Sirtqi” fakultet “Bank ishi” yo’nalishi mavzu: “Banklarda buxgalteriya hisobini tashkil qilinishi va uni takomillashtirish.” mavzusidagi kurs ishi



Yüklə 278,5 Kb.
səhifə6/10
tarix19.12.2023
ölçüsü278,5 Kb.
#151090
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
24tayyor

Yakuniy nazorat — amaliyot kun tugagandan so‘ng, keyingi bank ish kunidan kechikmagan holda bankda amalga oshirilgan barcha bank operatsiyalarini buxgalteriya hisobida to‘g‘ri aks ettirilganligini, shu jumladan birlamchi hujjatlar asosida o‘tkazilganligini tekshirish maqsadida amalga oshiriladigan nazorat.
(5-bandning yigirma ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 13-iyuldagi 15/10-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1834-8, 12.08.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2019-y., 10/19/1834-8/3552-son)
Yakuniy nazorat bank Boshqaruvi tashkil qilgan Yakuniy nazorat xizmati tomonidan amalga oshiriladi va u, faqat bank Boshqaruviga bo‘ysunadi.
Yakuniy nazorat xizmati banklarda (filiallarda) alohida bo‘lim sifatida tashkil qilinadi. Bank tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalarga oid hisob-kitob hujjatlari bank xizmatlari ofislarida saqlangan hollarda bank xizmatlari ofislarida yakuniy nazorat xizmati alohida shtat birligida tashkil etiladi.
Buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishni bank filiali (bundan keyingi o‘rinlarda bank deb yuritiladi) rahbari amalga oshiradi. Buxgalteriya apparatiga bankning bosh buxgalteri rahbarlik qiladi. U Bank tizimining bosh buxgalterlari to‘g‘risidagi namunaviy nizom (ushbu Yo‘riqnomaning 1-ilovasi) asosida ish olib boradi. Bosh buxgalter bo‘lmagan vaqtda uning vazifalarini bosh buxgalter o‘rinbosari bajaradi.
Banklarda buxgalteriya ishlarini yuritish uchun buxgalteriya apparati tuziladi. Bank buxgalteriya apparatiga shartnoma asosida chetdan jalb qilingan buxgalterlar yoki buxgalteriya firmasi xodimlarining kiritilishi qat’iyan taqiqlanadi.
Bank buxgalteriya apparatining tashkiliy tuzilishi va unda tashkil etiladigan bo‘limlar soni amalga oshiriladigan operatsiyalar hajmiga va ularning avtomatlashtirilganlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi.

To‘lov hujjatlarini rasmiylashtirish, ichki nazoratdan o‘tkazish va bank operatsiyalarini bajarishda javobgarlik
Banklarda barcha operatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan shakldagi to‘lov hujjatlarining qog‘oz hamda elektron shakllari asosida amalga oshiriladi va buxgalteriya hisobida qayd etiladi.
To‘lov hujjatlari, shuningdek Bank hisobvarag‘i shartnomasida ko‘zda tutilgan boshqa hujjatlar bank tomonidan faqat mijozning bankka taqdim qilgan imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchada ko‘rsatilgan shaxslar yoki mijozning vakil qilingan shaxsidan ishonchnoma asosida qabul qilinadi.
To‘lov hujjatlarining majburiy rekvizitlari quyidagilardir:
mijozning (muassasaning) nomi (jismoniy shaxslar uchun — familiyasi, ismi va sharifi) va soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (STIR);
pul oluvchi va pul to‘lovchi mijozlar hisobvaraq raqamlari;
ularga xizmat ko‘rsatuvchi bank nomi va kodi;
hujjatning nomi va raqami, u tuzilgan sana va joy;
operatsiyaning nomi, maqsadi va summasi (raqam va so‘z bilan yoziladigan summa satrning boshidan katta harf bilan boshlanishi hamda tiyin raqam bilan yozilishi lozim);
operatsiya bajargan shaxslarning (shaxsning) lavozimi, familiyasi hamda ismi va otasi ismining bosh harflari hamda imzosi;
mijoz muhri (muhr mavjud bo‘lsa) va mas’ul shaxslarining imzolari.
Hujjatlarda operatsiya maqsadi aniq bayon etilishi lozim. To‘lov hujjatlarida bo‘yash, chizish va tuzatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bank operatsiyalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan shaklda rasmiylashtirilgan elektron hujjatlar asosida amalga oshirilishi mumkin (Bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat ko‘rsatish tizimi yoki bank kartalari orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblar). Elektron hujjatlar to‘lov hujjatlarining asl nusxasida belgilangan barcha rekvizitlarga ega bo‘lishi shart.
Elektron hujjatlar mas’ul shaxslar imzolari o‘rnini bosuvchi — elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Elektron hujjatlarni qabul qilish va qayta ishlash jarayonida ularning biror ko‘rsatkichlarini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bank kassasidan naqd pul olish uchun foydalaniladigan naqd pul cheklari bir xil rangli siyohli yoki sharikli ruchka bilan qo‘lda to‘ldirilgan bo‘lishi shart. Hujjatning to‘ldirilmagan qismlarga ikkita parallel chiziq tortilishi lozim.
Hisobvaraq egasining nomi, uning hisobvarag‘i raqami va bank nomi cheklarda hamda e’lonlarda burchak shtamplar bilan ko‘rsatilishi mumkin. “Summa raqam bilan” hamda “Summa so‘z bilan” rekvizitlaridagi summadan oldin va keyin qolgan bo‘sh joylarga uchlari diagonal chiziq bilan birlashtirilgan ikki parallel chiziq tortib qo‘yiladi.
Naqd pul chekining old tomonida albatta, naqd pul olish uchun bankka taqdim etilgan imzo namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchada (tadbirkorlik subyektlari uchun imzo namunalari qo‘yilgan varaqchada) ko‘rsatilgan imzo qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan shaxs yoki korxona tomonidan ishonchnoma berilgan shaxsning ismi, sharifi yoziladi. Hisobvaraq egasi naqd pul cheklarining orqa tomonida xarajatlarning maqsadini ko‘rsatishi shart, ushbu ma’lumotlar chek beruvchining imzolari bilan tasdiqlanadi va pul oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjat (hujjat faqat, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan o‘z xodimlariga berilgan bo‘lsa) ma’lumotlari ko‘rsatiladi. Bu ma’lumotlar oluvchilarning o‘zlari tomonidan to‘ldirilishi shart. Naqd pul berilishi uchun asos bo‘ladigan pul cheklari va chiqim kassa orderlari oluvchilarning imzolari bilan tasdiqlanadi.
Naqd pul cheki bo‘yicha mablag‘ chekda shaxsi ko‘rsatilgan shaxsga to‘lanadi.
Bank rahbari, ayrim hollarda, chek bo‘yicha qisman pul to‘lashga va pul oluvchi shaxsga ushbu chek bo‘yicha unga amalda berilgan pul summasi to‘g‘risida ma’lumotnoma berishga ruxsat etishi mumkin.
Ma’lumotnomaga bank rahbari va bosh buxgalteri imzolari qo‘yilib, bank muhri bosiladi. Pul oluvchidan olingan pul summasi to‘g‘risida chekning orqa tomoniga tilxat yozdirib olinadi. Ushbu chek bo‘yicha boshqa naqd pul olishga ruxsat berilmaydi va unga qisman to‘langani haqidagi ma’lumotnomaning nusxasi ilova qilinib, shu kunning kassa hujjatlariga qo‘shib tikiladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini tuzish va ijro etish qoidalarining” (ro‘yxat raqami 1111, 2002-yil 14-mart) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-y., 5-son) 196-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va ularga qarashli muassasalarning to‘lov topshiriqnomalari va cheklarida to‘lovlar maqsadi ko‘rsatilishi talab qilinmaydi.
Bank operatsiyasini o‘tkazish uchun asos bo‘ladigan to‘lov hujjatlarida, ularni to‘g‘ri rasmiylashtirganligi va tekshirilganligini bildiruvchi bank mansabdor shaxslarining imzolari (shu jumladan, elektron raqamli imzolari) bo‘lishi lozim.
Bajarilgan operatsiyalarni isbotlovchi hujjatlar sifatida bankda saqlanadigan hujjat nusxalari hamda hisobvaraqlardan olinib, ularning egalariga yuboriladigan ko‘chirmalarga ilova qilinadigan nusxalar ham ushbu bank xodimlarining imzolari bilan rasmiylashtiriladi.
To‘lov hujjatlariga imzo chekish huquqi berilgan mansabdor shaxslar imzolarining namunalari maxsus blankalarda beriladi. Bu namunalar bank rahbarining imzo chekish huquqini berish to‘g‘risidagi farmoyishi hisoblanadi, ularga bank rahbari va bosh buxgalteri (Bek-ofis boshlig‘i, yetakchi buxgalter) imzo chekadi. Maxsus blankalar shakli bank tomonidan mustaqil belgilanadi.
(38-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 24-yanvardagi 1/7-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1834-10, 27.02.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.02.2023-y., 10/23/1834-10/0116-son)
Ayrim buxgalteriya xodimlari boshqalari bilan almashtiriladigan hollarda yangi xodimlar imzolarining namunalari alohida blankalarda beriladi. Bank mansabdor shaxslari imzolarining bekor qilingan va o‘zgartirilgan namunalarini ularning ustidan chizish yo‘li bilan o‘chiriladi.
Pul va qimmatliklarni qabul qilish hamda berish bilan bog‘liq hujjatlar, shu jumladan, pul va qimmatliklar qabul qilingani to‘g‘risidagi kvitansiyalarda yuqorida qayd etilgan imzolardan tashqari pul va qimmatliklarni qabul qilgan yoki bergan kassirning imzosi ham bo‘lishi shart.
Kirim kassa orderlariga hamda pul va qimmatliklarni qabul qilish kvitansiyalariga imzo chekish huquqi berilgan kassa xodimlarining familiyalari, ularning imzo namunalari bank rahbari tomonidan chiqarilgan maxsus blankalarda ko‘rsatiladi.
Bosh buxgalter (Bek-ofis boshlig‘i, yetakchi buxgalter) imzolarning tegishli namunalari o‘z vaqtida kassaga, buxgalteriya xodimlariga va nazoratchi xodimlarga berilib, bu haqda ulardan tilxat olinishini ta’minlashi shart. Bundan tashqari, bosh buxgalter (Bek-ofis boshlig‘i, yetakchi buxgalter) imzo chekish huquqi bekor qilingan shaxslar imzolarining namunalaridan foydalanuvchi mansabdor shaxslar qo‘lidagi ro‘yxatlardan o‘z vaqtida o‘chirilishini ham kuzatib borishi shart.
Bankning ichki operatsiyalari bank xodimlari tomonidan ushbu Yo‘riqnoma hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq o‘rnatilgan shakllarda rasmiylashtiriladigan hujjatlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Bunga, xususan, memorial orderlar, kirim va chiqim kassa orderlari, balansdan tashqari hisobvaraqlari bo‘yicha memorial orderlar, kredit bo‘limi hamda bankning alohida operatsiyalari bo‘yicha tayinlangan mutasaddi xodimining farmoyishlari va boshqalar kiradi.
Bank to‘lovchi bo‘lib ishtirok etgan va memorial orderlar ishlatilgan hollarda, ular bank rahbarining va bosh buxgalterning (Bek-ofis boshlig‘i, yetakchi buxgalter) imzolari (shu jumladan elektron raqamli imzolari) bilan tasdiqlanadi, boshqa holatlarda memorial orderlar ushbu bank hisobvarag‘ini olib boruvchi buxgalter va bosh buxgalterning (Bek-ofis boshlig‘i, yetakchi buxgalter) imzosi (shu jumladan, elektron raqamli imzolari) bilan tasdiqlanadi.
Muddatida to‘lanmagan to‘lov hujjatlarini (2-kartotekaga kirim qilingan to‘lov talabnomalari, to‘lov topshiriqnomalari va inkasso topshiriqnomalari) qisman to‘lash uchun dasturiy ravishda tuzilgan memorial orderlarning “To‘lov maqsadi” grafasida hisob-kitob hujjatining raqami, sanasi va dastlabki summasi ko‘rsatilishi shart.
Bank tuzgan hujjatlarda ularning raqamlari qayd etiladi. E’lonlar, shuningdek ularning kvitansiya raqamlarining tartibi bank bosh buxgalteri (Bek-ofis boshlig‘i, yetakchi buxgalter) tomonidan belgilanadi.
E’lonlar kompyuter texnikasi yordamida tuzilishi mumkin. Texnik imkoniyati mavjud bo‘lmagan banklarda esa e’lonlar qo‘lda yozib to‘ldiriladi. Bunda, naqd pul qabul qilingani to‘g‘risidagi kvitansiyalar faqat siyohli yoki sharikli ruchka bilan qo‘lda to‘ldirilishi shart. Faqat blankalar komplektiga kiradigan, bir vaqtning o‘zida qora qog‘oz (kopirka) bilan to‘ldiriladigan kvitansiyalar bundan mustasno.
Bank tomonidan beradigan kvitansiyalarda so‘z bilan yoziladigan summa satrning boshidan katta harf bilan boshlanishi shart. “Summa raqam bilan” rekvizitidagi summadan oldin va keyin qolgan bo‘sh joyga ikki parallel to‘g‘ri chiziq tortib qo‘yiladi.
Pul omborida saqlanayotgan qimmatliklar va hujjatlarni kirim qilish va hisobdan chiqarishga doir kirim-chiqim orderlarida yakuniy summalar so‘z bilan qayta yoziladi.
Kirim va chiqim kassa jurnallari kompyuter texnikasi yordamida shakllantirilib, uning rekvizitlari qo‘lda to‘ldiriladi. Unda sana, mijozning hisobvaraq raqami, kirim va chiqim hujjatining raqami, hisobot ramzi hamda uning summasi ko‘rsatilishi lozim.
Kirim va chiqim kassa jurnallari bank amaliyot kuni davomida kompyuterda yuritilganda, ular kun yakunida qog‘ozga chop etiladi hamda dastlabki nazoratdan o‘tkazgan Front-ofis xodimi yoki mas’ul ijrochi, kirim yoki chiqim kassirlari hamda kassa mudiri tomonidan imzolanadi.
Kirim va chiqim kassa jurnallarining shakli mazkur Yo‘riqnomaning 4-ilovasida keltirilgan.
Bank kunlik operatsiyalar yig‘majildiga tikish va saqlash uchun chiqariladigan elektron to‘lov hujjatlarining ro‘yxati hamda mijozlar tomonidan taqdim qilingan to‘lov hujjatlarining asl nusxalari bankning mas’ul xodimlari imzosi va bank shtampi bilan tasdiqlanadi.
Dastlabki nazorat Front-ofis xodimlari (agar, bank tarkibiy tuzilmasi Front-ofis va Bek-ofisga bo‘lingan bo‘lsa) yoki mas’ul ijrochi buxgalter (agar, buxgalteriya apparati bir butun yaxlit bo‘lgan taqdirda) tomonidan operatsiyalarni bajarmasdan oldin ularning samaradorligini, bankning ichki siyosatiga hamda amaldagi qonunchilikka mos ekanligini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi. Agar, operatsiyalar xorijiy valyutada xalqaro shartnomalar asosida amalga oshirilsa, shartnoma shartlariga rioya qilinishi lozim.
Mijozlardan to‘lov hujjatlarini qabul qilishda, ularning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan shakldagi blankda yozilib to‘g‘ri rasmiylashtirilganligi, barcha rekvizitlar to‘liq va to‘g‘ri to‘ldirilganligi, ushbu to‘lov hujjatlarida bo‘yash, chizish va tuzatishga yo‘l qo‘yilmaganligi, shu jumladan hisobvaraqni tasarruf etuvchilarning imzolari va muhr izi (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) taqdim etilgan namunalarga mos kelishi tekshiriladi.
Agar mijoz taqdim qilgan to‘lov hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizomda (ro‘yxat raqami 3229, 13-aprel 2020-yil) belgilangan talablarga zid kamchilik va nuqsonlar aniqlansa, to‘lov hujjatlari mijozga ijroga qabul qilinmasdan qaytarilishi lozim. Summasi, mijozlar nomi va ularning hisobvaraqlari raqami o‘zgartirilgan to‘lov hujjatlari, hatto mijozlar tomonidan o‘zaro kelishilgan tartibda tuzatish kiritilgan bo‘lsa ham ijro uchun qabul qilinmaydi.
To‘lov topshiriqnomalari va naqd pulni qo‘yish uchun foydalaniladigan e’lonlarning sanasi uni bankka taqdim etilgan sana bilan bir xil bo‘lishi kerak, aks holda ular ijro uchun qabul qilinmaydi (oldingi bank amaliyot kunida “kechki” muhri bilan qabul qilingan to‘lov hujjatlari bundan mustasno).
Mas’ul ijrochi buxgalter yoki Front-ofis xodimi to‘lov hujjati nusxalarini imzolashdan oldin, ularni solishtirib, o‘zaro bir xilligiga ishonch hosil qilishi lozim. Shundan so‘ng, ijro etish sanasi ko‘rsatilgan holda mas’ul xodim imzosi bilan tasdiqlangan va unga biriktirilgan bank shtampi qo‘yilgan hujjatning oxirgi nusxasi mijozga qaytariladi. Ushbu nusxa hujjatlar ijro uchun qabul qilinganini tasdiqlovchi tilxat vazifasini bajaradi.
Naqd pulni berishda ishlatiladigan cheklar to‘ldirilgan kundan boshlab, (to‘ldirilgan kunni hisobga olgan va hujjatda ko‘rsatilgan sana to‘g‘rilanmagan holda) 10 kalendar kun davomida bank tomonidan qabul qilinadi. Mijozning bankdan naqd pul olish uchun ishonchnoma berilgan vakili naqd pul chekini mas’ul ijrochi buxgalterga (Front-ofis va Bek-ofisga bo‘linmagan banklarda) yoki Front-ofisning ushbu mijozga xizmat ko‘rsatuvchi xodimiga taqdim etadi. Mas’ul ijrochi buxgalter yoki Front-ofis xodimi naqd pul chekini quyidagi rekvizitlari bilan uning to‘g‘riligini tekshiradi:
naqd pul cheki sanasi muddatining o‘tmaganligi;
naqd pul chekining raqamini imzo namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchadagi raqam bilan mosligi;
mijozning nomi, uning hisobvarag‘i raqami, naqd pul cheki bilan olinadigan mablag‘ning raqam va so‘z bilan yozilgan summalari, naqd pul chekida qo‘yilgan imzo va muhrni bankdagi imzolar va muhr namunalariga (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) mos kelishi, shuningdek vakilning shaxsini tasdiqlovchi hujjatidagi ma’lumotlarning naqd pul chekida qayd etilgan ma’lumotlarga to‘g‘ri kelishi;
mijozning depozit hisobvarag‘idagi mablag‘larining naqd pul chek bilan olinishi lozim bo‘lgan mablag‘dan kam emasligi.
Front-ofisning ushbu mijozga xizmat ko‘rsatuvchi xodimi yoki mas’ul ijrochi buxgalter (Front-ofis va Bek-ofisga bo‘linmagan banklarda), mazkur Yo‘riqnomaning 571-bandida ko‘rsatib o‘tilgan tekshirish amallarini bajarib, e’tiroz bo‘lmaganidan so‘ng, naqd pul chekining orqa tomoniga tegishli kassa ramzi raqami va sanani ko‘rsatgan holda imzolab, naqd pul chekini Bek-ofis xodimi yoki nazoratchi buxgalterga (Front-ofis va Bek-ofisga bo‘linmagan banklarda) beradi. Naqd pul chekining nazorat markasini mijozga qaytaradi.
Front-ofis xodimi yoki mas’ul ijrochi buxgalter mijozlardan qabul qilingan barcha to‘lov hujjatlarining asl nusxalariga asosan ma’lumotlarni dasturga kiritadi va to‘lov hujjatlarini imzolab, elektron to‘lov tizimi orqali ularni joriy nazoratdan o‘tkazish uchun Bek-ofis yoki nazoratchi buxgalterga yuboradi.
(58-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 24-yanvardagi 1/7-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1834-10, 27.02.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.02.2023-y., 10/23/1834-10/0116-son)
Bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun asos bo‘ladigan barcha to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirgan hamda imzolagan shaxslar, ularning o‘z vaqtida to‘g‘ri va aniq tuzilishi, belgilangan muddatlarda ijro uchun topshirilishi, shuningdek operatsiyalarni buxgalteriya hisobida to‘g‘ri aks ettirish bo‘yicha javobgardirlar.
Bank va uning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlar bank va mijoz o‘rtasida yozma shaklda tuzilgan bank hisobvarag‘i shartnomasi asosida tartibga solinadi. Shuningdek, bank va mijoz o‘rtasida kredit, valyuta, lizing, faktoring, qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha amalga oshiriladigan operatsiyalarining har biri bo‘yicha tuzilgan shartnomalar asosida bajariladi.
Mijoz bankda ochgan hisobvaraqdagi mavjud pul mablag‘larini mustaqil tasarruf etadi. Mijozning topshirig‘iga binoan bank hisobvarag‘i bo‘yicha bajarilgan barcha operatsiyalarning qonuniyligiga mijozning o‘zi javobgar hisoblanadi.
Barcha to‘lov hujjatlari bo‘yicha to‘lovlar, faqat talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlaridan mavjud mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq alohida tartib bilan boshqa depozit hisobvaraqlardan amalga oshiriladigan to‘lovlar bundan mustasno.
Mijozning asosiy hisobvarag‘ida unga qo‘yilgan talablarni bajarish uchun mablag‘lar yetarli bo‘lmagan hollarda to‘lovlar Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 2342, 2012-yil 15-mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 11-son, 127-modda) talablari asosida amalga oshiriladi. Agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqa muddatlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, qonunchilikda o‘rnatilgan mijozlar hisobvaraqlariga pullarni hisobga kiritish va hisobdan chiqarish tartibini hamda elektron to‘lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlari bank tomonidan buzilgan taqdirda banklar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Hisobvaraq egasi unga ko‘chirmalar berilganidan (masofadan xizmat ko‘rsatish dasturlari orqali uzatilgandan) keyin ikki ish kuni mobaynida bankka hisobvaraq krediti yoki debetiga xato yozilgan summalar haqida yozma ravishda xabar qilishi shart. Agar shu muddat ichida mijoz o‘z e’tirozini bildirmasa, bajarilgan operatsiyalar hamda hisobvaraqdagi mablag‘ qoldig‘i tasdiqlangan hisoblanadi.
Banklar qonunchilik hujjatlariga muvofiq mijozlarning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishga hamda qonunchilikka zid operatsiyalarni bajarishni rad etishga haqlidirlar. Agar, mijozning bankka taqdim qilgan to‘lov hujjatlarida belgilangan talablarga zid bo‘lgan kamchilik va nuqsonlar aniqlansa, hujjatdagi imzolar, muhr izi (tadbirkorlik subyektlaridan muhr izi talab etilmaydi) yoki yozuvlar xususida shubhalansa, bank xodimlari ushbu hujjatni qabul qilishdan bosh tortadi hamda buning uchun javob bermaydi.
Summasi, mijozlar nomi va ularning hisobvaraqlari raqami o‘zgartirilgan to‘lov hujjatlari, hatto mijozlar tomonidan o‘zaro kelishilgan tartibda tuzatish kiritilgan bo‘lsa ham, bank tomonidan ijro uchun qabul qilinmaydi.
Agar hisobvaraq egasi bank kartasi va naqd pul cheki yo‘qolgani yoki o‘g‘irlangani haqida bankka xabar bergunga qadar, mazkur bank kartasi va cheklar bo‘yicha mablag‘lar to‘lab yuborilgan bo‘lsa, bu to‘lov uchun bank javob bermaydi.
(79-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 24-yanvardagi 1/7-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1834-10, 27.02.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.02.2023-y., 10/23/1834-10/0116-son)
Ayni paytda bank hisob-kitob hujjatlaridagi ma’lumotlar va arifmetik hisob-kitoblar to‘g‘riligi uchun ham javobgar hisoblanmaydi.
Soxta imzolar qo‘yilgan, qalbaki muhr bosilgan yoki soxta matnli chek yoxud to‘lov topshiriqnomasi pulini to‘lab yuborish oqibatida ko‘rilgan zarar bo‘yicha bank xodimining aybdorligi isbotlanmasa, hisobvaraq egasi javobgar bo‘ladi.
Shuningdek, mijozning to‘lov hujjatlariga qo‘yilgan soxta imzolar va bosilgan qalbaki muhrni oddiy ko‘z bilan qarash orqali aniqlab bo‘lmasa, bank xodimi bunday hujjatlarni qabul qilganligi uchun javobgar bo‘lmaydi.


Yüklə 278,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə