6. Xonliklar davri tarixiy geografiyasi Tayanch iboralar


Qо‘qon xonligining tashqi iqtisodiy aloqalari



Yüklə 1,53 Mb.
səhifə10/18
tarix31.03.2022
ölçüsü1,53 Mb.
#84904
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   18
6MAVZU

Qо‘qon xonligining tashqi iqtisodiy aloqalari

XVIII asr boshlarida tashkil topgan Qо‘qon xonligi О‘rta Osiyodagi qudratli davlatlarning biriga aylana bordi. Buning natijasida mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy hayot iziga tushdi, ichki va tashqi savdo rivojlandi. Yangi bozorlar, savdo rastalari, dо‘konlar qurildi, mavjudlari ta’mirlandi. Uz navbatida savdo-sotiq jarayoni ham tartibga solindi. XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab siyosiy mavqeini tiklab olgan Qо‘qon xonligi о‘z puliga ega bо‘ldi va tovar-pul munosabatlari hududostiga olindi. Savdo xonlik iqtisodining ajralmas qismi hisoblanib, mamlakat uchun ham muhim daromad manbai bо‘lgan. Qо‘qon xonligi Rossiya, qozoq dashtlari, Qashqar, Xitoy, Afg‘oniston, Eron, Hindiston, arab mamlakatlari, Turkiya va boshqa davlatlar bilan faol savdo aloqalarini olib borgan.34 Qо‘qon xonligi bilan tashqi savdo aloqalariga ega mamlakatlardan biri Hindiston edi. Ikki davlat hududi bir biridan uzoqligi va karvon yо‘llari bir necha mamlakatlar hududlaridan о‘tishi savdo aloqalariga muayyan salbiy ta’sir kо‘rsatgan bо‘lsada, bu aloqalar davom etavergan. Qо‘qon xonligidan Hindistonga asosan xom ipak, ipak va yarim ipak matolar, quritilgan mevalar, rо‘yan, echki momigi jо‘natilgan. Shuningdek, qо‘qonlik savdogarlar tomonidan Hindistonga mahalliy hunarmandchilik mahsulotlaridan tashqari, Urta Osiyoning boshqa hududlarida tayyorlangan va Rossiya mollari ham olib borilgan. Arxiv ma’lumotlariga kо‘ra, XIX asr 60 - yillarida о‘rtalarida Qо‘qon xonligidan yiliga Buxoro amirligi, Afg‘oniston va Hindistonga 200.000 rubllik mol chiqarilgan. Ular ichida 8000 pud ipak ham bо‘lgan.35

Qо‘qon xonligida tayyorlangan ipakning «chilla» deb ataladigan navi Sharq mamlakatlarida, xususan, Hindistonda ham mashhur bо‘lgan. "Chilla" ipagining bahosi о‘sha davr uchun ancha yuqori bо‘lib, XIX asr 60 - yillarida Qо‘qon xonligi bozorlarida bir pudi 197 rub. 60 kop. dan sotilgan bо‘lsa, uning Buxoro bozorlaridagi narxi 240 rublgacha bо‘lgan hamda u Hindistonga kо‘plab olib ketilgan.36

XIX asr 30 - yillarida Hindiston, Afg‘oniston orqali О‘rta Osiyoga kelgan ingliz ofitseri A. Berns ma’lumotlariga kо‘ra, sifatli Qо‘qon ipagi Qobul orqali Hindistonga olib borilgan. 1867 yil Hindistonga Qо‘qon va Buxoro amirligidan 1000 tuyada ipak jо‘natilgan va uning og‘irligi о‘rtacha 12 ming pud atrofida bо‘lgan. Ipakning katta qismi Mо‘ltonda tayyor mahsulotga aylantirilgan va bir qismi Bombeyga jо‘natilgan. Bombeyda ipak savdosi samarali bо‘lib, bu port shahar orqali Qо‘qon ipagi Yevropa davlatlariga ham olib ketilgan.37



Qо‘qon xonligidan Buxoro va Qobul orqali Hindistonga ip-kalava, xususan, Namangan kalavasi olib borilgan. Ingliz G. Morgan ma’lumotlariga kо‘ra, XIX asr о‘rtalarida yiliga О‘rta Osiyo xonliklaridan Buxoro orqali Hindistonga 800 tо‘p ipak, 6000 pud ipak mahsulotlari - kanaus, rо‘mol, dasturxonlar keltirilgan.38

Hind savdogarlari Qо‘qon xonligidan oltin yombi va tilla tangalarni ham olib ketganlar. V. V. Velyaminov-Zernov ma’lumotlariga kо‘ra, XIX asr о‘rtalarida qorateginliklar xonlik bozorlariga mahalliy usulda tayyorlangan oltin yombilarni olib kelganlar va Qо‘qon bozorida Qorategin oltinining misqoli 16,5 tanga, kichikrog‘i 14,5 tangadan sotilgan. Ba’zi vaqtlarda bir misqol Qorategin oltinining narxi 18 tanga, kichikrog‘ining misqoli 16 tangaga sotilgan hamda bu oltinning katta qismi hind va afg‘on savdogarlari tomonidan harid qilinib Buxoro orqali vatanlariga olib ketilgan. Shuningdek, hindlarning Qо‘qon xonligi bozorlaridan mahalliy oltin va kumush tangalarni о‘z pullariga almashtirib, Hindistonga olib ketish holatlari ham kо‘plab uchragan. Xususan, D.I.Romanovskiy 1865 yilda hindlar Toshkent bozorida Qо‘qon va Buxoro oltin, kumush tangalarini qimmat narxda sotib olayotganliklari haqida ma’lumot bergan.39 Hindistondan mosh rangdagi koshenil’ bо‘yog‘i ham keltirilgan bо‘lib, bu bо‘yokdan ham asosan ipakni bо‘yashda foydalanilgan. Hindistondan keladigan mollarning katta qismini choy tashkil etgan. Hindistondan Qо‘qon xonligiga keltiriladigan mahsulotlarning bir qismini mashhur Kashmir rо‘mollari tashkil qilgan. Hindiston va Qо‘qon xonligi savdo aloqalarining ijobiy samarasi sifatida XIX asrdayoq Marg‘ilon, О‘ratepa va Qо‘qonda Kashmir rо‘mollariga о‘xshash jun rо‘mollar tо‘qish yо‘lga qо‘yilgan40. Hindistonning Qashqar orqali Qо‘qon bilan savdo aloqalari ham ancha samarali va daromadli bо‘lgan. 1812 yil 7 mayda Rossiya imperiyasi generali Glazenapaning tatar savdogari Mehti Rafilov bilan uchrashuvidan sо‘ng rus hukumatiga bergan hisobotida, Kashmir-Oqsu-Qо‘qon shaharlarining savdo aylanmasi yiliga bir necha million rub. bо‘lganligi haqidagi ma’lumoti buni tasdiqlaydi.41 Rossiya hukumati 1868 yilda Turkiston general-gubernatorligi hududiga Yevropa mollari keltirishni ta’qiqlab qо‘ygan.42 Shu sababli, Buxoro amirligi orqali Turkiston general-gubernatorligi hududiga о‘tgan karvonlar tazyiq ostiga olingan va ulardan katta mikdorda boj undirilgan. Oqibatda, chetdan keltirilgan mahsulotlarning tannarxini oshib ketishi, Qо‘qon xonligiga Buxoro amirligi orqali ingliz va hind mollarini kirib kelishini kamayishiga, Qashqar orqali kirib kelishining kuchayishiga sabab bо‘lgan. Qо‘qon xonligi Afg‘oniston bilan ham faol savdo aloqalarini о‘rnatgan edi. Afg‘oniston shaharlari bilan Qо‘qon xonligini boglovchi karvon yо‘llari asosan Buxoro amirligi hududidan о‘tgan va amirlik bozorlari orqali ham Afg‘oniston - Qо‘qon xonligi savdo aloqalari amalga oshirilgan. Buxoro amirligi orqali Afg‘onistonning Maymana, Saripul, Axcha, Andxoy, Qobul va Xirot shaharlariga Qо‘qon xonligidan savdo karvonlari qatnagan. Shuningdek, Afgoniston va uning shaharlari О‘rta Osiyo xonliklari uchun muhim bо‘lgan tranzit yо‘lida joylashgan bо‘lib, ularning aksariyati Qо‘qon xonligining Hindiston, Eron, arab mamlakatlari, Turkiya va Yevropa mamlakatlari bilan savdo aloqalarida muhim ahamiyat kasb etgan. Qо‘qon xonligi Afg‘oniston bilan Buxoro orqali о‘tgan karvon yо‘lidan tashkari Qorategin - Darvoz orqali Badaxshonga va u yerdan afg‘on shaharlari va shimoliy Hindistonga olib boruvchi karvon yо‘li orqali ham savdo qilish imkoniyatiga ega bо‘lgan. Xonlikning Afg‘onistonga eksport qiluvchi asosiy mahsuloti ipak hisoblangan. Bu davlat shaharlariga keltirilgan ipakning bir qismi mahalliy hunarmandlar tomonidan harid qilingan bо‘lsa, katta qismi qо‘shni mamlakatlarga olib ketilgan. Hindistonda bо‘lgan yevropalik sayyohlar ma’lumotlariga kо‘ra, XIX asr 50 - yillarida Xirotdan Shikorpurga oliy navli "Qо‘qon ipagi" olib kelingan bо‘lib, Qobulda ham eng sifatli ipak "Qо‘qon ipagi" nomi bilan taniqli bо‘lgan. Qо‘qon xonligi Afgonistonning Qashqar va Xitoy bilan savdo aloqalarida ham muhim ahamiyat kasb etgan. Xonlik savdogarlari mahalliy mollar bilan bir qatorda Qashqar va Xitoy mollarini Buxoro amirligi orqali afgon shaharlariga olib borgan. Xitoydan Afgonistonga Qashqar va Qо‘qon orqali choy olib kelingan bо‘lib, bu choy dengiz orqali Xitoydan Hindiston va Afgonistonga keltiriladigan choydan ta’mi bо‘yicha ajralib turgan. Xitoydan keltirilgan choyning turli navlari Qashqar orqali Qо‘qon savdogarlari vositachiligida Buxoro va Afgonistonga ham olib kelingan.43 О‘rta Osiyoning bir qismini Rossiya tomonidan istilo qilinishi va Turkiston general-gubernatorligi hududida Yevropa mollariga cheklov joriy qilinishi Afg‘onistondan mol kirib kelishini kamaytirgan.

Qо‘qon xonligining Eron bilan savdo aloqalari Buxoro amirligi va Afgoniston bozorlari hamda ularning hududidan о‘tgan karvon yо‘llari orqali amalga oshirgan. Biroq, О‘rta Osiyo va Eron aholisi о‘rtasidagi diniy kelishmovchilik ikki hudud savdo aloqalariga salbiy ta’sir kо‘rsatgan. Urta Osiyo savdogarlari Eron shaharlarida kо‘plab tо‘siqlarga uchragan, fors savdogarlaridan О‘rta Osiyo xonliklarida xristianlar kabi besh foiz miqdorida boj olingan. Natijada, asosan sunniy mazxabida bо‘lgan о‘rta osiyolik savdogarlar Eronga, shia mazxabida bо‘lgan forslar esa О‘rta Osiyo shaharlariga juda kam tashrif buyurganlar. Shuningdek, ikki hudud karvon yо‘llari uncha uzoq bо‘lmasa-da, g‘oyat xavfli bо‘lib, kо‘chmanchi qabilalar xujumi kо‘p kuzatilgan. Biroq, bu tо‘siqlarga qaramasdan ikki hudud о‘rtasidagi muayyan savdo aloqalari mavjud bо‘lgan. Xususan, N. Xanikov, XIX asr 40 - yillarida Erondan Mashhad orqali Buxoroga yiliga 4 marta, A. K. Geyns ma’lumotlariga kо‘ra, shu davrda bir yilda bir marta karvon kelgan. Mashhaddan yо‘lga chiqqan savdo karvonlari afg‘on va Xuroson shaharlari orqali Buxoro, Samarqand, Xо‘jand, Qо‘qon, Yorkent, G‘arbiy Xitoy va Kashmirgacha borgan. Qо‘qon xonligidan Eronga asosan xom ipak, ipak gazlama va yarim ipak gazlamalar va xonlik hududi orqali hamda savdogarlari tomonidan Qashqar ipagi va ipak matolari, Xitoy chinni idishlari, attorlik mollari, choy va boshqalar olib borilgan. 1870 yilda Buxorodan Eronga 23 ming pud, Yа’ni 2 mln. 120 ming rubllik ipak jо‘natilgan va bu ipakning bir qismi Qо‘qon xonligidan olib borilgan.44

Xonlik savdogarlari Usmoniylar davlati (Turkiya) va arab shaharlariga savdo maqsadida borib turganlar. Ular arab amlakatlari va Turkiya shaharlari bilan ham asosan Buxoro, Afgoniston yoki Xuroson, Eron hududlaridan о‘tgan karvon yо‘llari orqali savdo aloqalarini olib borganlar. Qо‘qon xonligidan arab mamlakatlari va Usmoniylar davlati shaharlariga ipak va yarim ipak matolar, mahalliy hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar va Xitoy mollari olib borilgan. Bu mamlakatlarga xonlik savdogarlarining har bir safari bir necha oylab, yillab davom etgan.45

Qо‘qonlik savdogarlar О‘rta Yer dengizining sharqiy sohillarida joylashgan arab shaharlari bilan qizg‘in savdo aloqalarini olib borgan. О‘z navbatida, xonlik savdogarlarining arab hukmdorlari xizmatiga kirish jarayoni ham kuzatila boshlangan. Misr hukumatida О‘rta Osiyodan kelgan savdogarning faoliyat olib borishi ikki mintaqa manfaatlari yо‘lida savdo aloqalari olib borilishi uchun xizmat qilgan. Misrning poytaxti Qohira bozori va Iskandariya shahri portida kо‘plab о‘rta osiyolik, jumladan qо‘qonlik savdogarlarni uchratish mumkin edi. Iskandariya porti Janubiy Yevropaga jо‘natilayotgan Osiyo mollarining asosiy bandargohi hisoblanib, bu yerdan О‘rta Osiyodan ham olib borilgan oynalar, gilam, echki terilari Yevropaga chiqarilgan. "Muntaxab ut-tavorix" asarining muallifi Muhammad Hakimxon tо‘ra Misrga qilgan safari chogida Qohira bozorida savdo ishi bilan yurgan ikki qо‘qonlik savdogarni uchratgan46. Bu shundan dalolat beradiki, Misr bilan aloqalar tufayli Qо‘qon mollari Afrika qit’asiga va Misr portlaridan Yevropa mamlakatlariga chiqarilgan.

Tashqi savdoning taraqqiy etib borishi natijasida xonlikka bozorlariga zamonaviy Yevropa tajribalari ham kirib kela boshlagan. Xususan, XIX asr 60 - yillaridan boshlab xonlikning yirik shaharlarida turli savdo kompaniyalari tashkil etila boshlangan. Xususan, 1864 yil Solih Olimjonov va Muhammadjonovlar Qо‘qonda manufaktura va paxta bilan savdo qiluvchi, 1870 yilda G‘ofur Jabayev va Mirvohid ismli savdogar manufaktura, gilam, mо‘yna, ipak va paxta bilan savdo qiluvchi kompaniya tashkil qilgan. Shuningdek, 1874 yil esa Bobokalon Ne’matullayev Qо‘qonda choy bilan savdo qiluvchi savdo kompaniyasi ochgan. Bunday savdo kompaniyalarining tashkil etilishi natijasida, muayyan bir turdagi mahsulotlar savdosi bir kompaniyaning qо‘liga о‘tib о‘tgan.47

XVIII - XIX asr 70 - yillarida mavjud bо‘lgan Qо‘qon xonligi О‘rta Osiyo xonliklari bilan bir qatorda, Rossiya, Xitoy, Qashqar, Hindiston, Afgoniston, Eron, arab mamlakatlari, Turkiya va boshqa hududlar bilan faol savdo aloqalarini olib borgan. XIX asr boshlarida Toshkent shahrining xonlik tarkibiga qо‘shib olinishi Qо‘qonning tashqi savdo aloqalari yanada rivojlanishiga sabab bо‘lgan.

Qо‘qon xonligining yirik - Qо‘qon, Toshkent, Namangan, Marg‘ilon, Andijon, О‘sh va boshqa shaharlarida turli davlatlardan kelgan savdogarlarni va turli mamlakatlar mollarini uchratish mumkin bо‘lgan. О‘z navbatida xonlik hunarmandlari ishlab chiqargan mahsulotlar dunyoning kо‘plab mamlakatlari bozorlariga olib borilgan.

Qо‘qon xonligi Hindiston, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, arab va Yevropa mamlakatlari bilan asosan Buxoro amirligi va uning hududidan о‘tgan karvon yо‘llari orqali savdo aloqalarini olib borgan. Shuningdek, Turkiya va arab mamlakatlari bilan qisman Rossiya hududidan о‘tgan karvon yо‘llari orqali, Xitoy va Hindiston bilan Qashqar va uning hududidan о‘tgan karvon yо‘llari orqali savdo aloqalari о‘rnatilgan. О‘z navbatida Qо‘qon xonligi orqali Buxoro amirligi, Afg‘oniston, Eron, arab mamlakatlari - Qashqar va Xitoy bilan savdo qilish imkoniyatiga ega bо‘lgan. Qо‘qon xonligining tashqi savdosida xonlik savdogarlari faol ishtirok etganlar va о‘z navbatida tashqi savdoning samarasi о‘laroq xonlik shaharlarida turli mamlakatlardan kelgan savdogarlarni tez-tez uchratish mumkin bо‘lgan.




  1. Yüklə 1,53 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə