7-mavzu: axloqshunoslik fani va uning vazifalari (2-soat)


Takrorlash uchun savollar



Yüklə 288,66 Kb.
səhifə7/10
tarix30.12.2023
ölçüsü288,66 Kb.
#165856
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Этика

Takrorlash uchun savollar


  1. Zardushtiylik va «Avesto»dagi axloqiy qarashlar nimadan iborat?

  2. Mashshoiyyunliklik axloqshunosligining mohiyati nimada?

  3. Forobiy va uning izdoshlari ta'limotlaridagi muhim o'rinlarni nimalar tashkil etadi?

  4. Tasavvuf va uning axloq falsafasi sifatida namoyon bo'lishi qaysi xususiyatlarga asoslanadi?

  5. Imom G'azzoliyning muhabbatga oid qarashlari zamirida qanday axloqiy tamoyillar yotadi?

  6. Navoiyning axloqiy ta'limotida «Mahbub ul-qulub» qanday o'rin egallaydi?

  7. Koshifiyning axloqiy qarashlaridagi muhim jihatlar qaysilar?

  8. Qaysi pandnomalarni o'qigansiz?

  9. Turkiston ma'rifatparvarlari axloqiy qarashlarini bayon eting.

  10. Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yoxud axloq» asaridagi axloqiy muammolar nimadan iborat?



Adabiyotlar:

  1. O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi. – T.: «O'zbekiston», 2008.

  2. Karimov I.A. Asarlar to'plami, 1-15 jj. – T.: «O'zbekiston», 1996-2007.

  3. Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat-yengilmas kuch. – T.: «Ma'naviyat», 2008.

  4. Avloniy A. Turkiy guliston yoxud axloq. – T.: «O'qituvchi», 1992.

  5. Slovar po etike. – Moskva: Politizdat, 1989.

  6. Umarov E.U., Zagыrtdinova F.B. Etika. – T.: Cho'lpon nomidagi nashriyot uyi, 2005.

  7. Fitrat. Oila. – T., 1999.

  8. Sher A. Axloqshunoslik: Ma'ruzalar matni. – T., 2000.

  9. O'zbekistonda ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixidan lavhalar. – T.: «O'zbekiston», 1995.



10-MAVZU: AXLOQNING KELIB ChIQIShI VA AXLOQ TUZILMASI. AXLOQShUNOSLIKNING ASOSIY TUShUNChALARI. AXLOQIY TAMOYILLAR VA ME'YORLAR (2-soat)


Ma'ruza rejasi:

1. Axloq – inson ma'naviy hayotining tarkibiy kismi. Ixtiyor erkinligi. Axloq tuzilmasi: axloqiy ong, axloqiy hissiyot, axloqiy munosabat va axloqiy faoliyat.


2. Axloqshunoslikning asosiy tushunchalari: fazilat va illat; muhabbat, uning turlari; muhabbat va nafrat, ezgulik va haqiqat; ezgulik va go'zallik, ezgulik va yovuzlik; yaxshilik va yomonlik; adolat; burch; vijdon; nomus; ideal; xayotning ma'nosi; baxt.
3. Axloqiy tamoyillar: vatanparvarlik, insonparvarlik, erkparvarlik, ziyolilik, mehnatsevarlik, mexmondo'stlik.
4. Axloqiy me'yorlar: xalollik va nopoklik; to'g'rilik va egrilik, rostgo'ylik va yolg'onchilik, insoflilik va insofsizlik, xushfe'llilik va badfe'llilik, kamtarinlik va maqtanchoqlik va x.k.


Tayanch iboralar: ixtiyor erkinligi, axloqiy tanlov, mas'uliyat, axloq tuzilmasi, axloqiy ong, axloqiy hissiyot, aloqiy munosabatlar, maqsad va vosita. muhabbat va nafrat, ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, adolat, vijdon, burch, nomus, ideal, insonparvarlik, erkparvarlik, vatanparvarlik, millatparvarlik, tinchlikparvarlik, jo'mardlik, halollik, rostgo'ylik, xushmuomalalik, kamtarlik.

Qadimiy ona sayyoramizdagi hayot odatda uch olamdan iborat deb qabul qilingan. Bular – nabotot, hayvonot va bashariyat olami; ularning o'zaro munosabatlari zaminimizdagi hayotning asosiy omili hisoblanadi. Har uchalasiga ham paydo bo'lish, rivojlanish, o'zini muhofaza qilish, nasl qoldirishga intilish instinkti berilgan va hayotining bir kunmas-bir kun o'lim bilan nihoya topish qismati belgilangan. Chunonchi, o'simlik urug'dan paydo bo'ladi, rivojlanadi, singan shoxlari o'rnini sirach chiqarib, davolaydi – muhofaza qiladi, urug'ini qoldirib, bir kun quriydi. Hayvon shu xususiyatlar bilan birgalikda sezish a'zolari va qobiliyatiga hamda muayyan darajada idrok etish xislatiga ega. Insonda esa bulardan tashqari mulohaza qilish, fikrlash qobiliyati va uyat hissi, bir so'z bilan aytganda, aql bor. Uni Imom G'azzoliy oltinchi sezgi yoki ikkinchi yurak, yurak ichidagi yurak deb ataydi. Ana shu aql ixtiyor erkinligini, ixtiyor erkinligi esa axloqni taqozo etadi.


Insondagi ixtiyor erkinligi zaruriyat talabi bilan oqilona, aqlga bo'ysundirilgan ravishda, cheklanadi, ya'ni nisbiylashadi. Aks holda, muayyan bir, bir necha inson yoki guruhning betiyiq erkin ixtiyori na faqat boshqa insonlar va guruhlar, balki nabotot, hayvonot olami, butun dunyo uchun fojeaga aylanishi mumkin. Ixtiyor erkinligini bunday cheklashning, aqlga bo'ysundirishning asosiy vositasi axloqdir.
Ixtiyor erkinligi tufayli inson har qadamda axloqiy tanlov muammosiga duch keladi. Bu muammo kishida mas'uliyat hissi mavjudligidan dalolat beradi. Mas'uliyatni, o'zgalar va o'z vijdoni oldida javobgarlikni sezmagan kishi xohlagan ishga qo'l urishi mumkin – uni o'z qilmishining oqibati qiziqtirmaydi, u faqat manfaat ustuvorligini tan oladi, xolos. Unday odamni axloqsiz deb ataydilar. Zero inson yo ezgulikni, yo yovuzlikni tanlashi tufayli nimanidir ixtiyor etadi: axloqiy tanlov – har bir xatti-harakat, har bir qilmishning ibtido nuqtasi.
Umuman, inson va jamiyat axloqiy hayotida tanlovning ahamiyati beqiyos. Masalan, tarixdan bir ta'sirchan voqyeani olib ko'raylik: Bozorda mutasavvif alloma, ozarboyjon, eski o'zbek (turkiy), fors tillarida o'lmas asarlar yaratgan buyuk shoir Imoiddin Nasimiyning g'azalini yod o'qiyotgan bir yosh yigitni kufrda ayblab, hibsga oladilar. Yigit oldida ikki yo'ldan birini tanlash turardi: yo piri Nasimiyni sotish va tavba qilib, banddan ozod bo'lish yoki g'azalni o'zimniki, deb o'limga tik borish. Pokdomon, or-nomusli yigit ikkinchi yo'lni tanlaydi. Qozi uning terisini shilishga buyuradi. Olomon – tomoshabinlar yig'iladi. Shu payt Nasimiy kelib qoladi. Voqyeadan xabar topgan Nasimiy oldida ham endi tanlov turardi – tanlamaslikning iloji yo'q edi: yo o'zini oshkor qilib, yosh yigitni jallod qo'lidan qutqazishi va uning o'rnini egallashi, yoki olomon orasidan sekin sirg'alib chiqib ketib, shogirdining o'limga mahkum etilishi evaziga o'z jonini asrab qolishi kerak. Buyuk mutasavvif shoir birinchi yo'lni tanlaydi: o'zini jallod qo'liga tutqazib, begunoh yigitni ozod etadi. Qozi Nasimiyning terisini shilishga buyuradi. Jallod ishga kirishadi, atrofga qon sachraydi. Shunda qozi odamlarga, nari turinglar, bu kofirning tomchi qoni biror yeringizga tegsa, o'sha yerni kesib tashlash kerak bo'ladi, deydi. Qozi gapini tugatar-tugatmas, Tangri irodasi bilan bir tomchi qon sachrab kelib uning jimjalog'iga tegadi. Olomon qozidan barmog'ini kesib tashlashini talab qiladi. Endi qozining oldida tanlov turardi: yo barmog'ini kesishga berib, gapining ustidan chiqishi yoki gapidan qaytib, sharmisor bo'lishi kerak. Qozi axloqiy nopok, qo'rqoq va xudbin odam sifatida gapidan qaytadi. Nasimiy esa qiynoqqa mardonovor chidab, churq etmaydi, aksincha qozining ahvolini ko'rib, istehzoli kuladi va so'nggi g'azalini yoddan aytadi. Nasimiyning bu jasorati asrlardan-asrlarga o'tdi, ne-ne shoirlarning she'rlarida madh etildi, o'zi esa insoniy poklik va yuksak axloqiylikning o'lmas timsoli bo'lib qoldi.
Dastlabki axloqiy qonun-qoidalar ana shu tanlovni ro'yobga chiqarishga, yana ham aniqroq aytganda, uni osonroq amalga oshirishga xizmat qilgan. Ilk axloqiy qoida «o'zingga ravo ko'rmagan narsani boshqaga ham ravo ko'rma» mazmunida dunyoga kelgan. Uning hozirgi zamondagi o'zbekchasi «pichoqni avval o'zingga ur, og'rimasa o'zgaga ur», «o'zingni er bilsang, o'zgani sher bil» kabi maqollarda aks etgan. «Axloqning oltin qoidasi» deb atalgan ushbu qoida, bizningcha, eng qadimiy axloqiy talablardandir. Zero xun olish talabi keyinroq paydo bo'lgan va insonning asl mohiyatiga to'g'ri kelmaydigan qoidalardan. Barcha muqaddas kitoblarda insonni zo'rlik bilan jonsiz qilishning mumkin emasligi ta'kidlanadi. Biz ko'rib o'tganimiz, bundan deyarli XXX asr muqaddam tarqala boshlagan zardushtiy dinining muqaddas kitobi «Avesto»dayoq axloqiy qonun-qoidalar ishlab chiqilgani diqqatga sazovor. Unda insonni inson tomonidan o'ldirishgina emas, balki it, ot kabi hayvonlarni jonsiz qilish, daraxt va o'simliklarni behuda halok etish qat'iyan man qilinadi, inson faqat ezgu o'y, ezgu niyat va ezgu a'mollar bilan yashashi lozimligi ta'kidlanadi. Bibliyoda Qobilni o'ldirgan Hobildan Tangri xun olmaslikni va uni o'ldirmaslikni talab etadi. Buddha ta'limoti jonlini jonsiz qilishni eng katta gunoh deb biladi. Injilda «o'z qavmdoshingni sev», «odam o'ldirma», degan da'vatlar asosiy qoidalar sifatida namoyon bo'ladi. Qur'oni karimda esa xun olishdan ko'ra tovon olmoq ma'qulligi aytiladi va musulmonlar o'zaro faqat go'zal munosabatlar qilishi lozimligi ko'rsatiladi. Demak, dastlabki axloqiy qonun-qoidalar muqaddas kitoblarda o'z aksini topgan zo'ravonlikka zo'ravonlik bilan javob bermaslik tamoyili asosida yaratilgan.
Ana shu, inson axloqiy hayotining asosi bo'lgan qonun-qoidalar hozir ham o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q. Odamlar ularni og'ir majburiyat deb bilmasdan, dil-dildan bajaradigan zamonning tezroq kelishi uchun tinmay harakat qilishlari axloqiy taraqqiyotdan dalolatdir. Zero ana shu yo'lda inson o'z Yaratganiga maqbul komil inson bo'lib yetishadi.
Hozirgacha bo'lgan bizdagi an'anaviy axloqshunoslikda axloqni tarixiy materializm tamoyiliga asoslanib davriylashtirish qabul qilingan: quldorlik axloqi, feodalizm axloqi, burjua axloqi v.h. Tarixiylik nuqtai nazarini rad etmagan holda, biz bunday davriylashtirishga ehtiyot bo'lib munosabat qilishni tavsiya etardik. Negaki, u axloq ilmini soxtalashtirishga, bir tomonlama qat'iy hukm chiqarishga asoslangan. Chunonchi, unda «quldorlik axloqi» degan tushuncha mavjud va u qat'iy ravishda «qul-rasmona odam emas, jonli narsa», degan tamoyil bilan ish ko'radi. Shunday ekan, u holda, yuqorida keltirganimiz, Qadimgi Misr donishmandi Pxatotepning «Pandnoma»sidagi: «Qimmatbaho toshdek yashirindir oqilona so'z, holbuki uni don tuyayotgan cho'ridan topish mumkin», degan hikmatini qanday tushunish mumkin? Yoki Qadimgi yunon masalchisi, qul Ezopga xo'jayinning munosabati, bekasining uni sevib qolishi yoki Qadimgi Rimda ba'zi bir ozod etilgan qullarning keyinchalik senatorlardan ham kattaroq obro'ga ega bo'lganini qanday izohlaymiz. Yoki «o'tgan kunlar»dagi Hasanalining Yusufbek Hoji oilasidagi mavqyei-chi? Xuddi shuningdek, o'rta asrlarda ajdodlarimiz yaratgan durdona pandnomalarda, odatda, amaldorlar va feodallar emas, balki oddiy xalq vakillari ko'p hollarda axloqiy jihatdan ustun qilib tasvirlanadi. Abu Bakr ar-Roziy o'zining «Kambag'allar tabobati» degan nom bilan mashhur bo'lgan kitobida, hatto, mana bunday deb yozadi: «Qo'li qisqa kishilarning bolalari kambag'al va kamtarona yashayotganliklari tufayli halol, fazilat egalari bo'lib yetishishlari mumkin, zero ularning boshqalarga nisbatan sabr-toqat ko'rsatishlari, tarbiya hamda mashg'ulotlarda qiyinchiliklarga bardosh berishlari oson ko'chadi».
Agar ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, ixtiyor erkinligi, tanlov singari tushunchalar hanuzgacha o'z nomini saqlab qolganini, o'zgarmaganini nazarda tutsak, balki Sartr haqdir. Lekin axloqiy tushunchalarning nomlari o'z-o'zicha mavhum va mantiqiy hodisalardir. Ularning muayyanlashuvi va yashashi makon va zamon ichidagi inson xatti-harakatlariga bog'liq. Masalan nomus tushunchasini olaylik. U yuqorida keltirganimiz talon-xun olish davrida ham bor edi va ana shu xun olishning amalga oshirilishi orqali ma'no kasb etardi. Tarixga nazar tashlasak, xatto xun olish jarayonining ham taraqqiy topib borganini ko'rish mumkin. Hozirgi davrga kelib esa, xun olish axloq muammosi sifatida kun tartibidan chiqib ketdi. Endi nomus tushunchasining asosiy qamrovi-boshqacha.
Demak, insoniyat tarixida axloqiy taraqqiyot bo'lgan va u davom etib kelmoqda. To'g'ri, bu davom etish qat'iy tadrijiylikka ega emas. U goho susayish, ba'zan esa bir oz ortga chekinish, ba'zan bir qancha muddat qoim turish xususiyatlariga ega. Lekin katta davrlar va tarixiy oraliqlarni olib qaraydigan bo'lsak, axloqiy taraqqiyotning mavjud ekaniga ishonch hosil qilish qiyin emas. Mustabid tuzumlar va shaxslar keltirib chiqargan axloqiy tanazzullar hammasi qisqa muddatli hamda o'tkinchi hodisalardir. Zero insonning asosiy mohiyati o'zini va o'z jamiyatini taraqqiy ettirib borish bilan belgilanadi. Axloq esa ana shu taraqqiyotdan hyech qachon chetda turmaydi.
Axloq haqida gap borganda, albatta uning muayyan tuzilmasi, unga asos bo'lgan omillar, unsurlar to'g'risida to'xtalmaslik mumkin emas. Axloq tuzilmasi uch asosiy omilni: axloqiy anglash, axloqiy his etish va axloqiy munosabatlarni o'z ichiga oladi. Ayni paytda ana shu omillarning tuzilmadagi o'rni, to'g'rirog'i, mavqyei masalasida ham turli xil qarashlar mavjud. Ba'zi axloqshunoslar axloqiy anglashni, boshqa birovlar axloqiy hissiyotning o'zini asosiy unsur deb talqin etadilar. Yana ba'zi birovlar axloqiy anglash-axloqiy ongga yetakchilik mavqyeini beradilar. Xo'sh, aslida qanday qarash haqiqatga yaqinroq?
Avvalo, shuni ta'kidlash kerakki, juda ko'p hollarda axloq tuzilmasidagi mazkur uch omil-unsurning birortasisiz axloq tushunchasini tasavvur qilib bo'lmaydi. Boshqacha aytganda, axloqni inson ko'zi oldida gavdalantiruvchi axloqiy munosabatlarning his etish va axloqiy anglashsiz yuzaga chiqishi, ya'ni mavjud bo'lishi mumkin emas. Bunday holat axloqiy his etishga ham, axloqiy anglashga ham taalluqli. Zero tuzilmadagi bu uch unsur-omil bir-birisiz kamdan-kam mavjud bo'ladi, doimo bir-birini taqozo qiladi.
Endi axloqiy anglashning tuzilmadagi yetakchilik mavqyeiga, to'g'rirog'i, asosiy unsur sifatidagi o'rniga kelsak, uni bu tarzda talqin etish, bizningcha, to'g'ri emas. Vaholanki, sho'rolar davrida va hozirdagi rus olimlari orasida ba'zi G'arbdagi zamonaviy axloqshunoslik yo'nalishlarida ana shunday qarash hukmron ekanini ko'ramiz. Aslida esa, tuzilmada poydevor unsur sifatida axloqiy hissiyot yoki axloqiy his etish namoyon bo'ladi. To'g'ri, juda ko'p hollarda biror bir axloqiy qarorning amalga oshuvi uzoq yoki qisqa vaqt mobaynida o'sha qaror oqibatlari to'g'risida ongli ravishda xulosa chiqarishga, ularni avvaldan anglab yetishga urinish bilan bog'liq bo'ladi, ya'ni biz o'z xatti-harakatlarimizni axloqiy anglash elagidan o'tkazib, faoliyat ko'rsatamiz. Lekin o'sha anglab amalga oshirilgan axloqiy qaror tubida, so'zsiz, axloqiy hissiyot yotadi. Demak, axloqiy his etish axloqiy anglash uchun material vazifasini o'taydi.
Xulosa qilib aytganda, bizning axloqiy hayotimiz, barcha axloqiy tajribalarimiz, axloqiy faoliyatimiz ana shu uch omil asosida ro'yobga chiqadi. Axloqiy kodekslarimiz, me'yorlarimiz va tamoyillarimiz ularga asoslanadi. Lekin aldov, yolg'on, soxtalik va totalitar axloqiy zug'um hukmronlik qilgan davrlarda yoki mamlakatlarda axloqiy hissiyot, axloqiy anglash, axloqiy munosabatlar qabul etilgan kodekslar, me'yorlar hamda tamoyillarga ko'pincha to'g'ri kelmaydi. Rasmiy axloqiy qonun-qoidalar bilan haqiqiy axloqiy intilishlar orasida ma'naviy jarlik paydo bo'ladi. Tilda bu qonun-qoidalar ko'klarga ko'tarilgani holda, dilda, ich-ichdan ularga qarshilik hukm suradi. Natijada jamiyat uchun fojea bo'lgan axloqiy so'z bilan axloqiy faoliyatning alohida-alohida mavjudligi ro'y beradi. Buni biz sho'rolar davridagi «kommunizm quruvchisining axloqiy kodeksi» bilan shu kodeksni hayotga tatbiq etishga yo'naltirilgan guruhlarning, «shu kodeks asosida yashayapmiz» degan odamlarning poraxo'rligida, tashmachiligida, xudbinligida, yolg'onchiligida ko'rganmiz.
Bunday nomutanosiblik, o'rtadagi ma'naviy jarlikning kelib chiqishini agar aniqlashtiradigan, ya'ni «maydalab» tahlil qiladigan bo'lsak, u maqsad bilan vositalar muammosiga borib taqaladi. «Hamma baxtli yashaydigan», «kommunistik jannat»ni go'zal maqsad deb bilguvchilar o'z maqsadlariga jamiyatning bir qismini qirib tashlash, ta'qib etish, aldov, zo'rlik vositasida yetishishga urindilar. Odamlarni zo'rlab baxtli qilmoqchi bo'ldilar va muvaffaqiyatsizlikka uchradilar. Iflos, nopok, qonli vositalar, shubhasizki, har qanday pokiza maqsadni ham nopoklashtiradi, undan kishilarning ko'nglini qoldiradi. Shu bois maqsad va vositalar uyg'unligi, sifat nuqtai nazaridan mosligi jamiyat hayotida, inson hayotida nihoyatda muhimdir.
Biz shu o'ringacha, e'tibor qilsangiz, axloqni butun insoniyat uchun umumiy hodisa sifatida talqin etib keldik. Zotan axloq eng avvalo, umuminsoniy an'anaviy hodisadir. Asosiy axloqiy qadriyatlar, mushtarak axloqiy tushunchalar, axloqiy tamoyil va me'yorlar barcha mintaqalar hamda millatlar uchun bir xil ma'no kasb etadi. Chunonchi, muhabbat, ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, vijdon, burch, insonparvarlik, odamiylik, baxt, to'g'rilik, rostgo'ylik, saxiylik va baxillik singari fazilat hamda illatlar tom ma'noda umuminsoniy hodisalardir. Zero o'zbekcha ezgulik yoki yovuzlik, inglizcha vijdon, fransuzcha insonparvarlik, arabcha yolg'on, deyish mumkinmi? Albatta, yo'q.
Lekin, ayni paytda, axloqda umuminsoniylik xususiyatidan tashqari, mintaqaviylik va milliylik xususiyatlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mintaqaviylik va milliylik xususiyatlari axloqning nisbatan kichikroq qamrovga ega bo'lgan ko'rinishlarida – xulqiy xatti-harakatlar, odob va etiketda yaqqol ko'zga tashlanadi. Chunonchi, musulmon mintaqasida dasturxon ustida bosh kiyimsiz o'tirish beodoblik hisoblanadi. Buning odobdan tashqari gigiyenik-ozodalik nuqtai nazaridan ham ahamiyati bor: ovqatlanish paytida ro'molsiz ayol yoki do'ppisiz erkak boshidan soch tolasi, kepak, chang-gard taomga yoki dasturxonga tushishi mumkin. Nasroniylar mintaqasida esa aksincha dasturxon ustida bosh kiyimni yechmaslik Xudo in'om etgan taom va dasturxonga hurmatsizlik sanaladi. Yoki amerikalik yigit o'zi kresloda o'tirib, oyoqlarini kuldon va ichimlik ashyolari turgan stolchaga chalkashtirib tashlab, orom oladi va uning uchun bu tabiiy hol hisoblanadi. O'zbek uchun esa, stolga yoki xontaxtaga oyoq qo'yib o'tirish – o'ta odobsizlik.
To'g'ri, sharqona etiket, odobiy qonun-qoidalarning an'anaviylik bilan bog'liq, ba'zi zamonaviy nuqtai nazardan nuqsli tomonlari bor. Lekin, shunga qaramay, ularda insoniylik va mehr - oqibat tuyg'ulari hali ham mustahkam ildizga ega. G'arbda esa hozirgi paytda bunday fazilatlarni uchratish tobora g'ayri tabiiy holatga o'xshab qolayotir. Shu bois hozirgi paytda G'arbning huquqiylik tamoyilini Sharqning axloqiylik tamoyili bilan uyg'unlashtirish zamonaviy jamiyat taraqqiyotida muhim rol o'ynaydi.
Avval biz axloqiy hissiyotlarni axloqiy anglash uchun muayyan ma'noda material ekani to'g'risida biroz to'xtalib o'tgan edik. Bu haqda mumtoz faylasuflar ham e'tiborga sazovar fikr bildirganlar. Chunonchi, buyuk ingliz mutafakkiri Jon Lokk, tushunchada nimaiki bor ekan, u bundan avval hissiyotda mavjud bo'lgan, deb ta'kidlaydi. «Tabiat qonuni borasidagi tajribalar» asarida u shunday deb yozadi: «Agar hissiyotdan aqlga narsalar qiyofasi yetkazib berilmasa, u holda tafakkur uchun hyech qanday material berilmagan bo'ladi va aql bilishin taraqqiy ettirishi borasida tosh, yog'och, qum va hokazo qurilish materiallarisiz me'mor bino qurishda qanchalik ish qila olsa, shunchagina ish bajara biladi». Aqlni ideallashtirish, hissiyotni ikkinchi darajali omil sifatida talqin etish, afsuski, Lokk va unga o'xshash ba'zi mutafakkirlar fikrlarini hisobga olmaslik keyingi davrlarda, ayniqsa, kuchaydi. Hyegel singari faylasuflar esa butun borliqni mantiqiylashtirish yo'lidan bordilar. Lekin XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, G'arb allomalari bu yo'lning ko'p jihatdan yanglish ekanini angladilar. XX asr mutafakkirlari, ruhiy tahlil falsafasidagi yangi froydchilik oqimining atoqli namoyandalaridan biri Karl Yung shunday deb yozadi: «G'arb kishisi» ruhiy («psixologik», so'zini eshitganida, uning uchun «u shunchaki ruhiy» tarzida jaranglaydi. Uning uchun «psixe» – qalb qandaydir, achinarli darajada kichik, e'tiborga noloyiq, shaxsiy, subyektiv v.h... Shu sababli «ruh» (qalb) o'rniga «aql» so'zini ishlatishni ma'qul ko'radi...» Boshqa bir o'rinda: «... barcha metafizik mulohazalar uchun ijodiy zamin aynan qalbning (ma'naviylikning) ko'zga ko'rinmas, yetishib bo'lmas tarzdagi in'ikosi hisoblangan ongdir...», degan fikrni bildiradi. Darhaqiqat, «yurak va aql», «hissiyot va ong» bahsida G'arb, ayniqsa, bizning XX asrda, so'zsiz, birinchilikni aqlga, ongga beradi. Yuqoridagi kabi fikrlar istisnoli hollardir. Shu bois axloqshunoslik nuqtai nazaridan muhabbat haqida gap ketsa, uni hissiyot, deb yana buning ustiga, ta'riflash qiyin bo'lgan tuyg'u, deb ataydilar va uni tushuncha tarzida olib qarashdan cho'chiydilar. Vaholanki, muhabbat aynan axloqiy hissiyot va axloqshunoslikning bosh mezoniy tushunchasidir.
Muhabbat bosh mezoniy tushuncha - kategoriya sifatida deyarli barcha asosiy tushunchalarda va tamoyillarda o'z «hissa»siga ega. Na ezgulikni, na yaxshilikni, na vataparvarlikni, na insonparvarlikni muhabbatsiz tasavvur etib bo'lmaydi. o'tgan ma'ruzalarning ba'zilarida biz bu tushunchaning mohiyati, turlari haqidagi Ilohiy Avgustin, Imom G'azzoliy, Erix Fromm singari mutafakkirlar fikrlarini keltirgan edik. Qo'shimcha qilib shuni aytish mumkinki, u – insonni tashqi va tarnssendentral olam bilan bog'lovchi, uni yolg'izlikdan olib chiqadigan buyuk kuch. Muhabbatning obyekti doimo go'zallik, manfaatsiz go'zallik. U – Ollohmi, Vatanmi, yormi – muhabbat egasiga undan-da go'zalroq narsa yo'q. Ayni paytda bir obyektni sevgan kishi boshqa obyektlarni ham sevmasligi mumkin emas. Deylik, yorga bo'lgan haqiqiy muhabbat Vatanga, insoniyatga muhabbatni inkor etmaydi, aksincha, barqaror qiladi. Zero «o'z-o'zicha», yakka, «xudbin» muhabbatning bo'lishi mumkin emas. Inson o'zi o'zgaga aylanganida, o'zgani o'ziga aylantira olganida haqiqiy muhabbat egasi hisoblanadi. Mana shu obyekt bilan subyekt orasidagi farqning yo'qolishi eng buyuk, eng mukammal lazzatdir.
Komil lazzatga faqat komil insongina erisha oladi. Demak, muhabbat inson axloqiy xayotining cho'qqisi, komillik belgisidir. Shu bois haqiqiy muhabbat egalari yoshlar tomonidan doimo axloqiy ideal tarzida qabul qilinadi: Farhod va Shirin, Romeo va Julyetta, Otabek va h.
Shuni ta'kidlash lozimki, muhabbat – oliy tuyg'u, shu ma'noda u oliy tushuncha. Lekin uni tuban, quyi narsa – hodisalarga nisbatan ham qo'llash hollari uchrab turadi. Chunonchi, Fromm singari g'arblik mutafakkirlar, ba'zi rus faylasuflari muhabbat tushunchasini o'likka (nekrofil), mol-dunyoga, pulga nisbatan qo'llaydilar. Ularga nisbatan «o'chlik», «ruju», «hirs» singari tushunchalarni qo'llash ma'qul emasmikan?
Muhabbat ham, axloqshunoslikdagi ko'pgina tushunchalardek, «juftlik» xususiyatiga ega, uning ziddi – nafrat. Nafrat tushunchasi, albatta, muhabbat singari keng qamrovli emas. U aksil muhabbat tarzida namoyon bo'lgan obyektdan chetlashish, undan begonalashishni taqozo etadi. Hazar, jirkanch hissi nafratning kundalik turmushidagi tor, «mayda» ko'rinishidir. Nafratning ularga nisbtan «yirikligi» uning ijtimoiy hodisa sifatida namoyon bo'lishidir. Ayni paytda, bu tushuncha g'azabdan keskin farq qiladi. U, g'azabga o'xshab, o'z obyektini yo'qotishga intilmaydi, undan faqat yuz buradi. Ko'rinishdan, nafrat kishida yoqimsiz taassurot uyg'otsa-da, aslida u asosan illat emas, axloqiy fazilat sifatida insonning vijdonliligidan, botiniy jasoratidan dalolatdir.
Nafratdan tashqari yana rashk tushunchasi borki, u –ijtimoiy hodisa emas, faqat jinsiy muhabbat bilan yonma-yon keladi. Ma'lumki, muhabbat egasi o'z sevgisini va sevgilisini qizg'anib, asrab qolishga harakat qiladi. Ana shu qizg'anish hissa me'yoridan oshib ketganda rashkka aylanadi. Rashk esa, uni qanchalik ta'rif-tavsif qilmaylik – me'yorning buzilishi, illat.
Mezoniy tushunchalar orasidagi yana bir juftlik – ezgulik va yovuzlik axloqshunoslikdagi eng asosiy kategoriyalardan. U inson faoliyatining asl mohiyatini anglatadi – Tangri irodasining inson qalbidagi tajassumi sifatida namoyon bo'ladi. «Ezgu o'y, ezgu so'z, ezgu a'mol» uchligi «Avesto» dan tortib, barcha muqaddas kitoblarda yetakchi o'rinni egallashi ham shundan. Ezgulik – inson shaxsining komillikkka, baxtga, jamityani esa yuksak taraqqyoitga yetkazuvchi vositadir. U insonning axloqiy faoliyati tufayli muayyanlashadi, yuzaga chiqadi. Uni sinfiylik yohud partiyaviylik qobig'iga o'rash mumkin emas. Chunonchi, «sinfiy dushmanni», ya'ni biror bir shaxsni yoki guruhni faqat boshqa sinfga mansub bo'lgani uchun jisman yo'qotish, qanchalik bo'yab-bo'jalmasin, ezgulik bo'lolmaydi. U tom ma'nodagi yovuzlikdir. Shu bois totalitar tuzumlarda ezgulikni bunday talqin etishning noilmiyligi, soxtaligi hozirgi kunda hammaga ayon.
Ezgulik va uning ziddi yovuzlik odatiy, kundalik hayot mezonlari bilan o'lchanmaydi, ular ham muhabbat singari qamrovli va ijtimoiylik xususiyatiga ega. Ezgulikning axloqiy ideal bilan bog'liqligi ham shundan. Shu tufayli u amaliyotda qahramonlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, jasurlik singari tamoyillarni o'z ichga oladi.
Ezugulik va yovuzlikning yana bir o'ziga xos tomoni shundaki, bu juftlik tushuncha inson faolyaitini baholash xususityaiga ega. Uni odam bolasining ulug'ligi va tubanligini o'lchaydigan muqaddas torozuga o'xshatish mumkin. Insonning komilligi, jamiyatning takomilga erishgan-erishmagani shu mezon bilan o'lchanadi. Chunonchi, Stalinning yovuz inson, sobiq sho'rolar ittifoqini esa jamiyat sifatida «yovuzlik saltanati» degan nom bilan atalib kelgani hyech kimga sir emas.
Ezgulik va yovuzlik haqida gap borganida, yaxshilik va yomonlik nima, bu ikki juftlik mazmunan bir emasmi, degan savol tug'iladi. Bu tabiiy. Chunki hozirgacha bizga ma'lum o'zbek tilidagi barcha axloqshunoslikka doir adabiyotlarda ezgulik va yovuzlik mezoniy tushunchalar sirasiga kiritilmagan, u bor-yo'g'i yaxshilik va yomonlikning sinonimi tarzida taqdim etib kelingan. To'g'ri, yaxshilik tushunchasining ko'gina unsurlari ezgulikdan, ezgulikning ba'zi unsurlari yaxshilikdan joy olishini inkor qilish mumkin emas. Ularning ziddida ham shunday «singishib ketish» mavjud. Lekin bunday dalilllar aslo mazkur ikki juftlikni aynanlashtirishga asos bo'la olmaydi. Ular orasida qat'iy farq mavjud: ezgulik, yuqorida aytganimizdek, ijtimoiylik xususiyatiga ega, yaxshilik esa unday emas. U asosan shaxsning odobiga, hulqiga bog'liq bo'lgan ijobiy hodisa. Zero unda, mardlik, ochiqko'ngillilik, halollik singari axloqiy me'yorlar tajassum topadi. Biroq u qahramonlik, jasorat, vatanparvarlik kabi tamoyillar darajasiga ko'tarila olmaydi. Misol tariqasida buyuk shoirimiz Alisher Navoiyning faoliyatini olaylik. U surunkasiga ijodiy mehnatga umrini bag'ishladi, xalqi uchun, xalqlar uchun «Xazoyin ul-maoniy»dek, «Hamsa»dek buyuk asarlar yaratdi. Bu ezgulik – abadiy, zero Navoiy asarlari millionlab odamlarga yuzlab yillar mobaynida zavq-shavq ulashib, ularni komillikka chorlab kelmoqda. Ayni paytda, u ko'plab yaxshiliklar qildi – muhtoj odamlarga qarz berdi, bergan qarzidan kechib yubordi v.h. Uning bu yaxshiliklari, ajoyib ijobiy hodisa bo'lgani holda, o'tkinchilik xususiyatiga ega, shuningdek, qahramonlik ham, buyuk jasorat ham, vatanparvarlik ham emas. Demak, yaxshilikni yirik ijtimoiy hodisa – ezgulik bilan aynanlashtirish to'g'ri emas.
Bu ikki juftlikning yana bir farqli tomoni shundaki, ezgulik hyech qachon yovuzlikka aylanmaydi, har qanday zamonda, har qanday sharoitda ham yovuzlik bo'lib qolveradi. Yaxshilik va yomonlikda esa bunday emas: biror obyektga qilingan yaxshilik boshqa har bir obyekt uchun yoki yaxshilik qilgan subyekt uchun yomonlikka aylanishi mumkin. Mashhur o'zbek xalq ertaklaridan biridagi ovchilar quvib kelayotgan bo'rini qopga yashirib, qutqarib qolgan dehqonning holatini bunga misol sifatida keltirish mumkin: bo'ri o'ziga yaxshilik qilib, o'limdan qutqargan odamni yemoqchi bo'ladi, xayriyatki, tulki dehqonning joniga ora kiradi.
Xullas, muayyan ijtimoiy cheklanganligiga qaramay, yaxshilik va yomonlik ham ancha qamrovli mezoniy tushunchalardan.
Axloqshunoslikning yana bir qamrovli mezoniy tushunchasi - adolat. Uning ezgulik va yovuzlik hamda yaxshilik va yomonlikdan asosiy farqi shundaki, adolatning o'zi biror bir qadriyatni anglamaydi, lekin qadriyatlar orasidagi nisbatni belgilaydi, ularni baholash maqomiga ega. Shu bois unda jamiyatni tartibga soluvchilik xususiyati bor; unda ham axloqiy, ham huquqiy talablar mujassamlashgan. Uni ma'lum ma'noda miqdor o'lchovchi ham deyish mumkin: u talab bilan taqdirlashni o'lchab turadigan tarozudir. Adolat bor joyda ijitmoiy jabrga, beboshlikka yo'l yo'q. Adolatning mezoniylik xususiyati, ayniqsa, huquqda darhol ko'zga tashlanadi. huquq vazirligining hatto adliya vazirligi deb atalishi, jinoyatga yarasha jazoni belgilovchi, hukm chiqaruvchi idoralarning xalq sudi, odil sud degan nomlar bilan yuritilishi buning dalilildir. Lekin adolatni faqat huqquiy tushuncha sifatida talqin etish to'g'ri emas. U, yuqorida aytganimizdek, keng qamrovli axloqiy tushuncha. U na faqat fuqorolar orasidagi munosabatlarni, balki davlat bilan xalq, jamiyat bilan shaxs o'rtasidagi aloqalar mezonini ham o'z ichiga oladi. Xalq orasida ming yillar mobaynida odil podsho idealining yashab kelgani bejiz emas.
Deyarli bir yarim asr moybaynida adolatsizlikni milliy kamsitishni, milliy iftixor hissining oyoq osti qilinishini, begona irodaning zo'rlab qabul qildirish kabi holatlarni boshdan kechirgan xalqimiz, endlikda, mustaqillikka erishib, adolatli fuqorolik jamiyati tuzishga kirishdi. Adolat bugungi kunda bizning mustaqil, kelajagi buyuk davlatimizning mohiyatini anglatuvchi tushunchaga aylanib bormoqda.
Axloqshunoslikning nihoyatda ta'sir doirasi keng tushunchalaridan biri vijdondir. Vijdon – Zigmund Freyd ta'biri bilan aytganda, alo men, men ustidan nazorat o'rnatib, uni boshqarib turuvchi ikkinchi, yuqora darajadagi men. Agar uyat hissi insonning tashqi, jamiyatga bog'liqligidan kelib chiqsa, vijdon uning ichki o'z-o'ziga bog'likligini namoyon etadi. Bu ichki bog'liqlik tashqi bog'liklikka nisbatan teran va doimiydir: uyat ma'lum bir vaqt ichida odamning o'z nojo'ya harakati tufayli yuzaga kelgan o'ng'aysizligi bo'lsa, vijdon azobi, bu oddiy o'ng'aysizlik emas, balki qalbdagi, odamdagi odamiylikka e'tiqodning faryodi, talabi, uni qondirmas ekansiz, hyech qachon azob to'xtamaydi. Uyat bilan vijdonni, shu bois, dengizdagi muz tog'iga – aysbergga o'xshatish mumkin: yuzaga uyat tarzida chiqib turgan qismi teranlikdagi qismidan yuz, balki ming barobar kichik.
Vijdon ham boshqa ba'zi axloqshunoslik mezoniy tushunchalari kabi baholash xususiyatiga ega. Lekin bu baholash hyech qachon obyektga qaratilmaydi, u subyektning xatti-harakatlarini baholaydi, ya'ni unda subyekt o'zi uchun ichki obyekt vazifasini o'taydi. Ba'zan jamiyat talablari bilan vijdon o'rtasida ixtilloflar chiqishi mumkin. Bunda vijdon emas, jamiyat talablarining o'tkinchilik xususiyati, ma'lum ma'noda eskirganligi aybdordir. Zero vijdon ko'zga ko'rinmas, lekin ulkan va mutlaq aybsiz axloqiy hodisadir.
Ko'pincha vijdon tushunchasi o'rnida iymon iborasini uchratish mumkin. Iymon aslida diniiy tushuncha. Lekin hayotda vijdon tushunchasining sinonimi tarzida ishlatiladi. Masalan, kimnidir birov «iymonli odam» deganida, uning musulmonlikka iymon keltirgan-keltirmagani haqida o'ylab o'tirmaydi, buning ustiga, u odam musulmon emas, nasroniy bo'lishi ham mumkin. Chunki gap bu yerda o'sha odamning dindorligi haqida emas, balki vijdonli, halol, rostgo'y ekanligi to'g'risida ketyapti. Shu ma'noda vijdon bilan iymonni egizak tushunchalar deyish mumkin.
Afsuski, odatda, ko'pchilik adabiyotlar vijdon mezoniy tushunchasiga «subyektiv» hodisa tarzida qarab adolat, burch, nomus singari tushunchalarni unga qaraganda ijtimoiy ahamiyatliroq deb baholash, ularni, «to'rga chiqarish» hollari tez-tez uchrab turadi. Vaholanki, vijdonsiz odamdan hyech qachon adolatni ham, burchga sadoqatni ham, or-nomusni ham kutish mumkin emas. Vijdonli odamlargina haqiqiy erkin, demokratik fuqorolik jamiyatini yarata oladilar. Zero vijdon, eng avvalo, o'zgalarga nisbatan burch va mas'uliyatni taqozo etadi.
Yana bir muhim mezoniy tushuncha – burch. Burch, mohiyatan, jamiyat, davlat va shaxslarga nisbatan muayyan individdagi munosabat, ular oldidagi majburiyat. U yuqorida aytganimizdek, vijdon, e'tiqod mas'uliyat kabi tushunchalar bilan mustahkam bog'liq. Umuman, hayotda insonning har bir xatti-harakati zamirida burch tushunchasi – burchga sadoqat yoki xiyonat yotadi. Burchning insonlik burchi, musulmonlik burchi, nasroniylik burchi, farzandlik burchi singari keng qamrovli, barcha davrlar uchun umumiy bo'lgan tushunchalari ham, jurnalistlik burchi, shifokorlik burchi, olimlik burchi kabi kasbiy odob doirasidagi tushunchalari ham mavjud. Burch tushunchasining o'ziga xos jihatlaridan yana biri – uning vaqt va jamiyatda muayyanlashish xususiyati. Chunonchi, bir tuzum yo jamiyatda ijobiy hisoblangan burch talablari ikkinchi bir tuzum yoki jamiyat uchun salbiy ma'no kasb etishi mumkin. Sobiq sho'rolar fuqarosining o'sha davrdagi mavjud tuzum oldidagi burchi hozirgi kunda o'ta salbiy hodisa sifatida baholanishi bunga yorqin misol bo'la oladi.
Harbiylashgan va o'ta mafkuraviylashgan, ya'ni yagona mafkura hukmronlik qilgan jamiyatlarda esa burch omma hamda shaxs hayotida fojeiy hodisaga aylanadi. o'ta ustalik bilan yo'lga qo'yilgan targ'ibot natijasida bunday jamiyatlar a'zolari oqni – qora, qorani – oq deb qabul qiladilar. Buni umumbashariy milliy qadriyatlarni oyoq osti qilgan beshafqat sho'rolar sosializmi yoki fashistlarning milliy sosializmi yaqol isbotlab berdi. Yuz minglab, hatto millionlab odamlar aldandilar, keyinchalik, uzoq yillar mobaynida vijdon azobida yashadilar. Demak, jamiyat qurishda totalitarchilikka yo'l qo'yilishi o'sha jamiyat a'zolarini burchni noto'g'ri tushunishga va buning oqibatida axloqsizlikka olib keladi.
Shuni ham aytish kerakki, ba'zi hollarda burch shaxsning ko'pgina mayl-istaklariga qarshi boradi: uni huzur halovatdan turmush lazzatlaridan mahrum etadi. Masalan, Furqat mustamlakachilar mafkurasiga xizmat qilganida, uning hayoti rohat farog'atda kechishi mumkin edi. Lekin u Vatan oldidagi, millat oldidagi burchni deb muhojirlikning og'ir qismatiga duchor bo'ldi: uni mustamlakachilar mamlakat hududidan chiqarib yuborib, qayta kiritmadilar. Furqat horijda vafot etdi.
Ba'zan burch tufayli odamlar o'z sevgisidan, jon-dilidan sevgan kishisidan kechishga ham majbur bo'ladilar. Xullas, burch axloqshunoslik mezoniy tushunchalari ichidagi eng «qattiq qo'l», eng «shafqatsizi».
Mezoniy tushunchalardan yana biri – nomus. Nomus tushunchasi bir tomondan, burch bilan bog'liq bo'lsa, ikkinchi jihatdan, qadr-qimmat tushunchasiga aloqadir. Zero nomus mohiyatan shaxsning o'z qadr-qimmatini anglab yetishi, shu qadr-qimmatning jamiyat tomonidan tan olinishi yoki olinmasliga munosabati bilan belgilanadi. Goho uni or tushunchasi bilan chalkashtirish, hollari ham uchrab turadi. Lekin aslida, nomusga nisbatan or ancha tor qamrovdagi, nisbatan zalvarsiz tushuncha. Chunonchi, oriyatli odam deganda, o'z so'zining ustidan chiqadigan, sadaqa tarzida qilingan muruvvatlardan baland turadigan shaxs tushuniladi. Beor odam esa – o'z sha'niga aytilgan gaplarga parvo qilmay, ishini bajarib ketaberadigan, aytilgan-aytilmagan joylarga suqilib kiraveradigan surbetnamo kishi. Nomusning esa toshi og'ir – ijtimoiylik xususiyatiga ega, keng qamrovli. Nomus yo'lida inson hatto o'z hayotidan kechishi mumkin, odamlar o'z nomusi, oila nomusi, millat nomusi deb kurashadilar. Bu haqda ko'plab badiiy asarlar yaratilgan. Mehnat, sport singari sohalarda jamoa nomusi ham alohida ahamiyatga ega; shu o'rinda nomus obro' tushunchasi bilan bog'lanib ketadi. Bularning hammasi o'zini hurmat qilish, o'ziga nisbatan atrofdagilarning hurmat-izzatini yo'qotmaslik uchun o'z-o'zini nazorat qilish hissidan kelib chiqadi.
Biz yuqorida ko'rib o'tganlarimiz – asosiy mezoniy tushunchalarning barchasi baholash tabiatiga ega. Yana qator muhim axloqiy tushunchalar borki, ular o'z yechimini talab qilishi bilan, ya'ni muammolik xususiyati bilan ajralib turadi. Ideal, baxt, hayotning ma'nosi, singari tushunchalar shular jumlasidandir. Biz ular orasidagi eng qamrovlisi bo'lishi axloqiy ideal tushunchasiga nisbatan batafsilroq to'xtalib o'tamiz.
Bir qaraganda, idealda ham baholash xususiyati mavjuddek tuyuladi. Lekin aslida u qiyoslashga asoslanadi. Antiqa tomoni shundaki, idealda nomavjud, xayoldagi insonga, voqyelika real, mavjud, hayotdagi xodisalar qiyoslanadi, ya'ni bor narsa yo'q narsa bilan o'lchanadi. Zero ideal hayotda mavjud bo'lishi mumkin emas – bu hammaga ayon gap. Buning ustiga, ideal hozirgi zamonda ham, kelajakda ham bo'lmaydi, uning mavjudlik sharti-o'tgan zamon. Lekin, shunga qaramay, inson ideal sari intiladi, o'z hayotini unga qiyoslaydi, unga taqlid qiladi. U inson hayotidagi eng oliy axloqiy talabki, uning bajarilishi shaxsni komillikka yetkazadi. Albbata, hayotda bunday bo'lmaydi, lekin inson ana shu komillikni o'ziga namuna bilib, idealga intilib yashashi jarayonida nisbiy komillikka erishadi.
Dunyoviy ideal bilan, to'g'rirog'i, ijtimoiy-axloqiy ideal bilan diniy ideal, bir qaraganda, o'xshashdek ko'rinsa-da, aslida keskin farq qiladi. Chunonchi, musulmonlar uchun - Muhammad alayhissalom, nasroniylar uchun – Hazrati Iso, yahudo dinidagilar uchun – Hazrati Muso ideal hisoblanadi. Ular ideal sifatida hyech qachon o'zgarmaydi, boqiy. Ijtimoiy-axloqiy ideallar esa o'zgarishi mumkin va ko'p hollarda o'zgarib turadi. Masalan, sho'rolar davrida o'sha tuzum asoschisi Lenin – eng yuksak axloqiy ideal sifatida talqin etilardi va ko'pchilik tomonidan shunday qabul qilanardi. Hozir esa «Kuch-adolatda!» degan shiorni hayotining ma'nosi deb bilgan buyuk ajdodimiz Amir Temur ko'pchilik tomonidan ijtimoiy-axloqiy ideal, adolatli davlat rahbarining ideal timsoli tarzida qabul qilinadi. Demak, muayyan tuzum talablaridan kelib chiqqan holda, ijtimoiy-axloqiy ideallar o'zgarishi mumkin. Faoliyati niqoblangan axloqsizlikdan iborat bo'lgan. Lenin, Stalin, Hitler kabi ijtimoiy ideallarning umri uzoq bo'lmasa-da, har holda ideal edilar, aldangan ko'pchilik ularni namuna deb bildilar.
Asosiy mezoniy tushunchalar – kategoriyalar singari axloqiy tamoyillar ham axloqiy anglash shakllaridan hisoblanadi. Ularda axloqiy talab nisbatan umumiy tarzda ko'zga tashlanadi.
Ular jamiyat tomonidan shaxsga qo'yiladigan talab tarzida namoyon bo'lib, insonning axloqiy mohiyatini, uning hayoti mazmunini, odamlar bilan o'zaro aloqalaridagi asosiy jihatlarini belgilab beradi. Natijada tamoyillar, inson xatti-harakatining umumiy yo'nalishini ko'rsatgan holda, ko'pgina axloqiy me'yorlar uchun asos bo'lib xizmat qiladi.
Axloqiy tamoyillarning eng qadimiy va eng muhimlaridan biri – insonparvarlik. U – insonning yuksak ijtimoiy vazifasini belgilaydigan va barqaror etadigan g'oyalar, qarashlar va e'tiqodlar majmui, shaxs erki, kadr-qimmati, uning baxtli bo'lish huquqini talab etish imkonining mavjudligiga yengilmas ishonch. Insonparvarlik tamoyilini, Ovro'po Uyg'onish mutafakkirlari dastlab ilgari surganlar, degan fikr mavjud. Aslida, insonparvarlik dastavval Sharqda o'rtaga tashlangan, insoniylik, insonparvarlik degan ma'noni bildiruvchi «namlulu» so'zi bundan 3-4 ming yillar avvalgi qadimgi Somir mix xatlarida uchraydi.
Insonparvarlik – umuminsoniy qadriyatlar sirasiga kiradi. Uni sho'rolar davridagi sinfiylik nuqtai nazaridan soxtalashtirish proletar diktaturasi va totalitar sosialistik tuzum hamda ular ijodkorlarining insonparvarligi haqidagi afsonalar juda qisqa umr ko'rdi. Sosializm mafkurachilarining bu boradagi say'-harakatlari o'sha davrlardayoq noilmiyligi, yolg'onga sug'orilganligi bilan kishilarning g'ashini keltirgan edi. Bunday insonparvarlikni xalq qabul qilmaydi. Chunki u aynan o'ta mavhum «xalq» tushunchasiga qaratilgan, vaholanki insonparvarlik markazida muayyan shaxs turmog'i lozim. har bir shaxs insoniy huquqlarini ta'minlash uchun kurashish – mana, insonparvarlikning asosiy vazifasi. Bu borada umumbashariy ma'naviy qadryatlarni ustuvor deb bilgan bizning davlatimiz ham mamlakat ichkarisida, ham dunyo miqyosida ko'zga ko'rinarli ishlar qilmoqda.
Agar insonparvarlik tamoyili shaxsning barcha insoniy haq-huquqlari himoyasida tursa, ya'ni ancha keng qamrovli va umumiy intilish bo'lsa, erkparvarlik tamoyili uning ma'lum ma'noda muayyanlashgan bir qismi hisoblanadi. Erkparvarlik insonning eng oliy huquqi – erkin, ozod yashash huquqini himoya qilishi bilan muhimdir. Zero erksiz inson – asir, erksiz millat – qul, erksiz mamlakat–mustamlaka. Erkparvarlik, avvalo, o'z millati o'z Vatani erki uchun, qolversa, boshqa millatlar va vatanlar erki uchun kurashni xayotining maqsadi qilib qo'ygan insonlar tamoyilidir. Ayni paytda, bu tamoyil keng ijtimoiy siyosiy ma'noda ham qo'llaniladi. Buni erkparvar davlatlar faoliyatida ko'rish mumkin.
Eng ma'lum va mashhur tamoyil, bu – vatanparvarlik. U insonning o'z Vataniga muhabbatini, uni asrab-avaylashga bo'lgan ishtiyoqini anglatuvchi axloqiy tushuncha. Uni ko'pincha Vatan dushmanlariga qarshi ma'naviy-mafkuraviy qurol sifatidagina talqin etadilar.
Aslida esa, bu tamoyilning qamrovi ancha keng – u insonparvalikning nisbatan muayyanlashgan shakli. U, eng avvalo, o'z vatandoshlari erkini asrash uchun kurash, inson ozodligi yo'lidan xatti-harakatlardir. Vatan himoyasi, bu – inson himoyasi, millat himoyasi. Lekin bu himoya, yuqorida aytganimizdek, faqat jang maydonida emas, balki barcha sohalarda namoyon bo'ladi. har bir sohada Vatan erishgan muvaffaqiyatlardan quvonch, muvaffaqityasizliklardan qayg'u hissini tuyush, Vatan bilan g'ururlanish, uning har bir qarich yeri, binosining har bir g'ishtiga, qadimiy obidalariga, ilm-fan va san'atdagi yutuqulariga mehr bilan qarash, ularni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash – bular hammasi vatanparvarlikdir.
Hozirgi paytda yoshlarimizda vatanparvarlik tuyg'usini tarbiyalash, ularni Vatan ma'nosini teran anglab yetishga o'rgatish, vatanparvarlik – yuksak axloqiy tamoyil ekanini tushuntirish fanizmning dolzarb vazifasi hisoblanadi.
Yana bir muhim axloqiy tamoyil, bu – millatparvarlik. U ma'lum ma'noda, vatanparvarlik tamoyilining yanada muayyanlashgan shakli. Zero millatni sevish keng ma'noda Vatanni sevish degani. Vatansiz millatning bo'lishi yoki rasmona erkin va baxtli yashashi mumkin emas.
Lekin millatparvarlikni millatchilik bilan qorishtirib yubormaslik lozim. Millatchilik o'z millatini ajratib olib, unga buyuklik maqomini berishga intilish bo'lsa, millatparvarlik, boshqalarni kamsitmagan holda, o'z millati ravnaqi uchun kurashish, bu yo'lda, lozim bo'lsa, o'z hayotini ham fido qilish demakdir. U insonparvarlik bilan ham chambarchas bog'liq. Chunki o'z millatini chin dildan sevmagan odam hyech qachon boshqa millatlarni seva olmaydi.
Tinchlikparvarlik, jo'mardlik singari axloqiy tamoyillar ham insoniyat hayotida muhim ahamityaga ega. Chunonchi, tinchlikparvarlik urushning, qon to'kishning har qanday ko'rinishini inkor etadi. Ba'zi ulug'davlatchilik va buyukmillatchilik ruhi hukmron bo'lgan jamiyatlarda tinchlikparvarlar quvg'in qilinadi, turmalarga tashlanadi. Lekin ular o'z tamoyillaridan hyech qachon qaytmaydilar. Ular insoniyatni barcha bahsli masalalarini tinch yo'l bilan hal qilishga chaqiradilar, Yer yuzida tinchlik o'rnatish uchun tinimsiz kurash olib boradilar. Jo'mardlik tamoyili esa Sharqda qadimdan mavjud. Ovro'poda uni altruizm nomi bilan Ogyust Kont ilimiy muomalaga kiritgan. U kishida o'z qavmdoshiga aychinish hissidan, unga baxt va farovonlik tilash tuyg'usidan kelib chiqadi, mohiyatan beminnat xayriyaga asoslanadi. Bundan tashqari, bizning milliy axloqshunosligimizda o'zbekchilik, mehmondo'stlik kabi tamoyillar mavjud. Ular millatimizning eng yaxshi an'analariga sadoqat tuyg'usidan kelib chiqadi va o'zbek kishisiga xos bag'ri kenglik, do'stga, mehmonga borini bag'ishlashdek fidoyilik xususiyatlarini o'zida mujassamlashtiradi. Ayni paytda, bu tamoyillarni suiste'mol qilishi hollari ham hozirgi paytda tez-tez uchrab turadi. Shunga qaramay, o'zbekchilik va mehmondo'stlik tamoyillari xalqimizning o'ziga xosligini ta'kidlaydi. Jahonning juda ko'p xalqlari bu tamoyillar egasi bo'lmish o'zbek millatiga doimo ehtirom, havas va hayrat bilan minnatdorchilik bildiradilar.
Inson hayotida axloqiy me'yorlar ham katta ahamiyatga ega. Ular tamoyillarga nisbatan ancha sodda, umumlashmagan, tor qamrovli. Ularni kundalik xayotimizda ma'lum axloqiy tamoyillarning amalga oshish murvatlari ham deyish mumkin, ular axloqiy talablarning eng oddiy shakli sifatida ro'yobga chiqadi. Halollik, rostgo'ylik, xushmomalalik, boodoblik, kamtarlik singari me'yorlar ayniqsa, diqqatga sazovar. Shuni ham aytish kerakki, halollikni uning dastlabki tor diniy mazmunida-qaysi taom harom-u, qaysinisi halol, degan ma'noda tushunmaslik lozim. U allaqachon umuminsoniy ma'no kasb etgan me'yorga aylangan. halollik, rostgo'ylik vijdon tushunchasi bilan bog'liq, insonning o'zgaga munosabati o'ziga munosabatidek sof bo'lishini talab etuvchi ma'yorlardir.
O'nlab me'yorlar orasida bu ikkisiga to'xtalishimizning sababi shundaki, mustamlakachilik davrida, ayniqsa, sho'rolar hukumronlik qilgan chorakam bir asr vaqt mobaynida yolg'on, aldov, nopoklik, xaromxo'rlik, munofiqlik singari illatlar xalqimizga shu qadar ustalik bilan singdirildiki, hozirgi paytda ko'pchilik odamlar halollik va rostgo'ylik ustidan hatto kuladigan bo'lib qolganlar. So'z bilan ish birligi yo'qolgan, qog'ozdagi chiroyli gaplar hayotga to'g'ri kelmaydi. Lekin bularning hammasi afsuski, odatiy xoldek qabul qilinadi. Shu bois mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq bu illatlarga qarshi kurash boshlandi. hozirgi kunda davlatimiz milliy ma'naviy qadriyatlarni tiklashni, odamlarni halol, insofli, adolatli bo'lishga chaqirishni o'z ichki siyosatining muhim qismi deb bilgan holda ish tutmoqda. Zero ko'z o'ngimizda yolg'on, aldov, ikkiyuzlamachilik nimaligini deyarli bilmaydigan jamiyatlar, millatlar gullab-yashnamoqda. Yaponiya, Olmoniya, Fransiya, AQSh, Buyuk Britaniya singari mamlakatlar shular jumlasidan.
Shunday qilib, qisqacha bo'lsa-da, axloqshunoslik mezoniy tushunchalari, axloqiy tamoyillar va me'ryolar nima ekanini, ularning shaxs hamda jamiyat axloqiy xayotida naqadar muhim o'rin tutishini ko'rib chiqdik.

Takrorlash uchun savollar:



  1. Axloqning kelib chiqishi haqidagi ikki xil fikrning asosiy mohiyati nimada?

  2. Ixtiyor erkinligi nima?

  3. Axloqiy tanlov nimalarga asoslanadi?

  4. Axloqiy taraqqiyot, umuman, bormi?

  5. Axloq tuzilmasi qanday unsurlardan tashkil topadi?

  6. Axloqning umuminsoniy, mintaqaviy va milliy xususiyatlari nimalarda ko'rinadi?

  7. Muhabbatning axloqshunoslik mezoniy tushunchasi (kategoriyasi) sifatidagi mohiyati nimada?

  8. Ezgulik va yovuzlik mezoniy tushunchalarining ijtimoiylik xususiyatlari nimada?

  9. Adolatning jamiyat va shaxs axloqiy hayotidagi o'rni qanday xususiyatlar bilan belgilanadi?

  10. Nima uchun vijdon axloqshunoslikning eng muhim mezoniy tushunchalaridan hisoblanadi?

  11. Burch tushunchasining axloqiy mohiyatini qanday izohlash mumkin?

  12. Nomus tushunchasining axloqiy hayotdagi ahamiyati nima bilan belgilanadi?

  13. Idealning mohiyati va inson hayotida tutgan o'rni qay tarzda namoyon bo'ladi?

  14. Axloqiy tamoyillarning inson kamolotiga ta'siri qay tarzda ro'y beradi?

  15. Shaxs hayotida aloqiy me'yorlar qanday o'rin tutadi?

Adabiyotlar:



  1. O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi. – T.: «O'zbekiston», 2008.

  2. Karimov I.A. Asarlar to'plami, 1-15 jj. – T.: «O'zbekiston», 1996-2007.

  3. Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat-yengilmas kuch. – T.: «Ma'naviyat», 2008.

  4. Slovar po etike. – Moskva: Politizdat 1989.

  5. Umarov E.U., Zagыrtdinova F.B. Etika. – T.: Cho'lpon nomidagi nashriyot uyi, 2005.

  6. Sher A. Axloqshunoslik: Ma'ruzalar matni. – T., 2000.




Yüklə 288,66 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə