Abdulla qodiriy nomidagi


II-BOB 1.1 Saddi Iskandariy dostonidagi Iskandar voqeasi va keltirilgan hikoyalar



Yüklə 112,6 Kb.
səhifə2/6
tarix24.12.2023
ölçüsü112,6 Kb.
#160005
1   2   3   4   5   6
QO‘SHAROV HOKIM HUSANZODA

II-BOB
1.1 Saddi Iskandariy dostonidagi Iskandar voqeasi va keltirilgan hikoyalar
"SADDI ISKANDARIY" ("Iskandar devori") — "Xamsa" (Navoiy)ning yakunlovchi dostoni (1485). Asar 89 bob, 7215 baytdan iborat boʻlib, Navoiy ijodidagi hajman eng yirik epik asardir. Doston aruzning mutaqorib bahrida turkiyada yozilgan. Kohvvb Xamsanavislikning buyuk namoyandalari: Nizomiy Ganjaviy, Hisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar Iskandar toʻgʻrisida doston yozib, oʻz "Xamsa"lariga kiritganlar. Dastlab musulmon dunyosida Qurʼoni karimning Kahf surasida nomi zikr etilgan hukmdor Zulqarnayn (Ikki shoxli, 18sura, 83 —98oyatlar) hamda yunon sarkardasi va davlat arbobi Aleksandri bitta shaxs deb bilishgan va u sharkda Iskandar Zulqarnayn nomi bilan mashhur boʻlgan. Mazkur Iskandarnomalarga Iskandar timsolidagi Aleksandr faoliyati mavzu qilib olingan. Ammo asarlarda Iskandar timsoli tarixiylikdan tobora uzoqlashib, badiiy toʻqima obrazga aylana borgan. Har bir Xamsanavis Iskandar timsolida oʻz ideallarini talqin etishga harakat qilgan.(Shayxlar va domlalar tasdiqlashadiki, Iskandar Zulqarnayn va Aleksandr Makedonskiy farqli odamlardir , sababi Aleksandr Makedonskiy kofir bo'lgan. Iskandar Zulqarnayn esa bir necha bor Allohning yagonaligiga ishonch bildirgan)
Navoiy oʻz asari avvalida, salaflaridan farqli oʻlaroq, tarixiylikka, koʻproq tarix kitoblariga tayanib ish koʻrganini yozadi. Navoiy bu oʻrinda oʻz asarida Iskandar haqidagi boblar izchilligining Qurʼondagi Zulqarnayn haqidagi oyatlarga hamda tarixiy shaxs Aleksandr faoliyatiga muvofiq kelishini nazarda tutgan. Dostonning "S.I." deb nomlanishida ham Qurʼoni karimning Navoiy uchun birlamchi manba boʻlganligi seziladi.
Navoiy talkinida Iskandar odil shoh, u dunyoni kufrdan, jaholatdan tozalab, butun dunyoda adolatni joriy etish, bashariy tartibqoidalarni katta olamdagi tartibqoidalarga muvofiklashtirish maqsadida xalqlar ustiga yurishlar qilgan. Bu esa sufiyona talqin boʻlib, dostondagi muqaddima boblar, Iskandar voqealari hikoya qilingan boblar hamda unga ilova boblarda ham shoirning tasavvufiy qarashlari ustuvorligini koʻrish mumkin. Mas, Iskandar shisha sandiq yasab, dengiz tubiga tushadi, turfa ajoyibotlarni koʻrib, vataniga qaytadi. U vafot etar ekan, bir qoʻlini tobutdan chiqarib qoʻyishlarini soʻraydi. Asarda Navoiy insonni bu foniy dunyo hoyu havaslariga ortiqcha ruju qoʻymaslikka chaqirib, garchi Iskandar jahonni egallagan jahongir boʻlsada, u narigi dunyoga hech narsasiz ketayotganligiga ishora qiladi.
Doston turkiy adabiyotda koʻplab naziralar yozilishiga turtki boʻlgan (Abay, "Iskandar", 19-asr; Shayxzoda, Iskandar Zulqarnayn", 20-asr va boshqalar). Iskandar obrazi sheʼriyatda anʼanaviy obrazga aylangan.
“Xamsa”dagi Iskandar obrazi uchun “Qurʼoni Karim”da bayon etilgan Zulqarnaynga oid uch xususida asos vazifasini oʻtaydi. Bularning biri fotihlik; ikkinchisi odillik; uchinchisi, har ikki tushunchaning negizida turuvchi Ollohga yaqinlik, ilohiy maʼrifat. Navoiydagi odil shoh obrazi talqinida bu uchlik navbatma-navbat aylanib turadi va bu doirada ilohiy maʼrifat tushunchasi ustunlik qiladi: “Aniqki, Biz uning barcha ishlaridan xabardormiz – (uni) ihota qilib olgandirmiz” 1 .
Ayni shaklda odil shoh obraz-tizimni tashkil etadi. Tarixiy-istioraviy xronotopda (makon-zamonda) odil shoh obrazini harakatga keltiradi. Asardagi Xitoy, Hindiston, Turkiston, Eron singari tarixiy makonlar tizimi Qurʼonda qayd etilgan sifatlar bilan uygʻunlashib, tarixiy mohiyat kasb etadi. Bu syujet chizigʻining “Kahf” surasida bayon etilgan Zulqarnayn qissasi bilan mos kelishi (uning dastlab Magʻribga, soʻng Mashriqqa yurishi, Yaʼjuj-Maʼjuj qutqusiga qarshi devor qurishi) 2  obrazning idealligi va tarixiyligini taʼkidlashi bilan bir qatorda, istioraviy qatlamda universallashgan odil shoh gʻoyasini aks ettiradi. Asardagi dengiz, ummon, suv osti xronotoplari esa istoraviy qatlam salmogʻini oshirib, uni tarixiy qatlam bilan tenglashuviga olib keladi. Ayni xronotoplar bilan bogʻliq syujet liniyalarida Iskandarga valiylik, nabiylik maqomlarining berilishi, undagi jahongirlik, fotihlik xususiyatlarini samoviy maʼrifat kontekstida umumlashtiradi.
Navoiy ayni masala talqinida tarixiy dalillarni solishtirish usulidan foydalanadi. Iskandarning nabiyligi, valiyligi hamda suv ostiga safari shariat, tarixiy manba, mantiq singari uch mustahkam ustunga asoslanadi. Bu borada oʻzigacha aytilgan (Iskandarning shisha idishda suv ostiga tushgani xususidagi) mantiqqa zid fikrlarni “Vuquʼigʻi topmas xirad ehtimol…” misrasi bilan inkor etadi. Uningcha, Iskandarning suv ostidagi sirlarni koʻrishi, baʼzilar aytganidek, texnik hodisa emas, balkiy botiniy-ruhiy holatdir. Iskandarning oddiy odamlar koʻrmagan ummon sirlarini koʻrishiga sabab undagi Ollohga yaqinlik, ilohiy maʼrifat, yaʼni nubuvvat chirogʻidir: Valoyat maqomida topti oʻzin Nubuvvat charogʻi yorutti koʻzin… Qayon boqti, koʻrdi nekim bor edi Anga borcha maxfiy padidor edi… Navoiy “Tarixi anbiyo va hukamo”da yozadi: “Mavlono Mirxond “Ravzat us-safo”da Solih a. s. zikridin soʻngra Zul-qarnayn Akbar qissasin bitib, mundoq bayon qilibdurkim, aksar ahli tarix Nuh a. s. din soʻngra va Ibrohim salavot-ur-rahmon alayhdin burun Xud bila Solih a. s. din soʻngra oʻzga paygʻambar boʻlmaydur debdurlar. Ammo saltanatdin baʼzining kalomi munga mashʼardurkim, bu mobaynida Zul-qarnayn Akbar nubuvvat martabasigʻa musharraf boʻlubdur… Bu faqir qalamigʻa ul qobiliyat yoʻqdurkim, ahli tarix bitkondin tahrir qilgʻay”. Bularning hammasi “Xamsa”dagi Iskandarga xos tarixiy va istioraviy xususiyatlar odil shoh obraziga sintezlashganini koʻrsatadi.
“Xamsa” obrazlar tizimida Iskandar obrazi bilan yonma-yon keladigan yetti hakim obrazi ham muhim istioraviy vazifa bajarishi bilan ahamiyatli. Ammo yetti hakim obrazi talqinida baʼzi munozarali jihatlar mavjud. Avvalo, ular “Saddi Iskandariy”da bir butun tizim sifatida keladi. Biri boshqasini taqozo qiladi, toʻldiradi. Dostonda Iskandarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi, qiyin vaziyatlarda maslahat beruvchi, hikmat aytuvchi, dunyo va oxiratga doir masalalarda xulosa bildiruvchi obraz vazifasini bajaradi. Ayni paytda ularning doston syujetiga kiritilishining tub sababi Iskandar obrazini toʻldirishdir. Iskandar obrazisiz ularning barchasi maʼno-mohiyatini yoʻqotadi. Yettilik tizim sifatida olinishi ham Iskandar fotihlik yoʻlida zabt etgan yetti bosqich bilan bevosita bogʻliq. Navoiy mazkur bosqichlarni quyidagi tartibda beradi: 1) yetti iqlimni qoʻlga kiritdi; 2) yer yuzining Iskandar oyogʻi yetmagan biror burchagi qolmadi; 3) jahonning yetti oʻlkasida podshohlik taxt-saltanatini qurdi; 4) yetti dengizni fath etdi; 5) yaʼjuj-maʼjujga qarshi devor barpo etdi; 6) koinot jismlari, ularning harakatlarini oʻrganish uchun “Usturlob”, “Oinai jahonnamo”ni kashf etdi; 7) valiylik, paygʻambarlik maqomiga erishdi. 5  Iskandar bajargan ushbu ishlarning barchasida mana shu yetti hakim asosiy rolni bajaradi.
Masalaning bahsli jihati shundaki, mazkur obrazlarga berilgan ismlarning barchasi (Sakrat, Platon, Geraklit, Pifagor, Aristotel va hokazo) antik yunon madaniyati vakillariga tegishli. Ushbu ismlar ularning sharq dunyosiga moslashtirilgan va ayni tarzda mashhur boʻlgan nomlaridan aynan olingan. Voqean, Navoiy “Xamsa”si yozilgunga qadar arab, fors va turkiy dunyoda bu nomlar faqat xalq tilidagi afsona sifatida emas, balki aniq ilmlar, fanlarning bilimdonlari sifatida taniqli edi. Ularning asarlari Sharq tillariga tarjima qilingan, baʼzilariga raddiyalar, sharhlar yozilgandi. Shu sabab aksar tadqiqotlarda Iskandar, uning otasi Faylaqus va yuqorida nomlari sanalgan yetti hakim bilan antik yunon madaniyatining tarixiy vakillari oʻrtasida bogʻliqlik bor, degan fikrlar uchraydi. Masalan, dostonga berilgan izohlarda: “Iskandar, Iskandar Zulqarnayn – Sharq xalqlari adabiyotida keng tarqalgan obraz. Bu obrazning paydo boʻlishi tarixiy yunon sarkardasi Aleksandr Makedonskiy faoliyati bilan bogʻliq. Iskandar Qurʼonning surasida eslangan Zulqarnayndir” yoki “Suqrot, Sakrat (mil. av. 470 (469) – Afina – 399) – qadimgi yunon faylasufi” degan soʻzlarni oʻqiymiz.
Holbuki, Yevropa tarixchilari asarlarida keltirilgan Aleksandr Makedonskiyning “Qurʼoni Karim”da qissasi berilgan Zulqarnaynga mutlaqo aloqasi yoʻq. Bu ikki nom va ularning faoliyatlari oʻzaro solishtirib boʻlmaydigan darajada farq qiladi. Birinchidan, Zul-qarnayn “Qurʼoni Karim”da Ollohning solih bir bandasi sifatida tilga olinadi. Unga xos islomiy tabiat, yolgʻiz Ollohga boʻlgan imon, sidq maqtaladi. Plutarx asarida esa Iskandar tilidan shoh Filippga qarata aytilgan shunday soʻzlar keltirilgan: “Zevs nomi bilan qasam ichamanki, otning pulini toʻlayman” 7 . Bu dalil ikki Iskandarning eʼtiqod nuqtai nazaridan ikki qutbga mansubligini koʻrsatadi. Ikkinchidan, Aleksandr Makedonskiy biografiyasi “Qurʼoni Karim”dagi Zul-qarnayn biografiyasiga hech jihatdan mos kelmaydi. Uchinchidan, Makedonskiyning tarixiy faoliyati, fath etgan oʻlkalari Zul-qarnayn faoliyati va fotihlik ishlarining oʻndan biriga ham teng kelmaydi va hokazo. Qolaversa, bular fikrimiz tasdigʻiga xizmat qiladigan misollarning eng mashhurlari, xolos (bunday misollarni oʻnlab keltirish mumkin). Qolgan yetti hakim haqida ham bu borada oʻnlab qiyosiy tahlillar, dalillar keltirish mumkin. 8  Ammo bu oʻrinda batafsil solishtirma tahlilning imkoni ham, zarurati ham yoʻq, deb oʻylaymiz. Muhimi, yunon faylasuflari Navoiy asarlari uchun tarixiy prototip emas, bor-yoʻgʻi ism-istiora vazifasini oʻtaganini taʼkidlashdir.
Navoiy Sharq madaniy dunyosida mashhur yunon faylasuflari, ularning ijodiy meroslari haqida yetarli maʼlumotga ega boʻlgani aniq. Ammo eʼtiqodi, dunyoqarashi, badiiy-konseptual nuqtai nazariga koʻra bunday tarixiy shaxslarni “Xamsa” obrazlar tizimiga kiritmadi. Yetti hakim masalasida esa faqat ismlardan unumli foydalandi, xolos. Boshqa jihatdan ularni dostondagi yetakchi obraz – asosi “Qurʼoni Karim” boʻlgan Iskandarga moslashtirdi. Shu tushunchaga mos xarakter, ichki va tashqi qiyofa, harakat va nutq (muloqot) tizimini ishlab chiqdi. Ularni mutloq istioraviy obrazga aylantirdi. Yuriy Borevning fikricha, obraz mukammalligining muhim sharti unda uch narsaning mujassam boʻlishidir: a) metaforiklik; b) assotsiativlik; v) paradoksallik. Bu jihatlar yagona obrazda akslanar ekan, ular oʻrtasida aniq, tizimli munosabat vujudga keladi. Natijada, mukammal obraz tugʻiladi. 9  Shu maʼnoda Navoiy yetti hakimining asosi Iskandar obrazi va unga asos oʻlaroq talqin etilgan “Qurʼoni Karim” qissasidir. Ular xuddi shu sifati bilan tarixiy yunon faylasuflariga, shuningdek, tarixiy Aleksandr Makedonskiy shaxsiyatiga ham paradoksal pozitsiyada turadi. Ayni paytda, tarixiy ongda mavjud shaxslarga nisbatan xira assotsiatsiya uygʻotadi. Ularning bir yoki bir necha obrazlarda mujassamlanishi esa poetik istioraviylikni taʼminlaydi.
“Xamsa”ning boshqa dostonlarida ham uchraydigan Suhaylo, Suqrot, Aflotun, Arastu singari obrazlar ham tom maʼnoda istioralashtirilgan obrazlar hisoblanadi. Deylik, Suqrot “Saddi Iskandariy”da hakim, rahnamo, olim sifatida koʻzga tashlansa, uning “Farhod va Shirin”dagi badiiy vazifasi gʻayrioddiyligi, ezoterik unsurlarga boyligi bilan Xizr va Suhaylo obrazlari vazifasiga oʻxshab ketadi. Umuman, ushbu obrazlar “Xamsa” obrazlar tizimida sof istioraviyligi bilan boshqa obrazlardan ajralib turadi.
Xizr (a. s.) esa “Xamsa”dagi homiy yoki yoʻlboshchi obrazi vazifasini bajaradi. Ora yoʻlda qolgan, kalavaning uchini topa olmagan qahramonga yoʻl koʻrsatadi, kerak boʻlsa, homiylik qiladi. Qahramonning aqli yetmaydigan tilsimlarni ochishga yordam beradi. Dushmani bilan kurashishga koʻmaklashadi. Xizr alayhissalom shaxsining real tarixiy asosga egaligi, birinchi navbatda, ilohiy kitoblarda kelgan maʼlumotlar orqali sobitdir. Bu jarayon biz nomini biladigan toʻrt ilohiy kitobdan oldin ham turli naqllarda (sahifalar, vahiylar) oʻz ifodasini topgan. Keyinchalik ilohiy naql mohiyati ijtimoiy-siyosiy, ruhiy maʼnaviy evrilishlar yuz bergan bosqichlarda buzilib, ular dastlab mif va afsonalarga, bora-bora epos, ertak, xalq qissalariga singib ketgan. Xizr obrazining folklor va jahon xalqlari yozma adabiyotiga kirib kelishi koʻproq mif va folklor bilan bogʻliq. Bu obraz goh nomini, goh badiiy funksiyasini, goh pozitsiyasini oʻzgartirgan holda asrlardan-asrlarga oʻtib, yashab kelyapti. Ammo uning zamonlar osha saqlab kelayotgan uch xususiyati borki, ular hech qachon oʻzgarmaydi. Hatto shu uch xususiyat obrazning adabiy jarayondagi yashovchanligini taʼminlaydi. Bular Xizr obraziga xos gʻayrioddiy bilim, abadiy hayot va jahongashtalikdir. Jahon adabiyotida mana shu xususiyatlardan biri, ikkitasi yoki har uchalasiga ega boʻlgan obrazlar tizimi ham kuzatiladi. Bu esa Xizr shaxsiyati va Xizr obrazining adabiyot tarixining turli bosqich va davrlarida ijodkorlarga ilhom berganini koʻrsatadi.
Tadqiqotchi Olimjon Davlatov Navoiy asarlarida Xizr timsoli haqidagi muxtasar ishida Vasiliy Bartold, Mixail Piotrovskiy, Nataliya Prigarina, Shorustam Shamusarov singari olimlarning ayni timsol genezisiga doir fikrlaridan iqtibos keltiradi. Shu oʻrinda ayni masala xususidagi uch xil qarash namoyon boʻladi: a) Xizr timsoli islomgacha boʻlgan mifologik tafakkur mahsuli ekanligi (Bartold); b) bu timsolning toʻgʻridan-toʻgʻri eron miflari bilan bogʻliqligi (Piotrovskiy, Prigarina); v) Xizr timsolining islom mifologiyasiga aloqadorligi (Shomusarov). Tadqiqotchi ayni qarashlarga munosabatini quyidagicha ifodalaydi: “Musulmon Sharqida Oʻrta asrlarda ham mavjud boʻlgan Xizr haqidagi qarashlar va unga nisbat berilgan xislatlar, asosan, Qurʼon va tafsirlar negizida shakllangan desak, xato boʻlmaydi. Nazarimizda, yuqorida koʻrsatilgan manbalardan tashqari, Xizr va obi hayot afsonasining shakllanishida Kahf surasining 63-oyati ham muayyan rol oʻynagan…” (taʼkid bizniki – U. J.). Avvalo shuni qayd etish lozimki, alohida punktlar tarzida tasniflab koʻrsatganimiz uch qarash faqat zohiriy shakliga koʻra toʻgʻriga oʻxshaydi. Chunki har toʻrtala olim Xizr obrazi genezisi haqida fikr yuritishar ekan, masalaning asl mohiyati yoki obrazning tub ildizlaridan kelib chiqishmagan. Balki ularning har biri oʻzlari uchratgan, ishongan, tadqiqot obʼyekti sifatida oʻrgangan manbalarinigina Xizr obrazining genetik asosi sifatida koʻrsatganlar. Deylik, Bartold bu obraz genezisini qadim shumer eposi “Bilgamish”ga, Piotrovskiy va Prigarinalar eron mifologiyasiga, Shomusarov esa “Qisasi Rabgʻuziy”ga bogʻlaydi. Holbuki, gap genezis masalasiga borib taqalar ekan, unga doim tipologiya hodisasi “xavf” solib turadi. Yaʼni bir manbada uchraydigan syujet, motiv, obraz yoki detalning boshqa bir, undan-da qadimiyroq manbada ham uchrab qolishi birinchi manba qiymatini keskin tarzda tushirib yuboradi. Qiyosiy-tipologik metodning oʻzi ham, agar chuqurroq qaraladigan boʻlsa, ilk manba masalasida boshi berk koʻchaga kirib qoladi. Davrlar, siyosatlar, saltanatlar, tamaddunlar evrilishi tarixiy-materialistik yondashuvlarning aksariyatini yoʻqqa chiqaruvchi koʻrinmas kuch boʻlib xizmat qiladi.
Teranroq nazar tashlaydigan boʻlsak, V. Bartold qayd etgan shumer afsonalari melodiy yil hisobidan 45-50 asr, eron mifologiyasi 20-25 asr farq qiladi. “Qisasi Rabgʻuziy” esa melodning XIII-XIV asrlariga toʻgʻri keladi. Shu ketma-ketlikdan kelib chiqib, ilk manba sifatida shumer afsonalarini qabul qiladigan boʻlsak, shumerlar uni Nuh paygʻambarga xos baʼzi sifatlar bilan sintezlashgan tayyor obraz sifatida qayoqdan oldilar, degan savol paydo boʻladi. Ayni paytda Xizr (a. s.) timsoli genezisini shumerga xoslash, yana bir yechimsiz muammoni – qadim eron mifologiyasining shumer madaniyatidan nimalarni va qay yoʻsinda oʻzlashtirganlari haqidagi muammoni koʻndalang qoʻyadi. Bu masala, bizningcha, hali-hamon biror adabiyotshunos, madaniyatshunos tomonidan ayni tarzda qoʻyilgan, tadqiq etilgan emas. “Qisasi Rabgʻuziy” masalasining esa javobi oson. Islom muhitida yashagan Rabgʻuziy “Qurʼoni Karim”dagi qissa, rivoyat va hikoyatlarni biroz badiiylashtirib tasniflab chiqqan, xolos.
Ammo shumer afsonalarida mavjud Xizr obrazi “Qurʼoni Karim” matniga qanday kirib qoldi? Paygʻambarimizga (s. a. v.) nozil qilingan, eng rostgoʻy, eng bilimdon sahobalar tomonidan jamlangan, yuzlab din olimlari tomonidan oʻrganilgan, sharh va tafsir qilingan “Qurʼoni Karim”ga koʻpxudolik tafakkur tarzi hukmronlik qilgan shumer manbasidan biror unsur oʻtishi mumkinmidi? Umuman, “Qurʼoni Karim” sahifalarida mifga oʻrin bormi?
Albatta, yoʻq. Boʻlishi ham mumkin emas. Shunday boʻlgach, Sh. Shomusarov tomonidan qoʻllanib, Olimjon Davlatov oʻz fikrlariga dastak oʻlaroq qabul etgan “islom mifologiyasi” istilohi mutlaqo xato tushuncha. Negaki, Yaratgan nozil etgan son-sanoqsiz kitoblar ichida buzilmagani faqat va faqat “Qurʼoni Karim”dir. Mifologiya yoki mif istilohi esa buzilgan kitoblarning qoldiqlari (taqriban “Gita”, “Dxarma”, “Dao”, “Avesto” singari), uydirma, afsonaga aylantirilgan ilohiy axborotlarga nisbatan ishlatiladi. Shunday ekan, na shumer, na eron mifologiyasining Navoiydagi Xizr obraziga hech bir aloqasi yoʻq.


Yüklə 112,6 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə