Dante aligyeri



Yüklə 70,49 Kb.
səhifə3/11
tarix29.11.2023
ölçüsü70,49 Kb.
#142174
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Ilohiy komediya. Struktura. obrazlar tizimi

II. Xaloskor tepalik
Shoir “Valle”yu [“Vodiy”] “Selva”ning baridan bir amallab chiqqach, o‘rmon nihoyasidagi adirga qadam qo‘yib, tepaga ko‘tarila boshladi.
Dante xiyol vaqt tin oldi. U nihoyatda toliqqan edi. Ana o‘sha charchog‘u sarson-sargardonlikning, ruhiy zo‘riqishning oqibati, ta’siri endi bilinmoqda. Demak, zamindagi hayotimiz mana shunday darbadar kezish, uqubat chekish, aldanish va lekin baribir Haq sari intilishdan iborat ekan.
Shu tariqa Dante ham tubsizlikdan chiqib oldi. Bu “Pelago” [“Dengiz”, “O‘pqon”] xilma-xil ko‘rinishli, ammo xira va aldoqchi dunyoning sifatlaridandir. U osiy bandalarni o‘z qa’riga yutaveradi. To‘g‘ri yo‘ldan adashganlar esa o‘sha yuho dengizga yem bo‘lishlaridan, naqadar tubanlashib ketishganidan bexabardirlar (Ha, Dantening g‘oyibona ustozlaridan biri faylasuf Seneka ham bejizga “Ayrimlar zulmatga shu qadar botganlarki, yorug‘likdagi hamma narsani noaniq ko‘radilar”, deya Pomponiydan iqtibos keltirmagan!). Buni anglab yetishganda esa ruhlari tanadan ayro holda jahannamda azob chekayotgan bo‘ladi. Biroq jahannamning o‘sha sababkori – “Paura”, nafsdan paydo “Sonno” hamda shoir xulosalarining uchinchisi sanalmish asosan tunga mansub gunohkorlar – shahvatparastlardan qoraygan jirkanch “Pelago” kabi mo‘jaz obrazlarning umumlashmasi, o‘z navbatida dorulfano timsoli hisoblangan “Selva” (“O‘rmon”) barchani ham mahv etolmaydi. Imoni but bandalar uni yengib o‘tgaylar. Asar qahramoni Dante ham shular safida. U ming mashaqqat bilan changalzordagi tikanli shoxlardan, chirmovuqlardan qutulib, boya uchlikda tilga olgani – “La riva”ga yetdi. Ushbu najotkor “Sohil” shoir jon-jahdi-la tirmashayotgan balogardon tepalikning ramzidir. Vazifasiyu xususiyatlari o‘sha adirga mengzalgan “Sohil” timsoli “Dengiz”u “O‘pqon”ga, ya’ni ”Pelago”ga qarama-qarshi turadi. Dantening “…con lena affannata Uscito fuor del pelago a la riva…” satrlari vositasida biz anchadan beri ta’rifu tavsifini keltirayotganimiz makon va undan tashqariga chiqish, to‘g‘rirog‘i, XALOS BO‘LISH hodisasi tasviri va g‘oyalarining bunday murakkabu muxtasar xulosasi singdirilgan misralardagi ana o‘sha ikki logos – “Pelago” hamda “Riva” tushunchalari “Balo” va “Balogardon”likning ham simvolidir. Dantening hozirgacha kechgan umri mana shu “Balo” hamda qisman “Balogardon”da o‘tdi. Bu jarayonni “… fuor del pelago a la riva…” (“…dengizdan sohilga…”) jumlasi dohiyona ifodalaydi. Xullas, bu yo‘l “Pelago”dan uning muqobili “Riva”ga qadar cho‘zilgan.
Umuman, qarama-qarshilik, zidlik hosil etgan bu kabi obrazlar “Komediya”ning ilk qo‘shig‘ida yetarlicha uchraydi:
1. “Oscuro” [“Zim-ziyo”] — “De’ raggi del pianeta” [“Sayyora nurlari”]
2. “Amaro” [“Achchiq”, “Zulmkor”] — “Pianeta” [“Sayyora”]
3. “Valle” [“Vodiy”] — “Colle” [“Adir”]
Old qatorlarda tilga olingan kuchlardan eson-omon qutulgan Dante endi xuddi Eney va avliyo Pavel kabi tanu ruh birligida boqiy dunyoga jo‘nashi lozim edi (hali uning o‘zi bundan bexabar!). Shu asno ilohiy kuchlar inoyati-la “rihlat so‘qmog‘i”ga shoirning ko‘zi tushdi. Bu yo‘l sayyohning sayyoralarga – behisht ko‘klari sari borishida ko‘prik bo‘lmog‘i lozim. Boya bir necha bor ta’kidlaganimiz – qazo qilmay turiboq fano dunyosini tark etish tadorigidagi Dante ko‘zlagan mazkur so‘qmoq aslida o‘zi o‘rmonda yo‘qotgani “Verace via” [“Haqiqat yo‘li”]dir.


Yüklə 70,49 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə