Universiteti ro’yxatga olindi №


Turkiston masalasida ingliz-rus raqobatining kuchayishi



Yüklə 75,13 Kb.
səhifə4/8
tarix11.12.2023
ölçüsü75,13 Kb.
#147110
1   2   3   4   5   6   7   8
Turkiston general-gubernatorligi 233

1.2. Turkiston masalasida ingliz-rus raqobatining kuchayishi.
Verigin Rossiyada ishlab chiqarilayotgan mollar mamlakat ichkarisida ham zo`r-bazo`r sotilayotgani va sifati past bo`lgani uchun Yevropa bozorlarida sira raqobatga dosh berolmasligini ko`rsatib, O`rta Osiyo bu jihatdan rus sanoat mollari sotiladigan qulay bozorga aylanishi mumkinligini bayon qilgan edi. Bu fikrni senator graf K.K.Palen rivojlantirib shunday degan edi: «Turkistonni istilo qilishning siyosiy sabablarini hisobga olmagan takdirda ham bu o`lka Rossiya tarafidan bosib olinishining dastlabki kunlaridanoq Rossiya uchun ikki jihatdan qiziqish uyg`otgan edi:
1.Moliyaviy siyosat jihatidan davlat daromadi manbai va ichki ishlab chiqarish mahsulotlari uchun yangi bozor.
2.Mustamlakachilik siyosati nuktai nazaridan markaziy guberniyalardagi ortiqcha aholini ko`chirish uchun yangi hudud sifatida diqqatga loyiq edi». Imperiya yukori siyosiy doiralarining nufuzli vakili senator graf K.K.Palen o`lkaning metropoliyaga to`laydigan soliqlari mikdorini aniq bilgani holda ularni yanada oshirish rejasini ham ishlab chiqqan edi. Bu reja izchillik bilan amalga oshirilgan. Agar XIX asr oxirida yer solig`i 4 million so`mni tashkil qilgan bo`lsa, 1914 yilga kelib u 75 foizga kupaydi. Rossiyaning Turkistondan oladigan daromadi 300 foizga oshdi va 1916 yilga kelib 38.329 ming so`mni tashkil qildi.Imperiyaning Turkiston xom ashyosidan oladigan foydasining aniq mikdorini hech kim bilmagan va u faqat metropoliya burjuaziyasigagina ma`lum edi. Rossiya to`qimachilik sanoati mahsulotlariqkimmati 1900 yildan 1913 yilga qadar 150 foiz oshganidan kelgan foyda ham shu rus kapitalistlarining cho`ntagiga tushgan va uning hisobini ham hech kim bilmaydi. Rossiya Turkistonni qisqa muddatda o`z sanoati uchun xom ashyo manbaiga aylantirdi. Agar 1885 yilda paxta maydoni 41,4 ming tanobni tashkil qilgan bo`lsa, 1915-yilga kelib u 541,9 ming tanobga yetdi, ya`ni 13 barobarga o`sdi. O`lka Rossiyaning asosiy paxta bazasiga aylandi.
Bu haqda Turkiston jadidlari yetakchilaridan Ubaydullaxo`ja Asadullaxo`jayev 1917 yil iyul oyida Qozonda o`tgan 2-Butunrossiya musulmonlar qurultoyida shunday degan edi: «Shu kungacha Turkiston rus kapitalistlari uchun govmish sigir bo`lib kelmokda. Bugunda Turkiston Rossiyaga paxta yetkazuvchidir. Hanuzgacha to`xtamayotgan urush tufayli paxtaga extiyoj tobora ortib bormokda, chunki u porox tayyorlashda kerakdir. Agar urushgacha bo`lgan davrda Amerika paxtasining 1 pudi Rossiyaga 18 so`mdan tushgan bo`lsa, hozirda barcha mollarga narx-navo 3 barobar oshganda, 1 pud Turkiston paxtasi Rossiya tomonidan 7 so`mdan 10 so`mgacha sotib olinmoqda, holbuki, 1 pudning bahosi hozirda 20 so`mni tashkil qilishi lozim. Demak, Turkiston paxtakorlari har pud paxtadan 10-12 so`m zarar ko`rishmoqda. Bundan shunday xulosa chiqadiki, agar Turkistonda yiliga 10-12 million pud paxta yetishtirilsa, u holda bizning paxtakorlar tomonidan ishlab topilgan 100 million so`m har yili rus kapitalistlari cho`ntagiga tushmoqda» Metropoliyaning iqtisodiy siyosati Turkistonni xom ashyo bazasiga aylantirish, uni rus mollari sotiladigan bozor sifatida tutib turish va tabiiy boyliklarini markazga tashib ketishga qaratilgan edi.
Bu siyosatdan dvoryan-pomeshchiklar sinfidan tashqari, tobora rivojlanib va kuchga kirib borayotgan rus burjuaziyasi, ayniqsa to`qimachilik sanoatining egalari manfaatdor edilar. Turkiston mo`may daromad manbai sifatida ham chor Rossiyasining xazinasini boyitib borayotgan edi. Bu daromadlar 1867-1896 yillarda 4 barobarga ko`paydi, aholidan olinadigan soliqlar 1889-1893 yillarda 40 foizga oshdi. 1869-1896 yillar davomida imperiya xazinasi o`lkadan 158 million so`m daromad oldi. Rossiya hukmron doiralari Turkiston o`lkasiga mo`may daromad manbai va arzon xom ashyo makoni sifatida qarab, xalqqa solinadigan soliq va majburiyatlarni ko`paytirish siyosatini qo`llab keldi. O`lkada soliqlar miqdori tinimsiz oshib bordi. 1889 yildan 1896 yilgacha mustamlaka ma`muriyati soliqlarni 40 foizga oshirdi. General-gubernator imperatorga 1895-1897 yillar bo`yicha bergan hisobotida soliqlarni yanada ko`paytirib, o`lkadan olinadigan daromadni oshirish uchun aholidan yangi harbiy soliq undirishni taklif kildi. «Yerli aholi rus harbiy kuchi panohida barcha rus fuqarolari huquqdaridan teng foydalangan holda o`z farovonligini oshirmokda,-deb yozgan edi general-gubernator,-shu bilan birga u hech qanday asossiz rus fuqaroligi beradigan katta imtiyozlardan hamfoydalanmokda. Shuning uchun ham bunday soliqning joriy etilishi xalqqa og`ir botmagan holda davlat xazinasiga yiliga yarim million rubl daromad keltiradi».
Mustamlakachilar sardori paxta yakka hokimligining tobora kuchayib borayotganini qayd etib: «1887 yilda 200000 pudni tashkil qilgan Amerika navli paxta yetishtirish 1895 yilga kelib 500000 pudga yetgan, ya`ni Rossiya sanoati iste`mol kiladigan tolaning uchdan bir qismini tashkil qilgan»,-deb yozadi. Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan zabt etilishi, o`lkani Rossiya imperiyasining agrar xom ashyo yetkazib beradigan mustamlakasiga aylantirdi. Yangi kapitalistik munosabatlarning kirib kelishi mustamlakachilik tuzumi sharoitida mahalliy aholi uchun fojeali xususiyat kasb etib, o`lkada ijtimoiy qarama-qarshiliklarni nihoyatda kuchaytirib yubordi. Turkiston metropoliya uchun nafaqat xom-ashyo, balki, davlat xazinasi uchun soliq daromadlarining ham manbasiga aylandi. O`lkada yildan-yilga soliq zulmi ortib boraverdi. Masalan, faqatgina 1900 yilda Farg`ona aholisi davlat xazinasiga yer solig`idan tashqari 4 581 620 rubl 70 kop. mablag` topshirdilar. Huddi shu yil viloyat aholisi 399 467 rubl 34 kop. miqdoridagi mahsulot solig`ini ham bajardi. Bunday rasmiy soliqlardan tashqari, volost kotiblari, oqsoqol va boshqa amaldorlarning ta`minoti uchun «jamoat tushumi» deb ataluvchi soliqlar ham yig`ib olinar edi.
Natijada mahalliy aholining bo`ynidagi qarzlari miqdori yil sayin oshib borar edi. Masalan, paxtakorlarning davlat va xususiy banklardan 1912 yildagi qarzlari 156 mln. 712 ming rublni tashkil etdi. Shundan 80 mln. 979 ming rubl pul Farg`ona viloyati paxtakorlari zimmasiga tushgan edi. Bu holat paxtakor dehqonlarning xonavayron bo`lishiga olib keldi. Mehnatga haq to`lash borasida ham keskin ijtimoiy adolatsizlik hukmronlik qilar edi. Bir xil malaka va tajribaga ega bo`lgan o`zbek ishchisining maoshi rus ishchisining maoshiga nisbatan 40-50 foizga kam bo`lar edi. Masalan, savdogar F. I. Polinskiyning paxta tozalash zavodida rus ishchisi 70 rubl maosh olgan bir paytda, o`zbek ishchisi 11 rubl o`spirin esa 6 rubl haq olar edi. Vadyayevlar zavodida esa 1912 yil rus ishchisi bir kuniga 2 rubl 80 kop. haq olgan bo`lsa, o`zbek ishchisi esa, 70 kopeyekdan 1 rublgacha olar edi. Mustamlaka sharoitida Turkistonda nafaqat dehqonlarning, balki o`n minglab hunarmand-kosiblarning ham ahvoli ayanchli holatga tushib qoldi. Bunga Rossiya sanoati ishlab chiqargan uy-ro`zg`or ashyolari, ayniqsa, yengil sanoat mahsulotlari bilan o`lka bozorlarining to`ldirilishi sabab bo`ldi. Bu mahsulotlar bozorlardagi mahalliy hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mollarni siqib chiqara boshladi. Natijada hunarmandchilikning ko`plab turlari inqirozga uchradi. Bu esa qashshoq aholi sonining ortib borishiga sabab bo`ldi. Milliy hunarmandlarning xonavayron bo`lishini Hamza Hakimzoda Niyoziy «Sadoyi Turkiston» gazetasidagi maqolalarining birida bunday ta`riflaydi: «...va ba`zilari yetushdura olmay butun bu hunarlaridan kechub boshqa bir yo`l va kuyg`a kirub ketmakdadurlar...har bir kasb ahli shundo g`dur...Mana bu razolat, xirachilik va xo`rlik na yerdan keldi?...Oh, hunarlarimiz! qaysi taraf g`a va kimlar qo`lig`a asir bo`ldi? Pul va mollarimiz qaysi tarafg`a hijrat etmakdadur?...Bu ho`rliklarning ilmsizlikdan kelganidan shoyad uyalgan va aqlga solib qaragan kishi bilur».
Ma`lumki,Turkistonda harbiy-polisiya boshqaruviga asoslangan mustabid ma`muriyat hukmronlik qilib, mustamlakachi podsho amaldorlari o`zlarini o`lkaning cheksiz huquqlarga ega bo`lgan hukmdorlari deb hisoblaganlar. Bunday siyosat o`lkada rus mustamlaka rejimining amalda bo`lishi uchun nihoyatda qo`l kelar edi. Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, mahalliy xalqning tahqirlanganligi, huquqsizligi yaqqol ko`zga tashlanadi. Shu paytlarda podsho amaldorlari va ofiserlarining ko`chmanchi aholiga bo`lgan munosabatlarida ham mustamlakachilik siyosatining yorqin ifodasini ko`rish mumkin. Chunonchi, O`sh uyezdidagi Oloy volostiga qarashli Ergashtom ovul jamoasi tomonidan tuman pristaviga qilingan arizada ta`kidlanishicha, yashash uchun sharoitning nihoyatda og`irligidan ular hatto Xitoy imperiyasi hududiga o`tib ketishga ham tayyor ekanliklarini bildirganlar. Shuningdek, Ergashtom rus garnizoni boshlig`i qo`l ostidagi kazak askarlari bilan birgalikda ovulga kelib, qirg`izlardan oziq-ovqat, ot-arava va chorvalarini tortib olayotgani, qarshilik ko`rsatganlarni do`q-po`pisalar bilan hatto o`lim xavfi yoki harbiy holat joriy etish bilan tahdidga solayotganlari ko`rsatilgan. Kazak askarlari nihoyatda haddidan oshgan bo`lib, qirg`izlar bilan o`z bilganlaricha muomalada bo`lganlar. Ovullar bo`ylab aylanish yoki O`sh shahriga borib kelish uchun ular qir g`izlarning eng yaxshi otlarini tortib olardilar. Aholi garnizon uchun arpa donini topshirishlari shart edi. Lekin, ular buning evaziga o`z vaqtida va yetarli haq olmayotganliklari sababli bu majburiyatni bajarishdan bosh torta boshladilar. Mahalliy va podsho amaldorlarining o`tkazgan zulmlari, iqtisodiy og`ir ahvol, ijtimoiy adolatsizliklar oqibatida Farg`ona vodiysi dehqonlarining bir necha bor tarqoq holdagi ko`tarilishlari bo`lib turdi. Agar 1899 yilda birgina Qo`qon uyezdida shunday «tartibsizliklar» 9 marta sodir etilgan bo`lsa, 1900 yilga kelib, ularning soni 20 taga, 1904 yilda 33 taga, 1905 yilda 55 taga, 1906 yil 63 taga va 1907 yilda esa 67 taga yetdi. Yuqorida ko`rsatib o`tilgan sabablar viloyatda jinoyatchilikning o`sishiga ham olib keldi. Turkiston o`lkasi istilo etilgach, xalqning asrlar bo`yi e`zozlagan ahloqiy-ma`naviy qadriyatlari oyoq osti qilindi, shariat me`yorlari buzildi. Oqibatda mayda jinoyatlar- o`g`rilik, aroqxo`rlik, tovlamachiliklar soni ortib bordi. Masalan, Farg`ona viloyati bo`yicha 1906 yil 125 ta jinoyat sodir etilgan bo`lsa, 1907 yilda ularning soni 131 taga, 1908 yil 174 taga, 1909 yilda esa 254 taga yetdi. Birinchi jahon urushida Rossiyaning ishtiroki va urushdagi mag`lubiyatlar, nafaqat imperiyaning markaziy hududlarida, balki chekka mustamlakalar, xususan, Turkistonda ham xalq ommasi noroziligining kuchayishi, ijtimoiy-siyosiy faolligining ortishiga sabab bo`ldi. Bundan xavfsiragan mustamlakachilar aholining tobe holatda tutib turishning turli yo`llarini izlay boshladilar. Mahalliy aholida hukumatga, podshoh va uning oila a`zolariga sadoqat ruhini kamol toptirish uchun chor amaldorlari barcha masjidlarda podshoh va uning oila a`zolari nomiga xutba o`qilishini tashkillashtirdilar. Turkiston general-gubernatorligi mahkamasi tomonidan Farg`ona viloyati harbiy gubernatori nomiga 1915 yil 19 fevralda yuborilgan xatda aytilishicha, birgina Farg`ona viloyati uchun imperator nomiga o`qiladigan xutbaning mahalliy tilda bitilgan 1400 nusxadan iborat matni yuborilgan. Shuningdek, ushbu xutbani viloyatning barcha masjidlarida majburiy tarzda o`qilishi buyurilgan. Bu esa Islom asoslariga mutlaqo zid bo`lib, mahalliy aholining diniy e`tiqodlarini oyoq-osti qilish demakdir. Podsho hukumati o`lkada o`ziga tayanch yaratish maqsadida Turkiston yerlariga rus aholisini ko`chirish siyosatini o`tkazdi. Paxta ekilmaydigan hududlardagi mahalliy aholining yerlari tortib olinib, rus dehqonlariga berildi. Buning natijasida ko`chirib keltirilgan 2635 xonadonning qo`lida 1914 yilda 53 594 desyatinayer to`plandi, ya`ni har bir xo`jalikka 13 desyatinadan yer to`g`ri kelgani holda, mahalliy dehqon xo`jaliklarining har biriga bir desyatinadan ham kam yer to`g`ri kelar edi. A.Cho`lpon o`sha kezdayoq vatan boyliklari mustamlakachilar tomonidan o`zlashtirilayotganini, bunga esa chek qo`yish lozimligini oshkora ayta olgan edi: «...Vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar cho`ntagig`a solmasdan va bermasdan o`z cho`ntagimizda olub yurmagimiz kerakdur. Bizga shundog` ishlarg`a kirishmoqg`a vaqt !... Biz ham insonmiz, insondek yashayluk !...». O`lkadagi ayanchli ahvol, milliy hunarmandchilikning kasodga uchrashi, aholining kundan-kun og`irlashib borayotgan turmush sharoiti uni befarq qoldirmadi.
U o`z maqolalari orqali mustamlakachilar tomonidan o`tkazilayotgan iqtisodiy zulm va uning salbiy oqibatlarini ochib tashladi: «...14 nchi yil ramazonda gadoylar boshqalarg`a qaraganda yuzga qirq prosent bo`lub ketgan desak ham lof bo`lmaydur....Pul va mollarimiz qaysi tarafg`a hijrat etmakdadur?...». Imperiya manfaatlarini ko`zlab, o`lkada rus va mahalliy xalq bolalari uchun tashkil etilgan rus-tuzem maktablari zamirida bosqinchilarning g`arazli maqsadlari yotar edi. o`lkadagi dastlabki rus-tuzem maktablari «...Ulkan ruslashtirish rejasini amalga oshirishda maktab katta ahamiyat kasb etishi lozim» degan nuqtai nazar bilan ish tutuvchi general-gubernator Rozenbax davrida ochildi. Ilg`or ziyolilarimiz o`sha davrdayoq bu makkorona siyosatni to`g`ri anglab yetgan edilar. Bunday maktablarni Ismoilbek G`asprali ham o`z vaqtida tanqid qilgan bo`lsa, M. Behbudiy: «...Russkiy-tuzemniy maktablarig`a o`qig`onlar ziyoli tugul, hiyoli hisoblanmaydurlar. Ular faqat ruscha chalasavod kishilardir»,- degan edi. Turkiston jadidlarining rahnamosi keyinchalik bu maktablarning ochilishidan ko`zlangan maqsadlarni bunday izohlagan edi: «... Eski hukumat zohiran bizni madaniy qilmoq uchun «russko-tuzemniy» isminda bizning uchun maktablar ochib o`z fahmlarincha bizni dunyo va oxirotning baxti, ya`ni nosoron (xrestiyan) kelturg`on missionerlarg`a topshirdilar. Bu maktablarg`a zohiran musulmon muallimidan ta`yin etib, unga 15 so`mdan 25 so`mg`acha vazifa berardilar. Albatta, bu pulg`a hech muqtadir kishi muallimlik qilmas edi. Digar boshqa tarafdan xufiya va prikazlar ila bu maktablardagi musulmon bolalarini oz ta`lim bermoqg`a va baqadri imkon umrini zoye va o`zini hayvon qilmoqg`a farmoyish qilardilar...». Jadidlar davriy matbuotida ham rus-tuzem maktablariga nisbatan aholining qarashlarini ifoda etuvchi maqolalarni uchratish mumkin: «...Iskobelev uyezdiga tob`ye Oltiariq qishlog`ida birgina tuzemniy shko`l bor. Lekin bu maktabning o`qituv jihati butunlay tartibsiz...qarilarni qo`yaylik yoshlar ham bunga hech bir diqqat qilmaydurlar...aytur so`zlari shko`lga bola bersang yo`ldan ozadur demakdin iboratdur...». 20-yillardagi ayrim rus tarixchilari ham ushbu maktablarning asl mohiyatini ochiq bayon etgan edilar: «...Rus-tuzem maktablarining yagona maqsadi, mamlakat aholisining madaniy darajasini yuksaltirish emas, balki uni ruslashtirishdan iborat edi...». Musulmon o`quv yurtlariga qarama-qarshi qo`yilgan rus-tuzem maktablari aholini ozchilik qismi orasida biroz e`tibor qozongan bo`lishiga qaramay, bu maktablar hech qachon ommaviy bo`la olmasligini chor ma`murlari yaxshi anglab yetgan edilar. Maorifchi F. Yegorovninng ta`biricha, faqat milliy maktablargina ommaviy bo`lishi mumkin, rus-tuzem maktablari esa milliy bo`lmay, aksincha, sun`iy o`ylab topilgandir.
Shahar aholisining ahvoli ham yomonlashdi. Rossiyaning zamonaviy texnika bilan yaxshi jihozlangan korxonalarida tayyorlangan mollarning keltirilishi mahalliy xunarmandchilik mahsulotlari bozorini sindirdi. Mustaqil xunarmand, yakka ustalar olibsotarga qaram bo`lib qolishdi. Hunarmandlarning ish haqi kamayib, kuniga 10-30 tiyinga tushib qoldi, xunarmandchilik korxonalari yopila boshladi. 1871 yili Toshkentda 311 ta mustaqil ko`nchilik korxonasi bor edi, 1892 yilga kelib ulardan 66 tasi qoldi, xolos. 300 ta bo`yoqchilik korxonasidan atigi 20 tasi qoldi. Xonavayron bo`lganlar chekka, tog`lik qishloqlarga bosh olib ketishardi. Zakaspiy temir yo`li qurilgandan keyin, 1884 yildan boshlab rus korchalonlari paxtaning uzun tolali amerika navlarini joriy qila boshlashdi. 1889 yildan 1916 yilga qadar amerika paxtasi egallangan maydon (Buxoro va Xiva xonliklarisiz) 7 marta - 50 ming gektardan 343 ming gektarga ko`paydi. Paxta yetishtirishni ko`paytirishdan faqat moliya sarmoyasi emas, balki o`sib kelayotgan ip-gazlama sanoati ham manfaatdor edi. Birinchi jahon urushi arafasiga kelib, O`rta Osiyo paxtasi Rossiyaning paxtaga bo`lgan ehtiyojini 50 foiz qondira boshlagan edi. Paxta ekinidan soliq to`lashda sezilarli imtiyozlar berilgani va bu xom ashyoga talab ortib borayotgani dehqonlarning paxta maydonlarini kengaytirishdan manfaatdorligini kuchaytirdi.


Yüklə 75,13 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə