lib musiqa sadolari ostida muz ustidagi raqslarini o‘z ichiga oladi. Figurali uchishda qadamlar kombinatsiyasi, ko‘tarish, alohida va birgalikdagi aylanishlar, sakrashlar kabi bajarilishi shart bo‘lgan mashq elementlari mavjuddir.
Qishki sport turlaridan fristayl – tog‘ chang‘i sporti turi bo‘lib, fristaylning mogul, chang‘i baleti va chang‘i akrobatikasi kabi turlari bor. Mogul past, baland trassadan tez tushish, chang‘i baleti – tepalikdan turli shakllar, qadamlar, aylanishlar, burilishlar va boshqalarni bajarib tushish bo‘lsa, chang‘i akrobatikasi – tramplindan salto, piruet va boshqa akrobatik shakllarni bajarib sakrashdir. Fristayl go‘zal, latofatli va jozibali sport turlaridan biri bo‘lib, u paydo bo‘lgan davrda chang‘ichilarning dam olish turi bo‘lib, keyinchalik sport musobaqalariga kiritilgan. Fristaylda sportchilarning artistlik mahorati hakamlar tomonidan baholanib, bu sport turi go‘zalligi va tomoshabopligi uchun chang‘i bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlarga kiritilgan.
Sport turlari ichida eng ommaviy va qiziqarli sport o‘yinlaridan biri futbol bo‘lib, o‘zining ommaviyligi va ishqibozlarining ko‘pligi bilan ajralib turadi. Futbol o‘yinchilarning mahorati, trener tomonidan o‘yinning tashkil qilinishi, kombinatsiyalarning belgilab, ko‘rsatib berilishi natijasida ishqibozlarning estetik did va ehtiyoji talablariga javob beradigan sport turidir. O‘yinchilarning mahorati, o‘yinni tashkil etish va o‘tkazilishidagi jamoaviylik, darvozaga to‘pning kiritlishidagi futbolchilarning chiroyli o‘yin ko‘rsatishi va muhlislar tomonidan uni qo‘llab-quvvatlanishi futbolga alohida qiziqish va joziba bag‘ishlaydi.
Belgilangan qoidaga ko‘ra ikki sportchining yakkama-yakka olishuviga asoslangan sport turi kurash bo‘lib, kurashish san’ati ko‘pgina xalqlarda rivojlantirilib, takomillashtirilib kelingan. Kurash insonni kuchli, epchil, chidamli va irodali qilib tarbiyalash vositalaridan biri bo‘lib, xalqaro maydonda sport kurashining Yunon-Rum kurashi, erkin kurash, dzyudo, sambo, o‘zbek kurashi va boshqa turlari keng tarqalgan. Kurash azaldan o‘zbek xalqi turmush tarzining uzviy qismi bo‘lib kelgan. O‘zbek kurashi nafaqat estetik go‘zalligi bilan, balki muayyan axloqiy me’yorlar va tamoyillarga tayanishi bilan ham ajralib turadi. Sharq yakkakurashi turlari ichida yaponlarning karatesi, xitoylarning ushusi, koreyslarning tekvondosi o‘ziga xos usul hamda jozibaga ega. Estetik sport turlaridan biri bo‘lgan ot sporti ot bilan turli-tuman chiroyli mashqlarni bajarishdan iborat bo‘lib, ot sportining asosiy turlari otni yo‘rttirish, to‘siqlardan sakrab o‘tish, uch kurash, otda turli mashqlarni bajarish, poyga, otda ov qilish kabilardan iboratdir. Chavandoz ot bilan turli mashqlarni bajarishi, oldinga, orqaga, aylanma harakatlar qilishi, otni yo‘rg‘alatib, sakratib raqs elementlarini bajarishi mumkin. Bu esa ot sportiga o‘ziga xos joziba va latofat bag‘ishlaydi.
O‘zbek jang san’ati o‘ziga xos sport turi bo‘lib, unda milliy liboslardan foydalaniladi, himoya va hujum usullari bir vaqtning o‘zida qo‘llaniladi, yoshlarni harbiy vatanparvarlik va yuksak estetik ruhda tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. O‘zbek jang san’ati sport-sog‘lomlashtirish, qo‘l san’ati, temuriylar jang san’ati, ya’ni pichoq, qilich, tayoq, nayza bilan ishlash va jang kurash kabi usullardan iborat bo‘lib, o‘ziga xos estetik harakat va usullarni o‘zida ifodalaydi.
Sport turlaridan qilichbozlik ham o‘ziga xos estetik mohiyatga ega bo‘lib, rapira, qilich, shamshir kabi tig‘li qurollar yordamida turli chaqqon va jozibali xatti-harakatlar amalga oshiriladi. G‘alaba qozongan tomon sport o‘yinidan katta qoniqish hosil qilib, o‘z yutug‘idan estetik jihatdan lazzatlanadi.
Sportning estetik turlaridan sport akrobatikasi gimnastika shaklidagi jismoniy mashqlardan iborat bo‘lib, sakrash, sport uskunalariga tayanib yoki ularsiz muvozanatni saqlab bajariladigan, kuch va epchillik namoyon qilinadigan mashqlar majmuasidir. Akrobatik mashqlar dinamik va statik mashqlarga bo‘linib, dinamik mashqlar o‘mbaloq oshish, to‘ntarilish, salto, ya’ni turgan joyda muallaq holda o‘mbaloq oshib yana o‘z vaziyatiga qaytish, statik mashqlar turli vaziyatda muvozanatni saqlash, chalqanchasiga ag‘darilib turli mashqlarni bajarishdan iboratdir.
Sport akrobatikasi kuch akrobatikasi, sakrash akrobatikasi, elka akrobatikasi, komik akrobatika kabi turlarga bo‘linadi. O‘zbekiston sirk va estrada dasturlarida akrobatikadan keng foydalanib, ot ustida akrobatika, masxarabozlik va jangovorlik mashqlarida ham akrobatikadan keng foydalaniladi.
Sport gimnastikasi sportning asosiy turlaridan biri bo‘lib, ayollar va erkaklarning maxsus gimnastika anjomlari, ya’ni snaryadlarda va erkin mashqlar bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarni o‘z ichiga oladi. Sport gimnastikasi sportchidan katta jismoniy kuch, chaqqonlik, qo‘rqmaslik, harakatlarni muvofiqlashtirishda aniqlikni talab etib katta estetik qiymatga ega bo‘lgan mashqlar majmuasini o‘z ichiga oladi. Sport gimnastikasida mashqlar erkaklar o‘rtasida yog‘och otda, halqalarda, tayanib sakrash tarzida, qo‘shpoya, ya’ni parallel yog‘ochlarda, yakkacho‘pda bajariladi. Ayollar o‘rtasidagi sport gimnastikasi mashqlari tayanib sakrash, xodada, har xil balandlikdagi qo‘shpoyada, erkin tarzda bajariladigan mashqlar kabi turlarga bo‘linadi. Sport gimnastikasi sportchi atletlar tomonidan eng go‘zal, turli-tuman, yuqori estetik qiymatga ega bo‘lgan mashqlar bajarish imkoniyati bo‘lgan sport turi hisoblanadi.
Suvga sakrash ham sportning estetik turlaridan biridir. Suvga sakrash tramplin va minora vishkadan suvga sakrash kabi usullarga bo‘linib, suvga sakrash turli xil aylanish va harakatlarni o‘z ichiga oladi. Suvga sakrashda sportchi kalla yoki oyoq bilan kam suv sachratib mashqni bajarishi talab qilinadi. Suvga sakrashda sportchi turli holatda old tomon bilan turib, teskari turib, qo‘llarga tayanib turib, aylanishlar yo‘nalishi bo‘yicha oldinga, orqaga, buralib-buralib sakrash mashqini bajaradiki, bunda bajarilgan mashq o‘ziga xos go‘zallik va jozibadorlikni namoyon etadi. Sportchi havoda yengil harakatlanib turli murakkab usullar yordamida mashqni yuqori estetik saviyada amalga oshiradi.
Sport turlari ichida sinxron suzish ham o‘zining go‘zalligi, nafosatga boyligi bilan ajralib turadi. Sinxron suzishda ayollar ishtirok etib, bir necha sportchi bir xil harakatlarni uyg‘unlikda ijro etadi. Ko‘pchilik tomonidan bir xil harakatning o‘ta aniqlik bilan takrorlanishi ijro jarayonida o‘ziga xos nafosatni vujudga keltiradi.


XULOSA
Ijtimoiy taraqqiyot jarayonida o‘zbek xalqi estetik tarbiyasi jamiyat ravnaqini ma’naviy, axloqiy, madaniy, estetik ideallarga boy va sermazmun qilib kelmoqda. Asrlar osha o‘zining noyob tarbiyasini yuksak tuyg‘ular bilan to‘ldirib, yangi bilimlarga ega bo‘lib bormoqda. Yoshlarni estetik tarbiyalash ishida ta’lim-tarbiyaning roli asosiy omil sifatida ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga jalb etadi. Estetik tarbiya jarayonini tashkil etishda oliy o‘quv yurtlari talabalarini puxta bilim olishlari uchun faqat yaxshi pedagog, o‘z kasbining mohir qalb egasi bo‘lgan insonlargina to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya oladi. Qadimiy milliy estetik tarbiyamizni nozik va ko‘rkam qirralari, jahon estetik tarbiyasining rang-barang xususiyatlari, ona zaminimizning maftunkor san’at asarlari har bir inson his-tuyg‘ularini vatanparvarlik, sobitmatonatlik, pok vijdonli bo‘lishga chorlaydi. Shunday g‘oyalar asosida ulg‘ayayotgan yigit-qizlar o‘zlarining estetik madaniyati, ma’naviy kamoloti bilan komillik sari intilmoqda. O‘zbek farzandlari o‘zlarining ma’naviy, dunyoviy jihatdan mukammal bilimlar va estetik jihatdan kamtarin insoniy xislatlari bilan zamonaviy bilimlarni egallab boradi.
Insoniyat tafakkuri taraqqiyotida «Ilm-u ma’rifat e’zozlangan mamlakatda hech kim urush haqida bosh qotirmaydi. Chunki ilm-u ma’rivat insonni yuksaklikka ko‘taradi. XXI asrda, men ishonaman, madaniyat uchun, ilm-u ma’rifat uchun jonini beradigan va buni hayotining asosiy maqsadi qilib qo‘yadigan yangi avlod paydo bo‘ladi»1. Mana shunday kelajakni yaratishda estetik tarbiyaning roli bugun uchun zarur. Jamiyatdagi barcha insonlar estetik tarbiyasining puxta bo‘lishi farovon hayotni vujudga keltirib, estetik tarbiyalanganlik darajamizni oshiradi. Buyuk bobolarimizdan meros qolgan estetik tarbiyani ma’naviy-ruhiy negizining mukammalligi bu uslubiy qo‘llanmada o‘z aksini topgan. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da demokratik davlatlar darajasiga erishib, faqat yangi hayot uchun kurashayotgan yoshlarni o‘z kasblarini haqiqiy mutaxassislari etib tarbiyalash, ma’naviyati yuksak davlatni barpo etish talablari ilgari surildi. Bunday qaltis va sermashaqqat ishda estetik tarbiyalanganlik birinchi galdagi vazifalardan ekanligini tushunib etgan insonlar hayotimizni charog‘on etmoqda. Shunday tarbiya jarayonida ishtirok etish hammamiz uchun baxt ekanligi va har qanday holatda ham biz yoshlar bunga tayyor ekanligimizni o‘z iste’dodimiz va qobiliyatimiz bilan isbotlamog‘imiz lozim. Ushbu uslubiy qo‘llanma keng kitobxonlar ommasiga, jumladan, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, talabalar, keng jamoatchilikka mo‘ljallangan bo‘lib, ularning estetik dunyoqarashini nazariy jihatdan boyitishda muhim manba sifatida xizmat qiladi.


Yüklə 173,81 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə