Yuqoridan va pastdan to‘pni ikki qo‘llab qabul qilish, uzatish texnikasini
baholashda konsentrik nishonlardan foydalaniladi. Yuqoridan ikki qo‘llab to‘p
uzatishda devorgacha bo‘lgan masofa 2,5 m, pastdan to‘pni qabul qilishda – 3 m. 10
marta to‘p uzatishda to‘plangan ochkolar va to‘pni yo‘qotish hisoblab boriladi.
To‘pni o‘yinga kiritish texnik-taktik malakalar aniqlik va to‘pning uchish tezligi
bilan tavsiflanadi. To‘pni odatda 1, 6, 5-zonalarga tushirish talab etiladi va har bir
zonaga aniq ravishda to‘p tushirish uchun 6 urinish beriladi. Hujum zarbasini berish
ko‘nikma va malakasini baholashda 3- zonadan uzatilgan to‘pga 4 va 2-zonalardan
zarba berish qo‘llaniladi. O‘rgatishning dastlabki bosqichida maydon bo‘ylab berilgan
zarba texnikasi baholanadi. Zarur sharoitlarda hujum zarbasini belgilangan zonalar
bo‘yicha berish qo‘llanilishi mumkin, bunda hujum zarbasi uchun uzatilayotgan to‘plar
barqaror bo‘lishi zarur. Yuqorida keltirilgan nazorat mashqlaridan tashqari o‘yin
sharoitida uchraydigan quyidagi mashqlardan foydalansa bo‘ladi. Masalan, bog‘lovchi
o‘yinchining aniq to‘p uzata bilish darajasi quyidagi mashq yordamida aniqlanadi.
O‘yinchi quyidagi tartibda to‘p uzatishni bajaradi: bosh ustiga to‘p uzatish, nishon
tomon to‘p uzatish (aniqlik hisobga olinadi), burilish, 1–1,5 m balandlikda bosh ustida
to‘p uzatish, 180° burilish, bosh orqasidan nishon tomon to‘p uzatish va hokazo. 10 ta
to‘p uzatishdagi ochkolar va to‘pni yo‘qotish hisobga olinadi.
Hujum zarbasini berishda yetarli tayyorgarlik mavjud bo‘lganda, o‘yinchining
o‘zi to‘p tashlab, ko‘rsatilgan zonalar bo‘yicha zarba berish harakati baholanadi. Bu
mashqning ijobiy jihati shundaki, zarba berish natijasi to‘pni uzatuvchi o‘yinchining
to‘p uzatishiga bog‘liq bo‘lmaydi. Odatda, hujum zarbasi bir-ikki qadam qilib
bajariladi. To‘rga tegish, o‘rta chiziqdan o‘tib ketish xato urinish hisoblanadi. To‘siq
qo‘yishni obyektiv ravishda baholash hozirgi kungacha aniqlanmagan. Ushbu texnik
usulni baholashda «To‘r ustidagi to‘p» qurilmasidan foydalaniladi. Bunda turli
balandlik va masofada o‘rnatilgan to‘pga to‘siq qo‘yishda qo‘l kaftini to‘r ustidan
o‘tkazib bajarilgan harakat baholanadi. Bundan tashqari, bir xil ko‘rsatkichga ega
bo‘lgan (yoki unga yaqin) o‘yinchilarning hujum zarbasini berishi va unga to‘siq
qo‘yishda ko‘rsatilgan natija hisobga olinishi bilan baholanadi.
Dostları ilə paylaş: