7-mavzu: axloqshunoslik fani va uning vazifalari (2-soat)



Yüklə 288,66 Kb.
səhifə6/10
tarix30.12.2023
ölçüsü288,66 Kb.
#165856
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Этика

Adabiyotlar:

  1. O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi. – T.: «O'zbekiston», 2008.

  2. Karimov I.A. Asarlar to'plami, 1-15 jj. – T.: «O'zbekiston», 1996-2007.

  3. Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat-yengilmas kuch. – T.: «Ma'naviyat», 2008.

  4. Slovar po etike. – Moskva: Politizdat 1989.

  5. Umarov E.U., Zagыrtdinova F.B. Etika. – T.: Cho'lpon nomidagi nashriyot uyi, 2005.

  6. Sher A. Axloqshunoslik: Ma'ruzalar matni. – T., 2000.

9-MAVZU: O'ZBEKISTONDA AXLOQIY QARAShLAR RIVOJLANIShI TARIXIDAN
(2-soat)


Ma'ruza rejasi:

1. Qadimgi Sharq axlokiy akidalarning beshigi sifatida. «Avesto»-da axloqiy qonun-qoidalar.


2. Sharq Uyg'onish davrida axloqshunosik aqidalarining taraqqiyoti (al-Buxoriy, at-Termiziy, Farobiy, ar-Roziy, Ibn Sino, Ibn Rushd). Tasavvuf axloq falsafasi sifatida (G'azzoliy, Rumiy).
3. Temuriylar davrida axloqshunoslik. Jomiy, Navoiy, Koshifiy va Davoniyning axloqiy qarashlari.
4. Turkiston ma'rifatchi–jadidlarining axloqiy qarashlari. A.Avloniyning «Turkiy guliston yoxud axloq», Fitratning «Oila» asarlarining axloqiy mazmuni. Jadidlar teatrida axloq muammolari.


Tayanch iboralar: zardushtiylik, «Avesto», axloqiy uchlik, Uyg'onish davri, islom axloqshunosligi, tasavvuf, hayot va mamot, ixtiyor erkinligi, muhabbat, niyat, qadr-qimmat, lazzat, fazilat, maqsad, vosita, aql, pandnoma, millat, vatan, vatansevarlik, taraqqiyot, adolat, tarbiya, oila, diyonat, sharaf, hayo, vijdon, mayl, ixtiyor, iroda.


Qadimgi Turonzamin va Eronzamindagi axloqiy tafakkur taraqqiyoti zardushtiylik dinining vujudga kelishi bilan bog'liq. Taxminan bundan XXX asr muqaddam yoyila boshlagan bu dinning qadimgi Xorazmda yaratilgan, «Avesto» deb atalgan muqaddas kitobida asosiy axloqiy fazilatlar va illatlar sanab o'tiladi, talqin etiladi. Unda zardushtiylik ilohi Ahura-Mazda – ezgulik, Ahriman esa yovuzlik timsoli sifatida namoyon bo'ladi; ezgulik va yovuzlik, yorug'lik va zulmat, hayot va mamot o'rtasidagi abadiy kurashning ibtidosi aks etadi. «Abadiy ezgulik», «ezgu niyat», «ezgu tartib», «ilohiy tobe'lik», kabi ezgu tushunchalar real ma'no kasb qilib, insoniylashgan qiyofadagi ma'budlar siymosida namoyon bo'ladi, ular Ahura-Mazda atrofida yaxshilik urug'ini sepib yuradi. Bunday tushunchalarning aksi esa Ahriman atrofidagi yovuz kuchlarda reallashadi.


«Avesto» dagi talqinlar insonning real hayoti bilan bog'liq ekanligi diqqatga sazovor. Undagi ezgulik ruhi – yaratuvchilik, ijodkorlik quvvati, Yovuzlik esa buzish va buzg'unchilik kuchi tarzida nomoyon bo'ladi.
Axura-Mazda qiyofasidagi bu ezgulik – hayot ramzi, yerni inson, hayvonot va nabotot bilan boyitadi, inson ularni sog'lik kuch-qudrat, baxt, shodlik, umid, ishonch, go'zallik, farovonlik yordamida munavvar qiladi. Axriman qiyofasidagi yovuzlik esa qurg'oqchilik, ocharchilik, kasallik, mollar qirg'inini, jisman va ruhan halokat singari ofatlarni keltirib chiqaradi.
«Avesto»da umri davomida ezgulik, yaxshilik, poklik va tozalik tamoyillari bilan ish ko'rgan odam o'lgandan so'ng uning ruhi rohat-farog'atda bo'lishi, gunohkor, fosiq kishiniki esa aksincha: azob-uqubat hamda xunuklik komiga mahkum etilishi aytiladi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, «Avesto»da inson oliy jonzot tarzida talqin etiladi. Ayni paytda yeru ko'kdagi barcha ne'matlarni sevish, ardoqlash insonning muqaddas burchi hisoblanadi. Ozodalik, tozalik gigiyenik tushunchadan axloqiy va ilohiy tushuncha darajasiga ko'tariladi: suvni, atrof-muhitni toza tutish, jonivorlarga, xususan, itga uchi o'tkir suyak yoki qaynoq ovqat bermaslik – ularga nisbatan shafqatni anglatadi; inson shafqatli bo'lishi kerak. Bularning hammasi «Avesto»da ekologik axloqshunoslikning dastlabki kurtaklari ham mavjudligini ko'rsatadi.
Arab istilosi va islom dinining o'rnatilishi sababi bilan Markaziy Osiyo axloqshunosligida diniy-falsafiy oqimlar shakllanadi. Bunday oqimlar yoki yo'nalishlarning o'ziga xosligi shundaki, ular qadimgi dunyo axloqshunosligi singari nisbatan qat'iy chegaralarga ega emas. Chunonchi, Umar Xayyom o'zining tabiiyyunlar yo'nalishiga mansub deb hisoblasa-da, aslida uning falsafiy-axloqiy qarashlari ko'proq tanosux ul-arvoh (ruhlarning ko'chib o'tishi) oqimiga taalluqlidir. Yoki mashshoiyyunlik oqimining buyuk vakillari deb tan olingan Forobiy va Ibn Sinoning axloqiy qarashlari ba'zi jihatlari bilan tasavvufiy axloqshunoslikka ham taalluqli ekani ko'zga tashlanib turadi. Ammo, shunga qaramay, umuman olganda, falsafiy-axloqiy oqimlar borasida gap ketganda, musulmon Sharqida ikki yo'nalish alohida o'rin tutadi. Bular – mashshoiyyunlik va tasavvuf axloqshunosligi.
O'rta asrlar musulmon Sharqida mashshoiyyunlik yoki, boshqacha qilib aytganda, arastuchilik oqimini buyuk arab mutafakkiri al-Kindiy boshlab berdi. Uning asoschisi esa turkistonlik qomusiy alloma Abu Nasr al-Forobiy (870-950) hisoblanadi.
Arastu izidan borib, Forobiy ham falsafani ikkiga – nazariy va amaliyga bo'ladi hamda axloqshunoslikni amaliy falsafa tarkibiga kiritadi. Axloqiy muammolar uning «Baxtga erishuv yo'lini ko'rsatuvchi kitob», «Baxtga erishuv haqida», «Davlat arbobining hikmatlari», «Fozil odamlar shahri» singari asarlarida ko'tarilgan. Ularda inson baxti eng asosiy muammo sifatida o'rtaga tashlanadi. «Baxt – har bir inson intiladigan maqsad, zero u muayyan komillik hisoblanadi», deydi Forobiy. Ayni paytda alloma o'z qarashlarida fazilatga ham juda katta o'rin beradi. Chunki, uning fikriga ko'ra, kimda-kim fazilat nimaligini bilsagina, haqiqiy baxtga erisha oladi. Arastuga o'xshab, u ham fazilatlarni ikki qismga – fazoili nutqiya (aql-idrokka asoslangan fazilatlar) va fazoili xulqiya (xulqiy fazilatlar) ga ajratadi hamda ularning o'rtalik xususiyatlarini ta'kidlab o'tadi.
Forobiy hayot va mamot muammosiga ham batafsil to'xtaladi. Uning fikriga ko'ra, fazilatli kishi o'lim tufayli baxtni orttiruvchi xatti-harakatlarni ko'proq amalga oshirish imkoniyatlaridan mahrum bo'ladi. Shuning uchun uning o'limdan qo'rqishi boshqalarnikidan butunlay o'zgacha; u o'lim tufayli ulkan bir yovuzlik qurboni bo'layotganidan emas, balki yaxshilikni kamroq qilishga mahrum ekanidan cho'chiydi. Fazilatli odam o'lgan yoki o'ldirilganda, u erishgan baxtga havas qilish lozim, unga emas, balki undan ajrab qolgan hamshaharlarining holiga yig'lash kerak bo'ladi.
Forobiyning fikr qilishicha, insonga uni go'zal a'mollar qilish uchun yo'naltiradigan odat maxsuli bo'lmish yetuk xulq lozim. Xulqning yaxshiligi xatti-harakatlarda me'yor qay darajada saqlangani bilan bog'lanadi. Odobni esa mutafakkir badavlatning davlatini bezaydigan va kambag'alnig kambag'alligini o'g'irlaydigan axloqiy hodisa sifatida ta'riflaydi.
Forobiy, ba'zilar o'ta lazzatga berilish, yeyish-ichish va ayolga ruju qo'yish tufayli juda bo'shashib ketadi, irodasi zaiflashadi, unda risoladagi nafrat hamda g'azab hissi yo'qoladi, deydi. Butun kuchini o'z nafsiga sarflaydigan kishida ulug'vorlik tubanlikka xizmat qila boshlaydi, ya'ni fikrlash qobiliyati g'azab va ehtiros kuchlari xizmatida bo'ladi, bu kuchlarning harakati esa yeyish-ichish hamda shahvoniy nafsni qondirishga bag'ishlanadi. Faylasuf bunday kishilarni arab va turk zodagonlari orasida ko'proq uchrashini aytadi. Bunday kishilar shahvoniy istaklari qutqusi bilan, ayollar oldida maqtanishni xush ko'radilar, ularni taqinchoq, bezaklarga ko'mib tashlaydilar, foydali mehnatdan chetda tutadilar, ular nima desa shuni qiladilar. Natijada ayol uyning haqiqiy hokimi bo'lib oladi, turli tantiqliklarni odatga aylantiradi. Demak, Forobiy oila baxtini ehtiroslarni yo'lga sola olishda deb biladi, ayol kishini bezaklarga ko'mib tashlangan qo'g'irchoq bo'lishiga qarshi turadi.
O'rta asrlar axloqshunosligida Abu Bakr ar-Roziy (865-925) ta'limoti o'ziga xos o'rin egallaydi. Uning axloqiy qarashlari «Lazzat», «Falsafiy hayot tarzi», «Ruhiy tabobat», «Baxt va farovonlik belgilari» singari kitoblarida aks etgan.
Ar-Roziy axloqshunoslikni insonda xushxulqlikni tarbiyalash va badxulqlikni yo'qotish yo'llari hamda usullari haqidagi fan deb biladi; u kishini aql bilan ish ko'rishga, me'yorida lazzatlanishga, o'z ehtiroslarini jilovlab, lahzalik lazzatga umrini baxsh etmaslikka o'rgatadi. Xullas, Ar-Roziyning axloqiy qarashlari, ilmiy til bilan aytganda, gedonizm va evdemonizmga asoslanadi. U ruhiy tabobatning eng muhim vazifasi insoniy baxt bilan chambarchas bog'liq bo'lgan lazzatning mohiyatini bilish va tushuntirishdan iborat deb hisoblaydi. «Lazzat, – deydi mutafakkir, – iztirobdan qutilishdir». Lazzatning bir shartini farovonlikda, ikkinchi shartini esa u hamma narsaga aql bilan yondoshuvda ko'radi.
Ar-Roziyning lazzat haqidagi ta'limotiga chuqurroq nazar tashlansa, uning Epikur qarashlariga asoslanganini ilg'ab olish mumkin. Ayni paytda Ar-Roziy Epikurning taqlidchisi emas, davomchisi sifatida namoyon bo'ladi, undan ancha ilgarilab ketadi. Chunonchi, Epikur o'zini xavotir va xatardan, jamoat va davlat ishlaridan olib qochishni, tashqi shart-sharoitdan mustaqil bo'lishni, tabiat bilan hamnafaslikda yashashni iztirobdan qutilishning eng yaxshi usuli deb hisoblaydi. Ar-Roziy esa insonni ijtimoiy faollikka chaqiradi, uni jamiyatga foyda keltirib yashashga da'vat etadi. Zero uning nazdida inson ijtimoiy mavjudot. Inson faqat insoniy jamiyatdagina axloqiy yuksaklikka, baxt va farovonlikka erishadi. Jamiyatdan tashqarida, yakkalikda, tanholikda insonning yashashi mumkin emas. Bordi-yu, yashagan taqdirda ham «yovvoyi, hayvoniy, to'pos bo'ladi, zero u bizning mavjudligimizni qulaylashtiradigan, orastalashtiradigan insoniy hamkorlik va qo'llab-quvvatlanish imkonidan mahrum», – deydi mutafakkir.
«Ruhiy tabobat» kitobining o'n oltinchi bobida Ar-Roziy e'tiqodiy fanatizmning zarari haqida to'xtaladi. Ideal darajadagi sof diniy e'tiqodning hayotda bo'lishi mumkin emasligini ta'kidlar ekan, taqvodorlikni faqat nisbiy tarzda tushunishga chaqiradi. U suvni misol keltirib, shunday deydi: «Biz foydalanayotgan suv odamlar tomonidan ifloslantirilmagan yoki unda hayvonlarning, daydi yoki quturgan itlar yoki boshqa yovvoyi jonivorlarning sasigan o'liklari, tezaklari yoki qushlarning najaslari tushmaganiga kafolat yo'q. Shu bois biz uni qanchalik qayta-qayta tindirib quymaylik, eng so'nggi holati ham, bari bir, eng iflos, eng harom bo'lib qolveradi». Ar-Roziyning fikriga ko'ra, suvdan ichganda ham, tahorat qilganda ham ular haqida o'ylamaslik lozim. Zero Olloh bizdan hyech bir narsani murakkablashtirmaslikni talab qiladi. Fanatizmga oid turli-tuman diniy oqimlar ana shunday–diniy e'tiqodni murakkablashtirish, noinsoniylashtirish tufayli kelib chiqadi. Ar-Roziyning bunday fikrlari hanuzgacha o'z axloqiy ahamiyatini yo'qotgan emas.
Mashshoiyyunlik axloqshunosligining yana bir buyuk vakili Forobiyning shogirdi Ibn Sinodir. Ibn Sinoning axloqiy qarashlari asosan «Axloq ilmiga doir risola», «Burch to'g'risida risola», «Nafsni pokiza tutish to'g'risida risola», «Adolat haqida kitob», «Turar joylardagi tadbirlar» singari asarlarida va zamondoshlari bilan olib borgan munozara- yozishmalarida o'z aksini topgan.
Avvalo, Ibn Sino axloq ilmining amaliy falsafa tarkibidagi o'rnini aniqlab olishga intiladi. «Hakimlarning, – deb yozadi alloma shogirdi Bahmanyor al-Ozarboyjoniy bilan munozara-yozishmasida, – falsafa nazariy va amaliy bo'ladi, deganini falsafa amaliy-axloqiy bo'ladi, deb tushunmaslik kerak. Chunki amaliy axloqning bunday namoyon bo'lish holati falsafa degani emas, zero qiyosiy malaka axloqiy malakadan mutlaqo o'zgadir... Falsafa amaliy va nazariy qismlarga bo'linar ekan, demak, uni (amaliy falsafani) axloq bilan aynanlashtirilmaydi. Shuning uchun (uni) axloq ilmi degan ma'qul». Ko'rinib turibdiki, Ibn Sino axloqshunoslikni amaliy falsafa, ya'ni nazariya ekanini ta'kidlaydi va axloqni uning tadqiqot obyekti sifatida ta'riflaydi.
Ibn Sino o'z asarlarida bir qancha axloqiy fazilatlarga ta'rif beradi. Chunonchi, iffat, hikmat, shijoat, adolat, sahiylik, qanoat, qat'iyat, sadoqat, hayo, kamtarlik va boshqalar shular jumlasidandir. Shuningdek, alloma ularning aksi bo'lgan – o'g'rilik, aldamchilik, fisqu-fasod, nafrat, rashk, adovat, bo'xton, irodasizlik, takabburlik, nodonlik kabi illatlarni ham tavsiflaydi; har ikki turdagi mazkur tushunchalarning bir-biri bilan bog'liqligini, bir-biriga o'tib turishini va bunday bog'lanish ijobiy hol ekanini ta'kidlaydi. Demak, axloqshunoslik ilmida faqat fazilatlar emas, balki illatlar ham o'rganilishi zarur. Ayni paytda, Ibn Sino ustozlari an'analarini davom ettirib, har bir axloqiy fazilat ikki nuqson oralig'ida bo'ladi, ya'ni o'rtalik xususiyatiga ega, deydi.
Alloma tasavvuf falsafasi va tasavvufiy axloqshunoslikka doir ham ko'plab asarlar yaratdi. Zero, u bejiz Shayx ur-Rais, ya'ni shayxlarning raisi degan nomni olgan emas. Bu borada uning mashhur «Ishq risolasi» diqqatga sazovordir. Undagi asosiy muammo – komil inson masalasi. Ibn Sinoning fikriga ko'ra, Yaratganga muhabbat odamni inson zoti qobil bo'lgan komillik darajasiga olib chiqadi. Yani ruhning quyi kuchlari va qismlari uning ulug'vor va olijanob kuchlari hamda intilishlari bilan yaqinlikda bo'lib, ular ta'siriga tushishi natijasida fazilat kasb etadi. Bu fikr, Ollohga muhabbat faqat tarkidunyochilik orqaligina emas, balki rasmona insoniy hayotda ham ro'yobga chiqishi mumkinligini anglatadi. Shu bois «Ishq risolasi»dagi bu kabi o'rinlarni Naqshbandiya tariqatining vujudga kelishida nazariy asos, umuman, tasavvuf falsafasi va axloqshunosligiga ilk nazariy poydevor bo'ldi deyish mumkin.
Mashshoiyyunlik oqimining so'nggi vakili, Ovro'poda «avverroizm» degan yo'nalishning asoschisi, qurdobalik (ispaniyalik) mutafakkir Ibn Rushd (lotincha Avveroes) ham axloqshunoslik ilmi taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan allomalardan. Uning fikriga ko'ra, ezgulik va yovuzlik, ular tabiiy yoki ijtimoiy xususiyatga ega bo'lishidan qat'iy nazar, o'z holicha mavjuddir. Tabiiy ezgulikning manbai Olloh, lekin ezgulik yovuzlik bilan yonma-yon keladi. Chunonchi, olov foyda keltirishi barobarida, hayvonlar va o't-o'lanlarni halok etish xususiyatiga ega. Garchand olovni Xudo yaratgan bo'lsa ham, uning bu xususiyatini o'zgartira olmaydi, xuddi shuningdek, rangni yaratgan Xudo unga eshitishimiz mumkin bo'ladigan xususiyat ato eta olmaydi.
Ibn Rushd butun islom olami uchun doimo muhim bo'lib kelgan ixtiyor erkinligi muammosiga ham katta ahamiyat bergan. U, insonga mutlaq ixtiyor erkinligi berilganini ham, inson xatti-harakati mutlaq oldindan belgilab qo'yilganiini ham inkor qiladi. Chunki, agar insonlar taqdiri mutlaq oldindan belgilab qo'yilgan bo'lsa, u holda ularning jonsiz narsalardan farqi qolmasdi, ular dehqonchilik, harbu zarb, tibbiyot singari baxtni qo'lga kiritib, yovuzlikni uzluksiz yo'qotib borishni ta'minlaydigan hunar va sanat turlari bilan shug'ullana olmas edilar. Asl baxtga esa faqat hayvoniy kuch xatti-harakatlarini ruhning aqliy qismi nazorat qilib turganidagina, inson o'zi intilishi lozim bo'lgan narsalarga amaliy aql qay vaqtda va qay tarzda intilishini lozim ko'rsa, o'shanday intilgandagina erishish mumkin.
Qurdobalik mutafakkir ideal davlatda fuqarolarga fazilatlarni singdirish va taraqqiy ettirish uchun ikki xil usulni qo'llashni taklif qiladi. Birinchisi - ishontirish usuli. U ham, o'z navbatida, ikki xil yondoshuvni taqazo etadi: keng ommani tarbiyalash uchun she'riy va xitobiy nutqdan, ya'ni, badiiy asarlar hamda notiqlik san'atidan, «sara» kishilarda fazilatlarni rivojlantirish uchun esa isbotiy nutqdan, ya'ni, ilmiy-falsafiy nutqdan foydalanish lozim. Ikkinchisi – majburiy usul. U asosan, tashqi dushmanlar bilan kurashni o'z ichiga oladigan hodisa. Mutafakkir bu usulni jihod bilan tenglashtiradi. Lekin Ibn Rushdning tushunchasidagi jihod – kofirlarga qarshi olib boriladigan doimiy diniy urush emas. U Arastuning «Nikomaxning axloq kitobi» asariga yozgan sharhida doimo tinchlik zarurligini, urushga esa ba'zan-ba'zangina yo'l qo'yish kerakligini aytadi, jihodni faqat shariat talablari nuqtai nazaridan tushunish musulmonlar boshiga ko'p ofatlar keltirganini ta'kidlaydi. Demak, Ibn Rushdning fikriga ko'ra, jihodni tariqat talqinlari asosida tushunmoq lozim. Bu – qurdobalik mutafakkirning ham tasavvufdan yiroq emasligini ko'rsatadi.
Tasavvuf axloqshunosligida hujjat ul-islom Imom G'azzoliyning o'rni beqiyos. Uning axloqiy qarashlari, asosan, har jihatdan buyuk asar bo'lmish «Ihyoi ulum ad-din» deb atalgan to'rt jildlik kitobida o'z aksini topgan. Unda tavakkul (hammma narsada Ollohga suyanish) Xudoning yakkaligiga etiqod sifatida talqin etiladi va muhabbat, ixtiyor erkinligi, taqdir, niyat singari muammolar bilan bog'liq holda tahlil qilinadi.
G'azzoliy mahabbatni bilishning mahsuli deb ataydi. Zero, inson nimaniki bilsa, o'shanigina sevishi mumkin. Masalan, toshda muhabbat bo'lmaydi u bilishdan yiroq. Muhabbat faqat bilishning jonli subyektigagina xos sifatdir. Mutafakkirning fikriga ko'ra, muhabbatning besh turi mavjud: 1) insonning o'ziga, o'z kamoloti va sog'-omonligiga muhabbati, 2) insonning o'z hayotini davom ettirishini ta'minlovchi, uni asrovchi, undan turli muhliqotlarni (halok etuvchilarni) nari tutuvchi valine'matlariga muhabbati: 3) insonning, garchand shaxsan o'ziga yaxshilik qilgan zotlarga yaxshilik qilmagan bo'lsa ham, boshqa insonlarga xizmat ko'rsatgan, yaxshilik qilgan zotlarga muhabbati; 4) Insonning tashqi yoki ichki qiyofadagi barcha go'zallikka muhabbati; 5) insonning o'zi bilan botiniy (ichki), yashirin o'xshashligi bor bo'lgan zotlarga muhabbati. Mazkur muhabbat turlari hammasining zamirida Ollohga muhabat yotadi, ya'ni insonning o'ziga, o'zgalarga. atrof-muhitga munosabati muhabbat orqali amalga oshadi va bu muhabbat turlarining hammasi Ollohga muhabbatning bilvosita ko'rinishidir. Zero: «o'zini anglab yetgan kishigina o'z yaratganini anglab yetadi, u o'z-o'zicha mavjud emas, uning borligi, mavjudligining davomi, kamolotga erishuvi Ollohdan, Olloh va Olloh vositasidadir», deydi Imom G'azzoliy.
Mutasavvif faylasufning ixtiyor erkinligi borasidagi qarashlarida taqdir mutlaq maqarrar hodisa sifatida talqin etiladi. Bunda ham bilim (bilish) birinchi o'rinda turadi; ixtiyor bilimga bo'ysunadi. Zero, insonni nima o'ziga yoqish yoki yoqmasligini bilim (bilish) orqali anglab yetadi. Umuman, ixtiyor erkinligi ixtiyorning o'ziga xos turi, u nimagaki inson ishonchsizlik tuysa, o'shanga nisbatan bo'lgan aqliy munosabatdan yuzaga chiqadi. Ixtiyor erkinligi «kasb» tushunchasi bilan bog'liq. Kasb – kasb etmoq, o'ziga olmoq, o'ziga yuqtirmoq singari ma'nolarni anglatuvchi tasavvufiy atama. Masalan, Xudo bir bandasini sinab ko'rish uchun unga yomonlikni ravo ko'rdi, deylik. Bu uning taqdiri, mutlaq muqarrar hodisa. Lekin yomonlikning ijrosi boshqa bir odam ixtiyoriga beriladi, ya'ni sinalayotgan bandaga yomonlik qilish-qilmasligi ana shu vosita-odamning ixtiyoriy tanloviga bog'liq. U – erkin. Agar u yaxshilikni tanlasa – savob, yomonlikni tanlasa – gunoh uning bo'yniga tushadi. Xuddi shuningdek, yomonlik obyekti bo'lgan banda agar Xudoning sinoviga shukr bilan javob bersa, u suyuk, aksincha, shakkoklik qilib, Xudodan nolisa yoki yuz o'girsa, u gunohkor banda. Demak, G'azzoliy taqdirning muqarrarligini ta'kidlagani holda, insonga ma'lum ma'noda ixtiyor erkinligi berilganini qayd etadi.
Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fanning taraqqiy topishi natijasida falsafiy fikr, shu jumladan axloqiy fikr ham taraqqiyo topadi. Amir Temurning «kuch – adolatda!» degan tamoyili shunchaki gap emasdi. Amir Temur amalda haqiqat va adolat tarafdori edi. Shu sababli xatto Temurni o'zining shaxsiy dushmani deb bilgan tarixchi Ibn Arabshoh, agar nohaqlik yuz bersa-yu, nohaqlik qilgan kishi Temurga ota yoki farzand maqomida bo'lsa ham, u kishi juda qattiq jazoga mahkum etilardi, deb yozib qoldirgan. Buyuk bobokalonimizning say'i harakatlari behuda ketmaydi. Natijada Temur va temuriylar davri ilm-fan va madaniyat taraqqiyotining oltin davri sifatida hanuzgacha jahonni hayratga solib kelmoqda. Bu davrda yuzlab qomusiy olimlar buyuk shoirlar va sanatkorlar yetishib chiqdi. Ular orasida ulug' o'zbek shoiri Alisher Navoiy alohida ahamiyatga molik. Nafaqat uning asarlaridagi yuksak badiiyat, balki falsafiy -axloqiy qarashlar ham hanuzgacha o'z ohorini yo'qotgan emas.
Ma'lumki, Navoiy she'rlari va dostonlarida ilgari surilgan axloqiy tamoyillar hamda ijobiy qahramonlar qiyofalarida tajassum topgan adolat, sadoqat, burch, muhabbat, rahm-shafqat, mardlik, kamtarlik singari fazilatlar haqida ko'p yozilgan. Ayni paytda, Navoiy so'fiylikning naqshbandiya sulukiga mansub yirik shaxs – mutasavvif sifatida ham axloqshunoslik nazariyasi hamda amaliyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan mutafakkirdir.
Ma'lumki, diling Xudo bilan, qo'ling ish bilan band bo'lsin, degan shior naqshbandiya tariqatining asosiy tamoyilidir. Navoiy butun umr, avvalo, shaxsan o'zi ana shu tamoyilga amal qildi, qolaversa, deyarli hamma asarida insonni zamindan oyog'i uzilmagan qahramon tarzida talqin etdi.
Navoiy o'z asarlarida inson qadr-qimmatini birinchi o'ringa qo'yadi, nomus, oriyat va insoniy g'urur tushunchalarining o'ziga xos talqinini beradi. «Tavakkul sifati va betavakkullar mazammati» she'rida mutafakkir shoir, Yaratganga tavakkul qilish o'rniga o'zini tama' yuzasidan shohlar oldida quldek tutgan yaltoqi kishi, agar afsonaviy Qorun boyligini mo'ljallasa-da, uning nasibasi bor-yo'g'i bir tovoq osh bo'ladi, deydi. Zero, unday odam nafsi hurujida, katta da'vo-maqsadlarni darhol unutib, oldiga tashlab qo'yilgan suyak bilan ovora bo'lib qolaveradi: kichik bir tovoqdagi osh uchun qullik qiladigan bunday inson yuziga ulkan qozonning qorakuyasi munosibdir.
Buyuk mutafakkirning «Mahbul ul-qulub» asari, ayniqsa, temuriylar davri axloqshunosligi taraqqiyotiga katta hissa qo'shdi. Uch qismdan iborat bu asarda nafaqat tasavvuf axloqshunosligi va axloqning, balki butun musulmon Sharqi axloq ilmining nazariy muammmolari ko'tariladi. Shuningdek, u pandnoma sifatida ham diqqatga sazovor. Unda ra'iyyat ahli barcha tabaqalarining odobi, hulqi va axloqiy tamoyillari haqida fikr yuritar ekan, Navoiy, Suqrot izidan borib, qonunni adolat bilan aynanlashtiradi: «Zindon ahli-do'zax ahli», deydi mutafakkir. Ayni paytda, halol mehnat bilan kun kechiruvchi dehqonga ulkan sahovat egasi, qurt-qumursqadan tortib, gadoyu musofirga yemak berguvchi, novvoyu allofni ish bilan ta'minlovchi, darveshlar kachkuliyu mamlakat hazinasini to'ldiruvchi, barchaga rizq ulashuvchi olijanob jannatiy inson, axloqiy namuna sifatida qaraydi. «Dehqonki dona sochar, yerni yormoq bila rizq yo'lin ochar», deydi shoir va uning qo'sh haydayotgan paytini Odam Atoning holatiga o'xshatadi. Dehqonga berilgan bunchalik yuksak bahoga, dehqonchilikning boshqa kasblardan yuqori qo'yilishiga sabab shuki, boshqa sohadagi odamlardan, deylik, hunarmandlardan ajoyib ash'yolar, me'mor-quruvchilardan buyuk binolar, necha o'n yuz, xatto ming yillarga yodgor bo'lib qoladi va bu yodgorliklar bilan ularning nomlari birga uzoq vaqt yashaydi. Dehqonning mehnati esa shu jihatdan ma'lum ma'noda fiysabullo chekilgan zahmat. Uning mehnat mahsuli yer ustida qolmaydi, yerdan paydo bo'lib yerga singib ketadi. Ammo uning mahsuli bilan inson tirik va dasturxon ochiq.
«Mahbub ul-qulub» da komil inson masalasi ham o'ziga xos tarzda o'rtaga tashlanadi. Navoiy, naqshbandiya sulukining axloqiy talablaridan kelib chiqib, o'z zamonasi bilan hamnafas bo'la oladigan va doimo komillikka intilib yashaydigan insonni axloqiy namuna deb biladi. Chunki har bir inson faqat o'z zamonasidagina mavjud va shu mavjudlik doirasidagina biror ish qilishga qodir; oh, o'tmish zo'r edi, oltin davrlar edi, yoki kelajakda hamma narsa ajoyib bo'ladi, deb gapiravergan bilan hyech narsaga erishib bo'lmaydi. Inson o'z zamonasi imkoniyatlaridan foydalanib, ham o'zini, ham zamonasini go'zal qilishga intilmog'i lozim.
Temuriylar davri axloqshunosligida Navoiyning nazari tushgan alloma, uning zamondoshi Husayn Voiz Koshifiy (1440-1505)ning siymosi alohida diqqatga sazovor. Xondamirning ta'rifiga ko'ra, u «ma'qul va maxsus ilmlarning barchasidan to'la naflangan va bahramanddir». Koshifiyning axloqshunoslikka doir eng mashhur asari «Axloqli Muxsiniy»dir. Husayn Boyqaroning o'g'li, Marv hokimi shahzoda Muxsin Mirzoga bag'ishlangan bu kitobda Koshifiy axloqshunoslikning juda ko'p tushunchalariga sharh beradi, ularni jonli, hayotiy misollar, shuningdek, qadimgi hikoyalar asosida talqin etadi. U yaxshilik va yomonlik haqida fikr yuritar ekan, yaxshilikni asosan ezgulik ma'nosida tushunadi. Ezgulikning ibtidosini Koshifiy xushxulqlilikda ko'radi. Insoniy fazilatlarni u tarbiya, bilim, tajriba orqali tarkib topadi deb hisoblaydi. Halollik, rostgo'ylik, mehnatsevarlik, insonparvarlik singari axloqiy me'yorlar va tamoyillar ezgulikning poydevori sifatida olib qaraladi.
Koshifiy adolat tushunchasiga, ayniqsa, batafsil to'xtaladi va uni o'ziga xos sharhlaydi. Mutafakkir adolatni insonning eng yaxshi fazilati, adolatsizlikni esa yomon odamlardagi eng yomon illat tarzida taqdim qiladi. Shuningdek, Koshifiy adolatning ijtimoiylik xususiyatini ham nazardan qochirmaydi: «Adl natijasi, – deb yozadi u, – mulk boqi-yu, mamlakat vasig' va hazona ma'mur, kentlaru shaharlar obod bo'lmoqdur. Va zulm samarasi mamlakat zavol topmog'i erur». Koshifiyning fikriga ko'ra, jamiyat tabaqalari bir-biri bilan mustahkam ijtimoiy bog'liqlikka ega; agar jamiyatda adolat hukm surmasa, zaiflar yo'qoladi, zaiflarsiz esa zo'ravonlarning ham bo'lishi mumkin emas. Ya'ni, adolatsiz tuzumda jamiyat tanazzulga uchraydi. Adolat – insoniy jamiyatni baxt-saodatga olib boruvchi yo'l.
Buyuk axloqshunosning burch haqidagi qarashlari ham e'tiborga molik. U burchni Tangri oldidagi o'z qarzini bajarish, ilohiy mas'uliyat deb tushunadi. Lekin bu mas'uliyat, ayni paytda, muhtojlarga xayr-ehsonni, Yaratgan va banda oldidagi pokizalikni ham o'z ichiga oladi. Burchni anglab yetish esa, faqat bilim (bilish) orqali ro'y beradi. Shuningdek, Koshifiy, an'anaviy sharqona fazilatlarga bafurja to'xtaladi. Sabr, hayo, avf, saxiylik, rostgo'ylik, farosat, tavoze' singari fazilatlarning mohiyatini ochib beradi, ularni nasriy va she'riy misollar bilan isbotlaydi. Ayni paytda, ularning ziddi bo'lmish illatlar ham mutafakkirning diqqat markazidan chetda qolmaydi.
Bundan tashqari, Husayn Voiz Koshifiy axloqiy madaniyat muammolarini ham tadqiq etadi. Uning «Futuvvatnomai Sultoniy yoxud javonmardlik tariqati» asarida muomala odobi, kiyinish odobi, hamda mehmondo'stlik va tanovul etiketi borasida o'ziga xos fikrlar o'rtaga tashlangan. Chunonchi, u, suhbat odobi borasida gap ketganda, shayxlar va boshqa martabaga erishganlar uchun ham, hali martabaga erishmagan kishilar, muridlar uchun ham rioya qilinishi zarur bo'lgan bir qancha suhbat odobi mavjud ekanini aytib, har ikki toifa suhbatdoshlar uchun alohida-alohida sakkiztadan qoida tavsiya etadi. Bu o'rinda mutafakkir so'zga lingivistik emas, axloqshunoslik nuqtai nazaridan yondoshib, unga insonning axloqlilik darajasi namoyon bo'ladigan vosita sifatida qaraydi: axloqshunoslikda so'zni insondan, insonni so'zdan ajratib tahlil etish mumkin emasligini ta'kidlaydi. «Agar so'z senikimi yoki sen so'znikimi, deb so'zlasalar, aytgil: men so'zniki va so'z menikidir, chunki so'z insonlik daraxtining mevasidir, daraxtni mevadan, mevani esa daraxtdan ajratib bo'lmaydi», deb yozadi mutafakkir.
Kitobda alloma axloqshunos kasbiy odob muammolariga ham to'xtalib o'tadi. Bu haqda mutafakkirning fikrlariga diqqat beramiz:
«Agar barcha kasblar uchun zaruriy odoblar xulosani nechta, deb so'rasalar, sakkizta deb aytgil: birinchidan, o'z kasbini haromdan, shubhali mol-mablag'dan pok saqlasin. Ikkinchidan, rizq-ro'zi zarurati uchungina kerakli kasb bilan shug'ullansin, kasbni mol-dunyo to'plashga sarflamasin. Uchinchidan, kasbni obro' olish, yaxshi nom chiqarishning sababi, deb bilsin. To'rtinchidan, moli harom odamlar (amaldorlar, poraxo'rlar, qaroqchilar, o'g'rilar, qimorbozlar, kazzob do'kondorlar) bilan muomala qilmasin...» va hokazo.
Temuriylar davri axloqshunosligining yana bir vakili Jaloliddin Davoniy (1427-1502)dir. Uning axloqshunoslik muammolariga bag'ishlangan yirik asari «Axloqi Jaloliy» risolasida, XV asrning ilg'or axloqi musulmon Sharqi axloqiy ta'limotlarining yutuq va kamchiliklari aks etgan. Asar uch qismdan iborat bo'lib, uning birinchi qismi asosiy axloqiy tushunchalar bo'lmish adolat, shijoat, donishmandlik, iffat singari fazilatlar tahlili va talqiniga, ikkinchi qismi oilaviy hayot, bolalar tarbiyasi, muomala odobi masalalariga bag'ishlangan. Kitobning uchinchi qismida esa shahar madaniyati va podsholarning siyosat yurgizishi, fuqarolarning shahar (davlat) boshliqlari bilan o'zaro munosabatlari qalamga olinadi. Qisqacha qilib aytadigan bo'lsak, «Axloqi Jaloliy»da axloqshunoslik kishilarning amaliy faoliyati, qarashlari bilan, bog'liq fan sifatida, axloqiy muammolar esa falsafiy, ijtimoiy-siyosiy masalalarga daxldor hodisalar tarzida olib qaraladi.
Sharqona pandnomalarning eng mashhuri, shubhasiz, Shayx Muslihiddin Sa'diy (1184-1292)ning «Guliston» asaridir. Jahonda bu asar tarjima qilinmagan biror bir madaniy til bo'lmasa kerak. o'zbek tiliga u birinchi marta buyuk o'zbek mumtoz shoiri Sayfi Saroyi tomonidan XIV asrda tarjima qilingan.
«Guliston»ning bu qadar mashhur bo'lib ketishiga asosiy sabablar shundaki, avvalo, u muallifning hayotiy tajribalari va ko'rgan-kechirganlarini, o'z qulog'i bilan eshitgan voqyea-hodisalarni o'z ichiga oladi; ikkinchidan, pandnoma buyuk Sa'diyga xos tengsiz badiiylik bilan sug'orilgan; uchinchidan, uning uslubida yuksak axloq egasining donishmandligi va samimiyati kishini o'ziga tortib turadi. Nasriy hikoyatlar bilan me'yoriy hikmatlar – axloqiy xulosalarning uzviy bog'lanib ketganligi esa asarni yana ham o'qishli qiladi. Sa'diy, birinchi navbatda, odamlar qiyofasidagi ezgulik va yovuzlikning munosabatlarini ochib beradi. Oddiy muomala odobidan tortib, yuksak axloqiy tamoyillargacha ana shu munosabatlarni aks ettirishga xizmat qiladi. Mutafakkir shoir inson axloqiyligini, ezgulikni o'zgalar manfaatini o'z manfaatidan ustun qo'yishda, odamlarga qayishishda ko'radi; ilmiy til bilan aytganda, Sa'diy, inson inson uchun vosita emas – maqsad, degan g'oyani ilgari suradi. Yovuzliklar ichida u, ayniqsa, yolg'onni qattiq qoralaydi: «Yolg'on gapirmoq ham, – deydi shoir, – xanjar zarbi kabidir: jarohat tuzalsa-da, izi qoladi». Bundan tashqari, Sa'diy kashf etgan hikmatlar ham o'zining obrazliligi, falsafiy qudrati va nazokati bilan kishini hayratga soladi. Quyidagi hikmatga e'tibor bering: «Gavhar loyga tushsa ham avvalgidek qimmatbaho, chang osmonga ko'tarilganda ham qadrsizdir». Yoki mana bu kichkinagina hikoyatni olib ko'raylik: «Olamda birinchi marta barmog'iga uzuk taqqan odam Jamshiddir. Undan so'radilar: «Nega hamma zebu ziynatni chap qo'lingga berding, vaholanki, fazilat o'ng tarafdadir». Jamshid javob berdi: «o'ng qo'lning – o'ng qo'l ekanining o'zi buyuk ziynatdir».
Temuriylar davrida yaratilgan eng ajoyib va o'ziga xos pandnomalardan biri, bu – Xondamir (1481-1535)ning «Makorim ul-axloq» («Yaxshi xulqlar») asari. Uning o'ziga xosligi shundaki, undagi qalamga olingan barcha fazilatlar bir buyuk inson – Alisher Navoiy qiyofasi misolida ochib beriladi, talqin etiladi. Shu bois uni buyuk shoir va mutafakkir haqidagi xotira yoki biografik ma'lumotlar deb emas, aynan bir shaxs bosh qahramon qilib olingan pandnoma deb atash maqsadga muvofiq. Unda bo'lgan voqyealar, hikoyatlar, latifa va mutoibalarga o'ralgan Navoiyning axloqiy hayoti ko'z oldimizda gavdalanadi, gavdalanganda ham faqat o'z zamonasi uchun emas, balki barcha zamonlarga namuna bo'la oladigan axloqiy ideal tarzida yuz ko'rsatadi.
O'rta asrlarda keyin ham pandnomalar yaratish an'analari davom etdi. Lekin ular orasida mashhur bo'lganlari ko'p emas. Ana shunday istisnolardan biri – o'zbek mumtoz shoiri Gulxaniyning (XVIII asr oxiri ikkinchi yarmi –XIX asr boshlari) «Zarbulmasal» asari. U, avvalo, o'zining shakliy yangiligi bilan ajralib turadi. Asar qoliplash usulida yozilgan – katta masal-hikoya ichida masal-hikoyatlar, masallar ichida esa, yuzlab o'zbek xalq maqollari joy olgan. Asarning yana bir o'ziga xosligi shundaki, uning asosiy qahramonlari – o'z qiyofalarida axloqsizlik illatlarini mujassam etgan salbiy obrazlar. Gulxaniy bu illatlarga yuksak axloqiy mezonlar nuqtai nazaridan qarab, o'quvchiga taqdim etadi. Ana shu usul bilan insonlarni insof, adolat va diyonatga, halollik va sofdillikka chorlaydi.
Turkiston XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya tomonidan bosib olindi va mustamlakaga aylantirildi. Bu mustamlakachilik mohiyatini Turkiston o'lkasi general-gubernatorlaridan biri A.N. Kuropatkinning o'z kundaliklarida, biz Turkiston xalqlarini yarim asr mobaynida jahon madaniyati va svilizasiyasidan chetda tutib turdik, degan so'zlari yaqqol anglatadi. Lekin, ayni paytda, rus taraqqiyparvar ziyolilari orqali rus va jahon ilm-fani va madaniyati ham chor ma'muriyati to'siqlari orasidan sizib kirar edi. Shu ijobiy ta'sir asta-sekinlik bilan mazlum Turkistonda yangi Uyg'onish davrini boshlab berdi. Mahalliy ziyolilar orasida o'z xalqini ozod ko'rishga va jahonning boshqa millatlari bilan tenglasha oladigan darajaga olib chiqishga intilish natijasida bu Uyg'onish Ovro'pa ma'rifatchiligiga nisbatan juda shiddatkor hamda miqyosli bo'ldi. Shuningdek, o'rta asrlar o'rtaga tashlagan ma'rifatparvarlik g'oyalari uchun ham endilikda amaliy shakllarda yangicha-ma'rifatchilik tarzida namoyon bo'lish imkoniyati yaratildi. Zero o'sha g'oyalarni yangilangan shakllarda amalga oshira oladigan faoliyatli ziyolilar vujudga kelgan edi. Ularni keyinchalik jadidlar deb atay boshladilar.
Ma'rifatchilik asosan uch soha orqali tezkor tarzda taraqqiy topib bordi. Bular – maorif (yangicha maktablar ochish, ta'lim usulini yangilash), san'at (badiiy adabiyot, teatr) va matbuot. Pirovard maqsad millatni, bir tomondan, ilmli-ma'rifatli qilish bo'lsa, ikkinchi tomondan, uning axloqiy darajasini yuksaltirish va ana shu ikki jihatning uyg'unlashuvi natijasida o'zligini, o'z qadrini anglagan bilimli shaxsni voyaga yetkkazish edi. Turkiston ma'rifatchilari tomonidan ana shu maqsadni amalga oshirish yo'lida katta ishlar qilindi.
Turkiston ma'rifatchiligining dastlabki bosqichlarida axloqiy g'oyalar asosan badiiy va didaktik shakllarda o'z aksini topdi. Shu jihatdan o'zbek, va tojik xalqlarining mutafakkirlari Ahmad Donish (1827-1897)ning «Navodir ul-vaqoye» asari diqqatga sazovor. Ahmad Donish o'z asarlarida Buxoro amirligi davlat tuzumini Rossiya davlat tuzumi bilan solishtirib, uni isloh qilish lozimligini ta'kidlaydi. Ayni paytda, an'anaviy axloqiy tushunchalar bilan fikr yuritar ekan, u adolatni ham podsho-hukmdor shaxsiga, ham davlat tizimiga xos fazilat sifatida olib qaraydi. Agar hukmdor adolatli siyosat yurgizsa, mamlakat hayotining hamma sohasi uchun adolatni mezon qilib olsa, san'atning gullab yashnashiga yo'l ochib bersa – xalq hayoti farovon bo'ladi, fazilatlar kuchayib, illatlar zaiflashadi. U, hukmdor donishmandlik fazilatiga albatta ega bo'lishi lozim, davlatning mohiyatini aql belgilaydi, degan xulosaga keladi: oqilona boshqarilgan mamlakat aholisigina ma'rifatli va yuksak axloq egalari bo'la oladi.
Shuningdek, Ahmad Donish o'z davridagi johillik, riyokorlik, poraxo'rlik singari illatlar jamiyatni tanazzulga olib borishini ta'kidlar ekan, din peshvolarining noto'g'ri yo'lga kirib ketganini, shayxlarning yolg'onchiligini, ulamolarning poraxo'rligini fosh qiladi.
Qoraqalpoq xalqining buyuk mumtoz shoiri Berdaq (1827-1900) she'rlarida ham o'sha davr axloqiy muhiti o'z aksini topadi; u ham din peshvolarining o'zi oxiratga ishonmasliklarini, tovlamachilik, ochko'zlik, tekinxo'rlik illatlariga mubtalo bo'lganliklarini va bu bilan islom ildiziga bolta urayotganliklarini qattiq tanqid ostiga oladi.
Buyuk o'zbek mumtoz shoirlari Furqat (1858-1909), Muqimiy (1859-1903), Dilshod-Barno (1800-1906) asarlaridagi axloqiy muammolar taraqqiyparvarlik g'oyalari bilan chambarchas bog'lanib ketadi. Chunonchi, Furqat «Ilm hosiyati», «Gimnaziya», «Tarjimai hol» kabi asarlarida ma'rifatli bo'lish yuksak axloq egasiga xos xislat ekanini, lekin, nodonlik oxir-oqibat turli xulqiy notavonlikka olib kelishini ta'kidlaydi. Shoir g'azallaridan birida shunday deb alam bilan yozadi:
Charxi kajraftorining bir shevasidin dog'men,
Ayshni nodon surib, kulfatni dono tortadur.
Muqimiyning hajviy asarlarida esa o'sha davrda avj olgan firibgarliklar, amaldorlarning noinsofligi, adolatsizligi qattiq tanqid qilinadi. Shoirning «Voqyeai Viktor», «Voqyeai ko'r Ashurboy hoji», «Tanobchilar», «To'y» singari asarlari Turkiston xalqlari oyog'idan tobora tubanlikka tortayotgai illatlarni ayovsiz fosh etadi. o'sha davrdagi boylarning nafsdan boshqa narsani bilmasliklarini, fahshu maishatga yuztuban ketganliklarini, chor atrofda adolatsizlik hukmronlik qilayotganining alam bilan yozadi.
Turkiston ma'rifatparvarlarining yana bir yirik namoyandasi Dilshod Barnoning shogirdi Anbar Otin (1870)dir. Uning axloqiy qarashlari lirik-falsafiy she'rlarida va «Qarolar falsafasi» (1898) risolasida o'z aksini topgan. Anbar otin ham inson axloqiy darajasini aql, ilm-ma'rifat bilan bog'laydi va ijtimoiy taraqqiyotga aqliy hamda axloqiy yuksaklik orqali erishish mumkin, degan aqidaga amal qiladi. Uning asarlarida axloqsizlik botqog'iga botib borayotgan jamiyatga nafratni, shariat va tariqat namoyandalari aynib ketganligi, boylardan insof ko'tarilganligi haqidagi fikrlar mardona ilgari suriladi. «Muqimiyga», «Mingboshi kal Omil hajvi», «Olimjon hoji ta'rifi» kabi she'rlarida ana shu yo'nalishni ko'rish mumkin. Tanqidiy-badiiy shakldagi bu yo'nalish «Qarolar falsafasi» risolasida falsafiy-tahliliy shakl kasb etadi.
«Qarolar falsafasi» asari asosan bir-birining ziddi bo'lmish ikki muammo-ijtimoiy adolat va ijtimoiy zulm tushunchalariga bag'ishlangan. Risola ko'p o'rinlarda falsafiy-majoziy talqinlardan iborat. Chunonchi, risola davomida ayniqsa, uning birinchi faslida qora va oq ranglarning majoziy hamda botiniy mohiyati o'ziga xos tarzda ifodalanadi. Qora mehnati tufayli dunyoni yashnatayotgan insonlar qalbining oqligi, oq tana-yu oq bilak kimsalar qilayotgan ishlarning qoraligi ta'kidlanadi va ular shu orqali axloqiy mazmun kasb etadi.
Anbar Otin adolatli podsho muammosiga alohida to'xtalib, o'sha davr uchun nihoyatda original, kutilmagan va hozirgi zamonda ham ahamiyatini yo'qotmagan fikrlarni bildiradi. U, dastavval «o'rus keldi!» deganda hamma ma'rifat ahli, endi xalqning, ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy hayoti yaxshi tomonga o'zgaradi deb kutganini, lekin bu ishonch oqlanmagangini, aksincha, «o'rus podshoh musulmonlarg'a zarrachayinki halovat bermaganini» aytadi. Ba'zi bir ruslar hukmronligini oqlaganlarga qarshi shunday deydi: «Agar o'rus shohi darhaqiqat odil bo'lsa, va aning hohishi qaram xalqlar ham o'rus misoli ozod bo'lsun va barcha haloyiq o'rus birla barobar bo'lub ro'zg'or kechirsun desa, amorat va hukmronliq qonunini din qonunlaridan mustasno keltursin.» Boshqa bir o'rinda faylasuf-shoira: «Davlat ishini dini islomdin yiroq tuting...», degan fikrni bildiradi.
Turkiston ma'rifatparvarlari orasidagi yana bir mutafakkir ta'limshunos, pedagog va axlorqshunos Abdulla Avloniy (1887-1934)dir. Uning XX asar boshlarida Turkistonda mashhur bo'lgan «Turkiy guliston yohud axloq» (1913) asari axloqiy muammolarga jadidchilik nuqtai-nazaridan yondoshishi, ko'pchilikka tushunarli tilda yozilgani bilan ajralib turadi. Agar Anbar otinning «Qarolar falsafasi» risolasida dolzarb axloqiy muammolarga majoziy-falsafiylik, ilmiy, nazariy xulosalar orqali yoritilsa, Avloniy asarida fazilatlar va illatlarga ko'proq tarif berish, ularni sharhlash yo'li bilan yondoshiladi.
Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yohud axloq» asarida an'anaviy-falsafiy yondoshuv bo'lmish antropologik nuqtai-nazar bo'rtib ko'zga tashlanadi. Ammo bu yondoshuvning yangilangan mohiyati shunda ediki, tadqiqot obyekti sifatida makon va zamondagi umumiy mavhumiy inson emas, balki, muayyan, XX asr boshlaridagi, milliy ozodlikka, yangicha hayot tarziga intilishni o'z oldiga niyat qilib qo'ygan Turkiston fuqarosi olinadi. Ana shu yangi inson tarbiyasi bosh masala tarzida o'rtaga tashlanadi.
Faylasuf pedagog, avvalo, millatni tarbiyalashni o'z ustiga olgan tarbiyachi muammosiga to'xtaladi: otalar – to'ychi, uloqchi, bazmchi, ilm qadrini bilmagan, muallimlar – o'zlari tarbiyaga muhtoj, dorilmualliminni tugatishi kerak bo'lgan, mudarrislar esa – darslari beimtihon, isloh yaqiniga yo'lamaydigan kishilar. Shu bois millat yoshlari tarbiyasini usuli jadid tarafdorlari ta'lim-tarbiya tizimini zamonaviylashtirish, isloh qilishga intilayotgan ziyolilar qo'lga olishi kerak. Avloniy Rossiya hukumati u yer-bu yerda yangicha maktablar ochgani – shunchaki jahon jamoatchiligini chalg'itish ekanini, ochiq bo'lmasa ham, quyidagi ishora bilan aytib o'tadi: «... hukumat hammaning otasidir. o'z fuqarosining bolalarini tarbiya qilmak lozim. Shuning uchun bizning Rusiya hukumatimiz o'gay bo'lsa ham, har yerda bizlar uchun maktablar ochub, bolalarimizni tekin o'qitur.» Avloniy ana shu «o'gay tarbiyadan» ko'ra milliy tarbiyamiz usullarini yangilashni afzal biladi va va o'z davrini «Tarbiyaning zamoni – tarbiyaning ayni vaqti deb ataydi. Unig bu boradagi qarashlari hanuz o'z kuchini yo'qotganmaganligini, tarbiya – hozir ham jamiyat uchun dolzarb muammo ekanini Prezident Islom Karimov mashhur nutqlaridan birida (1995 yil 23 fevral) Avloniydan mana bunday deb ko'chirma keltiradi: «Ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek, «Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir».
Avloniy tarbiyani, qadimgilar va o'rta asrlar musulmon Sharqi mutafakkirlari an'analariga suyanib, uchga bo'ladi: badan tarbiyasi, fikr tarbiyasi, axloq tarbiyasi. Shular orasidan axloq tarbiyasiga alolhida urg'u berib, uni «insonlarga eng muhim, ziyoda sharaf, baland daraja berguvchi» tarbiya deb baholaydi. Fazilatlarni faylasuf-pedagog yaxshi hulqlar, illatlarni esa – yomon hulqlar deb ataydi. Fatonat, diyonat, sharaf, hayo singari musulmon Sharqi uchun an'anaviy bo'lgan fazilatlar sharhi bilan birgalikda Avloniy vijdon, Vatanni suymak singari Turkiston mintaqasi uchun yangi talqinda taqdim etilgan fazilatlar haqida alohida to'xtaladi. Vatanni suymoq lozim bo'lsa, uning yo'lida jonini fido etmoq yuksak axloqiy insonga xos fazilatdir.
Abdulla Avlolniy «Turkiy guliston...» da «yomon hulqlar» ga – illatlar tahliliga katta o'rin ajratadi. Millat taraqqiyotiga eng kuchli to'siq bo'ladigan illatlardan biri sifatida alloma jaholatni keltiradi: «Jaholat insoniyatning eng zo'r dushmani va yomon hulqlarning boshlig'idir». Avloniy g'azab, shahvat, hasad, kizb, tama' singari illatlarga ham atroflicha ta'rif beradi.
Turkiston ma'rifatchilari axloqshunosligida tom ma'nodagi milliy qahramonimiz Abdurauf Fitratning «Oila yoki oila boshqarish tartiblari» (1914) kitobi alohida o'rin tutadi. Avvalo, shuni aytish kerakki, «Oila» o'zgacha bir shiddatli uslub bilan yozilgan. Unda ham tanqidiy ruh, ham da'vat ruhi kuchli Fitrat ona Turkistonni ozod ko'rishni istaydi, buning uchun har bir turkistonlik oila bilim, axloq, a'mol va erk o'chog'i bo'lmog'i lozim. Mutafakkir yangi oilani ana shu tartibda qurishga da'vat etadi. Har jihatdan sog'lom bo'lgan oila yetishtirgan farzandlargina millatni yuksakka ko'tara olishini, uni istibdoddan qutqarishini aytadi: «Bu dunyo kurash maydonidir. Bu maydonning quroli sog'lom jismu tan, aql va axloqdir. Lekin ana shu qurol-aslahamiz sinib, zang bosib, chirib ketgan. Shunday qurollar bilan bu dunyoda bizga na saodat va na rohat bor...» – deydi alam bilan Fitrat.
Vatanparvarlik, millatparvarlik tamoyillaridan kelib chiqib, muallif kitobning birinchi qismini, ma'lum ma'noda me'yoriy dasturilamal tarzida tartib beradi. Undan har bir yangi oila qurmoqchi bo'lgan turkistonlik kichik hajmdagi axloqiy-maishiy, gigiyenik-salomatlik qomusi sifatida foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, asarda oilaning moddiy tomonlari, tashkil topgandan boshlab, buzilishigacha bo'lgan holatlarning axloqiy asoslari to'g'risida ham to'xtalib o'tadi.
Kitobning ikkinchi qismi farzand tarbiyasiga bag'ishlangan. Fitrat ham tarbiyani an'anaviy yo'nalishda talqin etadi: jismoniy tarbiya, aqliy tarbiya va axloqiy tarbiya. Ana shu uch tarbiya uyg'unligida haqiqiy inson kamol topadi deb hisoblaydi muallif. Kitobning bu qismida Fitrat, ma'lum ma'noda, o'ziga xos axloqiy tarbiya nazariyasini taqdim qiladi. U ixtiyor erkinligi muammosini mayl tushunchasi orqali o'rtaga tashlaydi: baxt mayli, faoliyat mayli, aloqa mayli, boshqalarga mehr-muhabbat mayli va h. k. Bularning hammasida ham insonni jamiyat a'zosi sifatida, ham ijtimoiy mavjudot sifatida olib qaraydi. Shuningdek, u izzat-nafs, ayniqsa, iroda masalasiga alohida to'xtalib o'tadi. «Iroda va ixtiyor» sarlavhasi ostidagi kichik bobda Fitrat farzandni irodali qilib tarbiyalashga da'vat etadi, iroda tarbiyasining to'rt banddan iborat qoida-bosqichlarini taklif etadi. Bolani irodali qilib tarbiyalashda ota-onaning zo'ri emas, balki bolaga beriladigan muayyan erkinlik muhim ekanini ta'kidlaydi. «Ota-onalarning haq-huquqlari» bobida ham balog'atga yetgan farzandning erkinlik darajasi haqida fikr yuritiladi.
XX asr boshlarida amaliy axloq muammolari jadid matbuotida keng o'rin oladi. «Taraqqiy», «Sadoi Turkiston», «Ulug' Turkiston», «Turon», «Xurshid» singari gazetalarda e'lon qilingan hajviy-jurnalistik asarlarda o'sha davr boyonlarining qoloqligi, chor mamuriyatining to'rachiligi, paranjining yangi zamonga mos kelmayotgani, talabalarga 5 so'm iona qilish o'rniga, besh yuzlab so'mni restoranlarda fohishalarga sochayotgan axloqsiz sarmoyadorlar qattiq tanqid ostiga olinadi. Mahmudxo'ja Behbudiy, Munavvar Qori Abdurashidxonov, Hamza, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho'lpon kabi Uyg'onish davrining buyuk namoyandalari o'z badiiy asarlarda axloq muammolarini dadil ko'tarib chiqdilar va ana shu nashrlarda o'z publisistikasi bilan ham faol ishtirok etdilar. Jadid matbuoti butun kuchini ozodlikni, Vatanni jondan sevuvchi, ilg'or, tushungan, har tomonlama kamol topgan erkin Turkiston fuqarosini tarbiyalashni o'z oldiga vazzifa qilib qo'ydi. Afsuski, dastlabki fevral inqilobi bergan hurriyat uzoqqa cho'zilmadi. Bolsheviklarning 1917 yilning 25 oktyabrida amalga oshirgan davlat to'ntarishi tez orada uning yutuqlarini yo'qqa chiqardi, Lenin boshchiligida ishlab chiqilgan yangi mustamlakachilik rejasi asosida barcha taraqqiyparvar kuchlar katag'on qilindi. Falsafiy fanlar, shu jumladan, axloqshunoslik ham taraqqiyotdan to'xtadi. Ular mafkuraga bo'ysundirilib, soxtalashtirildi; erkin fikr tag-tugi bilan qo'porib tashlandi. Shu sababli jadidchilik o'z oldiga qo'ygan vazifalarini to'la ado etolmadi. Lekin, shunga qaramasdan Turkistondagi bu ma'rifatchilik harakati qisqa muddat ichida bo'lsa ham mazlum xalqlarni ma'lum ma'noda uyg'ota oldi.



Yüklə 288,66 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə