Abdulla Qahhor



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə17/39
tarix24.12.2023
ölçüsü5,01 Kb.
#160527
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   39
Abdulla Qahhor. Anor [@kitoblar pdf]

TO‘YDA AZA
Zo‘ri behuda miyon meshikanad.
Dotsent Muxtorxon Mansurov nihoyatda istarasi issiq,
nihoyatda dilkash chol, shu qadar dilkashki, uni ko‘rgan kishi
har faslning o‘z husn-latofati bor degan gapni yil fasllari
to‘g‘risidagina emas, umr fasllari to‘g‘risida ham aytsa bo‘lar
ekan deb qolardi. Uning bitta-ikkita qora tuk chap berib
qolgan oppoq cho‘qqi soqoli... Yopirimay, soqol ham odamga
shuncha yarashadimi-ya!..
Cholni bunchalik istarasi issiq, dilkash qilgan, soqolidan
tortib yurishigacha hamma narsasini, har bir harakatini chi-
royli, yoqimli qilib ko‘rsatgan, ehtimol, uning odamoxunligi
ham bo‘lsa. O‘zi shunaqa bo‘ladi-ku: yaxshining yuzida zuluk
ham xol bo‘lib ko‘rinadi.
Ammo-lekin Muxtorxon domla nafsilamriga odamning joni
edi. Uning xushfe’lligi, to‘poriligi... mahallada katta-kichik
hamma bilan salomlashar, yosh bilan yosh, qari bilan qari
bo‘lib gaplashar, xursand kishi bilan chaqchaqlashib, xafa bilan
dardlashar edi. Bu odam mahalla hayotiga, har bir kishining
diliga kirib, shu qadar singib ketgan ediki, ta’tilga yo xizmat
safariga ketsa butun mahalla huvillab qolganday bo‘lar edi.
Kunlardan bir kuni mahallada duv-duv gap bo‘lib qoldi:
«Muxtorxon domla uylanarmishlar!..»
Domla bundan uch yil burun beva qolib, unga goh singlisi,
goh uzatgan qizi qarab yurar edi. Uning niyatini eshitib
mahallada xursand bo‘lmagan odam qolmadi.
Hech kim qarigan chog‘ida juftidan qolmasin. Osonmi,
kishi nima bo‘lishini bilmaydi, bosh yostiqqa tegishi bor...
Qari odamga mahram kerak...
Hali hech kim ko‘rmagan bo‘lsa ham Muxtorxon domla
yoqtirgani uchun juda aqlli, tamizli ayol chiqishi muqarrar
bo‘lgan kelinni hamma g‘oyibona yaxshi ko‘rib qoldi.
Mahallamizning toleyi bor ekan,– deyishar edi.–
Domla otaxonimiz edilar, kelinimiz bizga onaxon bo‘ladilar...
Mish-mish rost bo‘lib chiqdi: domla bozor qilishni,
magazinga kirishni jinidan battar yomon ko‘rar edi, kimdir
uni univermagda navbatda turganini ko‘ribdi; ertasiga choy-
xona oldidan chamandagul do‘ppi kiyib o‘tdi.


110
Mahalla faollari kengashib, mahalla nomidan yaxshiroq
bir to‘yona qiladigan bo‘lishdi. Ularning fikricha, bu narsa
kuyovga ham, kelinga ham butun aholining hurmat va muhab-
batini izhor qilishi kerak edi.
Shu orada domla qayoqqadir ketib, bir haftadan keyin
paydo bo‘ldi. Uning avtobusdan tushib kelayotganini ko‘rgan
choyxonadagi odamlar hang-mang bo‘lib qolishdi: chol o‘lgur
soqolini, shunday chiroyli soqolini tag-tugi bilan qirdirib
tashlabdi! Achinmagan, xafa bo‘lmagan odam qolmadi.
U biron yoqqa borib qaytganida choyxonaga kirmasdan,
katta-kichik bilan ko‘rishib, hol-ahvol so‘ramasdan o‘tmas
edi, hozir choyxonaga yaqinlashganida ko‘chaning narigi
yuziga o‘tib oldi-yu, yerga qarab, jadallaganicha o‘tdi-ketdi.
Uning o‘zigagina emas, butun mahallaga fayz kirgizib turgan
soqolini oldirgani, buning ustiga yana choyxonani chetlab
o‘tgani ba’zilarni tashvishga solib qo‘ydi:
– Domlamizga nima bo‘ldi ekan? Domlamiz nega bunaqa
bo‘lib qoldi ekan?..
Domlaga hech bir g‘ubor qo‘nishini istamagan boshqalar
bu ikki gunohni bir-biriga yegizib, uni oqlashga tirishdi:
– Domlamiz biron xayolga borib soqolini qirdirgan-u,
hozir pushaymon, uyalganidan bizga ro‘para bo‘lmadi...
Oradan ko‘p o‘tmay choyxo‘rlardan biri qiziq bir gap
topib keldi. Bu yigit domlani shaharning narigi chekkasidagi
parkda ko‘ribdi. Domla, boshida chamandagul do‘ppi, egnida
kalta va tor shim, katak ko‘ylak, yengini baland shimargan,
bilagida kattakon tilla soat, o‘zi yakka pivo ichib o‘tirgan
emish! Uning bunday odati yo‘q edi, shuning uchun yigit
hayron bo‘lib biroz qarab turibdi. Domla ikki shisha pivoning
ustidan yuz gramm araqni bitta otib o‘rnidan turibdi-yu,
gulchidan kattakon guldasta sotib olib, parkning orqasidagi
jinko‘chaga kirib ketibdi. Bu gapni eshitib odamlarning dami
ichiga tushib ketdi. Ba’zi birovlarning ko‘ngliga allaqanday
jirkanch, domlaning sha’niga hech to‘g‘ri kelmaydigan gaplar
keldi... Shunda mahallaning qariyalaridan Karim ota hozir
ba’zi birovlarning ko‘ngliga kelgan gapdan ham xunukroq
bir taxminni aytib qoldi:
– Xayr, ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin,– dedi, – kelinimiz
yoshga o‘xshaydi... Qiz bo‘lmasa deb qo‘rqaman!


111
Karim otaning bu taxmini, domlaning keyingi vaqtlardagi
raftoriga qaraganda ehtimoldan uzoq bo‘lmasa ham, odam-
larga qattiq malol keldi. Bir-ikki kishi Karim otaning dilini
og‘ritdi.
Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, Karim otaning taxmini to‘g‘ri
chiqib qoldi: «Domla o‘zining talabasi – yigirma yashar bir
juvonga uylanayotgan emish», degan gap tarqaldi.
To‘yga yaqin qolganda kelin ko‘chaning boshidagi atelyega
ko‘ylak buyurgani kelgan ekan, nima bo‘lib bundan xabar
topgan ayollar ko‘rgani borishdi. Kelin darhaqiqat yosh, lekin
xuddi qiziqchilikka semirganday yum-yumaloq; egnida yengsiz
qizil ko‘ylak, boshida popushakning tojiga o‘xshagan qizil
shlapa; qo‘lidagi sumkasi, oyog‘idagi poshnasi bir qarich tuflisi
ham qizil. Uni adovat va nafrat bilan boshdan-oyoq kuzatgan
ayollardan biri burilib atelyedan chiqib ketar ekan:
– Xo‘rozqandga o‘xshamay o‘l! – dedi.
– Qarigan chog‘ida xo‘rozqand yalamay domla ham
o‘lsin!– dedi yana biri.
Bu laqab darrov tarqalib ketdi. Domlaga qo‘l urish bilan
mahallaning fayzini o‘g‘irlagan, odamlarning dilini hamisha
yoritib turadigan chiroqni so‘ndirgan bu ayolni ko‘rgan ham,
ko‘rmagan ham toshni teshadigan bir g‘azab bilan yomon
ko‘rar edi. Bu g‘azab odamlarning ko‘nglidagi domlaga bo‘l-
gan hurmat va muhabbat tuyg‘usini chirita boshladi. Bora-
bora domla deganda odamlarning ko‘ngliga g‘ashlik tushadigan
bo‘lib qoldi. Domla shuni o‘zi sezsa kerak, mumkin qadar
odamlarning ko‘ziga ko‘rinmaslikka tirishadigan bo‘ldi.
To‘y kelinnikida bo‘lib o‘tdi. Buni mahallada Karim otadan
boshqa hech kim bilmay qoldi. Karim ota ham to‘yga emas,
kabob pishirib bergani chaqirilgan ekan. Bundan xabardor bo‘lgan
mahalla yoshlari uni hol-joniga qo‘ymay, choyxonaga olib
chiqishdi va to‘y qanday o‘tganini gapirib berishga majbur qilishdi.
Karim ota «birovning sirini aytmayman», deb avval tarxashlik
qildi-yu, bir-ikki savolga javob berganidan keyin qulfi dili ochilib
ketdi: ikki gapning birida peshonasiga urib, goh bo‘g‘ilib va goh
qotib-qotib kulib, odamlarni kuldirib hikoya qildi.
To‘yga kelin tomondan ellikka yaqin, kuyov tomondan sakkiz
kishi aytilgan ekan, ikkala tomondan hammasi bo‘lib o‘n bir
kishi kelibdi. Bir dutorchi, ikki ashulachi va Karim ota ham


112
shu hisobga kirar edi. Soat oltiga belgilangan to‘y soat o‘ndan
oshganda boshlanibdi. Kelin birpas boshiga oq ro‘mol yopinib
o‘tiribdi-yu, bir-ikki qadah ichgandan keyin, alamiga chidol-
may o‘yinga tushibdi. Domla chapak chalibdi, ashulaga
qo‘shilibdi...
– Ha, aytganday,– dedi Karim ota piqirlab kulib, –
domla sochlarini bo‘yatibdilar!.. Azbaroyi xudo, kuya tushgan
po‘stakka o‘xshaydi!.. Mayli, bo‘yoq topilgan bo‘lsa bo‘yasin,
lekin shu bo‘yoq bilan qilig‘ini ham bo‘yashga, sochiga mos
qiliqlar qilishga urinsa uncha yaxshi chiqmas ekan!
Darhaqiqat, domlaning fikr-yodi o‘zini iloji boricha yosh
ko‘rsatishda bo‘lib qoldi. U nima qilsa, nima desa shuni
esdan chiqarmas, yosh ekanini ko‘rsatish uchun qulay kelgan
hech bir imkoniyatni qo‘ldan bermas, «hali yoshsiz» degan
kishiga jonini, jahonini berishga tayyor edi.
To‘ydan keyin oradan bir oy o‘tar-o‘tmas kelin g‘alati
bir dardga yo‘liqdi: ba’zan kechalari hadeb chuchkiradigan
bo‘lib qoldi; shifokorga ko‘ringan ekan, shifokor «Bu dardning
davosi – dengiz havosi», debdi. Domla ertasi ertalabdan
idorama-idora yugurdi, soat to‘rtga qolmasdan yo‘llanma
bilan poyezd biletini keltirib kelinga topshirdi.
Kechqurun eshik oldida ko‘kish taksi ko‘ndalang bo‘ldi.
Domla kuni bo‘yi yelib-yugurib holdan toyganiga qaramay,
ikkita og‘ir chamadonni mashinaga o‘zi olib chiqdi va yukxonaga
o‘z qo‘li bilan joyladi; o‘sha yengsiz qizil ko‘ylagini, qizil
shlapasini kiyib hovlidan yana xo‘rozqand bo‘lib chiqqan kelinga
mashinaning eshigini ochib berdi, keyin chiqib yoniga o‘tirdi.
Mashina jo‘nadi, jo‘nadi-yu, tezlab do‘ngroq ko‘prikdan
o‘tishda nima bo‘lib yukxonaning qopqog‘i bir ko‘tarildi-da,
boyagi ikkala chamadon otilib chiqdi. Ikkala chamadon, xuddi
bir-biri bilan chopishganday, irg‘ishlab-irg‘ishlab talay yerga-
cha bordi-yu, biri yo‘lning o‘rtasida, ikkinchisi yo‘lakchaga
chiqib to‘xtadi. Shofer bundan kechroq xabardor bo‘ldi
shekilli, mashina qirq-ellik qadam narida to‘xtadi. Mashina
to‘xtashi bilan domla eshikdan otilib chiqdi, chamadonlarga
qarab yugurdi va ketidan chopgan shofer, choyxonadan
yugurib tushgan uch-to‘rt kishining ko‘magini rad qilib, har
birini bir odam zo‘rg‘a ko‘taradigan ikki chamadonni o‘zi
yakka ko‘tardi va mashinaga tomon yurdi. U yarim yo‘lgacha


113
chamadonlarni azod ko‘tarib, bardam qadam tashlab bordi-
yu, undan nari rangi oqarib, tizzalari qaltirab tentiray boshladi;
shundoq bo‘lsa ham, nomus kuchi bir iloj qilib mashinaga
yetib bordi; chamadonlarni qo‘ydi-yu birdan ko‘zlarini ishqab,
mashinaga kirib ketdi. Shofer chamadonlarni yaxshilab joyladi.
Mashina qo‘zg‘aldi, qo‘zg‘aldi-yu o‘n-o‘n besh qadam
yurmasdan, birdan eshigi ochildi, xo‘rozqand dodlaganicha
o‘zini yerga otib, ikki-uch dumalab ketdi. Odam yig‘ildi.
Xo‘rozqandni ko‘tarib olishdi. Xo‘rozqand gapirolmas, dir-
dir titrab, kishnaganday bir tovush chiqarar va qo‘li bilan
mashinani ko‘rsatar edi.
Bir necha kishi mashinaga tomon yugurdi. Shofer qo‘rqib,
nima bo‘lganiga tushunolmay, bir chekkada turar edi. Odamlar
mashinani ochib qarashsa, domla... o‘lib qolipti!
Ertasiga domlani ko‘mish marosimi bo‘ldi. Marosimga
mahalladan odam ko‘p qatnashmadi, aftidan, domla ko‘p
odamning qalbida bundan bir oy burun o‘lgan, ko‘plar o‘sha
to‘yni domlaning janozasi hisoblashgan edi...

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə