Pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi



Yüklə 1,19 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə6/28
tarix25.08.2023
ölçüsü1,19 Mb.
#120906
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   28
BLI Nodira

 
 
 


I BOB. MILLIY QADRIYATLAR YARATISHDA BADIIY
TALQINNING NAZARIY ASOSLARI 
1.1. Milliy marosimlarning O‘tkir Hoshimov ijodidagi talqini
Har bir xalq adabiyotning yetakchi xususiyatlaridan biri falsafiy-estetik 
qarashlarning xalq hayoti, an’analari bilan bog‘liqligida namoyon bo‘lishida 
ko‘rinadi. Chunki badiiy asar millat saviyasining ikkinchi ko‘rinishi bo‘lib 
xarakter to‘laqonliligini belgilaydigan hamda estetik mohiyatini yuzaga 
chiqaradigan tayanch nuqta hisoblanadi. Ayni paytda milliy qadriyatlar 
barqarorligi hamda unga munosabat ijtimoiy tafakkur takomilligiga ta’sir 
o‘tkazadi. Yozuvchi ijodida kasb etgan milliy an’analar ifodasi, bir tomondan 
ifoda shaklining hayotiyligini ta’minlasa, ikkinchi tomondan, ijodkor uslubi va 
estetik ideal munosabatini sintezlashtiradi. Aynan ilg‘or milliy an’analar va 
qadriyatlar tasviri adabiyotning gumanistik mohiyatini yanada to‘laroq aks 
ettiradi.
O‘.Hoshimov asarlarida o‘zbek xalqining qadimiy an’ana, urf-odatlari, 
qadriyatlari tasviri eng kichik hikoya janridan tortib, katta hajmdagi roman, 
qissalarigacha ko‘rinish berib turadi. Qahramon xatti-harakatlari, dunyoqarashi, 
voqelikka munosabatida, hatto eng kichik badiiy tasvirda ham o‘zbekning ming 
yillar davomida udumga aylantirgan milliy an’analari aks etadi. Jumladan, 
yozuvchinig qator asarlarida to‘y va aza marosimlari o‘zining izchil badiiy 
ifodasini topgan: o‘zbek milliy to‘y marosimi bilan bog‘liq tasvirlar “Dunyoning 
ishlari”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar” asarlarida, aza marosimi 
bilan bog‘liq tasvirlar “Ikki eshik orasi”, “Dunyoning ishlari”, “O‘zbeklar” va 
boshqa asarlarida uchraydi.
“Ikki eshik orasi” asarida to‘y marosimi bilan bog‘liq tafsilotlarga keng 
o‘rin ajratilgan. Asrlar davomida shakllangan milliy an’ana uch qahramon 
tomonidan izohlanadi. Bolakayning, soda, jozibali talqini, Robiyaning ruhiy tahlil 
teranligi saqlangan bayoni va Qora ammaning to‘y tashvishlariga yo‘naltirilgan 
ruhiy kechinmalari marosimni turfa nuqtalardan yoritish imkonini beradi. Bu esa, 
o‘z navbatida, xarakter qirralarini oydinlashtirish, milliy urf-odatlarning xalq 


hayotidagi salmog‘ini kuzatishga yordam beradi. Aynan shunday uslub katta 
imkoniyatlarga yo‘l ochishini adibning o‘zi ham uqtirgan edi. Nuqt tiplari 
vositasida kitobxon Muzaffarning bolalarcha soddaligi va tiniq samimiyati, 
Robiyaning ruhiy barkamolligi, Qora ammaga xos mehr-oqibat rishtalari bilan 
tanishadi. Bir tafsilotning uch talqini asar sujetini bog‘lab turuvchi chiziq tarzida 
aniq tasavvur uyg‘otadi. Bu tasavvur xalq hayotining umumiy qonuniyatlarini 
ifodalab, xarakter takomilidagi o‘sish-o‘zgarishni uyg‘unlashtiradi. Bu 
mushtaraklik, o‘z navbatida, ham ijodkorning ijodiy tamoyillarini, ham 
ijtimoiylik belgilarini mujassam etgan. O‘z-o‘zidan ayonki, adib asarlarida milliy 
qadriyatlar va xalq ruhiyati xarakter tabiatini belgilaydi. Aynan qahramonlar 
tafakkuri va faoliyatida milliy an’ana hamda e’tiqod ta’siri goh epik unsurlar, goh 
lirizm zalvori vositasida oydinlashadi. Kichginagina to‘y detali bir nechta obrazlar 
hayotini o‘zgartirib yuboradi. Binobarin, marosim Robiyaning orzu-istaklari, 
samimiy muhabbatini chegaralaydi. To‘g‘rirog‘i, hayotiy zarurat uni o‘z izmiga 
bo‘ysundiradi. Tabiiy ehtiyoj, ya’ni Muzaffarning qismati Qora ammaga ham 
kuchli ruhiy zarba beradi. Negaki, Robiyaning Shomurodga uzatilishi Kimsan 
uchun ochilgan aza bilan barobar edi. Zahmatkash ona qalbida doimiy va davomiy 
ravishda umid, ilinj hamda ishonch tuyg‘usi yashashini etiborga olsak, psixologik 
kolliziyalarning tasvir markaziga ko‘tarilganligi oydinlashadi.
Adabiyotshunos U.Normatov “Taqdirlar romani” so‘ngso‘zida asardagi 
onalar obraziga alohida to‘xtalib shunday e’tirof etadi: “Urushda bedarak ketgan 
yolg‘iz farzandi dog‘ida o‘rtansa-da o‘z dardini ichiga yutib nuqul o‘zgalar g‘ami, 
oromi, baxtini o‘ylaydigan “Qora amma” o‘sha og‘ir damlarda traktor minib, 
yoshlarni o‘z yoniga olib el-yurt mushkulini oson qilgan, urush qurboni bo‘lgan 
eri salomatligi, ko‘ngli deb o‘z oromidan voz kechgan Bashoratxon, ipakday 
mayin-muloyim, o‘zgalarga mehribon, qo‘li gul chevar, dono ayol Qo‘qonlik 
Oysara opa- bu xil fidoyi onajonlar romanga zeb berib turibdi”
7
. Darhaqiqat, olim 
ta’kidlaganidek, romanda urush asorati tufayli jabrlangan uch avlod vakillarining 
qalb qiynoqlari, o‘g‘ir qismati, iztiroblari juda ta’sirchan ifodalangan. Asarda 
7
Hoshimov. O’. Ikki eshik orasi. – Toshkent: Adabiyot va san’at, 1989, -B. 539. 


yuzga yaqin erkak va ayollar obrazi ishtirok etadi. Xususan, Qora amma, Robiya, 
Fotima, Zuhra, Xolposh xola, Oysara, Ra'no, Bashorat, Asira ayol, Lazokat xola, 
Marja kabi asosiy va personaj onalar timsoli yaratilgan. Asarda o‘zbek onasining 
milliy xarakteri Qora amma, Xolposh xola, Lozakat xola obrazlarida Yorqin ifoda 
topgan. Adib onalar obrazini yaratar ekan, ularni tashqi jihatdan milliy kiyim — 
kechaklarda, milliy o‘zbekona bir qiyofada chizadi: "Hovlidagi fonuslarning nuri 
g‘ira-shira yoritib turgan eshik oldida “Qora ammam”ni ko‘rib qoldim. Qo‘lida 
bog‘ichi yechilgan qiyiqcha. Boshidan ro‘moli sirg‘alib yelkasiga tushgan. 
Negadir titraydi. Oppoq sochlari uchidagi so‘lkavoy cho‘lpilarining jiringlashi 
childirma shovqinini, surnay ovozida eshitilmasa ham bir-biriga urilib 
ketayotganini sezdim”
8

Parchada Qora ammaning to‘ydagi ruhiy psixologik portreti tasvirlangan. Bu 
hikoya kichkintoy Muzaffar tilidan bayon etiladi. To‘y marosimi bilan bog‘liq qiz 
bolaning uyiga sovchi kelishi an’anasiga "Ikki eshik orasi” va "Dunyoning 
ishlari” asarlarida maxsus hikoyalar kiritilgan.
Xolposh xola "Ikki eshik orasi” romani sahifalarida doimo qarg‘a shoyi 
ko‘ylak kiyib yuradi: “Ichkaridan harsillab-gursillab Xolposh xola chiqib keldi. 
Nima qilsayam Orif oqsoqolning xotini-da! Yoshi oltmishga borib qolgan 
bo‘lsayam, kelinlardek yasanib olibdi. Egnida qora atlas ko‘ylak. Bo‘ynida - dur. 
Qulog‘ida oltin baldoq, chiroyli, qayrilma qoshiga bilinar bilinmas o‘sma 
qo‘ygan”
9
. Ona tasviridagi qora atlas ko‘ylak, qayrilma qoshdagi o‘sma 
o‘zbekning milliy an’anaviy kiyinishini yodga soladi. Ma’lumki, milliy urf-
odatlar va an’analar xalq tiynati kabi soddaligi, qabariqligi, yorqinligi va 
ustuvorligi bilan ajralib turadi. Shu boisdan ham mentalitetga xos yetakchi 
xususiyatlar tinglovchi ongiga tez yetib boradi. Bu xususiyat, bir tomondan, 
tushuncha, tasavvur hamda tafsilotlarning qayta-qayta ishlanganligi, sayqal 
topganligi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, motivizatsiya zamirida qayta 
hayotiy tajribalar falsafiy umumlashmalar vositasida izohlanadi. Demak, 
8
Hoshimov O'. Tanlangan asarlar. V jild. Ikki eshik orasi . Toshkent. “Sharq”. 2012. -B. 111. 
9
Hoshimov O'. Tanlangan asarlar. V jild. Ikki eshik orasi. Toshkent, “ Sharq”, 2012. -B.69.


O‘.Hoshimov o‘z ijodida sharqona mifopoetik qarashlardan foydalanar ekan, 
birinchi navbatda, aqidaning umuminsoniy mohiyatiga e’tiborni qaratadi. Muallif 
tomonidan tanlangan epizodik lavhalar, rivoyat va afsonalarda mazmun ijodkor 
fitratida qayta baholanadi, estetik qiymat kasb etadi. Aynan adib roman va 
qissalarida lirik-falsafiy tahlilning ustuvorligi ishlanganlik darajasi bilan 
o‘lchanadi. Falsafiy ifodaga moyillikda O‘.Hoshimov ijodida Ch.Aytmatov, 
O.Yoqubov, Asqad Muxtor an’analari ta’siri seziladi. Adibning xalq og‘zaki ijodi 
manbalaridan foydalanish darajasi o‘ziga xosligini lirik jo‘shqinlik va 
mushohadakorlik omuxtaligida ko‘rish mumkin. Agar qirg‘iz yozuvchisida epik 
kenglik intellektual-ma’rifiy sarhadlardan oziqlansa, lirik bosim O‘.Hoshimov 
ijodini quvvatlantiradi. Ijodkor xalq fitrati va e’tiqodiga alohida mehr bilan 
yondoshadi. Mana shu jihat uni millatparvar adib deb atash imkonini beradi. 
Garchand afsona, rivoyat, milliy urf-odatlar o‘rin almashinuvi san’atkor 
izlanishlarida bo‘rtib ko‘rinsa-da, shakl va mazmunning o‘ziga xosligi, badiiy 
kompozitsion yaxlitlikka putur yetkazmaydi. Qahramon ruhiyatini aks ettirishda 
nutqning turli xil tiplari, mifologizmlar ifodasi muallif badiiy-estetik qarashlarini 
belgilaydi. 
O‘.Hoshimov asarlarining g‘oyaviy mundarijasini insonning ijtimoiy, 
ma’naviy, ruhiy mohiyati tashkil etadi. Bu uchlik estetik nuqtayi nazarning milliy 
an’analarga munosabat yordamida ijodiy yaxlitlik kasb etadi. Adibning xarakter 
yaratish mahorati va ularning ruhiy dunyosini kashf etish darajasi an’analarning 
uzviy aloqadorligi mahsulidir. 
An’ana - bu biror xalqning ko‘nikmalari, odatlari va qadriyatlaridir. Har bir 
millatning o‘ziga xos tabiati, asrlar davomida shakllangan urf-odatlar 
o‘zgachaligi, an’analar barqarorligini ta’minlaydi. 
Mentalitetga xos xususiyatlar milliy qadriyatlar timsolida hayot o‘sish-
o‘zgarishlarining ulkan ma’naviy potensialini jamlaydi. Aniqrog‘i kechinmalar va 
boy tajribalarning sintezi tarzida rivojlanadigan an’ana xalqning betakror ruhiy 
olamini taminlaydi. O‘.Hoshimov ijodida milliy an’analar talqini quyidagi 
uslubiy vazifalarni bajaradi: Xarakterning to‘laqonligi va mukammalligini 


tavsiflaydi. Xususan, “O‘zbeklar” hikoyasida o‘lim va uning badiiy talqini uch 
obraz mohiyatini ochib beradi. Binobarin, milliy odat - Iskandar Vahobovichning 
Otinoyini 
so‘nggi 
manzilga 
kuzatish 
jarayonida 
ona-farzand-kelin 
munosabatlarining ruhiy tahlili tadqiq markaziga ko‘tariladi. Marosim davomida 
Otinoyining naqadar bag‘rikeng inson bo‘lganligi, ma’naviy barkamolligi 
ayonlashadi. Aynan qahramonning mahalla dasturxonchisi bo‘lganligi, irim-
sirim, udumlarni yaxshi bilganligi undagi xarakter qirralarini mantiqan dalillaydi. 
Asarda epizodik holatlar ona qiyofasini muayyan darajada tavsiflaydi. 
Biroq, yo‘l-yo‘lakay berilgan shtrixlar obraz mohiyatini ochib berish uchun 
yetarli emas. Muallif qahramon vafoti bilan bo‘g‘liq hayotiy an’anaga bir necha 
vazifani yuklaydi. Binobarin, mahalla ahlining marhumga munosabati o‘zbek 
ayoli timsolining umumlashmasini ifodalaydi: “Bekatga chiqishganda trolleybus 
kelib qoldi. To‘xtashi bilan duv etib o‘ttiztacha erkak tushdi-yu tobutga yopishdi. 
- Kim? - deb so‘radi ziyolinamo ko‘zoynakli yigit Iskandarning yonida ko‘z 
yoshini to‘nining yengiga artib ketayotgan Xolmat akadan. 
- Otinoyim! 
- Iye! -ko‘zoynakli yigit rangi o‘chgancha tobutga qaytadan tirmashdi”
10

Mazkur tasvir shakli onaning mahallada tutgan mavqeyi yuksakligidan 
dalolat beradi. To‘g‘ri, milliy an’analarimizga ko‘ra qazo qilgan insonni 
hurmatlash, u haqda yomon gaplardan tiyinish odat tusiga kirgan. Biroq bu 
o‘rinda muallif Otinoyi timsolini xarakterli tafsillar bilan ta’riflab boradi, 
kitobxonni ruhiy holatga tayyorlaydi. Hikoyadagi ikkinchi sujet chizig‘i Iskandar 
obrazi ziddiyatlarini aks ettiradi. Bu xarakter tabiatidagi murakkablik farzandning 
onaga munosabati orqali aniqlikka erishadi. Asarda o‘rni-o‘rni bilan qo‘llangan 
jo‘shqin lirizm ifoda tiniqligi hamda xarakterlararo uyg‘unlikni yuzaga chiqaradi. 
Marosim mobaynida Iskandar xotiralarida jonlantiriladigan voqealar 
silsilasi ona obrazini izchil suratda yangi-yangi qirralar bilan boyitib boradi 
hamda hikoya adog‘ida qahramon tiynati o‘zbekona milliy mohiyatga aylanadi. 
10
Hoshimov O‘. O‘zbeklar. Toshkent: G'afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011. -B. 49. 


“O`zbeklar” hikoyasi kulminatsiyasida uch qahramonning o`zaro 
munosabati tursa-da, muallif asosiy e’tiborini ona siymosi umumlashmasini 
tadqiq etishga yo‘naltiradi. Voqealar bayonida adib har bir surat, manzara, 
holatning tabiiy chiqishiga urg‘u beradi. Mahalla-ko‘yning faryod chekishi, 
bolalarning to‘n kiyib, tobut oldida “buvijonim” deb yig‘lashi, Xolmat akaning 
tushkun kayfiyati Otinoyi qiyofasida yashirin ulkan mehr-oqibatning samarasidir. 
Farzandning karaxt ahvolga tushib qolishi ham tabiiy asosga ega. Qolaversa, 
Iskandar Vahobovich ilk bor xalq an’analarining ulug‘vorligini, Otinoyining el-
yurt orasida tutgan mavqeyini his qiladi:
“Iskandar 
yuk 
mashinasi 
faqat 
stol-stulni 
olib 
kelishga 
mo‘ljallanmaganligini tushundi. Laylaktepa olis, to‘rt chaqirim keladi. Oyog‘i 
ostida o‘ralashayotgan o‘n-o‘n ikki yashar bolakaylar ham to‘n kiyib, belini 
bog‘lab olganiga avval hayron qoldi-yu, keyin tushunganday bo‘ldi. Ehtimol, 
Xolmat akaning bolalaridir, ehtimol qo‘shni bolalardir... 
...old tomoniga paranji, orqasiga mursak yopilgan tobutni olib 
chiqishganida hammayoq dilni o‘rtovchi faryodga to‘lib ketdi. Kelinoyi, Bahri 
xola, Muattar xola, allaqanday qizlar, kelinlar chuvvos solib tobut ketidan 
yugurishdi. 
- Voy onam! 
- Ro‘shnolik ko‘rmagan onam! 
To‘n kiyib, belbog‘ bog‘lagan bolakaylar ko‘zidan duv-duv yosh oqib: 
“Buvijonim, buvijonim!” deb chirillashar edi. Xolmat akaning mo‘ylovi 
ho‘l bo‘lib ketgan, nuqul titraydi: 
- Hammamizning onamiz edingiz-a!”
11
.
Yozuvchi Iskandar tabiatiga bo‘yoqdor chizgilar berar ekan, bir haqiqatni 
kashf etadi: e’tiqod mustahkamligi milliy an’analar, qadriyatlar va urf-odatlarga 
sodiqlikdan boshlanadi. Ayniqsa, mentalitetga xos ezgu udumlar mahallada 
barqaror ko‘rinishga ega. Aynan noqobil farzandning fojiasi ham el-yurtdan 
11
Hoshimov O'. O'zbeklar. – Toshkent: G'afur G'ulom nomidagi nashriyot — matbaa ijodiy uyi, 2011. -B. 48. 


uzoqlashganligi, aniqrog‘i milliy qadriyatlarni unutayozganligi bilan bog‘liq, 
Shunga qaramay, Iskandar Vahobovichning ko‘zi ochiladi. Voqealar silsilasida u 
o‘zligiga nazar tashlaydi. 
Hikoyada e’tiborni tortadigan epizodik obraz - qo‘shni Xolmat aka timsoli 
ham muayyan maqsadga bo‘ysundirilgan. Adib undagi mehr-oqibatni Iskandar 
qiyofasidagi ziddiyatlarga qarshi qo‘yadi. Qahramon xarakteri hamda ruhiyatini 
kontrast tasvir va analogik tahlil ham farzand, ham ona xarakterini yorqin 
ifodalashga yordam beradi. 
Provodnik Xolmat aka asarning ikki-uch lavhasida ishtirok etsa-da, oddiy 
xalqning tipik vakili darajasiga ko‘tariladi. Dastavval, kitobxon uni sodda, to‘pori 
ko‘rinishda tasavvur qiladi. Voqealar oqimida Xolmat akaning yangi sifatlari 
namoyon bo‘la boradi. Aynan Otinoyining vasiyatidan xabardorligi (nega farzand 
emas) qo‘shnisi bilan munosabatlari teranligini milliy, umuminsoniy mohiyatga 
yo‘naltirilganini ko‘rsatadi. Voqealar dramatizmi hikoya adog‘ida eng yuqori 
nuqtaga ko‘tariladi: 
“...Iskandar o‘ylagandek tobutni mashinaga ortishmadi. Yelkada 
ko‘targancha yo‘lga tushishdi. Iskandar tobut bandidan ushlab olti-yetti qadam 
yurgan edi, uni siqib chiqarishdi. U tobut bandiga hadeb qo‘l cho‘zar, ammo 
navbat tegmas edi. Tanish-notanish odamlar goh oldinga, goh orqaga o‘tib 
talashib-tortishib tobutga yopishar, har kim iloji boricha ko‘proq ko‘tarishga, 
yelkasini uzoqroq tutib berishga harakat qilar edi. 
...Ko‘chada harakat butunlay to‘xtab qoldi. Burilishga yetganlarida 
Iskandar beixtiyor orqasiga qaradi. Odamlar oqimi ikki bekat orasiga cho‘zilib, 
butun ko‘chani to‘ldirib kelar, tobut ularning yelkasida osoyishta tebralib borar, 
oqimga yangidan-yangi odamlar kelib qo‘shilar, qo‘shilar, qo‘shilar edi...”
12

Kuzatganimizdek, Iskandar Vahobovich hatto milliy an’anani, ya’ni 
tobutni yelkama-yelka ko‘tarib, oxirgi manzilga mayitning hurmatini joyi 
yetkazib qo‘yishdek oddiy milliy urf-odatni ham unutgan. U tobutni xuddi xristian 
12 Hoshimov O. O'zbeklar, Toshkent; G'otur G'ulom nomidagi nashriyot — matbaa ijodiy uyi, 2011,-B.49. 


dinidagidek, “tobutni mashinaga ortishadi”, deb o`ylaydi. Bu esa, ayni paytda, 
qahramonning ijtimoiy-psixologik jihatdan o‘zgarganligini ko‘rsatib turibdi.
Epik bayon ona qiyofasining ulug‘vorligi, millat sajiyasini o‘ziga 
singdirganligi, umuminsoniy masalalarni uyushtirib turganligi bilan diqqatga 
sazovordir. Ikkinchidan, insonlararo, xarakterlararo va millatlararo mushtaraklik 
voqealar tizimining umumiy ifodasini aks ettiradi. Shu tariqa, obrazning xolis 
yaratilgan turfa qirralari davr va psixologik tasvirning dramatik va hissiy bosimini 
shakllantiradi. Muallif aksar talqinlarda milliy an’analarning hamohanglikni 
uyushtirish, o‘zaro hamjihatlikni bo‘rttirish vositasida o‘ziga xos ma’naviy 
konsepsiya yaratadi. Bu ma’naviy konsepsiyaning bir o‘q ildizi ma’rifiy tarbiya 
asoslariga yo‘naltirilsa, ikkinchi o‘q ildizi ruhiyat va umuminsoniy qadriyatlar 
orasidagi muvozanatni tiklashga borib taqaladi. To‘g‘rirog`i, adib ijodining 
mag‘zini e’tiqod butunligi, insonning axloqiy sifatlari, milliy qadriyatlar talqini, 
ulug‘vor xalq an’analari tashkil etadi. Vafot etgan insonni oxirgi manzilga 
yetkazish tanish-notanish bo‘lsin, o‘zbek uchun ham farz, ham qarz sanaladi. Bu 
umuminsoniy milliy an’ana adibning “Inson xotirasi” publitsistik maqolasida ham 
o‘z aksini topgan.
O‘.Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasi ko‘p jihatdan yirik hajmdagi 
“Ikki eshik orasi” romaniga poydevor bo‘lgan. Ahamiyat beraylik, “Dunyoning 
ishlari” qissasi muallifning onasi vafoti bilan boshlanib uni qabrga qo‘yish bilan 
yakunlanadi. Xuddi shuningdek, “Ikki eshik orasi” romani ham Muzaffarning 
onasi Ra'noning vafoti haqidagi telegramma xabari bilan boshlanib, 
qahramonning Qo‘qonga avtobusda yetib borishi bilan yakunlanadi. “O‘zbeklar” 
hikoyasida ham Otinoyining o‘limi va mahalla onasining qabrga qo‘yilishi kabi 
ona obrazi bilan bog‘liq motivlar har uchala asarning asosini tashkil etmoqda. 
Ammo uch asarda ona vafoti muallifda, ya’ni “Dunyoning ishlari” qissasida, 
Iskandar Vahobovichda ya’ni “O‘zbeklar” hikoyasida, Muzaffar Shomurodovda 
ya’ni “Ikki eshik orasi”da turli xil hissiyotlar uyg‘otib, kitobxonni turfa 
xulosalarga, badiiy xulosalar kelishga zamin yaratgan. “Dunyoning ishlari” 


qissasi qahramoni onasiga tirikligida yetarlicha e’tibor bera olmaganligidan, 
mehr-muhabbat ko‘rsata olmaganligidan aziyat chekadi. 
“O‘zbeklar”da esa hikoya qahramoni Iskandar Vahobovich mahallaning otinoyisi 
darajasiga chiqqan oddiy ayolning shunchalik obro‘-e’tiborga ega bo‘lganligidan 
hayratga tushib, o‘zini-o‘zi taftish etishga tushadi. Bu taftish etish, xotira-xayol 
elementlarining keng miqyosda ishlatilishi jihatidan “Dunyoning ishlari” qissasi, 
ohangini esga soladi. Muzaffarning esa hayoti, taqdiri alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib 
ketgan. Bunga, avvalo, onasi Ra’no sababchidek. Ammo adib urush va uning 
asoratlari tufayli hayoti va qismati zaharga aylangan uch avlod taqdirini mahorat 
bilan aks ettirgan. Muzaffar avtobusda ikki soatlik yo‘lda ketar ekan, romanda 
butun Nag‘ayqo‘rg‘onliklarning 30-yildan to 70-yillargacha bo‘lgan tarixi, 
kishilar qismati hikoya etiladi. Ona ta’ziyasiga ketgan o‘g‘il qalbi bu mash’um 
xabardan larzaga tushmaydi. Aksincha, uning taqdiri va hayotining chalkashib 
ketishiga qaysidir ma’noda sababchi bo‘lgan onasi vafotiga bee’tibor qoladi.
“Ikki eshik orasi” romanida oy bilan, alvasti ko‘prik bilan, shumqadam 
odam bilan, non bilan, qiyiqcha chetiga gul to‘qish, milliy o`zbek do‘ppilari bilan, 
milliy bolalar folklori bilan (milliy bolalar o‘yinlari: lanka tepish, yong‘oq bilan 
urib o‘ynaladigan soqqa o‘yin, varrak uchirish) bo‘g‘liq qator tasvirlar borki, 
bular hammasi o‘zbekning mingyillik an’ana va udumlari bilan bo‘g‘liq. 
O‘.Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasida Klava xola operatsiya 
qildirish uchun shifokorga pora berishga majbur bo‘ladi. Bu kichkina holat 
millatning naqadar o‘zligidan uzoqlashayotgani, asrlar osha birovning haqi harom 
deb o`rgatgan o‘zbeklar orasida tuban urf-odatlar, rusumlar paydo bo‘layotganini 
ko‘rsatadi. Bu detal e’tiqod hamda an’ana uyg‘unligi asosiga qurilgan milliy 
tarbiyaning susayganligidan dalolat beradi. Zero, har bir xalqning ruhiy 
barqarorligini ma’naviy qadriyatlarga munosabat, milliy aqidalarning — ijtimoiy 
ongdagi barqarorligi tashkil etadi.
Adabiyotshunos A.Rasulov adibning onalar qiyofasini yaratishdagi 
izlanishlarini o‘rganar ekan, Acha xola qiyofasi va uning olti qirrali toshi-
“muhra”ning nima ekanligini aniqlash uchun yozuvchining sa’y harakatlari 


haqida shunday ma’lumot beradi: “Dunyoning ishlari”, bir qaraganda, juda oson 
yozilgan ko‘rinadi: muhimi hamma qahramonlar tanish. Lekin bittagina detalni 
aniqlash uchun yozuvchi olam-jahon aziyat chekishi mumkin. Qissada Acha 
xolaning olti qirrali toshi haqida gap bor. Yozuvchi bu tosh muhra deyilishini 
aytgan. Ammo muhra so‘zini bilib olish uchun u o‘nlab lo‘lilarga fol ochtirgan, 
avranib-avragan va muhrani bilib olgan”
13
,- deb yozadi.
“Dunyoning ishlari” qissasida adib eng kichik badiiy tasvirlarda ham 
mingyillik milliy an’ana va qadriyatlarning go‘zal tasvirlarini mahorat bilan 
berishga muvaffaq bo‘ladi. Chunonchi, “Ermon buvaning tilagi” hikoyasida 
farzand dog‘ida kuyib-ado bo‘lgan ona o‘g‘li Oltmishvoy tishlab ketgan nonni 
ko‘z qorachig‘idek asrab «Tokchalarga eski barkashdan bezak qilib qo‘yilgan 
xonaga kirishim bilan eng avval nonga ko‘zim tushdi. Bunaqangi chiroyli nonni 
birinchi ko‘rishim edi. Ustiga sedana sepilgan, qip-qizil patir non. Qiziq, nonni 
negadir devorga mixlab qo‘yishibdi. Bir chekkasi kemtik. 
-
Oyi-i, non! - dedim yalinib. 
Oyim yarq etib qaradi-yu, labini tishlab bosh chayqadi. Bildimki, onam 
uyalyapti. Bilaman, dunyoda Habiba buvidan saxiy odam yo‘q. 
-
Buvi, non, - dedim yana o‘sha ohangda. Devordagi nonni ko‘rsatdim. - 
Buvi. no-o-on! 
Qiziq, negadir Habiba buvi bu safar saxiylik qilmadi. 
- Bu nonga tegib bo‘lmaydi, ko‘paygur, -dedi boshimni silab. Qorningni 
qorachig‘idan aylanay, tegib bo‘lmaydi. Bu non Oltmishvoy akangniki. 
Ko‘rdingmi, bir chetini tishlab ketgan. Kelganida yana bitta tishlaydi-da, 
qolganini senga beraman...”
14
.
Qadim an’analarimizga ko‘ra erkaklar uzoq safarga ketishlaridan oldin non 
tishlab ketishgan, xalq e’tiqod va ishonchlariga ko‘ra tishlab ketilgan nasiba 
egasini qaytarib olib kelishiga ishonilgan. Qissada Habiba buvi o‘zbek xalqining 
13 Rasulov A, Ardoqli adib. – Toshkent: “ Sharq”. 2001. — B.95. 
14 Hoshimov O'. Dunyoning ishlari. – Toshkent: “Sharq”, 2008. -B. 60. 


ana shu milliy e’tiqodiga ko‘ra o‘g‘li Oltmishvoy tishlab ketgan nonni avaylab-
asraydi.
Asarda Poshsha xola, Habiba buvi kabi onalar obrazidan tashqari Acha xola 
(lo‘li folbin), Klava xola (rus ayol), Bashoratxon, Zebi xola (O‘ris bolaning oyisi), 
Sepqilli xola (Poshsha xolaning qo‘shnisi), Amma (muallifning ammasi), Oltin 
xola (qo‘shni), Ra’no, Ko‘hlik juvon (poliklinikada eriga xiyonat etgan ayol), 
Risolat opa (muallim), Mehri xola, Huri (savdogar ayol), Guli (ikkiqat kelin), 
yosh juvon, kelinoyi, Niso xola (Toyning oyisi ), sovchi xotinlar obrazi mahorat 
bilan yoritilgan. Ularning millati va kasbidan qat’iy nazar adib ularni, avvalo, ona 
sifatida kashf etadi. 
Xalq turmush darajasi, odat va ko‘nikmalari asrlar davomida jiddiy 
yangilandi. Aslida milliy an’analar tarixi odamzod fikrlash doirasining uzviy 
qismi hisoblanadi. Binobarin, adibning yirik asarlari — “Ikki eshik orasi” va 
“Tushda kechgan umrlar” romanlarida talqin qilingan to‘y manzarasi mushtarak 
milliy belgilarga egaligi bilan bir qatorda badiiy makon va zamonda o‘zaro 
tafovutlanadi. Ikkala badiiy asarni ham bog‘lab turadigan xususiyat – milliy 
marosim tasviri uch qahramon talqinida berilishidir. Mazkur uslubiy manera bir 
tomondan, voqelikni turfa nuqtalardan estetik baholashga sharoit tug‘dirsa, 
ikkinchi tomondan, tafsilotni butun murakkabligi, ikir-chikirlarigacha qamrab 
olishga yordamlashadi. 
“Yong‘oq pishgan kezlari uyimizda to‘y bo‘ldi. Abduvalining dadasi 
“Tuya” sartarosh bostirma panasida qo‘y so‘yib, oyog‘idan olma shoxiga osib 
qo‘ydi. Hovlining o‘rtasida chuqur qazidi. Besh-oltita erkak “ha bo‘l, ha bo‘l” 
qilganicha eshikdan qiyalatib doshqozon olib kirishdi. Boyagi chuqurga 
o‘rnatishdi. Biz ham yasanib olganmiz. Dadam ataylab Toshkentga tushib, menga 
yangi kostyum-shim, oyog‘imga botinka olib kelgan. Boshimda yap-yangi 
baxmal do‘ppi... 
Qorongi tushar-tushmas tumonat odam to‘plandi. Bashang kiyingan 
erkaklar, yasan-tusan qilgan xotinlar... 


...qarasam hovli o‘rtasida lovullab gulxan yonayapti. Kattakon to‘nkadan 
charsillab olov sachrayapti. Doshqozon boshida kuymalanayotgan sariq xotin – 
Abduvalining oyisi gulxan atrofida irg‘ishlayotgan bolalarga qo‘lidagi 
cho‘michni o‘qtalib baqirayapti: 
- Yonib ketasan, tinmagur taka! Yonib ketasan! 
Dadamni tanimay qolibman. Vuy! Shu-o‘zimning dadammi? Engida 
havorang kostyum, boshida yap-yangi chust do‘ppi, mo‘ylovi tekis tarashlangan. 
Iye, dadamning shuncha orderi bor ekanmi? Bitta…ikkita…uchta…”
15

Muzaffar tilidan bayon etilgan to‘y tasviri o‘zining soddaligi va tiniqiligi 
bilan ajralib turadi. Undagi milliy an’ana obyektiv kategoriya sifatida obrazni 
to‘ldiradigan, hayotiy tafsilotlarning hissiy qamrovini belgilaydigan estetik birlik 
sifatida gavdalanadi. Romanda epizodlarni saralash, uyushtirish va g‘oyaviy-
badiiy jihatlarni jamlash ustuvorlik qiladi. To‘y tafsilotlari manzaralari yoshgina 
bolakayning kuzatishlari hosilasidir. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, 
marosim bilan bo‘g‘liq ichki nutq aynan bola tilidan berilishi ifodaning 
optimalligini ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Monologik ong zamirida tiniq bir 
samimiyat, qiziquvchanlik va sinchkovlikka moyillik milliy rasm-rusumlar 
tabiatida xalq zakosiga xos ulug‘vorlik yotganligini idrok etgan Muzaffar 
hikoyasida epik izchillik sezilmaydi. Voqeliklar bola tili bayonida, aslida muallif 
estetik tamoyillarida uyg‘unlashib, muayyan poetik maqsad - milliy aqidalarga 
bo‘lgan munosabatni aks ettiradi. Yozuvchi to‘y lavhasini chizar ekan, yosh 
xususiyatlarga xos talab va taklifni ham yoddan chiqarmaydi. Ayni paytda, 
ma’naviy qadriyatlarga munosabat Muzaffar qiyofasida tavsifiy alomatlarni 
mujassamlashtiradi. 
Adabiyotshunos A.Rasulov adib ijodiy laboratoriyasini ilmiy asosda 
kuzatar ekan, shunday deydi: “Dunyoning ishlari” betakror go‘zal asar. Ayni 
vaqtda u “Ikki eshik orasi” romanining yozilishiga tayyorgarlik bosqichi bo‘ldi. 
“Ikki eshik orasi”da “Dunyoning ishlari”dagi deyarli barcha qahramon
personajlar bor. Lekin ular romanda boshqa yo‘nalishda harakat qiladilar, yangi 
15
Hoshimov O‘. Tanlangan asarlar. V Jild. Ikki eshik orasi. – Toshkent: Sharq, 2012. -B.105-106. 


g‘oyaviy “yukni” tashiydilar”
16
. Darhaqiqat, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning 
ishlari” qissasidagi ko‘plab obraz va personajlar navbatdagi badiiy mukammal, 
yirik hajmdagi asarlar uchun xamirturush vazifasini o‘tadi. Yuqorida biz 
“Dunyoning ishlari” qissasidagi Habiba buvi obrazining “O‘zbeklar” hikoyasi 
qahramoni Otinoyi obrazi uchun badiiy asos bo‘lganligini ta’kidlagan edik. Xuddi 
shuningdek, Ermon buva va Habiba buvi obrazlari “Ikki eshik orasi”dagi Husan 
duma, uning turmush o‘rtogi - Qora ammaga ko‘chganligini adabiyotshunos 
A.Rasulov ham ta’kidlaganlar. Demak, ona obrazini mukammal darajada yaratish 
asardan asarga, janrdan janrga tomon o‘sib borgan. Adibning ideal o‘zbek onasi 
Poshsho xola - Habiba buvi -Otinoyi - Qora amma timsollarida yanada badiiy 
bo‘yoqlar quyuqlashib bordi. 
Shuningdek, “Dunyoning ishlari” qissasidagi Habiba buvi va Ermon buva 
obrazlari ko‘p jihatdan “Ikki eshik orasi” romanidagi Komil tabib bilan Lazakat 
xola obrazlarini eslatadi. 
“Tushda kechgan umrlar” romanida esa muallif marosim jarayonini 
o‘zgacha miqyosda suratlaydi. To‘g‘rirog‘i, to‘y tafsilotlari rus millati vakili - 
Grisha tomonidan sharhlanadi, analitik xarakter kasb etadi. Qahramonning 
kinoyaviy, istehzoli nutqi tabiiy asoslarga ega. Negaki, Grigoriy O‘zbekistonga 
yordam berish uchun kelgan mutaxassis sanaladi. Unda allaqachon millat haqida 
salbiy fikr uyg‘otilgan. Shunday ekan qahramon nutqida o‘zbek xalqiga bo‘lgan 
nafrat zohir topadi. Uning fikricha, hamma o‘zbeklar poraxo‘r, bosmachi, o‘g‘ri. 
Shu tariqa sobiq Ittifoq miqyosida shakllangan aqida - o‘zga millatlarga 
bepisandlarcha munosabat tadqiq sahniga chiqadi. Personaj kuzatishlarida 
voqelik silsilasi muayyan izchillikda beriladi. Estetik mezon - hodisalarni o‘z 
qarichi bilan o‘lchashi obraz tabiatiga tashqi tavsif alomatlarini singdirish bilan 
bir qatorda millat an’analarining davrga hamohang evrilishlarini ham qamrab 
oladi. Tasvirdagi uslubiy-sintaktik parallelizm an’analarning millat hayotiga 
ta’siri, ijtimoiy-falsafiy-ma’naviy qirralarini jipslashtiradi. Adib izlanishlarida 
16
Rasulov A. Ardoqli adib. - Toshkent: “Sharq”, 2001. -B. 98.


mantiqiy ta’kidlarning tez-tez qo‘llanishi tavsifiy munosabatlarning ma’rifiy 
salmog‘i va tarbiyaviy ahamiyati badiiy mezonni belgilaydi. 
Ikki asardagi psixologik lavhalar tabiatini umumiy belgilar birlashtirib 
tursa-da, zamon ruhining millat an’analariga ta’siri ularning o‘zaro tafovutini 
ko‘rsatadi. Moddiy-ma’naviy asos ham urf-odatlarga, ham odamlar ruhiyatiga o‘z 
muhrini bosadi. Shu nuqtayi nazardan “Tushda kechgan umrlar” romanidagi 
milliy an’ana yangicha odat va ko‘nikmalar, rasm-rusum va udumlar 
bilanboyiganligi urg‘ulanadi. An’analarning zamonaviy talqini yosh avlod ongiga 
ham ijobiy, ham salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Xususan, nahor oshi, qiz bazmi 
singari an’analar bir tomondan, ijtimoiy qatlamlarni uyushtirishga xizmat qilsa, 
ikkinchi tomondan, yoshlar tarbiyasiga salbiy aqidaparastlikni singdirishi 
mumkin. Buni yaxshi idrok etgan adib milliy ananalarning gumanistik mohiyatini 
poetik tahlil markaziga yo‘naltiradi. Obraz va obrazlararo munosabatning 
ma’nosini to‘ldiradigan, izohlaydigan hamda tartibga soladigan spetsifik belgilar 
xalq sajiyasining umumiy qiyofasini belgilaydi. 
O‘.Hoshimov asarlaridagi ko‘pqatlamlilik, eng avvalo, muallifning nutq 
tiplaridan foydalanish ichki monologda namoyon bo‘ladi. Uning ijodiy uslubi 
adabiyotning bosh mezoni hisoblangan milliy qadriyat va badiiy shartlilikning 
o‘zaro munosabatiga asoslangan. Ifoda usulining qudrati yangilik, originallikda 
emas, balki voqealar hayotiyligi, tafsilotlarning uyg‘unligi negizida rivojlanadi. 
Roman kompozitsion qurilishdagi hissiy-tahliliy uslubning ustuvorligi lirik 
hissiyotga moyillik bilan qorishib ketadi. Xususan, adib jamiyat va shaxs 
munosabatlaridagi milliy an’analar tasviriga ko‘proq urg‘u beradi. Natijada, 
yozuvchi badiiy maqsadlarining tayanch nuqtasini e’tiqod erkinligi tashkil etadi. 
Shu ma’noda O‘tkir Hoshimov eng razil, qabih qahramonlarni ham qoralamaydi, 
balki ularning hissiy-psixologik holatlarini anglashga va maksimal darajada 
ifodalashga intiladi. E’tiqodsizlik, manqurtlik fojiasi va ularning sabab-oqibatlari 
muallif talqinida eng ayanchli muammoga aylanadi. 
Yozuvchi milliy an’analar ko‘lami yordamida obraz tabiatining ikki 
qirrasini 


ochadi: bir tomondan, shakllangan e’tiqod, ona timsolining umumiy sajiyasini aks 
ettirsa, ikkinchi tomondan, qadriyatlarga munosabat fe’l-atvor o‘zgachaligini 
belgilab beradi. Demak, yozuvchi an’anaviylikning yashovchanlik xususiyatlarini 
tasvirlash bilan birga sof estetik qadriyatlarning insonlararo munosabatlariga 
ta’sirini umumlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Aslida milliy ma’naviyat va 
ma’rifiy, tarbiya ikki taraflama aloqadorlikka tayanadi. Birinchidan, har bir 
o‘zbek qonida nasl-nasabi belgilaydigan millat sajiyasi yotadi. Ikkinchidan, 
mazkur tabiiy e’tiqod ijtimoiy-siyosiy evrilishlar zamirida yangicha shakl-
shamoyilga ega bo‘ladi. Bu ikki jihat yaxlit holda qahramon ruhiyati va faoliyatini 
bog‘lab turadi. 

Yüklə 1,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   28




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə