I bob. Kompozitsiya


II B OB CHO’LPON SHE’RIYATIDA SHARQ MAVZUSI



Yüklə 70,13 Kb.
səhifə5/5
tarix26.05.2023
ölçüsü70,13 Kb.
#113199
1   2   3   4   5
PEYZAJ SHE\'RIYATIDA KOMPOZITSIYA (CHO\'LPON SHE\'RIYATI MISOLIDA)

II B OB CHO’LPON SHE’RIYATIDA SHARQ MAVZUSI.
2.1 Cho’lpon hayoti va ijodiga bir nazar.
Oʻzbek adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon 1898- yilda Andijonning Qatorterak mahallasida savdogar oilasida dunyoga kelgan.
Taniqli jurnalist va yozuvchi Moʻminjon Muhammadjonov “Turmush urinishlari” kitobida qayd etishicha, Choʻlponning otasi Sulaymonqul Mulla Muhammad Yunus oʻgʻli (1874–1929) oʻz davrining yetuk ziyolisi, maʼrifatparvar kishisi boʻlgan. U “Rasvo” taxallusi bilan sheʼrlar ham yozgan, devon yaratgan.
Otasi Sulaymonqul mulla Muhammad Yunus o’g’li Andijonning obro’li kishilaridan bo’lib, savdogarchilik bilan shug’ullanar edi. U o’z zamonasining o’qimishli kishilaridan hisoblanar, o’zi ham she’rlar yozib turardi. O’sha davrda bo’lajak shoirning otasi o’zi yozgan hajviy she’rlaridan devon tuzganligi haqida ma’lumot bor.
Cho’lponning onasi Oysha aya garchi savodli bo’lmasa-da, o’g’lining ijodiga katta ta’sir ko’rsatgan. Chunki u xalq qo’shiqlari va ertaklarining bitmas xazinasidan yaxshigina bahramand bo’lgan.
Ota o’g’lini rus-tuzem maktabida ham o’qitdi. Bo’lajak shoir o’zbek, turk, fors, arab, rus tillarini puxta biladigan o’qimishli kishi bo’lib yetishdi. Kuchli iste’dod, o’qish – o’rganish tufayli Abdulhamidning she’rlari 16-17 yoshlarida “Turkiston o’lkasi” gazetasida chop etildi.
Choʻlpon avval eski maktabda, soʻngra madrasalar va rus-tuzem maktabida tahsil olib, arab, fors va rus tillarini mukammal oʻzlashtiradi. Mutolaa yoʻli bilan turk, nemis va ingliz tillarini oʻrganadi. Sharq va Gʻarb ijtimoiy-siyosiy qarashlaridan oziqlanadi. Firdavsiy, Saʼdiy, Hofiz, Umar Xayyom, Alisher Navoiy kabi buyuk soʻz sanʼatkorlari ijodini mehr bilan oʻrganadi. Choʻlpon dunyoqarashi va ijodining shakllanishiga XX asr boshlaridagi jadidchilik harakati katta taʼsir koʻrsatgan.
Choʻlponning ijodi 1913–1914 yillardan boshlangan, u avval “Qalandar”, “Mirzaqalandar”, “Andijonlik” va, nihoyat, “Choʻlpon” taxallusi bilan ijod qildi.
Shoirga “Choʻlpon” taxallusini buyuk maʼrifatparvar istiqlolchi Munavvar qori Abdurashidxonov bergan. Choʻlpon ham shoir, ham nosir, ham dramaturg sifatida oʻz xalqi adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qoʻshdi. Uning dastlabki asarlari “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Fargʻona” kabi mahalliy gazetalarda, shuningdek, Orenburgda chiqadigan “Shoʻro” jurnalida nashr etiladi. Choʻlponning “Ishtirokiyun”, “Turkiston”, “Buxoro axbori” kabi gazetalardagi faoliyati ham uning ijodiy shakllanishida mahorat maktabi boʻlib xizmat qiladi.
Choʻlpon ocherknavis va publitsist sifatida ham barakali ijod qildi. Bu borada uning, ayniqsa, “Adabiyot nadir?”, “Muhtaram yozuvchilarimizgʻa” kabi maqolalari adabiyotning maqsad va vazifalarini anglashda muhim rol oʻynadi.
U 1914–1917 yillarda yaratgan “Qurboni jaholat”, “Doʻxtir Mahammadiyor” singari hikoyalari, “Vatanimiz Turkistonda temir yoʻllar” singari maqolalarida madaniyat va maʼrifat targʻibotchisi sifatida maydonga chiqdi.
U oktabr toʻntarishidan keyingi yillarda hayotda sodir boʻlayotgan xush va noxush oʻzgarishlarni qalamga oldi. “Yoʻlda bir kecha”, “Sharq poyezdi keldi”, “Sharq uygʻongan”, “Quturgan mustamlakachilar”, “Yoʻl esdaligi” singari oʻnlab ocherk va publitsistik maqolalarida chor mustamlakachilari va mahalliy hokim sinf vakillari yetkazgan jabru jafolarni, fuqarolar urushi davrida roʻy bergan fojialarni tasvirladi.
Choʻlpon 1922–1935 yillarda oʻzining “Uygʻonish” (1922), “Buloqlar” (1923), “Tong sirlari” (1926), “Soz” (1935) kabi toʻrtta sheʼriy toʻplamini nashr ettirdi. 30-yillarga kelib “Joʻr” kabi sheʼriy toʻplamini tayyorladi. Ammo “Soz”i chop etiladi-yu, “Joʻr” toʻplami qatagʻonlik tuzogʻiga ilinib, qolib ketadi. Shoirning toʻplamlari orasida “Buloqlar” (1923) alohida ajralib turadi.
Toʻplam besh boʻlimdan iborat boʻlib, ular “Sharq uchun”, “Sezgilar”, “Sevgi”, “Qora yoʻllar” va “Qor qoʻynida” deb nomlanadi. Shoirning oʻzi qayd etishicha, mazkur sheʼriy guldasta “jahon fotihlari changalida ezilib yotqon Sharq oʻlkalariga” bagʻishlangan. Jumladan, “Amalning oʻlimi” sheʼrida shunday misralarni oʻqiymiz:
Koʻnglimda yigʻlagan malaklar kimlar,
Sharqning onalari, juvonlarimi?
Qarshimda ingragan bu jonlar kimlar,
Qullar oʻlkasining insonlarimi?
Choʻlpon 1925- yilga kelib, “Muhit kuchli ekan, egdim boʻynimni” deya ijtimoiy qarashlarini oʻzgartirishga majbur boʻlganligini eʼtirof etadi. Ammo shunga qaramay, shoir yaratgan ikki yuzdan ortiq sheʼriy asarlar el-yurt baxti, kelajagi, mustaqilligi, ozodligi uchun kurashning yorqin solnomasi desa boʻladi. Garchi vaqti-vaqti bilan uning tuygʻu va tafakkurida tebranishlar kechgan boʻlsa-da, aslida, milliy istiqlol uchun kurashdan zarracha qaytmaydi. Jumladan, “Tilak yoʻlida” sheʼrida:
Ketgan yoʻlim toʻgʻri yoʻldir, ketamen,
Qanday toʻsiq mone boʻlsa, oʻtamen,
Men ketamen, tilak, deya ketamen,
Hech tilaksiz quruq jonni netamen?
Bir jon ekan, mayli qurbon etamen!.. –
deya el-yurt, ona Vatan yoʻlida qurbon boʻlishdan ham qaytmadi.
Choʻlpon yetuk lirik shoirgina emas, balki “Novvoy qiz”, “Oydin kechalarda”, “Qor qoʻynida lola” kabi oʻnlab hikoyalar, “Kecha va kunduz” (1936) kabi ajoyib roman ham yaratgan isteʼdodli adibdir. U dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning “Xalil farang”, “Choʻrining isyoni” kabi kichik pyesalari, “Oʻrtoq Qarshiboyev”, “Mushtumzoʻr” kabi dramalari hamda koʻp vaqt sahnadan tushmagan “Yorqinoy” pyesalari mashhur boʻlgan. Shuningdek, rus yozuvchisi V. Yan bilan hamkorlikda “Hujum” dramasini yaratgan.
Choʻlpon mohir tarjimon sifatida V. Shekspirning “Hamlet” fojiasini, A. S. Pushkinning “Dubrovskiy” qissasi va “Boris Godunov” pyesasini, M. Gorkiyning “Ona” romanini va boshqa koʻplab asarlarini oʻzbek tiliga oʻgiradi. Cho’lpon tarjimon sifatida Shekspir, Blok, M. Gorkiy, Txokur kabi mashhur adiblar ijodidan qilgan tarjimalari ham xalqimiz ma’naviyatining rivojiga hissa qo’shdi.
Milliy zulm ostida ezilayotgan xalqning zabun holini aks ettirish va xalqni bunday holatdan qutqarish istagi Cho’lpon ijodining yo’nalishi bo’lib qoldi.
Cho’lpon she’riyati hech kimga o’xshamagan samimiylik, jozibador, ta’sirchanligi, tuyg’ularini ranginligi bilan o’zgalarnikidan ajralib turadigan she’riy olam yarata bildi.
Cho’lpon mislsiz she’riy kashfiyotlardan tashqari 1935 – 37 – yillarda yaratilgan “Kecha va Kunduz” nomli birinchi o’zbek roman – diologiya (ikki kitob) ining muallifidir. Romanning 2-kitobi Cho’lpon qamalgandan so’ng yo’q qilingan.

Shoirni “millatchi” sifatida 1937- yilning 13-iyulida sevimli shogirdi Usmon Nosirdan 1 kun avval qamoqqa olishdi. Qiynoq, tahqirlardan so’ng 1938-yilning 4-oktabrida Toshkent yaqinidagi xilvat joylarning birida o’zbekning daho shoiri otib tashlandi.


O’limga hukm qilgan sud qarori 1938-yilning 5-oktabrida chiqarilgan edi.
Choʻlponning asarlari uzoq vaqt davom etgan tanaffusdan keyin 1991-yili “Yana oldim sozimni” nomi bilan nashr etildi.
1991- yil 25- sentabrda Choʻlponga Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi. 1997- yili adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan uning koʻplab asarlari yangidan nashr etildi va u haqda ilmiy tadqiqotlar yaratildi. Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon milliy ozodlik uchun kurash yoʻlida koʻrsatgan matonati va buyuk xizmatlari, oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun 1999- yilda “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlandi.

Cho’lponning ijodi ancha vaqt o’quvchilardan berkitib kelindi.


Cho’lpon o’zbek she’riyatining yorqin siymolaridan edi, shu bois o’tkinchi bulutlar pardasini yirtib tashlab, milliy she’riyatimiz osmonida qayta porlay boshladi.
Endi har nafasda yana kuyaman,
Faqat majnun bo’lib elni sevaman.
Unga hurmat bilan bo’yin egaman,
Boshimni u uchun dorga qo’yaman.
Bu haroratli misralar shoir qalamiga mansubdir.
“Ko’ngil” she’rida milliy uyg’onishga da’vat, erk, hurriyatga chaqiriq ohanglari barq urib turadi, sodda she’rdir.
1922-yilda yozilgan.
Ko’ngil, sen bunchalar nega
Kishanlar birla do’stlashding?
Na faryoding, na doding bor
Nechun sen buncha sustlashding?
Harorat dilni og’ritmas,
Tubanlik mangu ketmasmi?
Kishanlar parchalanmasmi?
Qilichlar endi sinmasmi?
Tiriksan, o’lmagansan
Senda odam, senda insonsen.
Kishan kiyma, bo’yin egma,
Ki sen ham hur tug’ilg’onsen!
1921-yilda “Xalq” she’rini yozadi. She’rda xalqning o’z haq – huquqini tiklashga qurbi yetishi, har qanday qarshiliklarni yengishi mumkinligini kuyunib aytadi. Tili boshqa-yu, dili boshqa siyosatdonlarni ogohlantiradi.

Xalq istagi, ozod bo’lsin bu o’lka,

Ketsin uning boshidagi ko’lanka.
Bir qo’zg’alur, bir ko’pirar, bir qaynar,
Bir intilur, bir hovliqar, bir o’ynar.

Yo’qlikni-da, ochlikni-a yo’q etar,


O’z yurtini har narsaga to’q etar ...
“Kuz” , “Men va boshqalar”, “Go’zal” kabi she’rlari barchaning diqqatini o’ziga tortadi.

Cho’lpon o’z she’rlarida ko’chimdan unumli foydalanadi. “Buzilgan o’lkaga”, “Binafsha” …

Binafsha – shoirning ichki kechinmalari bahoriy ko’katga, yoki nimagadir qaratilgan ko’chim.

Eng ko’p ishlatiladigan badiiy vositalar jami bo’lib, adabiyotshunoslik fanida metafora atamasi bilan ham yuritiladi. Grek tilidan olingan metafora so’zi ko’chim, ko’chirilish ma’nolarini anglatadi.



Ko’chim ko’rinishlari:
Istiora – o’xshatish.
Ramz – timsol, simvol – o’zbek adabiyotida:
May – hayot ramzi;
Gul – ma’shuqa ramzi;
Burgut – mag’rurlik;
Chumoli – mehnatsevarlik.
Majoz – adabiy asarda o’quvchiga noaniqroq bo’lgan tushunchani ko’pchilikka ma’lum bo’lgan narsalarga xos belgilar bilan ifodalash.
Abdulhamid Cho'lpon asarlari.
Xayol
Xayol va haqiqat... Ular har doim ham bir-biriga uyg'un bo'lavermaydi. Ko'pincha xayolimizdagi narsalar haqiqatda buning aksi bo'lib chiqadi. Chindan ham, xayol shirin,xayol sururbaxsh, xayol go'zaldir. Haqiqat esa achchiq, qo'pol va qo'rqinchli. Shu boisdan har bir inson o'zining xayolot dunyosida qurgan go'zal olamida yashaydi va bu olamning yolg'onligini bilsa-da, undan voz kechgisi kelmaydi...
Suygan choqlarda
Ishq va Oshiqlik... Bu so'zlarni ta'riflamoqqa, uning mazmunini sharh etmoqqa zabonlar zabun-u qalamlar ojiz. Oshiqning ishq makon etgan ko'nglidan qanday hislar kechishini hech kim mukammal tasvirlab berolmaydi. Uni faqat chinakam oshiqlargina his etishi mumkin. Mazkur she'rni oshiq yurakning ko'ngil rozlari sifatida qabul etish mumkin.
Buzilgan o'lkaga
Cho‘lponning mazkur she’ri bolsheviklar qirg‘ini, sho‘ro mustamlakachilari tomonidan o‘lkamizning vayronaga, o‘likxonaga aylantirilgani haqida bo'lib, unda yurtimiz boshiga tushgan musibatlar o'ta haqqoniy va ayni paytda ta'sirchan qilib tasvirlangan.
Binafsha
Ushbu she'rda Cho'lponning buyuk va xassos qalbini ko'rgandek bo'lasiz. She'r hamdardlik hislariga to'la bo'lib, uni o'qigach, shoir "Binafsha" so'zi ostiga qanday mazmunni berkitganini bilib olishingiz mumkin.
Xalq
Unda shoirning yurt ozodligi haqidagi yorug' o'ylari ham o'z ifodasini topgan.
Kuz yomg'iri
She’rning yozilish tarixini shunday tasavvur etamiz: Cho‘lpon Moskvadagi bekatlarning birida, ehtimol, tramvayning kelishini kutib turganida kuz yomg‘iri asta yog‘a boshlaydi. Shoir yomg‘ir tomchilarining daraxt yaproqlarini yuvib, so‘ng yerga to‘kilayotgani va chuqurcha hosil qilayotganini ko‘radi. Chuqurchaga tushayotgan yangi tomchilar uni ko‘pirtirib yuboradi. Chuqurcha shoir tasavvurida jajji bir ko'lchaga aylanadi. Xayolning bu erkin o‘yinidan zavqlangan shoir bunday falsafiy xulosaga keladi...
Bahorni sog'indim...
Kuz qo'ynida turgan shoir "Bahorni sog'indim" der ekan, bahor shunchaki yil fasligina emas, balki majoziy ma'no ham kasb etadi. Shoir uchun mustamlakachilik davri go'yo kuz izg'irini kabi bo'lsa, bahor istiqlol va porloq istiqbol haqidagi "ezgu tilaklar"ni anglatardi...
Men shoirmi?
Cho‘lponning «Men shoirmi?» deb nomlangan she’ri 20-yillarda Toshkentdagi O‘lka o‘zbek bilim yurti o‘qituvchilarining iltimosi bilan shoirning lirik tarjimayi holi sifatida yozilgan. Cho‘lpon bu «lirik tarjimayi holi»da, o‘qituvchilar xohlaganidek, o‘z hayot yo‘lini emas, balki o'ziga xos shoirona o'ylari va kechinmalarini tasvirlagan.
Xazon
Mazkur she'rda o‘zbek kuzining go‘zal manzarasi chizilgan bo'lib, unda Cho‘lpon takrir san’atidan mohirona foydalanadiki, har bir so‘zning ma’no va tovush sig‘imlari favqulodda kengayib ketgandek bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i ikki obraz-"gezargan tuproq" bilan "qizorgan yaproq" obrazlari kuzning o‘zbek diyoriga o‘ziga xos xislatlari bilan kirib kelayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Bu satrlardan oqib turgan musiqadan kuzning sokin va mungli kuylari eshitilgandek bo‘ladi.
Vijdon erki
Zulm-keng ma’noli tushuncha. Mustamlakachilik davrida el-yurt boshiga tushgan barcha savdolarni faqat bir so‘z bilan-"zulm" so‘zi bilan ifodalash mumkin. Zulmning turlari va pog‘onalari ko‘p. Agar zolim insofsiz va odamlik siyohidan mahrum bo‘lgan bo‘lsa, uning zulmiga bo‘yin egmaslikning iloji yo‘q. Ammo har qanday zulm jismga egalik qilsa-da, qalb va vijdonga egalik qilolmaydi.
Yong'in
Biz bu she’rni o‘qir ekanmiz, 20-yillarda mustamlakachi bolsheviklar tufayli o‘zbek yurti va o‘zbek xalqining boshiga tushgan falokatlarni ko‘rgandek bo‘lamiz. Shoir bu balo-ofatlarni keltirgan, o‘lkamizni vayron etib, daryo-daryo qonlarni oqizgan yovuzlarni la’natlamaydi, ularga g‘azab va nafrat toshlarini otmaydi, balki mudhish tarixning shohidi sifatida yuragidan oqib turgan ko‘z yoshlari bilan tarix sahifalariga qayd etadi.
Bir tutam sochlaring...
Ushbu she'r avtobiografik mazmunga ega. Shoir ushbu she’rda muhabbat va vafo mavzuyini ruhiy kurashlar, ziddiyatli tuyg‘u va kechinmalar to‘lqinida yoritgan. Qisqa qilib aytganda, bu she’rda muhabbat dramasi haqqoniy hayotiy hodisa tasviri orqali ochiladi. Cho‘lpon bu she’ri bilan har qanday muhabbat ham chin muhabbat emas, modomiki, hayotda tabiiy gullar bilan birga, qog‘oz gullar ham mavjud ekan, chin muhabbat bilan birga, soxta muhabbat ham bo‘lishi mumkin, degan fikrni ilgari suradi.
Ko'ngil
Ushbu she'rda Cho'lponning otashin ruhi aks etgan. U ko'ngilga qarata murojaat qilib, o'zini qiynayotgan barcha og'riqli savollarni beradi, dil dardlarini bayon etadi hamda uni hamisha ozod va hur bo'lib qolishga chorlaydi.
Qalandar ishqi
Mazkur g'azal ishqiy lirika mahsuli bo'lib, unda lirik qahramonning qalb tug'yonlari Cho'lponga xos samimiyat va san'atkorlik bilan aks ettirilgan. Shoirning mahorati shundaki, u tasvirda ko'ngilning eng nozik kechinmalarigacha ifodalay olgan.
Oydin kechalarda
Hikoya oydin kechalarning birida Zaynab kampirning cho'chib uyg'onishi tasviri bilan boshlanadi. Hamma tinch va xotirjam uyquga tolgan bir mahalda kimdir o'ksinib-o'ksinib yig'lar edi. Qora tun qo'ynida orom topa bilmagan insonning kim ekanligi haqida xayol qilgan kampir to'satdan yig'layotgan insonning o'z kelini ekanligini bilib qoladi. Yosh kelinchakni tun o'rtasida yig'lashga nima majbur qildi?
Muxtoriyat gimni deyishga arzigulik Ozod turk bayrami she’rida muallifning ko’tarinki ruhi, g’ururiyu iftixor tuyg’ulari barq urib turadi:
Ko’z oching, boqing har yon!
Qardoshlar qanday zamon!
Shodlikka to’ldi jahon!
Fido bu kunlarga jon!
Cho’lpon endi ezilgan, xo’rlangan xalq haqida emas, ozodlikka erishgan, o’zligini taniy boshlagan millat haqida kuylaydi. Shu bois ham baralla Nomusli, vijdonlimiz! deya oladi, zero, uning tasavvurida erk deya chiqolgan, o’z haq-huquqlari himoyasiga yaragan millatgina nomusli va vijdonli sanalishi mumkin, xolos. Cho’lponni quvontirgan narsa muxtoriyat e’lon qilinganining o’zigina emas, ko’proq u ochayotgan istiqbol: endilikda Taraqqiyga yo’l ochuq! Jaholatga yo’l yopuq! Bo’lishi, yurakdan dog’larning, vatan bog’idan zog’larning ketishi, bu yurtda hurriyatning bayrog’u adolatning o’rtoq bo’lishi. Demak, Cho’lpon yurtining buyuk kelajagini, adolat tamoyillari asosga qurilgan jamiyatda ozod va hur yashayotgan mutaraqqiy xalqni tasavvur qiladi, muxtoriyat e’lon qilinishini esa o’sha kelajak tomon qo’yilgan ilk qadam deb biladi.
She’rning nomlanishidayoq ko’zga tashlanuvchi turkchilik g’oyasi naqorat vositasida qayta-qayta ta’kidlab ifoda etiladi:
Turkistonli shonimiz, turonli unvonimiz,
Vatan bizim jonimiz, fido o’lsun qonimiz!
Cho’lpon talqinida Turkiston muxtoriyatining e’lon qilinishi nafaqat shu zaminda yashayotgan, balki butun dunyoga tarqab ketgan Turon bolalarining umumiy bayrami. Zero, Turk beshigi Turkistonda vujudga kelgan muxtoriyat turkiy olamni, umuman, mazlum Sharqni uyg’otuvchi bong, barcha ezilgan millatlarni istiqlol uchun kurashga chorlovchi mayoq, deb tushunadi muallif.
Ahmad Zakiy Validiyning malumot berishicha, Cho’lpon 1917-18 yillarda bir guruh turkistonliklar bilan Orenburgga borib, u yerda Boshqirdiston hukumati raisining kotibi vazifasida ishlagan1. Albatta, Cho’lpon va bir guruh maslakdoshlarining Boshqirdistonda ishlashi turkchilik g’oyalarining, xususan, yuqoridagi xatda kuzatganimiz qarashlarning amaldagi tadbiqi edi. Taassufki, adib faoliyatining ayni shu bosqichi hali yaxshi o’rganilgan emas, bu davrda yozilgan asarlari ham topilganicha yo’q. Chamasi, Cho’lpon Boshqirdistonga 1917 yilning oxirlarida, muxtoriyat e’lon kilinganidan keyinroq jo’naganu, u yerda bir yildan mo’lroq turgan ko’rinadi. Har holda, uning Turkiston matbuotida faollashuvi 1919 yilning o’rtalariga to’g’ri keladi. Cho’lpon faoliyatining Boshqirdiston davriga mansub asarlardan biri sifatida Qizil bayroq she’rini ko’rsatishimiz mumkin. Mazkur she’r Oktyabr inqilobining bir yilligi arafasida Ishtirokiyun gazetasida e’lon qilingan edi. To’g’ri, bu she’r 1917 yilning aprelida yozilgan, degan ma’lumotlar ham bor2. Biroq, o’ylashimizcha, she’rning mazmun-mohiyati fevral inqilobidan keyingi dastlabki oylar ruhiga, xususan, shu paytdagi Cho’lpon ruhiyatiga mos emasdek ko’rinadi bizga. Chunki she’rda burjua-demokratik inqilobi tabiatidan ko’ra ko’proq oktyabr to’ntarishi ruhiga mos satrlar bitilgandir:
Siz, burjuylar, kibor sinflar, yaqin kelmang bayroqqa,
Siz emasmi ilgaridan uning qonxo’r dushmani?!..
Qizil bayroq qip-qizil qon, u qon ishchilar qoni,
Kibor sinflar u qonlarni to’kkan zolim jallodlar...
Aytmoqchimizki, garchi inqilobdan ilgariyoq Cho’lpon qarashlarida birmuncha so’zlashuv kuzatilgan bo’lsa-da, 1917 yilning aprel oylarida adib hali bu qadar qizillashmagan edi. Nega? Ma’lumki, fevral inqilobidan so’ng beqiyos darajada jonlanib ketgan Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida qarashlar rang-barangligiyu keskin g’oyaviy kurash hukm surgandi. Hatto, umumiy maqsadlari bitta Istiqlol va Taraqqiy bo’lgan jadidlar orasida ham shu maqsadga qay yo’sin erishish kerak, qaysi siyosiy kuchlar bilan ittifoqda harakat qilish mumkin, hozirgi sharoitda qay tipdagi davlatchilik qurilishi maqsadga muvofiq... kabi qator taktik va strategik masalalarda turlichalik yaqqol ko’zga tashlanadi . Cho’lpon bu davrda muxtoriyatni yoqlab chiqqan Munavvar qori, Behbudiy, Obidjon Mahmudov, Ubaydulla Xo’jaev kabi jadidlar bilan hamfikr bo’lgan. Ahmad Zakiy Validiy xotiralarida ma’lumot berilishicha, bir qancha shaharlarga borib targ’ibot ishlari olib borgan faol muxtoriyatchilar orasida yosh o’zbek shoiri Cho’lpon ham bo’lgan , u saylov qonuni masalalari bo’yicha kurashimizni juda chiroyli bir doston qilib yozgan. Ko’ramizki, xotiranavisning bu gaplari yuqoridagi xatda ifoda etilgan fikrlarga hamohang keladi.
Bu mulohazalarimiz Cho’lpon oktyabr inqilobi yuz bergan paytda butunlay boshqa g’oyalarga oshufta bo’lib yashaganini ko’rsatadi. Shunga ko’ra, bizningcha, Qizil bayroqning keyinroq 1918 yilda yozilgani haqiqatga yaqinroq keladi. Agar she’rni Orenburg davri mahsuli deb qarasak, u holda ayni shu davrda Cho’lpon qarashlarida jiddiy o’zgarishlar yuz berganini sezishimiz mumkin bo’ladi. Aytmoqchimizki, Boshqirdistonda ekanida Cho’lponning oktyabr inqilobiga munosabati o’zgargan. Xo’sh, bunday deyishimizga asos bormi? Albatta, buni hujjat bilan dalillashdan ko’pincha ojiz qolamiz, biroq tasavvurimizni ishga solishimiz mumkin. Avvalo, Cho’lpon Orenburgda ekanida katta umid bog’lagani Turkiston muxtoriyati mahv etildi. Mash’um 1918 yil fevralidagi Qo’qon voqealarining bevosita shohidi bo’lmagan Cho’lpon muxtoriyatning mag’lubiyatga uchrashi sabablarini hissiyotga berilmasdan, xolis mushohada qilish imkoniga ega edi. Ehtimol, muxtoriyat g’oyasiga qo’shilmagan, uni amalga oshirish mumkin bo’lmagan hodisa deb hisoblaganlarning da’volarini idrok tarozusiga solib ko’rgandir? Ehtimol, muxtoriyatning kuchga kirolmaganiyu mag’lubiyatida o’zi yaxshi bilgan ichki ziddiyatlaru o’zaro kelishmovchiliklar oqibatini mulohaza qilgandir?.. Xullas, nima bo’lganda ham Cho’lpon hayotini muayyan maqsadga bag’ishlagan odam, shu maqsad sari intilishlik uning uchun hayot mazmuniga aylangan. Shunday ekan, u tarixu taqdirning og’ir zarbasidan tezroq o’nglanishi, o’sha maqsadga yetishishning boshqa yo’llarini qidirishi lozim, bu uning uchun ichki zaruriyat. Cho’lponning shu davrda yaratilgan” Sharq nuri” nomli she’ri uning izlanishlari qay tomon boshlaganini tasavvur qilish imkonini beradi.
She’r mashhur tatar inqilobchilaridan biri, islomni kommunizm g’oyalari bilan kelishtirishga intilgan Mullanur Vohidovning o’limi munosabati bilan yozilgan. She’rning quyidagi satrlariga diqqat qilaylik:
Insonlikka saodatning birdan-bir
To’g’ri yo’lin ko’rsatuvchi Marksdi.
Biroq Sharqqa qutulishning yo’lini
Ko’rsatuvchi ulug’ dohiy sen eding,
Sendek kishi Sharq eliga tansiqdi...
Avvalo shuni yodda tutish lozimki, Cho’lpon bu she’rni qandaydir majburiyat orqasida yozgan emas: nimaiki deyayotgan bo’lsa chin dildan aytadi. Dastlabki satrlardanoq muallifning marksizmga munosabati yaqqol ko’zga tashlanib turibdi: Cho’lpon bashariyatni saodatga yetaklovchi birdan-bir to’g’ri yo’l deya uqdirilayotgan marksizmga tayyor retsept, qotib qolgan dogma deb qaramaydi, unga ijodiy yondashish zarurligini chuqur his qiladi. Shoirning tushunishicha, marksizm Sharqda ko’r-ko’rona qo’llanmasligi kerak, aksincha, bunda Sharqning o’ziga xos xususiyatlari, sharq mamlakatlarining ijtimoiy taraqqiyot darajasi albatta e’tiborda tutilishi lozimdirki, buning uchun ta’limotning o’zi shunga moslanishi darkor. Cho’lponning musulmon sotsialistlari rahnamosi Mullanur Vohidovni Sharqqa qutulishning yo’lini ko’rsatuvchi ulug’ dohiy deb atashi ham shundan dalolat beradi. Ko’rinadiki, qarashlarida ilgaridan birmuncha sollik mavjud bo’lgani, ikkinchi tomondan, yurtini ozod ko’rish istagi Cho’lponning Orenburgda ekanida sotsialistik g’oyalarni o’ziga xos tarzda qabul qilishiga asos bo’ladi. O’ziga yo’rgakda tekkan Istiqlol va Taraqqiy dardiga davoni shoir endi shu ta’limotdan topmoqchi bo’ladi, tabiiyki, shu g’oya uchun amalga oshirilgan Oktyabr inqilobiga munosabati ham o’zgaradi.
Sharq nurida Cho’lponning 20-yillar she’riyati, publitsistik chiqishlarida markaziy o’rin tutgan Sharq mavzusi ilk bor qalamga olingan edi. Shoir bilgan Sharqning tarixi bir bet bo’lsin oq satrni ko’rmagan; uning qay burchiga qaralsa yo’qlik, o’lim, zulm, qarg’ish to’lib toshgani ko’riladi. Cho’lpon chetlar panjasida ko’zi yoshli Sharq haqida kuylarkan, tabiiyki, vatani Turkistonni undan istisno qilmaydi. She’rdan olingan ayrim satrlarning mazmuniga e’tibor qilsak: Sharqning qaysi burchagini (ya’ni, istisnosiz D.Q.) qarasang, Sharqni boshdan-oyoqqacha yurarding, U dushmanlar butun Sharqning dushmani... fikrimizning to’g’riligiga qanoat hosil qilish mumkin bo’ladi. E’tiborli jihati shundaki, Cho’lpon qayg’urayotgan zamin hududi tobora kengayib boradi: Turkiston Turon bolalari mazlum Sharq. Albatta, bu avvalo shoirning hayotiy tajribasi ortgani, dunyoda yuz berayotgan hodisalar mohiyatini chuqurroq anglay boshlagani bilan bog’liqdir. Biroq, bu o’rinda masalaning ikkinchi muhim jihatini aslo nazardan qochirib bo’lmaydi. Gap shundaki, Cho’lpon Sharq dardini yonib kuylagan inqilobdan keyingi dastlabki yillardayoq turkchilik g’oyalarining istibdodga qarshi kurash ruhidan yaralganini inkor qilib, uni millatchilikning bir ko’rinishi sifatida baholashlar, panturkizm atalmish soxta, hodisa mohiyatiga mutlaqo nomuvofiq istilohlarni o’ylab topishlar boshlanib bo’lgan edi. Ko’ramizki, Sharq mavzusi, bir tomondan, masalaning kengroq qo’yilayotganidan dalolat bo’lsa, ikkinchi tomondan, vatan ozodligi g’oyasini ifodalashning mumkin bo’lgan yagona vositasi ham edi. Fikrimizni dalillash maqsadida H.Olimjonga murojaat qilamiz: Hind ixtilolchilari va Chin sevishning yozilish vaqti 1920 yillarga, Turkistonda Sovetlarning mahkamlana boshlagan vaqtiga to’g’ri keladi. Bu vaqtda Fitrat o’zining qarashlarini inqilobning birinchi-ikkinchi yillarida yozilgan Temur sag’anasida ifoda qilganiday ochiq va yalang’och ifoda qila olmaydi, chunki ortiq millatchilik aksil inqilobining qanotlari qirqila boshlagan va millatchilar Sovetlarga qarshi ochiqdan-ochiq kurashdan niqoblanishlarga o’tgan va o’ta boshlagan edilar.1 Avvalo, H.Olimjonning fikrlariga kichkinagina aniqlik kiritish lozim: Fitratning tilga olingan asarlari aslida inqilobning birinchi-ikkinchi yillarida yozilgan edi. Buni Chin sevishning 1920 yilda sahnalashtirilganiyu Hind ixtilolchilarining xuddi shu yil Berlinda nashr etilganidan ham bilsa bo’ladi. Ko’rinadiki, o’sha vaqtdayoq mavzuda Hindiston hayotiga ketsa ham, mazmunda tamom Turkistonda qoladigan asarni yozgan Fitrat fikrlarini ifodalash uchun, H.Olimjon aytmoqchi, niqoblanishga majbur edi. Mazkur mulohazalarimiz, bizningcha, Cho’lponning Sharq mavzusida yozilgan she’rlariyu publitsistik chiqishlarini matndan kengroq tushunish va talqin qilish lozimligini ko’rsatadi.
Fevral inqilobidan keyingi qariyb ikki yil vaqt davomida ijtimoiy-siyosiy faoliyat qozonida obdon qaynab, hayotiy tajribasi ortgan, qarashlarida yuqoridagicha o’zgarishlar yuz bergan Cho’lpon 1919 yil boshlarida Turkistonga qaytib keladi. Adibning maslakdoshlari jadidlarning shu yillardagi faoliyati haqida yana H.Olimjondan o’qiymiz: Siyosat bobidan surilib chiqqan, fevral inqilobi davridagi jonsarak urinishlari xayolga aylangan o’zbek burjua ziyolilari butun kuchni madaniy adabiy maydonga tashladi. Ular, taxminan, butun gazeta va jurnallarga o’rinlashib oldilar.
Maktab-maorifning asosiy shahobchalari ularning qo’lida qoldi. Adabiy maydon va adabiy tashkilotlarga o’z changallarini solib, ularni millatchilik mafkurasiga xizmat qildirdilar. Muallif munosabatini e’tibordan soqit qilsak, bu o’rinda biz uchun muhim ma’lumotlar borligi ayon bo’ladi. Ko’ramizki, jadidlarning so’l qanoti yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy sharoitda kurash taktikasini o’zgartirgan: ular sotsialistik g’oyalaru sotsialistik inqilob yuzaga keltirgan jamiki imkoniyatlarni xayolga aylangan urinishlarini ro’yobga chiqarish Istiqlol va Taraqqiy maqsadiga xizmat qildirish payida bo’lganlar.
O’zining tergovga bergan ma’lumotiga ko’ra, Cho’lpon 1919 yil boshlarida Toshkentda Fitrat bilan uchrashadi. Bu paytda Fitrat boshchilik qilgan Chig’atoy gurungi faoliyati boshlangan bo’lib, Cho’lpon ham unda ishtirok qiladi. Keyinroq, 1927 yilda Fitrat Chig’atoy gurungi bevosita siyosat bilan mashg’ul bo’lmoqni istamadi, yolg’iz til, imlo, adabiyot bilan shug’ullandi deb yozsa-da, haqiqatda maslakdoshlarni birlashtirgan bu gurung boshqa muhim masalalarga ko’z yumib turmaganligi aqlga tayin, albatta.
Aytmoqchimizki, o’ngu so’lligidan qati nazar, barcha jadidlar uchun umumiy bo’lgan milliy istiqlol va taraqqiy masalalarini gurung ishtirokchilari hech yo’q tor doirada muhokama qilganlar, fikr almashishganlar. Yuqorida aytganimizcha, kurash taktikasi ayni shu uyushma bag’rida yetilgan bo’lishi ham ehtimoldan xoli emas. Har holda, Cho’lponning Chig’atoy gurungida ishtirok etishiyu besh yilga yaqin umrini ijodi gurkiray boshlagan, Go’zalga o’xshagan she’rlar yaratilgan davrni muttasil jurnalistlik ishiga bag’ishlashi orasida aloqa bordek ko’rinadi bizga.
Ishtirokiyun gazetasining 1919 yil 6 mart sonida Qizil baynalminal nomli she’r e’lon qilindiki, buni vataniga qaytgan Cho’lponning matbuotdagi ilk chiqishi sifatida ko’rsatish mumkin. Aslida ilgariroq, 1918 yil oxirlarida yozilgan she’r ruhi Cho’lponning uni e’lon qilgan vaqtdagi ruhiyati va qarashlariga mos edi, albatta. Bir qarashda nomlanishining o’ziyoq she’rning qizilligidan darak berib, u haqda muayyan xulosa chiqarish imkonini berayotgandek. Biroq xulosaga shoshilmasdan, she’r mazmuniga durustroq e’tibor qilinsa, o’zgacharoq manzaraga duch kelamiz. Xuddi Sharq nurida ko’rganimizdek, bunda ham Sharq mavzusi ishlanadi, biroq, avvalgi she’rdan farq qilaroq, Qizil baynalmilalda Sharqu G’arb ziddiyati ochiqchasiga ifoda etiladi: Ko’mir kabi bulutlari yot ellar, Ul ellarning qulligida ezilgan Sharq ellari.... E’tibor bering-a, shoir sotsialistik ta’limotga muvofiq Sharqni G’arb burjuaziyasi ezmoqda deyayotgani yo’q, uning talqinida ezilgan Sharq va ezuvchi G’arb bor, xolos. Bir qarashda bu fikrimizni quyidagi satrlar inkor qilayotgandek tuyulishi ham mumkin:
Sharq ellari asir kabi ishlaylar
Bir hovuch ham kelmaydigan xalq uchun...
Sharqli kishi qatiq yesa non topmas
Bir hovuchlar yemagiga nom topmas...
Ko’rinadiki, bir hovuchlar deyilganda aynan ekspluatator sinflar nazarda tutiladi, deya ettiroz qilinishi mumkin. Xo’sh, unda nima sababdan shoir sharq ellari bir hovuch ham kelmaydigan xalq uchun ezilib ishlaydi, deb yozadi? Bu jo’ngina uslubiy g’alizlikmikan? O’ylashimizcha, yo’q. Cho’lpon, avval ham aytganimizdek, sotsializm g’oyalariga xayrixoh bo’lgani holda uning qarashlari bolshevizmdan jiddiy farqlanadi. Tabiiyki, bolsheviklarning nashr afkori bo’lmish Ishtirokiyunda e’lon qilinadigan asarda asl niyatning birmuncha pardalanishi, H.Olimjon aytmoqchi, niqoblanish zarur edi. Ko’rinadiki, shoir, bir tomondan, bolsheviklarda urf bo’lgan iboralar (ezilgan, eziluvchi, ‘bir hovuchlar)ni ishlatishga majbur, ikkinchi tomondan, ularga yangicha ma’no yuklagani holda Sharq ozodligi, milliy ozodlik g’oyalariga xizmat qildirishga intiladi.
Cho’lpon Sharqning ayanch ahvolidan so’zlarkan, nahot uning qutulishiga yo’l yo’q bo’lsa? degan savol qo’yadi-da, o’zi javob beradi unga:
Ilgarida bo’lmasa ham endi bor,
G’arb ustida bosh ko’targan ulug’ kuch.
Ul kuchdir kim, mazlumlarga yo’l ochar,
Zolimlarga na’a tortar:
- O’ch, o’ch, o’ch!.
Tabiiyki, shoir ulug’ kuch deganida oktyabr inqilobini nazarda tutadi. Biroq, she’rning umumiy ruhidan kelib chiqilsa, mazlumlar va zolimlarning kontekstual ma’nosi kengayadi. Ya’ni, bu o’rinda mehnatkashlar va ekspluatatorlargina emas, ko’proq Sharq va G’arb nazarda tutilgani anglashiladi. Ayniqsa, she’rning yakunlovchi bandi Cho’lponning oktyabr inqilobiga munosabatini, qarashlaridagi o’ziga xoslikni yorqinroq tasavvur qilishimizga imkon beradi:
Bir yildirkim, ko’k yuzida tug’ildi,
Qizil qonlar orasidan qizil oy,
Bir tarafdan qahr, zulmat quvildi,
Sharqni yana ul qizil oy qutqargay!..
Ortiq yetar ezilganing, ey Sharq!
Qanot qoqib oyga qarab yuksal,
Asirlikdan qutulmoqqa zo’r shart:
Qo’lda yarog’, tilda Baynalmilal!
Cho’lpon oktyabr inqilobi o’z yurtidagi qahr, zulmatni quvishi, Sharqni asoratdan qutultirishiga ishonadi. Lekin bu o’rinda muallif inqilobni eksport qilish yoxud o’sha paytda bolsheviklarning butun xayolini egallagan jahon revolyutsiyasini nazarda tutmaydi, yo’q. Oktyabr inqilobi shoir nazarida mudroq Sharqni uyg’otishi, uni kurashga chorlashi lozim, xolos. Chin ma’nodagi ozodlikka esa Sharq, jumladan Turkiston xalqlari qanot qoqib oyga qarab yuksalsalar, qo’lda yarog’u tilda baynalmilal bilan kurashga kirsalargina erishishlari mumkin. Bir qarashda bu fikrimizda ichki ziddiyat mavjuddek: axir, Turkiston xalqlarining oyga qarab intilishlariga na hojat? Axir shoirning o’zi Turkiston ko’kida oy porlaganiga bir yil bo’ldi, deb turibdi-ku? Bu xil e’tirozlarda jon bo’lishi mumkinligini inkor qilmagan holda she’rni yuqoridagicha talqin qilishga moyilmiz. Albatta, buning uchun she’rning o’zidan asos topishimiz lozim, aks holda talqinda sub’ektivizmga yuz tutgan bo’lamiz. Ho’sh, she’rni bizchasiga talqin qilishga imkon beruvchi unsurlar, ishoralar bormi? Bizningcha, bor. Avvalo, shoir G’arb ustida bosh ko’targan ulug kuch haqida yozadiki, buni Turkiston ko’kida porlagan oy sifatida tushunishga shoshilmay turaylik. Ikkinchidan, qarshimizga bir savol qo’yaylik: nima uchun qizil oy? Xo’sh, oyga qizil deb sifat berilgani faqat uning qizil qonlar orasidan balqib chiqqani uchunmi? Unda nega shoir Sharqni yana ul qizil oy qutqargay deya ta’kidlab qaytaradi? Shu o’rinda she’rning boshiga qaytishimiz maqsadga muvofiq ko’rinadi. Shoir havoning buzuqligidan, ko’k yuzidagi ko’mir kabi qop-qora. bulutlardan boshlaydi gapni. Keyin esa:
Havo buzuq... To’g’ri, Sharqning havosi
Necha yildir juda yomon buzulgan...
Ko’k yuzida qator-qator chizilgan
Ko’mir kabi bulutlari yot ellar...
deb yozadi. Bizningcha, Cho’lponning she’r boshlanishidayoq ramzni qanday tushunish lozimligiga ishora qilishi bejiz emas: u o’quvchisini sergak torttirishga, keyin ham ramziy timsollar kelishidan ogoh etishga harakat qiladi go’yo. Agar Qizil oyni ham ramziy timsol deb qarasak, uning mano diapazoni, shubhasiz, ancha kengayadi. Avvalo, shoir inqilobni quyoshga (bu narsa ko’proq rasm edi) emas, oyga mengzamoqda. Oy esa, ma’lumki, musulmon dunyosi ramzlaridan biridir. Oyning sifatlovchisi bo’lmish qizil esa, o’z navbatida, sotsialistik g’oyalar ramzi bo’lib chiqadi. Demak, aytish mumkinki, Cho’lponning yuqorida ko’rganimizcha qarashlari sotsialistik g’oyalarni Sharqda o’ziga xos tarzda tatbiq etishu ularni islomiy qadriyatlarga muvofiqlashtirish mana shu ramz vositasida ifodalanadi.

Xulosa
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon! U hali o‘smirlik chog‘laridayoq Vatani Turkiston taqdiriga befarq bo‘lmagan. Otasi Sulaymonqul bazzozning g‘amxo‘rligi, moliyaviy ko‘magi tufayli Turkistondan tashqarida chiqadigan turkiycha, ruscha gazetalarni olib o‘qishga erishgan. Ularda hatto o‘zining ijtimoiy-siyosiy xabarlari, maqolalari bilan qatnashib turgan. Turkiy dunyoning ulug‘ ma’rifatparvarlari Ismoil G‘aspirali, Zaki Validiy To‘g‘on, Munavvar qori Abdurashidxonov, Ubaydulla Asadullaxo‘jayev va boshqalarning nazariga tushgan, ba’zilari bilan o‘zaro yozishmalar qilgan.


Bu o‘ta murakkab, Turkistonning ko‘p millatli xalqi qashshoqlik, chorasizlik, ma’rifatsizlikka mahkum bo‘lgan, aytish mumkinki, jaholatga botgan yillar edi. O‘sha yillari, ya’ni 1917 yili Rusiyada inqilob ro‘y berib, podshoh taxtdan ag‘darildi. Hokimiyat tepasiga Lenin boshliq bolsheviklar keldi. Turgan gapki, bunday evrilish Turkistonda ham ro‘y berdi. Mahalliy boshqaruv idoralari xodimlari orasida musulmonlar qariyb yo‘q edi. Ayniqsa, viloyatlar, qishloq va shaharlarda hokimiyatni savodsiz matrosu askarlar, uzoq muddat surgunda hamda qamoqlarda o‘tirgan alamzada kishilar, dashnoqlar ustiga-ustak, ichkilikka berilgan qalang‘i-qasang‘ilar boshqara boshladilar. Cho‘lpon istiqlol orzusida isyonga yo‘g‘rilgan ilk she’rlarini o‘sha yillarda yozgan.
Mamlakatdagi xo‘jasizlik, boshboshdoqlikdan foydalanishni ko‘zlagan ma’rifatparvar jasur bobolarimiz Toshkentda Turkiston muxtoriyatini e’lon qilmoqchi bo‘ladilar. Lekin bu ezgu niyatga bolsheviklar izn berishmaydi, ularni shahardan siqib chiqarishadi. Natijada Vatan fidoyilari ezgu niyatlarini Qo‘qonda amalga oshirib, Qo‘qon muxtor jumhuriyati tuzilganini e’lon qilishadi. Bu Rusiya tarkibidagi asosan madaniy-ma’rifiy, ta’lim sohasida mustaqillik istagan respublika edi. Ammo g‘anim ularni ayovsizlarcha bostiradi, odamlarni qirg‘inbarot etib, shaharning kulini ko‘kka sovuradi. Qo‘qon uch kun yonadi. Mazkur erksevarlar safida o‘sha paytdagi nomdor shoir va yozuvchilar qariyb bo‘lmagan. Faqat Cho‘lpongina ishtirok etgan, isyonga chorlovchi she’rlar o‘qigan. U Orenburgda tuzilgan Tatar-Boshqird respublikasi davlat raisining kotibi bo‘lib ham ishlagan. Cho‘lpon o‘ris inqilobidan keyin maxsus xizmatlarning “nazari”ga tushgan edi, ya’ni taqib ostiga olingandi. 20-yillarda bir muddat qamalgan ham. U 30-yillargacha yashirin faoliyat olib borgan, ozodlik uchun kurashgan “Milliy Ittihod”, “Sho‘roi Islomiya” tashkilotlarining a’zosi bo‘lgan.
Cho‘lponning hatto ishq-muhabbat mavzusidagi she’rlarida ham isyon, Vatan ozodligini sog‘inuvchi dard bor. Yaqqol fosh etuvchi realizmga ega. Ilk hikoyalaridayoq jaxolat, qashshoqlik, savodsizlik girdobiga tushgan Turkiston voqeligini mohirona chizib beradi. “Do‘xtir Muhammadyor”, “Novvoy qiz”, “Jaholat qurboni” “Oydin kechalarda”, “Qor qo‘ynida lola” kabi hikoyalar shular jumlasidandir. “Kecha va kunduz” romani esa milliy nasrimizning har tomonlama eng yuqori cho‘qqisida turadi. Undagi til go‘zalligidan, millatning asl qiyofasini, fojiasini, uning sabablarini, xalqning dardu iztiroblarini tiniq tasvirlaganligidan hayratga tushmay iloj yo‘q.
O‘tgan asrning 30-yillarida qatag‘on qilingan shoiru yozuvchilar va davlat arboblarining taqdirlari Cho‘lponnikidan keskin farq qiladi. Ularning ko‘pchiligi qurbon bo‘lgan esa-da, oradan ma’lum muddat o‘tib oqlanishgan. Sho‘ro davlatining “siylovlariga” musharraf bo‘lishgan. Ba’zilarining hayoti va ijodlarini maktab hamda oliy o‘quv yurtlarida o‘qib-o‘rganganmiz. Qariyb barchalarining asarlari bosilib chiqqan ko‘pchiliklari haqida ilmiy risolalar, kitoblar yozilgan. Biroq Cho‘lpon to‘g‘risida gapirish, yozish mutlaqo mumkin emasdi. Asarlari chop etilishini qo‘ying, hatto boshqalar bilan tushgan sur’atlari ham siyohda bo‘yab tashlangan.
Kommunistlar Cho‘lpon va uning xalqqa ta’sir kuchidan nihoyatda qo‘rqishgan ko‘rinishadi. Chunki u 20-30-yillarda elning chinakam “yulduz” shoiri edi. Qalb tug‘yonlari ham millat dardu iztiroblariga juda-juda yaqin, hamohang bo‘lgan.
Sho‘roning keyingi yillarida Cho‘lponning yozuv mashinkasida yozilgan she’rlarini hur fikrli kishilar qo‘lma-qo‘l o‘qishgan. Hatto romani ham shu yo‘sinda kitob qilingan. U arab, fors, rus qisman ingliz, nemis va turkiy xalqlar tillarini bilgan, tarjimalar qilgan. Agar milliy mustaqillikka erishmaganimizda Cho‘lponning nomi va asarlari hali hamon taqiq ostida bo‘lardi. U chin ma’noda istiqlol shoiridir, jasorat timsolidir. Uning qatli ham boshqalarnikiga o‘xshamaydi, ya’ni cho‘lponchasiga mardlarcha jon bergan.
Mamlakatimiz tarixida yangi davr boshlandi. Hur fikr, adolat tantanasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu niyatlarimizni oshkora bayon etmoqqa imkon yaratdi.
Hademay Cho‘lpon tavalludiga 120 yil to‘ladi. Bu sana, butun mamlakat bo‘ylab keng nishonlansa, to‘la asarlar to‘plami nashr etilsa, shoirning hayotini o‘rganuvchi maxsus komissiya va yurgan yo‘llarini aniqlovchi ekspeditsiya tuzilsa yaxshi bo‘lar edi. Shoir haqida ilmiy va badiiy asarlar yaratish, o‘quv darsliklariga kengroq kiritish, uning to‘g‘risida badiiy hamda hujjatli film ishlash ham maqsadga muvofiqdir. Poytaxtdagi adiblar hiyobonida Cho‘lponning haykali ham bo‘lishi kerak.
Cho‘lpon – jasorat timsoli. U mustabid tuzum davrida, joni muqarrar xavf ostidaligida ham Vatan ozodligini, millat erkini baralla kuylay olgan ijodkordir. Uning hayoti va ijodi, kurashlari yoshlar, ayniqsa, yigitlar tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi. Chunki u yigitlarimizni mardlikka, Vatan uchun fidoyi bo‘lishga undaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar



1. Aliyev A. Ma’naviyat, qadriyat va badiiyat . – T.: Akademiya,2000.
2. Alimova A., Rashidova A. Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning tarixiy
tafakkuri. T.: Akademiya, 1999.
3. Avloniy A. Asarlar. 2 tomlik. – T., 1998.
4. Mamajonov S. Bizning Cho‘lpon. – T.: Yozuvchi, 1997.
5. Mirzayev S. Hayot va adabiyot. – T.: Sharq, 2001.
6. Mirzayev S. XX asr o‘zbek adabiyoti. – T., 2005.
7. Mirvaliyev S. O‘zbek adiblari. – T.: Yozuvchi, 2000.
8. Normatov U. Umidbaxsh tamoyillar. – T.: Ma’naviyat, 2000.
9. Normatov U. Tafakkur yog‘dusi. – T., 2005.


Yüklə 70,13 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə