8
1.1. Vitaminlar
Ma’lumki, vitaminlar biologik yuqori faollikka ega bо‘lgan quyi molekulali birikmalar
bо‘lib, ularning asosiy funksiyalaridan biri organizmda boradigan moddalar almashinuvi
jarayonlarini tezlashtirish yoki katalizatorlik vazifasini bajarishdir [37;38].
Vitaminlar organizmda har xil katalitik funksiyalarni о‘taydi va boshqa ozuqa moddalarga
nisbatan juda oz kerak bо‘ladi. Ovqat bilan muayyan vitamin kirib turishiga muhtoj bо‘ladigan
hayvonlar organizmida vitamin yoki butunlay hosil bо‘lmaydi yoki kam hosil bо‘lib, fiziologik
ehtiyojlarni qondirishga kifoya qilmaydi. Asosan о‘simliklar vitaminlar manbai hisoblanadi,
о‘simliklarda vitaminlar yoki organizmda vitaminlarga aylanuvchi moddalar, ya’ni provitaminlar
sintezlanadi. Hayvonlardan olinadigan masalliqlarda vitaminlar borligiga sabab shuki, ovqat
bilan iste’mol qilinadigan yoki provitaminlardan sintezlanadigan vitaminlar hayvonlarning ba’zi
organlarida tо‘planishi mumkin. Hozirgi kungacha 30 ga yaqin vitamin va vitaminsimon
moddalar aniqlangan bо‘lib [11; 37], shundan odam 16-18 ta vitaminga muhtoj. Ularning kо‘p
qismini organizm ovqat bilan olib turishi zarur. Ba’zi vitaminlar ichak mikroflorasida
sintezlanadi va sо‘riladi, shu sababli ular hatto ovqatda bо‘lmaganda ham, bu vitaminlarning
kamligi organizmda sezilmaydi [24; 34; 36].
Turli vitaminlarning kimyoviy tuzilishi va biologik ta’siri har xil. Vitaminlarning bu qismi
organizmda fermentlarning faol guruhlarini hosil qiluvchi manba hisoblanadi. Ayni vaqtda ayrim
vitaminlar fosfatlanadi. Tarkibiga muayyan vitamin kiradigan aktiv gruppa sо‘ngra oqsil bilan
birikib, ferment funksiyasini kasb etadi. Bu omillarning aniqlanishi, birinchidan, vitaminlarning
modda almashinuviga ta’sir etish mexanizmini, ikkinchidan, organizmga vitaminlar nima uchun
juda oz miqdorda, ya’ni milligrammning bir necha bо‘lagicha zarurligini tushuntirib berdi [11;
18; 23; 37; 51].
Ovqatda aksariyat vitaminlarning bо‘lmasligi bir necha vaqtdan sо‘ng о‘limga sabab
bо‘ladi, vitaminlar yetishmaganda esa har xil kasalliklar kelib chiqadi.
Vitaminlarni N.I.Lunin kashf etgan. Organizm normal fiziologik holatda bо‘lishi uchun
hayvonlar ovqatida oqsil, yog‘, uglevodlar, mineral tuzlar va suvdan tashqari, u vaqtda hali
ma’lum bо‘lmagan yana qandaydir oziq moddalar zarurligini 1888 yilda N.I.Lunin isbotlagan.
Bu xulosa hayvonlar ustidagi tajribalarga asoslangan edi, bu tajribalarda sichqonlarning bir
guruhi sut bilan boqilgan, ikkinchi gruppasiga esa sun’iy ovqat – qand, yog‘, sut oqsili (kazein),
sut tarkibida bо‘ladigan tuzlar va suv berilgan. Sichqonlarning birinchi gruppasi normal о‘sgan
bо‘lsa, ikkinchi gruppasi nobud bо‘lgan.
N.I.Lunin tajribalaridan 16 yil keyin Indoneziyada ishlagan vrach Eykman organizmga
ovqatning qandaydir qо‘shimcha omillari kerakligini ma’lum qildi. Uning kuzatishlarida
9
tovuqlar tozalangan (pо‘sti artilgan) guruch bilan uzoq vaqt boqilganda kasal bо‘lib, о‘lib qoldi.
Tovuqlar kasalligi о‘sha vaqtda Yaponiya, Xitoy va boshqa ba’zi mamlakatlarda keng tarqalgan
beri-beri degan kasallikka juda о‘xshar edi. Tovuqlar ovqatiga guruch kepagi qо‘shilganda bu
kasallik tuzalgan [51].
Vitaminlar 1910-1912 yillarda keng о‘rganila boshlandi va bu vitaminlar terminini 1912
yilda K.Funk taklif etgan. U mazkur moddalar hayot uchun zarur, deb xulosa chiqargan (vita -
hayot, amin - hayot amini demakdir). Lekin amin gruppasi bu moddalarning xarakterli belgisi
emasligi keyinchalik aniqlandi. Chunki ularning kо‘pchiligida azot yо‘q. Shunga qaramay,
hozirgi kunda vitamin termini о‘rnashib qolgan [37;51].
Ovqatda biror vitamin bо‘lmasa, avitaminoz degan patologik holat rо‘y beradi, ovqatda
vitamin yetishmaganda esa gipovitaminoz sodir bо‘ladi. (gipovitaminoz avitaminozdan farq
qilib, iste’mol taomlarida ayni vitaminning butunlay bо‘lmasligi emas, kam miqdorda uchrashi
tushuniladi. Agar gipovitaminoz vaqtida davolanmasa, avitaminoz xolatiga о‘tib ketadi) Turli
avitaminozlar va gipovitaminozlar (masalan, lavsha, raxit, pellagra, polinevrit va b.) klinik
belgilari bilan farq qiladi va butunlay boshqa-boshqa kasalliklar hisoblanadi. Organizmga
tegishli vitaminni kiritib, har bir avitaminoz yoki gipovitaminozning oldini olish yoki tuzatib
yuborish mumkin.
Avitaminozlarda yuzaga chiqadigan kо‘pgina hodisalar, har qalay ovqatda vitamin yо‘qligi
sababli organizmda ba’zi fermentlar hosil bо‘lishining buzilishi natijasi, ya’ni “afermentoz”
natijasidir.
Kishilarda uchraydigan avitaminozlarning kо‘pchiligini hayvonlar ustida tajriba qilib
vujudga keltirish mumkin. Ammo hayvonlarning hammasi avitaminozlar bilan og‘rimaydi.
Masalan, qushlarda lavsha (tsinga) kasalligini vujudga keltirib bо‘lmaydi, dengiz
chо‘chqachalarining bu kasallik bilan og‘rishi oson. Shu sababli biror avitaminoz о‘rganilganda,
ovqatda shu vitamin yо‘qligidan tez kasallanadigan hayvon tanlab olinadi.
Eksperimental hayvonlarda avitaminoz yoki gipovitaminozni hosil qilish uchun ularga
sun’iy ovqat aralashmasi beriladi yoki ma’lum vitaminlar bо‘lmagan, lekin oqsil, yog‘,
uglevodlar, mineral tuzlar va suv yetarli miqdorda bо‘lgan ozuqa bilan boqiladi.
Ovqatda vitaminlar yetarli bо‘lsa-da, sо‘rilmasa (hazm a’zolari kasalliklarida) yoki
organizmda о‘zlashtirilmasa avitaminozlar va gipovitaminozlar vujudga kelishi mumkin. Bunday
avitaminoz va gipovitaminozlar ikkilamchi deb ataladi [51].
Odam normal ovqatlansa-da, vitaminlarga ehtiyoj oshgan bо‘lsa, masalan, homiladorlik
davrida, о‘sish davrida, yuqumli kasalliklarda, antibiotiklar iste’mol qilinganda gipovitaminozlar
vujudga kelishi mumkin.
10
Vitaminlar latin alifbosi harflari bilan kо‘rsatiladi va kimyoviy yoki fiziologik nomlari
bilan ataladi (fiziologik nomi vitaminning ta’siriga qarab beriladi). Vitaminlar gruppasidagi
dastlabki moddalar endigina kashf etilib, ularning kimyoviy tabiati hali aniqlanmagan vaqtda
ularni latin harflari bilan nomlash taklif etilgan edi.
Hamma vitaminlarni ikki katta gruppaga ajratish mumkin: 1) suvda eriydigan vitaminlar;
2) yog‘da eriydigan vitaminlar [11; 23; 37; 51].
Dostları ilə paylaş: