O‘zbekiston respublikasi xalq ta’limi vazirligi samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi


Estetik tarbiyaning turlari va yo‘nalishlari



Yüklə 173,81 Kb.
səhifə3/9
tarix22.03.2024
ölçüsü173,81 Kb.
#182869
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Tarbiyaviy soat darslarida o‘quvchilarni estitik madaniyatini shakllantirish

2. Estetik tarbiyaning turlari va yo‘nalishlari
Estetik tarbiya jamiyat hayotida har doim o‘zining rang-barang va xilma-xilligi bilan ijtimoiy munosabatlarga o‘z ta’sirini o‘tkazib turadi. Inson voqelikdagi go‘zallikni his etib, estetik faoliyati natijasida o‘z mehnati bilan o‘ziga zavq-shavq bag‘ishlaydi. Estetik tarbiyaning jamiyatdagi roli insonlarni har tomonlama yetuk, komil inson qilib voyaga yetkazishdir. Jahonda kundan-kunga o‘zini namoyon etib borayotgan O‘zbekistonda bugungi kunda estetik tarbiyani rivojlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Birinchidan, mustaqillik sharofati bilan insonning erkin faoliyat olib borishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, insonlar o‘zlarining estetik didi, mustaqil fikrlashi, intiluvchanligi, ijodiy qobiliyati asosida voqelikka xolisona yondashmoqdalar. Ularda jamiyat har bir inson uchun estetik tarbiyaning negizi ekanligi haqidagi ijobiy tasavvurlar shakllanmoqda.
Ikkinchidan, xalqning turmush tarzi, estetik ideallari o‘tmish va hozirgi kun orasidagi vorisiylik bilan bog‘lanib, fuqarolarning estetik tarbiyasi va madaniyati rivojiga ilm-fan yutuqlari ta’sir etib, estetik ongimizning ko‘p qirraliligi namoyon bo‘lib bormoqda.
Uchinchidan, huquqiy demokratik fuqarolik jamiyati qurishda ishlab chiqarish va bozor munosabatlarining takomillashib borishi, fuqarolarning estetik ehtiyoji, ma’naviyati, madaniyati va estetik tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatmoqda.
To‘rtinchidan, texnika asri bo‘lgan XXI asr barcha fanlarning texnika va texnologiyalarsiz rivojlana olmasligini ko‘rsatib turibdi. Natijada, so‘nggi ilm-fan yutuqlari asosida ishlab chiqarishni tashkil etish odamlardan ishlab chiqarishni texnika bilan uyg‘unlashtirish, texnika estetikasi, dizaynga e’tiborni kuchaytirishni talab qilmoqda.
Beshinchidan, kundalik hayotimizni bezab turadigan va bizga olam haqidagi yangi bilimlarni beradigan ommaviy axborot vositalari tizimining estetik tarbiyaga qanday ta’sir ko‘rsatishini tahlil qilib, shu asosda estetik ideallarni, his-tuyg‘ularni, yuksak ma’naviyatni shakllantirish masalasiga e’tiborni kuchaytirish zarurdir.
Oltinchidan, yoshlarni estetik tarbiyalash jarayonida xorijiy davlatlar bilan mustahkam aloqada bo‘lish hamda jahonda ta’lim sohasida ro‘y berayotgan yangiliklardan doimo xabardor bo‘lib turish dolzarb masaladir.
Insonlar estetik tarbiyasini bu xususiyatlar asosida tashkil etish hayotga nisbatan yuksak his-tuyg‘ularni, voqelikka nisbatan estetik munosabatning mukammal bo‘lishini ta’minlaydi. Kishilardagi go‘zallikka va san’atga bo‘lgan intilish, malaka va ko‘nikmalar badiiy estetik tarbiyaning jamiyatdagi mavqeini ko‘taradi.
Estetik tarbiya asosida hayotdagi va san’atdagi go‘zallikni to‘g‘ri idrok etish, kishilardagi estetik ehtiyojlarni tarbiyalab voyaga etkazish, har bir ota-ona, o‘qituvchi, ustozning burchidir. Bolalarni yoshligidan boshlab musiqa ohangi, nafis gullar tarovati va chiroyi, san’at asarlari bilan tarbiyalash muhim ahamiyatga egadir. Estetik tarbiyaning vazifasi obyektiv olam go‘zalligi xilma-xil ko‘rinishlarini ajratib yoshlar dunyoqarashini nafosat tuyg‘ulari bilan boyitib borishdan iboratdir. Maktab, litsey va kollejlarda o‘quvchilarni o‘quv-tarbiyaviy ishlar, adabiyot, musiqa, rasm darslari orqali estetik tarbiyalash muhimdir. Bunday tarbiyada jamiyat ma’naviy va moddiy hayotidagi uyg‘unlik xususiyati namoyon bo‘ladi.
Estetik tarbiya kishilarning bir-biriga o‘zaro munosabatini aqliy, axloqiy, jismoniy jihatdan tarbiyalashda katta ahamiyatga ega. Voqelikni mushohada etish, jamiyatdagi xilma-hil ehtiyojlarni qondirishda estetik tarbiya kishiga ruhiy quvvat bag‘ishlaydi.
Inson doimo o‘z turmushi shirin, hayoti ezgulik va go‘zallikka boy manzaralar bilan o‘tishini orzu qiladi. Shuning uchun kishilik jamiyati vujudga kelganidan boshlab nafosat olamining mohiyati, ma’no va mazmunini anglab yetishga intilib kelingan. Inson o‘z amaliy faoliyati bilan voqelikni o‘zlashtirib, uni o‘zgartirishga harakat qiladi.
Estetik tarbiya omillari deb, shaxsning kamolotiga ta’sir o‘tkazadigan tashqi va ichki shart-sharoitlarga aytiladi. Estetik tarbiya vositalari deb shaxsning voqelikka estetik munosabatini rivojlantirishga xizmat qiladigan tarbiyaviy faoliyat shakllariga aytiladi. Estetik tarbiyaning eng muhim omili bu tabiat bo‘lib, tabiatsiz inson estetik jihatdan rivojlana olmaydi. Estetik tarbiya ekologik tarbiya bilan bevosita bog‘liqdir. Mehnat estetik tarbiyaning muhim omillaridan biri bo‘lib, shaxs hayotiga mehnatning estetik ta’siri mehnat unumdorligi, samaradorligi va sifatining oshishida namoyon bo‘ladi.
Estetik tarbiyaning muhim turi adabiyot va san’at bo‘lib, u orqali insoniyat tarixi kelajak avlodlarga etkazib kelingan. Ular va tarix va bugungi kun o‘rtasidagi aloqadorlikni vujudga keltiradi. Inson ma’naviy ehtiyojini qondirishda g‘oyaviy-badiiy qudratga bo‘lgan talab estetik tarbiya adabiyot va san’at amalga oshadi.
Adabiyot va san’at odamlardagi eng go‘zal tuyg‘ularni va ezgu fazilatlarni tarbiyalab, insoniy ruhda kamol toptiradi. Hozirgi kunda san’at kishilarda estetik tarbiyaning muhim turi bo‘lib, estetik madaniyat va ma’naviy qadriyatlarni hayotdagi o‘rnini yaqqol namoyon etmoqda. Biz yoshlarni estetik va badiiy jihatdan tarbiyalashimizda ijtimoiy hayot voqealarini o‘zida aks ettirgan badiiy adabiyot va san’at asarlariga murojaat qilishimiz lozim. Bu asarlarda insonning yuksak estetik ideallar bilan tarbiyalanadigan nafosat dunyosi, insonparvarlik g‘oyalari, ma’naviy madaniyat ifodalangan. Vaholanki, yoshlarimiz haqqoniy hayot ifodasini topgan asarlarni o‘qishdan ko‘ra, ijtimoiy hayotning aksi bo‘lgan asarlarni o‘qishga qiziqishadi.
XXI asr adabiyoti va san’ati yoshlarning ruhiyatini rang-barang badiiy obrazlar bilan bezab, ularda adabiyot, tasviriy san’at, teatr va kinoga bo‘lgan qiziqishini ko‘paytiradi. Bunday san’at turlari yoshlarni zamonaviy his-tuyg‘ular bilan tarbiyalab, yangiliklar, kashfiyotlar asri intiltiradi, ularning estetik tasavvvurlarini ravon bo‘lishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Adabiyot kishini yuksak did, his-tuyg‘u, kechinmalar, g‘oyalar va qarashlar xilma-xilligida hayotni idrok etishga, farovon turmush kechirishga, ojizlarga doim yordam berishga undaydi.
Adabiyot va san’atning estetik tarbiya turi ekanligi bugungi kunda yaratilayotgan badiiy adabiyot va san’at asarlarida ifodalanayotgan real hayot haqiqatlari, hamda romantik ijodda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Fan-texnika taraqqiyoti nozik estetik tarbiyaning shakllanishiga, kishilar ma’naviy dunyoqarashini keng tushuncha va tasavvurlarga ega bo‘lishga olib bormoqda.
Yoshlarning estetik madaniyatini oshirish, ularga chuqur bilim berish, komil inson bo‘lib voyaga etishishida adabiyot asosiy estetik tarbiya turidir. Ularda estetik didni yuksaltirish, voqelikning mazmun va ma’nosini tushuntirib berish, nafosat olami go‘zalliklaridan bahramand qilish bilan yuksak mahoratni kamol toptirish mumkin. Kishilarni estetik tarbiyalashda ma’lum bir qayg‘uli holatlarni ham go‘zallik bilan almashtirish insondan katta mahorat talab etadi. Shu boisdan adabiyot va san’at insonni sabr-toqatli, matonatli, bardoshli bo‘lishga, hayot qiyinchiliklarini g‘am-g‘ussasiz yengishga undaydi. Inson o‘z faoliyati bilan voqelikni estetik idrok etadi, unga oqilona yondashib, hayotni quvonch va sevinchga boyitadi, tevarak-atrofida bo‘layotgan voqealarni his qilish qobiliyatini o‘stiradi. Ular insonni go‘zalliklar kashf qilish, baxtli hayot kechirish, ezgu-niyatlari sari ildam qadam tashlashga chorlaydi. Qolaversa, inson tabiatga bo‘lgan munosabatini serjilo g‘oyalar bilan boyishi uchun xizmat qiladi.
Adabiyot va san’at asarlarida aks ettirilgan go‘zal va xunuk, kulgili va fojiali holatlar asar mazmunining boyishi, inson tomonidan qiziqib o‘rganilishiga katta turtki beradi. Bu holatlarni inson o‘zining aqliy kamoloti va ma’naviy madaniyati asosida o‘rganadi. Xususan, adabiyot va san’at sohasida qadimda o‘sha davr ruhiyatidagi voqelik estetik tushunchalar asosida tushuntirib berilgan, ya’ni o‘zbeklarda xalq amaliy san’atining ba’zi sohalari kashtachilik, zardo‘zlik, zargarlik, so‘zana kabilar nozik did bilan bir necha kun davomida yaratilgan. Lekin bugungi kunda bular turli texnika va texnologiyalar bilan ma’lum davr davomida yaratilmoqda. Adabiyot va san’at hayot bilan bog‘liq holatda insonlar ma’naviyatini, tafakkur tarzini, nafosat olamini go‘zallik tuyg‘ulariga bezaydi. Chunki adabiyotda ham, san’atda ham o‘ziga xos milliylik va insoniyatga tegishli estetik tuyg‘ular yashiringan.
Mana shunday adabiyot va san’atdagi o‘ziga xos o‘zgarishlarni idrok eta olish, shu asosda estetik madaniyatni shakllantirish, insonni mas’uliyatli, o‘z ishiga talabchan, har bir millat yoki xalqning butun tarixini sinchkovlik bilan o‘rganishga da’vat etadi.
Estetik tarbiya jarayoni juda keng qamrovli va go‘zal his-tuyg‘ularga boyki, hatto uni inson qanchalik mukammal o‘rgana borsa, nafosat olami haqida shunchalik kam ma’lumotga ega ekanligini anglay boradi.
Inson estetik tarbiyasi doimo toza buloq suvidek tiniq, tog‘ cho‘qqisida ochilgan qo‘lga olish qiyin bo‘lgan loladek, musafo osmondek beg‘ubor bo‘lavermaydi. Bu esa, avvalo, insonning oilada, keyinchalik mahalla, bog‘cha, maktab va ijtimoiy guruhlarda oladigan tarbiyasiga bog‘liq. Shuning uchun estetik tarbiya juda murakkab tomon va xususiyatlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Bu insonda tarbiya ko‘rgan yoki tarbiya ko‘rmagan, go‘zal yoki xunuk, ijobiy yoki salbiy tarzda bo‘lishi mumkin.
Bu fikrlarning barchasi adabiyot va san’atda ma’lum g‘oyalar va suratlar tarzida aks ettiriladi. Ayniqsa, kishi shaxsining har tomonlama komil inson bo‘lib yetishishida bu xususiyatlarga alohida e’tibor berish lozim.
Har qanday adabiyot va san’at hamisha insonlarni yaxshilik sari yetaklaydi. Ularga hayotning past va baland tomonlarini estetik ideallar asosida tushuntirib, zamonaviy tafakkur qilishga xizmat qiladi. Insonning hayotga estetik munosabatlari mana shu estetik his-tuyg‘ularga singdirilgan bo‘lib, jamiyatni estetik madaniyat, badiiy ijod, go‘zal qiymatsiz tasviriy san’at asarlari bilan boyitadi.
Insonni ma’naviyati va madaniyati gullab-yashnashi, jamiyatda haqiqiy komil inson bo‘lib yetishishida matbuot muhim estetik tarbiya turi rolini bajaradi. Matbuot estetik tarbiya turi sifatida kishilarni butun jahon miqyosidagi barcha voqealar hamda inson ongi his-tuyg‘ulari, orzulari, ideallari, xatti-harakatlarini namoyon eta boradi. Har bir davlat hayotini ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalardagi olib borayotgan sa’y-harakatlari matbuot vositasi orqali xalqqa yetkaziladi. Hattoki yoshlarni estetik ruhda tarbiyalash, ular ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, jamiyatdagi har bir kishining axloqiy va estetik ideallarini qay darajada ekanligini matbuot o‘zida ifodalaydi. Yurtimizning fuqarolarining estetik ongini o‘stirish, ular qalbida yuksak tuyg‘ularini kamol toptirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni aqliy va hissiy qobiliyatlarini yetuk qilib tarbiyalash, voqelikni ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘layotgan go‘zalligini barchaga sodda va tushunarli qilib yetkazish matbuotining bosh maqsadidir.
Matbuot voqelik haqidagi faqatgina axloqiy va estetik qarashlar tizimi bo‘lib qolmasdan, balki kishilarning shaxsiy va ijtimoiy hayot to‘g‘risidagi xilma-xil tasavvurlari, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari, dunyodagi bo‘layotgan go‘zal va xunuk voqealarning bahslari, turli fikr va mulohazalar hamda hokazo estetik tarbiyaga daxldor mavzularda so‘z yuritiladi. Hayotimizda yuz berayotgan hodisalar naqadar go‘zal yoki xunuk, ulug‘vor yoki fojiaviylik tarzida sodir bo‘lmasin, bular hamisha matbuotining nazaridan chetda qolmaydi.
Matbuot insonlarning tarbiyaviy quroli bo‘lib, ularning o‘z mehnatlaridan o‘zlari bashra olishga, zamonaviy bilimlar bilan doimo tanishib borishga, ezgulik va yovuzlikning mohiyatini tahlil etib xulosa chiqarishga va boshqalarga chorlaydi. Ayniqsa, maktablarda, kasb-hunar kollejlari, liseylar va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan barcha yoshlarni matbuotga nisbatan qiziqishlari ortayotganligi ayni paytda quvonarli holdir. Bu, o‘z navbatida, yoshlarimizni kelajakka bo‘lgan estetik didi va tafakkurini, ma’naviy va madaniy dunyoqarashini yuksak tuyg‘ular bilan boyitadi.
Estetik tarbiyaning muhim negizi hisoblangan matbuot madaniy turmush tarzimizning oddiy ikir-chikirlari-yu, butun jahon miqyosida barchaning diqqat-e’tiborida bo‘layotgan voqea va hodisalarni, o‘tmish qadriyatlari-yu, kelajak bashoratlarini o‘zida mujassam etib, gazetxon yoki kitobxon qalbida chuqur ehtirosli hissiyotni yuzaga keltiradi. Bu xabarlar va yangiliklar qanchalik kulgilik dahshatli tarzda tasvirlanmasin, kishi qalbida ezgu-niyatlarni barq urdirib, g‘oyaviy estetik ehtiyojni o‘stiradi. Vaholanki, har bir gazeta va jurnallar sahifalarida estetik tarbiya haqidagi mavzular o‘quvchining estetik ideallarini komillik sari yetaklaydi.
Insonlarning olamni bilishi va uni estetik idrok eta boshlashi qadriyatlarning estetik tarbiyani muhim yo‘nalishi ekanligini ko‘rsatadi. Qadriyatlar – voqelikdagi narsa va hodisalarning insoniyat o‘tmishi, hoziri va kelajagiga ijobiy ta’sir ko‘satadigan axloqiy, estetik, diniy, tabiiy va boshqa boyliklar majmuasidir.
Qadriyatlar inson ma’naviy olamini boyishi, tashqi dunyo go‘zalligini his qilishi, ko‘z ilg‘amas ruhiy jarayonlarni anglab etishda muhim omildir. Jamiyatda qadriyatlarning ko‘payib borishi bilan insonlarning bilimlari va nafosat dunyosiga bo‘lgan munosabatlari o‘zgarib, xilma-xil tasavvurlar, tushunchalar, g‘oyalar asosida murakkablasha boradi. Yangi yuzaga keladigan qadriyat eski qadriyatlar bilan bevosita bog‘lanib, voqelikdagi ma’naviyat olamini ijtimoiy va madaniy ideallar rivojiga ta’sirini namoyon etadi.
Estetik tarbiya tizimida qadriyatlar kishilarning ma’naviy ehtiyojlarini, mafaatlarini, moddiy jihatdan turmushni boyitishga xizmat qiladi. Qadriyatlar ichida eng oliy qadriyat inson hisoblanadi. Shu sababdan, inson tabiatni, jamiyatni va o‘zini go‘zal, chiroyli, ko‘rkam qilishga, butun mavjudotning hayotini yaxshi bo‘lishiga intiladi. Oliy qadriyat bo‘lgan inson olamni faqat bir tomonlama o‘rganib qolmasdan, balki yaxshi yoki yomon, go‘zal yoki xunuk, adolatli yoki adolatsiz kabi tushunchalarni o‘z ongi bilan anglab etadi. Shu asosda voqelikka bo‘ladigan barcha jarayonlarni tartiblashtirishga harakat qiladi. Ayniqsa, inson qadr-qimmatni anglash; o‘zini-o‘zi tushunib yetishdan boshlanadi. Buning uchun, avvalo estetik tarbiya shaxs hayotini, uning taqdirini belgilashda katta ahamiyatga ega. Estetik tarbiya asosida inson oliy qadriyat sifatida yuksaklikka ko‘tariladi. Uning faoliyati, turmush tarzi go‘zallikka boy tasavvuri farovon hayotga ega bo‘ladi.
O‘zbekistonning ijtimoiy-madaniy hayotida ro‘y berayotgan estetik tarbiya sohasidagi barcha o‘zgarishlar bevosita qadriyatlar bilan bog‘liq tarzda shakllantirilmoqda.
Qadriyatlar o‘zida insoniyat tarixini aks ettirib, fan va madaniyat, madaniy-maishiy turmush, oilani mustahkamlash, tabiatga nisbatan nafosat tuyg‘ularini shakllantirish, millatlar va milliy munosabatlarni ijobiy yo‘lga qo‘yishda bebaho xazinadir. Qadriyatlarni kishilar ongiga singdirish uchun muayyan shart-sharoit va vaziyatlar bo‘lishi lozim. Mana shu holatda qadriyatlar kishilarda estetik qarashlarning, madaniy ideallarning, ijtimoiy g‘oyalarning qaror topishiga xizmat qiladi. Qadriyatlar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, ular har bir millatning ma’naviy kamolotiga, estetik tarbiyasiga, milliy ma’naviy ehtiyojlariga ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, bugungi kunda estetik tarbiya jarayonida o‘zbek raqslari, kuylari, ashulalariga bo‘lgan munosabat ijobiy ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Hozirgi o‘zbek raqslari, kuylari, qo‘shiqlari klassik madaniy merosining aynan o‘zi emas. Raqslarda Ovrupa, Osiyo raqs madaniyatlarining ko‘p jihatlari sezilib turadi. Bu jihatdan o‘zbek xalqining raqs madaniyati borasidagi qadriyatlari anchagina boyidi. Lekin mohiyat jihatidan raqslarimiz asosan milliylik ruhini saqlab qoldi4. Bu qadriyatlar barchasi kishilarning estetik tarbiyasini tarix bilan bog‘liqligi va doimo mana shunday davom etishini anglatib turadi.
Qadriyatlarning jamiyat va xalq hayotidagi estetik tarbiyaviy ahamiyati uni avlod tomonidan chuqur o‘rganilib, o‘tmishning latofati va nazokatini bugungi kun hayotida ham namoyon bo‘layotganida ko‘rish mumkin. Chunki qadriyatlar estetik tarbiyaning negizini tashkil etgan holda kishilarni bir-birlariga jipslashtiradi, o‘tmish go‘zalligi va kelajak nafosatini o‘zaro bog‘lab turadi. Ba’zan kishilar o‘zlarini estetik qadriyatlarga amal qilib faoliyat yuritayotganliklarini o‘zlari ham anglay olishmaydi. Hattoki real hayotimizdagi voqealar diniy qadriyatlar bilan chambarchas bog‘lanib ketgan.
Qadriyatlar muhim yo‘nalish sifatida xalqimiz estetik tarbiyasini oshirishda bebaho boylikdir. Ularni ko‘z qorachig‘idek saqlash, kelgusi avlodga yetkazib berish uchun barcha imkoniyatlarimizni, estetik his-tuyg‘ularimizni tiniq va pokiza qilish lozim. Shuning uchun ugungi kunda estetik tarbiyani qadriyatlar bilan bog‘lab olib borish, ma’rifat, madaniyat va san’atni go‘zal tuyg‘ularga boyitish, yuksak va olijanob fazilatlarni jamiyatda yanada yuqoriroq cho‘qqilarga chiqarish kerak.
Bolalarni qadriyatlar asosida estetik tarbiyalash, ularda mehnatsevarlik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, yuksak estetik ideallar, kechinmalar, his-tuyg‘ularning rivojlanishida o‘z o‘rniga ega. O‘zbek oilalarida bolalarni qadriyatlar bilan chambarchas bog‘lab, estetik tarbiyalash yoshligidanoq ko‘cha supurish, hovli tozalash, suv sepish, daraxt ekish, did bilan kiyinish asosida amalga oshiriladi. Ayniqsa, bunday xislatlar ko‘proq qiz bolalar tarbiyasida amalga oshiriladi.
Umuman olganda, qadriyatlar kishi hayotining bezagi, uning naqshi, ma’naviyatining gultoji hisoblanadi. Shu qadriyatlarni e’zozlash, ularni yosh avlodga estetik jihatdan mukammal va jozibador qilib etkazib berishda biz kattalar hamisha o‘z hushyorligimizni yo‘qotmasligimiz darkor.
Jamiyat rivojida milliy g‘oya va milliy mafkura estetik tarbiya uchun asosiy yo‘nalish vazifasini bajaradi. Jamiyat taraqqiyoti, millat kelajagi shu jamiyatda yashayotgan fuqarolarning ijtimoiy ongi, estetik dunyoqarashi, ideallari, kechinmalari, his-tuyg‘ulari bilan bog‘lanib ketgan. O‘zbekistonda ravnaq topib va o‘zining boy estetik tafakkuriga ega bo‘lgan milliy g‘oya va milliy mafkura xalq ommasi manfaatlarini yuksak tuyg‘ulari va barcha uchun aziz hissiyot olamini nafosat tarbiyasini o‘zida mujassam etgan. Milliy g‘oya va mafkura kishilarni hayotga nisbatan estetik ideallarini xalqning o‘tmishi bilan bog‘lab, ehtirosli va jozibador estetik ehtiyoj va talablar qaror topishiga xizmat qiladi. Bu milliy g‘oyaning hayotiyligi kishilarning ruhiy kayfiyatlari, hissiy kechinmalari va yuksak insoniy fazilatlari bilan boyligi asosida yuzaga keladi.
Milliy g‘oya xalq estetik tafakkurini bir bo‘lagi sifatida barchani olijanob va yuksak tuyg‘ular sari chorlaydi. Milliy g‘oya o‘zida «inson qalbi va ongiga ijobiy ta’sir etadigan tushunchalar va tuyg‘ular, go‘zal va hayotiy g‘oyalar tizimini mujassam etishi»5 jamiyatdagi nafosat tarbiyasining serqirra bo‘lishini ta’minlaydi. Ayni paytda milliy g‘oya insonlarda kelajakka ishonch, yurtga mehr-muhabbat, ijtimoiy hayotga nistatan zavq-shavqqa to‘lib yashash hissini yuksak cho‘qqilarga ko‘taradi. Shuningdek, hayotimizning farovon va go‘zal bo‘lishi yangidan vujudga kelgan milliy mafkuramiz o‘zining jozibali jilvasi hamda maftunkor estetik ideallari bilan kundalik turmushimizni chiroyli qiladi. Milliy mafkura xalqning orzu-istaklari, go‘zal fazilatlari, latofatga boy dunyosi, nazokatli g‘oyalar og‘ushidagi dunyosini shakllantirib, ularda komil insonni tarbiyalab voyaga eikazish uchun kerak bo‘ladigan yuksak imkoniyatlarni yaratadi. Bu borada barcha orzu-ideallarimizni ro‘yobga chiqarish uchun yurtimizda tinchlikning hukm surishi biz yoshlarga katta baxtdir. Shu boisdan har bir inson halbida «Boylikka ham, shon-shuhratga ham, ilmiy, ijodiy kashfiyot ham, oila, sevgi baxsh etadigan saodat ham»6 bularning barchasi insonlarni faqat ezgu-niyatlar sari intiltiradi.
Milliy mafkura jamiyatimizdagi vahshiy, yovuz va xunuk salbiy oqibatlarni yo‘q qilib, xalqimiz oldiga sinov damlarini sabr-matonat bilan erishishni bosh maqsad qilib qo‘ydi. Lekin oq-qorani, yaxshi-yomonni, asl ma’no va mohiyatni teran anglagan xalqimiz bunday onlarda o‘zining ajoyib yurtboshisiga tayanadi. Shu tarzda voqelikni to‘g‘ri baholab, asrlar osha zavol topib kelgan islom dinimizga ham tayanadi. Lekin shuni ham aytish joizki, xalqimizda «guruch qurmaksiz bo‘lmaydi» degan ajoyib maqol bor. O‘z yurti jamolini ko‘ra olmaydigan, xalqimiz orasidan chiqqan bir-ikkita yovuz niyatli kishilar ba’zi fojialarni ham yuzaga keltirdi, ammo o‘zlarining bu xunuk ishlari bilan uzoqqa bora olisholmadi.
Ijtimoiy hayotimizda milliy mafkuraning yuksak ma’naviyatli va komil insonni tarbiyalash uchun o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarini har tomonlama uyg‘unlikda, hamohanglikda amalga oshirayotganligi, aqliy yetuk hamda estetik jihatdan go‘zal fazilatlar asosida irodasini baquvvat qilib tarbiyalab borayotganligi quvonarli holdir. Shunday ekan, doimo «Milliy mafkura, avvalom bor, o‘zligimizni, muqaddas an’analarimizni anglash tuyg‘ularini, xalqimizni ko‘p asrlar davomida shakllangan ezgu-orzularini, jamiyat oldiga qo‘yilgan oliy maqsad va vazifalarni qamrab olishi shart»7. Chunki yoshlarni tabiat go‘zalligi va jamiyat jamolini anglab yetishida bu mafkura o‘zining boy o‘tmishi, asrlarga teng estetik dunyosi bilan barchani ilhomlantiradi. Jamiyatga nisbatan estetik munosabatning porloq bo‘lishi, hayotimizni rang-barang chiroyli tasvirlarga ega bo‘lishi, voqelikni estetik jihatdan idrok etish va bu tuyg‘ulardan rohatlanishni ta’minlaydi. Har bir insonning yuksak axloqiy va estetik tarbiyasining milliy ruhda kamol topishi mafkuramizning insonlar ongidan qay darajada o‘rin olishiga bog‘liq. Jamiyatimizda «yangi mafkura odamlarda kelajakka ishonchni, umidvorlikni tarbiyalaydi, mehr-oqibat, insof, sabr-toqat, adolat, ma’rifat tuyg‘ularini shakllantiradi va ongimizga yorug‘lik nurini olib kiradi, insonlarni buyuk maqsad sari chorlaydi»8.
Hozirgi kunda milliy g‘oya va mafkuramizni estetik jihatlarini xalq ommasiga etib borishida shoirlar, yozuvchilar, san’atkorlar, ziyolilar va ahli donish zimmasida katta mas’uliyat turibdi. Ular o‘zlarining estetik g‘oyalarga boy asarlarini yaratib, odamlarning qalbi va ongida go‘zallikni barq urdirishi, kishilar dunyoqarashini ma’naviy va estetik tafakkurga boyitishi lozim. Shuningdek, bu ijodkorlarni yaratgan asarlarini o‘qishga barcha hamisha baland tog‘ cho‘qqisida ochilgan chiroyli lolani olishga intilayotgan kishilardek intilishi kerak. Bu hayotimizdagi voqealarni, olijanob ezgu-niyatlar va orzu-umidlarni doimo o‘zida ifoda etib keladigan adabiyot, kino, teatr, musiqa, tasviriy san’at asarlari bilan boyitib borishi, kelajak avlod oldida turgan qarz ekanligini chuqur idrok etish hamda unga xolisona baho berish bizning vazifamizdir. Shunday ekan, madaniyat va ma’naviyatimizni nozik va murakkab jihatlarini milliy g‘oya va mafkura asosida boyishi, ularni bevosita estetik tuyg‘ular bilan uyg‘un holda rivojlantirib borishi muhimdir.

Yüklə 173,81 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə