R. E. Xoliqova


Intellektual salohiyatli, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, komil insonni voyaga etkazishda mamlakat eng yangi tarixining tutgan o‘rni



Yüklə 3,89 Mb.
səhifə4/111
tarix25.10.2023
ölçüsü3,89 Mb.
#130791
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   111
ozbekistonning-eng-yangi-tarixi (1)

Intellektual salohiyatli, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, komil insonni voyaga etkazishda mamlakat eng yangi tarixining tutgan o‘rni.


Mustaqillik tufayli O‘zbekistonda milliy, demakki, ma’naviy-ruhiy erkinliklarga keng yo‘l ochildi, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, g‘oyaviy, madaniy hayotining muhim tarmog‘i hisoblangan, ma’naviyatni shakllantirishga bevosita ta’sir qiladigan hayotiy muhim omillardan bo‘lgan yuksak ma’naviyatli, dunyoqarashi keng qamrovli, intellektual salohiyatli, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, komil insonni voyaga etkazish, umuman olganda, ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib kelinmoqda hamda bu borada beqiyos ishlar amalga oshirilmoqda.
Mustaqil O‘zbekiston davlati hamisha demokratik taraqqiyot, modernizatsiya va yangilanish borasida belgilangan maqsadlarga erishishda eng muhim qadriyat va hal qiluvchi kuch bo‘lgan bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash vazifasini o‘zining asosiy ustuvor yo‘nalishlari qatoriga qo‘yib kelmoqda. Ayni paytda, O‘zbekiston tarixi fani, uning mantiqiy davomi bo‘lgan «O‘zbekistonning eng yangi tarixi»ni o‘qitish, uning mazmun-mohiyatini ularga tushuntirish orqali, yuksak ma’naviyatli, dunyoqarashi keng qamrovli, intellektual salohiyatli, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, komil insonni voyaga etkazishdek mas’uliyatli vazifa turibdi. Buyuk shaxslar ta’kidlaganidek, yoshlar bilan ishlashda
ham yangi yondashuvlar kerak... Zero, bugungi yoshlarimizning nafaqat jismoniy va ma’naviy sog‘lom o‘sishi, balki ularning eng zamonaviy intellektual bilimlarga ega bo‘lgan, uyg‘un rivojlangan insonlar bo‘lib, XXI asr talablariga to‘liq javob beradigan barkamol avlod bo‘lib voyaga etishi uchun zarur barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratish hukumatimiz oldiga qo‘yilgan eng oliy maqsadlardandir. SHu nuqtai nazardan, bugungi kunda yoshlar ijtimoiy-siyosiy kuch sifatidagi faoliyatining muhimligi va amaliy ahamiyati, O‘zbekistonda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar, jamiyat hayotining barcha jabhalarini modernizatsiyalash va yangilash masalasi bilan chambarchas bog‘liqligida hisoblanadi. Chunki, mamlakat aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi. Yuqoridagi mulohaza O‘zbekiston yoshlar davlati ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi.
Yoshlarning bilim olishi, ta’lim-tarbiyasi, kasbiy tayyorgarligi masalalari O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat qurish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, O‘zbekiston yoshlari ijtimoiy-siyosiy faolligi masalalariga zamon talablari asosida e’tibor qaratish lozim.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab shaxsni har tomonlama kamolga etkazish va rivojlantirish masalasiga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, yoshlarga oid qonun, qaror va davlat dasturlari qabul qilindi hamda izchil ravishda hayotga tatbiq etilmoqda. Bu siyosatning mazmun-mohiyati, asosiy yo‘nalishlari, yoshlarga beriladigan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va huquqiy kafolatlar O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 20-noyabrdagi «O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida»gi qonunida belgilab qo‘yilgan.
Qonunga ko‘ra, yoshlar masalasi O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, uning maqsadi yoshlarning bilim olishi, ta’lim-tarbiyasi, kasbiy tayyorgarligi, ijtimoiy-siyosiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidorining to‘liq ro‘yobga chiqishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashdan iborat. Bu qonunning qabul qilinishi o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash yuzasidan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun, «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi», «Maktab ta’limini rivojlantirishning umummilliy dasturi» kabi qator hujjatlar ishlab chiqilishga mustahkam zamin yaratdi.
Respublika yoshlarini birlashtirib, keng qamrovli faoliyat olib borayotgan yangi shakllangan yoshlar tashkiloti barkamol avlodni tarbiyalashda ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratib berayotgan turli jamg‘armalar faoliyatini ham yuksak baholash mumkin. O‘zbekiston yoshlari mamlakatdagi o‘ziga xos ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni shakllantirishda asosiy etakchi kuch bo‘lib, ularning intilishlari, muammolari hamda O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishdagi ishtirokini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, mustaqillik yillari O‘zbekiston yoshlari hayotida tub burilish yasadi. Bu davrda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlangan qonun, davlat
dasturlarining qabul qilinishi hamda ularga alohida e’tibor berib kelinayotganligi yutuq va muvaffaqiyatlar garovi bo‘ldi.
Ilmu ma’rifatli, tarbiyali, yuksak ma’naviyatli, dunyoqarashi keng qamrovli barkamol avlodni komil inson qilib tarbiyalash bugungi kundagi dolzarb masalalar sirasiga kiradi.
Komil inson masalasi ajdodlarimiz tarixiy taraqqiyoti davomida barcha allomalarni o‘ylantirib kelgan masalalardan biridir. U juda ko‘xna va qadimiy tarixga ega bo‘lgan, shu bilan birga yangi hamda o‘ta dolzarb tushunchadir. Shu sababdan ham komil inson azal-azaldan xalqimizning ezgu orzusi, millat ma’naviyatining uzviy tarkibiy qismi bo‘lib kelgan. Dunyoviy va diniy bilimlarning ilg‘or namoyondalarining qarashlariga ko‘ra insondagi komillik aqliy, ma’naviy, ruhiy, axloqiy etuklik bo‘lib, komillikka erishishning yo‘li – ilmu- ma’rifatga, fazlu kamol kasb etishga, salbiy xislatlar, nuqsonlardan xalos bo‘lishga va o‘zgalarga yordam berishga intilishdir.
Hozirgi bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barqarorligi sharoitida komil inson deganda, chuqur bilim, yaxshi axloq, ma’naviy yetuklik bilan bir qatorda, fuqarolik jamiyatida yashash talablari, mustaqillikni anglash va uni himoya qilish qobiliyati ham tushuniladi.
Komil insonlarni, ya’ni har tomonlama kamol topgan, aql-idrokli, mustaqil fikrlaydigan, irodali va o‘zini-o‘zi anglagan shaxslarni tarbiyalashda
«O‘zbekistonning eng yangi tarixi» fani katta ahamiyatga ega. Chunki, yoshlarning dunyoharashini shakllantiradigan, ularni milliy o‘zligini tanishga, Vatanni sevishga bevosita o‘rgatadigan, sodiq fuqarolarni tarbiyalaydigan fan tarix fanidir.
«Aynan ana shunday o‘z kuchiga va irodasiga ishongan, keng fikrlaydigan bilimli va madaniyatli yoshlarimiz har qanday buzg‘unchi oqimlarga berilmasdan, hayotda o‘z yo‘lini topib olishi muqarrar»1, - deb yozgan edi O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov.
Har tomonlama kamol topgan yoshlar O‘zbekiston kelajagini, uning ijtimoiy- siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti taqdirini hal etadigan kuch ekanligini hisobga olgan mamlakat rahbari yosh avlodni «Mana shu muqaddas tuproq – meniki, bu yerda ota-bobolarimizning hoki poklari yotibdi, agar shu musaffo osmon, mana shu yorug‘ hayot uchun, ona Vatanim uchun men kurashmasam, men jonimni fido qilmasam, kim kurashadi», - degan e’tiqod ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratib: «…kundalik hayotimizdan saboq chiqarib, ertangi kunimizning, kelajagimizning mustahkam poydevorini bugun yaratib, bu Vatan meniki, uni har qanday balo-qazolardan asrash, himoyalash uchun men kurashmasam, kim kurashadi, degan da’vat bilan yashash barchamizning, avvalambor, yoshlarimizning – mening farzandlarimning burchiga aylanishini istardim»2, – deb ta’kidlaydi.



1 Каримов И. Ўзбекистоннинг 16 йиллик мустақил тараққиёт йўли. // Мамлакатимизни модернизация қилиш ва иқтисодиётимизни барқарор ривожлантириш йўлида. Асарлар, 16-том. - Тошкент: Ўзбекистон, 2008.
-Б.34-35.
2 Karimov I. Tarixiy xotira va inson omili – buyuk kelajagimiz garovidir. // Karimov I. Bizning yo‘limiz – demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va modernizatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish yo‘lidir. Asarlar, 20- jild – Toshkent: «O‘zbekiston», 2012, 262-бет; Каримов И. Тинчлик ва осойишталик – барча ютуқ ва марраларимизнинг асосидир. // Халқ сўз», 2013, 10 май.
Dunyo va jamiyat haqida axborotlar ko‘lami nihoyatda kengayib borayotgan hozirgi davrda bu vazifani muvaffaqiyatli qal etishda «O‘zbekistonning eng yangi tarixi» fanining o‘rni beqiyos.
Jamiyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida shaxsni har tomonlama kamolga etkazish va rivojlantirish eng muhim vazifalardan biri bo‘lganligi boisdan ham, talabalarga «O‘zbekistonning eng yangi tarixi» fani o‘qitilishi bugungi kunning eng muhim dolzarb masalasiga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Snundan kelib chiqib, bugun yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarga ega, bilimli, samarali mehnat qilishga qodir fuqarolar jamiyatning eng muhim boyligi va asosiy kapitali, uni harakatga keltiruvchi kuch ekanligini teran anglash asnosida milliy qadriyatlar, qadimiy an’analarimizni, jahon sivilizatsiyasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan ajdodlarimizni yangi sharoitda yana bir bor kashf etamiz, qaytadan dunyoga tanitish imkoniyatiga ega bo‘lamiz hamda yoshlarga ibrat sifatida ko‘rsatamiz, buyuk zotlarga munosib bo‘lishga undaymiz.
Mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatni yuksaltirishdan manfaatdor ekanligi, globallashuv sharoitida bilimlilik mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish va uning milliy boyligini ko‘paytirishning muhim tarkibiy qismiga aylanib borayotganligi, aholining yuksak ma’naviy darajasi esa odamlarda huquqiy madaniyatni, erkin va demokratik huquqiy davlatda yashash hamda mehnat qilish qobiliyatini shakllantirish, o‘z huquq va erkinliklarini anglash, ulardan shaxs, davlat hamda jamiyat manfaatlari yo‘lida foydalanish imkonini beradi.
Ta’lim tuzilishini modernizatsiyalash, uni demokratlashtirish, kompyuterlashtirish va insonparvarlashtirish, ta’lim dasturini erkin tanlash, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish tobora kuchayib bormoqda. Ta’limni fundamentallashtirish, ma’naviy mas’ul shaxsni shakllantirish, bilishni emas, balki fikrlashni o‘rgatish zarurligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Zero, yosh avlodning har tomonlama kamol topishi uchun zamon ruhiga mos yangidan-yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish va ularni amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha innovatsion loyihalar ishlab chiqish, ta’lim tizimining barcha bosqichlarida sifat o‘zgarishlariga erishish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish zarur.
Binobarin, hukumatimiz yoshlar bilan ishlashda asosiy e’tiborni, avvalo, ularni tabiatimizga begona bo‘lgan g‘arazli oqimlardan asrab, zamonaviy bilim va tajribaga, intellektual salohiyat va ilg‘or texnologiyalarga ega, ma’naviy yuksak, komil insonlar etib voyaga etkazish, jamiyatda o‘z oldiga qo‘ygan strategik maqsadlarga erisha olishiga va munosib o‘rin egallashiga qaratadi.
Mustaqillik yillarida ma’naviyat va tarixiy xotira masalalari davlat siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etib kelmoqda. Chunki «millatning o‘zligini anglashi tarixni bilishdan boshlanadi». Ushbu haqiqatni anglash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi zarurligi ta’kidlangan edi. Saboq beradigan, ogohlikka undaydigan va donolik bag‘ishlaydigan tarix bizlarni o‘sha dahshatli yillardan qanchalik uzoqlashtirgan sayin, urush haqidagi muqaddas tarixiy xotira shunchalik buyuk ma’naviy kuchga aylana boradi. Zero, o‘tmish xotirasiga ega bo‘lmagan, o‘z xalqining tarixiy tajribasidan mahrum kishi butunlay tarixiy istiqbolni his qilishdan ayrilib qoladi. Teran va dono bir hikmat bor, o‘z qahramonlarining xotirasini
muqaddas bilib e’zozlovchi xalqgina buyuk bo‘lishga, buyukman deb da’vo qilishga munosibdir.
Xalqimizni o‘z tarixi bilan qurollantirish ma’naviyat va milliy mafkurani shakllantirish sohasidagi kechiktirib bo‘lmas vazifa ekanligi Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan mamlakatning tarixchi olimlari va jurnalistlari bilan o‘tkazilgan suhbat (1998-yil 26-iyun) hamda «Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q» nomli asarda (1998), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ning ma’ruzalarida o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021-yil 19-yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, buning uchun tarixni yaxshi o‘rgatish, bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Ushbu yig‘ilishda– «Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga O‘zbekistonda tarix fanini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.3
Zero, «tarix xalq ma’naviyatining asosidir». Binobarin, mustaqillik sharofati bilan falsafa. tarix, ayniqsa, Vatan tarixini o‘rganish, uning uslubiyatiga, «oq dog‘lari»ga doir masalalar faol muhokama etila boshlandi. Ijtimoiy-gumanitar fanlarda jamiyat va shaxs masalalari, madaniy meros, til muammolari kabi masalalarni hal etishga intilish yuzaga keldi. Bu masalalarga bag‘ishlangan ilmiy, ayniqsa, publitsistik maqolalar gazeta va jurnallar sahifalarida muntazam bosilib turdi
Tariximiz, eng avvalo o‘tgan buyuk siymolar xalq orasidan chiqqan shu omma taqdiri bilan hamnafas ajdodlarimiz hayot yo‘lida, ularning Vatan oldidagi benazir xizmatlarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ana shu buyuk zotlarimizning bebaho merosi hamisha boshimizni baland, qaddimizni tik qiladi, o‘zbek millatining kelajagi buyuk davlat qurishda jahon ayvonida turib, o‘z iymoni, e’tiqodlari, ma’naviy ruhlari bilan qo‘llab-quvvatlab, olg‘a etaklaydi. Mustaqillik bergan buyuk ne’matlardan biri ham shundaki, millatimizni o‘tmishi kamida uch ming yilga borib taqaladigan haqqoniy tarix bilan qurollantirish hamda uzoq va yaqin o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk zotlarimizni hotirlab, ularning hurmatini bajo keltirish imkoniyatini berdi. Bu esa, yoshlarni ajdodlarga munosib avlodlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.



3 Шавкат Мирзиёев: Жамият ҳаётининг танаси иқтисодиёт бўлса, унинг жони ва руҳи маънавиятдир
2021-01-20 (Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев раислигида 19 январь куни маънавий- маърифий ишлар тизимини тубдан такомиллаштириш, бу борада давлат ва жамоат ташкилотларининг ҳамкорлигини кучайтириш масалалари бўйича видеоселектор йиғилиши ўтказилди.)
Millat o‘zligini qanchalik chuqur anglasa, o‘zining izzatini, qadr-qimmatini joyiga qo‘ysa, uni boshqalar ham ulug‘laydi, hurmat qiladi. Azaliy qadriyatlarimiz, islom diniga xos qoidalar, qadimiy an’ana va qadriyatlarga sodiq o‘zbek millati o‘zining insonparvarlik g‘oyalari bilan asrlar osha nom qozonib kelmoqda. O‘zbek millatining bugungi kunida yaqqol namoyon bo‘layotgan insonparvarligi keksa yoshdagi ulug‘ kishilarga hurmat, kichiklarga mehr-shafqat, izzat, muhtojlarga xayr-sahovat qilish, ota-ona izmida turish, qarindosh-urug‘ning, qo‘ni-qo‘shnining og‘irini engil qilib, tashvishu-quvonchlariga sherik bo‘lish kabi insoniylik fazilatlari behisobdir. Ana shu ezgu xislatlarga zid qarashlarni o‘zida shakllantirgan xudbinlar, millatfurushlar, xoinlar, qora niyatli kishilar oz bo‘lsa-da, uchraydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, millati uchun qayg‘urgan, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘xtonlardan himoya qilgan, o‘zbek xalqi boy madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib qilishda jonbozlik qilgan insonlarni, millat g‘ururiga aylangan insonlarni ulug‘lash, ularning nomlarini abadiylashtirish bugungi kundagi eng dolzarb masaladir.
Respublikani juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyot va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovdek insonga nisbatan adolatsizlik qilindi. Inson tirik paytida uni ko‘klarga ko‘tarib, vafotidan keyin er bilan yakson etsa, qadrini beobro‘ qilsa, bu o‘zi qanday davlat, qanday jamiyat bo‘ldi, deya hayqirasan kishi. Biroq, afsuski yaqin o‘tmishimizda ana shunday achchiq va achinarli adolatsizlik sodir etildi. Bu borada Prezident Sh.Mirziyoyev shunday xulosa yasaydi: «Lekin, tarix guvoh, hayotda shunday adolatsizliklar ham bo‘lar ekan. Agar har bir xalq, har bir davlat mustaqil bo‘lmasa, boshqalar uning nafaqat dehqonini, nafaqat ishchisini, hattoki shoiru olimini ham, davlat arbobini ham istagancha tahqirlashi, insoniy sha’nini tuproqqa qorishi mumkin ekan». Darhaqiqat, biz yaqin o‘tmishimizda kechgan ana shunday ayanchli voqealar misolida qo‘lga kiritgan mustaqilligimizning naqadar buyuk ne’mat ekanligini, uning ahamiyati va mohiyatini, qadr-qimmatini yanada teran anglab etishimiz, uni har qanday yovuz kuchlardan himoya qilishga doimo tayyor turishimiz shartligini, sobiq sovetlar hududining ba’zi o‘lkalarida eski tuzumni yana qaytarishga urinishlar bo‘layotgan hozirgi paytda bu achiq haqiqatni hech qachon unutmasligimiz, mustaqillikning qadriga etishimiz zarurligini unutmasligimiz lozim.
Hozirgi kunda ana shu noyob va mo‘tabar inson qoldirgan boy merosning qay darajada saqlanib, avaylanib kelinayotgani, uni har tomonlama o‘rganish, keng omma, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirish, jahon jamoatchiligiga targ‘ib etish borasida amaliy ishlar faol olib borilmoqda. Vatanimiz kelajagi bo‘lgan barkamol avlodni etishtirish uchun millatimizning har bir vakili o‘z farzandini milliy g‘oyamiz, qadriyatlarimiz, tilimiz, qadimiy tariximiz, madaniy boy o‘tmishimizda chuqur iz qoldirgan buyuk siymolarimizga muhabbat va hurmat ruhida tarbiyalash bilan birga jahoniy o‘zigagina xos bo‘lgan insonparvarlik, baynalmilallik, samimiylik va bag‘rikenglik ruhida ham ta’lim va tarbiya berishimiz, bugungi kunda har qachongidan ham zarurroqdir.
Dunyodagi har qanday millatning o‘zigagina xos milliy qiyofasini namoyish etadigan, belgilab turadigan xususiyatlari bo‘ladi: davlati, tili, dini, urf-odatlari, qadriyatlari, madaniyati, musiqasi, san’ati, mashhur shaxslari, ruhiyati, iftixor tuyg‘usi... Nazarimizda milliy g‘oya tushunchasi millatga xos bo‘lgan, hozir sanab o‘tilgan xususiyatlar zaminida shakllanadi, muayyan bir qolipga tushadi, uning tarixini shakllantiradi.
Bugunga kelib dunyoda o‘ziga yarasha yuksak salohiyati, benazir nufuziga mos ravishda o‘rin egallayotgan mustaqil O‘zbekiston atalmish davlat bor ekan, bu yurtda ana shu nomga munosib millat yashamoqda. Bu yurtda uning ota-bobolari, avlod-ajdodlari, buyuk zotlari yashab o‘tgan. Dunyoda millatlar ko‘p, ular ichida buyuk tarixiy o‘tmishga ega bo‘lgan o‘zbek millati ham bor. Jahon ahli O‘zbekistonga qarab, bizning millat sifatidagi qiyofamizni, millatimizga xos bo‘lgan bag‘rikengligimizni ko‘radi.
Xalqimizning otashqalb farzandi, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyot va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulug‘lash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 27-mart kuni «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Hamda mazkur yubiley tantanalari yuqori saviyada nishonlandi. Bu bilan el-yurtimiz taqdiriga daxldor tarixiy adolatni tiklash, ajdodlarimizning ezgu ishlari, jasoratini ulug‘lash va abadiylashtirish, mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor xalqimizning inson xotirasi va uning qadr- qimmatiga ehtirom ko‘rsatishdek o‘lmas qadriyatlari, bebaho ma’naviy fazilatlarini namoyon etib kelmoqda.
Shu munosabat bilan tarixni dohiylar emas, balki ongli va bunyodkor inson, xalq yaratishi haqidagi fikrlar yangicha mazmun va falsafiy ruh bilan bayon qilindi. Haqiqatdan ham, tarixni xalq yaratadi, uni yaratishda faol qatnashgan, xalq ruhida, ongida va qalbida o‘zlaridan chuqur va o‘chmas iz qoldirgan tarixiy shaxslar ham xalq farzandlaridir. Shu sababli tarixchi mutaxassislar ramziy ma’noda tarixni uni yaratgan va yaratayotgan xalqning tarjimai holiga qiyoslashadi. Shuning uchun ham qadimgi tarix, o‘rta asrlar tarixi, zamona tarixi kabi iboralar ishlatiladi. Bular yaxlit holatda Vatanimiz tarixini anglatadi.
Ma’lumki, xalqimiz o‘zining ming yilliklar mobaynida shakllangan adolatparvar siyosati, ma’naviy barkamol milliy davlatchilik an’analari bilan jahon davlatchiligi va siyosati taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Xalq o‘z tarixini asosan o‘z davlatini qurishdan boshlab yaratishga kirishadi. Ma’lumki, turkiy tilli xalq o‘z tarixida ko‘plab buyuk va shavkatli saltanat qurgan xalqdir. Olis o‘tmishimizga nazar tashlab, uning butun borlig‘ini jamlab baholar ekanmiz xalqimizning voqealarga boy ko‘p ming yillik tarixi davomida ko‘p sinovlarni boshidan kechirganligi, madaniyat, ilm-fan, o‘z davlatchiligi yutuqlaridan bahra olganligiga amin bo‘lamiz. Shu bilan birga, tarixning o‘yini ham, omonsiz jangu jadallar ham, tabiiy ofatlar va ochlik ham xalqimizning insoniylik tabiatiga dog‘ tushira olmaganligini teran anglaymiz.
Mustaqillik tufayli milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik, Vatan uchun iftixor, g‘ururlanish va shu singari boshqa tuyg‘ular yana bir bor cho‘qqiga ko‘tarildi, xalqimizning mustaqil fikrlashi, ma’naviy dunyosi, ijtimoiy-siyosiy faolligi o‘sib bordi, bu esa yangidan-yangi yutuqlar garoviga, kuch-qudrat manbaiga aylandi, intellektual salohiyatni yuksaltirdi. Shuningdek, o‘tmishdagi buyuk zotlarimiz, Vatanni bosqinchilardan himoya qilgan, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur vasiyatlari va o‘gitlarini hamda qoldirgan ulkan ma’naviy merosidan o‘rnak va ibrat olishga hamda tariximizni haqqoniy o‘rganishga, unga munosib baho berishga imkon yaratildi.
Buyuk ajdodlarimizni teran anglash, chuqur o‘rganish asnosida milliy qadriyatlarimizni, qadimiy an’analarimizni, jahon sivilizatsiyasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan ajdodlarimizni yangi sharoitda yangidan yana bir bor kashf etamiz, qaytadan dunyoga tanitish imkoniyatiga ega bo‘lamiz hamda kelajagi porloq bo‘lgan yoshlarga ibrat va namuna sifatida ko‘rsatamiz, buyuk zotlarga munosib bo‘lishga astoydil undaymiz.
Asrlar osha, dovonlar osha kelayotgan bu ma’naviy boylikning umri boqiydir. Bag‘rikeng xalqimizning qadriyatlari – tinchlik, ma’rifat, yuksak ahloq-odob ifodachisi sifatida vaqtlar o‘tgan sayin, zamonlar kechgan sayin yulduzdek yarqirab, chiroy ochaveradi, kelajagi buyuk bo‘lgan yosh avlodni ma’naviy- ahloqiy tarbiyalashda muhim omil sifatida xizmat qilaveradi. Bu haqiqatni chuqur anglagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: «...har bir suveren davlat o‘zining betakror tarixi va madaniyatiga egadir. Bu tarix, bu madaniyatning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi esa, haqli ravishda shu mamlakat xalqi hisoblanadi. O‘zbek xalqining necha ming yillik tarixida qanday murakkab davrlar, og‘ir sinovlar bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz. O‘zbekistonning eng yangi tarixi va biz erishgan olamshumul yutuqlar mard va matonatli xalqimiz har qanday qiyinchilik, to‘siq va sinovlarni o‘z kuchi va irodasi bilan engib o‘tishga qodir». Zero, ajdodlarimizning bebaho tarixiy merosi – abadiyatga daxldor ma’naviy xazina ekanligini chuqur anglansa, tarixiy xotiramiz qanchalik boy, mazmunli bo‘lsa, xalq shunchalik uyushgan, hamjihatlikda yurt taraqqiyoti yo‘lida beqiyos o‘rni va ulug‘vor ishlarni bajarishga qodir bo‘ladi. Shu bois, ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning ma’naviy etuk shaxsni tarbiyalashda tarixiy xotiraning o‘rni va saboqlari to‘g‘risidagi fikrlari
«O‘zbekistonning eng yangi tarixi» fanining mazmun-mohiyatini talabalarga etkazishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.



  1. Yüklə 3,89 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   111




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə