Mavzuning dolzarbligi


Tadqiqotning metodologik asosi



Yüklə 23,49 Kb.
səhifə2/3
tarix14.08.2023
ölçüsü23,49 Kb.
#120576
1   2   3
autizim

Tadqiqotning metodologik asosi. Hozirgi kunda yordamga muhtoj bolalar va yosh o‘smirlarning ta’limiy, uslubiy yordam olishlari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida davlatimiz tomonidan turli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Sog‘lom avlod ota-ona faxridir. Sog‘lom avlod orzusi ming yillardan beri ajdodlarimizdan o‘tib kelayotgan oilamiz, hayotimiz, intilishlarimiz mohiyati asosiga aylanib ketgan, millatimizga xos ezgu qadriyatga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-64-65-66 bandlari, “Sog‘lom avlod uchun” Davlat Dasturining 6/41 bandi, “Oila kodeksi” (1998), “Ona va bola Skriningi” dasturi (1998), “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi (2007), “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” (2009), “Yoshlar yili” (2008), “Barkamol avlod yili” (2010), “Mustahkam oila yili” Davlat dasturlari jamiyatimizning tarkibiy qismi bo‘lgan alohida yordamga muhtoj bolalar, o‘smirlarni ijtimoiy qo‘llash, ularga ta’lim-tarbiya berish kasb-hunarga o‘rgatish, jismoniy chiniqtirish, inklyuziv ta’lim berish, sog‘lom bolalar qatoridan o‘rin olib, o‘z qobiliyati, imkoniyatlarini ko‘rsata olishga asos soluvchi chora-tadbirlar alohida qayd etilgan. 2011-yilning noyabr oyida “Onalik va bolalakni muhofaza qilish” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro simpozium ham shular jumlasidandir. 2014-yilning “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinishi yurtimizda yosh avlodga bo‘lgan g‘amxo‘rlikdan yana bir dalolatdir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yilning 7-sentabrdagi 419-sonli “Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazini tashkil etish” haqidagi qarori ham aynan imkoniyati cheklangan, shu jumladan, autist bolalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlarni oshirishga qaratilgan harakatlardan biri hisoblanadi.
Eksperiment natijalari. Autizm miya faoliyatining buzilishi bo‘lib, atrofdagilar bilan bo‘ladigan muloqot chog‘ida ularda turli muammolar kelib chiqadi. Ushbu kasallikka erta tashxis qo‘yilishi bemorlarga jamoa orasida o‘z o‘rnini topishga yordam beradi. Millat, elat, madaniyat, din va ijtimoiy tabaqa tanlamaydigan bu sindrom ayollarga nisbatan erkaklarda ko‘p uchraydi. Shunday fikrlar ham ilgari surilganki, bolalarga qilinadigan vaksinalar autizmga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq bu fikr haqiqatdan ancha yiroq bo‘lganligi bois o‘z tasdig‘ini topmagan. Autizm, asosan, 3 yoshgacha bolalarda aniqlash mushkul bo‘lgan holatda uchraydi. Bu quyidagilarda ko‘rinadi: 1 yoshgacha “gu-gu”lamaydi (yoki bu chinqiriqni eslatadi), 16 oygacha hech bir so‘z aytmaydi, 2 yoshgacha ikkita so‘zdan jumla tuza olmaydi; nutqqa ega bo‘lmaydi; odamlar yoki hayvonlar harakatiga, turli tovushlarga taqlid qilolmaydi; barobar bo‘lmagan ohangda gapiradi (tovush ohangi va tezligi buzilgan bo‘ladi, robot singari “qotib qolgan nutq”da so‘zlaydi); kishilik olmoshini qanday eshitsa, shundayligicha takrorlaydi; bitta jumlani takrorlayveradi (exolaliya). Noverbal kommunikatsiya: bola bir yoshgacha predmetlarni ko‘rsatib berolmaydi; imo-ishoralarni qo‘llamaydi; hech bir so‘z, imo-ishoradan foydalanmay, shunchaki katta odamning qo‘lidan tutib predmet oldiga olib boradi va unga shu narsani uzatishlarini kutadi; tanishishga qiziqishni namoyon qilmaydi, atrofga butkul befarqlikni his qiladi; odamning ko‘ziga qaramaydi (yoki juda kam holda qaraydi). Idrok etishda quyidagilar ko‘zga tashlanadi: bola uning ismini aytib chaqirsangiz, javob qilmaydi; so‘zlayotgan gapingizni tushunmaydi (uni shovqin sifatida idrok etadi); xuddi kar odam kabi taassurot uyg‘otgancha baland tovushlarga befarqlikni namoyon etadi; muayyan tovushlarga esa juda ta’sirchan (masalan, kuchukning vovullashidan quloqlarini berkitadi); o‘zinining oynadagi aksini tanimaydi. Axloqning boshqa xususiyatlari: predmet yoki so‘zlarga diqqatini jalb qila olmaydi (diqqatini juda kam muddatga jamlaydi); uzoq vaqt davomida bitta tana harakatini takrorlaydi (masalan, u yoqdan bu yoqqa chayqaladi); vaqti-vaqti bilan kuchli g‘azabni his qiladi va namoyon etadi; bitta predmetga uzoq vaqt tikilib turishi mumkin; agar kimdir odatiy hodisalar oqimini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, qarshilik ko‘rsatadi. Ko‘pincha ota-onalar farzandi 3 yoshda bo‘lsa ham, gapirmayotganligini, boshqa bolalardan ajralib turishini sezib qolishadi. Ayrim hollarda bolalar yaxshi gapirib ketishadi, biroq vaqt o‘tishi bilan ularda nutq buzilishi kuzatiladi. Bolalarda nutqning yo‘qolishi yoki umuman gapirmasligi ularning rivojlanishida buzilish borligini ko‘rsatadi. Ayrim hollarda bolalar o‘zlarini xuddi eshitmayotgandek tutishadi. Tibbiy tekshiruvlar bolaning eshitish a’zolari joyida ekanligini ko‘rsatadi. Bunday bola bolalar o‘yinlarida o‘zini boshqacha tutadi, tez-tez jahli chiqadi, odatlari o‘zgaradi, ko‘p harakatli bo‘ladi. Ular yolg‘iz o‘ynashni afzal bilishadi. Atrofidagi bolalar bilan muloqotga kirishmaydi.
Autizm sindromi bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy muammolar quyidagilardan iborat:

  • bolalarda intellektual layoqat past bo‘ladi;

  • o‘smir yoshidagilar ruhiy tushkunlik holatiga tushishadi, ularda bezovtalik kuzatiladi;

  • ayrim bolalarda o‘smirlik davriga kelib, epileptik tutqanoqlar kuzatilishi mumkin;

  • 40–70 foiz bemorlarda uyqu bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi.

Autizmni ko‘pchilik odamlar shizofreniya, aqli zaiflik va bolalar psixozi bilan adashtirishadi. Autizm sindromi bo‘lgan bolalarda taktil yoki sensor sezgining oshganligi qayd etiladi. Shu bois ular odamlarning shovqinini, baland tovushlarni ko‘tara olishmaydi. Autizmi bo‘lgan bolalarning abilitatsiyasi hamda integratsiyasi bir qancha chora-tadbirlar majmuasidan iborat bo‘lib, bunda ko‘proq ijtimoiy hamkorlik o‘rnatilishi, ya’ni tibbiyot xodimlari (psixonevrolog, nevropatolog, pediatr, ortoped-travmatolog, reabilitolog), psixolog, defektologlar o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib borganlaridagina muayyan natijaga erishish mumkin. Bolalar autizmini imkoni boricha erta aniqlash va ularning ijtimoiylashuvi yo‘lidagi harakatlarni barvaqtroq boshlash esa kelgusida bunday bolalarning mustaqil hayot kechirishlari uchun zamin tayyorlaydi. Autizm ijtimoiy va kommunikativ rivojlanishining buzilishi, qiziqish va faoliyatning chegaralanishi bilan xarakterlanuvchi buzilishdir. Autizmga ega shaxslarda ijtimoiy munosabatlar, ijtimoiy kommunikatsiya hamda qiziqishlarning chegaralanganligi asosiy belgilar triadasini tashkil etadi. Autik bolalarga turli ta’sirlarga gipersteziyaning yuqoriligi xosdir: harorat, taktil, ovoz va rang. Doimiy ranglar autik bolalar uchun haddan tashqari yoqimsiz. Atrof olamdan keluvchi bu kabi ta’sirlar autik bolalarni jarohatlaydi. Autizmda asinxroniyaning rivojlanishi harakat jarayonida o‘ziga xos namoyon bo‘lib, bilish jarayonlari harakat rivojlanishidan ilgarilab ketish, bu geteroxron prinsipning buzilishiga olib keladi. Umuman olganda, umumiy va mayda motorikaning yetarlicha rivojlanmasligi kuzatiladi. Muskul gipotonusining borligi bolalar harakatlarining imkoniyatlari holati va o‘ziga xosligini aniqlaydi. Bu qovushmagan harakatlar koordinatsiyasi nuqsonlarida, elementar o‘z-o‘ziga xizmat qilish ko‘nikmalarini egallashdagi alohida qiyinchiliklarda, barmoqlar bilan ushlashning shakllanmaganligida, mayda qo‘l barmoqlari va kaft harakatlarida namoyon bo‘ladi. Autik bolalarda o‘z-o‘ziga xizmat qilishda yetarlicha muammolar yuzaga keladi. O‘z-o‘ziga xizmat qilish ko‘nikmalarining rivojlanishi autik bolalarda alohida muammo hisoblanadi. Hattoki eng chaqqon bolalar, alohida iste’dod qobiliyatiga ega bo‘lganlari ham hayot va maishiy turmushga moslashmagan bo‘ladi. Ularda ham o‘z-o‘ziga xizmat qilish sekin shakllanadi hamda sifatli rivojlanmaydi, chunki ular hamma narsani stereotip tarzida qabul qiladi. Avval ta’kidlanganidek, bolalar ovqat iste’mol qilishda alohida qiyinchiliklarga duch keladi, kiyimlari pala-partish bo‘lishi mumkin. Shuning uchun o‘z-o‘ziga xizmat qilish tartib-intizomi ijtimoiy moslashuv ko‘nikmalarining shakllanishini o‘z ichiga olib, autik bolalarni korreksion jarayonida alohida o‘rin egallaydi. Autik bolalarning idroki obyektlar persepsioni senizitiv yuqoriligi bilan xarakterlanadi. O‘ta sensor ta’sirchanlik sharoitida mexanizmning giperkompensatorligi yuzaga kelib, u, bir tomondan, psixologik himoyani, boshqa tomondan psixik, deprivatsiya hamda kognitiv jarayonlarning rivojlanishidan, shuningdek, idrokdan ham voz kechishni ifodalaydi.
Hozirgi kunda butun dunyoda alohida yordamga muhtoj bolalarni o‘rganish, ulardagi nuqsonlarning kelib chiqish sabablari, rivojlanishi, ularning oldini olish, maxsus yordamga muhtoj bolalarga ta’lim-tarbiya berish, ulardagi nuqsonlarni korreksiyalash bo‘yicha ko‘plab ishlar olib borilmoqda. So‘nggi yillarda alohida yordamga muhtoj bolalar toifasiga kiruvchi autizm sindromiga chalingan bolalar soni ko‘payayotgani bois bu sindrom haqida ma’lumotlar qulog‘ingizga chalingan bo‘lsa kerak. Oxirgi 10 yil ichida autizm sindromiga chalingan bolalar soni 10 barobar oshgan. Bu sindrom avvaliga 100000 kishidan 3-4 tasida namoyon etilgan bo‘lsa, 2000-yilga kelib, 10000 kishidan 5-20 tasida uchragan. 2008 yilga kelib esa xar 150 boladan biriga autizm sindromi tashxisi qo‘yilgan. Bugungi kunda esa har 54 boladan birida autizm muammosi mavjud. Hozirgi kunda olimlar autizm sindromiga chalingan shaxslarni, asosan, 4 guruhga bo‘lib o‘rganishmoqda. Bular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1-guruh: Ilk yoshdagi bolalar autizmi ( 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar).
Ilk yoshdagi bolalar autizmida bolalar rivojlanishi 4 xil turda bo‘ladi.
Ba’zi bolalar atrofdagi voqealarga butunlay bee’tibor bo‘ladi. Bolani kuldirish, e’tiborini qaratish juda qiyin. Ular hattoki qorni ochganida ham munosabat bildirmaydi. Taktil muloqotga kirishishni istamaydi. Yana bir guruh bolalar esa tanlab muloqotga kirishishadi. Asosan, ota-onasi bilan muloqotga kirishadi, taom va kiyim tanlashda ham e’tiborli bo‘ladi. Doimiy hayot tarzidan chetga chiqilganda qo‘rquv, agressiya kuzatiladi. Yana bir guruh autist bolalar autistik qiziqishlarga berilgan bo‘ladi. Ular doim bir xil, qaytariluvchi harakatlarni bajarishadi. Ular yillar davomida faqatgina bir mavzuda suhbatlashishlari, bir xil syujetli rasm chizishlari mumkin. So‘nggi guruhga kiruvchi bolalar muloqotga kirishishlari mumkin. Lekin bu muloqotga kirish jarayoni juda qiyin amalga oshadi. U juda ham ta’sirchan bo‘ladi. Birovning fikriga tez beriladi. Bu autizmning yengil turi hisoblanadi.
2-guruh: Bolalar autizmi (2–11 yoshdagi bolalar) .
Bolalar autizmida ham ilk yoshdagi bolalar autizmida uchraydigan belgilar kuzatiladi. Ular bir so‘z yoki musiqani doimiy ravishda takrorlab yurishadi, ko‘nikma va malakalarni egallashga juda qiynalishadi.
3-guruh: O‘smirlar autizmi (11–18 yoshdagi bolalar).
Bu yoshdagi bolalar eng oddiy muloqot ko‘nikmalariga ega bo‘lishadi. Lekin ko‘proq yolg‘iz qolishni xohlashadi. Ko‘p hollarda ular ruhiy tushkunlik holatida bo‘ladilar.
4-guruh. Kattalar autizmi.
Kattalar autizmida shaxsda ruhiyatning jiddiy buzilishi kuzatiladi. U butunlay o‘z olamida yuradi, tashqi olamdagi voqea va hodisalarga o‘ta be’etibor bo‘ladi.
Autizmga chalingan insonlar harakteri 5 guruhga ajratiladi:

  • Shaxs atrof-muhit bilan umuman muloqotga kirishmaydi.

  • Shaxs atrofdagilar bilan faqatgina ba’zi hollarda muloqotga kirishadi.

  • Shaxs bemalol muloqotga kirishadi, lekin xulqida xudbinlik alomatlari ko‘zga tashlanadi.

  • Autizm bilinmasdan o‘tadi. U odam og‘ir-bosiq, lekin tez xafa bo‘ladigan bo‘ladi. Barcha qonun qoidalarni qoldirmasdan bajaradi.

  • Aniq fanlarga qobiliyatli bo‘ladi.

Autizm sindromli insonlarning so‘zlariga qaraganda, ular uchun tashqi olam – ular tushunishlari qiyin bo‘lgan insonlar, voqealar va narsalarning tartibsiz joylashuvidan tashkil topgan makon. Atrof-muhitni tushunmasligi qiyinchiliklar ularda kuchli xavotir hissini uyg‘otadi.
Birinchi navbatda, autizm sindromli insonlar uchun qolgan odamlarni tushunish va ular bilan aloqa qilish katta qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun oila a’zolari bilan bo‘ladigan doimiy muloqot va boshqa tadbirlar ular uchun og‘ir kechadi. Leo Kanner autizm sindromli shaxslarda yuzaga keladigan muammolarni 3 ta asosiy guruhga ajratdi:
– ijtimoiy muloqot bilan bog‘liq muammolar;
– o‘zaro ta’sir bilan bog‘ liq muammolar;
– tasavvur bilan bog‘liq muammolar.

  1. Ijtimoiy muloqot bilan bog‘liq muammolar. Autizm sindromli insonlar uchun mimika va his-hayajonni ifodalash xuddi qadimgi yunon tilida gaplashilgandek begona nutqqa o‘xshab tuyuladi. Ular verbal va noverbal nutqda qiyinchilikka duch keladi, ovoz tonini, yuz ifodasini, hazillar, ibora va maqollarni tushuna olishmaydi.

Ba’zi autist insonlar umuman suhbatlasha olishmaydi yoki ularning nutq boyligi chegaralangan bo‘ladi. Lekin ular ham, odatda, boshqa odamlar gaplarini tushunishadi. Bunday insonlar boshqalarga imo-ishora nutqi, kompyuterda yozish kabi alternativ muloqot uslublari yordamida o‘z fikrlarini bildirishni o‘rgana oladilar. Ular to‘g‘ri, aniq to‘xtamlarga rioya qilib suhbatlashuvchi insonlar bilan oson muloqotga kirisha oladilar.

  1. O‘zaro ta’sir bilan bog‘liq muammolar. Autizm sindromli odamlar uchun boshqa insonlarning his-tuyg‘ularini aniqlash va ularni tushunish hamda o‘zlarining tuyg‘ularini bildirish birmuncha qiyin. Ular:

– ko‘pchilik o‘zi bilmagan holda o‘ganib oladigan yozilmagan ijtimoiy qonun-qoidalarni tushunishmaydi;
– boshqa insonning nimani his qilayotganini tushunmaganligi uchun “hissiz” tuyulishadi;
– yolg‘izlikni xush ko‘rishadi;
– qolgan odamlarga “g‘ayrioddiy”, “g‘alati” tuyulishlari mumkin;
– do‘st orttirish va do‘stlikni saqlab qolishga qiynalishadi;
Ular oddiy insonlar tabiiy ravishda egallaydigan muloqot ko‘nikmalarini ongli ravishda o‘qib, o‘rganishlari zarur.

  1. Tasavvur bilan bog‘liq muammolar quyidagilarni keltib chiqaradi:

  • ular voqeaning oqibati sabab bo‘lishi mumkinligini tasavvur qila olmaydilar;

  • tasavvur qilish, yangilik kiritish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘yinlar va mashg‘ulotlarda ishtirok etishga qiynaladilar;

  • xavf-xatarga olib keluvchi vaziyatlarni tahlil qila olmaydilar;

  • kelajakda yuz beradigan o‘zgarishlarni o‘ylab, maqsadlarini rejalashtira olmaydilar;

  • yangi va notanish vaziyatlarning uddasidan chiqishga qiynaladilar;

Bundan ko‘rinib turibdiki, autizm sindromli insonlar bilan muloqotga kirishganda ehtiyotkor bo‘lish, ularning ruhiy holatini tushunib, ko‘maklashish zarur. Buning uchun esa autizm haqida insonlarga ma’lumot berishni yo‘lga qo‘yish juda muhim ahamiyatga ega. Jamiyatdagi alohida yordamga muhtoj odamlarni qabul qilishga tayyor emaslik, ularning muammolarini tushunib yetmaslik holati ma’lumotlar yetarli bo‘lmaganligidan kelib chiqadi. Shuning uchun ular haqida doimiy ravishda va sifatli darajada ma’lumotlar berib borilishi imkoniyati chegaralangan odamlarni yaxshiroq tushunishga asos yaratadi. Bu sindromni aniqlashda shifokorlar birmuncha qiynaladilar. Chunki unda uchraydigan ba’zi simptomlar normada rivojlanayotgan bolada ham namoyon bo‘lishi mumkin. Bolada bu sindromga tegishli 6 ta simptom ko‘zga tashlansagina, unga autizm tashxisi qo‘yiladi. Shu sababli bu tashxis kech qo‘yiladi.Ota-onalar agar farzandi 3 yoshgacha gapirmasa, kattalar va tengdoshlari bilan muloqotga kirishmasa bolani o‘ziga xos deb o‘ylashadi. Agar ota-ona bolalarda autizm belgilarini sezsa, tezda bolalar psixiatriga murojaat qilishlari zarur. Autizm sindromiga chalingan bolalarga o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘yilib, samarali davolansa, bir necha yildan so‘ng ular jamiyatda o‘z o‘rinlarini topib, mustaqil yashash va ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘ladi va jamiyatga o‘z hissalarini qo‘sha oladilar.

Yüklə 23,49 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə