O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi buxoro davlat universiteti umumiy psixologiya



Yüklə 0,65 Mb.
səhifə1/54
tarix11.02.2023
ölçüsü0,65 Mb.
#100681
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   54
maruza matni


O‘zbekiston Respublikasi
Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi


BUXORO DAVLAT UNIVERSITETI
uMUMIY psixologiya

I.YOSH VA PEDAGOGIK PSIXOLOGIYA FANINING TADQIQOT SOHASI VA MUAMMOLARI
Tayanch tushunchalar:
Yosh davrlari , filogenez, metod, eksperimental, sotsiometrik, test metodi, laboratoriya metodi.


1.1.Yosh va pedagogik psixologiya fanining predmeti, maqsad va vazifalari.

Yosh davrlari psixologiyasi fanining mavzu bahsi turli yoshdagi odamlarning (bolalar, o‘quvchilar, kattalar, erkaklar, ayollarning) (Yosh davrlari da) tug‘ilganidan to umrining oxirigacha psixik rivojlanish jarayonini, shaxsning shakllanishi hamda o‘zaro munosabati qonuniyatlarini o‘rganishdan iboratdir. Yosh davrlari psixologiyasi insonda turli psixik jarayonlar (sezgi, idrok, xotira, tafakkur, xayol va hokazolar) rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlarini, uning har xil faoliyatini (o‘yin, o‘qish, mehnat kabilar), erkak va ayolning jinsiy tafovutlarini, shuningdek, inson shaxsining tarkib topishini ilmiy jihatdan tadqiq qiladi.


Inson psixikasining rivojlanish davrlarini aniqlash, shu sohadagi ma’lumotlarni to‘plash ham mazkur psixologiyaning mavzu bahsiga kiradi. Bolaning tug‘ilishidan to voyaga etgunicha har tomonlama rivojlanishi, jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lgunicha ulg‘ayishi va shaxsining tarkib topishi muammolarini, bularning psixologik mexanizmlarini aniqlash va sharhlash Yosh davrlari psixologiyasi sohasining muhim jihatidir.
Bola jamiyatning a’zosi, mukammal shaxs sifatida muayyan ijtimoiy muhitda kamol topar ekan, uning butun bilish jarayonlari, o‘ziga xos xususiyatlari va ruhiy holatlari, ongi rivojlanadi. Ana shu rivojlanish natijasida uning psixikasi, ongi go‘dakning dastlabki oddiy aks ettirish (in’ikos) tarzidagi sodda ongidai balog‘atga etgan insonlarga xos tevarak-atrofni, borliqni, odamlarni aniq, yaqqol, to‘la va anglab aks ettirish darajasigacha taraqqiy etadi.
Inson zotining turli jihatlarini o‘rganish bilan bolalar anatomiyasi va fiziologiyasi, oliy nerv faoliyati fiziologiyasi, gigiena, pedagogika, etnografiya kabi fanlar shug‘ullangani kabi uning kamol topishidagi qonuniyatlarni, sub’ekt psixikasini, ongining mantiqiy mexanizmlarini, umuman, odam zotining tug‘ilganidan to voyaga etgunicha psixik rivojlanishini psixologiya fanlari sistemasining alohida sohasi – bolalar psixologiyasi fani o‘rganadi va tadqiq qiladi.
Bolaning psixik rivojlanishini kuzatgan psixologlar (L.S.Vigotskiy, P.P.Blonskiy, A.Vallon, J.Piaje va boshqalar)ning aniqlashicha, mazkur kamol topishning o‘ziga xos xususiyatlariga asoslangan (senzitiv – qulay) davrlari mavjud bo‘lib, ular individning o‘zi yashab turgan muhitda (bog‘cha, oilada) tutgan o‘rni, bilish jarayonlari, o‘ziga xos xususiyatlari, holatlari, shaxsi va ongining o‘sish darajasi bilan bevosita bog‘liqdir.
Tadqiqotchilarning uqtirishiga ko‘ra, tabiat va jamiyatning qonunlari singari kamol topayotgan bola shaxsi rivojlanishining ham o‘z qonunlari bor. Bu qonunlar psixologiya fanining maxsus tarmog‘i – bolalar psixologiyasining predmetiga kiradi. Yosh davrlari psixologiyasi sohasi inson psixikasi faqat miqdor jihatdan emas, balki sifat jihatdan ham rivojlanishi, takomillashib borishi va o‘zgarishi haqidagi metodologik hamda fenomenologik qoidaga amal qiladi.
Har bir fanning o‘z predmeti borligi singari bolalar psixologiyasining ham o‘zi tekshiradigan sohasi hamda tadqiqot metodlari bor.
Umumiy psixologiya psixika va uning zohir bo‘lishi, rivojlanish qonuniyatlari haqidagi fan bo‘lsa, yosh davri yoki Yosh davrlari psixologiyasi turli yoshdagi insonlarning (jinslarning) psixik taraqqiyoti, psixik xususiyatlari va bularning o‘ziga xos omillari, mezonlari hamda mexanizmlari haqidagi fandir. Shuningdek, u muayyan yoshdagi insonlarning faqat o‘ziga xos xususiyatlarini ham o‘rganadi. Shuning uchun ijtimoiy hayotda, ta’lim va tarbiyada, guruhlar hamda jamoalarda, ishlab chiqarishda, oilaviy munosabatlarda Yosh davrlari psixologiyasi alohida o‘rin tutadi. Inson shaxsining tarkib topishi va bilish jarayonlarining rivojlanishi muammosini shaxs psixikasining taraqqiyoti qonunlarini hisobga olmay oqilona hal qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun XXI asrga kelib «inson omili» masalasi dolzarb mavzuga aylandi.
Yosh davrlari psixologiyasi – inson psixikasining rivojlanish qonuniyatlari va xususiyatlari hamda shu taraqqiyotning bosqichlari to‘g‘risidagi fandir.
Yosh davrlari psixologiyasining asosiy vazifasi shaxsning kamol topishi qonuniyatlari va turli yosh davridagi odamlarda vujudga keladigan psixik faoliyat, holat va shart-sharoitlarning o‘zaro ta’siri xususiyatlarini aniqlashdan iboratdir.
Yosh davrlari psixologiyasi ana shu vazifani hal etish bilan amaliy maqsadlarni ro‘yobga chiqaradi: ta’lim-tarbiya ishlarini takomillashtirishga yordam beradi, moddiy ne’matlar ishlab chiqarishning samaradorligini oshirishga, millatlararo munosabatlarni yaxshilashga, shaxslararo muloqotni to‘g‘ri yo‘naltirishga, jamoada ijobiy psixologik muhit yaratishga, uzoq umr ko‘rish sirlarini ochishga, oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga, ajralishlarning oldini olishga xizmat qiladi. Modomiki shunday ekan, kamolotning turli davrlarini, insonning yosh va jinsiy xususiyatlarini hisobga olmay turib, yuqoridagi vazifalarni hal qilib bo‘lmaydi.
Mazkur psixologiya fanining sohasi alohida predmet sifatida XIX asrning boshlarida vujudga kelgan, lekin dastlabki ildizi qadimgi yunon madaniyatiga borib taqaladi. Uning predmeti va qonuniyatlari to‘g‘risida jahon psixologiyasi olamida turli qarashlar, nazariyalar mavjud. Ularning juda keng tarqalganlari biogenetik (I.Shtern), sotsiogenetik (K.Levin), bixevioristik (Ye.Torndayk), psixoanalitik (Z.Freyd) nazariyalardir. Shuningdek, ilmiy metodlarga asoslanib tadqiqotlar olib borgan olimlar ham juda ko‘p.
Ilmiy psixologik adabiyotlar, empirik ma’lumotlar Yosh davrlari psixologiyasining mustaqil fan sifatida ajralib chiqishiga qator omillar va holatlar sabab bo‘lgan, degan xulosaga keldi. Quyida ana shularni bayon qilamiz.
1. Barcha fanlar negiziga kirib borgan evolyusiya g‘oyasining (Ch. Darvin) inson psixikasining rivojlanishi jarayonida o‘rganish zarurligi.
2. Umuminsoniy, umumpsixik qonuniyatlar turli yoshdagi odamlar xatti-harakatini, psixik xususiyatlarini va bolalarning o‘sishiga biror faoliyatning ta’sirini aniqlash uchun etarli emasligini e’tirof etish.
3. Yosh davrlari psixologiyasi insonning (tug‘ilganidan umrining oxirigacha) kamoloti uchun metodologik va nazariy ahamiyatga ega ekanligi tan olingani.
4. Turli yoshdagi odamlar (maktabgacha yoshdagi bolalar, maktab o‘kuvchilari, o‘rta va oliy o‘quv yurtlarining talabalari, ishchilar, xodimlar, qariyalar, har xil psixologik xususiyatlarga ega ekanligi sababli tarbiya, ishlab chiqarish, ijtimoiy-ta’minot muassasalari, mehribonlik uylari, koloniyalar, yordamchi maktablar, internatlar, psixonevrologik dispanserlar, qariyalar uylari, shifoxonalar va boshqalarga bo‘lgan ehtiyojlari ortib borayotgani.
5. Tibbiyot fani va uning tarmoqlari rivojlanishi, psixiatriya, psixonevrologiya, psixogigiena, sangigiena, bolalar va kattalar patologiyasi, neyroxirurgiya, genetika, oliy nerv faoliyati va hokazolar bo‘yicha kompleks tadqiqotlarning vujudga kelishi, psixologiya, biologiya, meditsina, sotsiologiya fanlarining hamkorligida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilishi, ya’ni integratsiyaning amalga oshishi.
6. Yuridik (huquqshunoslik) psixologiyasi va uning sohalari ijtimoiy hayotimizda sezilarli o‘rin egallayotgani hamda yoshlar o‘rtasida qonunbuzarlikning davom etayotgani (sud ishi psixologiyasi, kriminal psixologiya, penitensiar yoki axloq tuzatish mehnati psixologiyasi; voyaga etmagan qonunbuzarlar muammosi va jinoyatning oldini olish masalalari).
7. Amaliy psixologiyaning ijtimoiy-siyosiy tus olayotgani va turmushning har bir jabhasiga kirib borishi, shuningdek, o‘z o‘rnini topayotgani (psixologik konsultatsiyalar, maslahatlar, auto va sotsial treninglar, ishbilarmonlik o‘yinlari, art va psixoterapiya, professiogramma, psixodiagnostika va hokazolarga talab ortishi).
8. Psixologiya fani sohalarining inson Yosh davrlari idagi o‘zgarishlarga doir bilimlarga ehtiyoji va talabi ortayotgani (harbiy, sport, savdo, mehnat, kosmik, muhandislik, ijod, aviatsiya, reklama, menejment psixologiyalariga aniq materiallar zarurligi).
9. Ekologiya muammolari, zoopsixologiya va etologiya vazifalari, millatlararo munosabatlarni barqarorlashtirish, insonparvarlik g‘oyalarini turmush tarziga olib kirish masalalarining dolzarbligi (yekologiya va inson, qiyosiy psixologiya, shaxs psixologiyasi, etnik psixologiya va hokazolar).
10. Moddiy ishlab chiqarishni ko‘paytirish, sanoatda va qishloq xo‘jaligida kishilarning haqiqiy xo‘jayinlik tuyg‘usini uyg‘otish, aqliy va jismoniy imkoniyatlarni qidirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, inson – inson, inson – texnika, er – inson, inson – iqlim munosabatlarini izchil o‘rganish zarurligi.
11. Oilaviy munosabatlarni yaxshilash, ajralishlarning oldini olish, inoq oila yaratish, yoshlarni turmushga tayyorlash, o‘z joniga qasd qilish hollarini bartaraf etish, oilada teng huquqlilikni qaror toptirish va bolalar tarbiyasini takomillashtirish vazifalari.
12. Inson uzoq umr ko‘rishining sirlarini – gerantopsixologik qonuniyatlarni ochish va targ‘ib qilish, davlat muassasalarida, nodavlat tashkilotlarida, psixologik bilimlardan o‘z o‘rnida foydalanish, uzoq umr ko‘rishga zamin tayyorlash, qariyalar pansionatlarida ularning ruhiyatiga mos munosabatda, odilona muloqotda bo‘lish kerakligi Yosh davrlari psixologiyasini rivojlantirishni taqozo etmokda.
Turli yosh va har xil jinsdagi insonlar psixikasining rivojlanishi, o‘zgarishi, vatanimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning axloqiy va jismoniy kamol topishiga ijobiy ta’sir qiladigan omillar hamda shart-sharoitlarni bilish va ulardan unumli foydalanish hozirgi davrda nihoyatda zarur masala bo‘lib qoldi. Xalq ta’limi xodimlari, ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot muassasalarining, qishloq xo‘jalik jamoalarining, fan, adabiyot va madaniy-oqartuv tashkilotlarining rahbarlari insonni har tomonlama kamol topgan, ma’lumotli, mahoratli, aql-zakovatli, ijodiy izlanishga moyil shaxs sifatida kamol topish jarayoni qanday sodir bo‘lishini, keksayishning xususiyatlari va o‘ziga xos jihatlarini bilishga qiziqmoqdalar. Shunday ekan, tarbiya tizimida va ishlab chiqarishda psixologiya bo‘yicha bilimsizlik va chalasavodlilikni yo‘qotish uchun bolalar ruhiyatidan qariyalar ma’naviyatigacha nazariy va amaliy bilimlarni egallash hozirgi davrimizning muhim talabidir.
Yendilikda insonni aks ettirish faoliyatining rivojlanishi qonuniyatlarini, odamning bosh miya yarim sharlari po‘stidan haqiqiy jism, obraz (timsol) sifatida ro‘yobga chiqishini, nima sababdan mazkur obraz o‘zgarishini va bu o‘zgarish kishining ruhiyatiga ta’sir qilishini tushuntirish uchun dialektik materializmning psixika tashqi dunyoni in’ikos ettiradi, degan ta’rifining o‘zi etarli emas. Mazkur hodisaning chuqurligini – aks ettirish jarayonini genetik metod bilan o‘rganish orqaligina asoslab berish mumkin. Psixikaga nisbatan biosfera va noosfera nuqtai nazaridan yondashish ijobiy natija sari etaklaydi.
Ma’lumki, go‘daklik davridagi oddiy sezishdan boshlab, mantiqiy fikr yuritishgacha o‘tadigan davr nisbatan uzundir. Endigina tug‘ilgan chaqaloq ham dastlabki soatlardan boshlab sezgi organlari yordamida atrof-muhitni aks ettirishga kirishadi. Biroq uning tafakkuri bir necha oylar va, hatto, yillar davomida vujudga keladi, nutq bilan tafakkurning birligi mazkur rivojlanishni amalga oshiradi. Bunday holat o‘ta murakkab hissiy bilishdan mantiqiy tafakkurga o‘tish jarayoni bosqichini tadqiq etish imkonini beradi.
Hozirgi psixologiya fani individual ong o‘sishining turli bosqichlarida amaliyot bilan hissiy bilish o‘rtasidagi, amaliyot va mavhum tafakkur orasidagi juda murakkab, o‘zgaruvchan ichki munosabatlar hamda mexanizmlarni ifodalay oladi. Inson psixikasining vujudga kelishi va rivojlanishini, uning turli qirralarini o‘rganish odamning psixik o‘sishi, uning ob’ektiv va sub’ektiv sabablari, omillari, shart-sharoitlari to‘g‘risida ma’lumotlar to‘plash imkonini bera oladi.
Mazkur muammoga ilmiy yondashish insonning hayot sharoitlari, shaxsiy xususiyatlari, qobiliyatlari, sifatlari, qiziqish ko‘lami, irodaviy fazilatlari, muayyan his-tuyg‘ularining mazmuni, to‘laligi va hokazolarni yoritish demakdir. Ilmiy ishlar olib borayotgan tadqiqotchi katta yoshdagi odamlardan hayot sharoitining tayyor mahsulini o‘rganadi, lekin bu bilan sinaluvchining psixikasi qanday vujudga kelgani, kechishi, aks ettirish xususiyatlarini tushuntira olmaydi. Ana shu murakkab jarayonni bilish uchun bolaning psixikasi turmush hodisalari va sharoitlari bilan bog‘liqligini aniqlab olinmasa, tajriba o‘tkazuvchi o‘zi o‘rganayotgan nazariy masalalarni ishonarli darajada isbot qila olmaydi.
Inson psixikasining rivojlanishidagi sabab-oqibat va ularning variantlari, invariantlari, modifikatsiyalari, munosabatlarini bilish bola tarbiyasida eng qulay shart-sharoitlarni vujudga keltirish uchun nihoyatda zarur.
Shunday qilib, Yosh davrlari psixologiyasi fanini o‘rganish ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega. U ham boshqa fanlar qatorida rivojlandi, bunda eksperimental biologiya va genetika, meditsina, sotsiologiya kabi fanlarning xizmati kattadir. Yosh davrlari va differensial psixologiya fani dialektikaning prinsiplariga, oliy nerv faoliyati qonunlariga, differensial psixofiziologiya qonuniyatlariga, psixologlar to‘plagan materiallarga tayanib, inson psixikasining kechishi, rivojlanishi, o‘zgarishi yuzasidan bahs yuritadi. Ijtimoiy turmushning barcha jabhalaridagi amaliy masalalarni hal qilishda faol ishtirok etadi.



Yüklə 0,65 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   54




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə