Dante aligyeri


II. Uch yirtqichning har biriga alohida mansub gunohkorlar



Yüklə 70,49 Kb.
səhifə8/11
tarix29.11.2023
ölçüsü70,49 Kb.
#142174
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Ilohiy komediya. Struktura. obrazlar tizimi

II. Uch yirtqichning har biriga alohida mansub gunohkorlar.
Ikkovlon Limbodan pastga yurib, Qoplon bandalari bo‘lmish zinokorlar qavatiga (o‘tkinchi dunyoda ham Dantega dastavval qoplon duch kelgandi!) tushishdi. Ular orasida ilgari tahlildan o‘tkazganimiz “Janglar sababkori, eng go‘zal ayol” – Yelena, Axilles va uning qotili Parisdan tashqari yana Sixey, Bobil malikasi Semiramida, Misr malikasi Kleopatra ham bor. Dovrug‘i jahonni tutgan ushbu hukmdorlardan bo‘lak bir juftlik ham borki, Do‘zax dahshatlariga hali ko‘nikmagan Dante ularning sharhi g‘ami bois yiqilib, hushidan ketdi. O‘sha gunohkorlardan biri o‘zining Po daryosi bo‘yidagi joyda tug‘ilganidan tortib yonida turgan Paolo ismli yigitni sevib qolishigacha, shu bois zino yo‘liga kirishlariyu o‘zlarining o‘ldirilishigacha nihoyatda ta’sirli hikoya qilishi shoirni shunday holga soldi. “Ishq bu – faqat ishqni chorlovchi tuyg‘u,..”, “Yetdi boshimizga muhabbat – balo,..” deya hasrat qilayotgan Francheska da Riminining nolalari ta’sirida Dante ustoz Vergiliyga deydi: “Biror kimsa hech bilganmikin, Ularni qandayin pok, shirin xayol Bu achchiq qismatga olib kelganin?!” Shu topda Dante shuurida bir-biriga nomuvofiq fikrlar to‘qnashardi. Nahotki eng buyuk, muqaddas tuyg‘u oqibati shunday ayanchli, nahotki muhabbat uchun qilingan gunoh gunoh sanalsa, degan o‘ylar shoirni qattiq iztirobga solardi. Uning ongu tafakkuridagi ushbu alg‘ov-dalg‘ovlikning sababi shuki, hali sayyoh Dante yozuvchi Dantening maqsad doim ham vositani oqlayvermaydi, har qanday sabab oqibat uchun bahona bo‘lmas, qabilidagi fikriga kelmagandi. Albatta, Dante o‘zidan bir yarim asrcha keyin yashagan Nikkolo Makiavelli emas. Shu bois ilohiyot qonunlarini buzmoq nafaqat Paolo va Francheskadek oddiy bandalar, balki Axilles, Kleopatra kabilar uchun-da osiylik ekanligi konstruktor Dante qurgan binoning tarhiga singdirilgan. Shunday qilib, “Lonza” [“Qoplon”], aniqrog‘i “Pelago”ning bir xususiyatiga mubtalolarga alohida qavat ajratilganligini ko‘rdik. Uning ikkinchi funksiyasi – adovat uchun esa maxsus makon yo‘q. U sakkizinchi doiradagilarning qilmishlarida zohir. Ya’ni qing‘irko‘ngillik bilan nafsu yovvoyilik yig‘indisi bo‘lmish “Sonno”ning qo‘shilmasi yangi bir gunohni – Firibni keltirib chiqardi. Lekin hali Dante Vergiliy hamrohligida sakkizinchi qavatga yetganicha yo‘q. Uning dahshatiyu vahshatiga dosh bermoq uchun italyan shoiri ochko‘zlar, xasislaru isrofgarlar mahkum uchinchi hamda to‘rtinchi doiralarning sinovidan o‘tmog‘i shart. Chunki Serber panjasidagilar ham, bekordan-bekorga xarsang jildirib yurganlar ham tirikligida Bo‘rining komiga tushishgan. Bundan Dante muhim xulosalar chiqardi, tajriba orttirdi. O‘sha chog‘da, ya’ni to‘rtinchi qavatni kuzatayotib ikki guruh olomonga nigohi tushganda Dante shu ziqnalar va isrofgarlar orasida yirik din peshvolari-da borligiga guvoh bo‘ldi: Anov tepakallar o‘zgacha jahdda, Ziqnalik bobida tengsiz qurumsoq Kardinal bu yerda, bu yerda – papa”.
Ushbu ma’lumotlar Do‘zax strukturasining beshdan ikki (sof holda uchdan ikki) qismini anglashi uchun shoirga yetarli bo‘ldi. Sof ko‘rinishda Lutsifer chuqurligining mag‘ziga to‘liq yetmoq esa beshinchi doiradan boshlandi. Chunki Stigiy botqoqligini qamrab olgan bu hududdan to yettinchi qavatga qadar “Paura”ning Dahshati – “Leone” [“Arslon”] nafasi hukmron. O‘ziga xos mazkur “hokimiyat”ning tuzilmasi esa quyidagicha: beshinchi qismda botqoqda belanib jazolanayotgan Filippo Arjenti va shunga o‘xshash badjahllar, oltinchida ilohga shak keltirgan mag‘rurlar – Epikur, papa Anastasiy, Farinata deli Uberti, Kavalkante Kavalkanti va hokazolar uning “fuqaro”lari bo‘lsa, botqoqlikka Flegiy, dahriylar yonayotgan Dit shahriga uch qasoskor eriniy (Tisifona, Megera, Alento) “hokim” (ya’ni soqchi). Agar diqqat qilinsa, Stiksning zulmkorlar, Ditning esa ilohiyotga mensimay, dimog‘dorlik bilan qaraganlar uchun mo‘ljallangani anglashiladi (Zulm va Mag‘rurlik “Paura”ning xususiyatlari ekanligi yodingizdadir?!). Ushbu toifalarning faqat jazolanishigina qarama-qarshi vositalar orqalidir. Arjentiyu uning urishqoq hamtovoqlari Stiks suvlarida adoyi tamom bo‘lishi hamda yeretiklarning o‘tda kuydirilishi hodisalari shuni ko‘rsatmoqda. Boz ustiga, ikkinchi toifa qismatidagi azob yanada azobli. Ularning ba’zilari bu holatni hayotlarining birinchi pallasi oxirida ham boshdan o‘tkazgan (ya’ni inkvizitsiya tomonidan xudosizlar sifatida olovda yondirilgan). Shunday esa-da, florensiyalik gibellin Farinataga hech bir o‘t pisand emas, chunki uning qalbi otashdan yaralgan (Lutsiferning old yuzi olovrang-qirmizi ekanligini eslang!): Ustozim dediki: “Qo‘rqma, boq qarab, Bo‘y ko‘rsatgan senga Farinata bu, Yarim tanasi-la ayon, muqarrab”. Tikilib turardim endi ro‘baro‘, Qomatin g‘oz tutib, Do‘zaxni go‘yo
Istehzosi bilan yoritardi u! Beshinchi va oltinchi doiralardagi cho‘kkan (namdan toraygan) hamda mana shu bo‘y cho‘zgan (yuqori haroratdan kengaygan) vujudlar bosqichma-bosqich yettinchi aylana mahbuslariga ko‘prik bo‘ldi: (5) Badjahllar, zolimlar (6) Shakkok kalondimog‘lar — Arslonga ergashganlar (7) Zo‘ravonu zulmkorlar
Izoh: qavs ichidagi raqamlar qavatlarning tartibini bildiradi.
Bunda oxirgi bosqich hisoblangan yettinchi qavat bir muncha murakkabdir. Uning uch bo‘lagi zo‘ravonlikning uch xil ko‘rinishiga atalgan.
Ustoz ta’rifidagi bu doiraning dastlabki bo‘limi yuqorida aytilganidek, o‘z yaqinlariga va ularning mulkiga tajovuz qilgan qotillar, qaroqchilar, zolim hukmdorlar (Fessaliya shohi Aleksandr, Sirakuza tirani Dionisiy, Obisso d’Este, Attila, Sekst, Pirr, Rinyer de’ Passi, Rinyer Korneto va hokazolar)dan to‘lgan. Ushbu talonchilar, bosqinchilar birovlarning moliyu joniga qasdlashgani sababli qaynoq Flegetonning mavjlarida qovriladi. Lekin ularning gunohi o‘z joniyu mulkiga qasd etgan (ikkinchi bo‘lim) Pyer della Vinya, Lano, Jakomo da Sant-Andrea kabilar yoki uchinchi bo‘linmadagi Kapaney va uning sheriklari bo‘lmish xudobezorilar (tangriga sarkashlik qilganlar), tabiat qonunlariga xilof ishlar bilan shug‘ullangan gomoseksualistlar – Gvido Gverra, Teggyayo Aldobrandi, Yakopo Rustikuchchilar, xilqatu san’atni tahqirlovchi sudxo‘rlarning osiyligi oldida birmuncha yengildir. Afsuski, bular safida Dantening yoshlikdagi ustozi, lotin tili muallimi Brunetto Latini ham bor.
Ser Brunettoning aytishicha, hali hayot chog‘i u kabi ilm-fanning dongdor kishisi bo‘lgan grammatik Prissian, huquqshunos Fransisk Akkursiy, ruhoniy Andrea de’ Mossilar ham shu qismatga – yettinchi doiraning uchinchi bo‘limiga bandi. Ha, ilmu urfon vakillarining-da badaxloq ekanligi naqadar dahshat! Ustozning qilmishi, taqdiri borasida shogird (sayyoh Dante) biror baho berishga-da ojiz. Faqat konstruktor Dantegina uni ayovsiz tarzda yettinchi aylananing eng chuqur joylaridan biriga “qo‘ndirgan” va endi ana o‘sha makonlarni umumiy xulosaviy manzara ko‘rinishida ifodalasak:
Birinchi bo‘linma (O‘zgalar hayoti va mulkiga tajovuz qilganlar);
Ikkinchi bo‘linma (O‘zlarining hayoti va mulkiga qasd etganlar);
Uchinchi bo‘linma (Xudo, tabiat va san’at qonunlariga zo‘ravonlik qilganlar) Beshinchi va oltinchi doiradagilar kabi jahlga erk bergan, “Leone” [“Arslon”]dan mutakabbirligu qon to‘kish, kuch ishlatishni o‘rgangan osiylardan iborat yettinchi qavatning ushbu umumiy chizmasi zo‘ravonlik hodisasining tadrijiy yo‘sinda o‘sishi (tepadan quyiga tomon yo‘nalishda esa chuqurlashishi)ni aks ettiradi.
Bunday murakkablik, bunday darajalanish sakkizinchi doira uchun ham xos hamda bu hol oldingi qismdan uch barobar yuqoridir. Va nihoyat, Danteyu Vergiliy mana shu o‘n bo‘lakli hududga yetib kelishdi. Endi italiyalik shoir uning dahshatiyu vahshatiga dosh bera oladi.


Yüklə 70,49 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə