68
yubormadi (vaholanki, u bizni qanday oson yaratgan bo’lsa, nonko’rligimiz uchun jazo
tariqasida shunday oson yo’q qilib tashlashi ham mumkin edi).
U bizga yorug’ olamni ravo ko’rdi. O’zimizga jannat yaratish imkonini berdi. U
bizni suyganidan o’sha jannatni qanday yaratish mumkinligi haqida bayon qilingan
qator-qator ilohiy bitiklar tushirdi. “Mana, bandam, senga hayot. Mana shu hayotingni
baxtiyor qilish uchun yo’riqnoma. Agar bunda aytilgan me’yorlarga amal qilsang –
hayoting jannatda o’taveradi. Ularni buzsang, na iloj – o’z hayotingni o’zing do’zaxga
aylantirasan. Qaysi tomonni tanlash – o’zingga havola” deb bizga muruvvat ko’rsatdi.
Biz yashashni boshladik. Xatolar qildik. Bu xatolar bizga muammo bo’lib qaytdi.
Bizga Tangri azobni ham bizni suyganidan berdi – U bu ish xato ekanini anglashimiz,
buning natijasida o’zimizga o’zimiz muammo orttirib olishimizni ko’ra bilishimiz va
kelgusida yana shu ishni takrorlab o’zimizni azobga qo’ymasligimiz uchun berdi bu
jazoni.
Unga o’zi yaratgan bandalari – o’z ruhidan nafas bergan dilbandlarining xato
qilib, buning jabrini tortishlarini ko’rish yoqadi deb o’ylaysizmi? Biz azob cheksak, U
bizga bor mehri bilan achinadi. Axir, U rahmdil. U xato qilsak – kechiradi. Axir, U
mehribon va kechirimli. U so’rasak – beradi. Axir, U marhamatli.
Yana shunda ham bizga mehr bilan berilgan in’om – hayotni sinov deyish
to’g’rimikan? Biz bandalar sinab ko’rib – keyin bilamiz. Yaratgan esa – shundoq ham
hamma narsani biladi.
Eng qiziq odatimiz shuki – ajal kelganda biz o’sha sinov deb atayotgan narsaga
mahkam yopishamiz. Xo’sh, sinov tamom bo’lishini nega istamaymiz – nega o’limdan
qo’rqamiz?
Chunki, yana yanglish, o’limni jazo kabi ko’ramiz. O’lim – jazo emas,
marhamatdir. O’lim Tangri mehrining bir parchasi bo’lgan ruhimizni manbayiga
qaytaruvchi kuch. Bunda uzoq muddat o’z makonidan uzoqda, moddiy olam tarkibi
bo’lgan bir mavjudot jussasida yashagan ruh hayajon va sevinch bilan Vataniga qaytadi
va taskin topadi. Ruhingiz o’lmaydi – o’lim, shunchaki, xatlab o’tish kerak bo’lgan
ostona.
Hayotni in’om bilib yashang. Tangri sizga o’limni marhamat qilib yuborguncha –
bu in’omning barcha imkoniyatlaridan foydalana biling. Uni aqlingizga emas –
qalbingizga xizmat qilishga bag’ishlang. Toki sizning baxtli yashashingizni ko’rib
Yaratgan ham mamnun bo’lsin.
Ichimizdagi Baytulloh
“Mo’minning ko’nglini
og’ritishning gunohi – Ka’batilloni uch
marotaba buzib tashlash gunohiga
tengdir”
(Hadisdan)
Hadisning bu satrlarida buyuk hikmat bor.
Biz Yaratuvchiga bo’lgan chin sevgi-ixlosimizni qalbimizda saqlaymiz. Tangri
bizning ko’nglimizda yashaydi. Ana shu har bir odamning ichidagi Xudoning uyiga
tajovvuz qilish – gunohi azim.
69
Biz har kungi hayotimizda ko’ngil birlamchi ekanini ko’p ta’kidlaymiz. Biz
dildan suhbatlashishni yaxshi ko’ramiz. Ezgu amallarimizni
ko’ngildan chiqarib
qilamiz. Ko’ngli toza odamlarga talpinamiz. Bir-birimizning ko’nglimizni olamiz,
kimlargadir ko’ngil qo’yamiz. Shaxsiyatimiz markazida qalb turishini bilib-bilmay tan
olaveramiz.
Qalbning so’zlashish tili – mehr. U tashqi olam bilan faqat shu tilda muomala
qiladi. U nimanidir yaxshi ko’radi va talpinadi, sevadi va sog’inadi, suyadi va
dillashadi. U bizni bunyodkor bo’lishga undaydi – boshqa qalblarga ham o’z mehridan
bergisi, atrofida yorqin dunyoni ko’rib, sevingisi keladi.
Uning yaratuvchi kuchi ham aynan mehr. U mehrdan ilhomlanadi, ijod qiladi,
ixtirolar yaratadi – bizga yaratuvchanlik ruhini ato etadi. G’ayrat-u shijoatimiz,
iste’dod-u qobiliyatlarimiz asosida mehr turadi.
Mehrning yaratuvchilik kuchi bugungi kunda isbot talab etmaydi. Buni hatto
fiziklar ham tan olib ulgurishgan. Tibbiyotda esa mehrning shifobaxsh xususiyati
asrlardan beri odamlarga ma’lum.
Mehr bilan qilingan ovqat shirin, chizilgan rasm go’zal, tikilgan kiyim qulay –
mehr bilan aytilgan so’z betakror bo’ladi. Tajribada isbotlanishicha, mehr bilan
o’stirilgan o’simliklar uzoqroq yashaydi, chiroyliroq gullaydi.
Amerikalik psixologlar bir tajribada yangi tug’ilgan chaqaloqlarni ikki guruhga
ajratishgan. Birinchi guruhdagi go’daklarga doyalar mehr-e’tibor ko’rsatishgan, ular
yotgan xona doim chiroyli bezatilgan. Ikkinchi guruh chaqaloqlarga hamma narsa
berilgan (ovqat berilgan, taglari almashtirilgan, ularning xonasi chinnidek ozoda turgan)
- ularga birgina mehr berilmagan.
Bir oydan so’ng olimlar tajribani to’xtatishga majbur bo’lishgan, chunki ikkinchi
guruhdagi chaqaloqlarning ko’pchiligi xastalanib, ulardan biri nobud bo’lgan.
Ana shunaqa ayanchli saboq. Garchi biz uni aniq ko’ra bilmasak-da, mehrning
hayotimizga ta’siri katta. Odamga ko’rsatilgan mehr uning kuchli shaxsiyat egasi
bo’lishiga yordam beradi.
Qalbning birlamchi istagi – mehr berish. Avvalo, bu mehr insonning o’ziga
qaratilgan bo’lishi lozim. Unutmang – o’zini yaxshi ko’rmagan odamni hech kim
yaxshi ko’rmaydi. Odam qalbidagi mehrning bir bo’lagini o’ziga atashi kerak. Chunki
har birimiz mukammal shaxsmiz – ichimizdagi qalb ana shunday mehribonchilikka
munosib.
O’z-o’zini yaxshi ko’rishning xudbinlikka hech bir aloqasi yo’q. Egoist odam o’z
manfaati uchun boshqalar manfaatidan kechuvchi shaxsdir. Aslida, xudbin odam –
o’zini eng yomon ko’rguvchilardan yetishib chiqadi. Ular o’zlarini shunchaki baxtli
bo’lishga noloyiq his etadilar va shuning uchun o’zgalar baxtini tortib olishga yoki
yo’qqa chiqarishga harakat qiladilar. Bunday odamlarning jazosi o’zi bilan birga –
o’zini yomon ko’radigan shaxsning hayoti o’z baxti uchun azobli kurashdan boshqa
narsa emas.
O’z-o’zini shartsiz yaxshi ko’rish – o’zini boricha qabul qilish, o’zidan va
hayotidan mamnun bo’lish demakdir. Siz o’z aqlingiz gaplaridan qat’iy nazar
qalbingizni seva olsangiz – demak siz o’zingizni sevasiz.