9
O`quv kursida davlat va huquq masalalariga beriladigan tavsif quyidagi tizimga asosan bayon qilinadi:
1. O`rganilayotgan davlatning tashkil topishi (kelib chiqishi, paydo bo`lishi, o`rnatilishi, e’lon qilinishi).
2. Uning ijtimoiy tuzumi, ya’ni sotsial anatomiyasi.
3. Uning davlat
tuzumi - davlatning tipi, boshqarish shakli, tuzilishi, mexanizmi, armiyasi,
politsiyasi va sud
tuzilishi hamda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari.
4. Huquqning asosiy belgilari - huquq manbalari, sohalari va institutlari.
Ushbu tizimdan chetga chiqish faqat ba’zi hollardagina yuz berishi mumkin. Masalan, alohida
mamlakatlarning davlati va huquqi rivojlanishidagi o`ziga xos xususiyatlardan, shuningdek, ba’zi mamlakatlar davlati
va huquqi o`rganilayotganda yuqoridagi elementlardan birortasi haqida to`liq ma’lumotlar bo`lmagan holatlardan kelib
chiqib, o`rnatgan tizimimizdan chetga chiqishimiz mumkin.
Shuni alohida qayd etib o`tmoq lozimki,
sulolalar, qo`zg`olonlar, urushlar, ilm-fan, madaniyat, me’morchilik
va hokazolar tavsifi Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi kursining mavzuiga kirmaydi. Lekin bular davlat va
huquqda o`zgarishlar bo`lishiga ta’sir etsa u holda bu masalalar ham fanimiz predmetiga aylanishi mumkin.
6.Qadimgi Sharq mamlakatlarida davlat va huquq
rivojlanishining xususiyatlari
Sharq tushunchasi tarix fanida nafaqat geografik ma’noda, balki tarixiy-madaniy, sivilizatsiya
jihatlari bilan
ham ishlatiladi. Butun dunyo tarixida Sharqning tutgan o`rniga yetarli baho bermaslik aslo mumkin emas. Xuddi
Sharqda ibtidoiy jamoa tuzumi birinchi marta buzila boshlangan. Kishilik jamiyati rivojlanishidagi eng muhim ijtimoiy
va siyosiy institutlar, davlat, huquq, jahon dini ilk bor aynan Sharqda vujudga kelgan. Eng qadimgi yozuv tizimlari ham
dastlab Sharqda paydo bo`lgan.
Sharqdagi asosiy mamlakatlar (Ikki daryo oralig`i, Misr, Hindiston, Xitoy), keyinchalik esa boshqa
mamlakatlar ham o`zlarining geografik qulay joyda joylashganliklaridan juda barvaqt foydalana boshlaganlar.
Dastavval Sharqda - hududning asosiy qismi katta-katta daryolar (Dajla, Frot, Nil, Hind, Gang, Xuanxe va boshqalar)
vodiylarida va faqat uzoq chekkadagina tog` tizmalari va yassi tog`liklar tashkil qilgan mamlakatlarda davlatchilikka
o`tish ro`y bergan
1. Qadimgi Sharq davlatlari insoniyat tarixidagi dastlabki va eng qadimgi davlatlar bo`lgan.
Bu yerda eng
qadimgi shahar-davlatlar jamoa-urug`chilik tashkilotlarining yemirilishi natijasida miloddan avvalgi IV-III
yilliklardayoq paydo bo`lgan. Ular mehnat taqsimotining kuchayishi, boshqaruvchilik funksiyalarining
murakkablashuvi, shu bilan birga, bu funksiyalarni bajaruvchi shaxslarning ishlab chiqarishda ishtirok etmaydigan va
jamoa tepasida turuvchi oqsuyaklar tabaqasiga aylanishi natijasida tashkil topgan. Sharqda davlat ayrim olimlar e’tirof
etganidek, qullar va quldorlar sinfining paydo bo`lishi natijasida tashkil topmagan.
2. Bizga ma’lumki, Sharq davlatlari odatda daryolar havzalarida, masalan,
Misr Nil daryosi havzasida, Xitoy
Xuanxe, Bobil Frot va Dajla, Hindiston Hind va Jamna daryolari havzalarida tashkil topgan. Bu davlatlar hududida
dehqonchilik qilish esa botqoqliklarni quritish, irrigatsiya inshootlarini qurish asosida olib borilgan.
3. Sharq quldorchiligi asosan patriarxal quldorchilik bo`lib, uncha rivojlanmagan, antik dunyo
mamlakatlaridagi singari klassik shaklga ega bo`lmagan. Bu yerda qullar o`z
oilalariga, hatto ayrim mulklariga ega
bo`lganlar, qullarning mehnatidan ko`proq uy yumushlari va xo`jaligida, saroydagi turli past lavozimlarda
foydalanilgan. Qadimgi Hindistonda xo`jayinning qullarga nisbatan o`zboshimchaliklarini cheklashga qaratilgan davlat
qonunchiligi bo`lgan.
4. Sharq mamlakatlari ijtimoiy tuzumi o`zining tabaqalashganligi, darajalanganligi, ayirmaliligi, pog`onama-
pog`onaliligi bilan ham ajralib turadi. Masalan, Bobilda hukmron tabaqalarning o`zi ham ikkiga (avilium va
mushkenuga) bo`lingan yoki Hindistonda kastali (toifali) tuzum mavjud bo`lib, ozod aholining o`zi braxmanlar,
kshatriylar, vayshiylar va shudralar deb ataluvchi toifalarga ajratilgan hamda ularning huquqiy
holati turlicha
belgilangan. Ko`p ukladli ishlab chiqarishga asoslangan xo`jalik hayotining tuzilishi qadimgi Sharq jamiyatlarining
ijtimoiy tarkibi juda rang-barang, xilma-xil bo`lishini belgilagan. Ulardagi barcha aholi qatlamlarini jamiyatda tutgan
o`rniga, shug`ullanadigan mashg`ulotiga, bir-biriga o`zaro bog`liqlik darajasiga va shu kabilarga qarab umuman
quyidagicha uch guruhga ajratish mumkin: 1) ishlab chiqarish vositalaridan mahrum bo`lgan va
qaramlik holatida
turgan turli toifadagi shaxslar, jumladan qullar ham; 2) erkin mayda ishlab chiqaruvchilar - o`z mehnatlari evaziga
yashovchi jamoachi-dehqonlar va hunarmandlar; 3) hukmron ijtimoiy tabaqa saroy va xizmatchi zodagonlar,
armiyaning qo`mondonlik tarkibi, dehqonchilik jamoalarining boy yuqori qismi va boshqalar.
5. Qadimgi Sharq jamiyatlarining muhim xususiyatlaridan biri ularning an’anaviyligidadir. Sharq
mamlakatlaridagi barqaror ko`pukladlilik, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy shakllarning va institutlarning, hukmron diniy
mafkuraning tarixan meros bo`lib o`tishligi qadimgi Sharq jamiyatlarining an’anaviylik xarakterga ega bo`lganligini
ko`rsatadi. Buni uzoq vaqt hukm surgan qadimgi Hindiston va qadimgi Xitoy tarixi misolida yaqqol ko`rish mumkin.
Ularning mustahkam va o`zgarmas g`oyaviy-diniy yo`l-yo`riqlar bilan muqaddaslashtirilgan
ijtimoiy-siyosiy tuzumi va
huquqiy tizimi fikrimizning dalilidir.
6. Sharq mamlakatlari o`zining davlat tuzumi bo`yicha ham antik dunyo mamlakatlaridan farq qilgan. Qadimgi
Sharq davlatlari tashkil topgan vaqtdan boshlaboq despotik shakldagi davlatlar bo`lgan. Bunga ko`ra, davlat boshlig`i –
despot (podsho, fir’avn) hokimiyati cheklanmagan bo`lib, uning qo`lida ijtimoiy hokimiyatning hamma tarkibiy
elementlari – oliy qonun chiqarish, ijro etuvchi, sud va harbiy hokimiyat to`plangan.