65
Ishqiy munosabatlarda aqlning gapiga aldanib qolish holati juda achinarli. Ba’zida
biz aql va’dalariga ishonib, ko’nglimiz istamagan odam bilan munosabatga kirishamiz.
Bunday munosabat o’ta qiynoqli va qisqa umrli bo’ladi.
Yakuni tayin bo’lgan munosabatlarni to’xtatish – juda nozik masala. Bunda
boshqa odamning ko’ngliga zarar yetkazib qo’ymaslik juda muhim. Sizga o’z qalbini
to’liq ishongan odamga kamida yaxshi do’st bo’lsangiz arziydi. Chunki sizga ko’nglini
bergan odam sizdan yomonlik kutmaydi va sizga ham faqat yaxshilikni ravo ko’radi.
Bunday do’stlar juda kam bo’ladi. Agar u odam siz bilan faqat aqliga ergashib
munosabatda bo’layotgan bo’lsa – u bilan xayrlashib, siz uning qalbiga sira ozor
yetkazmayiz.
Umuman olganda, ishqiy munosabatlar – qoidalarga solinadigan, maslahat
beriladigan, ibrat aytiladigan sohamas. Bundagi har bir qaror odamning o’z qalbidan
chiqishi va boshqa hech narsaga asoslanmasligi lozim.
Siz – o’ziga xos shaxssiz, sevgingiz ham shunga yarasha o’ziga xos. Shunday
ekan, ko’nglingiz aytgan yo’lda seving va seviling – bunda sizga hech bir kitob ham,
maslahatgo’y ham kerak emas.
Do’stlik – hamko’stlik
“Do’sting do’st bo’lmasa agar
Undan ne foyda bo’lar...”
(To’ti Kesha haqidagi multfilmdan)
Do’stlik – bizning munosabatlarimiz markazida turuvchi yana bir tuyg’u. Uning
juda ko’p turlari mavjud – shundan unga mukammal ta’rif berib bo’lmaydi.
Do’stlikda ham bir odam boshqa odamga to’liq qalbini ishonib topshiradi. Ammo
uning sevgidan farqi shundaki, unda boshqa odamga jismonan bog’liqlik bo’lmaydi.
Shunga monand do’stlikda tobelik munosabatiga intilish kam bo’ladi. Axir, kamdan-
kam odam o’z do’stini boshqalardan rashk qiladi.
Tobelik munosabatiga moyilligi kam bo’lgani uchun ham do’stlik sevgidan
qadrliroq ko’pincha. Do’stlik munosabatlari ishqiy aloqalardan uzoqroq yashaydi.
Buning eng asosiy sababi do’stlikda egalik da’vosi bo’lmasligidir. Biz do’stlarimiz
boshqa odamlar bilan ham do’stlashganini oddiy qabul qilamiz va aynan shu odamning
do’stligiga yolg’iz egalik qilishga intilmaymiz. Agar do’stlardan biri bu holatni buzsa va
do’stini qizg’ona boshlasa – bu do’stlikning barham topishiga olib kelishi mumkin.
Do’stlar odatda sizning kamchiliklaringizni kechira oladilar – chin do’st sizni
qanday bo’lsangiz, shundayligingizcha qabul qiladi va hurmat ko’rsatadi. To’g’ri –
do’st achitib gapiradi deydilar. Ammo biror odam sizning kamchiliklaringiz uchun
tanqid qilayotgan bo’lsa, u sizga do’stlik qilmayapti demak. U sizda nuqsonlilik
kompleksini shakllantiryapti, xolos.
Unutmang, siz do’stingizning kamchiligu fazilatlariga emas – uning shaxsiyati,
qalbiga do’stsiz. Zinhor do’stingizni nuqsonlari uchun aybdor qilmang.
Bir sir esingizda bo’lsin: aqlingiz tabiati siznikiga o’xshash, sizniki kabi
fazilatu nuqsonlarga ega odam bilangina do’stlashishingizga imkon beradi. Arastu
“Menga do’sting kimligini aytsang, sen kimligingni aytib beraman” degan ekan.
66
Shunday ekan, siz do’stingiz bilan o’xshash kemtiklarga egasiz – uni tanqid qilish
o’zingizni tanqid qilish bilan barobar.
Do’stlik – hayotingiz ravon kechishiga xizmat qilishi mumkin bo’lgan buyuk
tuyg’u. Uni tobelik munosabati bilan bulg’ab qo’yishdan ehtiyot bo’ling. Ortiqcha
muhimlikka berilish – bizni juda qadrli do’stlarimizdan ayirib qo’yishi mumkin.
Ammo sizga qalban do’st bo’lmagan odamga hayotiy energiyangizni bog’lab
qo’ymang. Agar kimdir sizning aqlingiz, kuchingiz, obro’yingiz, pulingiz va yana
nimangizgadir do’st bo’lsa-yu, ko’nglingizga yaqin bo’lmasa – unga nisbatan siz ham
masofa saqlashingiz lozim. Unutmang – odamlar hech qachon aldanmaydilar, balki
o’zlari ularni aldashlariga imkon berishadi.
Shartsiz mehr sizga shunchaki do’st bo’lgan odamni ham chin do’stga aylantirib
berishi mumkin. Shunday ekan, o’zingizga do’st bilganlarni qalban hurmat qiling –
ularning mukammal shaxsiyatigagina do’st bo’ling. Ana shunda o’zingiz ham haqiqiy
do’st bo’lasiz.
67
SHANBA
Bunyodkor kuch
Hayot – in’om, o’lim – marhamat
Men juda ko’p odamdan quyidagicha gaplarni eshitganman: “Hayotda maqsadim
yo’q. Nima uchun yashayotganimni bilmayman”, “Hayotim zerikarli, bir oqimda
boradi. Nahot, umrimning oxirigacha shunday bo’lsa?”, “Hech narsaga qiziqmayman,
hamma narsa g’ashimga tegadi”, “O’zimni o’zim tushuna olmayman. Ba’zida ichimda
boshqa odam bordek tuyuladi”, “...”
Bunday odamlardan “Siz uchun hayot nima?” deb so’raganimda, juda aksariyat
“Hayot men uchun sinov” deb javob beradi.
Esiz...
Hayotni nima uchun sinov deb bilamiz? Uning qiyinchiliklari debmi? Yoki
rostdan ham barchamiz sinovdan o’tyapmizmikan? Ammo qanaqa sinovdan? Bizni
sinash kimga kerak?
Yaratgangami?
Bu unga nimaga kerak? U shundoq ham biz kim ekanimizni biladi-ku – o’zi bizga
yutuq
va
kamchiliklarni
berib
yaratgan.
Bor-budimizcha
qadrimiz,
vaznimiz,
ahamiyatimiz nimaga teng ekanini u hammadan yaxshi biladi-ku.
Tasavvur qiling, men muallimman. Bir yil talabalarga dars berib, yil oxirida
ularning bilimini sinab ko’rmoqchiman. Chunki men ular berilgan bilimlarni qanchalik
o’zlashtirganini bilmayman.
Tangri ham bizni yaratib qo’yib, biz o’zimizni qanday tutishimizni bilmasmikan?
Shuning uchun bizni bu dunyoga jo’natib, yashatib ko’rib, bizning darajamizni
bilmoqchimikan?
Agar shunday bo’lsa – Yaratgan yaxshi sinovchi emas ekan. Nega deysizmi?
Axir, u bizni sinash uchun bu dunyoga keltirib, yana tag’in to’g’ri yashash uchun
qo’llanma ham berib qo’ygan-ku. Bu xuddi men talabalarimga imtihon savollarini
tarqatib, orqasidan ularning javoblarini ham berdim degani emasmi? Bunday sinovning
natijasi qanaqa bo’ladi?
Tangri bizga bu hayotni sinov uchun bermagan. Bu hayot biz uchun imtihon emas
– in’om. Hayot – bu dunyoning go’zalligi-yu mukammalligidan bahra olishga bir
imkoniyat. Xudoning qudratini bilishga, uning mehrini tuyishga sarflanadigan muddat.
Tangriga qahr begona. Hayron bo’lmang. Xudo faqatgina sevishga qodir. Uning
cheksiz qudrati – cheki yo’q beg’ubor mehrida. U butun borliqni, odamzodni ana shu
mehr kuchi bilan bunyod qilgan va qilmoqda. U bugun ham suygan bandalari qalbiga
mehr joylab qo’yib, ular qo’li bilan go’zal narsalarni yaratyapti. Axir, hayotimizda
mavjud hamma narsa – mehr mahsuli.
O’zingiz o’ylab ko’ring – qahr hech qachon yaratuvchi kuchga ega bo’lmagan.
Oddiygina jahlingiz chiqsa, idishlarni urib sindirishingiz bunga isbot.
Tangri bizni mehridan yaratdi, suyganidan Jannatiga kiritdi, bizga yaxshilikni
ravo ko’rganidan aql mevasini bizga man qildi. Ammo biz Iblis makriga aldanib, uning
buyrug’ini buzdik. Qahr nimaligini bilmagan Xudo shunda ham bizni yo’q qilib