Abdulla Qahhor



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə7/39
tarix24.12.2023
ölçüsü5,01 Kb.
#160527
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   39
Abdulla Qahhor. Anor [@kitoblar pdf]

TULKI TUMSHUG‘IDAN...
Muattar qishloqdan ta’bi ochilib qaytdi, avtobus institut
oldida to‘xtaganida ichkariga kirib Anvarning ishxonasini
so‘radi, u bilan gaplashgisi keldi.
Muattar borganda Anvar uzun mashina yuvayotgan ekan,
unga bir qaradi-yu, ishini qilaverdi.
– Salom! – dedi Muattar.
Anvar shlangni tashlab suvni to‘xtatdi, qo‘li ho‘l bo‘lgani
uchun so‘rashgani tirsagini tutdi.
– Ammam yuborgandirlar? – dedi qovog‘ini solib.
Muattar qoshini chimirdi.
– Ammangiz yuborsalar kelmas edim, o‘zim keldim!
– Xush kelibsiz! – dedi Anvar «yana nima deyishim
kerak», degan ohangda.
Muattar xijolat bo‘ldi.
– Men bilan to‘g‘rilikcha gaplashavering, Anvarjon, o‘sha
xatda yozgan gapim gap, men erga tegadigan bo‘lsam dallol
kerak emas! Ammangizni butun vujudim bilan yomon
ko‘raman!
Anvarning chehrasi ochilib ketdi. Muattarni bostirmaga
taklif qildi, kursi qo‘yib berdi, borib oqsoq cholning qaynab
turgan qora choynagidan choy damlab keldi. Biroz jim
qolishdi. Anvar undan so‘z kutib jilmaydi. Muattar ham
jilmaydi.
– Muhayyodan salom... Men hozir qishloqdan kelyap-
man, – dedi Muattar va uning hayron bo‘lganini ko‘rib izoh
berdi: – Bir ish bilan borgan edim, Muhayyoxonni ko‘rib
hayron qoldim. Muborakxonim, Hakimjon aka ham o‘sha
yerda ekan.
Anvar Muhayyodan xat olib turgani uchun uning ahvoli-
dan xabardor, onasi Muborakxonim o‘sha yerda ekanini ham
bilar edi, biroq dam olish uyiga ketgan otasi Hakimjon u
yerda nima qilib yurganiga hayron bo‘ldi, ammo uning nima


58
uchun borganidan ko‘ra, nimalar deganiga qiziqdi. U hatto
uning nimaga ilhaq bo‘layotganini fahmlab, Muhayyoning
birinchi turmushi xususida Hakimjonning Muborakxonimga
qilgan pichingini aytdi.
Anvar qoniqmadi.
– Yana nima dedi? Yo‘q, mening to‘g‘rimda, yo‘q,
Muhayyo ikkovimiz haqimizda nima dedi?
Muattar uning nima demoqchi bo‘lib dovdirayotganini
fahmladi.
– Bir-birlaringni yaxshi ko‘rishlaringni yaxshi bilar ekan.
– Shunaqami! – dedi Anvar hovliqib. – Nimadan bil-
dingiz? O‘zi aytdimi?
Muattar kuldi.
– Muhayyoni shunaqa yaxshi ko‘rasizmi?
Anvar yerga qaradi.
– Men yaxshi ko‘rish nima ekanini hali bilmayman, lekin
Muhayyoga, Muhayyo degan insonga juda-juda muhtojman.
Butkul yetim bo‘lganim, xafa bo‘lgan paytlarimda yuragimni
kimga bo‘shatishimni bilmaganim uchun bu gapni
aytayotganim yo‘q. Otam jon bergan damda ammam ko‘zimga
xarob, xunuk ko‘ringan, o‘zim ojiz, notavon bo‘lib qolgan
edim. Muhayyo bor joyda olam ko‘zimga chiroyli, obod
ko‘rinib qoldi, o‘zimni har ishga qodir sezaman.
– Mana shu muhabbat bo‘lsa kerak, – dedi Muattar. –
Muhabbat chaqmoqday ko‘ngildagi har qanday qora bulutni
ham tilka-pora qiladi deyishadi.
– Yo‘q! – dedi Anvar, – agar shu muhabbat bo‘lsa,
muhabbat chaqmoqqina emas, odamga o‘xshaydi: tug‘ilganda
bir parcha go‘sht bo‘ladi, keyin ko‘zini ochadi, keyin
kuldirgich paydo qilib iljayadi, keyin til chiqarib har kuni
yangi bir gap aytadi...
Ikkovi uzoq jim qolgandan keyin Muattar so‘z boshlab
ikkovining bunaqa «sen unda zor, men bunda zor» bo‘lib
yurishni, Marg‘ubaning fitna-fasodiga oziq bo‘lishini, shaharda
bunaqa odam bitta Marg‘uba deb qarash xato ekanini aytib,
modomiki, jiddiy monelik yo‘q ekan, tezroq qovushishni
maslahat qildi va bu haqda qo‘lidan keladigan yordamini
ayamaslikka so‘z berdi.
Anvar kuldi.


59
– Siz meni yo‘lga solmoqchisiz shekilli, meni yo‘lga
solishning hojati yo‘q, o‘zim tayyorman, siz Muhayyoni
yo‘lga soling!
Muattar ham kuldi.
– Muhayyo ham shunaqa deyapti! Xo‘p, ikkovlaring ham
tayyor bo‘lsalaring, to‘yga nima to‘sqinchilik qiladi?
– Eng birinchi to‘siq – boshpana yo‘qligi, – dedi Anvar. –
Undan tashqari, ikkovimiz ham stipendiya olmaymiz, mayib
yo ishdan qolgan odamlarga o‘xshab kunimiz pensiyaga
qoladimi? Boshpana bilan biroz pul to‘g‘risida Marg‘uba
opangizni insofga keltirish mumkin bo‘lsa edi! Mayli, bizga
avtomobil ham, taqinchoqlar ham kerak emas, hammasini
olsin-u o‘zining hovlisiga ko‘chib ketsin! Hovlisini ijaraga
qo‘ygan. Mayli, bizga kassadagi pulning yarmini bera qolsin!
Muattar uzoq o‘ylaganidan keyin shu ishga urinib ko‘rishni
bo‘yniga olib, Anvar bilan xayrlashdi.
Marg‘uba Anvarning alohida hujra olganini eshitgan edi,
Muattarning kechasi kelmaganiga, tushga yaqin, yana kechikib
kirib kelganiga o‘zicha ma’no berdi-da, shodlikdan o‘zini
yo‘qotguday bo‘lib, uning peshonasidan qariyb tizzasigacha
o‘pdi: yo yuzidan, yo ko‘zlaridan, har bir harakati-yu tovushi
va bir-biriga qovushmaydigan bo‘lsa ham har bir so‘zidan
o‘zining gumonini tasdiqlovchi alomatlar qidirdi, topdi.
Muattar uning nima xayolga borganini bilib ichida kuldi,
lekin shashtini qaytarmay qo‘ya qoldi. Marg‘uba oshxonaga
kirib jiz-biz boshladi, lekin ovqat pishguncha biron o‘n marta
chiqdi, har safar Anvarning xususida o‘tgan kechaning butun
tafsilotini bilgisi kelib Muattarni titkilar edi.
– Bu yetimcha go‘lgina narsa edi, gapini nimadan
boshladi?
Muattar «bu ahmoq nega meni shunaqa rasvo qiz deb
o‘ylaydi», deb g‘azabi kelsa ham o‘ylagan bo‘lib yuzini bilagi
bilan to‘sdi.
– Boring, shunaqa narsalarni so‘raydimi kishi!..
– Xo‘p, xo‘p, so‘ramayman,– dedi Marg‘uba va oshxonaga
kirib ketdi, hayal o‘tmay yana chiqdi.– Shunaqa bo‘lishini o‘zim
bilgan edim, seni shuning uchun yuborgan edim-da!
Muattar g‘azabidan olov bo‘lib ketdi, lekin indamadi,
yerga qaradi.


60
Marg‘uba yana oshxonaga kirib ketdi, hayal o‘tmay tuxum
bilan qovurilgan qiyma olib chiqdi.
– Yoshlarning ishi shu-da, ro‘zasini shalg‘om bilan ham
ochaveradi! Shundoq ekan, bu yoqqa kelmaysizlarmi, men
yaxshi ovqatlar yegizib sim karavotga tizza bo‘yi joy solib
bermaymanmi!
Muattar gapini o‘z maqsadiga tomon burgani qulaylik
tug‘ilib qolganini sezib:
– Sizdan Anvarning ko‘ngli qolgan, juda-juda qolgan! –
dedi.
Marg‘ubaning rangi bir tarzi bo‘ldi.
– Qolgan bo‘lsa qolgandir, men unga zig‘ircha ham
yomonlik ravo ko‘rganim yo‘q, nima qilgan bo‘lsam
kuyganimdan qilganman, yana topishib ketamiz...
Muattar yolg‘ondan chuqur xo‘rsindi.
– Topishadigan afti yo‘q! Oriyati kuchli yigit-da, darbadar
qilib qo‘yganingiz jon-jonidan o‘tib ketgan ekan. Hovlini
hukumatga topshirib, boshqa joy so‘ramoqchi. Sizni o‘z uyiga
ko‘chib ketsin deyapti.
Anvar otasining vasiyatiga amal qilib Muattarni oladigan
bo‘lsa Marg‘ubaning vasiyligi o‘z-o‘zidan chippakka chiqar,
hamma meros Anvarning o‘z ixtiyorida bo‘lib qolar edi,
shuning uchun Marg‘ubaning rangi quv o‘chib yig‘ini boshladi.
– Shu ekan-da, hammamiz bir joylik bo‘lamiz, dadang
ikkovimiz xizmatlaringni qilamiz, deb umid qilgan edik.
U uy o‘lgur eshigidan kirsam tumshug‘i betga tegadi. Qarigan
chog‘imizda bizni xor qilar ekansizlar-da...
Muattar qattiq o‘ylagan bo‘lib qoshini chimirdi, lunjlarini
shishirdi, birozdan keyin dedi:
– Anvarning bu niyatiga, albatta, men ham rozi emas-
man!.. Biz to‘yni bahorga chiqib qiladigan bo‘ldik. Ungacha
biron kor-hol qilib qo‘ymasin desangiz Anvar bilan yarashing.
O‘zim yarashtirib qo‘yaman.
Marg‘uba bunday gapni kutmagani uchun shoshib qoldi.
– Jon koshki edi!
– Ana undan keyin, – dedi Muattar, – ikkita uyni yasatib
Anvarni ko‘chirtirib keling! Anvar sizning qanotingiz ostida
bo‘lsa men ham xotirjam bo‘lib ketaman.


61
– Mayli, ikkita uy nima ekan, hammasi o‘shaniki-ku! Biz
xizmatidagi odammiz, o‘tgan ishga salovat deb ikki og‘iz
shirin so‘zini ayamasa bas...
– Ha, aytganday, – dedi Muattar uning so‘zini bo‘lib, –
o‘zingiz bilasiz, bu zamonda ro‘zg‘or sotib olishdan mushkulroq
ish yo‘q, pulni belga tugib yurib uchraganda tappa bosmasa
bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘sha kassadagi pulning kam deganda
yarmini Anvarning cho‘ntagiga solib qo‘ying.
Marg‘ubaning ko‘zlari chanog‘idan chiqib ketguday bo‘ldi.
– Shuncha pulni-ya? Yosh narsa...
– Yosh bo‘lib aroq ichmasa, papiros chekmasa, xotin-
xalajning oldidan paranji yopinib o‘tsa... nima qibdi?
Marg‘uba nochor ahvolda qolgan bo‘lsa ham bunga rozi
bo‘lgani yuragi dov bermadi.
– Muattarxon, shu ishni Anvar ikkovimiz qilsak bo‘lmas-
mikin?
– Qiziqsiz-a! – dedi Muattar, – sizni ko‘chama-ko‘cha
olib yuradimi? Yo bo‘lmasa mol topilganda ustiga to‘ppisini
tashlab sizni qidiradimi? Sizga nima, erkak bo‘lsa o‘zi qilsin!
Marg‘uba boshiga qo‘qqisdan yog‘ilgan bu falokatlardan
gangib qoldi, o‘zini o‘nglagani va durustroq o‘ylab ko‘rgani
fursat o‘g‘irlash uchun stolni yig‘ishtirib chiqib ketdi. Uning
biron og‘iz qarshi so‘z aytmagani dabdurustdan va osonlikcha
bo‘lmasa ham, har nechuk, rozi bo‘lishini ko‘rsatib turar
edi. Muattar o‘zining bunchalik uddaburro chiqqaniga hayron
bo‘lib, ichida yelkasiga qoqib qo‘ydi.
Biron yarim soatdan keyin Marg‘uba baland poshnasi
orqaroqqa ketgan amirkon tuflisini, qariyb ichak-chovog‘i
ko‘ringuday harir ko‘ylagini, chamandagul do‘ppisini kiyib,
pardoz qilib chiqdi, aftidan o‘ylab-o‘ylab Anvar bilan yarashgani
borishga qaror qilgan edi. Muattar avval borib Anvarni yo‘lga
solish, yarashgani ko‘ndirish kerak ekanini aytib, bu ishni ertaga
qo‘ydi. Ertasiga Muattar Anvarning oldiga borib, Marg‘uba
bilan ikki orada bo‘lgan savdoni to‘la-to‘kis gapirib berdi.
Anvar cho‘chib ko‘zlarini katta ochdi, og‘ir-og‘ir kiprik qoqdi:
– O‘ho‘, boplabsiz-ku! Lekin aldash qanaqa bo‘lar ekan!
– Ammangiz tulkilik qilmloqchi edi, lekin tumshug‘idan
ilingani yaxshi bo‘ldi!


62
Muattar Anvar bilan gapni bir joyga qo‘yganidan keyin
borib Marg‘ubadan suyunchi oldi va yarashishning vaqtini,
o‘rnini aytdi.
O‘sha kuni kechki payt belgilangan soatda davlat bankining
binosi oldiga park tomondan Marg‘uba bilan Muattar, sirk
tomondan Anvar kelib, kattakon akatsiya soyasida uchrashuv
va sulh marosimi bo‘ldi. Marg‘uba avval yig‘lab uning
yelkasiga osildi, keyin dashnom berdi.
– Axir shu ish-ku shundoq bo‘lar ekan, nima qilar eding
meni kuydirib! – dedi. Ikkovini quchoqlab: – Buni qara,
har tola sochining ta’rifi bitta kitob bo‘ladi-ya!
Anvar beixtiyor Muattarning sochiga qaradi.
Muattar payt poylab qosh va ko‘z imosi bilan «ammangga
uzr ayt» demoqcni bo‘lgan edi. Anvar buni «kassadan gapir»
degan ma’noda tushundi-da, bo‘ynini qashib:
– Endi bu yog‘i nima bo‘ladi! – dedi.
– Bu yog‘i nima bo‘lar edi, – dedi Marg‘uba bularni
kassaga boshlab, – to‘yning harakatini qilaveramiz.
Tegishli qog‘ozlarga Anvar ikkovi qo‘l qo‘yganidan keyin
Marg‘uba pulni sanadi-da, Anvarning qo‘yin cho‘ntagiga o‘z
qo‘li bilan solib qo‘ydi.
Anvar xuddi qo‘yniga yarim putlik tosh solinganday bir
tomonga qiyshayib, Muattarga qaradi. Muattar uning biron
o‘rinsiz gap aytib qo‘yishidan cho‘chir edi, shuning uchun
kassadan chiqilgach, Marg‘uba qahvaxonaga kirib biron
piyoladan qahva ichishni taklif qilganda shaharda ishi borligini
aytib ko‘nmadi.
Marg‘uba uyni yasatib qo‘yadigan, Anvar ertaga tushdan
keyin ko‘chib keladigan bo‘ldi.
Endi Muattar iloji bo‘lsa bugun, yo‘q, ertaga kechga
qolmay shahardan chiqib ketishi kerak, chunki ertaga Anvar
ko‘chib keladi-yu kechasi qoladigan bo‘lsa butun sir fosh
bo‘lar edi.
Muattar ertasiga ertalab Marg‘uba bilan «to‘y kun-
larigacha» xayrlashdi. Kechqurun uni Anvar aeroportga kuzatib
chiqdi. Shu yerda ikkovi gapni bir joyga qo‘ydi.
Muattarning fikricha bularning to‘yi mumkin qadar tezroq
bo‘lishi kerak, chunki to‘y uzoqqa cho‘zilsa biron sabab bilan
makr-hiyla fosh bo‘lib, Marg‘uba yana alam ustida kutilmagan


63
mojarolar boshlab yuborishi, buning oqibatida xunuk gaplar
bo‘lishi mumkin edi. Anvar uning fikrini ma’qulladi va to‘ydan
uch-to‘rt kun burunroq kelib tayyorgarlik ishlariga bosh
bo‘lishini so‘radi, chunki Marg‘ubaning qutqulari orqasida
Anvardan xafa bo‘lib yurgan qarindoshlar ichida bu vazifani
zimmasiga oladigan odam chiqmasligi mumkin edi.
Muattar uning iltimosini bajonidil qabul qildi, talabalar
paxtadan qaytishiga yetib kelgani va’da berdi, telegramma
yuboradigan bo‘lib, mehmonxonadan nomer olib qo‘yishni
so‘radi.

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə