Nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika



Yüklə 65,86 Kb.
səhifə3/7
tarix19.07.2023
ölçüsü65,86 Kb.
#119700
1   2   3   4   5   6   7
Boshlang\'ich sinflarda so\'z birikmalari ustida ishlash

Birinchi bosqich – tushunchaning muhim belgilarini ajratish maqsadida til materialini tahlil qilish. Bu bosqichda ma’lum so’z va gaplarning leksik ma’nosidan kelib chiqib mavhumlashtirish amalga oshiriladi va shu til hodisasi, til kategoriyasi uchun umumiy hisoblangani ajratiladi. O’quvchilar tahlil qilish va mavhumlashtirish aqliy amalini bilib oladilar.
Ikkinchi bosqich – tushunchaning belgilarini umumlashtirish, ular orasidagi bog’lanishni aniqlash(tushunchalarning ichki bog’lanishini aniqlash), atamani berish. O’quvchilar taqqoslash va tarkib amalini bilib oladilar.
Uchinchi bosqich – tushuncha ta’rifini ifodalashni tushunish, belgilar mohiyatini va ular orasidagi bog’lanishni aniqlash.
To’rtinchi bosqich – yangi til materiali asosida o’rganilayotgan tushunchani aniqlashtirish, bilim tajribaga tatbiq etiladigan mashqlar ishlash, o’rganilayotgan tushunchaning ilgari o’zlashtirilgan tushunchalar bilan bog’lanishini aniqlash.
Ko’rsatilgan bosqichlarni “fe’l” grammatik tushunchasini shakllantirish jarayoni misolida ko’rib chiqaylik:
Tushuncha ustida ishlash til materialini tahlil qilish va tushunchaning muhim belgilarini aniqlashdan boshlanadi. Ko’pgina tekshirishlar, agar o’quvchilar o’qituvchi rahbarligida muayyan vazifani bajarish bilan dastlabki til materialini o’zlari tuzsalar yoki tanlasalar, ularning analitik faoliyati samaradorligi ortishini ko’rsatdi. Masalan, o’quvchilar harakatlarini kuzatish asosida gap tuzadilar. Darsda o’quvchilarni fe’ldan foydalanish va e’tibor bilan yozishga undaydigan qulay nutqiy vaziyat yaratiladi. Ekskursiya, yaqinda ko’rilgan film, shu darsda ko’rsatilgan diafilmning biror qismi, o’qilgan hikoya, rasm materiali yuzasidan gaplar tuzish ham mumkin. Gap tuzishda fikrni aniq ifodalaydigan kerakli so’z (fe’l)ni jamoa bo’lib topish imkonini beradigan vaziyat yaratish muhimdir. Masalan, mavzuni o’rganishdan oldin o’quvchilar bahorda tabiatda yuz beradigan o’zgarishlarni kuzatadilar.
O’qituvchi: – Bahorda tabiatda qanday o’zgarishlar yuz beradi? O’quvchilar: – Kunlar isiydi.

  • O’tlar ko’karadi.

  • Daraxtlar kurtak chiqaradi.

–Bodom gullaydi.
–Dastlab shaftoli, o’riklar gullaydi.

  • Olma keyinroq gullaydi.

O’quvchilar o’qituvchi tavsiya qilgan bir necha gapni izohlab yozadilar.
O’qituvchi: – Narsaning harakatini ifodalash uchun siz qaysi so’zlardan foydalandingiz? Ularning tagiga ikki to’g’ri chiziq chizing (O’quvchilar vazifani bajaradilar).

  • Harakatni bildirgan so’zlarga so’roq bering va taqqoslang (O’quvchilar

nima qildi? nima qilyapti? nima qiladi? So’roqlarini beradilar).

  • Endi darslikda fe’l haqida nima deyilganini o’qing.

  • Shaxs va narsaning harakatini bildirgan so’zlar qanday ataladi, ular qanday so’roqlarga javob bo’ladi?

  • Bodom gulladi. Olma gullaydi gaplarini gap bo’laklariga ko’ra tahlil qiling (O’quvchilar eganing tagiga bir, kesimning tagiga ikki to’g’ri chiziq chizadilar)

  • Gulladi, gullaydi fe’llari gapda qaysi bo’lak vazifasida kelgan? (Kesim.)

  • Endi fe’l haqida nimalarni bilib oldingiz? Rejadan foydalanib ayting (umumlashtiring):

  1. Fe’l nima? (So’z)

  2. Nimani bildiradi? (Shaxs va narsaning harakatini)

  3. Qanday so’roqlarga javob bo’ladi? (Nima qildi? Nima qilyapti? Nima qiladi?)

  4. Qaysi gap bo’lagi vazifasida keladi? (Kesim)

  • Kitobdagi qoidada rejaning qaysilariga javob berilgan? Rejani o’qing va unga javob bering.

O’quvchilar kitobdagi va qo’shimcha mashqlarni ishlaydilar.

  • Fe’ldan boshqa yana qanday so’z turkumlarini bilasiz? (Ot, sifat, son, olmosh)

  • So’zlarni taqqoslang: gul, gulli, gulladi. So’z turkumlari (ot, sifat, fe‟l) bir- biridan qanday farqlanadi? (O’quvchilar rejadan foydalanib javob beradilar).

O’quvchilar mustaqil bir necha gap tuzadilar, ayrimlarini yozib, fe’llarning tagiga chizadilar.
Bu dars fragmentida tushuncha bilan tanishtirish jarayonining yuqoridagi to’rt bosqichi qisqa shaklda o’z aksini topgan. Biroq bu darsda o’quvchilar tushuncha bilan faqat tanishtirildi, uni o’zlashtirish uchun esa dasturda mavzuni o’rganishga ajratilgan barcha darslardagi mashqlar tizimini bajarish lozim. Mavzuni o’rganish jarayonida “Fe’l” tushunchasi chuqurlashadi va kengayadi, o’quvchilar fe’lning yangi belgilarini o’rganadilar (fe’llarda bo’lishli va bo’lishsizlik, ularning shaxs- son qo’shimchalari bilan tuslanishi, fe’l zamonlari). O’quvchilarda fe’llarni shaxs- son, zamon, bo’lishsizlik qo’shimchalari bilan o’zgartirish va fikr bayon etish maqsadiga mos fe’l shakllaridan nutqda to’g’ri foydalanish ko’nikmasi shakllantiriladi.
Tushunchani shakllantirish jarayonida so’zning leksik ma‟nosi, uning gap tarkibida boshqa so’zlar bilan birga kelgandagi ma’nosi asta-sekin aniqlanib, oydinlashtirilib boriladi, og’zaki va yozma nutqda so’zni uslubiy to’g’ri ishlatish ko’nikmasi orta boradi. Buning uchun o’quvchilar so’zning ko’p ma’noliligi, o’z va ko’chma ma’noda ishlatilishi, sinonim va antonim so’zlar bilan elementar tanishtiriladi.
O’rganilgan grammatik belgilarni amalga keng tatbiq etish va ulardan jonli nutqda aloqa maqsadida bevosita foydalanish uchun grammatik tushunchani shakllantirishda o’quvchilarda mavhumlashtirishni va so’zlar uchun xarakterli bo’lgan umumiy grammatik belgilarni sintezlashni o’stirish zarur, shuningdek, ular so’zning leksik ma’nosini chuqur bilishlariga erishish muhimdir. Bular o’quvchilarning nutqini o’stirish mohiyatini aks ettiradi, ya’ni o’quvchilar nutqda so’zlardan amaliy foydalanishga, so’zning leksik ma’nosini tor tushunishdan chuqurroq tushunishga o’tadilar, so’zning leksik va grammatik ma’nolari bir-biriga ta’sir qilishini tushuna boshlaydilar, natijada nutqda so’zlardan ongli foydalanishga asos yaratiladi.
So'z birikmasi sintaksisi har bir sinf kesimida mavjud bo'lgan va gap sintaksisi haqida tasavvur hosil qilish uchun asos bo'lib xizmat qiluvchi bilimlar tizimidir. Boshlang'ich sinflar kesimida olib qaraydigan bo'lsak, so'z birikmasi sintaksisi aynan shunday nom bilan keltirilgan emas, chunki bu bola uchun tushunarsiz, degan qarash mavjuddir. Lekin xuddi shu mavzuga oid bilimlar o'quvchilarga 1-sinfdan boshlab amaliy tarzda berib boriladi. Masalan, 1-sinflar uchun 2021-yilda nashr qilingan Ona tili va o'qish savodxonligi darsligida ham turli topshiriqlarni bajarish jarayonida o'quvchilarning o'zlari so'zlarning o'zaro bog'lanishiga oid topshiriqlarni bajarishiga muhim ahamiyat berilgan. Jumladan, "Ular sizga kim?" mavzusidagi 8-topshiriqda quyidagicha vazifa beriladi:
"Oila a'zolari uchun mos so'zlarni yonma-yon yozing.
Namuna: Aka - botir".
Ushbu topshiriq orqali o'quvchilar bir-biriga mos so'zlarni aniqlashda so'roq berish usulini qo'llaydilar: Aka qanday? - Aka - botir. Natijada ularda so'zlarning o'zaro bog'lanishini tushunishlarida so'roq berish malakasi amaliy tarzda shakllana boshlaydi.
Shuningdek, 2-sinf ona tili darsligida so'zlarning o'zaro bog'lanishi haqida "So'zlar mazmun jihatidan o'zaro bog'lanib, gap hosil qiladi", degan qoida ham kiritilgan bo'lib, bunda o'quvchilar gap tarkibidagi so'z birikmalariga oid bilimlarni hech qanday grammatik tahlillarsiz, mazmun jihatidan bir-biriga bog'lab o'rganishlari nazarda tutilgan edi. Jumladan, yuqorida berilgan qoidadan keyin berilgan mashqda quyidagicha shart kiritilgan: "Gapni o'qing va yozing. Gapda o'zaro bog'langan so'zlarni aniqlang. Buning uchun avvalo gapning asosini aniqlang va belgilang. Mevali daraxtlar bahorda gullaydi"
Ushbu mashqni bajarish tartibi ham berilgan bo'lib, o'quvchilar o'qituvchi bilan birgalikda bu jarayonni amalga oshiradilar. Masalan, (Nimalar?) Daraxtlar (nima qiladi?) gullaydi. Daraxtlar so'zidan mazmunan unga bog'langan so'zga so'roq bering: (qanday?) mevali daraxtlar.
Gullaydi so'zidan mazmunan unga bog'langan so'zga so'roq bering: (qachon?) bahorda gullaydi.
Hozir amalda bo'lib turgan 2-sinf ona tili va o'qish savodxonligi darsligida esa so'zlarning bog'lanishi yuzasidan nazariy bilimlar berilishi ko'zda tutilgan emas. Faqatgina berilgan matnlar bilan ishlash jarayonida amaliy tarzda ish olib borilishi nazarda tutilgan. Jumladan, "Maktabim - ikkinchi uyim" mavzusida quyidagicha topshiriq berilgan:
"Berilgan so'zlardan mosini qo'yib, matnni to'ldiring.
sinfxona, uviversitet, sanash, o'qish, madrasa, yurtimiz, maktabxona, yozish, qorixona
_da qadim zamonlardan beri maktablar bo'lgan. Tarixda
maktablar_,_deb atalgan. Bunday maktablarda bolalar faqat
_ va _ni o'rganishgan. Ta'limning yuqori bosqichi esa
_larda davom etgan ".
Ushbu topshiriqni bajarish jarayonida o'quvchilar har bir so'zni bo'sh o'rinlarga qo'yib, talaffuz qilib ko'rishlari, aynan munosib so'zni topish uchun so'zlarga so'roq berishlari, vergul belgisi mavjud o'rinlarda so'zlarni ohang orqali ajratib talaffuz qilishlari mumkin. Bunda o'quvchilarda sintaksis bo'limiga oid so'zlarning bog'lanishi yuzasidan amaliy bilim va ko'nikmalar hosil qilinishiga erishiladi. Ko'rinib turibdiki, hozirgi 3-4-sinf o'quvchilarining so'z birikmalariga oid bilimlar bilan tanishuvlari 2-sinfdan boshlab nazariy tarzda amalga oshirilgan bo'lsa, endilikda 2-sinfda ham bunday bilimlarga faqatgina amaliy tarzda yondashilgan, xolos.
"Gapda so'zlarning bog'lanishi" mavzusi 3-sinf darsligida ham berilgan bo'lib, 2-sinfda o'rganilganlardan asosiy farqi uning gap bo'laklari mavzusidan keyin o'rganilishi, so'zlarning bog'lanishi so'roqlar yordamida aniqlanishi haqida ma'lumot berilganligi va kelishik qo'shimchalari haqida boshlang'ich bilimlar berilganligidir. Jumladan, quyidagi qoidalar keltiriladi:
1. "Gapda so'zlar mazmunan o'zaro bog'lanadi. Gapda so'zlarning bog'lanishi so'roqlar yordamida aniqlanadi"
2. "-ning, -ni, -ga, -da, -dan qo'shimchalari gapda so'zlarni bir-biriga bog'laydi: Ukam bog'chaga bondi"
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, boshlang'ich sinf o'quvchilari, ayniqsa 3-sinf o'quvchilari uchun juda ko'p yangi qoidalar va atamalar berilgan bo'lib, o'quvchilar o'zlari o'qigan har qanday gapning ham mazmunini chaqa olishmaydi. Shunday ekan, birinchi qoidadan so'ng, albatta namuna uchun gap berilishi va izohlanishi kerak deb hisoblaymiz. Masalan, Sayyora bog'da lola terdi. Kim terdi? - Sayyora terdi. Qayerda terdi? - bog'da terdi. Nima terdi? - lola terdi. Ushbu qoidani mustahkamlab, tushunib olish uchun mashqlar ham berilgan, lekin darslikda beriladigan har qanday ma'lumot o'quvchining yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda, ular uchun tushunarli tarzda yetkazib berilishi zarur.
Ahamiyat berib qaraydigan bo'lsak, "Gapda so'zlarning bog'lanishi" mavzusi bilan o'quvchilar 1-sinfdan boshlab amaliy tarzda tanisha boshlaydilar. 3-sinfda ham xuddi shu mavzu kelishik qo'shimchalariga oid bilimlar bilan boyitilib, biroz murakkablashtirilib, ammo nomi o'zgartirilmagan holda yana qayta tushuntiriladi. 4-sinfda esa so'z birikmalariga oid yangi bilim deyarli berilmagan, ya'ni 3-sinfda o'rganilgan qoida shunchaki shakliy jihatdan o'zgartirilib takrorlangan xolos. Jumladan, ushbu qoidani ko'rib chiqamiz:
"Gapda so'zlar o'zaro -ni, -ning, -ga (-ka, -qa), -da, -dan qo'shimchalari yordamida bog'lanadi". Bu qoida 3-sinf darsligida keltirilgan "-ning, -ni, -ga, -da, -dan qo'shimchalari gapda so'zlarni bir-biriga bog'laydi" degan qoida bilan bir-biridan farq qilmaydi.
E'tiborli jihati shundaki, xuddi mana shu qo'shimchalar sintaksis bo'limida so'z birikmalarini hosil qiluvchi qo'shimchalar hisoblanadi. So'z birikmalarini esa o'quvchilar ikki yil davomida "gapda so'zlarning bog'lanishi" degan nom ostida o'rganib keldilar. Endi 4-sinfga kelib ham deyarli yangi bilimlar berilmay, o'tilgan narsani qayta-qayta takrorlayverishdan ma'no yo'q, albatta. Shunday ekan, xuddi mana shu kelishik qo'shimchalarini o'rgatish bilan bir paytda o'quvchilarni "So'z birikmasi" tushunchasi bilan ham tanishtirishni taklif qilgan bo'lar edik. Masalan, yuqoridagi qoidani quyidagi ko'rinishda berish mumkin:
"Gapda so'zlar o'zaro -ni, -ning, -ga (-ka, -qa), -da, -dan qo'shimchalari yordamida bog'lanib, so'z birikmalarini hosil qiladi"
O'quvchilarda so'z birikmasi haqida tasavvur hosil qilish maqsadida namuna sifatida quyidagi gapni berish mumkin: Nigora rasmni qora qalamda chizdi. So'z birikmalari: rasmni chizdi, qora qalamda, qalamda chizdi. So'z birikmalari tarkibidagi kelishik qo'shimchalarining to'q rang bilan ajratib yozilishi o'quvchilarda so'z birikmalarini hosil qilayotgan qo'shimchalarga nisbatan e'tiborni oshiradi va yuqori sinfda o'rganiladigan kelishik qo'shimchalari haqidagi bilimlarga zamin hozirlaydi.Shuningdek, ushbu qoidaga mutanosib ravishda berilgan mashqlar tarkibidagi shartlarda ham o'zgarish bo'ladi, ya'ni so'z birikmasi haqidagi bilimlarni mustahkamlashga oid shartlar ham kiritiladi. Masalan, darslikdagi 28-mashqda berilgan "So'roqlar yordamida gapdagi so'zlarning bog'lanishini aniqlang va chizmada tasvirlang" shartini "So'roqlar yordamida gapdagi so'z birikmalarini aniqlang va chizmada tasvirlang"ga o'zgartirish mumkin.Shu o'rinda savol tug'ilishi mumkin: "So'z birikmasi haqidagi bilimlar 4-sinf o'quvchilari uchun og'irlik qilmaydimi? Axir bu mavzu yuqori sinfda o'rganiladigan mavzu hisoblanadi-ku" Bu savolga ham atroflicha javob berishga harakat qilamiz. Birinchidan, o'quvchilarga ikki yil mobaynida "Gapda so'zlarning bog'lanishi" mavzusi ostida bilim berilib, so'z birikmalari haqidagi bilimlarga zamin hozirlangan edi. Qolaversa, o'quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga oladigan bo'lsak, ular bir yil davomida anchagina ulg'ayishadi va endilikda ularga gap bo'laklari haqida ham bilimlar berilmoqda. Gap bo'laklari ham, so'z birikmalari ham sintaksis bo'limining muhim tarkibiy qismlaridan hisoblanadi. Shunday ekan, bu davrda o'quvchilarni "so'z birikmasi" atamasi bilan ham tanishtirish mumkin.
Ikkinchidan, aynan 4-sinfdan boshlab so'zlarning ohang yordamida bog'lanishini o'rganish bilan birgalikda "Uyushiq bo'laklar" mavzusi o'rganiladi, ya'ni sanash ohangi yordamida, shuningdek va, ammo, lekin, biroq so'zlari bilan bog'langan so'zlar uyushiq bo'laklar deb atalishini o'quvchilar bilib oladilar. Lekin, -ning, -ni, -ga, -da, -dan qo'shimchalari yordamida bog'langan so'zlardan nima hosil bo'lishi ularga mavhumligicha qolaveradi. Mana shu mavhumlikning oldini olgan holda o'quvchilarga "so'z birikmasi" atamasi singdirilsa, bu yuqori sinflarda o'rganiladigan "Teng va tobe bog'lanish" mavzusi uchun ham poydevor bo'lib xizmat qilishi mumkin. Chunki endilikda ular teng bog'lanish deganda uyushiq bo'laklarni, tobe bog'lanish deganda so'z birikmalarini yodga olishadi. Bundan ko'rinadiki, so'z birikmasi haqidagi bilimlarni 4-sinfdan boshlab berib borish maqsadga muvofiq bo'lar ekan.Qolaversa, yuqori sinfda ham so'z birikmasiga oid sintaktik bilimlar o'rganilsa-da, o'quvchilar bilimi talab darajasida emasligi, bilimga ega bo'lgan o'quvchilarda ham ona tili bo'yicha milliy o'quv dasturida ko'zda tutilgan kompetensiyalarga ega emasliklari, ya'ni mavjud bilimlarni hayotda qo'llay olish ko'nikmasiga ega emasliklarini hisobga oladigan bo'lsak, ushbu mavzu anchagina murakkab ekanligi, uni o'rganishni ertaroq boshlash va ko'proq takrorlash zarurligi ayon bo'ladi.Shunday ekan, o'ylaymizki, ushbu jarayon qanchalik barvaqt amalga oshira boshlansa va ko'proq takrorlashga erishilsa, o'quvchilarning sintaktik bilimlarini yana-da oshirishga yaxshigina hissa qo'shishga muvaffaq bo'lishimiz mumkin.

Yüklə 65,86 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə