Pirimqul Qodirov Yulduzli tunlar 480. indd



Yüklə 1,78 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə2/39
tarix17.05.2023
ölçüsü1,78 Mb.
#110873
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   39
yulduzli tunlar 0

AROSAT
Birinchi qism
QUVA QIL USTIDA TURGAN TAQDIRLAR
Milodiy 1494-yilning yozi. Saraton issig‘ida Far-g‘ona vodiysin-
ing osmoniga chiqqan quyuq bulutlar kuni bo‘yi havoni dim qilib 
turdi-yu, kechki payt birdan jala quyib berdi. Qizil tuproqli tepaliklar 
orasidan o‘tib kelayotgan sersuv Quvasoy qon qo‘shib oqizilgandek 
qip-qizil bo‘lib ketdi. Soy bo‘yidagi majnuntollar panasida biryigit bi-
lan qiz shivirlashib gaplashmoqda edi.

Robiya, inon, men tirik bo‘lsam, senga balo-qazoni yo‘latmasmen!

Tangrim sizni ham panohida asrasin, Tohir og‘a!.. Yog‘iyning 
ming-ming askari bor. Qaysi biriga bas kelursiz? Ana, qochqinlarga 
qarang!..
Tohir orqasiga o‘girilib, Quvasoyning quyi tomonlariga ko‘z yu-
gurtirdi. Pastda qamishzor botqoqlik va uning ustidan o‘tgan uzun 
yog‘och ko‘prik bor edi. Ko‘prikdan chumoliday behisob odamlar, ot-
lar, mollar, aravalar tizilib o‘tib kelayotgani yomg‘ir pardasi orasidan 
elas-elas ko‘zga chalinardi.
Samarqand podshosi Qo‘qonni bosib olib, qo‘shiniga talatgan va 
Marg‘ilonga hujum qilgan edi. Bosqinchilar shaharu qishloqlarni ta-
lash bilan qanoatlanmay, ko‘hlik qizlarni cho‘rilikka olib ketishar edi. 
Buning hammasini eshitgan odamlar yovdan qochib, tinch joy izlab 
bormoqda edilar.
– Ulusning sho‘ri qursin! – dedi Tohir. – Kasofat podsholar urush-
may turolmasa.
Biridan qochsang, boshqasiga tutilsang. Undan ko‘ra qoch-
maymiz! Tavakkal. Peshonaga bitilgani bo‘lur!
Tohir yomg‘irda ho‘l bo‘lib, badaniga yopishib turgan qalami yak-
tak ustidan xanjar taqib olgan edi. Robiya xanjarga qo‘rqa-pisa ko‘z 
tashladi-da:


6

Qaydam, – dedi. – Otamlar meni qo‘rg‘onga eltib qo‘ymoqchilar.

Qaysi qo‘rg‘onga?

Andijon qo‘rg‘onida amakim borlar-ku.
Tohir Robiyaning hoziroq jo‘nab ketishidan cho‘chi ganday uning 
bilagidan oldi. Ilgarilar hurkovich ohudek tutqich bermaydigan Ro-
biya hozir allanechuk yuvosh bo‘lib qolgan edi.
Uning xina qo‘yilgan qo‘llari gulday chiroyli. Boshiga otasining 
qora jun chakmonini yopinib chiqqan ekan. Yomg‘irda ho‘l bo‘lib 
og‘irlashgan chakmon uning nozik bo‘yniga og‘irlik qildi. Robiya 
chakmonni yelkasiga tushirdi. Shunda yoqasining bitta bog‘ichi 
yechilib ketdi-yu, qizg‘ish marmarday silliq bo‘ynining pasti ko‘rindi. 
Yashil nimchasi o‘n yetti yoshlik qizlardagina bo‘ladigan tolma beli-
dan quchib, qattiq ko‘kraklarini mahkam chirmab turar edi.
Bolalikdan Robiya bilan devordarmiyon qo‘shni bo‘lib o‘sgan To-
hir uning qanchalik jozibali qiz ekanini, bosqinchi bek va navkarlar 
mana shunaqa qizlarga qanchalik o‘ch bo‘lishini go‘yo endi astoydil 
his qildi.
Bu yil bahorda ota-onalari ularni unashtirib qo‘ygan paytlarida 
ham Robiya Tohirga hozirgichalik chiroyli ko‘rinmas edi. Ramazon 
oyi o‘tgandan keyin ularning to‘ylari bo‘lishi kerak. Tohir Robiya bi-
lan hademay bir yostiqqa bosh qo‘yishlariga ishonib, bexavotir yur-
gan edi. Biroq endi urush dovuli Quvaga yaqinlashib kelayotgan shu 
xatarli damlarda Robiya unga har qachongidan ham aziz, har qachon-
gidan ham g‘animat ko‘rindi.
Tohir Robiyaning Andijon qo‘rg‘onida birorta bo‘yni yo‘g‘on 
bekning tuzog‘iga ilinib
qolishi mumkinligini o‘yladi-yu:
– Yo‘q! – dedi. – Meni desang qo‘rg‘onga borma!
Robiya Tohirning baxmalday mayin mo‘ylovi tagida xiyol titrab 
turgan labiga va iztirob bilan chaqnayotgan qo‘ng‘ir ko‘zlariga tikildi.
– Mening ham sizdan yiroqqa ketkim yo‘q... Lekin neqilay... 
Qo‘rqamen!..
Tohir qizni chakmon bilan birga quchib, bag‘riga bosdi. Robiya-
ning mayin soch tolalari yigitning yuziga tegdi, bir lahza ikkovining 
nafasi nafasiga qo‘shilib ketdi. Tohir qizning badani titrayotganini 
sezdi-yu:

Chindan qo‘rqqaningmi bu, Robiya? – dedi. – Senga ne bo‘ldi?..

Men bir vahimali tush ko‘rdim, Tohir og‘a! Ilohi tushim o‘ng kel-
masin!..


7
Endi Tohir ham xavotirlanib, qizni quchog‘idan bo‘shatdi-da, un-
ing katta-katta bo‘lib ketgan ko‘zlariga qaradi:

Yomon tushmi?

Aytishga ham tilim bormaydir.

Tushga nelar kirmas!.. Ayt!.. Mayli...

Sizni bir qora ho‘kiz xanjarday shoxlari bilan suzib... Yo‘q! Yo‘q! 
Eslasam, etim junjikib ketadir!
Tohir yomon bir falokatni oldindan sezganday yuragi uvushdi:

Shoshilmay gapir! Suzgan bo‘lsa, qon oqdimi?

Qon? Ha, ha.. Qon tirqirab ketdi.

Unday bo‘lsa qo‘rqma. Tushdagi qon – yorug‘lik. Otam doim 
shunday deydi.

Tangrim shu ta’birni rost keltirsin! Tohir og‘a, men... Agar Andi-
jonga siz bormasangiz... men ham ketmasmen. Neki bo‘lsak, shu ye-
rda... birga... Majnuntol barglari orasidan sirqib tushayotgan yomg‘ir 
tomchilari qizning payvasta qoshlariga, tig‘iz kipriklariga tekkan. 
Tohirning nazarida, Robiya yomon bir baxtsizlik bo‘lishini hozirdan 
sezib, ko‘ziga yosh olayotgandek ko‘rinardi.

Mendan ko‘p xavotirlanma, Robiya. Men bir dehqon odam-
men. Havo ochilsa, dalaga chiqib qo‘shimni haydaymen. O‘rog‘imni 
o‘ramen. Yog‘iyning menga ne ishi bor? Lekin sen... ehtiyotingni qil. 
Andijon qo‘rg‘onida amakilaring bor...

Andijonda sizning ham mulla tog‘oyingiz borlar-ku! Yo birga 
ketaylikmi? Tohir o‘ylanib qoldi. Uning Andijonda me’mor bo‘lib ish-
laydigan Fazliddin tog‘asi el orasida tanilgan mashhur odam. Quv-
asoy botqog‘ining ustidan o‘tgan mana shu uzun yog‘och ko‘prik ham 
mulla Fazliddin chizib bergan tarh bo‘yicha qurilgan. Andijon arkida 
mulla Fazliddin samoviy naqshlar va koshinlar bilan bezab qurgan 
devonxona tojdor Umarshayx mirzoga ma’qul bo‘lgandan keyin unga 
to‘bichoq ot va bir hamyon oltin in’om qilganini Tohir ham eshitgan. 
U tog‘asining shahar qo‘rg‘onidan tashqaridagi Bog‘ot mahallasida 
turishini biladi. Mulla Fazliddin Quvada turgan paytlarida Tohirga 
xat- savod o‘rgatgan edi. Endi jiyani panoh istab borsa, qanoti tagiga 
olishi mumkin. Lekin bu yerda chol-kampirlar nima derkin? Tohir – 
yolg‘iz o‘g‘il, javob bermasliklari mumkin. U Andijonga Robiya tufayli 
borishini esa ota-onasiga aytishdan uyaladi... Balki buni Robiyaning 
akasi Mahmud aytar?

Robiya, mayli, iloji bo‘lsa, Andijonga birga keturmiz. Lekin dad-
amlarni ko‘ndirish oson emas... Mahmud og‘ang eshikdami?


8

Do‘konga chiqqan edilar. Iftorgacha kelurlar. Nima edi?

Iftordan so‘ng biznikiga o‘tsin. Maslahat bor.

Xo‘p, men aytamen.
Robiya yuzini Tohirning keng ko‘kragiga bosdi:
– Tangrim bizni bir-birimizga ko‘p ko‘rmasin! – dedi-da, majnun-
tol shoxlari orasidan chiqdi.
Soy bo‘yida turgan bo‘sh mis ko‘zani yomg‘ir tomchilari chertib-
chertib qo‘yadi. Robiya ko‘zaga qarab suvga kelganini esladi va uni 
to‘ldirib, uylari tomon ko‘tarib ketdi. Qalliqlar odamlarning ko‘zidan 
yiroqda – yashiriqcha uchrashib yurar edilar. Qiz uzoqlashib ketgan-
dan keyin Tohir ham majnuntollarning panasidan chiqdi. Shunda 
Robiyaning tushiga kirgan qo‘rqinchli voqea uning esiga tushdi-da, 
noma’lum bir xatar vujudiga larza solib o‘tdi...
Bu yilgi ro‘za yoz chillasiga to‘g‘ri kelgan, jazirama kunlarda tong 
sahardan kechqurun
qorong‘i tushguncha tuz totmay och yurish ko‘p odamning sil-
lasini quritar, buning ustiga
tashnalik azobi qo‘shilardi. Ro‘zadorlar kunni qanday kech qilish-
larini bilmay, tezroq
qosh qorayishini intizorlik bilan kutishardi.
G‘ira-shira qorong‘ilikda Quva masjidining minorasidan azon to-
vushi eshitildi. Urush
tahlikasi qanchalik kuchli bo‘lmasin, dasturxon atrofiga yig‘ilgan 
odamlar ro‘zasini
ochayotgan paytda ochlik va tashnalikdan qiynalgan vujudlari ro-
hatlanib, dunyo g‘amlari
birpasga bo‘lsa ham xayollaridan uzoqlashdi.
Tohir keksa ota-onasi bilan birga iftor qilmoqda edi. Dasturxon-
dan sedanalik issiq non va
handalak hidi keladi. Non yeb, bir kosadan qatiqli osh ichganlari-
dan keyin Tohir
Andijonga ketish haqidagi gapning uchini chiqarishga chog‘landi.
Shu payt kimdir qamchi dastasi bilan darvozani taqillatdi. Hov-
lida yotgan keksa ko‘ppak
it yo‘g‘on va xirri tovush bilan vovulladi. Tohir o‘rnidan turgan 
edi, otasi:
– Ehtiyot bo‘l! – dedi ovozini pasaytirib. – Avval kimligini so‘rab bil.
Tashqarida yomg‘ir tingan, lekin osmon bulutli, qorong‘ilikda 
hech narsani ko‘rib bo‘lmas edi. Tohir darvozaxonaga yaqin borib:


9

Kim? – deb so‘radi. Ko‘ppak qattiqroq hura boshladi. Tashqarid-
agi odam ovozini balandlatib:

Tohir, jiyan? – deb so‘radi. – Och, men tog‘o-yingmen! Tohir 
tashqaridagi ovozni tanib, ochiq darcha orqali ichkariga:

Aya, Fazliddin tog‘oyim! – dedi-yu, chopib borib darvozaning 
zanjirini tushirdi. Ichkaridan chiqqan chol-kampirlar mehmon bilan 
ko‘rishayotganda Tohir qorayib turgan ikki g‘ildirakli soyabon ara-
vani ko‘rdi. Aravaga qo‘shilgan otning egari ustidan kimdir paypa-
slanib tushmoqda edi.

Mulla tog‘a, arava sizdanmi?

Ha, jiyanim. Ko‘ch-ko‘ronim bilan keldim.

Shunaqami? – dedi Tohir hayron bo‘lib. Uning ko‘nglida boya 
tog‘asini ko‘rganda yongan quvonch endi tashvishli o‘ylar bilan al-
mashindi. Tohirning Andijondagi panohi – mana shu tog‘asi edi. 
Tog‘asi ko‘chib kelgan bo‘lsa, Tohirning qo‘rg‘onga boradigan yo‘li 
bekilgani shu. Robiya nima bo‘ladi?

Tohir, nega ag‘rayib turibsan? Yuklarni tushirishgin! – dedi 
onasi. – Mullo tog‘oying yomg‘irda ko‘p azob tortganga o‘xshaydir.

E, azob ham gapmi, opa! Arava loylarga tiqilaverib jonimizdan 
to‘ydirdi. Yo‘llar tirband. Qochoqlar behisob.
Tohir aravadan yuk tushirayotib, otning sag‘risiga qo‘li tegib 
ketdi. Shunda qo‘liga shilimshiq loy ilashganini sezdi. Loy otning 
sag‘risigacha chiqqan bo‘lsa, bu bechoralar kela-kelguncha qanchalik 
qiynalganikin? Hamma yovdan qochib Andijonga qarab ketayotgan-
da, bu-lar nega Quvaga ko‘chib kelganikin? Tohir qanor qopga solin-
gan yukni aravadan tushirmoqchi bo‘lganda tog‘asi:
– Hushyor bo‘l, juda og‘ir, ikkovlashib ko‘taringlar,– dedi ara-
vakashga.
Tohir qopning ichida uncha katta bo‘lmagan po‘lat sandiq bor-
ligini sezdi. Mulla Fazliddin o‘tda kuymaydigan, suv kirmaydigan bu 
sandiqni Quvaning temirchi ustalariga buyurtma berib yasattirgan 
edi. Uning ichida tarhlar, loyihalar, suratlar saqlanardi. Mulla Fa-
zliddin uch yil Samarqandda, to‘rt yil Hirotda tahsil ko‘rgan, o‘sha 
yoqdan me’morlik san’ati bilan birga musavvirlik*ni ham o‘rganib 
kelgan edi. Hirotda jangnomalar ichiga suratlar chizish odat tusiga 
kirgan, mavlono Behzod chizgan Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro 
tasvirlari rasmiy doiralarda shuhrat topgan, lekin Samarqandda, 
xususan, Farg‘ona vodiysida odam shaklini chizish hali ham qur’on 
nomidan qattiq taqiqlanib kelmoqda edi. Shuning uchun mulla 


10
Fazliddin o‘zi chizgan suratlarini mana shu po‘lat sandiqda doim 
maxfiy saqlar edi.
Tohir qopdagi po‘lat sandiqni aravakash bilan ko‘tarishib uyga 
olib kirishdi. Mulla Fazliddin ho‘l bo‘lib og‘irlashgan piyozi chakmo-
ni va etigini dahlizda yechib qoldirdi. Oyog‘iga charm kavush kiyib, 
obrez chetida bet-qo‘lini yuvdi. So‘ng boya Tohirlar o‘tirgan dasturx-
onlik uyga kirdi.
Uning chakmonidan o‘tgan yomg‘ir kalta yenglik abosini nam qil-
gan edi. Lekin yoz oqshomi iliq bo‘lganligi uchun kiyim almashtirish 
esiga kelmadi. Yo‘lda qattiq toliqqanligi uchun durust ovqat ham ye-
madi. Faqat bir-ikki tilim handalak yediyu uch-to‘rt piyola choy ichdi. 
Aravakash yigit ikki kosa to‘la qatiqli osh ichgandan keyin otlariga 
qarash uchun hovliga chiqib ketdi.

Obbo! Mulla Fazliddin-ey! – dedi Tohirning otasi uzun oq so-
qolini o‘ychan ezg‘ilab. – Zap kelibsizda. Shu notinch kunlarda birga 
bo‘lganimizga ne yetsin!

Hamma yog‘iydan qochganda biz ajdahoning komiga yaqin ke-
lib qolganimiz g‘alati bo‘ldi, – deb mulla Fazliddin jiyaniga ma’yus 
ko‘zlari bilan qaradi.

Biron sabab bilan kelgandirsiz-da, mulla tog‘a?– so‘radi Tohir.

Sabab shukim, jiyan, urush boshlansa, qurilish to‘xtaydi, 
me’morning keragi bo‘lmay qoladir...

Ie, axir, sizni podshoning o‘zi xizmatiga olgan emasmidi?

Podsho Axsi qo‘rg‘onida mudofaa bilan ovora. Toshkent xoni 
Mahmudxon ham Xo‘jand tomondan bizga qarshi qo‘shin tortib kel-
moqda emish. Qashqar hokimi Abubakir dug‘lat degan yana bir bos-
qinchi sharqdan O‘zganning ustiga bostirib kelmishdir.
Tohirning keksa otasi qo‘rqib, yoqasini ushladi:

Yo tavba! Bu yoqda Samarqand qo‘shini... Uch tomonimizdan 
yog‘iy bostirib kelibdimi, a? Bu ne ko‘rgulik, mulla Fazliddin? Axir bu 
podsholar sal murosa qilsalar bo‘lmaydimi, a? Hammasi bir-biriga 
qarindosh emish-ku.Shu rostmi?

Ha, rost. Toshkent xoniga bizning podshomiz kuyov bo‘ladir. 
Qo‘qonni talab, bizning ustimizga qo‘shin tortib kelayotgan Samar-
qand podshosi Sulton Ahmad mirzo esa bizning podshomiz bilan bir 
otadan bo‘lgan og‘a-inidirlar. Yana bu ikki podsho bir-birlariga quda 
bo‘lmoqchi edilar. Samarqand podshosining qizi bizning valiahdimiz 
Bobur mirzoga besh yasharligidan unashtirib qo‘yilgan edi. Shundan bil-
ingki, og‘a iniga, qaynota kuyovga qarshi qilich ko‘tarib chiqmishdirlar!


11

Yo poka parvardigor! Oxirzamon degani shumikin, mulla Fa-
zliddin?

Bilmadim, pochcha. Har qalay, yomon tojdorlarning zamonasi 
oxirlab qolayotganga o‘xshaydir. Koshki, o‘zlari bilan o‘zlari olishib, 
bizni tinch qo‘ysalar! Urushning butun jabru jafosi el-ulusning bosh-
iga tushadir.

Sho‘rimiz bor ekan-da!

Ha, tole bo‘lmasa qiyin ekan! Men ne-ne orzular bilan ilm-hunar 
o‘rganib kelgan edim! Vatanimiz bo‘lmish Farg‘ona vodiysida Samar-
qanddagidek, Hirotdagidek madrasalaru ko‘rkam obidalar qurmo-
qchi edim. Bu saltanatu podsholardan ne qolur? Hammasi nom-nis-
honsiz ketgay! Bizdan yodgorlik bo‘lib qolsa Ulug‘bek madrasasidek, 
Navoiy Unsiyasidek san’at asarlari qolur!
Mulla Fazliddin og‘zidan chiqib ketgan so‘nggi gaplardan xavotir-
lanib, eshik tomonga qarab qo‘ydi. Uning saroy ahliga yaqin yurib, 
ayg‘oqchilardan yurak oldirib qo‘yganini Tohir ham sezdi.
– Mulla tog‘a, so‘zlayvering, bu yerda hamma o‘z-o‘zimiz... Andi-
jon qo‘rg‘onidan nechun sizga joy bermadilar?
Mulla Fazliddin so‘nggi kunlarda boshdan kechirgan mudhish 
hodisalarni eslab, bir lahza og‘ir sukutga ketdi...
O‘tgan kuni xufton paytida mulla Fazliddin o‘zlaridan besh-olti 
uy narida turadigan bir xattot oshnasinikida iftor qilib o‘tirganda 
qandaydir noma’lum kishilar uning uyiga bostirib kiradi. Hovli-
dagi it vovullab qo‘ymaganda uni qilich bilan chopib tashlaydilar. 
Bugun bu yerga aravani minib kelgan xizmatkor yigitning og‘ziga 
latta tiqib, qo‘l-oyog‘ini bog‘laydilaru qaznoqqa tashlaydilar. So‘ng 
uyga kirib, tintuv o‘tkazadilar va po‘lat sandiqni ko‘radilar. Lekin 
uni ochishning ilojini topolmay, qulfini bolta bilan urib sindirishga 
kirishadilar.
Qilich bilan chopilgan it qattiq vangillaganda devordarmiyon 
qo‘shnilar bir falokat bo‘lganini sezadilar. Ulardan biri chiqib mulla 
Fazliddindan xabar olmoqchi bo‘lsa, darvoza qarshisidagi daraxt pa-
nasida bir odam to‘rtta otning jilovidan ushlab turibdi. Uning yuzi 
qora niqob bilan bekitib olingan, faqat ko‘zlari ko‘rinadi. Ichkaridan 
esa
po‘lat sandiq qulfiga urilayotgan bolta tovush eshitiladi...
Mulla Fazliddinga qadrdon bo‘lgan qo‘shni uning uyiga yomon 
odamlar tushganini
sezadi-yu, darhol xattotnikiga chopadi. Undan voqeani eshitgan 
mulla Fazliddin uyiga yugurib keldi.


12
Po‘lat sandiqning qulfini sindirib ochib, undagi qog‘ozlarni 
titkilayotgan bosqinchilar uy egasini ko‘rib, darchadan ayvonga 
sakrashdi.
– To‘xta, nobakor! – deb mulla Fazliddin bittasining qarshisidan 
chiqqan edi, yuziga qora niqob tutgan ayiqday zo‘r yigit uni yelkasi 
bilan urib chetlatdi-da, ko‘chaga otildi. Boshqalari ham ko‘chadagi 
otlariga minib, bir lahzada g‘oyib bo‘lishdi.
Mulla Fazliddin ularni quvlab yetolmasligini sezdida, to‘s-
to‘polon bo‘lgan uyga qarab intildi va ochiq yotgan po‘lat sandiqn-
ing tepasiga keldi. Tokchada qo‘shaloq sham yonib turibdi. Uning 
yorug‘ida aralash-quralash bo‘lib ketgan, ba’zi joylari yirtilgan loyi-
halarva chizmalar ko‘zga tashlandi. Sandiq ichida podshoh in’om 
qilgan oltinning bir qismi hamyoni bilan turgan edi. Shu yo‘q. Lekin 
hozir mulla Fazliddinning ko‘ziga oltin ham ko‘rinmas edi. Uning 
butun xayoli sandiq tubidagi maxfiy tagqutini bekitib turgan silliq 
mis parchasida edi. Uni chapga sekin surgan edi, tagqutining kalit 
solinadigan joyi ochildi. Mulla Fazliddin atrofiga alangladi – uyda 
boshqa odam yo‘q, qo‘shnisi qaznoqdagi xizmatkorning oyoq-
qo‘lini yechish bilan ovora edi. Mulla Fazliddin qo‘ynidan kichkina 
kalit olib, tagqutining qulfiga soldi. Qulf ochilgandan keyin tagquti
-
ning mis qopqog‘ini sekin ko‘tardi-yu, yupqa jild ichidagi suratlarni 
ochib ko‘rdi... Keksa bog‘bonning daraxt payvand qilayotgan payti... 
Chilmahram tog‘laridagi ovtasviri... Eng pastda chang chalayotgan 
go‘zal bir qizning surati...
Bu – Umarshayx mirzoning qizi. Andijon chorbog‘ida podshoh 
oilasi uchun tillakori ko‘shk qurgan paytlarida o‘n sakkiz yoshlik 
Xonzoda begim uning musavvir ham ekanligini bilib qolib, o‘zining 
suratini chizdirgan. Mulla Fazliddin bu ishni yashiriqcha qilgan. Agar 
shariat peshvolari uning odam suratini chizganini bilib qolishsa, sog‘ 
qo‘yishmaydi. Yana tag‘in go‘zal malika bilan yashiriqcha til biriktirib 
surat chizgani qizning podshoh otasiga ma’lum bo‘lsa bormi, mulla 
Fazliddinni tilka-pora qilib tashlashlari hech gap emas.
Shu sababli hozir uni eng qattiq qo‘rqitgan narsa– bu suratning 
bosqinchilar qo‘liga tushib qolish ehtimoli edi. Xayriyatki, ular sandiq 
tagida maxfiy tagquti borligini sezishmabdi. Lekin sandiqni otlariga 
o‘ngarib ketishsa nima bo‘lardi? Unda tagqutidagi suratlarni ham al-
batta topib olishardi!..
Xizmatkor yigit sal o‘ziga kelgandan so‘ng, mulla Fazliddin un-
dan va qo‘shnisidan voqeaning tafsilotlarini so‘rab bildi, o‘zining 


13
ko‘rganlariga buni taqqoslab, shunday xulosaga keldiki, uning uyi-
ga tushganlar – oddiy o‘g‘rilar emas, balki qaysi bir zo‘ravon bekn-
ing yigitlari. Ular uyni tintib nimani qidirishgan? Tarhlarni tashlab 
ketishibdi. Demak, suratlarni izlashgan... Mulla Fazliddinning surat 
chizishini biladigan odam... unda qasdi bor bekyuborgan bo‘lishi ker-
ak bu yigitlarni!..
Iztirobli o‘ylar tuni bilan mulla Fazliddin ko‘ziga uyqu qo‘ndirmadi. 
Urushning alg‘ov-dalg‘ovida tobora bo‘yni yo‘g‘on bo‘lib ketayotgan 
bebosh beklar esiga tushgani sari ko‘ngli bezovta bo‘lardi.
Andijonlik beklardan Hasan Yoqub degani shu yili bahorda mul-
la Fazliddinni chorbog‘iga chaqirtirib, katta bir ish topshirmoqchi 
bo‘ldi.
– Mirzo hammomidan ham ulkanroq bir hammom qurdirmo-
qchimen... Yozda salqinlaydigan marmar xo-nalari bo‘lsin... – Yo-
qubbek ovozini pasaytirib davom etdi. – Chiroylik asira qizlar sotib 
olg‘aymen. Oltinim yetarli. O‘sha qizlar hammomning marmar ho-
vuzida cho‘milganda men o‘ltirib tomosha qiladigan maxfiy tuy
-
nuklari ham bo‘lmog‘i lozim. Uqdingizmi? – deb Yoqubbek xaxolab 
kuldi-da, gapning xulosasini ayt-di.– Ana
shu hammomning tarhini 
o‘zingiz chizing. Qurilishiga ham siz sarkor bo‘ling. Qancha haq tila-
sangiz beray. Xo‘pmi?
Me’morlikni muqaddas bir san’at deb ishongan mulla Fazliddin 
Yoqubbekning shahvoniy niyatlarini eshitib nafrati keldi:

Janob bek, uzr, men harom ishdan qo‘rqamen!..

Nimasi harom?.. Men hammomni o‘z aqchamga qurdirgaymen!

Hammomga maxfiy tuynuklar qo‘yib quradigan sarkorlar 
boshqa... Siz o‘shalarga murojaat qiling. Menga Mirzo hazratlari poki-
za bir dargoh qurdirmoqchilar. Shu kunlarda madrasa tarhini chizish 
bilan bandmen. Ruxsat eting, men boray...
O‘rinlaridan turganda Yoqubbek mulla Fazliddinga o‘qrayib ko‘z 
tikdi:

Lekin men aytgan gap shu yerda qolsin, janob me’mor. Aks hol-
da...

Albatta, bu gap shu yerda qolur! Lekin siz ham mendan ozurda 
bo‘lmang. Ora ochiq! Ma’qulmi, janob bek?

Ma’qul!
Mulla Fazliddin shu bilan bu bo‘yni yo‘g‘on bekdan qutuldim, deb 
o‘ylagan edi. Lekin bundan o‘n besh kuncha burun Ahmad Tanbal de-
gan bir badavlat bek mulla Fazliddinni so‘roqlab, kechki payt uning 


14
uyiga keldi. Ikkovlari xoli qolganda Ahmad Tanbal cho‘ntagidan bir 
hamyon oltin oldi-da, mulla Fazliddinga uzatdi:

Taqsir, mana shu oltinni olingu bitta surat chizib bering.

Qanaqa surat?
Yoshi yigirma beshlardan oshgan bo‘lsa ham, yuziga hali durust 
soqol chiqmagan, ko‘sanamo Ahmad Tanbal og‘zini me’morning 
qulog‘iga yaqinlashtirib shivirladi:

Malikamizning surati kerak menga!

Qaysi malikamiz? – sergaklanib so‘radi mulla Fazliddin.

Chorbog‘da tillakori ko‘shk qurganingi da ko‘rgansiz... Xonzoda 
begim... O‘zi ham sizning san’atingizga ixlosmand emish-ku...
Mulla Fazliddinning yuragi taka-puka bo‘lib ketdi. Nahotki bu bek 
po‘lat sandiqdagi suratdan xabardor bo‘lsa!

Kim sizga shunday dedi?.. Men me’mormen... Men faqat imorat-
larning suratini chizamen...

Mendan yashirmang, janob me’mor! Men shariat peshvosi 
emasmen. Surat chizishni bizda man qilganlariga men ham qarshi-
men! Hirotda Shohruh mirzo Boysunqur mirzo uchun qurdirgan sa-
royning devorlari go‘zal qizlar surati bilan bezalgan ekan. To‘g‘rimi?

To‘g‘ri-yu, lekin... Har joyning o‘z toshu tarozisi bor. Agar Xon-
zoda begimning surati haqida siz aytgan gapni podshoh hazratlari 
bilib qolsalar, nima bo‘lishini o‘ylaysizmi?

Bilmagay! – deb shivirladi Ahmad Tanbal. – Ikkovimizdan 
boshqa hech kim ogoh bo‘lolmagay! Xo‘p deng! Mang, oltinni oling!

Shoshmang, bek. Meni surat chizadi, deb sizga kim aytdi?..

Eshitdik-da!

Kimdan?.. Hasan Yoqubbekdanmi?..

Hasan Yoqubbek bir bog‘bondan eshitgan ekan...
«Demak. Ahmad Tanbalning bu yerga kelganidan Hasan Yoqub-
bek xabardor! – o‘yladi mulla Fazliddin.– Bular birgalashib meni 
qo‘lga tushurmoqchi bo‘lsa kerak. Sendek qurbaqataxlit bek uchun 
Xonzoda begimning suratini chizib berib men ahmoq emasmen!».

Janob Ahmadbek, kamina bog‘larning suratini chizganda bir 
chetiga bog‘bonni ham tasvirlashim mumkin. Me’morlik san’ati buni 
inkor etmaydi. Ammo malikaning suratini chizish uchun menda na 
san’at bor, na haq va na jur’at!

Xullas, mening so‘zimni yerda qoldirmoqchimisiz?

Boshqa ilojim yo‘q. Meni ma’zur tuting, janob bek. Bunday taklif 
bilan kelish siz uchun ham xatardan xoli emas!


15

E, men buzdillardan emasmen! – deb Ahmad Tanbal qahr bilan 
o‘rnidan turdi va yirik tishlarini irjaytirib qo‘shib qo‘ydi: – Lekin siz 
mening shaxtimni qaytarganingiz uchun hali pushaymon bo‘lursiz!
Bu tahdid mana endi to‘rtta bosqinchining qiyofasiga kirib, 
qorong‘ida uning uyiga bostirib kelgan bo‘lsa ajab emas. Qurolsiz, 
navkarsiz mulla Fazliddin Ahmad Tanbalday yuz-ikki yuztadan qurol-
li yigitlari bor beklarga qanday bas keladi? Lekin «bo‘lari bo‘ldi», deb 
indamay yuraversa, bu quturgan bek ertaga beshbattar yomonliklar 
qilishi mumkin emasmi?
Mulla Fazliddin ertalab podshoh in’om qilgan to‘bichoq otni min-
di-da, shahar dorug‘asi* qabul qiladigan mahkamaga yo‘l oldi. Uzun 
Hasan ismli ingichka, novcha dorug‘a askarlikka odam olish va sha-
harni yaqinlashib kelayotgan dushmandan himoya qilish tashvishi 
bilan band ekan. Mulla Fazliddinning arzini qayoqqadir ketmoqchi 
bo‘lib shoshilib turgan paytda tingladi-da:
– Tarhlaringizga tegmay, hamyoningizni olib ketgan bo‘lsa, bu 
– to‘qaydan chiqqan o‘g‘rilarning ishi, – dedi. – Yog‘iy tashvishidan 
qutulsak, to‘qaylarni o‘g‘rilardan tozalagaymiz... Hozir ahvolni ko‘rib 
turibsiz!..
Qo‘l qovushtirib tikka turgan mulla Fazliddin dorug‘aga yaqinroq 
keldi:

Mening boshqa gumonim bor, janob dorug‘a, – dedi. So‘ng Ah-
mad Tanbalning surat chizdirmoqchi bo‘lganini, rad javobi olganda 
esa achchiqlanib ketganini aytib berdi.

Kimning surati? – deb dorug‘a qiziqib qoldi.
Mulla Fazliddin Xonzoda begimning nomini tilga olishga qo‘rqdi.

Parilar suratimidi? Yaxshi tushunmadim.

Sandig‘ingizda parilar surati bormidi? Bosqinchilar shuni olib 
ketibdirmi?

Surat o‘zi bo‘lmasa neni olib ketsin! Men hazrati oliylari buyur-
gan madrasa tarhini chizish bilan bandmen. Suratkashlikka vaqtim 
yo‘q. Sandiqda xomaki loyihalarim bor edi, xolos.

Ular joyida qolganmi, axir? Undoq bo‘lsa Ahmadbekdan nechun 
gumonsiramoqdasiz?

Sababini aytdim, janob dorug‘a! Taftish o‘tkazishingizni 
so‘raymen!

Ahmadbek – sultonlar avlodidan ekanini unutgan bo‘lsangiz, 
men eslatib qo‘yay. Hazrati oliylarining katta xotinlari Fotima begim 
Ahmadbekka qarindosh bo‘lurlar. Fotima begimning chaqirig‘i bilan 


16
Sulton Ahmadbek bugun azonda poytaxtimiz Axsiga ketdilar. «Agar 
o‘sha bek sandiqdagi suratlarni qo‘lga tushirsa, Axsiga eltib, podshoh 
oilasiga ko‘rsatmoqchi bo‘lganmi?– degan o‘y mulla Fazliddinning 
ichini muzlatib o‘tdi. – Bular mening qonimga shunchalik tashnami? 
Balki Ahmad Tanbal Xonzoda begimni ham shu surat orqali qo‘lga 
tushirmoqchidir? Hali uylanmagan bu bek podshoga kuyovva Xon-
zoda begimdek go‘zal qizga er bo‘lishni jon-dili bilan istasa kerak!»
O‘rgimchak to‘riga o‘xshash yopishqoq bir balo atrofini o‘rab ke
-
layotganini sezgan mulla Fazliddin jon-jahdi bilan bu to‘rni yirtib chi-
qib ketishga urindi:

Janob dorug‘a, men sizdan adolat istab keldim! Podshoh hazrat-
lari meni sizning himoyangizga topshirgan edilar! Agar bosqinchilar-
ni topib jazo bermasangiz, men podshoh hazratlarining huzurlariga 
panoh istab ketishga majbur bo‘lurmen!

Ammo shuni bilingki, janob me’mor, hazrati oliyning huzuriga 
sizdan ham oldin ba’zi bir gaplaringiz yetib borishi mumkin!

Ya’ni, qaysi gaplarim, janob dorug‘a?

Ba’zi me’morlar o‘zlarini podshohlardan ham baland 
qo‘yarmishlar. «Bu taxtu saltanatlar benomu nishon yo‘qolur, faqat 
me’moru musavvirlar yaratgan zo‘r san’at asarlari tirik qolur», degan 
gustoxona aqidalar bizga ma’lum!

Mulla Fazliddin bugun Quvada pochchasining uyida bexos-
dan aytib yuborgan bu e’tiqodini boshqa ishongan odamlariga ham 
aytgan paytlari bo‘lgan edi. Ana shu ishonganlaridan allaqaysisi 
ayg‘oqchilik qilib, bu gapni dorug‘aga yetkazganini, endi dorug‘a buni 
podshohga dasturxon qilib olib borishi mumkiligini sezdi-yu, bada-
nidan sovuq ter chiqib ketdi. Lekin dorug‘aga sir boy berish qancha-
lik xatarli ekanini payqab:
– Bu hammasi ig‘vo! – deb xitob qildi: – Janob dorug‘a, sizning ust-
ingizdan ig‘vo qiluvchilar ham oz emas! Buni bilursiz! Men Andijonda 
neki bino qilgan bo‘lsam, hammasiga Mirzo hazratlarining nomlarini 
bitmoqdamen! Arkdagi devonxonani ko‘ring! Chorbog‘dagi ko‘shkni 
ko‘ring! Men ularning biror joyiga o‘z nomimni yozibmenmi? Qani, 
ig‘vogarlar dalil keltursinlar! Men hammasiga Mirzo hazratlarining 
muborak nomlarini bitganmen! Demak, tarixda mening nomim emas, 
Mirzo hazratlarining nomi qolsin, deganmen! Shundoqmi, yo‘qmi? 
Qani ayting!
Dorug‘a bu mantiqli dalillarni rad etolmasdan:

Shundoqlikka shundoq, ammo...


17

Ammosi yo‘q, janob dorug‘a! Siz meni bosqinchilardan himoya 
qilish o‘rniga, ayg‘oqchilarning tuhmatiga ishonadirgan bo‘lsangiz, 
men alhol Axsiga borib, Mirzo hazratlariga arz qilurmen!..
Uzun Hasan bu do‘qni pisand qilmay:

Mayli, boring, arz qiling! – dedi. – Lekin shuni bilingki, atro-
fimizni yog‘iy bosgan bu xatarli damlarda podshohga me’mordan 
ko‘ra navkar zarurroq! Ahmadbekdek, mendek jangovar beklar 
uchun podshoh hozir sizdeklardan qanchasining bahridan o‘tur!

Axsiga borganda ko‘rurmiz, – deb mulla Fazliddin mahkama-
dan shaxt bilan tashqariga chiqdi. Uning vajohati hoziroq Axsiga, 
podshoh huzuriga arzga boradiganga o‘xshardi.
Lekin u otlanib uyiga qaytayotganda sal hovuridan tushdi-yu, 
Uzun Hasan aytgan so‘nggi gaplarda achchiq bir haqiqat borligini 
sezdi. Yov qurshovida qolayotgan Umarshayx mirzo bitta me’morni 
deb yuz, ikki yuzdan navkari bor zo‘ravon beklarga qarshi borma-
sligi aniq. Ahmad Tanbal bugun Axsida – shoh saroyida. Agar u mulla 
Fazliddinning malika suratini chizgani haqida gap tarqatsa... Lekin 
Ahmad Tanbal buni qanday payqaganikin? Mulla Fazliddin Xonzoda 
begimning suratini chizish uchun u bilan tillakori ko‘shkda pinhon 
uchrashganda buni zimdan ko‘rib qolgan kanizlar yoki savdarlar* 
bo‘lsa, Ahmad Tanbal shuning bir chetini eshitib, haligi hamyonni 
ko‘tarib kelganmikin? Bosqinchi yigitlarini ishga solib ham maqsa-
diga yetolmagan bu yovuz bek endi shoh saroyiga borib peshgirlik 
qilishi mumkin. Agar u o‘zi eshitgan mish-mishni haramdagi ayol-
lar orqali podshohning qulog‘iga yetkazsa... Umarshayx mirzo bo‘y 
yetgan qizining qayoqdagi bir me’mor bilan yashi-riqcha uchrashib, 
surat chizdirganini o‘z sha’niga katta isnod deb bilishi aniq. Shoh 
iskovuchlari ishga tushirilsa, mulla Fazliddin yashirib yurgan suratni 
topib olib, Ahmad Tanbalning gapiga dalil qilish qo‘llaridan keladi. 
Ana undan so‘ng shoh qiziga isnod keltirgan musavvirni ming qiyno-
qlarga solib o‘ldirishlari turgan gap!
Mulla Fazliddin Xonzoda begimning suratini chizish bilan 
nechog‘liq xatarli ishga qo‘l urganini endi astoydil his qildi. Agar 
surat qo‘lga tushsa, u qiz ham malomatga qoladi. Dunyo busiz ham 
tashvish-tahlikaga to‘la!.. Mulla Fazliddin tagqutidagi malika suratini 
titroq qo‘llar bilan jilddan oldi. Ig‘vogar ablahlarga dalil qoldirmaslik 
uchun buni yo‘q qilishi kerak! Mulla Fazliddin o‘choqda yonayotgan 
olovga yaqin bordi. Rangli bo‘yoqlar bilan ishlangan mo

’jazgina su-
ratdagi go‘zal qiz shu payt unga tirik bir odam bo‘lib ko‘rindi. Alanga 


18
yolqinida qizning kipriklari, lablari bilinar-bilinmas nafis harakat
-
lar qilayotganga o‘xshab ketdi. Qizning aqlni shoshiradigan jozibasi 
bor edi. Bu joziba mulla Fazliddinni har galgiday yana sehrlab oldi, 
boyagi tahlika xayolidan
uzoqlashib, qalbida iliq tuyg‘ular uyg‘ondi. 
«Nahotki men bu qizga oshiq bo‘lsam? – hayrat ichida o‘ylandi mulla 
Fazliddin. – Qora xalq orasidan chiqqan menday bir suratkashning 
shoh qiziga muhabbat qo‘yishi kulgili emasmi? Yo‘q! Men faqat o‘zim 
chizgan suratga– o‘z ijodimga mehr qo‘yganmen, xolos! Boshim omon 
bo‘lsa, bunday suratni yana chizgaymen!»
Shu o‘y bilan suratni o‘tga tashlamoqchi bo‘lib egildi. Qiz tasviri olov-
ga yaqinlashganda yuzi qizarib bo‘g‘riqqandek, ko‘zlari esa chaqnab 
ketgandek ko‘rindi. Mulla Fazliddin tirik odamni o‘ldirayotgandek, 
seviklisini o‘tga tashlayotgandek seskanib orqaga chekindi. Ichki 
bir ovoz uni «Qo‘rqoqsen!» degandek jerkidi. «Dushmanlaring ust-
ingga bostirib kelayotgani yo‘q-ku! Ahmad Tanbal ham Axsida. Bilib 
qo‘y, sen bunday go‘zal suratni ikkinchi marta chiza olmassen! Tas-
virga bunchalik tirik joziba baxsh eta olganing– takrorlanmas bir il-
homning natijasi. Botir bo‘lsang, qutqarib qolursen!» Mulla Fazlid-
din suratni tagqutiga qaytarib soldi-yu, xizmatkor yigitni chaqirdi.
– Ko‘chlarni yig‘ishtir! Aravani qo‘sh! Quvaga jo‘nagaymiz!.. Tez!.. 
Tezroq!..
Mana hozir opasining uyida o‘tirib, yuz bergan voqeani pochchasi 
bilan jiyaniga so‘zlab berar ekan, po‘lat sandiqda Xonzoda begimning 
surati borligini ularga ham aytmadi. Bu sirni u hech kimga bildirmo-
qchi emas edi...

Vo darig

! – deb Tohirning otasi og‘ir ux tortdi:– Bizning suy-
angan tog‘imiz siz edingiz, mulla Fazliddin!.. Endi siz ham quvg‘inga 
uchragan bo‘lsangiz.

Nachora? Hammamizning ham taqdirimiz qil ustida turibdi!

Podshohga arzga borsangiz, dodingizga yetmasmikin, mulla 
tog‘a?

Bu to‘polonlar bosilsa, bir marta borib arz qilishim aniq. Agar 
dodimga yetsa yetdi, yetmasa, yana Hirotga qaytib keturmen! Alish-
er Navoiy Shifoiya degan bino qurdirmoqchi, deb eshitgan edim. 
Olamda biz uchun yongan yagona umid chirog‘i o‘sha siymo bo‘lib 
qoldi.

Hirot orzusini qilmang, mulla Fazliddin, Far-g‘onada ham hu-
naringizning qadriga yetadigan odamlar bor. Quvaning ko‘prigi sizn-
ing rejangiz bilan qurilgan edi. Xalq haligacha sizni duo qilib yuribdir.


19

Xalq! Qani endi bu ko‘prikdan faqat xalq o‘tsa! Erta-indin 
bu ko‘prikdan yog‘iy qo‘shinlari o‘tib kelur! Xalqning boshiga 
yog‘iladigan balolarni o‘ylasam, bugungi jalalar selga aylanib, o‘sha 
ko‘prikni oqizib ketmaganiga afsus qilamen! Agar yog‘iy, bu tomonga 
o‘tolmasin deb, o‘sha ko‘prikni hozir yondirib yuborsalar, men jon 
deb rozi bo‘lur edim!
«Chindan ham, – o‘yladi Tohir o‘zicha, – yog‘och ko‘prik. Yog‘ sep
-
sa yonur. Yog‘iy faqat shu ko‘prikdan o‘tishi mumkin. Kechuv ham 
yo‘q. Hammayoq botqoqlik, qamishzor. Agar ko‘prik yondirilsa yog‘iy 
o‘tolmagay!» Tohir kutilmagan joydan najot yo‘lini topganday bo‘ldi. 
Tasavvurida gavdalangan yong‘in alangasidan go‘yo uning badani 
qizib ketganday tuyuldi. Robiyani balo-qazodan asraydigan eng zo‘r 
qalqon ana o‘sha olov bo‘lishi mumkin! Tohir qaltis istakdan ko‘zlari 
yonib otasiga qaradi. «Aytsammikin? Yo‘q! Rozilik bermas. Yolg‘iz 
o‘g‘ilmen. Tog‘am... nozik odam, aralashmagani ma’qul. Tavakkalchi 
yigitlardan topishim kerak!».
Tohir sekin o‘rnidan turib, hovliga chiqdi.
Osmonni to‘ldirgan bulutlarning yirtig‘idan birda-yarim yuldu-
zlar ko‘rinib qoladi. Uylar chiroqsiz. Ko‘chalar sukutda. Ahyon-ahy-
onda kuchuklar hurgani eshitiladi.
Iftorni qilib chiqqan Mahmud Tohirga darvoza oldida uchradi. 
Robiyaning akasi bo‘lgan bu kosib yigit Andijon qo‘rg‘oniga ketish-
dan gap ochgan edi:

E, bu niyatlar hammasi puchga chiqdi! – deb Tohir unga tog‘asi-
dan eshitganlarini aytib berdi. Mahmudni ham birdan g‘am bosib:

Endi qaydan najot izlaymiz, e xudo! – dedi.

O‘zing uchun o‘l yetim, degan gap bor, Mahmud... Yur, darvo-
zaxonaga kiraylik. Bir sir aytamen. Og‘zing-dan chiqarma! Ko‘prikni 
yondiramiz!..

Qanday qilib? – hayrat bilan so‘radi Mahmud. Tohir unga 
o‘zining rejasini shivirlab tushuntirdi.

Yog‘ sepsak, yog‘och tez yongay. Bildingmi?

Jinni bo‘libsen! Ko‘prikda soqchilar bor-ku.

O‘zimizning beklar qo‘ygan soqchilarmi? Hali yog‘iy yaqin kelsa 
hammasi qo‘rg‘onga qochgay. O‘shanda biz...

Yo‘q, shoshma! Axsidan bizning podshomiz qo‘shin tortib ke-
layotgan emish. Bu ko‘prik hali o‘zimizga kerak!..

Podshoying qo‘rg‘onidan chiqsa shu kungacha chiqar edi! Ana, 
Marg‘ilon ham boy berilibdi! Podshodan darak yo‘q!..


20

Bilmasam, kadxudo* guzarda ishontirib aytdi. «Podsho hazrat-
lari yo‘lda, erta-indin himoyamizga yetib kelishlari aniq!» – dedi.

Chindan yo‘lga chiqibdimi-a?

Ha, o‘z qulog‘im bilan eshitdim! Bultur podshomiz yog‘iy bi-
lan Xo‘janddan nari Xovosga borib urushgan ekan-ku. Quva Axsiga 
Xovosdan yovuqroq* emasmi?

Yovuqlikka yovuq-ku!.. Zora sen aytganing rost chiqsa-ya, Mah
-
mud?

Ha, axir, ko‘prikka soqchilarni bekorga qo‘ygan larmi?.. Pod-
shomiz erta-indin kelib jonimizga oro kirgay... Mana, ko‘rursen!..
Shu topda Tohirning ko‘nglida ham umid uchqunlaganday bo‘ldi. 
U qorong‘i osmonning uzoq bir chetida– Sirdaryodan narida joylash-
gan Axsi tomonga intizor ko‘zlar bilan tikildi.

Yüklə 1,78 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə