Xudoyberdiyev shaxbozning



Yüklə 302,52 Kb.
tarix19.12.2023
ölçüsü302,52 Kb.
#153731
XUDOYBERDIYEV SHAXBOZ Davriya va uning turlari bir qismli va rivojlangan bir



FARG`ONA DAVLAT UNIVERSITETI
SIRTQI BO`LIM MUSIQA TA’LIMI MUTAXASSISLIGI
2-kurs S 22.06 – guruh talabasi

XUDOYBERDIYEV SHAXBOZNING

MUSIQA NAZARIYASI va solfedjio FANIDAN

MUSTAQIL ISHI


MAVZU: Davriya va uning turlari-bir qismli va rivojlangan bir qismli shakldagi asarlarni tahlil qilish.
Reja:

  1. Davriya va uning turlari.

  2. Davriya shaklining о‘ziga xos xususiyatlari.

  3. Bir qismli va rivojlangan bir qismli davriyalar.



Davriya dеb tugallangan musiqiy fikrni ifodalovchi shaklga aytiladi. Davriya har qanday yirik musiqiy asar shaklining tarkibiy qismidir. Kichik ko‘lamli musiqiy asar ham davriya shaklida yozilgan bo‘lishi ham mumkin.
Davriya uchun mavzuni namoyish etish (ekspozitsion) vazifasi xos. Shu bilan birga davriyaning rivojlanish va yakuniylik darajalari uni nafaqat tarkibiy qism, balki mustaqil asar shakli sifatida ham namoyon bо‘lishini ta’minlaydi. Mazkur shakl fortepiano miniatyurasi janriga xos bо‘lib, romantizm yо‘nalishi kompozitorlari (Friderik Shopen, Robert Shuman) ijodida keng rivojlangan.
Jumlalar davriya shaklining tarkibiy qismidir. Davriyaning kadensiya bilan yakunlanadigan nisbatan yirik qismi jumla deb ataladi. Davriya asosan ikki jumladan tarkib topadi. Jumlalar, о‘z navbatida, ikki: ochiq va yopiq turga bо‘linadi. Davriyaning birinchi jumlasi ochiq, ikkinchi jumlasi esa yopiq bо‘ladi. Ochiq jumlaning mustaqilligi yopiq jumlanikiga qaraganda nisbatan kamroq bо‘ladi. Har bir jumla ikki yoki undan ortiq iboradan tarkib topadi. Kadans yakuniyligi, ritmik sezura (pauza yoki tovush jaranglashining uzaytirilishi) kabi omillar jumla mustaqilligini ta’minlaydi.
Sezuraning belgilari:
a) musiqiy fikrning dastlabki yoki yangi tonallikda yakunlanishi;
b) yangi musiqiy fikrning paydo bо‘lishi;
s) avval berilgan mavzuning о‘zgarishsiz yoki biroz о‘zgargan holda takrorlanishi.
Jumlalar kadensiya deb nomlanadigan garmonik davra bilan yakunlanadi. Tо‘liq va tо‘liqsiz kadensiyalar farqlanadi. Tо‘liq kadensiyalar: S-D-T. Tо‘liqsiz kadensiyalar: S-T, D-T.
D-T – avtentik kadensiya deyiladi.
S-T – plagal kadensiya deyiladi.
Kadensiya davriya shakli ichida joylashishiga kо‘ra о‘rtaliq va yakunlovchi turga ajratiladi. О‘rtaliq kadensiya dominantada (ba’zan subdominantada ham) yakunlanadigan birinchi jumla oxirida keladi. Yakunlovchi kadensiyalar davriyaning oxirida keladi. Ular quyidagi turlarga bо‘linadi: agar tonika primasi kuy holatida kelsa, bu turdagi kadensiya mukammal, kuy holatida tonikaning tersiya yoki kvinta tovushi joylashtirilsa, bu kadensiya nomukammal kadensiya sanaladi.
Davriyalar ichki tuzilishiga kо‘ra turlicha bо‘ladi. Davriyalarning turlari va о‘ziga xos bо‘lgan qirralarini kо‘ra bilish, ajrata bilish kо‘nikmalarini hosil qilish uchun tahlil qilishda ma’lum tizimga tayanish tavsiya etiladi. Buning uchun, birinchi navbatda, klassik uslubga xos bо‘lgan, ayniqsa,kо‘proq ikki yoki uch qismli shakllarning tarkibiy qismi sifatida mavzuni ekspozitsion bayonida namoyish etish uchun qо‘llaniladigan davriyalarni tanlab olish zarur.
Ekspozitsion davriya quyidagi xususiyatlarga ega.
Tuzilishi – 8 takt (kichik davriya).
Davriya ikki jumlaga ajratiladi. Ular, о‘z navbatida, ikki va undan ortiq iboradan tarkib topadi. Davriyaga birlashgan jumlalar tobe jumlalar deb yuritiladi. Birinchi jumla – boshlovchi, ikkinchi jumla – javob beruvchi deb ataladi. Davriya tonikada tugallanadigan kadensiya bilan yakunlanadi. Jumlalar dominantada yakunlanadigan (D yoki K64-D) о‘rtaliq kadensiyalar bilan ham ajratiladi, ham birlashtiriladi. Ayrim hollarda ikkinchi jumlaning boshida asosiy tonallikka qaytish uchun dominantaga modulyatsion og‘ishma hosil qilinadi.
Demak, о‘rtaliq kadensiya davriyani jumlalarga ajratib bersa, yakunlovchi kadensiya butun davriyani birlashtiradi. Shu tarzda kadanslar mutanosibligi,”aytishuvi” hosil qilinib, bunda noturg‘un – savol beruvchi kadansga ikkinchi – tasdiqlovchi kadans javob beradi. Bunday savol-javob munosabatidagi jumlalar klassik uslubdagi davriyalarga xosdir.
Davriyalar bir tonalli – asosiy tonallikda yakun topadigan va modulyatsiyalovchi – yangi tonallikda (asosan dominantada, minorda – parallel tonallikda) yakun topadigan turlarga bо‘linadi.
Agar bir tonalli davriyada yaqqol seziladigan og‘ishmalar hosil qilinsa, bunday davriya ham modulyatsion davriya deyiladi (modulyatsiyalovchi davriyadan farqli ravishda). Agar davriya yangi tonallikda yakunlansa, ammo davriyaning о‘rtalarida о‘ziga xos modulyatsiyalar yorqin namoyish etilsa, bunday davriyalar ham modulyatsion davriya deyiladi Modulyatsiyalash kо‘proq ikkinchi jumlaga tо‘g‘ri keladi. Dominanta yо‘nalishidagi (V yoki III pog‘ona) tonalliklariga modulyatsiyalash kо‘proq xosdir.
Kо‘pgina davriyalarda ekspozitsiyaviylik qirralari tuzilmalarning kvadratliligida, ya’ni qismlarning tо‘rt taktliligida namoyon bо‘ladi. Bunday davriyalar sakkiz, о‘n olti, о‘ttiz ikki taktdan iborat bо‘ladi.
Davriyalar takrorlanadigan va takrorlanmaydigan tuzilmali davriyalarga ajratiladi.
1. Takrorlanadigan tuzilmali davriyada ikkinchi jumla materiali, uning rivijlanishi birinchi jumla bilan о‘zaro о‘xshashlik hosil qiladi. О‘xshashlik qirralari turli darajada bо‘ladi: ba’zan faqat umumiy tarzda yoki alohida bо‘laklarda kо‘rinadi. Aksariyat hollarda jumlalarning boshlang‘ich bо‘laklari о‘xshash bо‘lib, jumlalarning yakunida ayrim о‘zgarishlar sodir bо‘ladi (L.Betxoven. №5 sonata, II qism).
2. Takrorlanmaydigan tuzilmali davriyalarda ikkinchi jumla birinchi jumladan sezilarli darajada farqlanadigan materialda quriladi. Odatda bunday davriyalarda ba’zi intonatsion qarindoshlik saqlanadi va bu ikki jumlani birlashtiradigan omil sifatida xizmat qiladi. Mavzu rivojlanishiga kо‘ra murakkab bо‘lgan bunday davriyalar nisbatan kam uchraydi (R.Vagner. “Tangeyzer” operasiga uvertyura).
Kontrast tamoyiliga asoslangan uchta jumlali davriyalar ham uchraydi (E.Grig. Norvegiya raqsi op. №35, №2).
Jumlalarga ajratilmaydigan davriya qо‘shilib ketgan tuzilmali yoki yaxlit tuzilmali davriya deyiladi. Bunday davriyalar yorqin avj nuqtasiga olib keluvchi yagona kuy - garmoniya rivojlanishi bilan ajralib turadi(Betxoven, Sonata op.10,№2,II qism).
Katta hajmli, 16 taktli davriyalar ham normal toifaga kiritiladi. Ular 8 taktli oddiy kadansli ikki jumladan iborat bо‘ladi.
О‘ziga xos xususiyatga ega va normativ bо‘lmagan davriyalar.
Musiqiy nutqni tо‘liq va har tomonlama о‘rganish uchun yuqorida keltirilgan “normal” davriyalar bilan cheklanish mumkin emas. Shu sababli boshqa turdagi davriyalar haqida ham tasavvurga ega bо‘lish lozim.
Davriyalarning ayrim turlari tez-tez, ba’zilari esa nisbatan kam uchraydi; ayrimlariga ekspozitsion bayon xos, boshqalari esa davomiy rivojlanish xususiyatiga ega. Aksariyat davriyalarda umumiy qonun-qoidalardan tashqariga deyarli chiqilmaydi; lekin shunday davriyalar ham bor-ki, ularda chekinishlar yaqqol kо‘zga tashlanadi. Davriyaning umumiy qonun-qoidalaridan chekinishlar davriyaga normativ bо‘lmagan xarakter bag‘ishlaydi.
Ba’zi davriyalarda mavzuning rivojlanishi о‘ziga xos kо‘rinishga ega va uni “davriya” tushunchasi qolipi doirasiga kiritib bо‘lmaydi. Bunday davriyalarni erkin tuzilmalar qatoriga kiritish mumkin. Klassik davriya va erkin tuzilmali davriyalarni farqlash uchun normal toifadagi davriyani asos qilib olish va unga nisbatan solishtirma tahlil qilish mumkin. Bunda, birinchi navbatda, bajariladigan ish klassik uslubdagi davriyalarda uchraydigan о‘ziga xos, ammo umumiy belgilangan chegaralardan chiqmaydigan qirralarni topishdan iborat.
1.О‘rta qismi tonikada yakunlanadigan (dominanta о‘rniga) nomukammal kadensiyali davriyalar kо‘p uchraydi. Tonika tersiyasi kuy holatida joylashadi. Nisbatan kam hollarda kuy holatida kvinta ham uchraydi, u sekstakkord kо‘rinishida bо‘lishi mumkin yoki taktning kuchsiz hissasiga tо‘g‘ri keladi (M.I.Glinka. “Ivan Susanin”, Vanyaning qо‘shig‘i).
2. Davriyaning ikkinchi jumlasi ayrim hollarda bevosita parallel majorda boshlanadi (L.Betxoven, Sonata №1,3- qism). Ba’zan ikkinchi jumla bevosita subdominanta tonalligida kiritiladi (L.Betxoven, Kvartet, op.18 №4, 3- qism; A.Skryabin. Prelyudiya, op.11 №10).
3. Ba’zi hollarda davriya kichikroq hajmdagi kirish qismdan boshlanadi. Ushbu kirish qismi davriyaning asosiy strukturasiga kiritilmaydi, ammo umumiy holda uni kengaytiradi (L.Betxoven. Sonata №6, 2- qism).
4. Ichki qо‘shimcha rivojlovli, kengaytirilgan, yakunlovchi xarakterga ega bо‘lgan (ibora yoki uchinchi jumlali) davriyalar kо‘p uchraydi. Bunday kengaytirish holati davriyada nomukammal yoki uzilgan kadensiyalardan (kо‘picha qaytariladigan) sо‘ng kuzatiladi. Buning natijasida, davriya shakli nisbatan kengayadi (L.Betxoven. Sonata №8, 3- qism).
5. Tо‘rtinchi punktda keltirilgan davriya turi bilan navbatdagisini adashtirmaslik lozim. Chunki davriyaning shunday turi ham uchraydiki, bunda davriyaga qо‘shimcha tarzda mustaqil bitta (yoki bir necha) jumla kiritiladi. Mazkur qо‘shimcha jumla yakunlovchi xarakterga ega bо‘ladi. Bunday kо‘rinishdagi yakunlovchi jumla davriya tо‘liq tonika kadansi bilan tamomlangandan sо‘ng qо‘shiladi va nisbatan murakkab davriya hosil bо‘lgunicha rivojlantirilishi mumkin (L.Betxoven. Sonata №3, 1- qism).
Davriya shakli ichidagi qо‘shimcha ham, davriyadan sо‘ng kiritilgan yakunlovchi qо‘shimcha ham, о‘zidan avval kelgan mavzuiy rivojni ta’kidlaydi. Bunda klassik uslub uchun kadanslashning bir necha bor ta’kidlanishi xos, romantik kompozitorlar ijodida esa kulminatsiyaga olib boradigan sekvensiyali rivojlov uchraydi.
Davriya shaklining о‘ziga xos xususiyatlari turli-tuman bо‘lib, ular quyidagi toifalar bо‘yicha о‘rganiladi:
1) hajmiga kо‘ra (taktlar soni);
2) davriya ichida taktlarnig metrik birlashuviga kо‘ra;
3) kadans tuzilishiga kо‘ra;
4) tarkibiga kо‘ra;
5) modulyatsiyali rivojga kо‘ra.
Shuni ham nazarda tutish kerakki, yuqorida keltirilgan turli tartibdagi xilma – xil xususiyatlar о‘zaro zich bog‘langan; masalan, davriyaning hajmi taktlarning metrik birlashuvi bilan, modulyatsiyali rivojlov kadanslash bilan bog‘liq va h.k. Shuning uchun ushbu tizimlashtirish ma’lum bir shartli-nazariy xarakterga ega, ya’ni musiqiy voqeliklarni ma’lum nuqtai nazardan kо‘rib chiqish uchun asos bо‘ladi.

1.Hajm bilan bog‘liq о‘ziga xosliklar. Normal holatdagi 8-16 taktli davriyalardan tashqari turli hajmdagi davriyalar, 8 taktdan kam bо‘lgan hajmdagi mustaqil tuzilmalar ham uchraydi (V.A.Motsart. Kvartet №10, I qism).
Hajmi 8 taktdan kattaroq bо‘lgan davriyalar uchinchi jumlaning qо‘shilishi yoki ikki jumlaning bittasi kengaytirilishi natijasida yuzaga keladi. Eng kо‘p uchraydigan variant sifatida 12 taktli davriyalarni kо‘rib chiqish mumkin (4+4+4), 6 taktli ikki jumladan tarkib topgan davriya ham о‘ziga xos qirralarga ega bо‘lgan davriyalar qatoridan о‘rin oladi (L.Betxoven. Sonata №29, 1- qism).
Juft sonli davriyalar nisbatan tabiiy xarakterga ega, toq sonli davriyalar umumiy normativlardan tashqariga chiqadi, chunki musiqani idrok qilish qonuniyatlari taktlarning juftlikli (kvadratli) birlashuviga asoslanadi.
2.Taktlarnig metrik birlashuvidagi о‘ziga xosliklar. Bunday о‘ziga xosliklar ichki tuzilish bilan bog‘liq,ammo ularni faqat taktlarning metrik birlashuvi nuqtai nazaridan kо‘rib chiqiladi.
Hajmiga kо‘ra normal 8 taktli davriya hajman nomutanosib bо‘lgan 3+5 yoki 5+3 taktlardan iborat jumlalarga bо‘linadi. Ayniqsa, katta hajmli davriyalarda normativ bо‘lmagan tuzilmalar turlicha bо‘lishi mumkin. Demak, bunday katta hajmli davriyalarda normativlarga tо‘g‘ri kelmaydigan variantlarning soni ham kо‘p bо‘lishi mumkin.
Bunda quyidagilarni farqlash lozim: 1) davriyaga qо‘shimcha sifatida kiritiladigan ibora yoki jumlalarning taktlari va asosiy jumlalar taktlarining juft metrik birlashuvi, masalan:
4+4+2 (qо‘shimcha) = 10 (L.Betxoven. Sonata №3, 2- qism).
3.Kadanslashlarning о‘ziga xosliklari.
1.Davriyalar о‘ziga xos qirralarga ega bо‘lgan о‘rtaliq kadensiyali ham bо‘lishi mumkin:
a) turg‘un tonikada yakunlanadigan о‘rtaliq kadensiya (taktning kuchli hissasi va asosiy tonning kuy chizig‘ida joylashishi), bu kabi kadensiya birinchi jumlaga nisbatan yopiq xarakter baxsh etadi.
b) subdominanta bilan yakunlanadigan о‘rta qism kadansiyasi.
2) normal, yopiq xarakterli davriyalardan tashqari, oxirida dominantadagi yarimtali kadans bilan yakunlanadigan ochiq davriyalar ham mavjud (L.Betxoven. Sonata №18, 3- qism).
4.Davriyalarning tuzilishidagi о‘ziga xosliklar.
1.Davriya tuzilishining о‘ziga xos qirralari jumlalar, taktlarining hajmi va metrik jihatdan bog‘lanishida namoyon bо‘ladi. Tuzilmaning kattalashishi ,asosan, aynan ikkinchi jumlaning kengaytirilishi hisobiga amalga oshiriladi (I.Gaydn. Kvartet №1, 3- qism).
Ikkinchi jumlasi qisqartirilgan davriyalar nisbatan kam uchraydi (F.Mendelson. “Sо‘zsiz qо‘shiq”, №30).
2. Ba’zan uch jumladan tarkib topgan davriyalar ham uchraydi, bunda uchinchi jumla о‘zidan oldin keladigan jumla uchun yakunlovchi vazifasini bajarmaydi (E.Grig. Norvegiya raqsi. №2). Tо‘rt jumladan iborat bо‘lgan davriyalar ham mavjud (F.Shopen. cis-moll prelyudiyasi).
3. Jumlalarga ajratilmaydigan davriyalar ham mavjud bо‘lib, ular yalpi rivojlovli davriyalar deyiladi. Bunday davriyalar ayrim hollarda jumlalar hosil qilmaydigan,ammo chegarasi aniq bо‘lgan iboralardan tarkib topadi (L.Betxoven. Trio, op.9. №1, 4 -qism).
4. Yana shunday davriyalar ham borki, ularda ayrim iboralar jumlalar hosil qilmaydi, ayrimlari esa davriyaning ikkinchi yarmida jumla hosil qilishi mumkin.
5. Modulyatsion rivojiga kо‘ra о‘ziga xosliklar. Umuman olganda, modulyatsiyalash davriyaning ikkinchi jumlasi uchun xos. Ikkinchi jumla bevosita yangi tonallikda – parallel, II bosqich yoki subdominanta tonalliklaridan birida (solishtirma sifatida) ham boshlanishi mumkin. (L.Betxoven. Sonata №7, 1 -qism), subdominanta (L.Betxoven. Kvartet, op 18. №4, 3-qism) tonalliklarda boshlanishi mumkin. Birinchi jumlaning parallel major va dominanta tonalliklaridan tashqari boshqa tonalliklarga modulyatsiyalanishini (albatta, tegishli о‘rtaliq kadensiyalari bilan) ham о‘ziga xosliklar qatoriga qо‘shish mumkin.
Uzoq tonallikka modulyatsiyalash noyob hodisa sifatida qabul qilinadi (L.Betxoven. Simfoniya №8, 1- qism).
Bir davriyada turli darajadagi bir qator о‘ziga xosliklar ham uchrashi mumkin. Aksariyat hollarda ular о‘zaro bog‘liqlikda bо‘lishi kuzatiladi.
Bir qismli shakl.
Bir qismli shakl yaqqol seziladigan mustaqil bо‘limlarga ajralmaydi va musiqiy materialning uzluksiz rivojiga asoslanishi bilan tavsiflanadi. Pauza va о‘zga kо‘rinishdagi sezuralar uning yaxlitligini buzmaydi.
Bir qismli shakllar о‘zining hajmi, murakkabligi, rivojlanish xarakteri va ichki tuzilishiga kо‘ra turli-tumandir: bir necha taktdan iborat bо‘lgan eng sodda bir qismli tuzilmalardan, to keng rivojlantirilgan turlarigacha kuzatish mumkin.
Bir qismli shakl musiqiy asarlarda ham mustaqil kо‘rinishda, ham biror kattaroq shaklning tarkibiy qismi sifatida turli xil janrlarda qо‘llanadi.
Eng oddiy bir qismli shakl turi sifatida biz mavzuviy materialning dastlabki rivojlovsiz bayonini nazarda tutamiz. Bu oddiy davriya yoki jumla bо‘lishi mumkin. Bunday tuzilmaning odatiy hajmi 8 taktni tashkil qiladi va rivojlanishi davomida murakkablashmaydi (F.Shopen. Prelyudiya №7). Bunday shakl (oddiy ikki qismli va uch qismli shaklar qatorida) tobe bо‘lim sifatida nisbatan yirik shakllar tarkibiga kiritilishi mumkin. Bunday holat, birinchi navbatda, variatsiyalar mavzulariga tegishlidir. Qadimgi variatsiyalarda, passakaliyalar va chakonalarda mavzular doimiy ravishda bir qismli shaklda bayon etilgan. Keyinchalik, gomofon-klassik uslub hukmronligi davrida variatsiyalar mavzulari asosan oddiy ikki qismli bо‘lib, uch qismli shakl nisbatan kam qо‘llangan.
Eng oddiy bir qismli shakl yirik hajmli asarlarning kirish qismi sifatida qо‘llanishi mumkin.
Bir qismli shakl mustaqil shakl sifatida kо‘proq vokal musiqasida – obraz rivojining asosi sifatida xizmat qiladigan, turli matn bilan takrorlanadigan kuplet sifatida (ba’zan uncha katta bо‘lmagan о‘zgarishlar bilan) uchraydi. Bu shakl asosan kuplet shakli deyiladi. Kamer-vokal musiqasi va operalarda bu shaklga misollar kо‘p. Variatsiyalanadigan jо‘rlik bilan birgalikda kuplet-variatsiya shakli xosil bо‘ladi.
Cholg‘u musiqasida mustaqil kо‘rinishdagi oddiy bir qismli shakl kо‘proq musiqa sohasiga dastlabki qadamlarni qо‘ygan о‘quvchilar uchun mо‘ljallangan yengil pyesalarda uchraydi. Fortepiano uchun yozilgan miniatyuralarni (prelyudiya va boshqa asarlarni) ham oddiy bir qismli asarlar qatoriga kiritish mumkin.
Rivojlantirilgan bir qismli shakl deganda hajmi oddiy bir qismli shaklga nisbatan kattarok bо‘lgan shakl tushuniladi. Bunday shaklga shunday tuzilmalar kiritiladiki, ular hajman oddiy davriya shaklidan tashqariga chiqadi, ularda material nisbatan erkin rivojlantiriladi.
Variatsiyalar mavzusi uchun rivojlantirilgan bir qismli shakl xos emas.
Yirik shakldagi asarlarning kirish qismlarida rivojlantirilgan bir qismli shakl oddiy bir qismli shaklga nisbatan kо‘proq uchraydi. Bu tabiiy, chunki muqaddima qismlar uchun yalpi erkin rivojlov xosdir. Mustaqil kо‘rinishda mazkur shakl bezakli-garmonik yoki bezakli -melodik passajli yoki kuychan harakatlarga asoslangan asarlarda qо‘llanadi.
Bunday shakl I.S.Bax prelyudiyalariga xosdir. Bunda davriyaga xos bо‘lgan takrorlanadigan tuzilish kuzatilmasa-da, hajman katta bо‘lmagan ushbu prelyudiyalarda keyingi rivojlantirish elementlari uchraydi.


Foydalaniladigan adabiyotlar ro‘yxati
Asosiy adabiyotlar:



  1. G.A. Ibrahimjanova, L.A.Urmanova, M.X.Xodjayeva, F.N.Xalilov «Musiqa elimentar nazariyasi. Garmoniya» o’quv qo’llanma Toshkent-2012

  2. G.A.Ibrahimjanova, U.Yu.Yo’ldoshev Musiqa nazariyasi (Solfedjio, garmoniya, musiqiy asarlar tahlili) 1-qism. Darslik Toshkent-2018

  3. Rahimov Q. Musiqaning elementar nazariyasi. (Ma’lumotnoma), Toshkent, “Musiqa”, 2007.

  4. A.R.Bahriyev “Musiqaning elimentar nazariyasi” BuxDU 2011

  5. Панова Н. Конспекты по элементарной теории музыки. М., 2003.

  6. Azimova O. Garmoniya. Darslik. Nazariy kurs. Toshkent, «Qatortol – Kamolot», 2000.

  7. Островский А.Л., Соловьев С.Н., Сольфеджио М., «Музика», 2013.

  8. Mishael Pilhofer and Holly Day “Music Theory for dummies” Indiana USA 2007. Wiley Publishing Inc.

  9. James Tackett. “Fundamentals of church music Theory” Austin Christian Akappella Musik. Abilene Christian University. 2009.

  10. Mark Feezell. “Music Theory Fundamentals” Copyright. 2011 All Rights Reserved. LearnMusic Theory. Net

  11. O.Fayziyev. Q.Rahimov “Musiqa asarlari tahlili” O’quv qo’llanma Navoiy - 2015

Qo‘shimcha adabiyotlar



  1. Rahimov Q. Musiqaning elementar nazariyasi bo‘yicha mashq va vazifalar to‘plami. Toshkent, “O‘zbekiston”, 2006.

  2. Rahimov Q. Garmoniya bo‘yicha mashq va masalalar to‘plami. «Aloqachi», 2005.

  3. Sami Aziz o‘g‘li. Garmoniya. T., «O‘zbekiston», 2002.

  4. Ройтерштейн М.И. Основы теоретического музыкознания. М., «Академа», 2003.

  5. Ibrohimov O., Yunusov R. Solfedjio darsligi. Toshkent, «Musiqa», 2004.

Elektron ta’lim resurslari


1. www.tdpu.uz
2. www.pedagog.uz
3. www.ziyonet.uz
Yüklə 302,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə