36
YOnbag’irlari tik bo’lgan erlarni noto’g’ri haydash suv eroziyasi jarayonini juda ham tezlashtiradi.
Bunday erlarni ko’ndalangiga haydash, iloji boricha bir yillik ekinlarni kamroq ekish kerak.
Suv eroziyasi – tuproq hosildor ustki qavatining yomg’ir, jala va qor suvlaridan hosil bo’lgan oqimlari
bilan yuvilishidir. Bu xodisa natijasida er yuzasida
chuqurchalar, jarlar hosil bo’ladi.
Suv eroziyasining xavfli turlaridan biri sel hodisasidir. Kuchli jala natijasida vujudga keladigan oqim
bo’lib, tuproqni yuvish bilan birga o’z yo’lida uchragan hamma narsani olib ketadi, juda ko’p erlarni ishdan
chiqaradi. Natijada qishloq xo’jaligi katta zarar ko’radi. Shamol eroziyasini - defalyatsiya deb ham ataladi,
yunon tilidan olingan bo’lib – puflayman degani.
Bunda er yuzasidagi tuproq va jinslarning mayda, kuruq zarrachalari shamol tasirida emirilib,
uchirilib, boshqa joylarga ko’chiriladi. Shamol tuproqning chirindili
ustki hosildor qismini, bazan esa
xaydalgan qismini butunlay uchirib ketadi, natijada tuproqdagi o’simlikning o’sishi uchun zarur elementlar
kamayib, tuproqning hosildorligi juda ham pasayib ketadi va ishdan chiqadi. Shamol eroziyasi O’rta Osiyo
tekislik qismida Qozog’iston, Shimoliy Kavkazda, Rossiya va G’arbiy Sibir tekisliklarining janubida keng
tarqalgan.
Shamol eroziyasining vujudga kelishnga malum rayonda kuchli shamollarning esishi, iqlimning
qurg’oqchiligi, tuproqning mexanik tarkibi
va chirindining kamligi, o’rmonlarni plansiz, kesilishi chorva
mollarini surunkasiga bir joyda boqish va boshqalar asosiy sababchidir.
Agar Qizilqum va Qoraqumda mollar surunkasiga bir joyda boqilsa 3 - 4 yil ichida qum ko’chib
barxanlar vujudga keladi. O’sha barxanlarni to’xtatish uchun o’simliklar ekilsa, 15 - 20 yil kerak bo’ladi.
Shamol eroziyasi maxalliy va chang bo’ronli kabi ikki turga bo’linadi:
Maxalliy shamol eroziyasi - chang bo’ronli bo’lmasdan shamolga ro’para karagan erlarni asta -cekinlik
bilan emirilib, uchirib boradi. Natijada, malum vaqtdan so’ng o’sha joylardagi tuproq kam hosilli
erlarga aylanadi.
Chang bo’roili eroziya - juda kuchli shamol natijasida sodir bo’ladi. Bunda nuragan chang to’zonli
zarrachalar havoga ko’tarilib, havo tarkibini o’zgartirib, qorong’ulashtirib yuboradi. Bunday shamol
eroziyasi har 3 - 5, 10 - 20 yilda qaytarilishi mumkin.
Bu ko’rinishdagi eroziya tufayli 1 - 2 va hatto 2 - 25 sm qalinlikdagi ustki qismi uchib ketadi.
Natijada qishloq xo’jalik ekinlari nobud bo’ladi.
Orol sathining pasayishi tufayli anchagina maydonni tuz bosgan. Chang bo’ronlar sho’r tuzlar
va
qumlarni uzoq masofalarga, jumladan quyi Amudaryoga olib borib, sug’oriladigan erlarning sho’rligini
oshirmoqda.
O’rta Osiyoda shamol eroziyasi natijasida qumlar ko’chib,
barxanlar vujudga kelgan, hosildor vodiylarga
qum bostirib kirishi hollari ham bor. Qumlarning voxaga bostirib kirishi natijasida qadimda obod bo’lgan
Quyi Zarafshon va Quyi Amudaryodagi sug’oriladigan erlarning bir qismi hozir ham qum ostida qolgan.
Suv eroziyasi – ko’proq tog’ oldi va tog’li mintaqalarda, shamol eroziyasi - tekisliklarga imatiladi.
Eroziya jarayonining oldini olmsh va unga qarshi kurash uchun: o’simliklar qoplamini tiklash, agrotexnik
tadbirlarni to’g’ri
olib borish, yashil himoya zonalarini barpo qilish, agrotexnik tadbirlarni rejali o’tkazish
va boshqalar kiradi.
Sug’oriladigan dexqonchilik rayonlarida tuproqlarning sho’rlanishi asosiy ekologik muammolardan
hisoblanadi. Tuproqlarning sho’rlanishi - sug’orishni noto’g’ri olib borganda er osti suvlari sathining
ko’tarilishi natijasida ro’y beradi. Birlamchi va ikkilamchi sho’rlanish kuzatiladi. Ikkilamchi sho’rlanishda
suv kapilyar orqali ko’tarilib, tuzi tuproqda qoladi yoki ortiqcha sug’orish natijasida grunt suvlari erigan
tuzlar bilan sho’rlanadi. Ikkilamchi sho’rlanish ko’proq zarar etkazadi.
O’zbekistonda mavjud sug’oriladigan erlarning 50 % dan ortiqrog’i sho’rlangan. Ayniqsa,
Qorakalpog’iston
Respublikasi, Buxoro, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari tuproqlari kuchli sho’rlangan.
Tuproqda chirindi miqdori 30 - 50 % gacha kamaygan. 2 mln. ga dan ortiq, erlar eroziyaga uchragan.
Bunday erlar Farg’ona, Surxondaryo, Qashkadaryo viloyatlarida keng tarqalgan.
Tuproqlarning pestitsidlar bilan ifloslanish darajasi ham yuqori. Bunga
asosiy sabablardan biri
uzoq vaqt davomida paxta yakka xukmronligidir. Oxirgi yillarda paxta maydonlarining kamaytirilishi,
almashlab ekishning kengroq joriy qilinishi, mineral o’g’itlarni ishlatishni meyorlab sho’rilishi va
boshqa tadbirlar tuproqlar holatining yaxshilanishiga olib kelmoqda.
Sho’rlanishning oldini olish uchun zovurlar o’tqaziladi, erlarning sho’ri yuviladi. Tuproqlarning
botqoqlanishi – asosan namlik ko’p joylarda kuzatiladi. Suv omborlari atrofidaham botqoqlangan
uchastkalar vujudga keladi.
Er yuzasining qurg’oqchil rayonlarida erlarning inson xo’jalik faoliyatida noto’g’ri foydalanish
oqibatida uning tabiiy xususiyatlari yomonlashib cho’llanish jarayoni boshlanadi.
37
20 – asr tarixida Afrikadagi Saxroi Kabirdagi Soxil mintaqasida 1968 - 73 yillarda bo’lib o’tgan
falokatli cho’llashish xodisasi o’chmas iz qoldirdi. Shu yillarda qurg’oqchilik nixoyatda kuchli bo’lgan.
Tabiiy yaylovlar nam etishmasligi tufayli qurib, mahsuldorlik
keskin kamayib ketgan, buta, daraxtlar qurigan.
Oqibatda dexqonchilik yaylov chorvachiligi bir necha yillar mobaynida katta zarar ko’rdi, aholi o’rtasida
ochlik va o’lim avj oldi. Inson tasirida tashkil topgan cho’llarning jami maydoni 9,1 mln. km
2
ni tashkil qiladi.
Cho’llanish Osiyo, Afrika, Avstraliya mamlakatlarida kuchli darajada sodir bo’lmoqda. Olib borilgan
hisob - kitoblarga qaraganda keyingi 20 yil mobaynida butun dunyoda cho’llanish natijasida etkazilgan
umumiy zarar 520 mlrd. AQSh dollarini tashkil qiladi.
Resggublikaning 70 % dan ortiq xududi cho’l va chala cho’l mintaqalarida joylashganligi sababli
sug’oriladigan erlarda sho’rlanish, shamol va suv eroziyasi, yaylovlarda er osti suvlari sathining ko’tarilishi
kabi xodisalar keyingi vaqtlarda katta maydonlarda ro’y bermoqda. Buning oqibatida qishloq xo’jaligida
foydalaniladigan erlarning maxsuldorligi
borgan sari pasayib, oziq vqat, em - xashak, sanoat xom - ashyolarini
etarli miqdorda etishtirib berish murakkablashmoqda.
Cho’llanish hodisasi bilan yagona ilmiy dastur asosida barcha joylarda muntazam kurash olib borish shu
kunning dolzarb masalasiga aylangan. Bu borada O’zbekistonda hozirgacha malum darajada amaliy ishlar
bajarilmoqda. O’zbekistan Respublikasi cho’llanishga qarshi kurash Xalqaro konventsiyasiga imzo chekkan.
Undan tashqari respublikada er va er resurslaridan foydalanishni tartibga solish maqsadida
«O’zbekiston Respublikasida Er to’g’risida»gi qonun qabul qilingan.
Mustaqil ish topshiriqlari:
1. O’zbekistan tuproqlari va ulardan foydalanishning ekologik muammolari
mavzusida referat
tayyorlash.
2.
Yashaydigan joyingizda suvdan foydalanish muammolarini gapirib bering.
Manba: P.Baratov. Tabiatni muhofaza qilish. T. «O’qituvchi» 1991. 124-155 b.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. P.Baratov. Tabiatni muhofaza qilish. T. «O’qituvchi» 1991. 124-155 b.
2. A.A.Rafiqov. Geoekologik muammolar. T. «O’qituvchi» 1997. 111b.
3. X.T.Tursunov. Ekologiya asoslari va tabiatni muhofaza qilish. Tosh. Universitet 1997. 34-37b
4. A.S.To’xtaev. Ekologiya. T. «O’qituvchi», 1998. 50 - 53 b.