Reja: Oybek lirikasining o’ziga xosligi



Yüklə 36,23 Kb.
səhifə1/2
tarix29.11.2023
ölçüsü36,23 Kb.
#140124
  1   2
1-amaliymashg\'ulot


Mavzu: Oybek adabiy merosi.H.Olimjon she’r va dostonlari.
Reja:

  1. Oybek lirikasining o’ziga xosligi.

  2. Tabiat va ko’ngil lirikasi ifodasi.

  3. H.Olimjon- ona yurt,tabiat, sevgi, baxt, shodlik kuyсhisi.

  4. “Ozbekiston” qassidasida ona yurtga bo’lan muhabbat va fahr tuyg’ulari,

  5. H.Olimjonning urush davrdagi ijodi.


Oybek XX asr o‘zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biridir. Uning ijodi shu qadar rang-barang va serqirraki, hech mubolag‘asiz, bir yozuvchi qalamiga mansub bu darajadagi boy adabiy merosni o‘zbek adabiyoti tarixida uchratish qiyin.
Tanqidchilik Oybek asarlariga 20-yillarning o‘rtalaridanoq e’tibor bera boshladi. Oybek asarlarini o‘rganish asnosida o‘zbek tanqidchiligi va adabiyotshunosligining o‘zi ham rivojlanib bordi. Hozirgacha yozuvchi ijodiga bag‘ishlab o‘nlab dissertatsiyalar, monografiyalar, yuzlab maqolalar yozilgan. Ular ichida O‘.Yoqubovning "G‘oyaviylik va mahorat", "Adibning mahorati", M.Qo‘shjonovning "Oybek romanlarida xarakter yaratish san’ati", "Oybek mahorati" hamda N.Karimovning "Ajoyib kishilar hayotidan" seriyasidagi "Oybek" nomli kitoblarini ko‘rsatib o‘tish o‘rinlidir. Oybekning yigirma jilddan iborat "Mukammal asarlar"i e’lon qilinganligi o‘zbek matnshunosligining jiddiy yutuqidir.
Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek 1905 yil 10 yanvarda Toshkentda to‘quvchi oilasida tug‘ildi. U eski maktabda ta'lim oldi. U oliy tahsilni dastlab O‘rta Osiyo Davlat Universitetida boshlab, so‘ng Leningraddagi Xalq xo‘jaligi institutida davom ettirgan. Oybek 1929 yili Toshkentga qaytadi. Uning adabiyot, ilm, musiqa va san’atni hayotining a'moli deb bilgan turkistonlik Zarifa Saidnosirovaga uylanishi hayotida katta rol o‘ynaydi.
Yozuvchi 1942 yilning qish so‘nggida jangchilar orasida bo‘ldi, asarlariga material to‘pladi. Umuman, Oybekning dastlabki she’rlarida, xususan, "Kecha tuyg‘usi", "Qushlar qochingiz", "Oltin qo‘ng‘izcha" kabi ilk lirika namunalarida ayrim tanqidchilar "Mungli ruh", "siniqlik", "mavhum qarashlar", "yot g‘oyalar ta'siri"ni ko‘rgandek bo‘ladilar.
20-yillarning o‘rtalarida Oybek she’rlarida asta-sekin ijtimoiy salmoq kuchaya boshladi. Bu xususiyat uning, ayniqsa, "Tuyg‘ular" (1926), "Ko‘ngil naylari" (1929) nomli she’riy to‘plamlarida yorqinroq ko‘rinadi.
30-yillarning oxirida Oybek ilk bor poema janrining tarixiy-biografik yo‘nalishiga murojaat etib, "Navoiy" (1939) poemasini yaratdi. Poemada Navoiy yashagan davr sharoiti, muhit, jamiyatning murakkabliklari tasvirlanadi.
Dostonlarda orttirilgan tajriba, voqelikni keng epik planda tasvirlash borasida "Evgeniy Onegin" tarjimasidan olingan saboq, Abdulla Qodiriy ijodini tadqiq qilish, "Studentlar" romani ustidagi mashqlar (1930), "Globus" singari hikoyalarda kuchni sinash, "O‘tgan kunlar", "Mehrobdan chayon", "Qullar", "Sarob" ta'siriga berilish Oybekni nasr tomon yetakladi. Oybekning birinchi romani bo‘lgan "Qutlug‘ qon" asarida xarakter talqinidagi mahorat, umuman, asar voqealari, qahramonlar harakatidagi izchillik hamda tabiiylik, bir so‘z bilan aytganda, uzviy boqlangandir.
Oybek "Qutlug‘ qon"ni yozib tugatishi bilan uni davom ettirish ishtiyoqida bo‘ldi. Urushning boshlanishi adib ijodiy niyatlarini o‘zgartirib yubordi. Nihoyat, 1967 yilda "Qutlug‘ qon"ning davomi "Ulug‘ yo‘l" romani maydonga keldi.
Oybek urush boshlangan kuniyoq "Yovga o‘lim" nomli she’rini yozadi. Fashizmga qarshi kurashga chaqiruvchi "Jasur yigitlarga", "Avtomat", "Izsiz qishloq", "Zafar bizniki" singari she’rlar Oybek poeziyasining eng yaxshi namunalaridan bo‘lib qoldi. "Vatan", "Vatan haqida qo‘shiq", "Vatan qasidasi" she’rlarida Oybek mumtoz va betakror muqaddas Vatan obrazini yaratdi.
Oybek 30-yillarda yozilgan "Sotsialistik lirika uchun", "So‘nggi yillarda o‘zbek poeziyasi", "O‘zbek poeziyasida til", "G‘afur haqida", "Tanqid sohasida savodsizlik va ur-yiqitchilikka qarshi o‘t ochaylik" singari maqolalari bilan adabiyotshunoslik rivojiga katta hissa qo‘shdi.
Oybek Navoiy dunyoqarashidagi jarayonlarni, murakkablikni siljishu o‘zgarish va cheklanishlarni ko‘rsatishga alohida e’tibor berdi.
Navoiy mutafakkir olim va fozil davlat arbobigina emas, balki buyuk shoir edi. Shu sababli u "Navoiy" romanida qahramonini qator epizodlarda ilhom og‘ushida, ijod sehri bilan bandlikda "Farhod va Shirin" ustida ishlash manzaralarida beradi.
Yirik madaniyat arboblari Oybek ijodiga yuqori baho beradilar. Atoqli rus yozuvchisi A.Fadeev "Qutlug‘ qon" va "Navoiy"ni mislsiz voqea bo‘lgan nodir asarlardir" deb baholaydi. Shunday asarlar yaratilganligi sababli, 30-yillar va urush davri Oybek ijodiy yo‘lining yetuklik bosqichini tashkil etadi. Urushdan keyingi yillar esa yozuvchi ijodiy yo‘lining so‘nggi bosqichi hisoblanadi. Turli-tuman ijtimoiy va hayotiy murakkabliklar, ziddiyatlar tufayli Oybek bu davrda ilgarigi bosqichlardagi kabi muvaffaqiyatlarga erisha olmaydi. Xususan, "Oltin vodiydan shabadalar" romanida konfliktsizlik "nazariya"sining ta'siri sezilsa, "Quyosh qoraymas" asari kompozitsiyasining nomukammalligi bilan kitobxonda qoniqmaslik tuyg‘usini uyg‘otadi. Adibning "Zafar va Zahro", " Haqgo‘ylar", "Nur qidirib" asarlari bo‘lsa Pokiston hayotining biryoqlama, ya'ni hukmron mafkura ta'sirida chizilgan soxta manzaralarini gavdalantirishi bilan adabiyotda sezilarli hodisa darajasiga ko‘tarilmadi. Yozuvchining 60-yillarda yaratilgan "Davrim jarohati" dostoni va "Bolalik" povesti ko‘plab go‘zal haqqoniy manzaralarga boyligi bilan ijodkor iste’dodi butkul so‘nmaganligidan dalolat beruvchi asarlar bo‘lib qoldi.
Oybekning tug‘ilgan sanasi uning turli yillarga oid tarjimayi hollarida turlicha qayd etilgan. Agar adib «She’rlar» kitobi (1963) ga ilova qilgan tarjimayi holida tug‘ilgan sanasini 1904-yil 22-dekabr deb ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘n jildlik «Asarlar» to‘plamining 1-jildi (1968)da: «Men toshkentlikman. 1905-yil 10-yanvarda Eski shaharda o‘rta hol hunarmand-bo‘zchi oilasida tug‘ildim», deb yozgan. Shu so‘nggi ma’lumot ilmiy muomalada Oybekning tug‘ilgan sanasi sifatida qabul qilingan.
Oybek va G‘afur G‘ulom singari XX asr boshlarida tug‘ilgan yozuvchilar o‘z tarjimayi hollarida madrasada tahsil ko‘rgan yillarini davr taqozosi bilan chetlab o‘tib, eski maktabda o‘qiganlari haqida ma’lumot berganlar. Holbuki, Oybek Toshkentning Oqmasjid mahallasidagi madrasada tahsil ko‘rib, shu yerda arab va fors tillarini o‘rgangan hamda shu yerda Ahmad Yassaviy, So‘fi Olloyor, Alisher Navoiy singari mashhur shoirlar ijodi bilan tanishgan.
Oybek tug‘ilgan vaqtda, Turkistonga rus manufakturasining kirib kelishi sababli bo‘zchilik orqasida tirikchilik o‘tkazgan kishilarning kasbi kasodga uchradi. Shu sababdan ham uning otasi shahar atroflaridagi qishloqlarda boqqolchilik, onasi esa tikuvchilik bilan mashg‘ul bo‘lishdi.
Oybek bolalik paytlarida otasining safarlariga hamroh, onasining yumushlariga esa madadkor bo‘lishi tufayli oddiy mehnatkash xalq hayoti bilan yaqindan tanishdi va turfa xarakterli kishilar tabiati va tilini yaxshi o‘rgandi.
Bu davr mustamlakachilik yillari edi. Chor hokimiyatining zulmi, Toshkent shahri politsmeysteri Mochalovning dahshati, «sartlar va itlar»ga kirish mumkin bo‘lmagan bog‘lar, og‘ir turmush orqasida qaddi dol bo‘lgan kishilar, 1916-yil Toshkent qo‘zg‘oloni... Oybek ana shu voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib o‘sdi. Uning dunyoqarashi shu voqealar ta’sirida shakllana boshladi. Keyin 1917-yil Oktabr to‘ntarishi, chor amaldorlari o‘rniga bolsheviklarning kelishi... Eski hammom, eski tos... To‘g‘rirog‘i, eski tog‘ora, yangi nog‘ora...
Oybek Shayxontohur dahasidagi «Namuna» maktabi (1918- 1921) va Navoiy nomidagi ta’lim-tarbiya texnikumi (1921-1925)da o‘qib yurgan kezlarida Munavvar qori Abdurashidxonovning ta’sir doirasida bo‘ldi. Munavvar qori shu yillarda Sovet hokimiyatini ag‘darib tashlab, mustaqil o‘zbek davlatini barpo etish niyatida «Milliy ittihod» yashirin tashkilotini tuzgan siyosiy arbob edi. Kelajakka hushyor ko‘z bilan qaragan Munavvar qori, Eson afandi, Cho‘lpon kabi kishilarning maslahati bilan Oybek texnikumni tugatgach, 1925-yilda O‘rta Osiyo Davlat universiteti ijtimoiy fanlar fakultetining siyosiy iqtisod bo‘limiga o‘qishga kirdi. U 1930-yili universitetni tugatib, oliy ma’lumotli bo‘lganida Munavvar qori va boshqa «milliy ittihodchilar» Sovet hokimiyatini ag‘darib tashlash maqsadida tuzilgan aksilinqilobiy tashkilotning a’zolari sifatida qamoqqa olingan, bolsheviklar qurgan davlatning O‘rta Osiyodagi mavqei esa anchagina mustahkamlangan edi.
Oybek universitetda dars berish bilan birga, 1933-yilda Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish institutida ham ishlay boshladi. 1934-yilda bu ilmiy markaz Til va adabiyot institutiga aylantirildi. Xullas, 1935-yilda Oybek oldida yo iqtisodni, yoki adabiyotni tanlash muammosi paydo bo‘ldi. Oybek bu vaqtda «Tuyg‘ular» (1926), «Ko‘ngil naylari» (1929), «Mash’ala» (1932), «Baxtigul va Sog‘indiq» (1934) she’riy to‘plamlari, «Dilbar-davr qizi» (1932), ,,O‘ch» (1933) kabi dostonlarini e’lon qilgan, el-yurt mehrini qozona boshlagan shoir edi. U Til va adabiyot institutida ishlagan holda badiiy ijod olamini tanladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, qonli 1937-yil kirib keladi. Oybek Yozuvchilar uyushmasidan o‘chirilib, Til va adabiyot institutidan haydaladi. U og‘ir ruhiy va iqtisodiy ahvolda yashaganiga qaramay, qatag‘on to‘lqini biroz sokin tus olgan kezlarda birinchi yirik nasriy asari-»Qutlug‘ qon» romanini yozishga kirishadi.
Mazkur romanning 1941-yilda nashr etilishi Oybekni o‘zbek yozuvchilarining oldingi safiga olib chiqdi. Shu vaqtdan boshlab u she’riy va nasriy janrlarda baravar samarali ijod etib, «Navoiy» (1944), «Oltin vodiydan shabadalar» (1949), «Quyosh qoraymas» (1959), «Ulug‘ yo‘l» (1965) romanlari, «Nur qidirib» (1957), «Bolalik xotiralari» (1963) va «Bola Alisher» (1967) qissalari, «Qizlar» (1947), «Hamza» (1948), «Davrim jarohati» (1952) hamda «Guli va Navoiy» (1968) dostonlarini yaratdi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Oybekning adabiy merosi yigirma jildlik «Mukammal asarlar to‘plami»da e’lon qilingan (1975-1985).

Oybek, o‘zi mansub bo‘lgan adabiy avlod vakillaridan farqli o‘laroq, 20-yillar she’riyatida, ba’zi bir istisnolardan qat’iy nazar, davrning o‘tkinchi ijtimoiy mavzulari emas, balki lirik tuyg‘u va kechinmalar tasviriga katta e’tibor berdi. Uning 1926-yilda nashr etilgan dastlabki she’rlar to‘plamining «Tuyg‘ular» deb atalgani bejiz emas. Agar ana shu to‘plamni varaqlaydigan bo‘lsak, unda shoir qalbining lirik kundaligi bilan tanishgandek bo‘lamiz. Bu to‘plam va undagi aksar she’rlar yozilgan vaqtda Oybek yigirma-yigirma bir yoshli yigitcha bo‘lgan. Bu vaqtda odatda yigitlar-shoir, shoirlar esa sevgi va muhabbat kuychisi bo‘ladilar. Dunyoda muhabbat qo‘shig‘idan ham shirin va muqaddas qo‘shiq bo‘lmaydi, yoshlikning oltin faslida Oybekning ham qalbi shu yillarda muhabbatning muattar shamolidan to‘lqinga kelib, sevgi taronalarini kuylay boshladi.


Oybekning shunday she’rlaridan bin «Orqangdan yig‘lab qoldim...» deb ataladi. 1926-yilda yozilgan bu she’r, barmoq vaznidagi an’anaviy she’rlardan farqli o‘laroq, besh satrli band va aabba, vvgga tartibidagi qofiya tizimidan foydalanilib yozilgan. Yana shuni aytish lozimki, har bir bandning birinchi satri band so‘ngida aynan takrorlanib, shu bandni qoliplab ham keladi.Bunday she’r shakli 20-yillar o‘zbek she’riyatida kam uchraydi, hatto uchramaydi, deyish ham mumkin. Bu hol Oybekning shu yillarda Cho‘lpon she’riyatidan tashqari, rus shoirlari ijodini ham diqqat-e’tibor bilan kuzatgani va ulardan saboq olganidan shahodat beradi:
Orqangdan yig‘lab qoldim, Ko‘ksimni tig‘lab qoldim.
Qiz, daryodan osharsan, Bilmam, qayda yasharsan,
Orqangdan yig‘lab qoldim.
Bu satrlarda tuyg‘uning samimiyligi va tiniqligi ham, lirik qahramonni qurshagan ishqiy hayajonning to‘lqini va musiqasi ham chinni piyoladek toza sado berib turadi.
Odatda, Oybek to‘g‘risida so‘z borganda, uning yuksak ma’naviyat va madaniyat sohibi, XX asrdagi buyuk insonlardan biri bo‘lganligi aytiladi. Oybekning har tomonlama yetuk insonligi yana shunda ham ko‘rinadiki, shoirning ilk she’ridan so‘nggi satrlarigacha barcha ishqiy she’rlari faqat bir ayolga-uning xotini Zarifa Saidnosirovaga bag‘ishlangan.
Shoirning Zarifaxonimga bag‘ishlangan lirik she’rlari orasida shundaylari borki, ularni o‘zbek lirikasining durdonalari sifatida baholash va bu she’rlarni jahon ishqiy lirikasining sara asarlari qatoriga bemalol kiritish mumkin.
Shunday she’rlardan biri «Uzoqdan turib...» deb atalgan. Bu she’r 1928-yil 26-oktabrda Leningradda yozilgan. (Oybek shu yili o‘qishini Leningraddagi Plexanov nomli Xalq xo‘jaligi institutiga ko‘chirib olgan edi.)
Zarifaxonim Oybekning Neva bo‘ylaridagi shaharga ketgan kunlarini eslab, «Oybegim mening» kitobida bunday yozgan:
« Oradan birmuncha fursat o‘tgach, Oybekdan sog‘inch tuyg‘ulari bilan to‘la xatlar kela boshladi. Mening ko‘nglimda paydo bo‘lgan bo‘shliqni uning maktublaridagi toshqin tuyg‘ular to‘ldirib yubordi.
U Leningradga yetib borar-bormas, quyidagi she’rni yozib yubordi:
UZOQDAN TURIB...
Ko‘zlari cho‘lpondek nozli sevgilim,
Bir qarash tashlading, men sevdim seni.
Xayoling eslarkan, qonaydir dilim,
Yolboray, go‘zalim, unutma meni!
Daryolar singari ko‘nglim jo‘shqindi,
Bir tola soching-la bog‘lanib qoldi.
Ko‘ksingda yotganim na go‘zal kundi,
Ayriliq siynamga yong‘inlar soldi.
Xayoldek yo‘qoldi yayragan choqlar...
Darding-la so‘narkan qora, sho‘x ko‘zim.
Seni erkalaydi dengiz, qirg‘oqlar,
Ko‘zlari cho‘lpondek nozli sevgilim!
...Men uchun nihoyat aziz satrlar... Bu she’r menga bag‘ishlangani uchungina emas, balki ulug‘ shoirning buloq suvlaridek musaffo qalbi mavj etib turgani uchun ham sevaman uni. Bu she’rni o‘qib, hasratlarim, dardlarim, tashvishlarim erib yo‘qolgandek bo‘ladi».
Endi bu she’rning Zarifaxonimni ham, bizni ham to‘lqinlantirishi sabablarini axtarib ko‘raylik. She’rning ilk satridan so‘nggisigacha bir tuyg‘u va kechinma tasvir etiladi va muhabbatning shoir qalbidan nay kuylari o‘laroq oqib turgan kuylari mayin sado berib turadi. Bu tuyg‘u va kechinmada ham, uning «erib oqayotgan» kuylarida ham tiniqlik, musaffolik bilan birga, tinimsizlik, to‘xtovsizlik, abadiylik belgilari ham bor. «Ko‘zlari cho‘lpondek, nozli sevgilim» satridagi 1 nafaqat shu satrga, balki butun she’rga nafis va mayin she’riy musiqaning kumush jilolarini sochib turadi. Shoir she’rda original o‘xshatish («ko‘zlari cho‘lpondek», «Daryolar singari ko‘nglim jo‘shqindir»), istiora («Xayoling eslarkan, qonaydir dilim»), mubolag‘a («Bir tola soching-la bog‘lanib qoldi», «Ayriliq siynamga yong‘inlar soldi») va tahayyum («Seni erkalaydi dengiz, qirg‘oqlar») san’atlaridan juda o‘rinli va mohirlik bilan foydalanib, she’rni yanada mavjlantirib turadi. She’rdagi ana shu to‘lqin, mavj shoir (lirik qahramon)ning samimiy va buyuk muhabbatidan kuch oladi. She’rning, yuqorida tilga olingan she’rdagidek, qoliplangan holda «Ko‘zlari cho‘l-pondek, nozli sevgilim» so‘zlari bilan boshlanishi va tugallanishi unga yanada poeti kjoziba bag‘ishlaydi.
Oybekning lirik qahramoniga xos otashin muhabbat tuyg‘ulari shoirning ko‘plab she’rlaridan favvoradek otilib turadi.


Oybekning lirik shoir sifatidagi iste’dodi uning tabiat manzaralari tasviriga bag‘ishlangan she’rlarida yana ham yorqin jilva berib turadi.


1936-yilda Oybek bir guruh qalamkash birodarlari bilan Chimyon qishlog‘iga borib, tog‘ bag‘rida tikilgan o‘tovda A. S. Pushkinning «Evgeniy Onegin» she’riy romanini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Bu Pushkin vafotining 1937-yilda nishonlanajak 100 yilligi munosabati bilan rejalashtirilgan tadbir bo‘lib, bu tadbirga ko‘ra, ulug‘ rus shoirining barcha asosiy asarlari o‘zbek tiliga tarjima va nashr etilishi lozim edi.
Oybek hordiq paytlarida Chimyonning xushmanzara joylarida kezinib, qoya va tog‘lar sayridan olgan taassurotlarini qog‘ozga tushirgan. «Chimyon daftari» turkumini tashkil etgan bu she’rlarning aksari o‘zbek she’riyatidagi tabiat lirikasining eng go‘zal namunalaridir.
Mana, shunday she’rlardan biri:
Sen g‘urubning oltin qo‘llaridasen,
Tabassuming, quyosh, so‘nar ohista.
Dala va qirlardan tiniqlik uchar,
Suvlar oynasiga shom qora surkar,
Xayolning men sokin cho‘llaridamen...
Bu she’rni o‘qir ekanmiz, quyosh botishi oldidagi manzara ko‘z oldimizda butun ilohiy go‘zalligi bilan jonlanadi. Quyosh tog‘lar bag‘riga singib borar ekan, ufq shafaqning qonli ranglariga belanadi. Shoir ana shu manzarani tasvirlar ekan, quyoshga qarab: Sen g‘urubning oltin qo‘llaridasen, Tabassuming, quyosh, so‘nar ohista « deydi. Bu satrlardagi jonlantirish ham, keyingi satrlardagi istioralar ham («Suvlar oynasiga shom qora surkar», «xayolning... cho‘llari» kabi) she’rda tasvirlangan ushbu manzaraga ayricha bir hayotiylik, go‘zallik va qabartmalik bag‘ishlaydi. Keyingi bandda tasvir ohangi butunlay o‘zgaradi. Quyosh botishi bilan lirik qahramonning ruhiy hayotida ham so‘lg‘inlik boshlanib, «umid tosi» singandek bo‘ladi, bu tosning sinayotgan paytdagi ovozi esa uning qalbini shu qadar pora-pora qiladiki, na xayol va na sevgi ro‘yosi lirik qahramonni yupata olmaydi. She’r: «Yuramen, oqshomga singadi izim» degan ma’yusona bir kayfiyat anqib turgan satrlar bilan tugaydi.
She’rning: «Sen g‘urubning oltin qo‘llaridasen» degan dastlabki satrida boshqacha bir kayfiyat hukmron edi. Lirik qahramon hatto quyosh tabassumining so‘nayotganidan mamnundek ham edi. Quyosh so‘nib bo‘lgandan keyin esa undagi boyagi tantanavor holatdan asar ham qolmaydi, u umidsizlikka tushib, badbin xayollarga beriladi. Negaki, quyoshsiz hayot hayot emas, balki zulmatdir. Lirik qahramonning izlari ham ana shu zulmat qo‘yniga singib ketadi.
Ko‘ramizki, tabiat tasviri inson ruhidagi hatto oniy o‘zgarishlarni ham o‘zida lakmus qog‘ozidek yaqqol aks ettiradi.
Oybek nafaqat shoir va yozuvchi, balki adabiyotshunos olim va nazariyotchi ham edi. U lirikaning drama va eposdan farqli tomonlari to‘g‘risida so‘zlab, bunday yozgan: «Drama va rivoya (epos) turlari fabulalidir. Bularda xronologik va sababiyat prinsipi bilan bog‘liq voqealar, hodisalar, fikrlar tasvirlanadi. Lirika ko‘pincha shoir fikrlarini, tuyg‘ularini, orzulari va kayfiyatini kuylaydi. Voqealar tasvir etilsa-da, maqsad ma’lum bir hayajon uyg‘otish uchun vosita, izlanishgina bo‘lib qoladi».
Oybekning lirik she’riyatiga tabiat tasvirining bahor shabadasidek kirib kelishi va katta o‘rin egallashida uning 1936-yil yozida Chimyonda uch-to‘rt oy yashagani muhim omil bo‘ldi.
Ma’lumki, shu yili Hamid Olimjon, Shayxzoda, Abdulla Qahhor singari bir guruh shoir va yozuvchilar Chimyonga chiqib, ulug‘ shoir A.S. Pushkin asarlarini tarjima qilganlar. Oybek uning «Evgeniy Onegin» she’riy romanini o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan birga, o‘zining mashhur «Chimyon daftari» she’rlar turkumini ham yaratgan.
Umuman, tabiatning fusunkor bag‘rida bo‘lish har qanday shoirga katta ilhom bag‘ishlaydi. Tabiat uning tuyg‘ularini o‘tkirlashtiradi. Oddiy kitobxonlar nazar-e’tiboriga tushmaydigan manzaralarni chuqur his qilishga, rang va ohanglarni ko‘rishga o‘rgatadi.
Oybek 1936-yildagi Chimyon xotiralarini eslab, bunday yozgan edi:
«...Tabiat manzaralari go‘zal, havo yoqimli, qalin, xushbo‘y tog‘ gullari, tiniq tog‘ irmoqlari. Tinimsiz sayragan bulbullarni sel bo‘lib tinglardik...
Zerikkan va charchagan chog‘larimizda baland tog‘ cho‘qqilariga chiqib, sayr etib ketardik. Haybatli, zo‘r qoyalar ustida qorlar sekin erir, pastga kichik-kichik irmoqlar sharqirab yo‘l olardi. Har kun bir-ikki dafa o‘n ikki buloq boshiga chiqardim. Sevardim yolg‘iz kezishlarni...».
Ana shunday yolg‘iz kezinishlardan birida Oybek quyoshning botayotgan lahzasini tomosha qiladi.
Quyoshning botishi... Kim bu hayajonli manzaraga e’tibor bermagan? Bir tomondan, quyoshning oltin barkashga aylanishi-yu, ufqning go‘zal bir holat kasb etishi kishilarga quvonch baxsh etsa, quyoshning ufq qo‘yniga g‘arq bo‘lib, chor atrofning shafaq qonlariga belanishi kishida g‘amgin, ma’yus va hatto mungli bir kayfiyatni hosil qiladi.
Oybek ham shunday ziddiyatli bir kayfiyatga chulg‘anadi. Shoir yozadi:
Quyosh, oltining cho‘kkanday cho‘kar sevinchim,
Sinadi ichimda umidning tosi.
Qalbimni yirtadi uning sadosi,
Yupatmas na xayol, sevgi ro‘yosi,
Yuramen, oqshomga singadi izim.
Biz bu she’rni o‘qir ekanmiz, Oybekning yuqoridagi: «Lirika ko‘pincha shoir fikrlarini, tuyg‘ularini... kuylaydi» degan so‘zlari to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qilamiz.
Oybekning tabiat tasviriga bag‘ishlangan she’rlarini o‘qir ekanmiz, uning katta va o‘tkir ko‘zlari nafaqat olis tarixni, Mahmud Torobiylar va Navoiylar yashagan davr manzaralarini, balki tabiatdagi betakror nafosatni ham teran ko‘rganiga amin bo‘lamiz. Oybek, hatto o‘zining nasriy asarlarida ham tabiatni shunday tasvirlaydiki, biz tabiatdagi nozik nuqtalarda uning e’tiboridan chetda qolmaganidan hayratga tushamiz.
Oybek faqat shoir va yozuvchilar bilangina do‘st bo‘lib qolmay, O‘rol Tansiqboyev singari rassomlar bilan ham inoq edi. U mashhur rassomning «Tog‘ sahari» asari to‘g‘risida so‘zlab: «Bu rasmga boqar ekansiz, o‘zingizni ko‘rgazma zalida ekaningizni unutasiz, tog‘larning sokin bag‘rida his etasiz o‘zingizni, tog‘lar quchoqlarida ko‘rgan saharlaringizni eslaysiz», deb yozgan. Bizningcha, kitobxon Oybekning tabiat lirikasini o‘qib ham o‘zini yashil tabiat bag‘rida his etadi.
Tabiat-insonning o‘sib-ulg‘ayishi, ezgulik va go‘zallikning kamalak ranglarini o‘ziga singdirishiga yordam beribgina qolmay, uning barkamol inson bo‘lishida ham faol ishtirok etadi. Afsuski, inson har doim ham ana shu ona tabiatga mehrli munosabatda bo‘lmaydi, tabiatdagi go‘zallikni his etmaydi va bu go‘zallikning qadr-qiymatiga yetmaydi.
Tabiat lirikasi esa xuddi shu maqsadga xizmat qilib, tabiatni tushunish, his etish va sevishga o‘rgatadi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Oybek «Quyosh qoraymas» romanini yozish niyatida bo‘lgan. O‘zbek jangchilarining urush maydonlaridagi jangovar hayotini haqqoniy tasvirlash uchun, shubhasiz, ular bilan bir xandaqda yashash, o‘q va qon hidini tuyish lozim edi. Shuning uchun ham Oybek Moskva ostonalarida jang qilayotgan o‘zbek jangchilariga sovg‘a-salom olib borish va ularga badiiy xizmat ko‘rsatish uchun tuzilgan san’atkorlar delegatsiyasi bilan 1942-yil 6-dekabrda frontga yo‘l olgan va badiiy brigada O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham 1943-yil mart oyining so‘nggi kunlariga qadar front so‘qmoqlarida yurgan.


Bu dahshatli yillar edi. Rus qishiga mos kiyinmagan, yarim och Oybek urush va o‘lim izg‘ib yurgan so‘qmoqlarda vayron bo‘lgan shahar va qishloqlar, dorga osilgan partizanlar, o‘lik jangchilaridan hosil bo‘lgan tepalarni, bombalar yomg‘iridan o‘raga aylangan dalalarni ko‘rdi. Butun bir qishloqdan qolgan bitta mo‘rkonning murda qo‘lidek ko‘kka nola qilib turishining o‘zi Oybekdek yurak va asab tomirlaridan iborat shoirni larzaga soldi. U ana shunday dahshatli manzaralar ta’sirida yon daftariga keyinchalik o‘zbek harbiy lirikasining gultoji bo‘lgan quyidagi satrlarni yozdi:
Yig‘i kelmaydi sira,
G‘azabdan qaqragan ko‘z.
Bu yo‘llarning yaxidek
Labimda qotibdi so‘z...
Qoshlar, kipriklar qiron-
Yuraman hushsiz, hayron.
Qornim och. Esga kelmas
Xaltamdagi g‘ishtdek non.
Kuygan uylarda uvlar
Qish quyuni betinim.
Tanho kezaman.
Yig‘lar Yuragimda vatanim...
Bu she’rda tasvirlangan vatan bugun o‘zbek xalqining vatani emas. Lekin shunga qaramay, bu she’rni o‘qir ekansiz, Oybekka xos tuyg‘uning teranligi, kishilar va mamlakatlar boshiga tushgan tashvishni o‘z tashvishidek qabul qilib, iztirobga tushishi sizni ham larzaga keltiradi va siz istar-istamas she’rdagi ana shu olovlangan dard va iztiroblar girdobiga tushasiz. Va siz Oybekning quyidagi so‘zlari haqiqat ummonidan qalqib chiqqaniga ishonch hosil qilasiz. Oybek esa bunday yozgan edi: «Lirikaning emotsiya vositalari kuchli; ba’zan uzun romandan, faktlar bilan to‘lgan har xil yozuvlardan ko‘ra, kichkina bir she’r kuchliroq, davomliroq, chuqurroq ta’sir qoldira biladi».
Oybek she’ridagi bu emotsional ta’sir urush qoldirgan fojiaviy manzaraning aniq va lo‘nda bo‘yoqlar bilan chizilgani hamda shoirning bu bo‘yoqlarni laxta-laxta qonlar oqib turgan yuragidan olganidadir.Oybek 1937-yilda «Navoiy» dostonidan keyin o‘zbek adabiyoti yulduzlariga bag‘ishlangan yana bir necha lirik dostonlar yozish istagida bo‘lgan. Afsuski, 1937-yilning fojiali voqealari tufayli shoir faqat Mashrab haqidagina lirik doston yozishga ulgurgan, xolos.«Mashrab» dostoni shu vaqtgacha lirik she’r sifatida e’lon qilinib keladi. Lekin Oybek arxivida saqlanayotgan qo‘lyozmada uning janri, xuddi «Navoiy» singari, doston deb belgilangan. («Lirik doston» tushunchasi o‘zbek adabiyotshunosligida 60-yillarga kelibgina qo‘llana boshlagan.) Boborahim Mashrab (1657-1711) o‘zbek mumtoz adabiyotining porloq siymolaridan biri bo‘lib, u o‘ziga xos jozibali she’rlari bilangina emas, ayni paytda isyonkor tabiati bilan ham avlodlar e’tiborini o‘ziga qaratib keladi. Oybek asarda Mashrabning darveshona tabiat sohibi, boylikdan hazar qiluvchi, kambag‘al va beva-bechora kishilar bag‘riga talpinuvchi, pok va musaffo inson sifatidagi obrazini yaratishni o‘ziga maqsad qilib olgan.
Odatda, lirik dostonda bosh qahramon obrazini yaratishda shoirlar portret va manzara (peyzaj) san’atidan keng foydalanadilar. Oybek ham lirik doston muqaddimasidayoq Mashrabning darveshona portretini yaratish yo‘li bilan uning obrazini gavdalantirmoqchi bo‘ladi:
Sochlari patila, ko‘zlari maxmur,
Ko‘zlarda sachraydi qora kuchli nur.
Saraton quyoshi, kuz izg‘irini
Ishlamish yuzlarning ma’no, sirini...
Boyligi qalb she’ri va eski tanbur.
Kulohdan toshardi jingalak sochi,
Mag‘rur va ko‘rkamdi har qachon boshi.
Tashir ham qish, ham yoz qo‘sqi bir po‘stin,
(Unda qolmagandir yamoqsiz o‘rin),
Belida kattakon bir nos qovog‘i...
Asarning bu dastlabki ikki bandida chizilgan portretdayoq Mashrab kitobxonning ko‘z oldida shoir va inson sifatidagi o‘ziga xos g‘aroyib qiyofasi bilan gavdalanmoqda. Unda «Navoiy» dostonidagi ulug‘ o‘zbek shoiriga xos viqor va ulug‘vorlikdan asar ham yo‘q. Aksincha, Mashrabning yuzlarida saraton quyoshi va kuz izg‘irini solgan muhr, qo‘lida «eski tanbur», ustida esa qishda ham, yozda ham yechilmaydigan «qo‘sqi po‘stin»... Shunday g‘arib bir ahvoldagi kishi nimasi bilan Oybekning mehrini qozongan, uzoq asrlardan beri esa el-yurtning, kitobxonlar ommasining ham e’tiborini qozonib kelmoqda? Oybek Mashrab obrazini sekin-asta yorqin va qabartma bo‘yoqlar bilan chizish orqali ana shunday savollarga javob beradi.
Shu o‘rinda Oybekning yana lirika haqidagi fikrlariga murojaat etsak: «Har bir lirik asarni, -deb yozadi shoir, -uch qismga bo‘lish mumkin. Birinchi qismda bosh fikr, bosh motiv ifodalanadi, ikkinchi qismda yordamchi yangi motivlar ila mavzu ochilar, uchinchi qismda fikr va tuyg‘ular doirasi bekiladi. Buni xotima deb ataydilar. Xotimada fikrlar, tuyg‘ular aniqlanib, o‘tkirlanib bir fokusga to‘planadi».
« Mashrab» lirik doston bo‘lgani uchun unda lirikaning ana shu ,.qonunlar»iga to‘la rioya qilingan. Agar asarga Oybekning shu nazariy fikr-mulohazalari asosida yondoshsak, «Mashrab»ning birinchi qismi besh banddan tashkil topganini ko‘ramiz. Shoir bu qismda Mashrab xarakteriga xos iroda kuchi va g‘ayritabiiy belgilar («Oyoqlari uchun tikanlar maysa, Qumlar og‘irligi unga bir paysa», «Osmonni bir tomchi moviy yosh kabi Eritar ko‘zlarning jonli otashi») haqida tasavvur bergach, uning oddiy xalq o‘rtasida mashhurligini aytish bilan bu qismni yakunlaydi.Lirik dostonning «Ana shoir kelar...» so‘zlari bilan boshlangan ikkinchi qismi o‘n banddan iborat. (Darvoqe, har bir band besh satrdan tashkil topgan bo‘lib, aabba tarzida qofiyalangan.) Oybek bu qismda Mashrabning ruhiy go‘zalligi va boyligini yorqin chizmalar bilan yoritishga alohida ahamiyat bergan.
Oybek nazarida, Mashrabga xos darveshona fazilatlarning eng muhimi uning moddiy boylikka nopisandligidir. U Mashrabning ana shu fazilatini ajoyib bir topilma yordamida bunday tasvirlagan:
Oltin tanga tutar qandaydir bir zot,
Piching ila kulib, shoir otar bot.
Tanga allaqayda jaranglar toshda,
Bunday shiralarga qo‘nadi pashsha!
Usiz sehrlidir, rangindir hayot...
Mashrabni g‘arib bir holda ko‘rgan aslzoda kishilardan biri unga sadaqa sifatida oltin tanga uzatadi. Lekin oltin tanga Mashrab uchun hech bir qimmatga ega emas, aksincha, u Mashrab uchun bamisli bir toshdek gap: shu vajdan u tangani otib yuboradi. Oybek qahramonning aslzoda iltifotiga bo‘lgan bunday munosabatini ko‘rsatibgina qolmay, bu munosabatning tagida yotgan ma’no-mohiyatni ham mohirlik bilan ochadi («Bunday shiralarga qo‘nadi pashsha! Usiz sehrlidir, rangindir hayot...»).
Oybek ana shu tarzda Mashrab xarakteri qirralarini quyidagicha pog‘onama-pog‘ona ochib boradi:
1. Mashrabning olov va quyoshga bo‘lgan munosabati («Olovni ham dudni sevadi shoir, Kaftida cho‘g‘larni o‘ynatar mohir. Quyosh jilvasini ko‘rar olovda»).
2.Mashrabning shoirligi («Jaranglar havoda baland xush ovoz, hammasi tabiiy, unda yo‘q pardoz. Ruhlarning qa’rida yoqadi mash’al»).
3.Mashrab she’rlarining xalqqa yaqinligi («So‘zi xalqni qattiq kuldiradi goh, Goho u qalblardan uzdiradi oh...»).

4. Mashrab xatti-harakatlarining mantiqqa asoslanganligi


(«Undan sodir bo‘lgan har qiliq, har ish Topadi eng chuqur, eng nodir dalil»).
Mashrab xarakterining Oybek asarida yoritilgan asosiy qirralari shulardan iborat. Lekin bu qirralar Mashrabning fenomen sifatidagi mohiyatining faqat bir qisminigina tashkil etadi. Shuning uchun ham Oybek Mashrabning ziddiyatlar va paradokslardan iborat xarakteri talqinini yakunlab, bunday yozadi:
Qochadi har yerda koshonalardan,
Shoh do‘stlar chirkinroq begonalardan.
Is bosgan kulbada topar rang, ziyo,
Xon qizi bo‘lolmas ishqiga Laylo,
Qidirar quyoshni mayxonalardan...
Lirik dostonning ikkinchi qismi shunday satrlar bilan tugaydi. Nihoyat, «fikr va tuyg‘ular doirasi bekiluvchi» bir banddan iborat so‘nggi bo‘lim bunday xotimalangan:
Bulutday kezsa xalq ichidan shoir,
Xotirasi quyosh kabi qoladir.
Ko‘ngli ko‘targuncha har dargoh-gulshan, Bilinmas nash’asi, g‘ami nimadan,
Hayoti ming quroq bir afsonadir.
Dostonning badiiy jozibasi har bir satrning durdona fikrlar marjonidan tuzilganligi, tasviriy san’at vositalari bilan nafis bir shaklda bezanganligi, she’riy nutqning esa g‘oyat boy, rangin, mayin va o‘ta musiqiyligi bilan belgilanadi. Hatto so‘nggi bandning o‘zidayoq, Oybek Mashrabning el-yurt bo‘ylab kezishini bulutning sokin harakatiga qiyos qilgan bo‘lsa, shoir xotirasining abadiyligini tasvirlash uchun shu istiora unib chiqqan olamdan uzoqlashmagan holda quyosh obrazidan foydalanadi va Mashrab xotirasining quyosh yanglig‘ abadiy qolajagiga umid bildiradi.
Oybek «Mashrab»gacha va undan keyin ham, yuqorida aytib o‘tilganidek, ko‘plab dostonlar yozdi. Bu dostonlar orasida ,,O‘ch», «Baxtigul va Sog‘indiq», «Hamza», «Guli va Navoiy» dostonlari o‘zining badiiy quvvati bilan ajralib turadi. ,,O‘ch» dostoni esa inqilobiy yillar ruhiga biroz hamohang bo‘lganligi sababli o‘z vaqtida ancha mashhur bo‘lgan.
1937-yil dahshatlaridan arang omon qolgan Oybekning aziz boshi ustida 50-yillar tongida yana qora bulutlar paydo bo‘ldi. NKVD Oybekni qamoqqa olish va uning boshiga Cho‘lponlar taqdirini solish uchun barcha choralarni ko‘rdi. Shuning natijasida adib 1951-yil 16-aprelda insult xastaligiga yo‘liqib, tili va qo‘li ishdan chiqdi. Shifokorlar Oybekni hayotga qaytarish uchun uzoq yillar davomida zahmat chekdilar. Nihoyat, Oybek o‘z qo‘li bilan yoza olmasa-da, xotini Zarifaxonim va kelini Hulkarga kun bo‘yi shuurida tug‘ilgan satrlarni duduqlangan tillari bilan aytib yozdiradigan bo‘ldi. Ana shu holatda u «Oltin vodiydan shabadalar» romanini qayta ishlab berdi, «Quyosh qoraymas» romanini tugatdi, «Ulug‘ yo‘l» romani, o‘nlab qissa, doston, she’r va maqolalarini yozdi.
Ijod uning uchun yashash tarzi edi. U hatto xasta paytida ham o‘zini ijodiy mehnatsiz tasavvur etmagan. Shuning uchun ham adib sog‘ayishi va sog‘aygach bearmon yozishi mumkin bo‘lgan paytni orziqib kutdi:
Xastamen... Fikrga, tuyg‘uga to‘lib-
Oy menga hamqadam-asta yuramen.
Sog‘aysam, bir kuni yozamen to‘yib,
Hislarga qalbimni qo‘shib yozamen...
1959-yilda yozilgan bu she’rda Oybekning shu kezlardagi birdan-bir armoni katta badiiy kuch bilan ifodalangan.
Biz ko‘rib o‘tgan she’rlar nafaqat Oybek lirikasi, balki butun o‘zbek mumtoz va zamonaviy she’riyatining oltin sahifalarini tashkil etadi va Oybekning ulug‘ shoir bo‘lganidan dalolat beradi.

Hamid Olimjon XX asr o‘zbek poeziyasining yorqin siymolaridan biridir. U 1909 yil 12 dekabrda Jizzaxda tug‘ilgan. Otasining ismi Olim buva, onasining ismi Komila aya bo‘lib, ular Hamidning tarbiyasiga katta e’tibor berganlar. Hamid Olimjon avvalda eski maktabda, keyin yangi maktabda o‘qiydi. Undan so‘ng Samarqanddagi Pedakademiyada tahsil oladi.

Hamid Olimjonning dastlabki she’rlari 20-yillarning o‘rtalarida paydo bo‘ldi. Bu she’rlar "Chimyon daftari" turkumini tashkil etadi. Uning birinchi she’ri "Kimdir" e’lon qilinganda shoir o‘n yetti, to‘ng‘ich kitobi - "Ko‘klam" bosilib chiqqan vaqtda yigirma yoshda edi. Hamid Olimjon "Ko‘klam" kitobidan boshlab hayot haqidagi o‘z taassurotlarini berishga, turmushni dramatik holatlari bilan idrok etishga, she’rdagi lirik qahramon kechinmasini ta'sirchan va ishonarli chiqarishga, ayniqsa, voqea-hodisadan ko‘ra, undan hosil bo‘lgan fikr, his-tuyg‘ular, qalb holatini ifodalashga urindi. Albatta, uning dastlabki she’rlari ijodining mashqlar va izlanishlar bosqichini tashkil etadi. Uning "Oydinda" she’rida hayot o‘sha davr rasmicha ko‘tarinki soxta talqin qilinadi. Bunda hayot g‘amsiz, alamsiz, kadarsiz deb tasvirlanadi.

Hamid Olimjon ijodining ikkinchi bosqichi 30- va urush yillari hisoblanadi. Uning ishonch va umid ruhi "Yigitlarni frontga jo‘natish", "Qo‘lingga qurol ol!", "Yaqinlik", "Moskvani men bilaman", "Jangchi Tursun", "Rossiya", "Nihol", "Sevgi" kabi urush davri o‘zbek lirikasining yutug‘i bo‘lgan asarlarning qon tomiriga singib ketgandi. "Muqanna" va "Jinoyat" dramalari ham urush yillarida yozilgan bo‘lib, "Muqanna" asari urush davri o‘zbek adabiyotida muhim voqea bo‘ldi. Dramaturg olis tarixiy voqeani hozirgi zamonning muhim siyosiy hodisasini aks ettirishga, urush davri vazifalarini o‘tash hamda ehtiyojlarini qondirishga xizmat ettira oldi. "Jinoyat" pesasi esa Hamid Olimjonning hayotdagi murakkab, ziddiyatli muammolarni keskin to‘qnashuvlar va kolliziyalar vositasida talqin etish mahorati oshganligidan dalolat beruvchi drama bo‘lib qoldi.

Urush yillarida shoir "Jangchi Tursun", "1924 yilning yanvarida Samarqand", "Rossiya", "Roksananing ko‘z yoshlari" kabi balladalarini yozdi.

Hamid Olimjonning 9 ta doston, 7 ta she’rlar to‘plami bor. "Grisha", "Ota hayotidan", "Shohimardon", "Ikki qizning hikoyasi" dostonlari zaif dostonlar hisoblanadi. "Ikki qizning hikoyasi" dostoni Hamid Olimjonning hayot to‘g‘risidagi eng yaltiroq tasavvurini ifodalaydi.

"Oygul bilan Baxtiyor", "Semurg‘ yoki Parizod va Bunyod", "Zaynab va Omon" dostonlari mashhur hisoblanadi. "Zaynab va Omon" poemasida she’riy san’atlar qalashib ketgan deyish mumkin. Bu dostonda adabiyotdagi uchlik an’anasi bor. Bular Zaynab, Omon va Sobir timsollari bo‘lib, chinakam dunyoviy muhabbat tantanasini ko‘rsatish maqsadiga bo‘ysundirilgan. Faqat muallif bu dostonida ham "Baxtlar vodiysi", "O‘zbekiston", "O‘rik gullaganda" she’rlaridagi kabi "Zaynab o‘sgan el husnga to‘liq" deb 30-yillar hayotining ancha yaltiroq, ko‘tarinki manzarasini beradi.

Hamid Olimjon nafaqat shoir, balki tarjimon hamdir. U 1936 yilda Pushkinning 100 yilligi munosabati bilan "Kavkaz asiri" dostoni, "Suv parisi" dramasini, bir qator she’rlarini tarjima qilgan. Pushkin va Gorkiy haqida maqolalar yozgan. Uyg‘un bilan birgalikda "Sotsialistik realizmni egallash yo‘lida", "Marksizm niqobi ostida menshevizm" maqolalarini yozishgan. Bu maqolada A.Sa'diyni adabiyot va san’atni siyosatdan uzoqlashtirib yuborishda ayblaydilar. Shoirning "Fitratning ijodi haqida" maqolasi buyruqqa binoan yozilgan bo‘lib, adibni millatchilikda va xalqqa dushmanlikda ayblash asosiga qurilgan.

Hamid Olimjon ijodini o‘rganish 30-yillarning oxirlarida Yusuf Sultonovning "Hamid Olimjon ertaklari" maqolasi bilan boshlangan. Lidiya Bat, G‘.Karimov ham shoir haqida maqolalar yozishgan. Uyg‘un esa, 1944- yil yozilgan "Shodlik va baxt kuychisi" maqolasida uning siymosini bir yoqlama talqin qiladi.

Hamid Olimjon o‘zbek she’riyatining yetuk namoyandasi sifatida xalqning muhabbatiga, tanqidchilarning qiziqishlariga sazovor bo‘ldi.


O’zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi (1943) Hamid Olimjon o’zbek adabiyotpning dolzarb masalalari bo’yicha qator ilmiy-tanqidiy asarlar yaratdi. U A.S. Pushkin, L.N. Tolstoy, M. Gorkiy, V. Mayakovskiy, A. Serafimovich, T. Shevchenko, M. Lermontov, N. Ostrovskiy, A. Korneychuk asarlarga tarjima qildi va ular haqida maqolalar yozdi.


O’zbek xalq og’zaki ijodining ajoyib durdona asari «Alpomish» dostoni birinchi marta Hamid Olimjon tomonidan nashrga tayyorlanib, so’z boshi bilan (1938) chop etildi. U Alisher Navoiyning 500 yilligini o’tkazish yubileyi komitetining a’zosi sifatida ulug’ shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Hamid Olimjon 1939 yildan to 1944 yilda avtomobil halokatiga uchrab dunyodan ko’z yumganiga qadar O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasiga rahbarlik qildi.
Hamid Olimjon o’zining «Daryo kechasi» (1936), «Chirchiq sohillarida» (1937), «O’lka» (1939), «Baxt» (1940) to’plamlari, «Ikki qizning hikoyasi» (1935-1937), «Oygul bilan Baxtiyor» (1937), «Zaynab va Omon» (1938), «Semurg’» (1939) dostonlari bilan novator shoir sifatida davrining ilg’or g’oyalarini tarannum etdi.
Ikkinchi jahon urushinning olovli yillarida uning «Muqanna» nomli she’riy dramasi yaratildiki, u hanuzgacha dramaturgiyamizning gultoji bo’lib kelayotir.Iste’dodli shoir Hamid Olimjonning ko’pchilik asarlari qardosh xalqlar va xorijiy xalqlar tillariga tarjima qilingan.

Yüklə 36,23 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə