Sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish



Yüklə 47,76 Kb.
səhifə1/3
tarix28.11.2023
ölçüsü47,76 Kb.
#133659
  1   2   3
1-amaliy mashg\'ulot


1-Mavzu “Sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish” fanining predmeti va vazifalari
Uslubiy ko’rsatmalar
Har qanday ilmiy kurs (fan) o’zining o’rganish obyektiga ega bo’ladi. Shunday obyektning mavjudligi — u yoki bu fanning tug’ilishi, shakllanishi va rivojlanishining zamini va muhim shartidir. Shu sababli o’rganiladigan fanning obyekti bilan tanishish uning predmetini aniqlashdan avval amalga oshiriladi.
“Sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish” fanining obyekti bu sanoat korxonasidir.
Korxona o’z faoliyati maqsadlarini royobga chiqarishga ishlab chiqarilayotgan mahsuloti, bajarayotgan ishlari yoki ko’rsatayotgan xizmatlariga bo’lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish hamda ana shu asosda mehnat jamoasi a’zolarining iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarining hamda korxona mol-mulki egasining manfaatlarini ta’minlash yo’li bilan erishadi. Korxona o’z asosiy faoliyatini o’zining ustavida ko’zda tutilgan maqsadlar va vazifalarga muvofiq ravishda amalga oshiradi.Korxona ustavi esa jumhuriyat qonun va qoidalariga asoslanadi.
Korxona faoliyatini ilmiy asosda oqilona tashkil etish va rejalashtirish uchun, ayniqsa bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlash uchun umumiy iqtisodiy qonunlarni chuqur bilish, barcha qonun va qoidalaridan unumli foydalanish, ishlab chiqarishni tashkil etish va rejalashtirishning hozirgi zamon usullaridan keng foydalanish zarur. Buning uchun esa iqtisodiy bilimlar bilan qurollanmoq, ularni chuqur egallamoq kerak. Bunday bilimlarni bizga iqtisodiy bilimlarning eng asosiysi— iqtisodiyot nazariyasi fani o’rgatadi.
Iqtisodiyot nazariyasi jamiyat miqyosida yuz beradigan iqtisodiy hodisalar va voqeliklar, jarayonlar, ularga xos bo’lgan bog’lanishlar, ularning qonun-qoidalari va kishilar faoliyatida namoyon bo’lish shakllarini o’rgatuvchi fandir. Iqtisodiy nazariya iqtisodiy voqeliklar, hodisalar va jarayonlarni iqtisodiy qonunlar, kategoriyalar, ya’ni ularning ilmiy in’ikosi ifodasi orqali tavsiflaydi. Lekin iqtisodiy nazariya ijtimoiy ishlab chiqarishning ayrim sohalari, tarmoqlari va tarmoqchalarida roy beradigan hodisa, voqelik va qonuniyatlarini o’rganmaydi. Bu bilan tarmoqlar va korxonalar iqtisodiyoti fanlari shug’ullanadi.
“Sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish” fanining predmeti deganda korxonalarning ishlab chiqarish — xo’jalik faoliyati sharoi­tida iqtisodiy qonunlarning harakati va namoyon bo’lish shakllari va eng kam mehnat, moddiy va ma’naviy harakatlar bilan eng yaxshi natijalarga erishishni ta’minlovchi yuqori samarali ish usullarini ishlab chiqish tushuniladi.
Ma’lumki, har bir fan o’z tarixiga ega. Ishlab chiqarishni tashkil etish va korxonalar xo’jalik faoliyatini rejalashtirish esa eng yangi fanlardan hisoblanadi.Bu fanning faqat hozirgi zamon shart-sharoitlarida paydo bo’lishiga sabablar bir korxona rivojlanishi va takomillashishi uchun keng va cheksiz imkoniyatlar yaratilganligidir. So’nggi yillarda, Yevropada, ayniqsa Amerika Qo’shma Shtatlarida «Ilmiy Menejerlar» — yollanma professional boshqaruvchilar nazariyasi keng tarqala boshladi. Ular xo’jalik ishlab chiqarish faoliyatini bilimdonlik asosida tashkil qilishdan tashqari, yangidan-yangi shart-sharoitlarni yaratib, mehnat unumdorligini oshirish yo’l-yo’riqlari va omillarini ko’rsatib bermoqdalar.
Rivojlangan mamlakatlarning ishlab chiqarishni tashkil etish va uni boshqarish tajribalarini o’rganishga tanqidiy qarashdan tashqari, kelgusida korxonalar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan usullarni o’rganish kerak.
“Sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish” fani iqtisodiy qonunlarning sanoat korxonalari faoliyatiga ta’sirini va ularning oldiga qoygan vazifalarini amalga oshirish borasidagi eng samarali usullarini ishlab chiqib, uni sanoatda tadbiq qilmoqda. Bu tadbir — choralarning amalga oshirilishi kengaytirilgan takror ishlab chiqarishda ijtimoiy boylikni ko’paytirish va korxonalarda ishchilarga yaxshi sharoitlar yaratib berishga imkoniyat yaratadi.
Hozirgi zamon sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish fani, jamiyat va shaxs manfaatini e’tiborga olgan holda o’zining mazmunli ilmiy asoslangan usul va shakllari bilan tubdan farq qilmog’i kerak.
Korxonaning ishini ilmiy asosda tashkil qilish nazariyasi iqtisodiy nazariya va jumhuriyatimizda ishlab chiqarish korxonalari faoliyati xususida qabul qilingan qarorlar, mehnatni va korxonada ishlab chiqarishni tashkil qilish masalalari boyicha yuqorida aytib o’tilgandan boshqa, barcha korxonalarning boy tajribalari e’tiborga olingan holda fan uchun yangi serqirrali nazariy fikr, usullarni amalda tadbiq etishga asoslangan. Korxona ishini to’g’ri yo’lga qoyish uchun bu yerdan asosiy jarayonlarni, moddiy-texnika xizmat qiluvchi (dastgohlarni, elektr xo’jaliklarni, moddiy ta’minot, zavod ichida yuradigan transportlarni sozlash bilan shug’ullanuvchi) uchastkalar bilan uzviy bog’liq holda faoliyat yuritish lozim.
Ilm yoki fanning metodologiyasi deyilganda uni bilish va o’rganish faoliyatining shakllari va usullari tushuniladi. Shu fan boyicha masalani o’rtaga tashlash, tadqiqot mavzuini va ilmiy nazariyani shakllantirish, shuningdek, aniqlangan natijaning haqiqiyligi, ya’ni o’rganilayotgan obyektga muvofiqligi jihatidan tekshirish metodologi yasini qo’llashning eng muhim tomoni hisoblanadi. Demak, metodologiya — bu tadqiqot yoki bilish, anglash yo’li, voqelikni amaliy yoki nazariy o’zlashtirish usullarining majmuasidir.
“Sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish” fanining metodologik asosini dialektika bilimining umumiy nazariyasi tashkil etadi. Bu nazariyaga binoan masalalar va voqeliklar o’zaro aloqadorlikda, bir-birini taqozo etish, vaqt va fazoda ularning o’zgarishi va rivojlanishida eskilik bilan yangilikning kurashida ko’rib chiqiladi.
Dialektika usuli muammolar o’rganilayotganda omillar va shart-sharoitlarning namoyon bo’lishi va yuz berishi ziddiyatlarga, qarama-qarshiliklarga boy ekanligini inobatga olishni taqozo etadi.Dialektika usuli o’z ichiga mantiqiy va namunaviy usullarni oladi.O’rganishning mantiqiy usuli quyidagi yondashishlarda o’z aksini topadi: tarmoqlararo, sistematik, kompleks, optimallashtirish.
Ilmiy tadqiqotlar olib borish jarayonida bu fan har turli xususiy usullardan, jumladan, modellashtirish, anketalash, eksnortli, baholash, iqtisodiy eksperi­ment (tajriba) dan foydalanadi. Namunaviy usul o’z mazmuniga binoan ma’lum bilim, maslahat, tavsiyalar beradigan tajribani umumlashtirishni bildiradi.
Har qanday fanning o’z vazifasi bo’lganidek “Sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish” fanining ham o’z maqsadiy vazifalari bor.
O’zbekiston Qomusi va Respublikada qabul qilingan barcha qonun va qoidalar asosida kursning vazifalari quyidagilardan iborat:
Korxonalarda jonli va buyumlashgan mehnat sistemasini yaxlit va yagona hamda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni shakllantirishning asosi deb qarash;
Korxonalarda ishlab chiqarish tizimining o’zgarish shakllari va yo’llari, ishlab chiqarish faoliyatining maqsad va vazifalari, ularni amalga oshirish yo’llari va baholash mezonlarini o’rganish;
Ishlab chiqarish jarayonlarining mohiyati, ahamiyati, mazmunini, asosiy va yordamchi ishlab chiqarish, korxona infrastrukturasining amaliy masalalarini o’rganish;
Iqtisodiy islohot sharoitida korxonalarda boshqarishni, ayniqsa iqtisodiy boshqarishni, rejalashtirish, baholash moliyalash, kreditlash muammolarini yechishni o’rganish.
Demak, korxonalar faoliyatini tashkil etish fanining bosh vazifasi talabalar va mutaxassislarni hamda shu fanni o’rganuvchilarni ushbu fan mazmuniga tegishli barcha nazariy va amaliy bilimlar bilan qurollantirishdan iboratdir.
“Sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish” fani o’z mazmuni mohiyatiga ko’ra juda ko’p qirrali va u ishlab chiqarish jamoasi hayotining ko’pgina sohalarini qamrab oladi. Mazkur fanning predmeti, obyekti, maqsadi, funksiyalari, o’rganish usullari va moddiy boyliklarni yaratishga xo’jalik rahbarligi jarayoni yuzaga keladigan vazifalar tarkibi bilan belgilanadi va kursning dasturida to’la aks ettirilgan.
Bu fan bir qator fanlar bilan o’zaro aloqada bo’lib, ularning yutuqlaridan keng foydalanadi. Jumladan, falsafa, iqtisodiy nazariya, makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot, huquqshunoslik, sanoat va agrosanoat iqtisodiyoti, statistika, buxgalteriya hisobi va xo’jalik faoliyatini tashkil etish, moliya, kredit sohasi, texnologiya fanlari bu kursni o’rganishda yordamga keladilar.
Ishlab chiqarishni tashkil etish fani eng avvalo iqtisodiy nazariya va sanoat iqtisodiyoti fanlari rivojlanishi natijasida shakllangan. Uning yetuklik darajasi umumiy va xususiy iqtisodiy nazariyaning naqadar rivojlanganligiga bog’liq.Bu fan texnika fanlari bilan ham bog’liqdir. Ishlab chiqarishni tashkil etish fani texnika va texnologiyani bevosita o’rganmasa-da, uning iqtisodiyotga ta’sirini chetlab o’tolmaydi, aksincha, texnologik jarayonlarni xom-ashyo, materiallar, energiyadan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish davrini qisqartirish, ishlatish jarayonini uzluksiz ishlab chiqarish oqimida tashkil etish, mahsulot sifatini oshirishga erishish orqali muxandislik-iqtisodiyoti nuqtai nazardan ko’rib chiqadi.
Mexanik shakliga tegishli fanlar mashina va agregatlarni konstruksiyalash va texnikaviy ekspluatasiya qilish masalalarini o’rganadi. Ishlab chiqarishni tashkil etish fani mehnat qurollarini texnologik va mehnat jarayonlari bilan o’zaro bog’liqlikda ko’rib chiqadi, mashina va apparatlarni joy-joyiga to’g’ri qoyish va ulardan oqilona foydalanish, jihozlar birligidan mahsulot olishni ko’paytirish, sozlash tizimini yaxshi tashkil etishni ta’minlaydi.
“Sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish” fani iqtisodiy kibernetika va informatika fani bilan bevosita bog’liqdir. Chunki bu fanlar axborot ta’minotini, ishlab chiqarishni modellar yordamida ifodalash va tasvirlash masalalarini, sistemaning tashqi muhit bilan aloqasini ,axborot oqimlarining paydo bo’lish qonuniyatlarini aniqlab berish orqali tashkiliy muammolarni samarali yechishga xizmat qiladi.
Bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida, fan va texnika rivojining kuchayishi hamda bu omilning alohida ahamiyat kasb etishi natijasida ijtimoiy-psixologik masalaga talab o’smoqda. Shu sababli korxonalarda ishlab chiqarish jamoasini vujudga keltirishda va ishlab chiqarish munosabatlarini tashkil etishda psixologiya, pedogogika, sotsiologiya va huquqshunoslik fanlaridan unumli foydalanish lozim. Shunday qilib bu fan juda ko’p ilmiy fanlar bilan uzviy aloqadordir. Lekin ular bilan tutashib ketmaydi va mustaqil soha masalalarini o’rganadi. Ayni vaqtda korxona ishini tashkil etishning samarali shakllarini va usullarini ishlab chiqadi, ishlab chiqarish jarayonlarining batartibligini ta’minlashga qaratilgan vazifalarni muntazam bajarishga intiladi.

Yüklə 47,76 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə