O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti



Yüklə 413,52 Kb.
səhifə1/6
tarix07.12.2017
ölçüsü413,52 Kb.
#14292
  1   2   3   4   5   6

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI
Qo‘lyozma huquqida

UDK 4.494.322 o‘zb.-4
Abdullayeva Oqila Xolmo‘minovna
YORDAMCHI SO‘ZLARNING SUBSTANSIAL-PRAGMATIK XUSUSIYATI
5A120102 - Lingvistika (tillar bo‘yicha)
Magistr

akademik darajasini olish uchun yozilgan


DISSERTATSIYА

Ilmiy rahbar:



B.R.Mengliyev,

filologiya fanlari doktori, professor


Тoshkent – 2014


MUNDARIJA





KIRISH………………………………………………………….

3-7

I BOB O‘ZBEK TILI LISONIY IMKONIYATLARINING NUTQIY VOQELANISHI……………………………………………..

8-17


    1. O‘zbek tilshunosligi jahon tilshunosligi taraqqiyoti ko‘zgusida........................................................................………………...

8-12


    1. O‘zbek tili lisoniy imkoniyatlarining nutqiy voqelanishi tadqiqi tilshunoslikning yangi empirik bosqichi sifatida..............…..........

12-15


I bob bo‘yicha xulosa…………………………............................

16-17

II BOB. YORDAMCHI SO‘ZLARNING LISONIY SATHDAGI TAHLILI………………………………………………….

18-39


2.1. Yordamchi so‘zlarning umumiy grammatik ma’nolari............

18-25

2.2. Yordamchi so‘zlar lisoniy tizim yaxlitligida………........……

25-37

II bob bo‘yicha xulosa....................................................................

38-39

III BOB. YORDAMCHI SO‘ZLAR SUBSTANSIAL IMKONIYATLARINING NUTQIY VOQELANISHIDA LISONIY VA NOLISONIY OMILLAR HAMKORLIGI………………………..

40-76


3.1. Ko‘makchilar substansial imkoniyatining nutqiy voqelanishida lisoniy va nolisoniy omillar hamkorligi …..........................

42-50


3.2. Bog‘lovchilar substansial imkoniyatining nutqiy voqelanishida lisoniy va nolisoniy omillar hamkorligi …..........................

3.3. Yuklamalar substansial imkoniyatining nutqiy voqelanishida lisoniy va nolisoniy omillar hamkorligi …................................................

50-66
66-74



III bob bo‘yicha xulosa……………….........................................

75-76

UMUMIY XULOSA……………………………………………

77-81

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI…………

82-86



KIRISH
Mavzuning dolzarbligi. Davr va fanlarning taraqqiyoti tadqiqotchilar zimmasiga har doim yangi mas’uliyatni yuklaydi. Bugungi kunda mamlakatimizda erishilgan milliy istiqlol va jamiyatda yuz bergan ma’naviy-mafkuraviy o‘zgarishlar fanlar, xususan, о‘zbek tilshunosligi kabi milliy fanlar oldiga muayyan talablarni qo‘ydi. Ma’lumki, tilda, chunonchi, uning grammatik qurilishida ham, millat ruhiyati aks etadi. Prezidentimiz «Ona tili – millatning ruhidir» iborasini bejiz ta’kidlamagan edilar. Istiqlol sharofati o‘laroq, o‘zbek tili hodisalarini uning substansial tabiatidan kelib chiqqan holda tekshirish o‘zbek milliy ma’naviyatini o‘rganish, milliy mafkura va milliy g‘oyani targ‘ib qilishning ko‘rinishlaridan biriga aylandi. Bu esa o‘zbek tili grammatik hodisalariga ham unda milliy ruhiyat aks etgan mavjudlik sifatida yondashishni taqozo qiladi. Bu – birinchidan. Ikkinchidan esa, grammatik hodisalarni o‘rganishning yangi bosqichiga ko‘tarilish, ya’ni grammatik hodisalarni o‘zbek tilshunosligidagi lisoniy tizim yaxlitligi qonuniyatidan kelib chiqqan holda turli umumiyliklar majmuidan iborat butunlik sifatida tekshirish, grammatik ma’noni tarkibiy qismlarga bo‘lib o‘rganishni, ularning nutqiy voqelanishini lisoniy va nolisoniy omillar yaxlitligida o‘rganishni taqozo qiladi. Bu dissertatsiya mavzusining dolzarbligini belgilaydi.

Tadqiqot obyekti va predmeti. O‘zbek tilshunosligida tadqiq etilgan yordamchi so‘zlar hisoblanmish ko‘makchi, bog‘lovchi va yuklamalar ishning obyekti hisoblanadi. Shu til birliklarining substansial-pragmatik xususiyatlari ishning predmeti sanaladi.

Тadqiqot maqsadi va vazifalari. O‘zbek tili yordamchi so‘zlari umumiy grammatik ma’nosi murakkab tarkibli bo‘lib, unda hodisaning substansial mohiyati bo‘lgan kategorial ma’no bilan birgalikda boshqa yondosh va hamroh ma’nolar qorishgan holda mavjud ekanligini, bu umumiy ma’noning nutqiy voqelanishida lisoniy va nolisoniy omillar hamkorlik qilishini asoslashdan iborat.

Tadqiqot vazifalari quyidagilardan iborat:

-o‘zbek tilshunosligining taraqqiyot bosqichlarini jahon til ilmi rivoji fonida baholash;

-lisoniy ma’noning nutqiy voqelanishini tekshirish tilshunoslikning yangi empirik bosqichi ekanligini dalillash;

-yordamchi so‘zlar umumiy grammatik ma’nosi tarkibi kategorial, yondosh va hamroh ma’nolardan iborat bo‘lishini asoslash;

-yordamchi so‘zlar umumiy grammatik ma’nosi nutqiy voqelanishini lisoniy tizim yaxlitligi nuqtai nazaridan yoritish;

- yordamchi so‘zlar umumiy grammatik ma’nosi nutqiy voqelanishida lisoniy va nolisoniy omillar hamkorligini tavsiflash.

Tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari:

1. Zamonaviy o‘zbek tilshunosligi jahon zamonaviy tilshunosligining ikkinchi bosqichida shakllandi va unda bir vaqtning o‘zida qiyosiy-tarixiy va sistem-struktur yondashuvlar rivojlandi.

2. O‘zbek tilshunosligi lisoniy imkoniyatlarning nutqiy voqelanishi muammosi bilan shug‘ullanayotganligi sababli u o‘zining navbatdagi empirik bosqichiga qadam qo‘ydi.

3. Yordamchi so‘zlar umumiy grammatik ma’nosi “sintaktik vazifadan nosintaktik vazifaga” belgisi asosidagi darajalanish bo‘yicha guruhlanadi va bu qator “ko‘makchi-bog‘lovchi-yuklama” ko‘rinishida bo‘ladi.

4. Yordamchi so‘zlarda grammatik ma’no tarkibi turlicha. Ko‘makchilarda kategorial ma’no faqat “tobelash”, yondosh ma’no birikuvchi so‘zlarning ma’nosiga bog‘liq ravishda juda ko‘p bo‘lib, hamroh ma’no sifatida ularning uslubiy xususiyatlarini ko‘rsatish mumkin. Bog‘lovchilarning bir guruhida “tobelash”, boshqalarida “tenglash” kategorial ma’no hisoblanadi, yondosh ma’no birikuvchi so‘zlarning ma’nosiga bog‘liq ravishda ko‘pdir. Hamroh ma’no esa ularning uslubiy ma’nolaridir. Yuklamalarning kategorial ma’nosi “kuchaytirish” bo‘lib, yondosh ma’no sifatida “subyektiv munosabat”ni ajratish mumkin. Hamroh ma’no sifatida tobelash va tenglash sintaktik ma’nolari namoyon bo‘ladi.

5. Yordamchi so‘zlarning nutqiy voqelanishida sathlar hamkorligi turli darajada bo‘ladi. Ularning umumiy lisoniy ma’nosi voqelanishida asosan sintaktik sath yetakchilik qilib, leksik sath unga hamkorlik qiladi.

6. Yordamchi so‘zlarning umumiy ma’nolari voqelanishida lisoniy omillarga nolisoniy omillar hamrohlik qiladi.

Mavzu boyicha qisqacha adabiyotlar tahlili. O‘zbek tili grammatik tizimini o‘rganish o‘zining uchinchi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. O‘rganishning birinchi bosqichida formal-mantiq metodologiyasiga tayangan holda tasviriy metod asosida grammatik kategoriyalar belgilanib, bu tushuncha ostida, asosan, morfologik kategoriyalar va qisman sintaktik kategoriyalar, yordamchi so‘zlar tadqiq etildi. Grammatik (morfologik) kategoriyalar borasida ularning turlari ajratilib, har biriga xos shakllarning bir tizimga solinganligi, shakllar ifodalaydigan, matn va qurshovda namoyon bo‘luvchi turli-tuman nutqiy ma’nolar aniqlanganligi va tavsiflanganligini ta’kidlash lozim. Yordamchi so‘zlar tizimi aniqlanib, ularning leksik va grammatik tizim sirasidagi o‘rni, yordamchi so‘zlarning ma’nolari, sintaktik vazifalari tadqiq etildi. Bunda A.N.Kononov, A.G‘ulomov, G‘.Abdurahmonov, M.Asqarova, A.Hojiyev, T.Rustamov kabi tilshunoslarning xizmati katta bo‘ldi va yaxlit grammatik ta’limot yaratildi. Nomlari zikr etilgan olimlarning tadqiqotlari asosida formal o‘zbek akademik grammatikalari, oliy va о‘rta ta’lim bo‘g‘inlari uchun darslik hamda qo‘llanmalar vujudga keldi.

Grammatik hodisalarni o‘rganishning ikkinchi bosqichi bevosita o‘zbek tilshunosligiga dialektik mantiqning metodologik asos sifatida tatbiq etilishi hamda til tizimida lison va nutqning izchil farqlanishi bilan bog‘liq. Bunda grammatik kategoriyalarning umumiy, xususiy va oraliq grammatik ma’nolari, shakllararo oppozitiv munosabatlar o‘rganilib, o‘zbek tilining substansial morfologiyasi yaratildi. Bu borada S.N.Ivanov, A.Nurmonov, H.Ne’matov, N.Mahmudov, G‘.Zikrillayev, Sh.Shahobiddinova, Z.Qodirov va ular izdoshlarining ishlarini alohida ta’kidlash lozim. Biroq o‘zbek tilshunosligining substansial bosqichida yordamchi so‘zlar ma’lum darajada e’tibordan chetda qoldi. Bunda faqat H.Ne’matovning bu masalaga yozma yodgorliklar misolidagi yondashuvini ta’kidlash lozim.1 Yordamchi so‘zlarning substansial va pragmatik xususiyatlarini alohida-alohida tizimlar sifatida tadqiqotchi A.Pardayev tomonidan o‘rganilganligi e’tiborga molik.2



Tadqiqotning metodologik asoslari va tadqiq usullari. Til dalillariga nazariy yondashuvning metodologik asoslari bo‘lmish dialektik mantiq hamda dialektika kategoriyalari, tasavvufning gnoseologik ta’limoti, xususan, uning substansiya (zot) va aksidensiya (tajalli), juzv va kull kabi tayanch tushunchalari asosida ish ko‘rish tadqiqotning falsafiy bilish yo‘llari hisoblanadi. Tadqiqot lison va nutq hamda me’yorni izchil farqlaydigan sistem tekshirish, komponent tahlil usullari asosida bajarildi.

Tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati. Tadqiqot grammatik kategoriyalarning lisoniy tizim yaxlitligi nuqtai nazaridan tavsifini berish, umuman olganda, har qanday lisoniy birlikning lisoniy qiymati murakkab mohiyat sifatida turli boshqa umumiyliklarning sintezi sifatida mavjud bo‘lishi qonuniyati nuqtai nazaridan tekshirish uchun namuna vazifasini o‘taydi.

Tadqiqot natijalaridan o‘zbek tilshunosligining morfologiya sohasi bo‘yicha darslik va qo‘llanmalar tuzishda, maxsus kurslar yozishda, shuningdek, akademik grammatikalar yaratishda foydalaniladi.



Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:

-o‘zbek tilshunosligining hozirgi holati ikkinchi empirik bosqich ekanligi asoslandi;

- yordamchi so‘zlar umumiy ma’nosi tiklandi;

- yordamchi so‘zlar lisoniy mohiyatida kategorial, yondosh va hamroh ma’nolar yaxlitligi tavsiflandi;

- yordamchi so‘zlar umumiy ma’nosining nutqiy voqelanishida sathlar hamkorligi yoritildi;

- yordamchi so‘zlar umumiy ma’nosining nutqiy voqelanishida lisoniy va nolisoniy omillar hamkorligi bayon etildi;



Natijalarning e’lon qilinganligi. Tadqiqot mavzusi yuzasidan O‘zMU talabalar, magistr va tadqiqotchilarning ilmiy-amaliy anjumanlarida ma’ruzalar qilingan.

Dissertatsiyaning asosiy mazmuni 3 ta bosma ishda o‘z aksini topgan.



Дissertatsiyaning tuzilishi. Dissertatsiya hajmi Word dasturi Times New Roman shriftining 14 kegel kattaligida ....bet bo‘lib, Kirish, uch bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.

I BOB

O‘ZBEK TILI LISONIY IMKONIYATLARINING NUTQIY VOQELANISHI


    1. O‘zbek tilshunosligi jahon tilshunosligi taraqqiyoti ko‘zgusida

Har bir jamiyat fani oldiga o‘ziga xos va muayyan talablarni qo‘yadi. Bu jamiyatning taraqqiyot darajasi, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlaydigan ustuvor sohalarda yetilgan va yechimini kutayotgan muammolar asosida vujudga keladi. Fanning har bir sohasi esa bu muammolar tizimida o‘ziga tegishli masalalarni, undan kelib chiqadigan maqsad va vazifalarini aniqlab, mavjud ilmiy-texnologik salohiyatni unga yo‘naltiradi, muammoning yechimiga olib keladigan samarador va qulay metodologik asoslarni hamda tadqiq usullarini tanlaydi.

Tarix silsilasida o‘ziga xos o‘rin va ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zbek tilshunosligi fani ham turli davrda har xil muammolar bilan shug‘ullanib, tarixiy taraqqiyotga o‘zining munosib hissasini qo‘shib keldi. Qimmatli ilmiy tadqiqotlari bilan har bir davrning ijtimoiy ehtiyojlari qondirilishida faol qatnashdi qatnashmoqda.

Jahon zamonaviy tilshunosligi qariyb uch asrlik taraqqiyotga ega bo‘lib, har bir davr o‘z fani oldiga ijtimoiy zaruratdan kelib chiqqan holda tegishli vazifalarni qo‘ydi:

1.Til sistemalarining kelib chiqishi va farqlari.

2.Til sistemalarining strukturasi va imkoniyatlari.

3.Til sistemalaridan amaliy foydalanish muammolari.

O‘zbek tilshunosligi jahon tilshunosligi taraqqiyotining ikkinchi bosqichida unga qo‘shildi va u ham o‘z o‘rnida o‘tgan asrda o‘ziga xos maqsad va vazifalarga ega bo‘lgan ikki bosqichni bosib o‘tdi:

1. Formal yondashuv bosqichi adabiy til meyorlarini ishlab chiqish va omma ongiga singdirish zarurati asosidagi ijtimoiy vazifani ado etdi va 1981-yilda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni yaratish bilan o‘z faoliyatiga, umuman olganda, yakun yasadi.

2. Struktur yondashuv bosqichi o‘tgan asrning 90-yillarida shakllanib, istiqlol tilshunosligi nomi ostida o‘zbek tilining immanent imkoniyatlarini ochishdan iborat ijtimoiy buyurtmani ado etdi. Tilshunoslik fani taraqqiyotining hozirgi davrigacha tilning ichki sistemasi muammolari atroflicha o‘rganildi. Bunday ulkan yutuqlarni umumiy tilshunoslik doirasida ham, xususiy tilshunosliklarda ham bemalol kuzatish mumkin. Bu davr ichida til birliklarining formal-struktur, semantik va funksional tahlillari bobida salmoqli ilmiy natijalarga erishildi.

O‘zbek tilshunosligi tom ma’nodagi fan sifatida XX asrning 20-30- yillarida shakllana boshladi. O‘z oldiga davr talablaridan kelib chiqib, muayyan maqsadlarni qo‘ygan o‘zbek tilshunosligi 50-60 yil mobaynida o‘zbek adabiy tili meyorlarini ishlab chiqish va ommalashtirishdan iborat ulkan zarurat asosida ish ko‘rdi.

Adabiy til – milliy yaxlitlikka erishishning, milliy yaxlitlik esa milliy taraqqiyotning bosh omili. Unga erishish zarurati natijasi o‘laroq vujudga kelgan o‘zbek an’anaviy (formal) tilshunosligi vakillari o‘zbek tili qurilishini tavsiflash umumiy vazifasi ostida birlashishdi. XX asr o‘zbek tilshunosligining shakllanishida Abdurauf Fitrat, E.D.Polivanov, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Faxri Kamolov, Ulug‘ Tursunov, Ayyub G‘ulomov va ular izdoshlarining xizmati katta. Bu davrda o‘zbek tilining ichki qurilishi zamonaviy tilshunoslik yutuqlari asosida o‘rganildi va o‘zbek tilshunosligi jahon zamonaviy tilshunosligining bir bo‘lagi sifatida shakllandi. Tilshunoslikning bugungi mavjud barcha bo‘limlari bo‘yicha ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishi vujudga keldi. Ular asosida imlo va talaffuz qoidalari yaratilib, o‘rta, o‘rta maxsus va oliy maktab uchun bu tildan meyoriy darslik, qo‘llanma va ilmiy grammatikalar yaratildi. “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kursining mutaxassislar tayyorlashda fundamental predmet sifatida o‘qitilishi mazkur ijtimoiy zarurat asosida kechdi. Natijada ta’lim, matbuot, radio, televideniye, rasmiy ish yuritish, kitobatchilik ishlarida o‘zbek adabiy tilining ustuvorligiga erishildi. Adabiy til meyorlarini ishlab chiqish va ommalashtirishdan iborat ijtimoiy buyurtmani olgan o‘zbek an’anaviy tilshunosligi o‘zbek adabiy tilining imlo qoidalari, imlo lug‘ati, talaffuz me’yorlari, o‘zbek adabiy tilining akademik grammatikalari, shuningdek, o‘zbek tilining 2 tomli izohli lug‘ati nashr etilishi bilan o‘tgan asrning 80-yillarida o‘z faoliyatiga yakun yasadi. Bu holat yetakchi o‘zbek tilshunoslari tomonidan e’tirof etildi.

Ammo o‘tgan asr ibtidosidagi zarurat an’ana tusiga kirib, uzoq muddat saqlanib qoldi va u, hatto, hozir ham ma’lum darajada o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q. Tilshunoslik bo‘yicha aksariyat tadqiqotlarning umrini o‘tab bo‘lgan talab va mezonlar asosida bajarilishi, tadqiqot xulosalarining bugungi zaruriy samaradan xoliligi, yangi qarashlar va nuqtai nazarlarning ayovsiz tanqid qilinishi va ko‘r-ko‘rona inkor etilishi, “an’anaviy tilshunoslik”ni mumtoz tilshunoslik sifatida qarash va ulug‘lash, uning yutuqlarini mutlaqlashtirish, hatto, ayrimlar tomonidan uni ta’limning barcha bosqichlarida tiklash va ommalashtirishga intilish, an’anaviy ilmiy bilimlarni tadqiqotchilarning professional saviyasini sinash mezoniga aylantirish holatlari, mazkur ta’limot darg‘alari qarashlariga hurmat-e’tiborning sakral tus olishi, shu bilan birga, fanda obro‘li va mansabdor shaxslar fikrining mutlaqlashtirilishi kabilarning saqlanib qolishi umumiy ilmiy lingvistik tafakkurning an’anaviylik xususiyati darajasini ko‘rsatadi.

XX asrning 70-yillariga kelib o‘zbek tilshunosligining empirik (amaliy, faktografik) bosqichi tugallangan, o‘z zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy zarurat – adabiy til meyorlarini ishlab chiqish va omma ongiga singdirishdan iborat ulkan vazifa ado etilgan edi. To‘plangan boy daliliy ashyoni dialektik metodologiya asosida o‘rganishga kuchli zamin tayyorlangan bo‘lib, tilshunoslikning o‘zi esa turg‘unlik, an’anaparastlik holatini boshdan kechirmoqda edi. Shu boisdan butun sobiq sho‘ro davlati hududida olib borilayotgan oshkoralik va qayta qurish siyosati o‘zbek tilshunosligi fanini ham chetlab o‘tmadi. Fanning yangi avlod olimlari qayta qurish sharoitida o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari, mutaxassislar e’tiborini kutayotgan tarixiy zarurat bo‘yicha respublika va ittifoq matbuotida chiqish qildilar.

Bu vazifalar tildan amaliy foydalanish, uning ijtimoiy funksiyasi samaradorligini oshirish, milliy-madaniy kodlarini aniqlash, tilni algoritmlash, modellashtirish, axborot texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirishni ta’minlaydigan umumiy lisoniy imkoniyatlarini ochishdek tarixiy zarurat, ijtimoiy buyurtma talablari natijasi edi. Ularni ado etish “imkoniyatlar tilshunosligi” degan nomga sazovor bo‘lgan, o‘zbek an’anaviy tilshunosligining vorisi – o‘zbek substansial tilshunosligi zimmasiga yuklatildi. Bu tilshunoslik o‘zbek tilining lisoniy va nutqiy strukturalarini farqlash, lisoniy struktura va lisoniy birliklarni, ularning imkoniyatlarini aniqlash borasida izchil tadqiqotlar olib borib, tilning fonetik, leksik, morfologik, sintaktik lisoniy strukturalarini va birliklarini dialektik tadqiq metodologiyasi asosida tekshirdi. Tekshirish natijalari dissertatsiya va monografiyalar sifatida shakllantirildi. Hatto o‘zbek tilining lisoniy strukturasini o‘rganish jarayonida ochilgan substansial qonuniyatlar (masalan, lisoniy darajalanish) bugungi kunda g‘arb tilshunosligining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgan korpus tahlil tadqiqotlarida keng qo‘llanilayotganligini (Germaniya) iftixor ila qayd etish lozim.

Ko‘rinadiki, o‘zbek substansial tilshunosligi vakillari ham davr talablari asosidagi ijtimoiy zaruratni teran anglab, undan kelib chiqadigan vazifalarni ado etishdi.3

E’tirof etish lozimki, bugungi kunda bu yo‘nalishda ham tafakkur an’anaviyligiga xos belgilar ko‘zga tashlanadi. Tilshunoslikning boshqa yo‘nalishlariga bepisand munosabatda bo‘lish, fanning yangi paradigmalarini “sof tilshunoslik” emaslikda ayblash, haqiqiy til ilmi sifatida lisoniy struktura tadqiqinigina tan olish kabilar shular jumlasidandir. Ammo ushbu yo‘nalishda tafakkur an’anaviyligidan xalos bo‘lishni ta’minlaydigan holatlar quyidagilar bilan belgilanadi:

Birinchidan, o‘zbek substansial tilshunosligi istiqlol tilshunosligi bo‘lib, u mustaqillik davrida shakllandi va rivojlandi. O‘z maqsad va vazifalarini, tadqiq metodologiyasi va metodikasini mustaqil tanlash, o‘rganish obyektiga avtoritar ko‘rsatmalarsiz erkin yondashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ikkinchidan, o‘zbek substansial tilshunosligi an’anaviy va konservativ tafakkurni shakllantirishga xizmat qiluvchi metodologiya bo‘lgan kommunistik dogmalardan xoli rivojlanganligi bilan xarakterlanadi.

Uchinchidan, bu yo‘nalish namoyandalari o‘rganish obyekti bilan bog‘liq navbatdagi tarixiy zaruratni anglash va unga doir vazifalarni belgilash bilangina o‘zbek substansial tilshunosligini rivojlantirish mumkinligini, aks holda u ham konservativlashib, mutlaqlashib, an’anaviylik chohiga tushib qolishini teran his etish imkoniyatiga egadirlar.


    1. O‘zbek tili lisoniy imkoniyatlarining nutqiy voqelanishi tadqiqi tilshunoslikning yangi empirik bosqichi sifatida

Davr o‘zbek tilshunosligidan aniqlangan lisoniy umumiyliklarning nutqiy voqelanishini tekshirishga, undan amaliy foydalanish samaradorligini oshirish, qo‘llanish doirasini kengaytirish muammolari bilan shug‘ullanishga jiddiy kirishishni talab qilmoqda. Bu yangi asr tilshunosligi zimmasiga yuklatilayotgan ijtimoiy buyurtmadir. Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida alohida ta’kidlaganlaridek, “ayniqsa, fundamental fanlar, zamonaviy kommunikatsiya va axborot texnologiyalari, bank-moliya tizimi kabi o‘ta muhim sohalarda ona tilimizning qo‘llanish doirasini kengaytirish, etimologik va qiyosiy lug‘atlar chop etish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish, bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek tilini ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish milliy o‘zlikni, Vatan tuyg‘usini anglashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz.”4 Bu esa lisoniy imkoniyatlarning amaliy voqelanishi, undan samarali foydalanish masalalari bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek amaliy tilshunosligining sotsiolingvistika, etnolingvistika, psixolingvistika, pragmalingvistika, lingvokognitologiya, lingvokulturologiya, neyrolingvistika, kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi kabi zamonaviy fan yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, XXI asr axborot texnologiyalari va globallashuv asri ekan, o‘zbek tilining global til korpuslariga qo‘shiluvini ta’minlash ham tarixiy zarurat sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Bugungi kunda taraqqiyot o‘zbek tilshunosligi fanidan aniqlangan lisoniy imkoniyatlarning nutqiy voqelanishini tekshirishga, ona tili imkoniyatlaridan amaliy foydalanish samaradorligini ta’minlash muammosi bilan shug‘ullanishga jiddiy kirishishni taqozo etmoqda. Yangi asr fani zimmasiga yuklatilayotgan bu ijtimoiy buyurtma tilni yangi – substansial-pragmatik (“imkoniyatdan voqelikka”) tamoyillar asosida tadqiq qilish asosida amalga oshiriladi.

Tilshunoslikning yangi yo‘nalishini ifodalovchi substansial-pragmatik terminining tarkibiga kirgan pragmatika so‘zi yunoncha pragma, pragmatos so‘zidan olingan va “ish”, “harakat” ma’nolarini bildiradi, tilshunoslikda til birliklarining qo‘llanish xususiyatlarini o‘rganishni anglatadi. Substansial-pragmatik yo‘nalish muayyan til imkoniyatlarini egallab undan amalda foydalanuvchilarning ushbu birliklar sistemasiga ongli, amaliy munosabatini tekshiradi. Pragmatika haqidagi g‘oya dastlab amerikalik olim Charlz Pirs tomonidan fanga kiritilgan. Boshqa bir amerikalik olim Charlz Morris uning g‘oyalarini rivojlantirgan. O‘zbek tilshunosligidagina til birliklaridan foydalanish masalasi lisoniy imkoniyatlar bilan uzviy bog‘langan holda tadqiq qilinadi, shu boisdan yo‘nalish mazkur nom bilan yuritilmoqda.

Ko‘rinadiki, substansial-pragmatik yondashuv o‘zbek fanida shakllanayotgan tilshunoslikning yangi empirik yo‘nalishi sifatida lisoniy imkoniyatlarni so‘zlovchi, tinglovchi, ularning muloqot jarayonidagi o‘zaro munosabati, muloqot vaziyati singari nolisoniy hodisalar bilan bog‘liq holda o‘rganadi. Shaxsning lisoniy imkoniyatlardan amaliy foydalanishi so‘zlovchi hamda tinglovchining shaxsiy sifatlari, nutq maqsadi, uning turlari (oshkora yoki yashirin), shakllari (xabar, so‘roq, buyruq, iltimos, maslahat, va’da berish, salomlashish, so‘rashish, xayrlashuv, uzr, tabrik, shikoyat kabilar), nutq strategiyasi va taktikasi, nutq odobi, muloqot madaniyati, so‘zlovchi yoki tinglovchining dunyoqarashi, bilim darajasi, qiziqishlari kabi qator nolisoniy omillar bilan mushtarak holda yuzaga chiqadi.

Yangi asr o‘zbek tilshunosligining asosiy vazifalari Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida quyidagicha umumiy tarzda belgilab berilgan:


  1. оna tilini avaylab-asrash;

  2. tilimizni boyitish ustida tinimsiz ishlash;

  3. оna tilidan amaliy foydalanish samaradorligiga erishish;

  4. о‘zbek tilining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida qo‘llanishini kengaytirish.

Bu vazifalar markazida ona tilidan amaliy foydalanish samaradorligiga erishish muammosi turadi.

Demak, shakllanajak o‘zbek substansial-pragmatik tilshunosligi oldida turgan o‘zbek tilining XX asrda ochilgan lisoniy imkoniyatlaridan amaliy foydalanish samaradorligini tadqiq qilish vazifasi ijtimoiy ehtiyoj, davr talabidir, bu vazifaning bajarilishi esa o‘zbek milliy tilshunosligi fani hamda ona tili ta’limini amaliy jihatdan samarador bo‘lgan yangi sifat bosqichiga ko‘taradi.

Til ta’limida pragmatik layoqat o‘quvchilarning til imkoniyatlaridan nutq sharoiti, vaziyatiga mos ravishda foydalanishini bildiradi. Nutqiy faoliyatda nutq uslublari, nutq maqsadi, uning turlari (oshkora yoki yashirin), shakllari (xabar, so‘roq, buyruq, iltimos, maslahat, va’da berish, salomlashish, so‘rashish, xayrlashuv, uzr, tabrik, shikoyat kabilar), nutq strategiyasi, taktikasi kabilar bevosita real nutqiy vaziyat bilan bog‘liq ravishda reallashadi. Ona tilining pragmatik ta’limida til bo‘yicha bilimlar o‘quvchi kundalik hayotida duch keladigan aniq hayotiy vaziyatlar bilan bevosita bog‘langan holda beriladi. Sodda qilib aytganda, o‘quvchi ona tilining qudratli imkoniyatidan aniq nutqiy vaziyatlarda, nutq uslublarida oqilona, samarali foydalana olish malakasiga ega bo‘lishiga erishish pragmatik ta’limning negizini tashkil etadi. O‘quvchilarning nutqiy vaziyatni to‘g‘ri, xolis baholay olishga doir tayyorgarlik darajasi (bilim, ko‘nikma, malakalari majmui) pragmatik layoqat hisoblanadi.

Bugungi kunda til ta’limiga pragmatik yondashuv davr talabiga aylanmoqda. U tilshunoslikda til birliklarining nutq sharoiti, vaziyatiga mos ravishda qo‘llanish xususiyatlarini anglatadi. Pragmatik tilshunoslik til hodisalarini muloqot vaziyati, sharoiti singari nolisoniy hodisalar bilan bog‘liq holda o‘rganadi. Shu jihati bilan pragmatik tilshunoslik tilni insondan, jonli hayotdan xoli holda tadqiq qiladigan tilshunosliklardan, pragmatik ona tili ta’limi esa tilni nutq vaziyati, sharoitidan ajratib o‘qitadigan an’anaviy ta’limdan farqlanadi.

Har bir kishi muayyan muloqot vaziyatida o‘z maqsadiga muvofiq ravishda ko‘plab variantdosh til hodisalaridan ayni shu vaziyat uchun mosini tanlab qo‘llash malakasiga ma’lum darajada ega. Lekin ular qanday nutqiy vaziyatda, kimga nisbatan ishlatilishi, qanday samara berishi jihatidan keskin farqlanadi. Bunda so‘zlovchining ushbu sharoit, vaziyat uchun kamroq quvvat sarflab, ko‘proq samaraga erishishni ta’minlaydigan til birligini tanlash layoqati ishga tushadi. Boshqacha aytganda, kishida tilning “Yordam bering!” xazinasidan nutq vaziyati, sharoitiga muvofiq foydalanish layoqatining rivojlanganlik darajasi muloqot natijasi va samarasiga jiddiy ta’sir qiladi. Shu asosda aytish mumkinki, ona tili mashg‘ulotlarida o‘quvchilarning til vositalarini aniq nutqiy vaziyat uchun samara nuqtai nazaridan tanlash hamda qo‘llashga tayyorgarlik darajasi uning pragmatik layoqati sifatida qaraladi.

Demak, ona tili ta’limida pragmatik layoqatni rivojlantirish o‘quvchida nutq vaziyatini to‘g‘ri baholashni, unga mos so‘zlash shaxsiy sifatlarini qaror toptirishni ko‘zda tutadi.



Yüklə 413,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə