O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi buxoro davlat universiteti umumiy psixologiya


Yosh davrlari psixologiyasi fanining prinsiplari va ilmiy tadqiqot metodlari



Yüklə 0,65 Mb.
səhifə3/54
tarix11.02.2023
ölçüsü0,65 Mb.
#100681
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   54
maruza matni

1.3. Yosh davrlari psixologiyasi fanining prinsiplari va ilmiy tadqiqot metodlari
Mazkur fan sohasi o‘zining predmeti hamda vazifasini umumiy psixologiyaning asosiy prinsiplari va qoidalariga tayangan holda belgilaydi. Yosh davrlari psixologiyasi quyidagi prinsiplarga rioya qiladi:
1. Ilmiy dialektika ta’limotiga binoan psixika yuksak darajada tashkil topgan materiyaning xususiyati yoki miyaning mahsulidir. Odatda psixika tashqi dunyoning sezgi organlari orqali insonning miyasiga bevosita ta’sir etishi asosida vujudga kelib, sezgi, idrok, tasavvur, xotira, tafakkur, nutq, xayol kabi bilish jarayonlarida, shuningdek, shaxsning xususiyatlari va holatlarida, diqqati, his-tuyg‘usi va xarakter xislatlarida, qiziqishi va ehtiyojlarida o‘z ifodasini topadi.
2. Psixikaning negizida miyaning reflektor faoliyati yotadi. Tashqi dunyodan kirib keladigan qo‘zg‘atuvchilarga ichki yoki tashqi biologik organlar javob reaksiyasini bildiradi. Bosh miya katga yarim sharlarida vujudga keladigan muvaqqat nerv bog‘lanishlari psixik hodisalarning fiziologik asoslari hisoblanadi va ular tashqi ta’sir natijasida hosil bo‘ladi. Bosh miya po‘stlog‘ida vujudga keladigan muvaqqat nerv bog‘lanishlari I.P.Pavlovning nerv jarayonlarining irradiatsiyasi, konsentratsiyasi hamda induksiyasi qonunlari zamirida ro‘y beradi. Bu qonunlar turli yo‘sindagi muvaqqat bog‘lanishlar, assotsiatsiyalar qanday yuz berayotganini, qanday shart-sharoitda tormozlanishini (qo‘zg‘alishini), muvaqqat bog‘lanishlarning yo‘qolayotgani yoki paydo bo‘layotganini tushuntirish imkonini beradi.
Psixofiziologik qonuniyatlarga binoan miyaning funksiyasi muvaqqat nerv bog‘lanishlarining birlashish mexanizmi hamda analizatorlar faoliyati mexanizmlari ta’sirida hosil bo‘ladi. Yuqoridagi ta’limotga ko‘ra, har ikkala mexanizm hayvonlarning tashqi olamga munosabatini aks ettiradi. Shuning uchun psixik faoliyat voqelikni aks ettirishdan, oliy nerv faoliyatining tashqi olamni timsollar sifatida ifodalashdan iboratdir.

  1. Psixikani tadqiq etish insonning butun (Yosh davrlari idagi) ongli faoliyatini – uning ham nazariy, ham amaliy hayot faoliyatini o‘rganishdir. Odam zotining ongliligi uning turli-tuman faoliyatida (o‘yin, mehnat, o‘qishda), xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Inson shaxsi har xil shakl va mazmunga ega bo‘lgan nazariy hamda amaliy faoliyatlarda tarkib topa boradi. Bunda muhit, irsiy belgilar, shaxslararo munosabatlar, tarbiya asosiy omillar hisoblanadi.

Inson o‘zi yashab turgan davrni, moddiy turmushni aks ettiradi, ijtimoiy-siyosiy muhit ta’siri ostida bilimlarni o‘zlashtirib boradi, ijtimoiylashadi, tarixan o‘zgaradi. Yosh davrlari da uning his-tuyg‘ulari, xarakteri, qobiliyati, iqtidori, iste’dodi, tafakkuri, ehtiyojlari, e’tiqodlari, uni faollikka da’vat qiluvchi harakat motivlari, istaklari, tilaklari, xohishlari, pozitsiyasi ham asta-sekin o‘zgarib boradi.
4. Insonning bilish faoliyati (jarayonlari) rivojlanishi unga o‘zini qurshab turgan borliqni yanada chuqurroq, to‘g‘riroq, to‘laroq va aniqroq aks ettirish imkoniyatini yaratadi va u borliqning asl mohiyatini, turli yo‘sindagi o‘zaro bog‘lanishlari, murakkab munosabatlar va aloqalarni tobora aniqroq yoritadi. Shu bilan birga, mazkur jarayonlarda shakllanib kelayotgan insonning borliqqa, voqelikka, jismlarga, kishilarga va o‘ziga munosabati vujudga keladi.
5. Inson ongining rivojlanishi uning tashqi olamni faol aks ettirishda namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot ta’limoticha, insonning moddiy turmushi u hayot kechirayotgan tuzumning moddiy asosigina emas, balki uni qurshab olgan odamlarning turmush tarzlari, umuminsoniy qiyofalari, e’tiqodlari, dunyoqarashlari, ijtimoiy voqelikka munosabatlari, intilishlari, faoliyatlari, ijod mahsullari va xatti-harakatlarining majmuasidir.
6. Insonning borliqni (voqelikni) aks ettirishi – faol jarayondir. Ma’lumki, inson zotining rivojlanishi ob’ektiv borliqqa (voqelikka) va o‘ziga faol ta’sir ko‘rsatishida sodir bo‘ladi. Bolaning katta yoshdagi kishilar tashkil qiladigan amaliy faoliyati, masalan, o‘yini, kuzatishi, mehnati, o‘qishi, adabiy asarni mutolaa qilishi hamda qiziqishining barqarorlashuvi, iqtidorining takomillashishi uning psixik rivojlanishini ifodalaydi.
Bolaning nutqni egallashi uning bilish jarayonlari (sezgi, idrok, tasavvur, xotira, tafakkur va xayolini) hamda amaliy faoliyatini (o‘qish, o‘yin va mehnatini) keskin o‘zgartiradi. Bu o‘zgarishlar, ayniqsa ilk bolalik davrida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Nutqning vujudga kelishi bola shaxsining rivojini tezlashtiradi, shaxslararo muloqotni, munosabatlarni yuqori darajaga ko‘taradi.
Rivojlanish, taraqqiyot, kamolot inson shaxsining tarkib topishi jarayonidir. Rivojlanish o‘zaro uzviy bog‘liq qator bosqichlarda amalga oshadi. Bola aql-zakovatining ko‘rsatkichi, sifati, xarakteri uning atrofdagi odamlar bilan kundalik munosabatlari va amaliy faoliyatida vujudga keladi, o‘zaro ta’sir (savol-javob) natijasida unda aqlning ijodiy mahsuldorligi, teranligi, tezligi orta boradi. Hozirgi davrda insonning rivojlanishini yanada jadallashtiruvchi vositalar mavjud va uning aqliy o‘sish darajasini test (sinov)lar bilan aniqlash mumkin. Yosh davrlari psixologiyasi predmeti ta’lim rivojlanishni o‘z ketidan ergashtirib boradi (L.S.Vigotskiy), degan qoidaga amal qiladi. Bizningcha, XXI asrda bu talqinni o‘zgacha tarzda ifodalash maqsadga muvofiq: taraqqiyot ta’limni o‘z ortidan etaklaydi (Ye.G‘oziev).
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda va insonnnng Yosh davrlari ida psixik rivojlanishini mukammal bo‘lmasa-da, ochib berish imkoniyatiga ega bo‘lgan umumiy, nazariy qoidalar, ya’ni prinsiplar mavjud. Ana shu prinsiplar asosida turli yosh va jinsdagi odamlarda olib boriladigan ilmiy tadqiqot ishlarida metodologik va metodik xatolarga kamroq yo‘l qo‘yiladi. Shunday ishlarda inson tug‘ilganidan umrining oxirigacha qanday o‘zgarib borishi to‘g‘risida ma’lumot to‘plash mumkin.
Umuman, psixologiyada inson psixikasini tadqiq qilish metodlarining turli tasnifi mavjud. Shular to‘g‘risida umumiy psixologiya kursida keng ma’lumotlar berilgan. Yosh davrlari va differensial psixologiya fani ham psixologiyaning boshka sohalari singari o‘ziga xos ilmiy tadqiqot metodlariga ega. Quyida sobiq ittifoq psixologi B.G.Ananev tavsiya qilgan klassifikatsiyasiga asoslangan holda mazkur metodlarning xususiyatlarini yoritishga harakat qilingan.
B.G.Ananev psixikani o‘rganish metodlarini to‘rt guruhga ajratib, ularni tashkiliy, empirik (amaliy), natijalarni qayta ishlash yoki statistik natijalarni sharhlash metodlari deb nomlagan. Bu guruhlar o‘zining maqsad va vazifasi bo‘yicha yana bir nechta toifa xamda turlarga bo‘linadi. Quyida mazkur metodlarning umumiy va o‘ziga xos xususiyatlari hamda qiyosiy tavsifi berildi.
Tadqiqot metodlarining birinchisi, ya’ni tashkiliy guruhi o‘z ichiga qiyoslash, longityud (uzluksiz), kompleks (ko‘pyoqlama) deb atalgan turlarni oladi. Qiyoslash metodidan umumiy psixologiya, sotsial psixologiya (katta yoki kichik guruhlarni hamda ularning har xil toifalarini o‘zaro taqqoslash), tibbiyot psixologiyasi (sog‘lom va bemor kishilarning psixik xususiyatlarini qiyoslash), sport psixologiyasi (sportchilarning holati, uquvliligi va ishchanligini o‘zaro taqqoslash) kabi fanlarda unumli foydalaniladi.
Yosh davrlari psixologiyasida esa qiyoslash metodi turli yoshdagi odamlarning bilish jarayonlari, shaxs xususiyatlari, bilimlarni o‘zlashtirishi, aqliy qobiliyati, salohiyati, rivojlanish dinamikasi, jinslarning tafovutlari va o‘ziga xosligi kabilarni o‘rganishda qo‘llanadi. Psixologlardan L.S.Vigotskiy, P.P.Blonskiy, AA.Smirnov, B.G.Ananev, D.B.Elkonin, P.Ya.Galperin va ularning shog‘irdlari olib borgan tadqiqotlar (chaqaloqlik, go‘daklik, ilk bolalik, kichik maktab yoshi, o‘smirlik, o‘spirinlik yosh davrlarini o‘zaro solishtirish) shu metoddan foydalanib amalga oshirilgan. Keyingi yillarda xalq ta’limi tizimi va ishlab chiqarishda «inson omili» muammosining ko‘tarilishi, vaqt taqchilligi, ishchanlik imkoniyati, psixologik moslik masalalarining alohida ahamiyat kasb etishi mazkur metodni keng qo‘llashni taqozo etmoqda. Bundan tashqari, tajribada olingan ma’lumotlarning ishonchliligini oshirishda ham qiyoslash metodi qo‘llanadi. Ayniqsa, sinaluvchilardagi o‘zgarishlarni ajratib olib qarash, tadqiqotning bosqichlarini alohida-alohida tahlil qilish, masalan, tajribaning birinchi bosqichi turli yoshdagi va jinsdagi odamlarga qanday ta’sir etganini aniqlash va hokazolar bu metodga diqqat-e’tibor ortib borayotganidan dalolatdir.
Yosh davrlari psixologiyasida qiyoslash metodi bilan bir davrda longityud (uzluksiz) metodi ham qo‘llanadi. Uning boshqa metodlardan farqi bir yoki bir nechta sinaluvchilar uzoq muddat, hatto, o‘n yillab tekshirilishidir. Longityud metodidan psixologlardan nemis V.Shtern, fransuz R.Zazzo, rus psixologlari N.A.Menchinskaya, A.N.Gvozdev, N.S.Leytes, V.S.Muxina va boshqalar ko‘p yillardan beri foydalanmoqdalar.
Mazkur metod orqali bir xil jinsli (Hasan-Husan, Fotima-Zuhra) yoki aralash jinsli (Hasan-Zuhra, Fotama-Husan) egizaklar kuzatilgan. Shuning uchun qator tadqiqotlarning "ona kundaligi" (N.A.Menchinskaya, V.S.Muxina) deb nomlanishi bejiz emas. Uzoq vaqt bir shaxsni (kichik guruhni) kuzatish unda paydo bo‘layotgan yangi fazilatlarning rivojlanish dinamikasini, xulq-atvoridagi illatlarni (xatti-harakat) va ularning oldini olish tadbirlarini, murakkab psixologik munosabatlari, ichki bog‘lanish qonuniyati, mexanizmi to‘g‘risida mukammal, ishonchli, barqaror ma’lumotlar to‘plash imkonini yaratadi.
Longityud metodi yordamida sub’ektiv omillarning o‘ziga xosligini, ob’ektiv shart-sharoitlar va ijtimoiy muhitning sinaluvchiga ta’siri o‘rganiladi. Chunonchi, egizaklarning o‘xshashligi va tafovuti, ta’sirlanishi, his-tuyg‘usining o‘zgarishi, kishilar o‘rtasidagi individual farqlar (ishchanligi, temperamenti, oliy nerv faoliyati tizimi va hokazolar) bo‘yicha ma’lumotlar olish longityud metodi bilan amalga oshadi.
Hozirgi davrda fan va texnika taraqqiyoti psixologik tekshirishlarning ilmiyligini yanada oshirish uchun (sub’ektiv omillarning ta’sirini kamaytirish maqsadida) yaxlit dastur asosida boshqa fanlar (tibbiyot, fizika, fiziologiya, biologiya, sotsiologiya, kibernetika, statistika, falsafa, mantiqva hokazolar) bilan birgalikda tadqiqot ishlari olib borishni taqozo etmoqda. Amaliy yo‘sindagi ilmiy-tadqiqot ana shu ko‘p qirrali (kompleks) yondashishni talab qiladi. Psixologiya sohalarida (psixofiziologiya, kosmos, tibbiyot psixologiyasi, muhandislik yoki aviatsiya psixologiyasida, tadqiqot ob’ektiga tizimli yondashish tamoyili amalga oshirilmoqda. Kompleks metod yordamida o‘rganilayotgan ob’ektdagi o‘zgarishlar turli nuqtai nazardan tahlil qilinadi yoki ularga har xil yondashiladi. Masalan, bolada oddiy bilimlarni o‘zlashtirish xususiyati psixologik jihatdan tekshirilayotgan bo‘lsa, kompleks yondashish ta’sirida ana shu o‘zlashtirishning falsafiy, mantiqiy, fiziologik, ijtimoiy, biologik xususiyatlari yoritiladi. Aytaylik, keksayishning biologik omillarini o‘rganish uning psixologik, fiziologik, mantiqiy jihatlarini yoritishga xizmat qiladi.
Kompleks dastur yordamida amalga oshirilgan tadqiqot natijalari ilmiy ahamiyatga molik bo‘lib, insonshunoslik muammolarini hal qilishda katta yordam beradi.
Ilmiy tadqiqot metodlarining ikkinchi guruhi empirik metodlardan iborat bo‘lib, bu guruhga kuzatish (o‘zini o‘zi kuzatish), eksperiment (tabiiy, laboratoriya), test, anketa, so‘rov, sotsiometriya, suhbat, intervyu, faoliyat jarayoni va uning mahsulini tahlil qilish, tarjimai hol (shaxsiy guvohnoma, hujjat, turmush faoliyati voqealarini tahlil qilish) kabilar kiradi va ular sinash, tekshirish, diagnoz (aniqlash) va prognoz (oldindan belgilash) vazifalarini bajaradi. Insonda tug‘ilganidan umrining oxirigacha sodir bo‘ladigan psixologik o‘zgarishlarni chuqurroq va ob’ektivroq tadqiq etish uchun empirik metodlardan navbati bilan foydalanish yaxshi natija beradi.
Ilmiy tadqiqot metodlarining uchinchi guruhi natijalarni qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, ular statistik (miqdor) va psixologik (sifat) tahlil turlariga bo‘linadi. Psixologik-pedagogik tadqiqotlarda ko‘pincha quyidagi statistik metodlar qo‘llanadi:
To‘plangan miqdorlarni ishlab chiqishda mana bu formulalarni qo‘llash mumkin:
1) M=υ/n formulasi o‘rtacha arifmetik qiymatni topish uchun ishlatiladi. M – yig‘indi, υ – variatsion miqdor, n – sinaluvchilar yoki ob’ektlarning sanog‘ini bildiradi.
2) σ=√s/n - 1 formulasi son qatoridagi o‘rta kvadrat og‘ishni hisoblashda yoki standart og‘ishni aniqlashda ishlatiladi. σ – kvadratik og‘ish, s – dispersiya, n – miqdor.
3) S =∑ (υ - M)2 – son qatoridagi miqdorlar tarqoqligini aniqlash formulasi. U ba’zan "S" – dispersiya deb ham ataladi.
4) Psixologik tajribalarda olingan miqdorning, qo‘llangan metodikaning ishonchlilik darajasini aniqlash uchun Styudent mezonidan foydalanish mumkin: t=(X-X)/ σ, bunda t–ishonchlilik belgisi, X–son qatoridagi yuqori ball, X– o‘rtacha arifmetik miqdor, σ– kvadratik og‘ish alomati.
Psixologik tajribalarda Merdokning ko‘chish foizlarini aniqlovchi formula: (ε-S)/( ε-S) • 100, bunda ε – sinaluvchilarning to‘g‘ri va noto‘g‘ri javoblarini hisoblashga xizmat qiladi. Ikkala miqdorning nisbati birining ikkinchisidan qay darajada yuqori ekanini ko‘rsatadi. Bunda "S" – nazorat, tajriba guruhini anglatadi.
Tafakkurning so‘z-mantiq tejamkorligi xususiyatini aniqlashda quyidagi formula qo‘llanadi (Z.I.Kalmikova tadqiqotlarida): TST=εR1/εR2
εR1–sinaluvchilar topshiriqni bajargani uchun olgan ballar yig‘indisi; εR2–sinaluvchilar maksimal darajada ballar to‘plashi mumkin bo‘lgan imkoniyatlar. Topshiriq echimi uch balli shkala bilan o‘lchanadi. To‘g‘ri echgani uchun "2" ball, noto‘g‘ri echgani, echishga intilgani uchun "1" ball va nihoyat mutlaqo echmagani uchun "0" ball qo‘yiladi.
Yuqoridagi statistik metodlar tajribalarda olingan qiymatlarning ishonchlilik darajasini aniqlashga xizmat qiladi. Bunday metodlar haddan tashqari ko‘p va biz ularning eng soddalariga to‘xtab o‘tdik, xolos.
To‘plangan materiallarni psixologik tahlil qilish metodi mazkur fan uchun alohida ahamiyatga ega. Unda aniqlovchi, tarkib toptiruvchi (tarbiyalovchi), tekshiruvchi tajribalarda olingan har xil shakldagi ma’lumotlar turli prinsip, pozitsiya, ko‘p qirrali (kompleks) va yaxlit (sistemali) yondashishga asoslanib mantiq yordamida psixologik tahlil qilinadi. Barcha fikr va mulohazalar ishonchli omillar orqali isbotlab beriladi, psixologik qonuniyat, qonun, xususiyat, xossa, holat va kamolotning o‘ziga xosligi asoslanadi. Material alohida guruhlar va sinflarga ajratiladi, psixologik voqelikning boshqa jihatlari bilan uzviy sababiy bog‘liqligi, ichki murakkab munosabati bayon qilinadi, sinaluvchilar muayyan toifalarga kiritiladi va tadqiqotdan yakuniy xulosa chiqariladi.
Ilmiy tadqiqot metodlarining to‘rtinchisi – sharhlash guruhi genetik va donalash metodlaridan iboratdir. Genetik metod bilan tadqiqot davomida to‘plangan ma’lumotlar yaxlit holda maqsadga muvofiq yo‘sinda sharhlanadi. Bu metoddan foydalanishning asosiy maqsadi – sinaluvchida vujudga kelayotgan yangi shaxs fazilatlarining rivojlanishi va bilish jarayonlarining o‘zgarishiga tajriba natijasiga suyangan holda ta’rif hamda tavsif berishdir. Shuningdek, bunda mazkur fazilat va xususiyatlarning namoyon bo‘lish davri, bosqichi hamda ba’zi mashaqqatli daqiqalarga, paytlarga qo‘shimcha sharhlar berish imkoniyati tug‘iladi.
Genetik metodga asoslanib psixik o‘zgarishlar bilan rivojlanish bosqichlarining bevosita bog‘liqligining ildizi aniqlanadi. Tanlash metodi bilan tadqiqot ob’ektiga kirgan shaxs psixikasidagi barcha o‘zgarishlar, o‘ziga xoslik, o‘zaro aloqa, o‘zaro ta’sir va uyg‘unlikning o‘zaro bog‘lanishlari o‘rganiladi. Jumladan, inson nutqini idrok qilish uchun sezgi, idrok, xotira, tafakkur jarayonlarining bir paytda birgalikda qatnashishi bunga yorqin misoldir. Bunda har bir bilish jarayonining ulushi ifodalanadi yoki uning ahamiyati alohida ta’kidlanadi, ularning o‘zaro bog‘liqligi asoslab beriladi.
Lekin tajribada to‘plangan ma’lumotlarni sharhlash uchun yuqoridagi metodlarning o‘zi etarli emas. Buning uchun uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida yig‘ilgan materiallar maxsus bosqichlarga ajratib sharhlanadi. Tadqiqotning birinchi – tayyorlov bosqichida kashf qilinadigan psixologik qonun yoki qonuniyat to‘g‘risidagi taxmin, faraz tahlil qilinadi. Tadqiqotning ikkinchi bosqichida tajriba o‘tkazish prinsipi, sharoiti, ob’ektiv va sub’ektiv omillar bo‘yicha mulohaza yuritiladi. Uchinchi bosqichda esa olingan miqdoriy natijalar qayta ishlanadi va bu ham o‘z navbatida to‘rt pog‘onaga bo‘linadi: a) empirik materialni birlamchi tahlil qilish: alohida olingan yoki topilgan omil, alomat, ko‘rsatkich, mexanizm, xususiyat sharhlanadi; b) tahlil qilingan miqdoriy materiallar bilan tadqiqot gipotezasi alohida sharhlanadi; v) ikkilamchi tahlil; barqaror, ustun dalillar ajratiladi; g) ikkilamchi sintez: psixologik qonun, qonuniyat, topilgan dalil, omil bilan tadqiqot gapotezasini birlashtirib maxsus xulosa chiqariladi.
To‘rtinchi bosqich – sharhlashda har bir fakt, alomat, ko‘rsatkich, mexanizm, xossa psixologik jihatdan so‘z-mantiq orqali tahlil qilinadi. Barcha ilmiy-amaliy mulohazalar isbotlanadi, buning natijasida hech bir shubhaga, e’tirozlarga o‘rin qolmaydi. Ana shu bosqichda tadqiqot yakunlanadi, zarur xulosalar chiqariladi, amaliy tavsiyalar beriladi, o‘rganilishi zarur muammoning ahamiyati va istiqboli to‘g‘risida mulohaza qilinadi.
Yendi tajribada eng ko‘p qo‘llanadigan empirik metodlar haqida kengroq ma’lumot beramiz.
Kuzatish metodi. Yosh davrlari psixologiyasida bu metodning ob’ektiv (tashqi) va sub’ektiv (o‘zini o‘zi) kuzatish turlari bor. Inson psixikasidagi o‘zgarishlarni har xil vaziyatlarda kuzatish uchun quyidagilar amalga oshiriladi: 1) kuzatishning maqsadi, vazifasi belgilanadi; 2) kuzatiladigan ob’ekt tanlanadi; 3) sinaluvchining yoshi, jinsi, kasbi aniqlanadi; 4) tadqiqot o‘tkazish vaqti rejalashtiriladi; 5) kuzatish qancha vaqt davom etishi qatiylashtiriladi; 6) kuzatish insonning qaysi faoliyatida (o‘yin, o‘qish, mehnat, sportda) amalga oshirilishi tavsiya qilinadi; 7) kuzatishning shakli (yakka, guruh, jamoa bilan o‘tkazilishi) tayinlanadi; 8) kuzatilganlarni qayd qilib borish vositalari (kundalik, suhbat daftari, kuzatish varaqasi, magnitofon, videomagnitofon, kinokamera, mobil telefon va boshqalar) tayyor qilinadi.
Kuzatish orqali turli yoshdagi odamlarning diqqati, his-tuyg‘ulari, nerv sistemasining tashqi ifodalari, temperament xususiyatlari, imo-ishoralari, sezgirligi, xulq-atvori, nutq faoliyati va hokazolari o‘rganiladi. Ammo o‘ta murakkab ichki psixologik kechinmalar, yuksak hissiyotlar, tafakkur, mantiqiy xotira va aql-zakovatni tadqiq etishga bu metodning imkoni etmaydi. Masalan, go‘dak bolani kuzatishda uning harakatlari, o‘yinchoqlarga munosabati, his-tuyg‘usi, talpinishi, mayli, xohish tahlili aniqlanadi. O‘quvchining darsdagi holatini kuzatishda esa diqqatining xususiyati, tashqi qo‘zg‘atuvchi bilan ta’sirlanishi, temperamenti, xatti-harakatining sur’ati, emotsional kechinmasining o‘zgarishi to‘g‘risida ma’lumotlar to‘plashga imkoniyat tug‘iladi. O‘spirin yoshlarning sport faoliyatini kuzatish orqali ularning irodasi, ishchanligi, his-tuyg‘usining o‘zgarish xususiyatlari, g‘alabaga intilishi, o‘zining harakatini idora qila olishi yuzasidan materiallar yig‘ish mumkin. Ishchining dastgoh yonidagi faoliyatini kuzatish natijasida uning o‘z diqqatini taqsimlashi, qiyin damlarda o‘zini tutishi, imo-ishoralari, tashqi qo‘zg‘atuvchidan ta’sirlanish darajasi haqida keng ma’lumotlar yig‘iladi. Keksalarning muloqot jarayonini kuzatish ularning xarakteri, nutq faoliyati, his-tuyg‘usi, ekstravertivligi yoki introvertivligi, qiziquvchanligi va ruhiyatining boshqa xususiyatlarini aniqlash demakdir.
Tashqi kuzatishda ba’zan tafakkur bo‘yicha ham ma’lumotlar olish: ish ustidagi kayfiyatini, fikrning muayyan ob’ektga yo‘naltirilganini, tashqi qo‘zg‘atuvchilar ta’siriga berilmaslikni, chehradagi tashvish va iztirobni, ko‘zdagi g‘ayritabiiylikni, shuningdek, sinchkovlik, teranlik, termulish kabi ruhiy holatlarni kuzatib, tafakkurning kechishidagi o‘zgarishni aniqlash mumkin. Bulardan tashqari, qo‘lning titrashi, asabiylashish, nutqning buzilishi, hissiyotning beqarorlashuvi ham inson ruhiyatidagi o‘zgarishlar bo‘yicha ma’lumot beradi.
Psixologiya fanida o‘zini o‘zi kuzatishdan (introspeksiyadan) ham foydalaniladi. Ko‘pincha tajribali psixolog yoki o‘rta, maxsus o‘rta va oliy ta’lim tizimidagi yuqori malakali mohir o‘qituvchi o‘zini o‘zi kuzatish orqali ilmiy xulosa chiqara biladi. Masalan, o‘z tafakkurini kuzatib o‘zidagi emotsional o‘zgarish haqida, shuningdek, tafakkurning ichki mexanizmlari vujudga kelishi va kechishi haqida ma’lumot oladi. Fikrlash faoliyati zaiflashganini sezadi. Natijada tafakkurning sifati, mazmuni, mohiyati va qay tarzda, qanday tezlikda, qay shaklda ro‘y berishini kuzatadi.
Uzoq va yaqin chet el psixologiyasida o‘zini o‘zi kuzatishning inson ruhiyatini o‘rganishdagi rolini ifodalovchi ilmiy-amaliy materiallar to‘plangan. Introspeksiya yo‘nalishining yirik namoyandalari o‘zlarini o‘zlari kuzatganlar va to‘plagan materiallarini tahlil qilib umumiy psixologik qonuniyatlarni yaratishga harakat qilganlar. Lekin inson turli vaziyatlarda o‘zini bir xil boshqara olmaydi va shuning uchun bu metodning ilmiy ahamiyati unchalik katta emas, lekin hozirgi zamon elektron apparatlari bu jarayonni kuchaytirish imkoniyatiga ega.
Shunday qilib, kuzatish metodining qulay va samarali jihatlari bilan birga zaif tomonlari ham mavjud. Shu sababli insonning murakkab psixikasi boshqa metodlardan foydalanib tadqiq qilinadi.
Suhbat metodi. Bu metod bilan inson psixikasini o‘rganishda suhbatning maqsadi va vazifasi belgilanadi, uning ob’ekti va sub’ekti tanlanadi, mavzusi, o‘tkaziladigan vaqti aniqlanadi, yakka shaxslar, guruh va jamoa bilan o‘tkazish rejalashtiriladi, o‘rganilayotgai narsa bilan uzviy bog‘liq savol-javob tartibi tayyorlanadi. Suhbatning bosh maqsadi muayyan bir vaziyat yoki muammoni hal qilish jarayonida inson psixikasidagi o‘zgarishlarni o‘rganishdir. Suhbat orqali turli yoshdagi odamlarning tafakkuri, aql-zakovati, xulq-atvori, qiziqishi, tiyrakligi, bilim saviyasi, e’tiqodi, dunyoqarashi, irodasi to‘g‘risida ma’lumotlar olinadi, Suhbat chog‘ida o‘zaro izchil bog‘langan savollar beriladi:
– Xotira deb nimani aytiladi?
– Xotira idrok qilingan narsa va hodisalarni esda qoldirish, mustahkamlash hamda zarur vaqtda esga tushirishdan iborat psixik jarayondir.
– Xotiraning nerv-fiziologik asoslari nimalardan iborat?
– Xotiraning nerv fiziologik asoslari bosh miya katta yarim sharlari qobig‘ida muvaqqat nerv-bog‘lanishlarining hosil bo‘lishi, mustahkamlanishi va keyinchalik faollashuvidir.
– Xotiraning samaradorligi nimalarga bog‘liq?
– esda olib qolishda harakatning tugallanmaganligiga, shaxsning qiziqishi va mayllariga, faoliyatga munosabati, kayfiyati va irodaviy zo‘r berishiga, xarakterologik sifatlariga bog‘liq.
– Xotiraning qanday turlari mavjud?
– Harakat, obrazli, so‘z-mantiq, emotsional, qisqa va uzoq muddatli, operativ, ixtiyorsiz, ixtiyoriy, produktiv, reproduktiv, faol va sust xotira turlari bor.
Suhbat paytida fikrlar mantiqiy izchillikka ega bo‘lishi shart. Biroq mashg‘ulot sinaluvchilarni toliqtirib qo‘ymasligi, ularning yoshiga, saviyasiga, mutaxassisligiga mutlaqo mos bo‘lishi zarur.
Dialog shaklidagi suhbatlar ham o‘z ko‘lami, mohiyati, mazmuni, shakli, xususiyati, sur’ati, mavzusi, ob’ektga yo‘nalganligi bilan bir-biridan farqlanadi. Suhbatning yana bir turiga misol:
– Opajon, eson-omon yuribsizmi? Uydagilaringiz yaxshimi?
– Opang qoqindiq, ming qatla shukur, tinch yuribmiz.
– Nechuk, qanday shamol uchirdi?
– Ko‘zimdan o‘taverding, o‘taverding, keyin yo‘lga otlandim.
– Qiynalmasdan etib keldingizmi?
– Aytarli qiynalmadim. Avval avtobusga, so‘ng tramvayga o‘tirdim, lekin metroga tushgim kelmadi.
Suhbat metodining yuqorida ta’kidlangan ijobiy jihatlari bilan birga ayrim zaif tomonlari ham mavjud. Qaytariq so‘zlar, «g‘alis» iboralar, nutqning tezligi, fikrning mavhumligi, zerikarliligi muvaffaqiyatsizlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, savol-javobning bir xil shaklda emasligi, sinaluvchida o‘ziga xos ishlash uslubi, oshkoralik etishmasligi, iymanish, uyalish atroflicha ma’lumotlar olishni qiyinlashtiradi va shu sababli boshqa metodlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.
Faoliyat mahsulini tahlil qilish metodi. Inson xotirasi, tafakkuri, qobiliyati va xayolining xususiyatlarini aniqlash maqsadida bu metod Yosh davrlari psixologiyasida keng qo‘llanadi. Bolalar chizgan rasmlar, yasagan o‘yinchoqlar, modellar, yozgan she’rlarni tahlil qilish orqali ularning mantiqiy xotirasi, tafakkuri, texnik, badiiy va adabiy qobiliyati, ijodiy xayoli yuzasidan materiallar to‘plash mumkin. Mazkur metoddan foydalanishda mahsulotni yaratgan shaxs bevosita ishtirok etmaydi. Ob’ekt bilan sub’ekt o‘rtasida muloqot o‘rnatish uchun shaxsning psixikasi to‘g‘risida sirtdan muayyan hukm va xulosa chiqariladi. Ijodiy faoliyat mahsullariga kundalik, sxema, ixtiro, diagramma, kashfiyot, qurilma, asbob, texnik model, moslama, milliy kashtachilik, hunarmandchilik, zargarlik buyumlari, referat, kurs va malakaviy bitiruv ishlari, ilmiy ma’ruza, konspekt, taqriz, tezis, maqola, ko‘rsatmali qurollar, loyiha, magistrlik, nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalari va hokazolar kiradi. Bular turli yoshdagi va jinsdagi odamlar, har xil kasb egalari tomonidan yaratilgan bo‘lishi va shunga ko‘ra shakli, mazmuni, sifati, originalligi, katta-kichikligi, xususiyati, mazmun-mohiyati bilan bir-biridan keskin tafovut qilishi mumkin.
Ijodiy faoliyat mahsullarini tahlil qilish orqali bolalar, o‘quvchilar, talabalar, konstruktorlar, olimlar, hunarmandlar, ishchilar, keksa yoshdagi qariyalar psixik xususiyatlari, mahorati, salohiyati, ijodiyoti to‘g‘risida ma’lumotlar to‘plash mumkin. Lekin insondagi psixik o‘zgarishlar, kamol topish va bularning kechishini ifodalovchi materiallar yig‘ish uchun bu metodning o‘zi etmaydi. Shuning uchun inson psixikasini o‘rganish maqsadida boshqa metodlardan ham foydalanish ma’qul.
Test metodi. Test – inglizcha so‘z bo‘lib, sinash, tekshirish, demaqdir. Shaxsning aqliy o‘sishini, qobiliyatini, irodaviy sifatlari va boshqa psixik xususiyatlarini tekshirishda qo‘llanadigan qisqa standart masala, topshiriq, misol, jumboqlar test deb ataladi. Test, ayniqsa, odamning qanday kasbni egallashi mumkinligini, kasbga yaroqliligi yoki yaroqsizligini, iste’dodlilar va aqli zaiflarni aniklashda, kishilarni saralashda keng qo‘llanadi. Test metodining qimmati tajribaning ilmiylik darajasiga, tekshiruvchining mahoratiga va qiziqishiga, yig‘ilgan psixologik ma’lumotlarning ob’ektivligi va ularni ilmiy qila bilishga bog‘liqdir.
1905 yildan, ya’ni fransuz psixologi A.Bine va uniig shog‘irdi T.Simon insonning aqyaiy o‘sish va iste’dod darajalarini o‘lchash imkoniyati borligi g‘oyasini olg‘a surganidan keyin psixologiyada test metodi qo‘llana boshlandi.
Chet el psixologlari testlarni shaxsning iste’dod darajasini aniqlash vositasi deb biladilar. Biroq test tekshirilayotgan hodisalarning psixologik mezoni hisoblanmaydi. ma’lumki, bir muammoning echimini izlash turli psixologik vositalar bilai amalga oshiriladi. Chet el testologlari tadqiqot ob’ektlarini o‘zgartirib turadilar va qobiliyat, tafakkur, bilim, ko‘nikma hamda malakalarni aralash holda o‘rganishga intiladilar. Sinash jarayonida sinaluvchilarning emotsional holati va salomatligiga bog‘liq ruhiy kechinmalarni inobatga olmaydilar. Psixologlar K.M.Gurevich, VA.Krutetskiy va boshqalar qo‘llaydigan testlar tubdan boshqacha prinsip asosida tuzilgan. Ular testlarning tafakkur ko‘rsatkichi (indikatori) bo‘lishi uchun harakat qildilar va muayyan yutuqlarga erishdilar. Shuningdek, tafakkur jarayonining sifat xususiyatlarini bilmay turib, qobiliyatning mohiyatini yoritib bo‘lmaydi, degan qoidaga amal qilgan holda testlardan foydalanmoqdalar.
Hozirgi davrda nodir testlar qatoriga psixologlardan G.Rorshax, S.Rozensveyg, R.Kettell, D.Veksler, G.Meyli, G.Ayzenk, A.Anastazi, J.Raven, G.Myurrey, R.Amtxaer, M.Rokich, J.Rotter, M.Lyusher, J.Gilford va boshqalar ijodining namunalarini kiritish mumkin. Eng keng tarqalgan testlar qatoriga yutuqqa erishish (maqsadga etish) testlari (ular darsliklarda berilgan va bilim, malaka darajalarini baholashga qaratilgan), intellekt testlari (aqliy rivojlanish darajasini o‘lchashga mo‘ljallangan), shaxs testlari (inson irodasi, emotsiyasi, qiziqishi, motivatsiyasi va xulqini baholashga yo‘naltirilgan diagnostik usullardan iboratdir), shaxs "loyihasi" (proektiv) testlari (savollarga bitta aniq javob berish talab qilinadi, javoblarni tahlil qilib shaxs xususiyatining "loyihasi" ishlab chiqiladi) kiradi.
Bizningcha, testlarni quyidagi guruhlarga ajratish maqsadga muvofiq:
1) natijaga erishuv testlari (bilimlar, ko‘nikma va malakalar aniqlanadi; ular harakat, yozma va og‘zaki testlarga bo‘linadi);
2) intellekt testlari;
3) kreativlik (ijodiyot) testlari;
4) kriterial–orientir testlari (mezoniy mo‘ljalga yo‘naltirilgan);
5) shaxs testlari;
6) iste’dod (qobiliyat) testlari;
7) proektiv testlar (syujetli testlar, rasm testlari, chizilgan va chizish talab qilinadigan testlar);
8) kognitiv testlar.
Psixologiya fanida testlashtirish mana bu ijtimoiy tuzilmalarga yo‘naltiriladi: a) uzluksiz ta’lim tizimiga; b) kasbiy tayyorlash va saralashga; v) keng ko‘lamli psixologik maslahatga.

Yüklə 0,65 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   54




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə