Lingvokulturologiyaning asosiy tushunchaviy-terminologik apparati va yuzaga kelishi



Yüklə 22,99 Kb.
səhifə1/4
tarix28.11.2023
ölçüsü22,99 Kb.
#138411
  1   2   3   4
Lingvokulturologiyada konsept tushunchasi


LINGVOKULTUROLOGIYANING ASOSIY TUSHUNCHAVIY-TERMINOLOGIK APPARATI VA YUZAGA KELISHI
Reja:
1. Lingvokulturologiya tushunchalarining talqini
2. Lingvomadaniy konsept .
3. Lingvokulturologiyaning fan sifatida shakllanishi
4. Lingvokulturologiyaning asosiy yo‘nalishlari
5. Lingvokulturologiya maktablari


Tayanch so‘z va iboralar: madaniy sema, madaniy fon, madaniy konsept, madaniy meros, madaniy an’ana, madaniy jarayon, madaniy makon, lingvomadaniy paradigma, mentallik, mentalitet, madaniyat tili, submadaniyat, madaniy konnotatsiya, lingvomadaniy konsept. madaniy sema, madaniy meros, madaniy konnotatsiya, kommunikativ jarayon, xalq mentaliteti, madaniyat fenomeni, madaniy omil, madaniy dalil, lisoniy shaxs, madaniy qadriyat, diaxronik lingvokulturologiya, qiyosiy lingvokulturologiya, chog‘ishtirma lingvokulturologiya, geografik lug‘atlar.

lingvomadaniy paradigma, submadaniyat, madaniy konnotatsiya, lingvomadaniy konsept.


Lingvokulturologiya tushunchalarining talqini. Lingvokulturologiya maxsus fan sohasi sifatida zamonaviy tilshunoslikda bir qancha sermahsul tushunchalarni keltirib chiqardi: lingvokulturema, madaniyat tili, madaniy matn, madaniyat konsepti, submadaniyat, lingvomadaniy paradigma, madaniy universaliya, madaniy salohiyat, madaniy meros, madaniy an’analar, madaniy jarayon, madaniy ko‘rsatmalar va h.k. Shuningdek, lingvokulturologiyaning asosiy tushunchaviy apparatiga mentalitet, mentallik, taomil, rasm-rusumlar, madaniyat doirasi, madaniyat turi, tamaddun, majusiylik va boshqalar kiradi.
Mazkur tushunchalardan eng muhimlari madaniy sema, madaniy fon, madaniy konsept va madaniy konnotatsiya bo‘lib, ular madaniy informatsiyaning til birliklari vositasida ko‘rsata oladi.
Madaniy sema – so‘zga nisbatan kichikroq va universalroq bo‘lgan semantik birliklar, semantik belgilar. Masalan, palov, do‘ppi, o‘choq so‘zlaridagi quyidagi madaniy semalarni ajratish mumkin: palov – guruch, sabzi, go‘sht, piyoz va yog‘ solib tayyorlanadigan o‘zbek milliy taomi; do‘ppi – avra-astarli, ko‘pincha qavima, pilta urilgan to‘garak yoki to‘rtburchak shakldagi o‘zbeklarning milliy bosh kiyimi; o‘choq – ichiga o‘t yoqiladigan, ovqat pishirish uchun ustiga qozon o‘rnatiladigan qurilma.
Madaniy fon – ijtimoiy hayot va tarixiy hodisalarni ifodalaydigan nominativ birliklarning (so‘zlar va frazeologizmlarning) tavsifi. Masalan, Daqqiyunusdan qolgan / Odam atodan qolgan “juda eski, qadimgi”, jamalak o‘rtoq “bolalikdagi dugona”, qizil (Oktabr inqilobi, sho‘ro tuzumi, armiyasiga oidlikni bildiradigan so‘z sifatida qo‘llangan).
Yuqorida qayd qilingan madaniy informatsiyaning ikki turi denotatda mavjud bo‘lib, lingvomamlakatshunoslikda yaxshi o‘rganilgan.
Madaniy konsept – mavhum tushunchalarning nomlari bo‘lgani uchun bu yerda madaniy informatsiya signifikatga, ya’ni tushuncha yadrosiga biriktiriladi.
Madaniy meros – madaniyat uchun ahamiyatli bo‘lgan madaniy boyliklarni, informatsiyalarning berilishi.
Madaniy an’analar – ijtimoiy va madaniy merosning qimmatli unsurlari majmuyi.
Madaniy jarayon – madaniyat hodisalari tizimiga aloqador bo‘lgan unsurlarning o‘zaro ta’siri.
Madaniy makon – madaniyat vakillari ongidagi madaniyatning mavjud bo‘lish shakllari. Madaniy makon kognitiv makon (individual va jamoaviy) bilan munosabatda bo‘ladi, chunki u mazkur madaniy-milliy jamiyatning barcha vakillari, barcha individual va jamoaviy makonlar majmuyi bilan shakllanadi. Masalan, rus madaniy makoni, ingliz madaniy makoni va h.k.
Lingvomadaniy paradigma – bu dunyoqarashning etnik, ijtimoiy, tarixiy, ilmiy va h.k. o‘zaro aloqadorlikdagi kategoriyalarini aks ettiradigan til shakllarining majmuyi. Lingvomadaniy paradigma konseptlarni, kategorial so‘zlarni va shu kabilarni birlashtiradi. Til shakllari paradigmaning asosi hisoblanadi.
Madaniy an’ana – jamiyatda to‘planadigan va qayta tiklanadigan ijtimoiy stereotiplashgan guruhlar tajribasini ifodalaydigan integral hodisa.
Madaniy fond –u yoki bu madaniyat vakilining bilimlari majmuyi, uning milliy va jahon madaniyati sohasidagi ayrim qarashi. Biroq bu shaxsning mulki emas, balki mazkur madaniyatga talluqli bo‘lgan o‘sha asosiy birliklarning majmuyidir.
Mentalitet – (nem. mentalität < lot. mens, mentis – aql, idrok) jamiyat, millat, jamoa yoki alohida shaxsning tarixiy tarkib topgan tafakkur darajasi, madaniy salohiyati, ularning hayot qonunlarini tahlil etish kuchi, muayyan ijtimoiy sharoitlardagi aqliy qobiliyati, ruhiy quvvati. Mentalitet – xalq mentalligini, uning aqliy va ruhiy quvvatining ichki tuzilishini va differensiatsiyasini aks ettiradigan kategoriya. Mentalitetlar turli masshtablardagi lingvomadaniy jamoalarning psixolingvo-intellektlarini namoyon qiladi. Ilmiy adabiyotlarda qayd qilinishicha (Yu.D.Apresyan, Ye.S.Yakovleva, O.A.Kornilov), mentalitet termini ositida ijtimoiy-madaniy, lisoniy, geografik va boshqa omillarga bog‘liq bo‘lgan chuqur aqliy tuzulish tushuniladi. Jamiyat, millat yoki shaxsning mentaliteti ularning o‘ziga xos an’analari, rasm-rusmlari, urf-odatlari, diniy e'tiqod va irimlarini ham qamrab oladi.
Mentallik – milliy xarakterning intellektual, ma’naviy va iroda xususiyatlarini o‘zida birlashtiradigan, ona tili kategoriyalari va shakllaridagi dunyoqarashning ko‘rinishi. Mentallikning birligi mazkur madaniyatning konsepti hisoblanadi. A. Ya. Gurevichga ko‘ra, mentallik – dunyoni ko‘rish yo‘li, u g‘oya bilan o‘xshamaydi. Mentallik falsafiy, ilmiy yoki estetik tizimlar emas, u fikr emotsiyadan qismlarga ajralmagan jamiyat tafakkurining darajasi. Xalq mentalligi tilning muhim konseptlarida dolzarblashadi.
Madaniyat tili – mavjud bo‘lgan yoki qaytadan hosil bo‘lgan tasavvurlar, tushunchalar, obrazlar va boshqa ma’noviy konstruksiyalar tuzilishining belgilar va ularning munosabatlari tizimi vositasida shakllanishi.
Submadaniyat – ikkinchi darajali, tobe madaniyat tizimi (masalan, yoshlar submadaniyati va h.k.).
Madaniy konnotatsiya – madaniyat kategoriyalaridagi denotativ yoki majoziy-motivlashgan ma’no jihatlarining talqini. Madaniy konnotatsiya til belgisidagi madaniyat darajasining ko‘rsatkichini ifodalaydi. N. Yu. Shvedova rus tilidagi 20 ta umumiy ma’no kategoriyasini ajratib ko‘rsatgan: jonlilik, harakat, holat, predmet, o‘lchov, o‘rin, vaqt va h.k. Mazkur kategoriyalar tilning ma’noviy sinchini tashkil qiladi. Biroq har bir xalq uchun ikkilamchi atovda qo‘shimcha ko‘chma ma’no kasb etgan maxsus majoziy-assosiativ mexanizmlar ham mavjud bo‘ladi. Masalan, ruslarda it (salbiy hodisalar bilan bir qatorda) sodiqlik, vafodorlik, oddiylikni assotsiatsiyalaydi. Jumladan, собачья верность, собачья преданность, собачья жизнь kabi frazeologik birliklarda mazkur xususiyatlar o‘z aksini topgan; beloruslarda it salbiy xususiyatlarni ifodalaydi: ушыцца у сабачую скуру (“layoqatsiz, dangasa odamga aylanish”), собакам падшыты (“yomon odam”); o‘zbeklarda, qirg‘izlarda va qator boshqa turkiy xalqlarda it haqoratni bildiradi. Ruslarda cho‘chqa a) ifloslik, b) nonko‘rlik, v) tarbiyasizlikni; inglizlarda pig ochofatni, o‘zbeklar, qirg‘izlar, qozoqlar va boshqa musulmon xalqlarida cho‘chqa sof diniy nuqtayi nazardan o‘ta haqoratni ifodalaydi; vetnamlarda cho‘chqa ahmoqlik ramzi bo‘lib keladi.
Shunday qilib, it va cho‘chqa so‘zlari turli xalqlarda turlicha belgilarni konnotatsiyalaydi. Bu esa mazkur xalqlar dunyo manzarasining shakllanishidagi ularning o‘ziga xos, individual majoziy fikrlashini ko‘rsatadi. Yuqoridagi misollar o‘ziga xos qo‘shimcha ma’nolar – konnotatsiyalar yuzaga kelishining har bir til, har bir madaniyat uchun xos ekanligini ko‘rsatadi.

Yüklə 22,99 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə