Qo’qon xonligi madaniyati. Qo’qon xonligining XVIII-XIX asrlar 1-yarmida
kechgan madaniy hayotida ham sezilarli ijobiy o’zgarishlar va siljishlar yuz berib
borganligi ayondir. XIX asrda Qo’qon xonligida tarixnavislik sezilarli ravishda o’sib
borgan. Oldinlari yozilgan bir necha tarixiy asarlar fors va arab tillaridan o’zbek tiliga
tarjima qilindi va yangi kitoblar yozildi. Bu yangi asarlarning o’ziga xos xususiyatlari
ham bor edi – ularning ayrimlari she’riy yoki qisman she’riy yo’lda yozildi. Bu esa
qo’qonlik tarixchilarning adabiyotni yaxshi bilibgina qolmay, o’zlari ham she’riyatda
qalam tebratganliklarini ko’rsatadi. Masalan, «Tarixi jahonnamoyi» (Junayd Mullo
Avazmuhammad Mullo Ro’zi Muhammad so’fi o’g’li), «Shohnoma» (Abdulkarim Fazliy
Namangoniy), «Shohnomayi Umarxoniy» (Mirzo Qalandar Mushrif Isfarangiy, u Fazliy
Namangoniyning «Zafarnoma» asarini nasriy qilib yozgan). «Muntaxab attavorix» (Xo’ja
Muhammad Hakimxon to’ra bin Sayid Ma’sumxon), «Tarixi Shohruxiy» («Tarixi sayyidi
Xudoyorxon», Mullo Niyoz muhammad Xo’qandiy Niyoziy bin Mullo bin Ashur
Muhammad Xo’qandiy), «Tarixi jadidai Toshkand (Muhammad Solihxo’ja ibn
Qorixo’ja), «Shohnoma» (Mahzun Ziyovuddin Xo’qandiy), «Jangnomai Xudoyorxon»
(Shavqiy Namangoniy) va b.
XIX asr boshlarida shakllangan Qo’qon adabiy muhiti ham xonlikning madaniy
hayotida katta o’rin tutgan. Qo’qon hukmdorlarining qator namoyandalari temuriylar
an’anasini davom ettirib, o’zlari ham ilm-ma’rifat bilan shug’ullanib, bu sohani ravnaq
topdirishga katta sa’y-harakat qilganlar. Ayniqsa, bunda Qo’qon xonlaridan Umarxon
(1810-22) va muhammad Alixon (1822-41) davrlari yaqqol ajralib turadi.
Xususan, Akmal (Maxmurning otasi), Amiriy (Qo’qon xoni Umarxon), Boqixonto’ra,
Muhammad Sharif, Gulxaniy, Maxmur (Mahmud), Muntazir, Nizomiy Xo’qandiy (asl
nomi Nizomiddin Muhammadaminxo’ja o’g’li), Nodir, Nozil Muhammad Avaz,
Avazmuhammad Yormuhammad o’g’li Pisandiy, Fazliy Namangoniy, G’oziy singari
shoirlar xalq ichida mashhur edilar.
Qo’qon adabiy muhitining yana bir muhim xarakterli jihati shundaki, bu davrda
o’zbek va fors-tojik tilida bab-baravar qalam tebratgan bir qator taniqli va mashhur
o’zbek shoiralari iste’dodi keng rivoj topdi. Mas, Dilshod otin, Zebuniso, Zinnat,
Mohzoda Begim, Mahzuna, Mushtariy, Nodira, Nozuk Xonim, Uvaysiylarning ijodi
ayricha ahamiyatga molikdir.
Qo’qon adabiy muhitining samarali ta’siri o’laroq bu yurtdan keyinchalik Muqimiy,
Furqat, Zavqiy va boshqa yetuk badiiy so’z san’atkorlari yetishib chiqdilar va o’z
xalqining erki, hurligi va ozodligi uchun xizmat qildilar.
Umuman olganda, XIX asrning o’rtalariga kelib, O’rta Osiyo xonliklarida adabiyot va
tarixshunoslik bilan bir qatorda matematika, tibbiyot, geografiya, astronomiyaga oid
hamda diniy asarlar yaratildi. Bu xonliklarda miniatyura va xattotlik san’ati ham o’z
o’rniga ega. Bu davrning madaniy hayotida dorbozlik, askiya, qo’g’irchoq teatri,
masxarabozlik, ayniqsa, bastakorlik birmuncha rivojlandi.
Qo’qon xonligining barcha bekliklarida madrasa, maktab va qorixonalar mavjud edi.
Madrasalarda ham diniy, ham dunyoviy fanlar bo’yicha tanilgan mudarrislar, olimlar bor
bo’lganligi uchun ham bu yerga turli mamlakatlardan ko’plab talabalar kelib o’qishgan.
Dostları ilə paylaş: |