O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti


Ko‘makchilar substansial qiymatining badiiy uslubiy˗pragmatik xoslanishi



Yüklə 413,52 Kb.
səhifə4/6
tarix07.12.2017
ölçüsü413,52 Kb.
#14292
1   2   3   4   5   6

Ko‘makchilar substansial qiymatining badiiy uslubiy˗pragmatik xoslanishi. Bunday umumlingvistik vositalar yordamida hosil bo‘lgan individual o‘xshatishlar fikrning obrazliligi, serbo‘yoqligini yanada kuchaytiradi. H.Olimjonning “O‘zbekiston” she’rida go‘yo ko‘makchisi yordamida qator original o‘xshatishlar hosil qilinganki, bu hol she’rning jozibadorlik, ta’sirchanlik kuchini yanada oshirgan:

Chiroylidir go‘yo yosh kelin,

Ikki daryo yuvar kokilin.

Bunday hollarda o‘xshatish ko‘pincha ketma-ket kelib, ham vositali, ham vositasiz hosil bo‘lgan. O‘xshatishlarning hamma ko‘rinishining she’riy nutqda muhim o‘rni bo‘lsa-da, bu xildagi o‘xshatishlar she’riy fikrning jozibador, ta’sirchan, obrazli bo‘lishini yanada kuchaytiradi. Biz bu o‘rinda o‘xshatishning ana shu turlari, shuningdek, poetik bamisli, misli, misoli, yanglig‘ so‘zlari yordamida hosil bo‘lgan vositali o‘xshatishlar va poetik nutqqa xos bo‘lgan vositasiz o‘xshatishlar xususida ba’zi mulohazalarni bildirmoqchimiz. Bu o‘rinda yana shuni ta’kidlash lozimki, o‘xshatishning bu turida bir predmet bir necha predmetga o‘xshatiladi. O‘xshatishlar kutilmaganda, original ravishda hosil bo‘ladi. Masalan:



Karam ildizin chaynab olazarak tovushqon,

Bo‘rsiqday, yum-yumaloq, bir savat paxta kabi,

O‘spirin shoirlarday hijoga usta chaqqon,

Kuzga madhiya o‘qir tegmay labiga labi (G‘.G‘ulom).

Bu she’riy parchada bir predmet bir necha predmetga o‘xshatilgan. O‘xshatiluvchi obyekt — tovushqon, -day affiksi va kabi ko‘makchisi yordamida o‘xshovchi obrazlar — bo‘rsiq, bir savat paxta, o‘spirin shoirga o‘xshatilgan. Natijada nutqning obrazliligi yanada kuchayib, ta’sirchanlik orttirilgan.

Hozirgi o‘zbek she’riyatida uchraydigan bir qator o‘xshatishlar murakkabligi, ayni paytda, originalligi bilan ajralib turadi. Bunday o‘xshatishlarda narsa yoki predmet bir predmet yoki narsaga vosita yordamida o‘xshatilsa, ikkinchi bir narsa yoki predmetga vositasiz qiyoslanganini ham kuzatish mumkin. Masalan:

Tabiat saharda misli bir g‘uncha,

Tong esa g‘unchaning ochilgan chog‘i.

Yoki taxmin qiling: tabiat bir qiz,

Tong esa u qizning marmar yonog‘i (Uyg‘un).

O‘xshatilayotgan predmet tabiat va tong. Birinchi misrada tabiat g‘unchaga o‘xshatilgan. O‘xshatish misli poetik ko‘makchisi yordamida vujudga kelgan. Shuningdek, bamisli, misli, misoli, yanglig‘ poetizmlari o‘xshatish hosil qiluvchi leksik vositalar bo‘lib, misoli, yanglig‘ hozirgi o‘zbek tilidagi kabi, singari ko‘makchilariga, ba’zan ˗day (-dek) affiksli o‘xshatish ifodalovchi so‘zga sinonim bo‘la oladi.

Masalan:

Kuz. Salqin shabboda o‘ynar beqaror.

Suvlarda aks etar musaffo falak.

Aylanib-aylanib tushadi yerga

Har yaproq misoli oltin kapalak (Uyg‘un).

To‘rtinchi misrada fikr o‘xshatish yo‘li bilan ifodalangan. Yaproq misoli vositasida kapalakka o‘xshatilgan. Misoli poetizmi bu o‘rinda kabi, singari, -day (-dek) affikslariga sinonim bo‘la oladi. Masalan: kapalak kabi, kapalak singari, kapalakday, kapalakdek. Lekin bu vositalar ushbu kontekstda misoli poetizmi bajargan stilistik vazifani bajara olmaydi. Chunki misoli poetizmi ohang va poetik sintaksiga shu darajada mos tushganki, bu o‘rinda boshqa vositani qo‘llash fikriy ta’sirchanlikni susaytirishi mumkin.

She’riyatda ham xalq og‘zaki ijodiga yaqin turgan she’riy asarlarda uchrab, misralardagi hijo muvofiqligini, xalq og‘zaki ijodiga, so‘zlashuv uslubiga xos soddalik, oddiylikni ta’minlaydi:

Baxtiyor bilan Oygul

Qiz bo‘lib ochilgan gul,

So‘ylaguvchi devorlar,

Bola bo‘p qolgan chollar (H.Olimjon).

Bunday qisqartma shakllarning xalq og‘zaki ijodi, folklor asarlarida uchrashi ham ularning so‘zlashuv nutqiga xosligini. ko‘rsatadi. Bu xususiyat nima so‘roq olmoshi va uchun ko‘makchisining birikuvidan hosil bo‘lgan ne, uchun, nechun shakllarida, nima so‘roq olmoshi va qilmoq fe’lining netmak, bilan ko‘makchisining ila, nima so‘roq olmoshining ne qisqargan shakllarida ham mavjud bo‘lib, ularning vujudga kelishida so‘zlashuv tili muhim rol o‘ynagan.

O‘zbek she’riyatida analitik usulda qisqarib, qisqartma shakl hosil qilgan holda qo‘llaniladigan quyidagi so‘zlar uchraydi.

Bilan ko‘makchisi -la affiksal shaklida o‘zidan oldingi so‘zga qisqarib qo‘shiladi: ellar-la, zavqi-la, ishqi-la, kuchlar-la, oy-la, ohanglar-la, savati-la, sening-la, sevinch-la, umri-la, ufqlar-la, tovush-la, yuzlar-la va boshqalar. Bunday qisqartmalar she’riy matnlarda ko‘plab uchraydi: Oy-la o‘pishgan tog‘lar oq sochlarla ko‘rinar (H.Olimjon). Qir tuman˗la burkandi (Oybek). Ko‘klam tongotarini kutib olmoqlik uchun, Alvon rang bayroqlar-la jahon sahni lolazor (G‘.G‘ulom). Ko‘z nuri˗la bu chamanga beribdi pardoz (E.Vohidov).

Uchun ko‘makchisi –chun shaklida o‘zidan oldingi so‘zga qisqarib qo‘shiladi: Sening-chun, shuning-chun, yaxshilar-chun, saodati-chun, uning-chun va boshqalar. Masalan: Uning-chun vatandir har gulshan vodiy (H.Olimjon. Kuychining xayoli). Seni hech unutmas bu hurmat haqqing, shu Vatan, shu xalqing saodati-chun (G‘.G‘ulom). Piyolani inson shuning-chun o‘par doim peshonasidan (E.Vohidov). Qushda-chi, sabot yo‘q, shuning-chun unga, Qochib qolmoq uchun qanot berilgan (A.Oripov).
3.2. Bog‘lovchilar umumiy grammatik ma’nosining nutqiy voqelanishi

Bog‘lovchilar nutqiy qo‘llanishining umumiy masalalari. O‘zbek tilida vositalarning ko‘pligi va rivojlanganligi nutqda qo‘llanishning chegaralanishi va ixtisoslashishga imkoniyat beradi. O‘zbek tilshunosligida vositalarning o‘zbek tili funksional uslublarga bag‘ishlangan M.Mukarramov va S.Karimovlar tadqiqotlarida bu haqda yo‘l-yo‘lakay aytilgan ayrim fikrlar mavjud. Bu ishlarda vositalar funksional nuqtai nazaridan faol va nofaollarga ajratilgan, ilmiy va badiiy uslub uchun xoslangan ba’zi bir vositalar tahlil qilingan24. Faqat “O‘zbek tili stilistikasi” darsligida vositalarning amaliy voqelanish xususiyatlariga birmuncha keng o‘rin berilgan, bu turkum so‘zlarning pragmatik voqelanishi bilan bog‘liq pragmatik xoslangan ma’no nozikliklari, teng vositalarning pragmatik vazifalari va substansial mushtaraklik xususiyatlari tahlil qilingan.25

Vositalarning tarixiy yodgorliklarda ishlatilishi masalasi ham fanimizda, asosan, grammatik tavsiflarda o‘rganilayotgan davrda vositalarning turlari va asosiy vazifalarini ko‘rsatish bilan chegaralanadi, stilistik-pragmatik vazifalar tavsifi maxsus qo‘yilmaydi. Faqat ayrim ishlarda bu haqda yo‘l-yo‘lakay ma’lumotlar beriladi, xolos.26 Shuning uchun bu ishlar vositalarning pragmatik xoslangan konnotativ ma’nolari va pragmatik qiymati haqida yetarli tasavvur bera olmaydi, masalaning dolzarbligini kun tartibidan olmaydi.

O‘zbek tili grammatikasi masalalari yoritilgan ilmiy-o‘quv adabiyotlarida, tabiiyki, vosita nazariyasiga oid masalalarga to‘xtalib o‘tilgan, tasniflangan27, lekin bu ishlar ayrim chalkashliklardan ham xoli emas. Jumladan, “Hozirgi zamon o‘zbek tili” darsligida -da yuklamasi vosita sifatida izohlangan.28 Shuningdek, fanimizda ko‘p yillardan beri na… na… yordamchisi goh vositalar turkumida, goh yuklamalar turkumida o‘rganib kelinmoqda. Savol tug‘iladi: biror vosita bir vaqtning o‘zida ikki so‘z turkumiga tegishli bo‘lishi mumkinmi? Bunday baholash o‘sha so‘zlar substansial mohiyati ochilmaganligidan dalolat beradi. Keyingi yillarda na...na... yordamchisining yuklama ekanligi tilshunosligimizda o‘z isbotini topdi.29 Bu kabi yuklamalar ikkilamchi (yondosh) vazifa asosida ba’zan vositaga ko‘chib, unga xos vazifani bajara oladi, lekin ba’zan ikkilamchi vazifasi birlamchi vazifasiga qaraganda faollashib ketishiga qaramay, uni boshqa turkumga ko‘chganligi yoki omonimik holat yuzaga kelganligi haqida xulosa chiqarishga asos bo‘lolmaydi. Bunday holatlar ma’lum turkum so‘zlarning konversiyasi doirasida baholanishi zarur.

Bog‘lovchilar substansial qiymatining pragmatik xoslanishi. Biriktiruvchi vositalar gapning uyushiq bo‘laklarini, qo‘shma gap tarkibidagi ayrim sodda gaplarni bir-biri bilan munosabatga kiritish jarayonida o‘z substansial xususiyatlarini namoyish etadi. Garchi ular bir umumiy ma’no doirasida birlashsalar-da, alohida pragmatik xoslangan ma’no nozikliklarini anglatishiga ko‘ra o‘zaro farqlanadilar.

O‘zbek adabiy tilida biriktiruvchi vositalardan eng faol qo‘llanadigani va vositasidir. O‘TILda va vositasi “teng huquqli gap bo‘laklari va gaplarni bog‘lash” substansial qiymatiga egaligi aytilgan.30 She’riy matnlarda va ning anaforik qo‘llanish holatlari uchraydi. Bu matndan ifodalanayotgan pragmatik xoslangan ma’noning emotsional-ekspressivligini kuchaytirish bilan birga, ohangdorligiga ham ta’sir qiladi: Men sizni sevaman / Va nafratlanaman, / Mayda tuyg‘ularni ko‘rmayman ravo (У.Азим) kabi.

“O‘zbek tili stilistikasi”da bu vositaning pragmatik xususiyatlari nisbatan batafsil izohlangan. Ushbu vositaga matnda ko‘pgina yordamchi vositalar, jumladan hamda vositasi, bilan ko‘makchisi va -u(-yu),-da, ham yuklamalari pragmatik qiymatdosh bo‘lib kela oladi. Garchi nutqda ularning biri ikkinchisi bilan o‘rin almashishi mumkin bo‘lsa-da, ular substansial˗pragmatik xossalari jihatidan farqlanadi.

Va, -u/-yu vositalarining substansial umumiyligi va pragmatik o‘ziga xosligi. Gaplarni o‘zaro bog‘lashda ular bir xil grammatik vazifani bajarishi mumkin, ammo ular bog‘lagan birliklar o‘rtasidagi uzviylikda farq bo‘ladi. Masalan: Ahmad keldi va ketdi – Ahmad keldiyu ketdi gaplarini solishtirib ko‘raylik. Birinchi holatda harakatlararo tenglikdan tashqari, ularning bajarilishi vaqt nuqtai nazaridan chegaralanmagan, aytaylik, kecha kelib, bugun ketgan bo‘lishi mumkin. Harakatning bajarilishi haqidagi axborot ham betaraflik xarakterida – Ahmadning kelganligi haqida shunchaki ma’lumot berilmoqda, xolos. Ikkinchi holatda ham harakatlar o‘rtasidagi tenglikni inkor etib bo‘lmaydi, ammo ularning bajarilishi vaqt nuqtai nazaridan chegaralangan – harakat qisqa muddatda bajarilgan, tezlikda kelib, tezlikda ketilgan31. Bu harakatning xususiyati sifatida ularning subsansial farqlarini anglatadi. Bu farq pragmatik vaziyat talabi bilan o‘ziga xoslik kasb etadi. Shu bilan birga keldiyu ketdi da nutq muallifining subyektiv munosabati ham mavjud, ya’ni so‘zlovchi Ahmadning harakatiga befarq emas, uning bajarilishini aniq ifodalashga intilish bor. Binobarin, va, bilan, –u/ -yu substansial mushtarakligi muayyan stilistik noziklik va farqlarga ega.

Yana bir jihat – va vositasi bog‘layotgan bo‘laklarning har birida alohida-alohida ta’kid bo‘yog‘i sezilib turadi, aksincha, -u/-yu bog‘laganda esa bog‘lanuvchi bo‘laklararo yaxlitlik va uyg‘unlik kuzatiladi. Shu sababli ularni hamisha ham almashtirib qo‘llash maqsadga muvofiq emas. Masalan, Bir gulgun o‘t yoqdi-yey, Kun va tun tutashgan joy (U.Azim) matnidagi va o‘rnida u (kunu tun) qo‘llansa, kutilgan natija chiqmaydi. Kunu tun ko‘pincha sutka ma’nosini ifodalagani uchun ham matn mazmuni o‘zgaradi. Ularning almashinib qo‘llanishiga uslubiy-pragmatik talablar sabab bo‘lishi ham mumkin. She’riy matnlarda bu vositalarning almashtirilishi bo‘g‘inlar soniga ta’sir etmasa ham, o‘qilish ohangiga ta’sir qiladi. Va o‘zi bog‘lagan bo‘laklarning har birini alohida-alohida to‘xtam bilan talaffuz etilishini taqozo etsa, -u/-yu yordamchilari ravonlikka xizmat qiladi, o‘zidan oldingi yopiq bo‘g‘inni (demak, aruzda cho‘ziq bo‘g‘inni) ochadi. Uning badiiy asarlarda keng pragmatik voqelanishining sabablaridan biri ham shunda.



va↔ -u/-yu substansial mohiyatining uyg‘unligida va ning kitobiy, -u/-yu ning esa so‘zlashuv uslubida faolligini ham qayd etib o‘tish zarur. Shuning bilan birga, -u/-yuda ma’lum darajada yuklamalik pragmatik xususiyati mavjudligini va shu asosda -da -u/-yu yuklamalariga birmuncha yaqinlashishni ham eslatib o‘tish joiz.

Tilimizda va bilan –da substansial mushtarakligi ham xos bo‘lib, bunda va vositasida to‘xtam, ta’kid bo‘yog‘i, ikkinchi holatda esa, harakat uzluksizligi, bajarilgan harakatning oniyligiga ishora mavjud: Bor-e, menga nima, dedim-da, chappa burilib yotib oldim (T.Murod) - Bor-e, menga nima, dedim va chappa burilib yotib oldim kabi. Bu yordamchi vositalar o‘rtasidagi substansial uyg‘unlikni hamisha ham ma’qullab bo‘lmaydi, ayrim hollarda esa u nazmiy talablar bilan ham bog‘liq bo‘ladi: Bag‘rimga nuringni to‘yib bosmasdan / Mag‘ribda qizarding va bo‘lding ado (U.Azim) - Mag‘ribda qizarding-da, bo‘lding ado qiyosi uslubiy-pragmatik jihatdan to‘g‘ri kelmaydi. Garchi har ikki misra 11 bo‘g‘indan iborat bo‘lsa-da, ikkinchi holatda turoqlar tartibi o‘zgarib, birinchi misra 6+5 bo‘lgani holda, ikkinchi misra esa 7+4 shakliga tushib qoladi, binobarin, she’riyatning asosiy talabi bo‘lgan ohangdorlikka putur yetadi.

Shuningdek, va nutqda vositalashgan bilan ko‘makchisi bilan pragmatik xoslangan substansial mushtaraklik munosabatida bo‘lishi mumkin: Hamon oftob charaqlab turar, chakalakzor tutun va olovga burkangan edi (O‘.Hoshimov) - tutun bilan olovga kabi. Har ikki gapning mazmuni bir xil, ammo ifodada pragmatik farqlar mavjud. Birinchi holatda sanash bo‘yog‘i, ikkinchi holatda sanash bilan birga ta’kidlash bo‘yog‘i ustunlik qiladi. Shu ma’noda ular bir xil pragmatik qiymatga ega bo‘lolmaydi.

Ham yuklamasi ham vositaga ko‘chganda va bilan o‘rin almashishi mumkin: Ahmad keldi va ketdi - Ahmad keldi ham ketdi. Har ikki gapda bir xil mazmun anglashilayotganini e’tirof etgan holda, ikkinchi holatdagi qo‘llanishni pragmatik jihatdan ma’qul deb bo‘lmaydi. Shuning uchun ham gapni Ahmad keldi ham, ketdi ham deb qo‘llash mumkin bo‘lgani holda o‘zbek nutqida Ahmad keldi ham ketdi tarzida deyarli qo‘llanilmaydi.

Hamda vositasining vositalashuvida ham o‘ziga xoslik bor – ularda harakatni emas, shaxs va narsa-hodisani o‘zaro bog‘lashga moyillik kuchli: Nakurtsoy esa yo‘l-yo‘lakay bir qancha katta-kichik daralar hamda Garasha qishlog‘i suvi ila ko‘payib To‘sinsoyga quyiladi (A.Suyun). Mana shunday paytda u va bilan o‘rin almashishi mumkin. Ammo bu birlikning ko‘makchilik holatidagi ekspressivlik imkoniyati vositalikdagiga qaraganda kuchlidir: Ham shonli, ham besha’n, hamda bechora / Xotira yukining og‘ir karvoni (U.Azim). Yordamchi vositaning pleonastik qo‘llanishi ham ulardagi ta’kid bo‘yog‘ining ikki baravar kuchayishiga olib keladi, ham bo‘g‘inlar miqdori bilan bog‘liq bo‘lgan uslubiy-pragmatik talabga javob beriladi.

Hamda kitobiy xarakterda bo‘lib, rasmiy, ilmiy, publitsistik uslublarda faol qo‘llaniladi. So‘zlashuv uslubida esa bunday emas. U uyushgan bo‘laklarning oxirgi qismida kelganda bo‘laklararo tenglikni ko‘rsatish bilan birga, oxirgi bo‘lakni ajratadi va ta’kidlaydi: Byuro uch kishidan iborat bo‘lsin degan taklif bor. Saida Aliyeva, Umida Umarova hamda Usmonjon Umarov! (A.Qahhor). Mana shu jihatlari bilan o‘ziga qiymatdosh bo‘lgan boshqa yordamchi vositalardan farqlanadi.

Zidlov vositalari matnda turli-tuman uslubiy va pragmatik xususiyatlarini namoyon etadi. Masalan, ammo, biroq vositalari nisbatan kitobiy, lekin esa uslubiy va pragmatik betaraf, neytral. Bundan tashqari, ammo yordamchisi bir ma’nosida vosita bo‘lib, lekin, biroq vositalariga qiymatdosh bo‘lsa, ikkinchi ma’nosida yuklamadir.32 Darhaqiqat, ammoning asosiy substansial qiymatdoshlari lekin va biroq vositalaridir: Jahllari yomon edi... Ammo “u yoq”dagi gaplarni hech gapirmasdilar! (O‘.Hoshimov) - Lekin “u yoq”dagi gaplarni hech gapirmasdilar! Biroq “u yoq”dagi gaplarni hech gapirmasdilar! Qiyoslanayotgan vositalar stilistik jihatdan bir doirada – kitobiylik ruhida bo‘lganligi bois, ular ma’no nozikliklaridagi farqlar deyarli sezilmaydi. Bu farqlar -u/-yu bilan bo‘lgan almashinuvda ko‘zga tashlanadi: Boshqalarni bilmadim-u, menga «tochka»da turishdan ko‘ra shunisi ko‘proq yoqadi (O‘.Hoshimov) - Boshqalarni bilmadim, ammo menga «tochka»da turishdan ko‘ra shunisi ko‘proq yoqadi. Har ikkala holatda ham mustaqil gaplarni o‘zaro bog‘layotgan, ular o‘rtasidagi ziddiyatni ifodalayotgan va subyektiv munosabat ham anglashilib turgan bo‘lsa-da, bu vositalarning ifoda darajasi ikki xil – -u/-yu ishtirok etgan holatda mayinlik, ammo qo‘llangan gapda esa qat’iyat ohangi sezilib turadi. Mana shu jihatdan ammoga substansial qiymatdosh bo‘lishi mumkin bo‘lgan, gaplar o‘rtasidagi zidlik ma’nosini bera oladigan -ku ning ekspressivlik kuchi ularning har ikkalasiga qaraganda yuqori ekanligi ma’lum bo‘ladi: Oyoqlari ipdek, puf desang uchib ketadigan holi bor-ku, miq etmaydi, eshshak! (O‘.Hoshimov) - Oyoqlari ipdek, puf desang uchib ketadigan holi bor, ammo miq etmaydi, eshshak! Mana shu yordamchi vositalar tufayli gaplarning ma’nosi bo‘rttiriladi – -ku tufayli ikkinchi gap, ammo yordamida birinchi gap mantiqiy urg‘u oladi va shu yo‘l bilan ulardagi fikrning muhimligiga ishora qilinadi. Ayni paytda, -ku ning so‘zlashuv uslubida nihoyatda faol ekanligini ta’kidlash lozim.

Shuningdek, ammo, lekin va -ku substansial uyg‘unlikdan tashqari ularning yonma-yon kelish holatlari ham uchraydi: Albatta, boshqa odamning yerini ham ekaverasiz-ku, ammo domladay ochiq qo‘lli odamni yo topasiz, yo yo‘q (A.Qahhor). Buning ostida zidlanishning meyordan baland darajada ekanligini ta’kidlashdek pragmatik mazmunni ifodalash maqsadi yotadi.



Ammo bilan arxaiklashgan illo vositasi ham substansial qiymatdoshlikni yuzaga keltiradi: Gullar tanidagi mudroqlikni sez. Illo, sen uxlashga shoshilma sira (A.Suyun) - Ammo, sen uxlashga shoshilma sira. Hozirgi tilimiz nuqtai nazaridan eskirgan elementlarning badiiy uslubda saqlanib qolish tamoyili bu yerda ham amaldadir. Ba’zan ularning mikromatn tarkibida qo‘llanishi qaytariqni bartaraf etadi va pragmatik ravonlikka xizmat qiladi: Bizdan zolimga ammo Qanday imdod bo‘lgusi? / Ne qilsak uning, illo, Ko‘ngli, qo‘nji to‘lg‘usi? (A.Suyun) kabi.

Garchi kamdan-kam hollarda uchrasa-da, yordamchi vositalarning pleonastik qo‘llanishi badiiy tasvirdagi alohida bir usul sifatida namoyon bo‘ladi: Sirtmoqlar yasaydir uzun va illo – Gulchambarlar emish menga atalgan (A.Suyun) yoki Yurtimiz tinch bo‘lsin, illo-billo qirg‘inbarot bo‘lmasin (O‘.Hoshimov).

Zidlov vositalar ba’zan gapning boshida keladi: Pastak non do‘konining derazasida chiroq bor. Qizg‘ish nur tushib turibdi. Ammo non mashinasi ko‘rinmaydi (O‘.Hoshimov). Imlo nuqtai nazardan bu holatni ijobiy baholab bo‘lmaydi. Sh.Rahmatullayev buning sababini qo‘shma gapshakllarning birinchi qismi tugal to‘xtam bilan aytilishida, deb izohlaydi.33 Vositaning bu tarzda qo‘llanishida prozaik va uslubiy matnlar o‘zaro farqlanishi ma’lum bo‘ladi. Boshqacha aytganda, poeziyada bu kabi holatlarni tez-tez uchratish mumkin: Dunyo degan shundayin anglab bo‘lmas sir ekan / Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan…(A.Oripov). Ammo va lekin qo‘llanilgan matnda ba’zan qo‘shma gap qismlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri zidlamasdan, fikrni ravon ifodalash uchun ham xizmat qilishi mumkin. Bunday holda zidlash, qarama-qarshi qo‘yish ma’nolari kuchsizlanadi va ifodada oniy pauza vujudga keladi, oldingi fikrga qisqacha yakun yasaladi va navbatdagi fikr beriladi. Bunday ifoda uslubiy-pragmatik jihatdan ham maqsadga muvofiqdir va u ham fikrni ravon ifodalashning bir usulidir. Urush odamning diydasini qotirib yuboradi deyishadi. Bo‘lsa bordir. Ammo kelib-kelib, farishtadek beozor yigitning o‘lishi...(O‘.Hoshimov)

Uslubiy matnda keltirilishidan qat’i nazar, ammo ning takrorini ham adabiy til meyorining buzilishi deb qarash lozim: Ammo, ammo sen ketasan, ma’lum intiho / Yurakda tizilib qoladi izing (M.Hasanova).



Ammo va lekin elementlarining juftlashib, ammo-lekin tarzida pleonastik qo‘llanishi dastlab so‘zlashuv nutqida, keyinchalik esa adabiy tilda ham meyo’r holatiga kelgan: Pichagina o‘tibdi. Ammo-lekin haliyam kech emas (T.Murod). U matnda ammo birdaniga ikki vazifani – ham bog‘lovchilik, ham yuklamalik vazifasini bajarmoqda.

Lekin vositasi, eng avvalo, zidlovchi vosita, ammo unda tranpozitsiya asosida ot vazifasida kelib, qilinayotgan ish-harakatning zaminida boshqa maqsad, ketidan keladigan boshqa narsa borligini ifodalaydi.34 Bitta lekini bor, Arslonbek aka, - dedi Saida, - sizni byuroga kirgizmaslikka bironta ham kommunist rozi bo‘lmasa kerak (A.Qahhor). Bunday otlashish ham aslida undagi tasviriy imkoniyatning kengayishidir. Agar bu otlashgan vosita juftlashsa, ifoda yana ham bo‘rttirilgan, subyektiv munosabat singdirilgan, presuppozitiv holatda namoyon bo‘ladi: - Gapingiz, ma’qul, uka, lekin…- Lekin-pekini yo‘q, - dedi Qulmuhammad Elomonovga so‘z bermay (M.M.Do‘st).

Biroq bog‘lovchisi teng ma’no va vazifali gap bo‘laklari yoki gaplarni zidlov yo‘li bilan bog‘laydi hamda mazmunan avvalgisiga zid fikrning boshlanishini anglatadi.35 Pragmatik jihatdan olib qaraganda unda kitobiylik bo‘yog‘i ustunlik qiladi, ilmiy va rasmiy uslublarda nisbatan ko‘proq ishlatiladi: rasmiy uslubda: Diplomatik manbalarning xabar berishlaricha, Livan ma’muriyati tinchlikparvar missiya faoliyatini bir yilga uzaytirishni so‘ragan. Biroq BMT Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosi missiya faoliyatini faqat yarim yilga uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan («Зарафшон»); ilmiy uslubda: Sinergetikada bu ikki paralellikni yangi sifatlarning paydo bo‘lishida fundamental ahamiyat kasb etishi ta’kidlanadi. Biroq, olim uni dissipativ sistemalar selektiv rivoji nazariyasi deb ataydi.

Keltirilgan misollardan ko‘rinadiki, biroq ning gap boshida kelishi ko‘p uchraydi va pragmatik xoslangan ma’no kasb etadi, ya’ni birinchi gapdagi ma’noni chuqur anglash va his qilish uchun nuqta qo‘yilib, o‘quvchining diqqati jalb qilinadi. Keyin uning hukmiga ikkinchi gapning mazmuni havola qilinib, gaplar zidlov vositasi orqali bog‘lanadi. O‘quvchi gaplardagi mazmunni umumlashtirish orqali ularning qarama-qarshi mazmunini ongida sintezlaydi va shu jarayonda zidlov vositasining vazifasi boshqa holatlaridan (asosan gap ichida kelgan holatlardan) yiriklashgani seziladi. Aslida birinchi gap oxirida nuqta yoki vergul qo‘yish, ikkinchi gapning bosh harf yoki kichik harf bilan boshlanishi ifoda mohiyatini va biroq ning pragmatik qiymatini o‘zgartirmaydi: To‘g‘ri, bobosi - eshon, ya’ni dushman, otasi - yapon razvedkasi agenti, u ham dushman. Biroq Qurbonoy dushman emas. Unsur bo‘lsayam ongsiz, tasodifiy unsur. (O‘.Hoshimov). Biroq yordamida yuzaga chiqayotgan zidlanish bo‘yog‘i har ikki holatda ham anglashilaveradi.

Zidlovchi vositalar doirasidagi ammo, lekin, biroq, -u/-yu, -ku singari vositalar bir substansial qiymatdoshik uyasiga birlashadi. Bu uyaga shunga qaramasdan birikmasini ham kiritish mumkin. Substansial qiymatdoshik munosabatga kirishish jarayonida ular ikki qutbga – kitobiy va jonli til uslublariga ajraladi. Ammo, lekin, biroq, shunga qaramasdan kabilar qutbning birinchi qismidan, -u/-yu, -ku esa ikkinchi qismidan joy oladi. Nutqda bu semantik yaqinliklarga tayanilgan o‘zaro almashinib qo‘llanishlarda yana boshqa stilistik xususiyatlar ham namoyon bo‘ladi. Masalan, O‘zi yaxshi yigit ekan-u, bir kuni onasini xafa qilib qo‘yibdi. (O‘.Hoshimov) - O‘zi yaxshi yigit ekan, biroq bir kuni onasini xafa qilib qo‘yibdi gaplarida aynan -u/-yu, -kuva biroq tufayli ifoda mazmunida noziklar sodir bo‘ladi. O‘zi yaxshi yigit ekan-u deyilganda so‘zlovchining nafaqat voqelikdan xabardor ekanligi, ayni paytda, subyektga nisbatan achinish hissi ham ifoda etiladi. Ikkinchidan esa, qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplar o‘rtasida ziddiyat ifodasi kuchsizlangan. Ikkinchi gap tarkibidagi O‘zi yaxshi yigit ekan jumlasidan esa voqelikka nisbatan betaraflik, befarqlik va bundan kelib chiqadigan oddiy axborot ifodasi anglashiladi. Subyektiv munosabat sezilmaydi. Birinchi gapdan payqalmagan bu munosabat biroq tufayli ikkinchi gapdan anglashiladi. Aynan shu vosita tufayli e’tibor ikkinchi gap tarkibidagi bir kuni onasini xafa qilib qo‘yibdi jumlasiga ko‘chadi. Savol tug‘iladi: ifodada qaysi fikr muhim – bolaning yaxshi ekanligimi yoki uning onasini xafa qilib qo‘yganligimi? Bu savolga so‘zlovchining javobi asosida yordamchi vosita tanlanadi – zeroki, uning pragmatik qiymati ham ana shunda.

Balki vositasi gapda ikki vazifada – vositalik va kirish (modal) so‘z bo‘lib keladi.36 Ayrim manbalarda balki funksional vositasining balki modal so‘zidan farqlash lozimligi uqtirilgan.37

U zidlov vositalari bilan bir guruhda qarab kelinayotgan bo‘lsa-da, semantik-pragmatik jihatdan ammo, lekin, biroq vositalaridan farq qiladi, ular bilan erkin substansial qiymatdoshik munosabatga kirisha olmaydi. Bu yordamchi so‘zning grammatik tabiatini A.Hojiyev quyidagicha ifodalagan: “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida balki so‘zi gumon mazmunli gaplarda, shuningdek, zid mazmunli komponentlarga ega gaplarda ana shu ma’nolarni (gumon, qarama-qarshilik ma’nolarini) ta’kidlash uchun qo‘llanadi va ta’kid yuklamasi hisoblanadi. Zid mazmunli gaplardagi balki so‘zini ba’zi hollarda tushirib qoldirish mumkin bo‘lmasa-da, lekin shunda ham u sof vosita bo‘lmaydi, balki vosita funksiyasini ham bajarayotgan yuklama hisoblanadi”.38 Olimning ushbu mulohazasi ayrim yuklamalarning bog‘lovchi vosita vazifasini bajarishi mumkinligi, birining vazifasini ikkinchisi bajara olish xususiyati barcha yordamchi so‘zlarga xos ekanligi to‘g‘risidagi qarashlarning davomi bo‘lish bilan birga, balki so‘zining ham vosita vazifasini bajaruvchilardan biri ekanligini ta’kidlaydi. Chunki balki bog‘lovchi vazifasini bajarib kelgan sintaktik butunliklarda bog‘lashdan tashqari, ta’kidlash bo‘yog‘i ham, subyektiv baho munosabati ham sezilib turadi. Masalan: - U bilan... apoq-chapoqmisiz deyman? – dedi. – Balki qo‘lidagi bolasiyam... o‘zlariga qarashlidir, o‘rtoq rais? (T.Murod) kabi. Balki vositasi anglatadigan zidlash ma’nosidan ko‘ra subyektiv munosabat ustunlik qiladi. Bu yordamchi polisemantik xususiyatga ega bo‘lib, matnda ta’kid yuklamasi, modal so‘z va zidlovchi vosita vazifalarini bajaradi. Ba’zan uning yuklamalik va vositalik xususiyatlari bir matn doirasida ham kuzatiladi. Masalan, Men balki gaz-suv sotarman, balki bozorda «svejiy» go‘sht ko‘tarib yuradigan chayqovchidirman, balki to‘yma-to‘y sang‘iydigan otarchidirman,balki o‘taketgan qallob, tovlamachidirman… (E.A’zam) kabi.



Balki nafaqat bog‘lovchi, balki modal so‘z sifatida ham faol ishlatiladi: Umrimda ko‘rmagan o‘g‘lini maqtaydi. O‘qituvchi deydi. Boshimga uramanmi! - Balki, o‘g‘li rostdan ham yaxshi boladir... (O‘.Hoshimov) kabi.

Balki yordamchisi funksional jihatdan badiiy, publitsistik uslublarda faol qo‘llanilsa, ilmiy va rasmiy uslubda buning aksidir. So‘zlashuv uslubida nutqiy muloqot jarayonida uning balkim varianti faol qo‘llaniladi: - Kim biladi, balkim namoz o‘qimoqni ixtiyor etgandir? (T.Murod) kabi.

Holbuki O‘TILda zidlov bog‘lovchisi sifatida berilib, ma’nosi (mazmuni) bir-biriga qarama-qarshi (zid) bo‘lgan qo‘shma gap tarkibidagi gaplarni bog‘lash uchun xizmat qilishi va aslida esa, biroq ma’nolarini ifodalashi aytilgan.39 Lug‘atning shu sahifasida gap shundaki, haqiqatda esa, holbuki ma’nolarini beradigan vaholanki so‘zi ham keltirilgan. Shuningdek, O‘TILda vaholanki/vaholonki so‘zi ham vosita sifatida talqin qilinib, holbuki ma’nosida ekanligi va teng huquqli, lekin zid ma’noli gaplarni bog‘lash uchun xizmat qilishi ta’kidlangan.40 Holbuki qo‘shma gap tarkibidagi ma’nolari bir-biriga zid bo‘lgan ikki sodda gapni o‘zaro bog‘lashga xizmat qiladi: Yoshlarning sarasi yoshligiga rioya talab qilmaydi, holbuki, ilgarilari yoshlikda yoshligiga, qariganida qarib qolganiga rioya talab qilib o‘tgan kishilar oz emas edi (A.Qahhor) kabi. Sirtdan qaraganda mazkur so‘zning bahosi shu. Ammo bu baho bir tomonlama – u faqat so‘zning grammatik vazifasini qamrab olgan, xolos. Aslida esa uning imkoniyati grammatika doirasida chegaralanib qolmaydi.

Holbuki qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplar o‘rtasida zidlov vositasi vazifasini bajarganda biroq, ammo bilan substansial qiymatdosh bo‘ladi. Masalan: 1) biroq bilan: O‘zingday hayron turdim: Yashil edi butoqlar, Holbuki, tan, ildizi Qurib-chirib bitgandi (A.Suyun); 2) ammo bilan: Undan keyin avtor bir qator familiyalarni buzib ko‘rsatgan, masalan: Shodiyev deyiladi, holbuki Shotiyev bo‘lishi kerak! (A.Qahhor).

Holbuki va biroq, ammo substansial uyg‘unlikni doimiy holat deb hisoblash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ularni o‘zaro almashtirish butunlay mantiqsizlikka olib kelishi ham mumkin: Harakatlaring yaxshi, ammo hozircha sen aralashmay tur (So‘zlashuv nutqidan) deyish mumkin bo‘lgani holda Harakatlaring yaxshi, holbuki hozircha sen aralashmay tur deyish mutlaqo mumkin emas. Bu holbuki elementida subyektiv munosabatning mavjudligi bilan izohlanadi. Shuning uchun ham A.Qahhor “Bizning mulohazalarimiz” deb nomlangan felyetonida ammo, lekin, biroq ning birini emas, balki holbuki ni qo‘llaydi: Ro‘yxatda takror ham uchraydi, masalan: O.Jo‘rayev, I.Jo‘rayev, U.Jo‘rayev deb yoziladi, holbuki ixchamlashtirib O. I. U.Jo‘rayev deb yozilsa, ro‘yxatning qimmati yana ham ortar edi. Asar qahramoni chalasavod taqrizchi o‘z mulohazasining to‘g‘ri ekanligiga, ya’ni O.Jo‘rayev, I.Jo‘rayev, U.Jo‘rayev o‘rniga O.I.U.Jo‘rayev deb yozish maqsadga muvofiq bo‘lishiga qattiq ishonadi. Mana shu o‘rinda qahramon obrazining yaratilishida holbuki ning roli nihoyatda katta. Taqrizchidagi o‘z fikriga ishonch va uni kuyunchalik bilan ifodalash ana shu so‘z zimmasida turibdi. Agar u o‘z substansial qiymatdoshik uyasidagi boshqa so‘z bilan almashtirilsa, ifoda mazmuni o‘zgaradi, subyektiv munosabat o‘rnini befarqlik ohangi egallaydi.

Binobarin, holbuki yordamchisida zidlashdan ko‘ra modallik ko‘proq namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham uning ekspressivlik qimmati uyadoshlarinikiga qaraganda yuqori turadi. Uning badiiy-publitsistik uslubga xoslanuvining boisi ham shu: Jurnalda yoshlarga tarbiya va kengashni reklama qilamiz, holbuki bir yosh yozuvchi yigirmalab asar yuborib bir og‘iz maslahat ololmaydi (A.Qahhor). Shu ma’noda unga vaholanki elementi teng kelishi mumkin: Vaholanki, shunday tahlil berilgandagina o‘shanday ommaviy gazeta sahifalarida bu tariqa narsalarni ketma-ket e’lon qilishdan biron ma’no chiqardi (A.Qahhor) kabi.

Tahlillar bu tizimdagi vaholanki ning badiiy matnlardan ko‘ra publitsistik asarlar uslubiga mos kelishini ko‘rsatadi. Bu esa so‘zdagi qat’iyat, keskinlik bo‘yog‘ining ustunligi va publitsistik janrning jangvorlik xususiyatiga muvofiq kelishi bilan izohlanadi. Masalan: Alyumin zavodi, chegaraning ayrim qismlari yuzasidan nizolar bo‘yicha ham shunday yo‘l tutildi. Vaholanki, bunda Tojikiston davlatiga, xalqiga nisbatan zarracha salbiy gap aytilmadi («Yoshlik»).

Zidlovchi tizimida qarash mumkin bo‘lgan holanki so‘zi ham mavjud va u O‘TILda vaholankining aynan o‘zi deb izohlangan.41 Shunga ko‘ra ularni variantlar sifatida qarashimiz mumkin. Ammo holanki ning faqat badiiy uslubga xoslanganligi va nihoyatda kam qo‘llanishi bu ikki elementni o‘zaro farqlashga asos bo‘ladi.

Ushbu tizimdagi vositalarning tasviriylik va ekspressivlik darajasini aniqlash maqsadida statistik tahlil o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Masalan, A.Qahhorning besh jildlik «Asarlar» to‘plamida lekin – 1030, ammo – 369, biroq – 257 marta qo‘llangani holda holbuki – 38 marta, vaholanki esa faqat 1 marta qo‘llangan. Biron bir til elementining qo‘llanish chastotasidagi kamlikni ekspressivlikning o‘lchovi deb baholash to‘g‘ri bo‘lmasa-da, holbuki va vaholanki qo‘llangan 39 holat ularda ekspressivlik mavjudligini ko‘rsatadi.

Ayiruv vositalardan bo‘lgan goh.., goh; xoh.., xoh; dam.., dam; bir.., bir; ba’zan.., ba’zan… kabi ish-harakat, hodisaning galma-gal bo‘lishini anglatuvchi turlari ham matnda turli pragmatik xoslangan ma’nolarni yuzaga chiqaradi. Masalan, tilimizda goh, xoh kabi o‘zlashma so‘zlar grammatizatsiyaga uchrab, yuklamaga ko‘chgan. Til taraqqiyotning ma’lum bosqichida esa bu so‘zlar vositalik vazifasini bajara boshlagan. Natijada hozirgi tilimizda «ayiruv vositalar»ning alohida guruhi shakllangan. Ayiruv vositalarining taraqqiyot bosqichlarini shunday ko‘rsatish mumkin: arabcha yoki forscha mustaqil so‘zlar→mustaqil yordamchi so‘zlar→yuklamalar→vositalar kabi. Ular badiiy, publitsistik, so‘zlashuv uslublarida faol bo‘lib, rasmiy va ilmiy uslublarda kam ishtirok etadi. O‘zaro va boshqa grammatik vositalar bilan substansial mushtaraklik hosil qiladi. Masalan: goh..., goh voqea-hodisalarning galma-gal ro‘y berishini42 (Natasha hayron bo‘lib qolgan, goh Komissarga, goh Lolaga mo‘ltirab qarar edi. O‘.Hoshimov), ba’zan ayirish (To‘lqinlar uni goh erkalab yelkasiga ko‘taradi. Goh bo‘tana girdobiga uloqtiradi. O‘.Hoshimov) ma’nolarini ifodalaydi va bunday paytlarda o‘z guruhidagi elementlar bilan substansial qiymatdoshik munosabatga kirisha oladi. Ammo bu almashinishlar hamma vaqt ham muvaffaqiyatli chiqavermasligi mumkin: Archalarning tinch shoxlarida / Lipillaydi goh nur, goh kecha (U.Azim) kabi holatlarda goh.., goh ning o‘rnini bir…, bir bosa olmaydi, uslubiy g‘alizlik sodir bo‘ladi.

She’riy matnlarda vazn bilan bog‘liq ravishda goh-goh ning gohi…, gohi, goho…, goho variantlari ham qo‘llanadi: Kelursan o‘zing deb bir kun insofa - // Gohi Toshkent, gohi Urgutdadurman (M.Yusuf); Hayotda mo‘jiza bo‘ladi goho // Gadolik shohlikka do‘nadi goho (Sh.Qurbon) kabi. Ko‘p hollarda goh, gohi, goho variantlarining takrorlanuvchi ikkinchi qismi uslubiy-pragmatik talabga mos holda gohida shaklida keladi: O‘tdi yoshlik zavq bilan, gohi to‘polon bilan // Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan (A.Oripov).

dam..., dam so‘zi mustaqil kelganda vaqt ma’nosini bildiradi: Tumshug‘ini cho‘zib osmonga, / G‘azab bilan uvladi bir dam (U.Azim). Takror qo‘llanganda esa grammatizatsiyalashadi va bog‘lovchi vazifasini bajaradi: Faxriddin yo‘lda ketayotib negadir dam kular, dam burnini artib yo‘talar edi (A.Qahhor). Bu vosita o‘z uyasidagi boshqa birliklar bilan substansial qiymatdoshik munosabatga kirishadi, lekin o‘zaro almashtirishni hamma vaqt ham muvaffaqiyаtli deb bo‘lmaydi: Do‘stlar davrasida goh sharob ichib, / Goho og‘u ichib o‘ltiraman jim (U.Azim) - Do‘stlar davrasida dam sharob ichib, / Dam og‘u ichib o‘ltiraman jim. Bu holat, birinchidan, goh.., goh vositasining kitobiyligi hamda qo‘llanish ko‘lamining kengligi bilan, ikkinchidan esa, goh va dam elementlaridagi semantik farqlar – biridagi umumiylik, ikkinchisidagi bir lahzalik bo‘yog‘i bilan izohlanadi. Ana shunga ko‘ra ular ifodalaydigan pragmatik-stilistik ma’no ham ixtisoslashadi. Yana bir misol: Oyparcha, Manzura yugurib kelib, Tursunoyning yonida turishdi. Dam unga, dam musobaqadoshga, dam ariqqa qarardilar (Zulfiya) matnida vositalar bemalol o‘rin almashina olsa-da, ma’lum stilistik-pragmatik farqlanish seziladi. Bu farq qarashdagi tezlikni ko‘rsatish darajasida namoyon bo‘ladi. Dam…, dam vositasi ajratgan holatdagi tezlik (qizlarning Tursunoyga, uning musobaqadoshiga va ariqqa) goh…, goh ifodalaydigandan ancha ustundir – harakat dam.., dam bilan boshqarilganda qizlar uch obyektga ham tezlikda, yalt-yalt-yalt qarab chiqishgani anglashiladi. goh…, goh bilan ifodalaganda bu qarash darajasi sekinlashadi. Bir…, bir ajratgan matnda esa qarashlar yanada sekinlashib, shunchaki bemaqsad ko‘z yugurtirishga aylandi. Bu pragmatik-stilistik tagma’nolar vositalar mushtarakligi asosida ularda shakllangan hosilaviy ma’nolaridir.

Qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni sabab munosabatiga ko‘ra biriktiruvchi vositalar chunki va shuning uchun vositalaridir.



Chunki vositasi bosh gap bilan ergash gapning sababiy bog‘lanishini ko‘rsatib, negaki, sabab shuki, zeroki so‘zlari bilan qiymatdoshdir: Negaki, shahzoda Movarounnahrni zabt etganiga to‘rt oydan oshsa ham na el tinchidi, na uning ko‘ngli! (O.Yoqubov); –Sayid Abbosni hibsga olibsen, deb eshitdim, nechun?–deb so‘radi. Sababi... bandai ojiz sha’niga har xil fisqi fasod so‘zlar tarqatibdur... (O.Yoqubov).

Ushbu mikromatnlar chunki va unga substansial qiymatdosh bo‘lgan birliklarning vositalik imkoniyati ikki sodda gap o‘rtasida emas, balki undan keng doirada bo‘lishi mumkinligini, hatto so‘zlovchilarning nutqini ham o‘zaro vosita, birining gapdagi jumboqqa ikkinchi gapda izoh berilishi mumkinligi ko‘rsatadi.

Bu vositaning ko‘pincha ikkinchi mustaqil gap boshida kelayotganligining urg‘u bilan bog‘liq bo‘lgan pragmatik afzalliklari bor: –Nega? – Bonuning ovozidagi taraddud, chehrasidagi tortinchoq muloyimlik sovuq bir qat’iyat bilan almashdi. – Negakim, bu sirni aytsam dilingiz og‘riydi, bonu... (O.Yoqubov).

Chunki ning til tarixida chun/chu variantlari bo‘lgan. Adabiy tilimizdan chiqib ketgan ushbu shakllarga ba’zan badiiy asarlardagina murojaat qilinadi: O‘n sakkiz ming olam oshubi / Padar boshindadir, / Ne ajab, chun o‘g‘li oning / O‘n sakkiz yoshindadir (E.Vohidov).43

Shuning uchun birligi chunki guruhidagi vositalarga substansial qiymatdosh bo‘la oladi. Ammo ular ma’no nozikliklariga ko‘ra o‘zaro farqlanadi – birinchisida ta’kid bo‘yog‘i kuchli bo‘ladi: – Men ertadan keyin Bog‘donga ketaman, Rahimjon, shuning uchun bugun Sharifni, Shafrinni va boshqa yor-do‘stlarni ko‘rishim kerak (A.Qahhor). Lekin shu bois, shu sababli, shu vajdan, shunga ko‘ra kabilardan pragmatik farqlarga ega. Bu vositalar kitobiy xarakterda bo‘lsa, shuning uchun betaraf va bu xususiyati bilan chunki bilan bir maqomda turadi. Uning shuning uchun ham, mana shuning uchun, mana shuning uchun ham, ana shuning uchun ham singari variantlari matnda ta’kidni turli darajada kuchaytiruvchi vositalar sifatida voqelanadi.

Bog‘lovchilar tahlil asosida biz yana shunday xulosaga kela olamizki, bu tizimda o‘zgarishlar tilimizning boshqa tizimchalaridan ko‘ra ancha yorqin va keskin va bu turkiy tillar sintaksisida qo‘shma gaplarning - ishimizning oldingi boblarida qisman ko‘rib o‘tilgan - o‘ziga xos taraqqiyot xususiyati bilan uzviy bog‘langan va kuzatishlarimiz bu tizimcha faol taraqqiyotda ekanligidan dalolat beradi. Bu tizimcha tarkibidan mustaqil so‘zlarning grammatizatsiyasi asosida yangi-yangi birliklarning o‘rin olishi buning yorqin dalilidir. Shuning uchun ma’lum davrdan keyin tilimizda va nutqimizda vosita vositalarning moddiy ko‘rinish va turlarini, funksional-stilistik qiymati va pragmatik ahamiyatini o‘rganishga qaytish yangi-yangi ilmiy natijalarni, o‘tgan qisqa davr ichida tilimizda bu sohada yuz bergan o‘zgarishlarni aniq tavsiflash imkoniyatini beradi. Darhaqiqat, vositalar tizimi tilimizda tez rivojlanib borayotgan bo‘g‘indir. O‘zbek tilida vositalarning mushtarakligi va farqlanishi masalasining tadqiqi o‘zbek tilida bu jarayon grammatik kategoriya va shakllarda sintaktik va semantik tomonlarning dialektik birligi umumiy taraqqiyot qonuni - sintaktik umumiylik (o‘xshashlik)ning semantik farqlanish, semantik umumiylikning (o‘xshashlikning) sintaktik farqlanishga intilishi va ixtisoslashishi asosida bormoqda. Vositalar tizimida semantik tomon nafaqat o‘ta umumiy tabiatli (chunonchi sabab, maqsad, zamon, makon, shart, munosabat, uzluksiz birin-ketinlik, uzilgan birin-ketinlik, oniylik, uqilgan-uqilmaganlik, kutilgan-kutilmaganlik…v.h.) ma’lum bir informativ ma’noni, balki uslubiy, sohaviy va pragmatik qiymatni ham o‘z ichiga oladi. Tilimizda mushtaraklik asosida vosita vositalarning ixtisoslashishi ham, asosan, shu semantik tomon doirasida yuz bermoqda.



Yüklə 413,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə