4- modul. Navoiy dostonlari va nasriy asarlarini sharhlab o’qitish


“Xamsa” dostonlarini nasriylashtirish an’anasi



Yüklə 46,75 Kb.
səhifə2/6
tarix21.12.2022
ölçüsü46,75 Kb.
#97462
1   2   3   4   5   6
1-mavzu

2.“Xamsa” dostonlarini nasriylashtirish an’anasi.
Nasriy bayon. Shye’riy yo‘l bilan yozilgan epik asarlarni hozirgi tilga nasrda tushuntirish. Alisher Navoiy «Xamsa» dostonlarining shu xildagi nashrlari mavjud. Bu xildagi nashrlar asar mazmunini hozirgi kitobxon uchun tanishtirishda beqiyosdir.
Xalqimizning ma’naviyatini ulug’ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy ijodiyoti, ayniqsa, uning «Xamsa» - qomusiy asarisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Albatta, Alisher Navoiy asarlarini asl holida o’qib, undan ma’naviy huzurlanish, ma’nolaridan, ohang va badiiy san’atlaridan zavqlanish kerak. Buning o’rnini biror tabdil, sharh bosolmaydi. Biroq bugungi o’quvchi va Navoiy yashagan zamon o’rtasida besh yarim asrlik masofa yotibdi. Qolaversa, bu masofani bartaraf etishni yanada qiyinlashtiradigan zamon bilan aloqador boshqa to’siqlar ham borki, ularni yengib o’tmay, o’quvchining Navoiy merosi, ma’naviyatiga yo’l topishi amri mahol. SHu bois «Xamsa» dostonlarini soddalashtirib o’quvchiga yetkazish, nasriylashtirib tushuntirish, ommalashtirish, zamonaviylashtirish, bu ulug’ ma’naviyat xazinasidan qisman bo’lsa-da o’quvchini bahramand qilish maqsadlarida o’tgan ikki asrlik tarix davomida ular asosida bir necha bor nasriy qissalar, nasriy bayonlar, tabdillar yaratilgan. Demak, zamonaviy tabdillar, sharhlar ko’magisiz maxsus tayyorgarligi bo’lmagan o’quvchining Navoiy asarlarini bevosita qabul qilishi qiyin. Tabdil, nasriy bayon yoki sharh o’quvchi oldida ulkan to’siq bo’lib yotgan Navoiygacha bo’lgan masofani bartaraf etib, uni asliyatga yaqinlashtiradigan muhim va foydali yo’ldir.
Navoiy asarlari asliyati va bugungi o’quvchi imkoniyatlari orasidagi farqlar haqida gapirganda
birinchi galda davr bilan bog’liq tildagi o’zgarishlarni qayd etish mumkin. Ikkinchidan, Navoiy o’z ijodida arxaik so’zlar, arabiy va forsiy so’z va izofalardan mumtoz adabiyotga mansub boshqa shoirlarga nisbatan ham ancha keng foydalangan.
Uchinchidan, baytlardagi ko’p ma’nolilik, ularning asosan majoz va ramzlarga qurilganligi ularni baytma-bayt sharhlashni, mutaxassisning juda ko’p izohlar bilan o’quvchiga ko’makka kelishini talab qiladi.
To’rtinchidan, Navoiy asarlari asl mohiyatini idrok etish uchun o’quvchi avvalo u mansub bo’lgan maslak, u e’tiqod qo’ygan haqiqatlardan xabardor bo’lishi kerak. Bir so’z bilan aytganda, bularning bari Navoiy asarlari asliyatini bugungi o’quvchiga jiddiy sharhlab, nasriylashtirib taqdim etishni taqozo etadi. O’tgan ikki asr mobaynida aynan ana shu sabablarga ko’ra «Xamsa» dostonlarining turli shakl va saviyada yaratilgan bir necha nasriy tabdillari maydonga keldi. To’g’ri, XIX asrda Navoiy «Xamsa» si dostonlari asosida yaratilgan dastlabki nasriy qissalarni asliyatning to’la ma’nodagi muqobillari, tabdillari deb atash mushkul, sho’rolar davrida paydo bo’lgan eng so’nggi nasriy bayonlar ilmiyligi, mukammalligi bilan bunday muqobillikka davogar bo’la olsa-da, biroq ular ham o’sha zamon mafkurasi ta’sirida muayyan mahdudliklardan xoli emas. SHu nuqtai nazardan bugungi kunda mazkur talqinlarni ham qayta ko’rib chiqish ehtiyoji borligi sezilmoqda.
Nasriy bayonchilik, tabdil, badiiy asarni nazmdan nasrga o’tkazish an’anasi ham adabiyotimizdagi ko’pgina boshqa hodisalar singari uzoq o’tmishga borib taqaladi. XIX asr boshida Navoiy dostonlari nasriy bayonlarining dastlabki namunalari Xorazmda adib Umar Boqiy tomonidan yaratildi. Bu esa Navoiy dostonlarini falsafiy «murakkab» adabiyotdan – «sodda» adabiyotga janrdan janrga tarjima qilishning ilk namunasi edi.
Umar Boqiy XVIII asrning ikkinchi yarmi iva XIX asrning boshlarida Kiromiy, Roqim, Nishotiy, Andalib, Munis kabi shoirlarga zamondosh bo’lib Xorazmda ijod etgan. Umar Boqiy haqida bizgacha nihoyatda kam ma’lumot yetib kelgan bo’lsa-da, biroq u haqda va uning Navoiy dostonlari asosida yaratgan «Farhod va SHirin», «Layli va Majnun» qissalari olimlarimiz tomonidan ma’lum darajada o’rganilgan.
“Sab’ai sayyor” ning nasriy bayoni Inoyat Maxsum tomonidan amalga oshirilib, 1977 yil asliyatsiz, alohida kitob holida chop etilgan. 1991 yili bu nasriy bayon asliyat bilan birga qayta nashr etilgan. 2006 yilda esa qisqartirilgan muqaddima boblari to’ldirilib lotin yozuvida asliyat bilan yonma-yon qayta nashr qilindi.
Qayd etganimizdek “Saddi Iskandariy”ning nasriy ifodasi ham shoirning 500 yillik yubileyi arafasida Inoyat Maxsumov va Yunus Latif tomonidan tuzib chiqilib, 1940,1941 yillarda asliyat bilan yonma-yon nashr etilgan edi. Bu nasriy bayon 1978 yili Inoyat Maxsumov tomonidan qayta to’ldirilib, asliyatsiz, alohida kitob holida qayta chop etilgan. 1991 yili esa bu tabdil Mavjuda Hamidova tomonidan qayta to’ldirilib, muqaddima boblar ham tabdil etilib, asliyat bilan birga nashr etildi. 2006 yilda esa bu nashr lotin yozuvida asliyat bilan birga yana qayta chop etildi.
70 yillarda “Xamsa” nasriy tabdillarining bir muncha maromiga yetkazilganligi va ularning alohida kitoblar holida nashr etilishi navoiyshunoslik fanida bajarilgan nihoyatda katta bir vazifa edi.
Nasriy bayonlarning o’sha yillarda katta-katta qisqartmalar bilan nashr etilishi salbiy hodisa sifatida ko’pchilikka o’sha davrda ham ma’qul bo’lmagan.
1981 yil adabiyotshunos olim Najmiddin Komilov bu qusurni biroz tanqid qilib o’tgan:
“Bu hol qandaydir noxush odat tusiga kirib bormoqda “Xamsa” dostonlarining nasriy nashrlarini ko’zdan kechirganimizda “Hayrat ul-abror”dan 21 bob, “Farhod va SHirin”dan 8 bob, “Layli va Majnun”dan 6 bob, “Sab’ai sayyor”dan 9 bob, “Saddi Iskandariy”dan 9 bob, xullas, jami 53 bob tushirib qoldirilganligini ko’ramiz. Demak, yaxlit bir doston hajmidagi matn tashlab ketilgan... Agar “xudo”, “din”, “imon” so’zlari uchraydigan asarlarni hadeb tashlayversak yoki “qisqartirib” tashlasak, unda “Iliada”ni, “SHoh Edip”ni, “Ilohiy komediya”ni umuman o’qimasligimiz kerak”.2
Darhaqiqat, muqaddima qism, shuningdek, ba’zi o’rinlarda boshqa boblarning qisqartirilishi bu nashrlarning eng katta kamchiligi edi. Xususan : “Hayratu-l-abror” dostoni 70 yillar nashrida XII bobdan boshlab nasriylashtirilgan va unda muqaddima qismdan boshqa qisqartirilgan boblar ham mavjud. Qisqartirilgan boblar: I, II, III, IV, V, VI, VII, VIII, IX, X, XI, XXV, XXIX, XXXIX, LI, LIII, LV, LXI boblar bo’lib, jami 23 bobdan iborat. Dostondagi muqaddima boblar singari keyingi qisqartirilgan boblar ham asosan tasavvuf, din, ilohiyotga aloqador, shoh va shahzodalar madhidagi boblar bo’lganligi uchun nasriylashtirilmagan.
“Farhod va SHirin” dostoni VI bobdan boshlab nasriylashtirilgan, I, II, III, IV, V muqaddima boblar va Husayn Bayqaro madhidagi X bob hamda shahzoda Badiuzzamon madhidagi XI boblar (jami 7 bob) qisqartirilgan. 1989 yilgi nasriy bayonning asliyat bilan birga chop etilgan nashrida ham aynan shunday. 2006 yilgi lotin yozuvidagi nashrida esa barcha qisqartirilgan boblar to’ldirilib, nasriylashtirilgan va asliyat bilan yonma-yon bir jild ostida chop etilgan.
“Layli va Majnun” dostoni nasriy bayoni V bobdan boshlanadi va unda jami 6 bob qisqartirilgan bo’lib, ular: I, II, III, IV – kirish boblar hamda sulton Husayn madhidagi VII bobdir. 1990 yil nashrida ham nasriy bayondagi qisqargan boblar, parchalar to’ldirilmagan,biroq asliyatga muqaddima qism, ya’ni I, II, III, IV boblar ham kiritilgan. 2006 yilgi lotin yozuvidagi nashri barcha nashrladan ko’ra ancha mukammal bo’lib, barcha qisqartirilgan boblar to’ldirilib, nasriylashtirilib asliyat bilan bir jild ostida qayta nashr qilindi.
Nihoyat, 1991 yilda nashr etilgan “Sab’ai sayyor” oldingilardan farqli o’laroq, asliyat ham, tabdil ham to’liq holda chop etilgan birinchi dostondir. Dostonni ilmiy-tanqidiy matn asosida qiyoslab Inoyat Maxsum tomonidan 70 yillarda amalga oshirilgan nasriy matnini qaytadan tahrir etib, to’ldirib nashrga tayyorlovchi S. Hasanov. Bu nashr 2006 yili qisqartirilgan boblari ham nasriylashtirilib lotin yozuvida asliyat bilan birga qayta nashr qilingan.
“Saddi Iskandariy” esa asliyat ham, nasriy bayon ham birinchi marta to’liq holda chop etilgan birinchi dostondir. Nashr 1991 yilda amalga oshirilgan. Dostonni ilmiy-tanqidiy matn asosida qiyoslab va nasriy bayonini qaytadan to’ldirib nashrga tayyorlovchi Mavjuda Hamidova.3 Bu nasriy bayon bo’yicha 2000 yilda Abduvohid Hayitov o’zining nomzodlik dissertatsiyasida nasriy tabdildagi b’zi bir nuqsonlarni aytib o’tgan va xato-kamchiliklarini qayta tahrir qilib chiqqan, lekin bu tahrir kitob holida chop etilmagan.4 2006 yilgi nashri ham aynan 1991 yilgi nashri bilan bir xil.
Xullas, Navoiy dostonlari nasriy bayonlarini qisqartmasiz to’liq holda berish an’anasi “Sab’ai sayyor” va “Saddi Iskandariy” bayonlaridan, ya’ni 1991 yildan boshlandi, deb qayd etib qo’yish mumkin.
Guvohi bo’ldikki, dastlabki uch dostonning saksoninchi yillar oxiri to’qsoninchi yillar boshidagi nasriy bayonlari yuzasidan navbatdagi to’ldirishlar qilishga ulgurilmagan va ular zudlik bilan avvalgi holaticha nashr etilgan. Lotin yozuvidagi 2006 yilgi nashrlari esa ancha mukammal nashr bo’lib, barcha dostonlardagi qisqartirilgan boblar to’ldirilib, nasriylashtirilib asliyat bilan birga bir jild ostida kitobxonlarga taqdim etilgan.
Urushdan keyingi davrdan to bugungi kunimizgacha ulug’ shoir ijodini o’rganish, tadqiq va targ’ib etish ishlari aslo susaymaganligini, navoiyshunoslarimiz ana shu mobaynda bu yo’nalish bo’yicha nihoyatda samarali va muhim ishlarni amalga oshirganliklarini yuqorida guvohi bo’ldik. Darhaqiqat, bu ilmiy jihatdan nihoyatda qimmatli faoliyat edi. Faqat bu ishlarning umumiy bir kamchiligi mafkuraviy jihatdan chegaralanganligi, kommunistik mafkura qolipiga solinganligi edi, xolos. Mustaqillik davrida qilingan ishlar esa bu kamchiliklardan xoli mukammal bir ish edi. Har qanday talqin o’z davri va asliyat davri o’rtasidagi bir ko’prik, vositadir. Tabdil o’z davri tafakkur tarzi, ehtiyoj va talablari nuqtai nazaridan asliyatni talqin etadi. Boshqacharoq aytganda, talqin asliyatga suyangan holda barcha xomashyoni o’z davridan oladi, shu bois unga davriylik nafasi urib qoladi, davr, dunyoqarash o’zgarishi munosabati bilan, germenevtik qonuniyatlar ham shuni tasdiqlaydiki, boshqa talqinga, asliyatga nisbatan o’sha davr tafakkur tarziga muvofiq keladigan munosabatga ehtiyoj seziladi.
Mustaqillik davrida “Xamsa” dostonlarining nasriy bayonlari amalga oshirilgan muhim yirik tadqiqotlardan yana biri Anvar Hojiahmedovning qisqartirilgan nasriy nashridir.
Navoiy “Xamsa”si dostonlarini osonroq tushunish uchun o’tgan asrda qilingan ishlarni yuqorida ko’rib chiqdik. “Xamsa”ning mukammal nasriy matnlari tuzilib keng tirajda nashr qilinganligini guvohi bo’ldik. Ammo o’quvchilar, litsey va kollej talabalari hamda ulug’ shoirning ko’p sonli muxlislari uchun bu mukammal nasriy nashrlar ham og’irlik qilayapdi. Har xolda yoshlarimizning ko’plari “Xamsa” dostonlari mazmunidan xabardor emaslar. SHularni hisobga olgan holda Anvar Hojiahmedov Navoiy “Xamsa”si dostonlarining asosiy mazmunlarinigina ixcham tarzda bayon qilingan kitobchalar va ularning barchasini to’plab bitta kitob holida taqdim etdi.
Nashr etilgan asarlarning kirish va xulosa qismlari tushirib qoldirilgan, asardagi cho’zilib ketgan ba’zi o’rinlar: manzaralar, monologlar ixchamlashtirilgan. Bu xil yondashish dostonlarning to’liq tushunilishiga imkon bermaydi. Ular haqida keng ma’lumot hosil qilish uchun dostonlarning to’liq nasriy bayoni, qolaversa, albatta Navoiy dostonlarining o’zi bilan mukammal tarzda tanishish lozim. Ushbu kitob esa dostonlar mazmunini osonroq tushunib olishga yordam beradi, xolos.
Bu ish buyuk mutafakkir shoir, alloma va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining tabarruk 570 yilligi munosabati bilan 2010 yil lotin yozuvida nashr etilgan.
Anvar Hojiahmedov nashrining o’ziga xos xususiyati – u ham Ayniy nashridek “Xamsa”ning besh dostonini o’z ichiga qamrab oladi. Nasriylashtirish borasida unda Ayniyga, Umar Boqiyga va baytma-bayt qilingan nasriy ifodalarg xos bo’lgan xususiyatlar ham ko’zga tashlanadi. Lekin A.Hojiahmedov nashrining o’tgan asr nasriy talqinlaridan keskin farq qilib turadigan bir jihati – unda bugungi kun nafasi ufirib turibdi, u muayyan mahdudliklardan xoli bir nasriy talqindir.
Bu nasriy talqin bugungi kun tafakkur tarzi, istiqlol davriga xos ijtimoiy mentalitet bilan bog’liq germenevtik qonuniyatlar asosida talqin etilgan.

Yüklə 46,75 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə