Botir Zokirov



Yüklə 143,13 Kb.
tarix21.10.2023
ölçüsü143,13 Kb.
#129912
Botir Zokirov


Botir Zokirov

Milliy estradamiz asoschisi, mashhur san’atkor Botir Zokirovning nomi yillar o’tgan sari yanada qadrli, tobora qalbimizga yaqin bo’lib borayotir. Garchi san’atkor boqiy dunyoga ko’chgandan buyon yigirma yildan ziyod davr o’tgan bo’lsa-da, uning serqirra ijodi va jo’shqin hayoti hanuz ko’pchilikda qiziqish uyg’otadi. Betakror qo’shiqlari hamon ko’ngillarni asir etib keladi. Muxlislar qalbini mudom sog’inch va armon hissi tark etgan emas. Botir Zokirovni ko’rganlar, bilganlar, kontsertlarida o’girib hazin qo’shiqlarini tinglaganlar o’zlarini baxtiyor hisoblaydi; bilmaganlar, ko’rmaganlar esa san’atkor haqida ko’proq bilishni, eshitishni, o’qishni orzu qiladi.
Botir Zokirovning serqirra ijodi har tomonlama teran o’rganilsa, qo’shiqlarining yaratilish tarixi tahlil etilsa, insoniy fazilatlari esga olinsa, kishi ko’z o’ngida chinakam ZIYOLI siymosi namoyon bo’ladi.
Botir aka bolaligidanoq tevaragida sodir bo’layotgan voqea-hodisalardan ezgulik axtaradi. O’qigan kitoblaridan ziyo izlaydi. Uning yurish-turishi, muomalalarida ham chinakam ziyoliga xos fazilatlar mujassam edi. Ziyolilik, avvalo, oddiy madaniyatdan, odamiylikdan boshlanishini, ayniqsa, san’atkorlikni niyat qilgan har bir inson shunga intilishi zarurligini u juda erta anglab yetadi. Bunday tarbiyani birinchi galda otasi va ustozi Karim Zokirovdan oladi.
Botir Zokirovning bolaligi ko’pgina jihatlari bilan aksariyat ulug’ san’atkorlarning bolaligiga o’xshab ketadi. U doimo qandaydir mashg’ulot bilan band bo’lar, aytaylik, rasm chizar, qo’shiq o’rganar, she’r yodlar, xullas, biror daqiqa vaqtini behuda o’tkazmas edi. Tunlari uxlamasdan kitob mutolaa qilgani uchun ko’pincha ko’zlari qizarib yurardi. Unga nafaqat bolalar, balki kattalar ham havas qilardi.
Bolaligidayoq uning siymosida o’ziga xos bir donolik mujassam edi. Bu donolik, ilmga tashnalik, san’at dunyosiga bo’lgan muhabbat kelajaqda uning ulkan san’atkor, tom ma’nodagi ziyoli inson bo’lib voyaga yetishiga xizmat qildi.
U buyuk shoir va mugafakkir Alisher Navoiy haqida dastlab otasidan eshitgan edi. Qolganlarini maktab darsliklaridan hamda mustakil o’qib-o’rganib bildi, Qo’lida mudom hazrat Navoiyning biror bir asariii olib yurgani uchun uni hatto «Alisher» deb atashadi. Ayrim maktab hujjatlarida ham “Alisher Zokirov” deb yozilgan hollar bo’lgan. Unga shoirning «Layli va Majnun» dostoni juda yoqib qolgan, ba’zi joylarini yoddan o’qib yurar edi. Ayniqsa, Majnun obrazi qalbidan mustahkam o’rin olgani bois o’n to’rt yoshida «Majnun» deb atalgan bir kartina ham yaratadi. Unda tasvirlangan manzara quyidagicha edi: zilol hovuzchaga |ko’m-ko’k buloq suvi kelib quyilyapti. Hovuzcha bo’yida g’amgin xayollarga cho’mgan, sochlari parishon, kiyim-boshi bir ahvolda Majnun o’tiribdi. Yonida chiroyli, munchoq ko’zlari javdirab jayron yotibdi. Majnun o’ng qo’li bilan jayronning boshini silayapti. Tomirlari bo’rtib turgan chap qo’li iyagida. Tizzalari ustida paylari tarang tortilgan kamon. Ro’parada boshini oyoqlari ustiga qo’ygancha uzala tushib sher yotibdi. U ham go’yo Majnunning ahvolini ko’rib g’am-g’ussaga botgandek. Kartinaning orqa ko’rinishi sarg’ish tusda. Majnunning parishon va shikasta chehrasi, hasrat to’la ko’zlari kishi yuragini ezib yuboradi…
Ey ishq ustida xasim, nechuksen?
Ey bedilu bekasim, nechuksen?

Ki Layli ishqida notavonsen,
Ishqida jahong’a doston sen…
Bu ajoyib tasvirni bemalol Botir Zokirovning dastlabki «Avtoportret»i deyish mumkin. Garchi uning bu ilk asari biron bir ko’rgazmada namoyish etilmagan bo’lsa-da, har qanday iste’dodli rassomning asaridan qolishmas edi.
Aytish mumkinki, Botir Zokirovning Navoiy asarlarini o’qib-o’rganishi, Majnun obraziga bu kadar mehr qo’yishi, keyinchalik ilk ko’shiqning yaratilishi, birinchi marta sahnaga chiqish jarayonlarida ham yuksak madaniyat va ziyoliliking yorqin belgilari bor edi.
Odam olim bo’lishi mumkin, lekin doim ham ziyoli bo’lolmaydi. Ziyolilik — tug’ma fazilat. Botir Zokirov millatimizning ana shunday ziyolilaridan edi. Bugungi estrada san’atida nima kam desalar, Botir Zokirovdek zukko va bilimdon ziyoli, madaniyatli san’atkor yetishmaydi degan bo’lardik. Nuqul pul sanash va hashamatli imorat qurishdan boshqasiga yaramaydigan bugungi ba’zi xonandalarimiz saviya, bilim va dunyoqarashni o’zgartirish haqida ham andak o’ylasalar, siyqa xirgoyilar bir oz kamayarmidi…
O’zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov Botir Zokirovni bunday xotirlaydi: “Botir Zokirov katta talant sohibi, yuksak ehtiros farzandi, XX asrning o’ta madaniyatli va ziyoli kishisi edi. Bu ulug’ san’atkor hamisha halol, iymonli, haqiqatgo’y bo’lgan, har qanday sharoit va vaziyatda o’z e’tiqodiga, san’ati hamda yuksak madaniyatiga sodiq qolgan. Hamisha u kishining hayot va ijod yo’li ibratli, san’ati umrboqiydir».
Botir Zokirovga jahonning mashhur adibi Chingiz Aytmatov ham shunday yuksak baho bergan. 1978 yili san’atkor «Yalla» ansambli bilan Bishkekka gastrolga borganida kontsertda Chingiz Aytmatov ham qatnashgan va tomoshadan so’ng Botir Zokirovni Cho’lponotadagi dalahovlisida mehmon qilib, uzoq suhbatlashgan. Aytmatov unga sog’ligini asrash kerakligini qayta-qayta tayinlagan. Shuningdek, Botir aka mashhur shoirlar Nozim Hikmat, Rasul Hamzatov bilan ham ko’p bora uchrashib, suhbat qurgan.
Botir Zokirov adabiyotni, tasviriy san’atni sevar, ko’p o’qir va rasm chizar edi. Taniqli ijodkorlar O’lmas Umarbekov, Uchkun Nazarov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzaev, rassom Ro’zi Choriev bilan yaqin do’st edi, tez-tez ijodiy muloqotda bo’lib turardi. Ular bir-birlariga yangi asarlaridan o’qib berar, bahs-munozara qilishar edi. Botir Zokirov, ayniqsa, dilkash do’sti, betakror rassom Ro’zi Choriev ustaxonasida bo’lishni, u bilan suhbatlashishni, yangi chizgan asarlarini tomosha qilishni xush ko’rardi. Bu darvashtabiat inson bilan suhbatlashish maroqli edi. Ro’zi akaning beg’ubor hayajonlari, jilov neligini bilmaydigan jo’shqin fa`l-atvori kartinalariga ham ko’chgan edi. U ham Botir Zokirov ijodini qadrlar, yangi rasmlar chizayotganida uning dardli va dilbar qo’shiqlarini qayta-qayta tinglab to’ymas edi. Bu ikki mashhur ijodkorning bir-biriga talpinishi, bir-birining ijodidan zavqlanishi, ikki ziyoli shaxsning bir-biriga bo’lgan bu qadar yuksak hurmati ibrat bo’lgulikdir… (Sahifa o’rtasida taqdim etilayotgan Botir Zokirov portretni Ro’zi Choriev chizgan)
Botir Zokirov har bir yangi qo’shig’i ustida uzoq ishlar edi. Qo’shiqning so’zi, musiqasi yuragini jizillatmaguncha kuylamagan u. Ulug’ san’atkor musiqaviy asarni kamida yetti-sakkiz variantdan so’nggina qiyomiga yetgan deb hisoblardi. Bu holni chinakam ko’shiq yaratish madaniyati desa bo’ladi.
Atoqli kompozitor Ikrom Akbarov bilan tanishuv Botir Zokirov ijodida yangi sahifa ochdi. Ikrom Akbarov bunday xotirlaydi:»Botir bilan ishlash ham maroqli, ham mashaqqatli edi. U har bir yangi qo’shiq ustida dehqon yerga ter to’kib ishlaganidek, juda qattiq mehnat qilardi. Tanlagan sha’rining so’zlari yoqmasa, o’zi qaytadan yozardi. Keraksiz, kuyga tushmaydigan misralarni, so’zlarni olib tashlardi. Ayrim qo’shiqlarni o’n variantda ishlagan kezlarimiz bo’lgan. Masalan, «Oshiq bulbul» qo’shig’ini o’n sakkiz variantdan so’ng kuylagan. Umuman, u o’ziga yoqmagan, yuragini jizillatmagan qo’shiqni aslo aytmasdi. Agar qo’shiq yomon chiqsa, «Hoshim» bo’lib qolibdi-ku, Ikrom aka», derdi kulib.
Ikkinchi operatsiyaga tayyorgarlik ko’rib yurgan kezlarida ham nuqul «ishlaylik» derdi. Ba’zan shanba-yakshanba kunlari vrachlardan ruxsat so’rab, uyimizga kelardi. «Ey, sorbon* qo’shig’i ana shu davrda yaratildi. Uzoq ishladik. Qo’shiq sobiq ittifoq radio orkestrida bilan yozib olindi. Qo’shiqni yozib olish jarayonida ovoz rejissyori Volodya Babushkin boshini changallab yig’lagan va oxirigacha eshitishga toqat qila olmay xonadan otilib chiqib ketgan edi.
Botir ko’pqirrali ijod sohibi edi. Ammo u musiqa yozmadi. Aslida yozsa bo’lardi, bunga iste’dodi yetardi. Ba’zi nomdor kompozitorlardan yaxshiroq yozishi mumkin edi. U musiqani, kuy va qo’shiqni ilohiy mo»jiza deb bilar va bunga xiyonat qilganlarni kechirmasdi. Shu boisdanmikan, musiqa yozishga jazm etmadi. U musiqa, tasviriy san’atni chuqur biladigan, teran anglaydigan, madaniyatli va ziyoli san’atkor eda…»
Haqiqatan ham, Botir Zokirov serqirra ijodkor — o’ziga xos rassom, ajoyib hikoyalar muallifi, aktyor va tarjimon edi. «Sug’d elining qoploni» operasi librettosini Botir Zokirov yozgan. Asarni o’zbek tiliga ustoz adib Asqad Muxtor tarjima qilgan. Musiqa muallifi — Ikrom Akbarov.
Xullas, u qaysi soha yoki janrga qo’l urmasin, barchasida yorqin iz qoldirdi. Lekin Botir Zokirov nomi qo’shiq tufayli olamga yoyildi. «Ra’no», «Arab tangosi», “Kel, yor», “Qaydasan, azizim», «Majnun monologi» singari ko’plab qo’shiqlari milliy estrada san’atimizning bebaho durdonalariga aylandi.
Botir Zokirov qo’shiq dunyosiga Majnun bo’lib keldi, qo’shiq uning Laylisi bo’ldi. U Layli ishqida bearmon nola qildi. Ishq sahrosida yuraklarni o’rtab faryod ayladi. Uning faryodlariga sahro gullari bardosh berolmadi, o’t-o’lanlar ildiziga titroq kirdi. To’rg’aylar bu o’tli ovozni eshitib, sayrashdan to’xtadi Karvon kuy og’ushida, qo’shiq sehri bilan asta-asta odimlaydi: “Ey, sorbon, ohista yur, oromijonim boradur…» Yurakdan buloqday qaynab chiqayotgan nolalarning cheku chegarasi yo’q. Qo’shiq sahrosining Majnuni yana Layli haqida yonib kuylaydi:
Layli ishqin tanimda jon qil,
Layli shavqin ragimda qon qil…
Xizmat xonamdagi kitob javonida Botir Zokirov, Abdulla Oripov, Ro’zi Choriev, Mirsodiq Tojiev va boshqalarning surati bor. Ro’zi aka bir kuni kelganida Botir Zokirovning suratiga qarab turdi-da, yon cho’ntagidan to’rt buklangan sarg’ish qog’oz chiqardi. Buklam o’rtasida konvert parchasi, unda «Charishke» degan yozuv bor edi.
— O’qing, oshna! — dedi Ro’zi aka odatdagiday charaqlab. Biroq shu zahoti ko’ziga yosh qalqib chiqdi.
Botir Zokirovning sarg’ish qog’ozga qora siyohda, ehtimolki, shifoxonada bitilgan bu maktubini men ham ta’sirlanib o’qib chiqdim. Ulkan kishilarning ulkanliga har doim, ularning har bir qadamida sezilib turadi. Botir Zokirovning do’stiga yozgan oddiygina maktubida ham ulkan san’atkor, ulkan inson o’zining to’la buy-basti bilan namoyon edi.
Keling, yaxshisi… Ro’zi akaning roziligi bilan bu maktubni e’tiboringizga havola etaman (Maktubda bir-ikki kishining nomi bor. Ularni tushirib qoldirsakmi, deya mulohaza qilgan edim, Ro’zi aka rozi bo’lmadi. Mulk egasining amri vojib — aytganini qilishga majburman).
«Chorijon!
(Maktub rus tilida bitilgan bo’lib, Botir Zokirov Ro’zi akaga «Charishka!», deya o’zi suygan ibora bilan murojaat qiladi — muallif)
O’rtamizdagi, afsuski, o’sha kuni bo’linib qolgan gapni davom ettirmoqchiman… Biroq, uni tugagan, deb hisoblamaganim uchun gapni takrordan boshlayman.
Eng avvalo, men do’stlik — o’zaro maftunkorlik, tahsinu olqishlar yoki shunchaki birgalikda aroq ichishdangina iborat emas, deb o’ylab kelganman, hozir ham shunday deb o’ylayman. Ikki er kishining do’stligi, nazarimda, printsiplar, intilishlar va ruhlarning yaqinligidan iboratdir. Do’stlikni, shuningdek, eng avvalo printsipiallik va haq so’zda (vaqtida aytilgan) ham deb bilaman («PRINTSIPIALLIK» va «HAQ SO’Z»ning tagiga chizilgan — muallif). Buning ustiga, do’stlik — bir-birini o’zaro boyitish va bir-biriga ta’sir o’tkazish hamdir. Men senga qanday ta’sir o’tkazganimni bilmayman , lekin sening menga ta’siring juda ham ulkan. U bitta — GO’ZAL (tagiga chizilgan — muallif) degan so’z bilan ifoda qilinadi.
Shunday qilib… o’shal oqshom men senga har doim, har doim havas qilib kelganman, sening qay darajada san’at fidoyisi ekaningga kun sayin havas qilaman, degan edim (Bu gapni hozir ham aytaman). Havas qilamanmi, demak, hech qachon maydalik darajasiga, san’at dargohida non yeb yurgan hasadgo’ylar qatoriga tushmaydigan va har doim «BULARNING BARCHASIDAN YUQORI TURGAN» (aynan shunday, qo’shtirnoq ichida yozilgan va tagiga chizilgan — muallif) kishi sifatida sen bilan faxrlanganman. Sen ana shunday odamsan. Bularning barchasidan yuqori turib, durdonalaring va o’zing aytadigan «bemaza narsalar»ingni yaratgansan. Yaxshimi, yomonmi, ishqilib sen kamtarlik bilan va har doim ilhom bilan ishlaysan, juda ko’p ishlaysan va shu tufayli har doim baxtiyor va oliyjanobsan. Ana shuning uchun ham sening o’zliging, qiyofang (maktubda «tvoyo» deyilib, tagiga chizilgan — muallif) tobora yorqin va aniq namoyondir. Bularning barchasidan ustun turish kerak. Seni ana shunday, faqatgina ana shunday holda ko’rishdan baxtiyor va mag’rur edim. Sen hech kim boshqa birovning hayotiga burnini tiqmasligi kerak, deysan. Juda to’g’ri! Har kim o’zicha, o’z vijdoni, nomusi, aqli va ehtiyojiga qarab yashaydi. Biroq, ayrim kishilarda bulardan tashqari muqaddas burch ham bo’ladi. Uncha ko’p bo’lmagan ana shunday «ayrim kishilar»dan bittasi — sen — san’at fidoyisi va uning haqiqiy askari — rassom RO’ZI CHORIEVSAN (tagiga chizilgan — muallif). Ana shuning uchun ham sen boshqasan, har qanday kishi emas, alohida odamsan. Sening vijdoning, nomus va sharafing, aqling, hayoting o’zing har doim intilgan va hozir ham intilayotgan san’atga, ulkan va haqiqiy san’atga baxshida bo’lgani uchun ham sen boshqasan. Gapimga ishon, bugungi to’q, haddan tashqari hisob-kitobli, manfaat ustun turgan davrda fidoyilar, majnuni shaydolar unchalik ko’p emas. Betxoven va Majnunlar haqida o’qish, eshitish boshqayu uni shaxsan bilish, u bilan ko’rishib turish, u bilan yonma-yon yashash, bular ham kamlik qilganday, kishi o’zini uning do’sti, deb hisoblashi boshqa, butunlay boshqa gap. Gapimga ishon, bu Majnun bugungi kunimizda ko’pchilikka, juda ko’pchilikka kerak. Bunday majnun kishining poklanishi, boshqalarni ham poklashi, iste’dodsizlik, mehrsizlik, ehtiyotkorlikka qarshi nafrati yanada oshishi uchun ham ZARUR («zarur»ning tagiga chizilgan). Senga muhtoj bo’lgan ana shunday ko’pchilikning bittasi men edim. Ana shuning uchun ham sening o’zim shu paytgacha bilmagan kayfiyating, meni juda og’rintirdi.
Ehtimol, men «dafn qildim» (maktubda «poxoronil» — muallif) va h. k. deb (qo’poldan qo’pol),-ehtityotsizlik qilgandirman. Bundan juda afsusdaman. Biroq, seni shu qadar jon-dildan, sadoqat bilan yaxshi ko’rganim, hech qachon va hech qanday tarzda o’zimni XIYONATDA, G’ALAMISLIKDA, xususan SOTQINLIKDA («xiyonatda, g’alamislikda, sotqinlikda»ning tagiga chizilgan — muallif) ayblay olmaganim uchun ham senga o’sha gaplarni aytmasligim mumkin emas edi. Agar u gaplar seni tahqirlagan bo’lsa, kechir.
Turli-tuman kengashlar va hay’at yig’ilishlarida ishtirok etar ekanman, san’atdagi ba’zi birodarlarimiz bir-biriga tish qayragani o’ta mayda bo’lib tuyular, bularning barchasida ishtirok etayotganim uchun o’zimdan-o’zim uyalar edim. Ana shunday paytlarda ko’z oldimda butun bo’y-basting bilan sen paydo bo’larding-da: idiotstvo (bu so’z aynan Ro’zi Chorievga tegishli ibora bo’lgani uchun tarjima qilinmadi — muallif) der eding. Bularning barchasidan baland turish kerak, der eding. Men ana shunaqaliging uchun senga havas qilardim, sen bilan faxrlanardim. Ha, Chorijon, men boshqacha emas, faqat ana shunday Chorijon, faqat ana shu holidagina yaxshi ko’rgan va yaxshi ko’radigan, faqat ana shu holidagina to’la anglagan va anglaydigan Chorijonim bilan faxrlanib kelganman, hozir ham, bundan keyin ham faxralanman. Hech kim, hech narsa mendan ana shunaqa Chorijonni tortib ololmaydi va bundan keyin ham sen bilan birga bo’lishimga halaqit berolmaydi. Sen men uchun har doim barcha go’zallik, barcha yorug’lik, barcha pokizalik va barcha ezgulik fidoyisi ramzi bo’lib kelgansan va shunday bo’lib qolasan.
Xuddi ‘mana shuning uchun ham, bundan bir yil muqaddam bizning har doimgiday eng baxtiyor uchrashuvlarimizdan birida, o’zim uchun butunlay notanish bir odamni ko’rib, hayronu lol bo’lib qoldim. Bu odam sening ovozing, sening tiling bilan senga mansub bo’lmagan, qandaydir notanish, sening suratu siyratingga mutlaqo to’g’ri kelmaydigan so’zlarni aytar, qandaydir bema’ni narsalar to’g’risida gapirar edi. Mening Chorijonim, SAN’ATKOR CHORIEV («san’atkor Choriev»ning tagiga chizilgan — muallif) bir yil burun bu gaplarni eshitganida: «Idiotstvo! San’at bilan shug’ullaniix kerak! Bularning barchasidan ustun turib, ishlash kerak!» deb hayqirgan bo’lardi. Men bilgan, xuddi shu holida yaxshi ko’radiganim Chorijon xuddi shunday degan bo’lardi.
Ha, ehtimol, Marinaning (Ro’zi Chorievning rafiqasi — muallif): «Hech kimning gapiga quloq solish kerak emas, ularga o’xshab arazlashning ham keragi yo’q, biz ularga o’xshab emas, o’zimiz istagancha yashaymiz», degan gapi to’g’ridir. Ehtimol, ehtimol, ehtimol… Men esa, yuqorida ta’kidlangan (tagiga chizilgan so’zlar nazarda tutilmoqda — muallif), yuragimga armon qilichi bo’lib sanchilib turgan so’zlarni SEN (bu so’zning ham tagiga chizilgan) aytmaganing uchun baxtiyorman, ming martalab, ming martalab baxtiyorman.
Afsuslar bo’lsinkim, alamlar bo’lsinkim, bittagina so’z qalam bilan tortilgan bitta chiziq singari do’stlik deb atalgan yorqin, pokiza, mas’um, ezgu va havo singari zarur so’zni o’chirib tashlashi mumkin ekan.
Ha, sening har doim takrorlaydigan gaping to’g’ri: Xudo bor! (Bu o’rinda ikkita izoh berib o’tishga to’g’ri keladi. Birinchidan, «Xudo bor» so’zi Ruzi Chorievning iborasi bo’lgani uchun o’zbekcha yozilgan — muallif) Mana, hozir ham Xudoni o’rtaga qo’yib aytamanki, sening oldingda gunohim yo’q, sening oldingda vijdonim pok! (Buni aytib o’tirishga majbur bo’layotganimdan afsuslanaman) Men seni har doim yaxshi ko’rganman va yaxshi ko’raman ham. Irka (Botir Zokirovning rafiqasi, O’zbekiston Xalq artisti Erkli Malikboeva — muallif) ham xuddi shunday munosabatda, u yog’i — XUDO BOR — o’zi biladi. («Xudo bor»ning tagiga chizilgan — muallif).
Maktubni (bundan buyon munosabatlarimiz faqat maktub orqaligina davom etmasaydi, deb juda qo’rqaman), bu gaplarning barchasini mana shunday xitob bilan tugataman: — to’g’ri qilasan, Chorijon, bularning barchasidan ustun turish kerak!
BOTIR»
Men Ro’zi akadan maktubning yezilish sababini surab o’tirmadim. Bu odobsizlikka o’xshab tuyuldi.
Nima bo’lganida ham, maktubda ikki kishi o’rtasida bo’lib o’tgan yozishmaning izohi-yu shartidan ko’ra, Buyuk San’atkor qalbi yaqqolroq namoyon bo’lib turgani uchun bundan qancha ko’p kishi ogoh bulsa, shuncha foyda, marhum san’atkorimiz maktubida qolgan yog’du ayrim chirkin yuraklar qa’riga ham sizib kirarmikan, degan niyat-da uni hukmingizga havol qildim
Manba: «Vatan» gazetasi, 1996 yil, 14-son


Ozbek estradasi asoschilaridan biri, istedodli xonanda, Uzbekiston xalq artisti Botir Zokirov 1936 yilda Moskvada tugilgan. 1957 yilda Toshkent Davlat




konservatoriyasining vokal fakul`tetini, 1962 yilda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatib, 1961- 1970 yillarda O’zbek Davlat estrada orkestrining badiiy rahbari sifatida faoliyat ko’rsatdi.
O’zbekistonda o’zbek estrada qo’shig’i san’atining shakllanishi va ommalashishiga katta hissa qo’shgan B. Zokirov lirik va lirik-dramatik qo’shiqlarni katta mahorat bilan ijro etdi. U «Maftun bo’ldim» (M. Burhonov musiqasi), «Ra’no» va «Gazli» (Ikrom Akbarov), «Majnun monologi» (S. Jalil), «Orzularim mash’ali» (Farid al-Atrash, Misr); «Go’zal qiz» (Rahboniy, Livan), «Dil orzusi» (Choudhuri, Hindiston), «Maro bebus» (eron xalq qo’shig’i), «O’tmishimga yig’layman» (Fatxulla Sulaymon, Suriya) kabi o’zbek, arab, hind va eron qo’shiqlarini maroq bilan kuylab, har bir xalqning milliy xususiyatlarini va ruhini ochishga harakat qildi. Zamonaviy estrada qo’shik san’atining iste’dodli namoyondasi Botir Zokirov «O’zbekiston xalq artisti» unvoni sohibidir.
Botir Zokirov 1985 yilda Toshkent shahrida vafot etdi. O’zbek milliy madaniyati rivojiga qo’shgan ulkan hissasi uchun 2000 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.
Yüklə 143,13 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə