Pedagogik axloqning tarixiy ildizlari


Zardushtiylik ta‘limotining axloqiy pedagogik g’oyalari



Yüklə 80,5 Kb.
səhifə2/5
tarix28.11.2023
ölçüsü80,5 Kb.
#134212
1   2   3   4   5
Milliy tarbiyaning tarixiy ildizlar

Zardushtiylik ta‘limotining axloqiy pedagogik g’oyalari
Zardushtiylik (otashparastlik) ta‘limoti (dini) ning muqaddas kitobi-“Avesto” da Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Eron, Yaqin va O’rta Sharq xalqlarining eramizdan avvalgi ikki mingginchi yillardan to oltinchi asrgacha (eramizdan avvalgi) davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, turmush urf-odatlari, diniy, axloqiy, tarbiyaviy qarashlari yoritilgan. (Yo’ldoshev J., Hasanov S., Avestoda axloqiy-ta‘limiy qarashlar. Toshkent, “O’qituvchi”, 1992 yil, 3-4 betlar). Bu ta‘limotning asoschisi Spitama Zaradushtra eramizdan oldingi oltinchi asrda yashagan. Ko’plab tadqiqotchilarning fikricha, zardushtiylik, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanadigan xalqlar dini bo’lib, Xorazm va Sug’diyonada shakllangan, keyinchalik Eron podsholigining rasmiy diniga aylangan. O’sha davrlarda otashparastlik Eron va Turon zaminda keng yoyilgan. Yettinchi asrga kelib Markaziy Osiyo arablar tomonidan bosib olingach, zardushtiylikning ta‘siri kamayadi.
“Avesto” ning pedagogik qimmati shundaki, u ko’p asrlar davomida yoshlarga ilmu-ma‘rifatni o’rgatish vazifasini bajargan. “Har bir kishini shunday tarbiyalash zarurki,-deyiladi “Avesto” da, -u avvalo yaxshi o’qishni so’ngra yozishni o’rganib, eng yuksak pog’onaga ko’tarilsin”. (Antologiya pedagogicheskoy msli Azerbaydjanskoy SSR. Moskva, Pedagogika, 1989 god, str.10). Bolalarga beriladigan ta‘lim va tarbiya quyidagilarni o’z ichiga oladi: diniy va axloqiy tarbiya; jismoniy tarbiya; o’qish va yozishga o’rgatish. Bu ta‘limotga ko’ra, diniy tarbiya berish yetti yoshdan boshlangan. O’g’il bolalar yetti yoshga yetganda ularga maxsus muqaddas ko’ylak kiydirilgan va ular muallim bilan yonma-yon quyoshga qarab turishgan, muallimga qo’shilib, “Avesto”dan ezgulik va yazshilik ma‘budasiga madadkor kuchlarni ulug’lovchi duolarni aytishgan. “Men zardushtiylik diniga sodiq bo’lishga va‘da beraman. Men yaxshi fikrlar, yaxshi so’zlar, yazshi ishlarga ishonaman...” (O’sha kitob, 10-bet). Bunday mashg’ulotlar bir kunda besh marta takrorlangan. Undan maqsad-bolalar qalbida dunyodagi barcha yaxshilik, ezguliklarning bunyodkori, ilohiy Axura Mazdaga e‘tiqodini mustahkamlash; Insonlar boshiga yovuzlik va yomonliklar olib keladigan Anxura Manudan esa nafratlanish hissini tarbiyalashdan iborat bo’lgan.
Zardushtiylik ta‘limotiga ko’ra, Yaxshilik va Yomonlik kuchlari o’rtasida murosasiz kurash abadiy davom etadi. Yaxshilik kuchlariga Axura Mazda, Yomonlik kuchlariga Anxura Manu boshchilik qiladi. Insonning hayoti, baxti yoki baxtsizligi ana shu kurashning natijasiga bog’liq. Odam yaxshilikka intilishi lozim, aks holda u yomonlik qopqoniga ilinib, abadul-abad azob-uqubatlarga mubtalo bo’ladi. Zardushtiylik ta‘limotida odoblilik, mehnatsevarlik, rostgo’ylik, saxovatlilik fazilatlarini tarbiyalashga katta ahamiyat berilgan (O’sha asar, 10-bet).
Bu davrda o’quvchilar ulamo-kohinlar bo’lib, ular jamiyat ma‘naviy hayotida muhim mavqega ega edilar. Maktabda kichik yoshdagi bolalarni o’qitish jarayonida ko’rsatmali qurollardan, hikoya qilish va suhbat usullaridan keng foydalanilardi. Darsda o’quvchilardan o’tilgan mavzuni shovqinsiz takrorlash talab qilinar edi. Bolalarda yoshlikdan mehnatsevarlik va kasb-hunar malakasi hamda ko’nikmasini shakllantirishga e‘tibor berilgan. Ular yosh paytidanoq ko’chat o’tqizish, uy-ro’zg’or buyumlari yasash, yerga ishlov berish, mol boqishga o’rgatilgan. (J. Yo’ldoshev, S. Hasanov. Avestoda axloqiy-ta‘limiy qarashlar. Toshkent, “O’qituvchi”, 1992 yil, 23-bet.)
Zardushtiylik ta‘limotiga ko’ra, bola o’n besh yoshda balog’atga yetadi. Uni zardusht qonunlariga ko’ra falsafa, axloq-odobga o’rgatishgan, xudojo’y, mehnatsevar, odil bo’lishga, niyati, so’zi, ishi ezgu bo’lishiga e‘tibor berishgan. Jismoniy salomatlik, ma‘naviy soflik haqida g’amxo’rlik qilish, tozalikka (badanni va suv manbalarini toza tutish) rioya qilish talab etilgan. Zardushtiylik ta‘limoti jonivorlarga beshafqat bo’lishni man etadi, hayvonlarni kaltaklash, qiynashni gunoh hisoblaydi, aksincha, ularni parvarish qilishni talab etadi.
Zardushtiylik ta‘limotiga ko’ra, yaxshi niyat, latif so’z, ezgu ishning birligi deyilganda-faqirlarga mehribonlik, musofirparvarlik, kishiga isnod keltiradigan ishlardan, birovga hasad qilishdan, o’g’rilik, talonchilik, o’zgalar molini o’zlashtirishdan, zinoga borishdan, birovning dilini og’ritishdan o’zini tiyish nazarda tutilgan. Shuningdek, insoniy burch faqat axloqiy yo’l-yo’riqlarni o’zlashtirishdan iborat bo’lib qolmay, balki yaxshi oila va yaxshi farzand ustirish to’g’risida ham o’ylashni nazarda tutadi. Bu kitobda turmush yaxshilanishi bilan xalqning axloq-odobi ham yaxshilanadi, ilohiy so’zlar yaxshiroq idrok etiladi, deyilgan.
Xullas, zardushtiylik ta‘limoti Markaziy Osiyo xalqlari tarixida islomgacha davrda qariyb bir yarim-ikki ming yil mobaynida umuminsoniy va milliy-axloqiy qadriyatlar qaror topishida, shuningdek, tarbiyashunoslik, o’qituvchi odobining nazariyasi va amaliyoti shakllanishida muhim tarixiy manbalardan bir bo’lgan.

Yüklə 80,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə