May, soqiy, tarso, jom, xarobot timsollari keltirilgan baytlarni to’plash Reja



Yüklə 47,89 Kb.
tarix19.12.2023
ölçüsü47,89 Kb.
#153162
May, soqiy, tarso, jom, xarobot timsollari keltirilgan baytlarni to’plash


May, soqiy, tarso, jom, xarobot timsollari keltirilgan baytlarni to’plash
Reja:

  1. Timsollar timsoli

  2. May, soqiy, tarso, jom, xarobot timsollari va ularning tavsifi

  3. Mumtoz adabiyotda timsollarning ahamiyati.

Sharq xalqlari tafakkuri tarixida chuqur ildiz otgan tasavvuf ta’limotini yaxshi bilmay turib, Alisher Navoiy dunyoqarashi va adabiy merosini barcha murakkabliklari, falsafiy teranlig’i bilan to’liq holda to’g’ri, haqqoiiy yoritib berish mushkul. O’ttizinchi yillardayoq Oybek bunga e’tiborii qaratgan edi. Ammo, nazarimda, bu masala hamon hal bo’lmasdan dolzarbligini saqlab qolmoqda. Chunki hozir ham ulug’ shoir asarlarini «kerakli» va «keraksiz» qismlarga ajratish, orifona maemundagi she’rlarini nashrlardan soqit qilib, el ko’zidan yashirish, «payqamasdan» tadqiqotlarga kiritmaslikka moyillik davom etmoqda. Ba’zan esa, so’fiyona ma’nolarni anglab yetmaganimiz sababli, Navoiyning ramziy ibora-istioralarini haminqadar talqin etib, o’quvchilarni chalg’itib kelmoqdamiz. Bu hol Navoiy dahosini, olamining bepoyonligi va ulug’vorligini muazzam salohiyati ham ko’rkamligi bilan idrok etishga xalaqit beradi. Vaholanki, Navoiy merosi — yaxlit bir adabiy borliq, bebaho ma’naviy xaziia. Va yana muhimi shundaki, shoirniig o’lmas gumanizm bilan ko’kargan hayotbaxsh g’oyalari «dunyoviy» asarlarida qanday porlab tursa, biz bir chekkaga olib qo’ymoqchi bo’lgan «ilohiy» asarlarida ham shunday kuch bilan nur taratib turadi. Zotan, ular zohiriy jihatdan shunday, aslida esa, botiniy ma’nolari mohiyatiga ko’ra bir xil falsafiy-tasavvufiy qarashlar silsilasiga borib taqaladigan o’zaro uzviy aloqador asarlar bo’lib, birini ikkinchisisiz tushunish qiyin. Bas, shunday ekan, shoir asarlarida uchraydigan ishq, may, mayxona, xarobot, soqiy, sog’ar, qadah, xum, ko’ngil, mahbub singari ko’pdan ko’p kinoya-timsollar, ramziy ma’noli so’zlar va ular zaminida yotgan yashirin ma`nolar asrori hamda uning ijodi yaxlit bir butunlikda olib tekshirilib, olam va odam haqidagi mushohada-muloxazalari ichida sharhlansagina, mazmuni kerakli darajada ochiq oydinlashishi mumkin. Masalan, quyidagi g’azalni olaylik:
Kamand uchiga yetkurmas g’amu andesha ayyori,
Viyik chokmish magar mayxona tomin sun’ me’mori.
Xumorim za’fida kahgil isi to yetti mast o’ldum,
Suvalmishdur magar may loyidin mayxoia devori.
To’la kub og’zi may, xurshidedur, go’yo teng ochilmish
Chekardi bu iki xurshid davrin sun’ pargori.
May ichmish xonaqah shayxi, xarobot ahli aysh aylang,
Ki, chiqmish bahya urg’on xirqasidin mablag’i kori.
Ko’ringan mosivo budi emas, balki namudidur,
May ustida hubobu mavj shaklining namudori.
Hubobu mavj may tahrikidin zohirdurur, lekin
Sukun topg’on vujudi, maydin o’zga qaydadur bori?
Quyosh aksimudur hayvon suyida yo ko’runmishdur
Ravonoso may ichra soqin gulchehra ruxsori.
Fano dayrin ko’ngul istarki, bir-bir piri dayr elga
Tutarda boda, shoyad, jur’ae sungay bizing sori.
Navosidin fano chun hosil o’ldi, qilgasen ey ishk,
Navoiy rishtai jonin muganniy udining tori.
Xo’sh, bu g’azalda qanday g’oya ifodalangan? May va uning’ mohiyatlarini ta’riflashdan murod nima?
O’z-o’zidan ayonki, Navoiy zikr etgan may biz tasavvur qilgan yoxud bilgan ichimlik emas. Shoir sira ham buni nazarda tutmagan. Bil’aks, o’ta taqvodor va poqdomon bo’lgan Navoiy zamonasining ishratparast, mayxo’r kishilarini qahru g’azab bilan tanqid ostiga olib, sharobni «ummul chabois», ya’ni barcha yomonliklar, falokatlar onasi deb e’lon qilgan. «Hayrat-ul abror» dostonida bo’lsa, badmastlarning masxarali hajviy qiyofasini yaratib, ularni elga sharmanda etgan. Ushbu g’azalda shoir mayni ilohiy ishq — ma’rifat, donish ishtiyoqining avji qiyomi, Yor jamoli mushohadasidan oshiq dilida paydo bo’lgan kuchli zavq — ilhomning, behad xursandlik, sururning ramziy ifodachisi sifatida qo’llagan. Xumor bo’lish, mayparastlik ham bu yerda shunga muvofiq. Bu buyuk nur chashmasidan huzurlanish, visol bexudligi, hayot tabiat zeboligi hamda aql va tafakkur yetmaydigan, ammo ko’ngil bilan his etiladigan Mutlaq ruh mo»jizoti jilvasidan bahramandlik va shunga talpinish sarxushligidir. Chunki Navoiy e’tiqod qo’ygan falsafiy ta’limotga binoan, olam azaliy va abadiy yagona ruhning o’z-o’zini sevib, o’z jamolini tomosha qilish istagidan paydo bo’lgai ko’zgudir.
Ulug’ shoir buni birinchi devoniga kiritgan:
Xarobot aro kirdim oshufta hol,
May istarga ilgimda sing’on safol,
— deb yakunlovchi tarje’bandida ravshan bayon etgan. Tarje’bandni o’qir ekanmiz, muallifning rozi dilidan ogoh bo’lamiz, chunki u yoshligidan boshlab har xil ilmlarni o’rgangani. har xil «sarguzasht»ni boshidan kechirib, dunyo va uning odamlari haqida ko’p mulohaza yuritganini yozadi. Shohu sultonlar dabdabasi, shayhul islomu ulamo-umarolar, man-man degan donishmandlar suhbati uni qoniqtirmagan, ularning birortasi ham inson qarshisida paydo bo’ladigan minglab savollarga javob berishga qodir emas edi. «Nazar ayla bu korgoh vaz’iga, ki ortar tamoshosida hayratim», deydi shoir. Olam mohiyati nimadan iborat, inson nega dunyoga keladi va yana nega ketadi? Nega inson zoti bir xil emas? Firibgarlik, qonxo’rlik, riyo, yolg’on qaerdan kelib chiqqan? Bu va bunga o’xshash savollar Navoiyni hamisha qiynab kelgan. Na o’zimning «Sa’i ila fikratim», «na kasbi ulum etti hal mushkulim», deb yozadi u. Yuragida har xil andeshalar, shubhalar kezgani, lekin zamona tafakkuri doirasidan batamom chiqib ketishga jur’at qilolmaganini eslatadi. Va oqibatda:

Mening boshima bas qotig’ tushdi ish,


Chu toq o’ldi bu dard ila toqatim,

— deya o’zini tasavvuf bilan ovutadi. ya’ni «may bilan ulfat» tutinadi. Shunday qilib, tasavvuf Navoiyga jaholatdan qutulish, dunyoni bilishga chanqoq yurakni ma’lum darajada tinchitishga ko’mak bergan. Buning ikkita sababi bor: birinchisi shuki, Navoiy yashagan zamonning aqliy taraqqiyot darajasi, fan rivoji real dunyo voqealarini ilmiy asosda tushuntirishga ojizlik qilardi. Ikkinchisi esa, bu yana muhimroq, insonning aqliy imkoniyatlari, donoligi bilan axloqi, a’mol-niyati orasida mavjud bo’lib kelayotgan nomuvofiqlikdur. Navoiy aqlu zakovati hayratlanarli, qilni qirq yoruvchi kishilar ichida nafs domiga tushgan, zulm va badkirdorligi bilan mashhur bo’lganlarni ko’p ko’rgan edi. Shuning uchun ulug insonparvar shoir axloqiy fazilatlar tarbiyasini birinchi o’ringa qo’yadikim, bu ham tasavvufona murojaat etishga olib kelardi. Zero, tasavvuf butun e’tiborni aynan inson axloqini poklashga qaratib, shu maqsadda turli yo’l-yo’riqlar, amaliy tadbirlar ishlab chiqqan edi. Tasavvuf odamni vijdoni bilan yuzma-yuz qo’yib, o’zi haqida o’ylashga majbur etar, haqiqat va e’tiqod pokligi ruhida tarbiyalardi.


Falsafiy ta’limot sifatida olamni yagona deb e’tirof etish bilan tasavvuf jannat-do’zax to’g’risidagi diniy afsonalarni mantiqan inkor qilar, natijada zohid, muhtasib, a’lam kabi shariat namoyandalari haqiqatni bilmaydigan nodon kishilar bo’lib chiqardi. Navoiy ularni muqallidlar, ya’ni yuzaki narsalar, quruq aqidalarga ko’r-ko’rona taqlid qiluvchi, mustaqil fikrlashdan mahrum odamlar deb ataydi. Tasavvuf, shu tariqa, falsafiy dunyoqarash sifatida diniy aqida, mutaassiblikka zid edi va Alisher Navoiy undan kuch-quvvat olib, komil jur’at bilan:


Zohid, senga huru menga jonona kerak,


Jannat senga bo’lsin, menga mayxona kerak.
Mayxona aro soqiyu paymona kerak,
Paymona necha bo’lsa to’la, yona kerak,

— deya olar edi. Tasavvuf, ayniqsa, Jomiy va Navoiy mansub bo’lgan naqshbandiya ta’limoti qanoat va tiyinishni talab etsada, biroq dunyo go’zalligidan huzurlanishni inkor etmagan. Negaki, modomiki real dunyo Mutlaq ruh in’ikosi ekan, demak uni sevish va undan bahra olish mumkin. Shu asosda insonning iisonga muhabbati, ya’ni majoziy ishq orqali ilohiy ishqqa qarab borish ham tabiiy va zaruriy deb topilgan. Navoiy o’zini ana shu «ishqi majoziy» kuychilari sirasiga kiritadi.


Darhaqiqat, biz tahlil etgan g’azalga o’xshagan sof tasavvufiy ma’noli va «ishqi haqiqiy»ni vasf etuvchi asarlar Navoiy ijodida asosiy o’rinni egallamaydi. Ammo shunisi borki, iboralarning timsoliyligi, ramziy yo’nalishi «dunyoviy g’azallar»da ham saqlangan. Oybek aytganiday, bu yerda konkret biror shaxs muhabbati nazarda tutilmaydi, balki umuman yaxshi insonni sevish madh etiladi. Ishq Navoiy nazdida pokbozlikdir, ya’ni: «Pok ko’zni pok nazar bilan pok solmoqdir va pok ko’ngul ul pok yuz oshubidin qo’zg’olmoq va bu pok mazhar vositasi bila oshiqi pokboz mahbubi haqiqiy jamolidin bahra olmoq» (Mahbub-ul qulub, 42-bet). Shuning uchun, masalan, deylik, «Kelmadi» radifli g’azalni munojot kuyi og’ushida berilib tinglarkanmiz, «Ey Navoiy, boda birla xurram et ko’ngil uyin, ne uchunkim boda kirgan uyga qayg’u kelmadi», degan maqta’ni eshitganda, shoirning lirik qahramoni yorini kutaverib qiynalganidan, uyiga kirib alamdan rosa ichib olibdi-da, deb o’ylasak, o’ta kaltafahmlik qilgan bo’lardik. Bunday g’azallarda ham boda, sharob, may so’zlari o’sha majoziy ma’noda — muhabbat shavqini bildirib kelishini esdan chiqarmaslik kerak. Bundan tashqari, Navoiy bodani «ko’ngul uyini xurram etuvchi» narsa deganda, yorni ko’nglida saqlash, uning yodi bilan yashashni ta’kidlagan. Negaki, naqshbandiya sulukida yod, xotira, esga olish tushunchalari muhim o’rin egallaydi. Abdulhakim Tabibiyning yozishicha, naqshbandiyada tuz yo’lga kirgan odam qalbida «e’tiqod nuri, tavhid nuri, ma’rifat nuri, hidoyat nuri, ajdodlar yodi nurining bodasi» jo’shib turishi lozim. (Abdulhakim Tabibiy. Afgopistonda taeavvuf
rivoji, 10-bet). Bunda esga olish, hofiza quvvati haqida ham gap boradiki, bu vatan, el-ulus g’ami kabi keng ma’noli tushunchalar bilan bog’lanib ketadi.
Shunday qilib, tasavvuf insoini ulug’lash, hayotning qadriga yetish, umrni oqilona o’tkazish g’oyalarini targ’ib qilishga nazariy zamin hozirlab, insonparvar shoirlarning ilhomiga ilhom qo’shgan. Bu ta’limotning negizi savqi tabiiy, ruhiy qo’zg’alish, vahiylik ham shoirona tafakkur kayfiyatiga mos tushardi. Va, umuman, biz shayxlar, oriflar tasavvufidan ijodkorlar tasavvufini farq qilishimiz kerak. So’fiylar uchun tariqat zikru samo’, vajdu hol, kasbu karomat edi. Attor, Rumiy, Jomiy, Navoiy singari buyuk shoirlar uchun esa u shuuriy mushohada usuli, inson zotini ma’naviy barkamol holda ko’rish orzusi, sirli-xayoliy olamni tasavvurda yaratib, Ideal bir go’zallik ishqida yonish bo’lgan. Odamning asrlar davomida abadiy hayot, ruhning o’lmasligi haqida o’ylab kelgan armonlari, rivoyat-asotirlar bu behudud romantik olam ufqini kengaytirgan. Shu bois, umrida tasavvufning biror rasmiy qoidasini bajarmagan, ya’ni rasman so’fiy bo’lmagan Alisher Navoiy mazkur ta’limotni maslak, mafkuraviy e’tiqod sifatida qabul qilib, o’zining insonshunoslik, haqparastlik va adolatparastlik g’oyalariga bo’ysundirgan edi. Shoh va shahzodalarni insofga chaqirish, riyokor shayxlar, betavfiq so’fiylarni fosh qilishda undan foydalandi. Shoirning ijodi ana shunday murakkab va ko’p qirrali, ibora-obrazlari ko’p ma’noli, teran. Uning har bir asari ustida to’xtalganda, bu xususiyatni albatta e’tiborga olish lozim.
Alisher Navoiy "Xamsa"ni yozish uchun bevosita olti oy sarflaganini alohida uqtirib, shunday yozadi:
Sengakim yo‘q emgakda g‘oyat padid,
Ulus mehnatida nihoyat padid.
Qilib tongdin oqshomg‘acha qiylu qol,
Yuzunga yetib har nafas yuz malol.
O‘zung tinmayin xalq g‘avg‘osidin,
Qulog‘ing xaloyiq alolosidin.
Bu mehnatlar ichra chekib so‘zga til,
Zamondin kamo besh o‘tub ikki yil.
Chekib xoma bu noma itmomig‘a,
Yeturgaysen og‘ozin anjomig‘a.
Ki aqli munosib shitob aylasa,
Deyilgan zamonin hisob aylasa.
Yig‘ishtursa bo‘lmas bori olti oy,
Ki bo‘ldung bu ra`nog‘a suratnamoy. 
Yuksaklikning uzun soyasi, shodlik jomining sof sipqoruvchisi mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiy vasfikim, vasfga sig‘mas, ta’rifikim, ta’rifga to‘g‘ri kelmas va ul xazrat iltifoti quyoshi qora kunga kolgan men ojizning ahvoliga nur sochganining bayoni, ul quyosh tarbiyasidan bu tuproqda oq gullar, oq gullargina emas, rang-barang rayhonlar nishon bergani va «Tuhfat ul-ahror» tuhfasi mutolaasidan g‘amgin ko‘ngulning xursandchilik topgani va «Hayrat ul-abror»ning la’l va javharlarini nazm ipiga tizmoqning sababi
Bob quyidagi baytlar bilan boshlanadi:
Ulki bukun qutbi tariqatdur ul,
Koshifi asrori haqiqatdur ul.

Ko‘ksi xaqoyiq duri ganjinasi,


Ko‘ngli maoniy yuzi oyinasi.
Tabdili: Ulki bugin tariqatning qutbi, haqiqat sirlarini kashf etuvchi, ko‘ksi haqiqat javohirlari yashiringan xazina, kongli esa esa ma’nolar yuzi aks etadigan oynadir.
Bobning muhim jihatlaridan biri shundaki uning davomida Jomiy dargohida bo‘ladigan doimiy majlislardan, she’rxonlik va adabiy davralardan biri tasvirlangan:
Bazmda bir kun yuzidin nur edi,
Har soridin nodira mazkur edi.
Tushti chu raxrav bila payravg‘a so‘z,
Etti Nizomiy bila Xusravg‘a so‘z.
Kim ne sifat olam aro soldi shayn,
Ikkisining xomasidin xamsatayn.
Lek bu o‘n turfaki, topmish jamol,
Ikki burung‘isida bor o‘zga hol:
Kunlarning birida bir yig‘ilishda u yuzida nur balqib o‘ltirar edi, har tomondan har xil ajoyib voqealarni gaplashar edik. Gap ustoz va izdoshlar haqida borar ekan, Nizomiy bilan Xusravga ham navbat etdi. Ularning qalami tufayli paydo bo‘lgan ikki «Xamsa» olamga qanday xayajonlar solmadi! Lekin bu ikki «Xamsa»ga kirgan o‘n go‘zal doston ichida oldingi ikkitasi yaqqol ajralib turar edi.
Gavhare yo‘q «Maxzan ul-asror» dek,
Axtare yo‘q «Matla’ ul-anvor»dek.
O‘zga sanamlar ham erur jilvasoz,
Borchasining husnida zebi majoz.
Ul ikisidin biri gavharfishon,
Gavharida nuri yaqindin nishon.
Ul birisi dog‘i bo‘lub nurposh,
Nuri aro partavi taxqiq fosh.
Demak dostonda tasvirlangan majlisda xamsanavislik, aniqroq qilib aytganda “xamsatayn”, ya’ni Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviy xamsalari haqida qizg‘in bahs-munozara kechadi. Ayniqsa, ular tarkibidagi ilk dostonlar - «Maxzan ul-asror» hamda «Matla’ ul-anvor» asarlarining barkamolligi xususida tortishuvlar bo‘ladi.
Y.E.Bertelsning “Nizomiy” monografiyasida qayd etilishicha, bunday bahsu munozaralar nafaqat shoir-u olimlar davrasida, balki temuriy sulton va shahzodalar davrasida ham muntazam bo‘lib turgan. Xususan, Mirzo Ulug‘bek hamda Boysunqur Mirzo o‘rtasidagi bahs-u munozaralar tarixda mashhur.
O‘tti chu alqissa bir oy, ikki oy,
Bir kun o‘lub, baxtu xirad raxnamoy.
Xidmatin ettimki, tamanno edi,
Ilgida ko‘rdum necha aizo edi.

Kulgu bila qildi ishorat manga,


«To‘hfa» bila berdi bashorat manga.

Kim olibon boshtin ayog‘ig‘a boq,


Qil nazar avroqig‘a boshtin-ayoq.
Shunday qilib, oradan bir oy o‘tdi, ikki oy o‘tdi. Kunlarning birida baxt va aql menga yo‘l ko‘rsatib, uni ko‘rgim kelib, xuzuriga bordim. Uning qo‘lida bir necha bo‘lak qog‘oz ko‘rdim. U kishi kulib, menga imo qilib, «Tuhfa», ya’ni “Tuhfat ul-Ahror” dostonini yozib bitirganini aytdi:
- Ol-da, boshidan-oxirigacha ko‘rib chiq, boshidan-oxirigacha har bir varag‘ini ko‘zdan kechir! - dedi.
Ollig‘a jon naqdini sochtim ravon,
Oldimu o‘ptum, dog‘i ochtim ravon.

Boshtin-ayoq gavhari shahvor edi,


Qaysi guhar, «Tuhfat ul-ahror» edi.
Naf topib kimki bo‘lub mustafid,
Muxtasar ul ikkidin, ammo mufid.
Ul ikini topsa bo‘lur munda-o‘q,
Munda tuxaf ko‘pki, ul ikkida yo‘q.


Foydalanilgan adabiyotlar:

1.A.Muxtorov., U.Sanaqulov. O`zbek adabiy tili tarixi. Toshkent, 1995. 


2. U.Tursunov., B.O`rinboev., A.Aliev. O`zbek adabiy tili tarixi. Toshkent, 1982. 
3. A.Aliev., Q.Sadiqov. O`zbek adabiy tili tarixi. Toshkent, 1992.
Internet saytlari:

  1. www.tdpu.uz.

  2. www.edu.uz.

  3. www.ziyonet.uz.

  4. www. lex.uz

  5. www.srategy.uz

  6. www.bilim.uz.

  7. www.ma`naviyat.uz

Yüklə 47,89 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə