4- modul. Navoiy dostonlari va nasriy asarlarini sharhlab o’qitish



Yüklə 46,75 Kb.
səhifə5/6
tarix21.12.2022
ölçüsü46,75 Kb.
#97462
1   2   3   4   5   6
1-mavzu

Хamsachilik an`analari.
Musulmon Sharqi epik poeziyasi tarixi xamsachilik an’anasi bilan chambarchas bog‘liq. Dastavval XII asrda vujudga kelgan xamsa janri sakkiz asrga yaqin vaqt davomida yuzlab javob dostonlarga ega bo‘ldi. Sharq adabiyotida birinchi bo‘lib “Xamsa” yozgan shaxs buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviydir. U 1170-1204 yillar oralig‘ida birin-ketin 5 ta doston yaratdi, bu dostonlar shoir vafotidan so‘ng yaxlit bir to‘plamga birlashtirilib, “Panj ganj” (“Besh xazina”) deb atala boshlandi va keyinchalik xamsa nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Nizomiy beshligidagi birinchi doston “Maxzanu-l-asror” (“Sirlar xazinasi”) deb atalib, 1170 yilda yaratilgan. Nizomiy bu dostonini g‘aznaviylar hukmdori Bahromshoh (XII asr)ga bag‘ishlaydi. “Maxzanu-l-asror”ning vujudga kelishida XII asr klassigi Hakim Sanoiy “Xadiqatu-l-haqoyiq” (“Haqiqatlar bog‘i”) dostonining ta’siri bor. Umuman, musulmon Sharqida falsafiy-didaktik yo‘nalishdagi dostonlarning ibtidosi ham bevosita shu doston bilan bog‘lanadi. 
Nizomiy beshligidagi ikkinchi doston “Xusrav va Shirin” deb atalib, taxminan 1181 yilda yozib tugallangan. Shoir bu dostonini saljuqiy hukmdor To‘g‘rul II (1174-1194) topshirig‘iga ko‘ra yaratadi. “Layli va Majnun” dostoni esa 1188-89 yillarda Shirvonshoh Axsitan II topshirig‘iga ko‘ra yaratiladi.
Nizomiy beshligidagi to‘rtinchi doston “Haft paykar” (“YEtti go‘zal”) 1196 yilda yozib tugallanadi. Doston 4600 baytdan iborat bo‘lib, hukmdor Alouddin Ko‘rpa Arslon (1174-1207) topshirig‘i bilan yaratilgan. “Haft paykar” asosiy voqea va unga ilova qilingan 7 ta qoliplovchi hikoyatlardan iborat.
Nizomiy beshligidagi so‘nggi – beshinchi doston “Iskandarnoma” deb atalib, ikki qism: “Sharafnoma” va “Iqbolnoma”dan iborat. Doston hajmi 10000 baytdan ortiqroq. Dostonning aniq qaysi yilda yaratilganligi ma’lum emas, adabiyotlarda uning 1197 yildan keyin yozilganligi haqida ba’zi qaydlar uchraydi. 
Nizomiy beshligi yaratilgandan keyin oradan bir asr vaqt o‘tib, Xusrav Dehlaviy (1253–1325) unga javob yozdi va shu bilan xamsanavislik an’anasini boshlab berdi. U 1299-1301- yillarda "Matla’u-l-anvor" ("Nurlarning boshlanmasi"), "Shirin va Xusrav", "Majnun va Layli", "Hasht behisht" ("Sakkiz jannat"), "Oyinayi Iskandariy" ("Iskandar oynasi") dostonlarini yaratib, Nizomiy ishini davom ettirdi va natijada adabiyotda xamsachilik an’anasi paydo bo‘ldi.
Dehlaviydan keyin bu an’ana butun Sharq dunyosiga tarqaldi va juda ko‘p xalqlarda Nizomiy dostonlari mavzusi va syujeti asosida asarlar paydo bo‘ldi. Ozarboyjon olimi G‘. Aliyev jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozma va manbalarni o‘rganib chiqish asosida Nizomiy beshligiga muayyan tarzda javob yozgan 300 ga yaqin ijodkorni aniqladi va ular haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirib, “Temы i syujetы Nizami v literaturax narodov Vostoka” nomli monografiyasini yaratdi. 
Xamsanavislik tarixida XV asr Hirot adabiy muhiti alohida o‘rin egallaydi. Izlanishlardan ma’lum bo‘ldiki, aynan shu davr va shu muhitning o‘zida 20 ga yaqin ijodkor xamsanavislikda o‘z kuchlarini sinab ko‘rganlar. Garchi bu ijodkorlarning barchasi to‘liq «Xamsa” yaratmagan bo‘lsalar-da, lekin beshlikning u yoki bu dostoniga javob yozish bilan mazkur an’anaga o‘z munosabatlarini bildirganlar.
Bu davrdagi Nizomiy mavzulariga murojaat qilgan ijodkorlar haqida Alisher Navoiyning “Majolisu-n-nafois” (1498), Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkiratu-sh-shuaro” (1486), Humomiddin Xondamirning “Makorimu-l-axloq” asarlarida ma’lumotlar uchraydi.  
Ijodkorlar guruhini xamsanavislikka bildirgan munosabatiga ko‘ra shartli ravishda uch guruhga ajratish mumkin:
1. To‘liq xamsa mualliflari.
2. “Xamsa”ning ba’zi dostonlariga javob yozgan ijodkorlar. 
3. Bitta dostonga javob yozgan ijodkorlar.
To‘liq xamsa mualliflari Jamoliy Temur va Shohruh zamonida yashagan bu ijodkorning tavallud va vafot etgan yillari haqida aniq ma’lumot yo‘q. Faqat G‘.Aliyev o‘zining “Temы i syujetы Nizami v literaturax narodov Vostoka” nomli monografiyasida uning beshligi 1402-1417 yy. oralig‘ida yaratilgan degan fikrni bildiradi.
Jamoliy “Xamsa”si quyidagi dostonlardan iborat:
1. “Tuhfat ul-abror” (“Maxzanu-l-asror”ga javob)
2. “Mehru Nigor” (“Xusrav va Shirin”ga tatabbu’)
3. “Mahzun va Mahbub”. (“Layli va Majnun”ga tatabbu’)
4. “Haft avrang” (“Haft paykar”ga tatabbu’)
5. Doston nomlanishi aniq emas. Lekin voqealar mazmuni va qo‘llanilgan vazn Nizomiy “Iskandarnoma”sini eslatgani uchun uni Nizomiy beshligidagi so‘nggi dostonga javob tarzida yozilgan deb hisoblash mumkin.
Ashraf Marog‘iy Shohruh zamonida yashaganligi va 1450 yilda vafot etganligi ma’lum. Uning beshligi 1428-1444 yy. oralig‘ida yaratilgan bo‘lib, quyidagi dostonlardan iborat:
1. “Minhoj ul-abror” (“Yaxshi kishilarning yo‘li”, 1428) yilda yaratilgan. Nizomiy dostonidan bir oz farqlanib, 21 maqolatdan iborat va ularning har bir-biriga ikkitadan hikoyat ilova qilinadi.
2. “Riyoz ul-oshiqin” (“Sevishganlar bog‘i”, 1432). Ba’zi manbalarda “Xusrav va Shirin” nomi bilan ko‘rsatiladi.
3. “Ishqnoma” (“Layli va Majnun”ga tatabbu’, 1438)
4. “Haft avrang” (“YEtti taxt”, 1440)
5. “Zafarnoma” (1444) yilda yaratilgan. Nomlanishdagi o‘zgachalikka qaramay, voqealar bayoni ham, qo‘llanilgan vazn ham “Iskandarnoma”ni eslatadi.
Mazkur guruhdagi yana ikki ijodkor Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy “Xamsa”lari haqida mavzu so‘ngida batafsilroq fikr yuritganimiz sababli bu o‘rinda ularga to‘xtalib o‘tirmaymiz.
“Xamsa”ning ba’zi dostonlariga javob yozgan ijodkorlar
Kotibi Turshiziy Bu ijodkorning Nishopurdan kelganligi va 1434 / 36 yy.da Astrobodda vafot etganligi haqida YE.E.Bertels o‘zining “Navoi i Djami” tadqiqotida ma’lumot keltiradi.
Turshiziy 10 ga yaqin masnaviy-dostonlar muallifi, ulardan faqat uchtasi “Xamsa” dostonlariga tatabbu’ tarzida vujudga keldi:

  1. “Gulshan ul-abror” (“Yaxshi kishilarning gulshani”).

  2. “Layli va Majnun”.

  3. “Bahrom va Gulandom”.

Abdulloh Hotifiy 1445/ 50-1521 yy. oralig‘ida yashagan. Manbalarda Abdurahmon Jomiyning jiyani sifatida tilga olinadi. “Xamsa”ning quyidagi dostonlariga javob yozganligi ma’lum:

  1. “Layli va Majnun”. 

  2. “Shirin va Xusrav” (1490)

  3. “Haft manzar” (“YEtti manzara”) “Haft paykar”ga tatabbu’ tarzida yaratilgan.

  4. “Temurnoma”. “Iskandarnoma” vaznida bitilgan bu doston Amir Temurning zafarli yurishlariga bag‘ishlangan.
    Ko‘rinadiki, Hotifiy dostonlari orasida faqat “Maxzan ul-asror”ga javob tarzida yozilgan doston uchramaydi.

Badriddin Hiloliy Asli astrobodlik bo‘lgan bu ijodkor XV asrning 70-yillarida tug‘ilgan. 1529 yilda qatl etilgan.“Xamsa” dostonlariga javoban yozilgan 2 ta dostoni bor:
1. “Sifat ul-oshiqin” (“Maxzan ul-asror”ga javob)
2. “Layli va Majnun”. 
Shahobiddin Jomiy Bu ijodkorning tug‘ilgan va vafot etgan yillari haqida aniq ma’lumot yo‘q. Faqat Xondamirning “Makorim ul-axloq”da Shahobiddin Jomiyning Alisher Navoiy maslahatiga ko‘ra, “Layli va Majnun” va “Xusrav va Shirin” dostonlarini yozganligi haqidagi ma’lumotiga tayanadigan bo‘lsak, muallifning XV asrning ikkinchi yarmida yashaganligi ma’lum bo‘ladi. Shahobiddin Jomiyning bu ikki dostoni bizgacha yetib kelmagan yoki haligacha topilmagan.
Bitta dostonga javob yozgan mualliflar 
Bu guruhni g‘oyaviy yo‘nalishiga qarab ikkiga ajratish mumkin:
1) “Maxzan ul-asror” tipida doston yozgan mualliflar: Osafiy Hiraviy, Nargisiy, G‘iyosiddin Sabzavoriy, Fosih Rumiy, Sayyid Qosimiy.
2) “Layli va Majnun” tipida doston yozgan mualliflar: Shayxim Suhayliy, Ali Ohiy, Xoja Imod Loriy, Xoja Hasan Xizrshoh, Zave Qozisi.
Xamsachilik tarixida fors-tojik adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdurahmon Jomiy (1414-1492) beshligi alohida o‘rin tutadi. Jomiy ijodkor bo‘lish bilan birga so‘fiy ham edi, bu holat u yaratgan asarlarda ham namoyon bo‘ladi. Sharqshunos olim Konradning ta’biri bilan aytganda, “u – shoir, u – faylasuf, u – filolog, u – musiqashunos. Lekin shu bilan bir qatorda u ko‘proq so‘fiy. Uning uchun borliqni anglashning ikki ko‘rinishi mavjud – borliq sirlari va ijod sirlari” (Konrad N.I. Zapad i Vostok, 276-bet). Adabiyotshunoslikda Jomiyning “Xamsa” yozgan-yozmaganligi bilan bog‘liq bahsli fikrlar mavjud. Ayrim adabiyotshunoslar Jomiy dostonlariga “Xamsa” tarzida emas, balki yettilik –“Haft avrang” (“Salomon va Absol” hamda “Silsilatu-z-zahab” dostonlarini ham qo‘shgan holda) shaklida qarash zarurligini ta’kidlaydilar. Lekin Jomiyning o‘zi “Xiradnomai Iskandariy” xotimasida o‘z asarini “Panj ganj” deb ataganligi uchun Jomiyni “Xamsa” yaratgan ijodkorlar qatoriga kiritish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Abdurahmon Jomiy “Xamsa”sining birinchi dostoni “Tuhfatu-l-ahror” 1481 yilda yaratilgan. Falsafiy-axloqiy masalalarga bag‘ishlangan bu doston Nizomiy “Maxzanu-l-asror”iga javob tarzida vujudga keldi. Dostonlar nomlanishidagi ohangdoshlik, kompozitsion qurilishdagi o‘xshashlik va qo‘llanilgan she’riy o‘lchov bu fikrni tasdiqlaydi.
1482-83 yillarda “Xamsa”ning ikkinchi dostoni “Subhatu-l-abror” (“Yaxshi kishilarning tasbehi”) maydonga keldi. An’anaga muvofiq, xamsaning ikkinchi dostoni ishqiy mavzuga bag‘ishlanishi kerak edi. Lekin Jomiy bu o‘rinda an’anadan butunlay chekinib, falsafiy yo‘nalishdagi yana bir doston yaratadi. Lekin u birinchi doston kabi 20 ta maqolatdan emas, balki 40 ta bo‘lim – “iqd” (tasbeh donasi)dan iborat bo‘lib, har bir nazariy qismdan keyin alohida hikoyat va munojot ilova qilib boriladi.
Abdurahmon Jomiy beshligidagi uchinchi doston “Yusuf va Zulayho” deb atalib, 1483 yilda yaratilgan. Nizomiy beshligida bunday mavzu va syujetdagi doston uchramaydi. Jomiy “Xusrav va Shirin” mavzusidagi an’anaviy doston yaratishdan voz kechib, Qur’onda “ahsan ul- qisas” – “qissalarning sarasi” deb ta’riflangan Yusuf qissasi bayoniga bag‘ishlangan “Yusuf va Zulayho” dostonini yaratadi.
Abdurahmon Jomiy “Xamsa”sidagi to‘rtinchi doston “Layli va Majnun” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, 1483 yilda yaratilgan. “Xamsa”dagi so‘nggi – beshinchi doston “Xiradnomai Iskandariy” ham Jomiyning an’anaga rioya etishi bilan xarakterlanadi. Ko‘rinadiki, Abdurahmon Jomiy yaratgan masnaviy-dostonlar orasida falsafiy yo‘nalishdagi dostonlar yetakchi o‘rinda turishi bilan xarakterlanar ekan.
Fors adabiyotida Nizomiy beshligiga birinchi javob bitgan ijodkor Xusrav Dehlaviy bo‘lsa, Navoiy bu vazifani turkiy tilda ado etdi. Navoiy beshligida xamsanavislikning barcha shartlariga qat’iy amal qilinganligini ko‘ramiz. Chunki xamsanavislik an’anasidan bir oz bo‘lsa-da chekinish, turkiy tilda xamsadek buyuk asarni yozib bo‘lmaydi degan fikrga olib kelishi mumkin edi. Navoiy o‘z “Xamsa”si misolida an’anaviy shakl doirasida ham yangi fikr ayta olish imkoniyatini, belgilab berilgan shakllarni jilvalantirish usullari mavjudligini ko‘rsatib berdi va uning bu asari umumjahon adabiyotining yuksak cho‘qqisi bo‘lib qoldi.



Yüklə 46,75 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə