Reja: Orfografiya haqida umumiy ma’lumot



Yüklə 58,94 Kb.
tarix11.12.2023
ölçüsü58,94 Kb.
#143913
Orfografiya va orfoepiya


1-mavzu: Orfografiya va orfoepiya
Reja:
1. Orfografiya haqida umumiy ma’lumot.
2. Orfografiya tamoyillari.
3. Hozirgi oʻzbek imlosining asosiy qoidalari.
4. Orfoepiya haqida umumiy ma’lumot.

Tayanch soʻz va iboralar: orfografiya, orfografiya tamoyillari, fonetik tamoyil, morfologik tamoyil, shakily tamoyil, tarixiy-an’anaviy tamoyil, farqlash tamoyili. orfoepiya, to‘gri talaffuz me’yori, unli tovushlar talaffuzi, undosh tovushlar talaffuzi, qo‘shimchalar talaffuzi, boshqa tildan o‘zlashgan ayrim so‘zlar talaffuzi, orfoepiya, to‘gri talaffuz me’yori, unli tovushlar talaffuzi, undosh tovushlar talaffuzi, qo‘shimchalar talaffuzi, boshqa tildan o‘zlashgan ayrim so‘zlar talaffuzi




t/r

Mavzu nomi

Bajarish shakli

1

O‘zbek adabiy tilining talaffuz me’yorlari

Boshlang‘ich sinf ona tili va o‘qish kitobi darsliklaridan talaffuzi va imlosi mos kelmaydigan 30 ta so‘z topib imlosi va talaffuzini yonma-yon yozing

2

Asos va qo`shimchalar imlosi

Asos va qo`shimchalar imlosiga doir mashq tuzish

3

Qo`shib yozish

Qo`shib yozish imlo qoidalariga doir mashq tuzish

4

Ajratib yozish qoidalari

Ajratib yozish qoidalariga doir mashq tuzish

5

Bosh harflar imlosi

Bosh harflar imlosiga doir mashq tuzish

6

Ko`chirish qoidalari

Ko`chirish qoidalariga doir mashq tuzish

Orfografiya grekcha orphos ( to‘g‘ri ) va grapho (yozaman) so‘zlaridan tashkil topgan bo‘lib, «to‘g‘ ri yozaman» degan ma’noni bildiradi.


Jamiyatning har bir a’zosidan to‘g‘ri so‘zlay olish va savodli yoza bilish talab etiladi. O‘quv muassasalari oldida turgan asosiy vazifa ham shu talab asosida kelib chiqadi. Adabiy tilning ikki shakli bo‘lib, ulardan biri yozma nutqdir. Bu nutq orfografiya qonun-qoidalariga asoslanadi. Demak, orfografiya adabiy tilning yozma shakliga xos bo‘lib, u tildagi o‘zak-negiz va qo‘shimchalarni yagona tarzda to‘g‘ri yozish haqidagi qoidalar yig‘indisidir.
Imlo qoidalari orfografiyaning fonetik, morfologik, shakliy, an’anaviy va differensiatsiya tamoyillari asosida ishlab chiqilgan. Fonetik va morfologik tamoyillar o‘zbek orfografiyasining asosiy tamoyillaridir.
Fonetik tamoyil (fonetik usul). Bu tamoyil bo‘yicha so‘zlar, so‘z tarkibidagi qo‘shimchalar qanday talaffuz etilsa, xuddi o‘shanday yoziladi. Bu tamoyil asosida ayrim harflar imlosi, asos va qo‘shimchalar imlosidagi ayrim qoidalar ishlab chiqilgan. Masalan, 1) son so‘ziga fe’l yasovchi -a qo‘shimchasi qo‘shish bilan yasalgan so‘z sona emas, sana tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi. Yosh, ot so‘zlariga fe’l yasovchi -a qo‘shimchasi qo‘shilishi bilan yasalgan yosha, ota so‘zlari yasha, ata tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi. Ong so‘ziga fe’l yasovchi -la qo‘shimchasini qo‘shish bilan yasalgan so‘z ongla emas, angla tarzida talaffuz qilinadi va yoziladi. 2) o‘yin so‘ziga -a fe’l yasovchi qo‘shimcha qo‘shilishi bilan yasalgan so‘z o‘yna tarzida (i tovushi tushirilib) aytiladi va shunday yoziladi; 3) sariq, ulug‘ so‘zlariga fe’l yasovchi –ay qo‘shimchasi qo‘shilishi bilan yasalgan so‘z sarg‘ay, ulg‘ay tarzida aytiladi va shunday yoziladi; 4) o‘qi, tani, tashi kabi fe’l formalariga –v qo‘shimchasini qo‘shish bilan hosil qilingan so‘z tashuv, o‘quv, tanuv tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi; 5) tara, bo‘ya so‘zlariga ot yasovchi –q qo‘shimchasini qo‘shish bilan yasalgan so‘z taroq, bo‘yoq tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi; 6) q va k tovushi bilan tugagan ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda q tovushi g‘, k tovushi g tovushiga almashadi va shunday yoziladi: taroq+i= tarog‘i, kurak+i=kuragi, istak+i=istagi, o‘rtoq+i=o‘rtog‘i.
I z o h: q va k undoshi bilan tugagan ayrim so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda q va k tovushlari asliga muvofiq aytiladi va yoziladi: ishtiroki, ishtiyoqi, zavqi, shavqi, choki, cheki.
7) og‘iz, qorin, o‘rin, singil, ko‘ngil, burun, shahar kabi so‘zlarga egalik qo‘shimchalari qo‘shilganda, ikkinchi bo‘g‘indagi i, u, a unlilari talaffuzda tushib qoladi va shunday yoziladi: og‘iz+im=og‘zim, qorin+im=qornim, o‘rin+im = o‘rnim, singil+im=singlim, ko‘ngil+im=ko‘nglim, burun+im=burnim, shahar+im = shahrim (bu so‘z shaharim tarzida aytilishi va yozilishi ham mumkin. Bu ikki holat tilda parallel ishlatiladi.);
8) adabiy tilda jo‘nalish kelishigining –ga qo‘shimchasi shakli qabul qilingan. Ba’zan bu shakl –ka, -qa tarzida eshitiladi. Masalan: bilakka, go‘dakka, qishloqqa, toqqa kabi. Ko‘rinib turibdiki, so‘z q yoki k undoshi bilan tugaganda jo‘nalish kelishigi –qa, -ka shaklini olyapti. Og‘zaki talaffuzda so‘z qanday tovushlardan tashkil topgan bo‘lsa, bu tovushlar yozuvda ham shu tovushlarga mos harflar bilan aks ettirilyapti.
9) q va k undoshi bilan tugagan fe’l shakllariga ravishdosh hosil qiluvchi –gach qo‘shimchasining –qach va –kach variantlari qo‘shilib, chiqqach, ekkach tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi;
10) rus tilidan o‘zlashgan kiosk, disk so‘zlari o‘zbek tilida kioska, diska tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi;
11) o‘zlashma rama, para, minuta, sekunda, konfeta kabi so‘zlarning oxiridagi a unlisi o‘zbek tili og‘zaki nutqida talaffuz etilmaydi va yozuvda ham aks ettirilmaydi (rom, par, sekund, minut, konfet kabi).
12) o‘zlashma shyotka, podnos so‘zlari esa cho‘tka, patnis tarzida aytiladi va yoziladi.
13) u, bu, shu, o‘sha olmoshlariga -da, -dan, -ga, -gacha, -cha qo‘shimchalari qo‘shilganda i tovushi qo‘shib aytiladi va shunday yoziladi: unda, undan, ungacha va hokazo.
14) zachyot, syujet, sentyabr so‘zlari og‘zaki nutqda zachot, sujet, sentabr tarzida talaffuz qilinadi va talaffuzga mos shaklda yoziladi.
Fonetik tamoyil yozuvni jonli talaffuzga yaqinlashtiradi, ular o‘rtasida umumiylikni vujudga keltiradi.
Demak, fonetik tamoyilga ko‘ra yozuvda talaffuzdagi tovushga muvofiq keladigan, aynan mos tushadigan harf qo‘llanadi.
Morfologik tamoyil. Bu tamoyilga ko‘ra so‘zlarning tarkibiy qismlari: o‘zak-negiz va qo‘shimchalari og‘zaki nutqda qanday talaffuz qilinishidan qat’i nazar, ya’ni og‘zaki talaffuz shakliga qarab emas, asliga muvofiq yoziladi. Bu tamoyil so‘z o‘zagini, unga qo‘shiladigan qo‘shimchalarni muayyan bir sistema asosida aks ettiradi, tildagi variantlilikka, har xillikka barham beradi. Bu tamoyilga ko‘ra variantlardan biri tanlanib, yozuvda tanlangan variant asos qilib olinadi. O‘zbek orfografiyasining asosiy imlo qoidalari, ya’ni ayrim unli harflar imlosi, ayrim undosh harflar imlosi hamda asos va qo‘shimchalar imlosi shu tamoyilga tayanadi. Masalan: 1) uzum, uzuk, tugun, turmush kabi so‘zlarning oldingi bo‘g‘inida u kelsa, keyingi bo‘g‘inida u unlisi i tarzida aytilsa ham, u yoziladi. 2) jarangsiz jufti bor jarangli undoshlar (b, d, v, g, j(jim), j(juri), g‘, z) so‘z oxirida jarangsiz (p, t, f, k, ch, sh, s) tarzida talaffuz qilinsa ham, asliga muvofiq yoziladi: maktab, ozod; 3) shanba, sunbul, manba, vatanparvar kabi so‘zlar o‘rtasida kelgan n undoshi o‘zidan keyin kelgan b, n, m undoshlari bilan yonma-yon kelganda, og‘zaki talaffuzda shamba, sumbul, mamba kabi m tarzida aytilsa ham, n shaklida yoziladi. 4) do‘st, go‘sht, to‘rt, Toshkent kabi so‘zlarda so‘z oxirida yonma-yon kelgan undoshlarning oxirgisi talaffuz qilinmaydi, ammo yozuvda saqlanadi; 5) pastqam so‘zi o‘rtasida ketma-ket kelgan ikki undoshning (st) keyingisi talaffuz qilinmaydi, lekin yozuvda saqlanadi; 6) –lar ko‘plik qo‘shimchasi so‘z oxirida kelganda, og‘zaki nutqda –la tarzida aytilsa ham, yozuvda -lar shaklida yoziladi. 7) uch, to‘rt sonlariga –ta, -ala qo‘shimchalari qo‘shilganda, ushta, uchchala, to‘rttala tarzida aytiladi, lekin yozuv uchun tanlangan varianti yoziladi: uchta, uchala, to‘rtala kabi.
Shuningdek, qo‘shimchalarning asosiy qismi morfologik tamoyil asosida yoziladi, ya’ni kelishik qo‘shimchalari og‘zaki nutqda maktabta, ishtan tarzida aytilsa ham, maktabda, ishdan; fe’llardagi –di shaxs-son hamda yaqin o‘tgan zamon qo‘shimchasi –ti tarzida (aytipti, aytti) aytilsa ham, aytibdi, aytdi kabi yoziladi.
Morfologik tamoyil o‘zbek orfografiyasining asosiy va yetakchi tamoyili sanaladi va yozuvda bir xillikni ta’minlaydi.
Demak, morfologik tamoyilga ko‘ra so‘zning tovush tarkibi og‘zaki nutqda qanday aytilishidan qat’i nazar o‘zining morfologik shaklini o‘zgartirmagan holda yoziladi.
Shakliy an’anaviy tamoyil ( tarixiy-an’anaviy tamoyil deb ham yuritiladi). Bu tamoyilga ko‘ra boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar hozir ham o‘tmishdagi shakliga muvofiq yoki o‘zi mansub bo‘lgan tildagi shaklini o‘zbek imlosida ham saqlagan holda yoziladi. Bu tamoyil asosida quyidagi kabi imlo qoidalari ishlab chiqilgan:
1. Manfaat, matbaa, mutolaa, taajjub, taassurot kabi arab tilidan o‘zlashgan so‘zlarda bitta cho‘ziq a talaffuz qilinsa ham, arab imlosini saqlagan holda yozuvda ikkita a yoziladi.
2. Mubolag‘a, muzokara, munosabat, muhokama kabi arabcha so‘zlarning urg‘usiz bo‘g‘inida a og‘zaki nutqda qisqa i tarzida aytilsa ham, an’anaga ko‘ra a yoziladi.
3. Tadbir, tatbiq so‘zlarining birinchi bo‘g‘ini oxiridagi d va t undoshlari bir xil t tovushi tarzida talaffuz qilinsa ham, yozuvda d va t undosh harflari saqlanadi.
4. Dorboz, torozibon kabi so‘zlardagi fors-tojik tilidan o‘zlashgan –boz, -bon qo‘shimchalari og‘zaki nutqda –voz, -von tarzida aytilsa ham, uning an’anaviy shakli yozuvda saqlanadi.
5. An’anaviy tamoyil taqozo, hokazo kabi so‘zlarning tovush tarkibiga nisbatan ham tatbiq etiladi. Bu so‘zlarning ikkinchi bo‘g‘inidagi o va a unlilari ba’zan a, ba’zan o unlisi kabi talaffuz qilinadi. Tarixan o (taqozo), a (hokazo) yozib kelingani uchun hozir ham yoziladi.
6. Ocherk, tonna kabi so‘zlarining urg‘uli bo‘g‘inida o unlisi o‘zbek tilidagi o‘ unlisi kabi aytilsa ham, rus tilidagi shakliga muvofiq yoziladi.
7. Direktor, traktor, ekspeditor kabi so‘zlarning urg‘usiz bo‘g‘inidagi o unlisi og‘zaki nutqda qisqa i unlisi tarzida aytilsa ham, rus tilidagi shakli saqlanadi.
8. Motor, otryad, limonad, konsert, konspekt kabi so‘zlarning urg‘usiz bo‘g‘inida kelgan o unlisi talaffuzda a unlisi kabi aytilsa ham, rus tilidagi kabi o unlisi bilan yoziladi.
9. Zachyot, syujet, rejissyor, sentyabr so‘zlari og‘zaki nutqda zachot, sujet, rejissor, sentabr tarzida talaffuz qilinsa ham, kirill alifbosida rus tilidagi shakli saqlanadi.
10. Rayon, mayor, Nyu-York so‘zlaridagi yo harfiy birikmasi og‘zaki nutqda yo‘ tarzida talaffuz qlinsa ham, yozuvda o‘sha tildagi an’ana saqlanadi.
Bu tamoyil mumtoz adabiyot tiliga ham tatbiq etiladi. Qadimda hozirgi-kelasi zamon qo‘shimchasi –r (-ar) ning –ur shakli ishlatilgan. Bu shakl ba’zan hozirgi she’riyatda ham saqlanadi.

Ba’zan tirnoqlar bezagi uchun


Sahardan shomgacha qilursiz toqat,
Ammo eringizni kutgali nechun
Topilmas tirnoqcha sabr-u qanoat. (A.Oripov)
Mazkur she’rda maqsad ma’nosini ifodalovchi –gani qo‘shimchasi –gali tarzida qo‘llangan.
Eski o‘zbek tilida chiqish kelishigi –din ba’zan hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi –dan o‘rnida qo‘llaniladi: Sendin o‘zgani desam...
So‘roq ma’nosini ifodalash uchun –mi yuklamasi ba’zan –mu tarzida, ya’ni qadimgi shaklda qo‘llanadi. Masalan:
Demak, bu tamoyilga ko‘ra so‘zlar talaffuzidagi hozirgi holatiga qarab emas, balki an’ana tusiga kirib qolgan shaklini saqlagan holda yoziladi.
Differensiatsiya tamoyili. Bu tamoyilga ko‘ra, shakli yoki talaffuzi bir xil bo‘lgan so‘zlar yozuvda turli shartli belgilar vositasida (yoki ba’zan ma’noga ko‘ra) farqlanadi. Masalan:
1. Urg‘u vositasida farqlash: atlás - mato, material. Átlas - geografik atlas, xarita. Akadémik - ot, akademí́́k - sifat (masalan, akademí́́k litsey).
2. Unlining cho‘ziq-qisqaligi orqali farqlash (bunday so‘zlarda unlining cho‘ziqligini tutuq belgisi ta’minlaydi, demak bunday so‘zlarning shakli va ma’nosi tutuq belgisiga ko‘ra farqlanadi): tana – ta’na, surat – sur’at, qala – qal’a kabi.
3. Boshqa-boshqa tovush ifodalovchi harflar vositasida so‘z ma’nosini farqlash: xol (yuzdagi xol) – hol (ahvol, holat).
Grafik tamoyil. Bu tamoyil asosidagi imlo qoidalari tovush bilan uning yozuvdagi shakli o‘rtasidagi munosabatlarni ifodalashga asoslanadi. Masalan, sirg‘aluvchi j tovushi bilan qorishiq portlovchi j tovushlari yozuvda bitta shakl – harf bilan berilishi (jo‘ja-gijda kabi), sayoz til orqa –ng tovushini ifodalovchi harflar birikmasi ng hamda n va g tovushlarini ifodalovchi n va g harflari yonma-yon kelganda ham n va g talaffuz etilishi grafik tamoyil asosida belgilangan: ko‘ngil – bitta tovush, senga - ikkita tovush.
Kirill grafikasi asosidagi imlo qoidalari 1956-yilda tasdiqlangan. Bu imlo qoidalari quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga olgan:
1. Ayrim harflar imlosi;
2. O‘zak-negiz va qo‘shimchalar imlosi;
3. Qo‘shma so‘z va so‘z birikmalari imlosi;
4. Bo‘g‘in ko‘chirilishi;
5. Bosh harflarning yozilishi.
1995-yil 24-avgustda lotin grafikasi asosidagi o‘zbek yozuvining imlosiga doir qoidalari tasdiqlandi. Bu imlo qoidalari quyidagi bo‘limlardan iborat:
Ayrim harflar imlosi: unlilar imlosi, undoshlar imlosi.
Asos va qo‘shimchalar imlosi.
Qo‘shib yozish.
Ajratib yozish.
Chiziqcha bilan yozish.
Bosh harflar bilan yozish.
Ko‘chirish qoidalari.
Oldingi imlo qoidalari bilan hozirgi imlo qoidalari o‘rtasida quyidagi ayrim o‘zgarishlar mavjud:
1) juft so‘zlar orasida bog‘lovchi bo‘lib kelgan yuklamalar o‘zi bog‘langan so‘zdan chiziqcha bilan ajratiladi: dost-u dushman, kecha-yu kunduz;
2) yil, oyni ko‘rsatuvchi raqamlardan keyin ham chiziqcha qo‘yiladi: 1995-yil 24-avgust, 1993- yil 2-sentabr;
3) kirilchadagi ts harfi so‘z boshida va oxirida s harfi bilan beriladi: tsirk – sirk, abzats – abzas. So‘z o‘rtasida unlidan keyin ts harfiy birikmasi, undoshdan keyin esa s harfi bilan beriladi: litsey – litsey, aktsiya – aksiya.
4) -ga qo‘shimchasi g‘ tovushi bilan tugagan so‘zlarga qo‘shilganda morfologik yozuv bo‘yicha asliga muvofiq yoziladi: bog‘+ga= bog‘ga, tog‘+ga= tog‘ga.
5) oldin shakliy yozuv qoidasiga muvofiq yozib kelingan juda ko‘p chet tili so‘zlari endilikda fonetik yozuv bo‘yicha yoziladigan bo‘ldi (bu o‘zgarish asosan tarkibida yo, yu, ya harflari qatnashgan so‘zlarga tegishlidir) : sentabr (sentyabr’), oktabr (oktyabr’), budjet (byudjet), rejissor(rejissyor), likor (likyor).
6) ayrim so‘zlar esa oldin fonetik yozuv bo‘yicha yozilgan bo‘lsa, yangi alifboda morfologik yozuvga ko‘ra yoziladigan bo‘ldi: ertalabki emas ertalabgi.

Ilova


O‘ZBEK TILINING ASOSIY IMLO QOIDALARI
HARFLAR IMLOSI
Unlilar imlosi
1. A a harfi:
1) aka, alanga, aloqa, og‘a; sentabr, noyabr kabi so‘zlarda old qator keng unlini ifodalash uchun yoziladi;
2) bahor, zamon; savol, gavda; vasvasa kabi so‘zlarning oldingi bo‘g‘inida, vaqt, vahm kabi so‘zlarda a aytiladi va yoziladi
2. O o harfi:
1) ona, omon, quyosh, fido, baho, xola, lotin; mukofot, mahorat kabi so‘zlarda orqa qator keng unlini ifodalash uchun yoziladi.
2) boks, poyezd, tonna, talon; agronom, mikrofon; direktor, termos kabi o‘zlashma so‘zlardagi unlini ifodalash uchun yoziladi.
3. I i harfi:
1) ish, iz, qil; xirmon, ilhom, ikki, ixtisos, shoyi, tulki; volida, piramida; bilan, biroq, sira, qishloq, chiroq kabi so‘zlarda old qator tor unlini ifodalash uchun yoziladi;
2) o‘tin, o‘rik, bo‘lim kabi oldingi bo‘g‘inida o‘ unlisi keladigan so‘zlarning keyingi bo‘g‘inida i aytiladi va yoziladi.
4. U u harfi:
1) uy, kun; buzoq, buloq, Buxoro; butun, uchuq, usul, yulduz; mafkura; ko‘zgu, uyqu; aluminiy, yubiley kabi so‘zlarda orqa qator tor unlini ifodalash uchun yoziladi;
2) qovun, sovun, tovush, yovuz, qirg‘ovul, chirmovuq kabi so‘zlarning oldingi bo‘g‘inida o unlisi kelsa, keyingi yopiq bo‘g‘in boshidagi v undoshidan keyin u aytiladi va yoziladi.
5. O‘ o‘ harfi o‘t, o‘q, o‘zbek, o‘simlik, do‘ppi, bo‘tako‘z, semizo‘t, gulko‘rpa, noo‘rin kabi so‘zlarda orqa qator o‘rta-keng unlini ifodalash uchun yoziladi.
6. E e harfi ekin, esla, evara, ekran, eksport; kel, zehn; kecha, behi; telefon, teatr; poyezd, atelye; e’lon, ne’mat, she’r kabi so‘zlarda old qator o‘rta-keng unlini ifodalash uchun yoziladi.
7. Yonma-yon keladigan unlilar imlosi:
1) unlilar orasiga ba’zan u undoshi qo‘shib aytilsa ham, yozilmaydi.
a) ia: material, milliard, radiator; tabiat, shariat kabi;
b) io: biologiya, million, stadion, radio kabi;
v) ai: mozaika, ukrain, said, maishat kabi;
g) oi: alkoloid, ellipsoid, doim, shoir, oila kabi;
d) ea: teatr, okean, laureat kabi;
2) ae, oe unlilari so‘z ichida kelganda ikkinchi unli u aytilsa ham, asliga muvofiq e yoziladi: aerostat, poema kabi.
Boshqa hollarda yonma-yon kelgan unlilar odatda aynan aytiladi va yoziladi: manfaat, kauchuk, aorta, saodat, burjua, shuaro, inshoot, sanoat, vakuum, muammo, matbuot, tabiiy, rioya va boshqalar.
Undoshlar imlosi
8. V b harfi:
1) bobo, bahor, bir, majbur, zarb kabi so‘zlarda jarangli portlovchi lab undoshini ifodalash uchun yoziladi;
2) kitob, yuzlab, kelib kabi so‘zlar oxirida r aytilsa ham, b yoziladi.
3) qibla, tobla kabi so‘zlarda ba’zan v aytilsa ham, b yoziladi;
9. R r harfi paxta, pichoq, opa, tepa, tup, yop kabi so‘zlarda jarangsiz portlovchi lab undoshini ifodalash uchun yoziladi.
10. V v harfi:
1) ov, suv, kuyov; ovoz, savol; volida, vatan kabi so‘zlarda ovozdor sirg‘aluvchi lab undoshini ifodalash uchun yoziladi;
2) avtobus, avtomat kabi o‘zlashma so‘zlarda v ba’zan f aytilsa ham, v yoziladi.
11. F f harfi:
1) fan, fe’l, futbol, fizika; asfalt, juft; insof, isrof kabi so‘zlarda jarangsiz sirg‘aluvchi lab undoshini ifodalash uchun yoziladi;
2) fasl, fayz, Fotima, fursat kabi so‘zlarda f tovushi ba’zan r aytilsa ham, asliga muvofiq f yoziladi.
12. M m harfi moy, muborak, tomon, ilhom kabi so‘zlarda ovozdor lab-lab burun undoshini ifodalash uchun yoziladi.
13. D d harfi:
1) dala, odat, bunyod, modda, jiddiy kabi so‘zlarda til oldi jarangli portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi;
2) obod, savod, marvarid; zavod, pud, sud; badqovoq, badxo‘r kabi so‘zlarda t aytilsa ham, d yoziladi.
14. T t harfi tong, tun; butun, o‘tin, o‘t, kut kabi so‘zlarda til oldi jarangsiz portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
15. Z z harfi:
1) zar, zamon, toza, o‘zbek, yoz, g‘oz kabi so‘zlarda til oldi jarangli sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi;
2) iztirob, izquvar, bo‘zchi, tuzsiz kabi so‘zlarda jarangsiz undoshdan oldin s aytilsa ham, z yoziladi.
16. S s harfi sog‘, somon, oson, asos, olmos kabi so‘zlarda til oldi jarangsiz sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
17. Sh sh harflar birikmasi shahar, shisha, shodlik; ishq, pishiq; bosh, tosh kabi so‘zlarda til oldi jarangsiz sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
Sh harflari ikki tovushni ifodalasa, ular orasiga ’ tutuq belgisi qo‘yiladi: Is’hoq, as’hob kabi.
18. J j harfi:
1) jon, jahon, jiyda, tijorat; rivoj, vaj kabi so‘zlarda til oldi jarangli qorishiq undoshni ifodalash uchun yoziladi;
2) jurnal, projektor; gijda, ajdar; garaj, tiraj kabi o‘zlashma so‘zlarda til oldi jarangli sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
19. Ch ch harflar birikmasi choy, chevar, chiroyli, chaman; achchiq, uchun, bichiqchi; kuch, kech kabi so‘zlarda til oldi jarangsiz qorishiq undoshni ifodalash uchun yoziladi.
20. R r harfi rahmat, rohat, orom, doira, bor, diyor kabi so‘zlarda til oldi ovozdor titroq, undoshni ifodalash uchun yoziladi.
21. L l harfi lola, loyiq, la’l, iloj, mahal kabi so‘zlarda sirg‘aluvchi ovozdor yon undoshni ifodalash uchun yoziladi.
22. N n harfi :
1) non, nomus; ona, tana; bilan, tomon kabi so‘zlarda til oldi ovozdor burun undoshini ifodalash uchun yoziladi;
2) shanba, yonbosh, jonbozlik; yonma-yon, ko‘rinmaslik kabi so‘zlarda n tovushi ba’zan m aytilsa xam, n yoziladi.
23. G g harfi: gul, go‘zal; ega, gugurt; teg, eg kabi so‘zlarda til oldi jarangli portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
24. K k harfi ko‘l, ko‘ylak; uka, moki; tok, bilak kabi so‘zlarda til orqa jarangsiz portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
25. Y u harfi uo‘l, yigit, yetti, yaxshi, yoz, yulduz; tuya, dunyo, tayyor; soy, tuy kabi so‘zlarda til o‘rta sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
26. Ng ng harflar birikmasi yangi, ko‘ngil, dengiz, singil, keling, bordingiz; tong, ming, teng kabi so‘zlarda til orqa ovozdor burun tovushini ifodalash uchun yoziladi.
27. Q q harfi qizil, qimiz, qirq, haqiqiy, aql kabi so‘zlarda chuqur til orqa jarangsiz portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
28. G‘ g‘ harfi g‘oz, bag‘ir, tog‘ kabi so‘zlarda chuqur til orqa jarangli sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
29. X x harfi xabar, xo‘roz, xohish, xushnud, baxt, axborot, mix kabi so‘zlarda chuqur til orqa jarangsiz sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
30. N h harfi hosil, hamma, bahor; isloh, nikoh kabi so‘zlarda jarangsiz sirg‘aluvchi bo‘g‘iz undoshini ifodalash uchun yoziladi.
31. Yonma-yon keladigan undoshlarning imlosi:
1) baland, Samarqand, poyezd; do‘st, past, artist, g‘isht kabi so‘zlarda d, t tovushi ba’zan aytilmasa ham, yoziladi;
2) metall, kilogramm, kilovatt, kongress kabi o‘zlashma so‘zlar oxirida bir undosh aytilsa ham, ikki harf yoziladi. Lekin bunday so‘zga xuddi shu tovush bilan boshlanadigan qism qo‘shilsa, so‘z oxiridagi bir harf yozilmaydi: metall + lar = metallar, kilogramm + mi = kilogrammi kabi.
32. ’ — tutuq belgisi:
1) a’lo, ba’zan, ma’yus, ta’zim; ra’y, ta’b; e’lon, e’tibor, e’tiqod, me’mor, ne’mat, she’r, fe’l; Nu’mon, shu’la kabi o‘zlashma so‘zlarda unlidan keyin shu unli tovushning cho‘ziqroq aytilishini ifodalash uchun qo‘yiladi; mo‘jiza, mo‘tadil, mo‘tabar kabi so‘zlarda o‘ unlisi cho‘ziqroq aytilsa ham, tutuq belgisi qo‘yilmaydi;
2) in’om, san’at, qat’iy, mas’ul kabi o‘zlashma so‘zlarda unlidan oldin shu unli oldingi undosh tovushdan ajratib aytilishini ifodalash uchun qo‘yiladi.

Asos va qo‘shimchalar imlosi


33. Qo‘shimcha qo‘shilishi bilan so‘z oxiridagi unli o‘zgaradi:
1) a unlisi bilan tugagan fe’llarga -v, -q, -qi qo‘shimchasi qo‘shilganda a unlisi o aytiladi va shunday yoziladi: sayla — saylov, sina — sinov, aya — ayovsiz; so‘ra — so‘roq, bo‘ya — bo‘yoq; o‘yna — o‘ynoqi, saura — sayroqi kabi;
2) i unlisi bilan tugagan ko‘pchilik fe’llarga -v, -q qo‘shimchasi qo‘shilganda bu unli u aytiladi va shunday yoziladi: o‘qi — o‘quvchi, qazi — qazuvchi, sovi — sovuq kabi. Lekin i unlisi bilan tugagan ayrim fe’llarga -q qo‘shimchasi qo‘shilganda bu unli i aytiladi va shunday yoziladi: og‘ri — og‘riq, qavi — qaviq kabi.
Eslatma:
1) undosh bilan tugagan barcha fe’llarga -uv qo‘shiladi: ol — oluv, yoz — yozuv kabi;
2) undosh bilan tugab, tarkibida u unlisi bor fe’lga -uq qo‘shiladi: uz — uzuq, yut — yutuq kabi. Lekin uyushiq, burushiq,uchuriq, bulduriq (shuningdek bulduriq) kabi so‘zlarning uchinchi bo‘g‘inida i aytiladi va shunday yoziladi.
34. k, q undoshi bilan tugagan ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarga, shuningdek, bek, yo‘q kabi ayrim bir bo‘g‘inli so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilgan­da undo­shi g undo­shiga, q undoshi g‘ undoshiga aylanadi va shunday yoziladi: tilak — tilaging, yurak — yuragim, kubok — kubogi, bek — begi; tayoq — tayog‘i, qoshiq — qoshig‘i, yaxshiroq — yaxshirog‘i, yo‘q — yo‘g‘i kabi. Lekin ko‘p bo‘g‘inli o‘zlashma so‘zlarga, bir bo‘g‘inli ko‘pchilik so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda k, q tovushi aslicha aytiladi va yoziladi: ishtirok — ishtiroki, ocherk — ocherki, erk — erki, huquq — huquqim, ravnaq — ravnaqi, yuq — yuqi kabi.
35. Quyidagi qo‘shimchalar qo‘shilishi bilan so‘zning tarkibida tovush tushadi yoki ortadi:
1) o‘rin, qorin, burun, o‘g‘il, bo‘uin, ko‘ngil kabi ba’zi so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda, qayir, ayir kabi fe’llarga nisbat shaklini yasovchi -il qo‘shimchasi qo‘shilganda, ikki, olti, yetti so‘zlariga -ov, -ala qo‘shimchalari qo‘shilganda ikkinchi bo‘g‘indagi unli aytilmaydi va yozilmaydi: o‘rin — o‘rnim, qorin — qorni, burun — burning, o‘g‘il — o‘g‘ling, ko‘ngil — ko‘ngli, yarim — yarmi; qayir — qayril, ulug‘ — ulg‘ay, sariq — sarg‘ay, ikki — ikkov, ikki — ikkala, yetti — yettov kabi;
2) u, bu, shu, o‘sha olmoshlariga -da, -dan, -day, -dagi, -ga, -gacha, -cha qo‘shimchalari qo‘shilganda n tovushi qo‘shib aytiladi va shunday yoziladi: unda, bunday, shunda, o‘shancha kabi; bu olmoshlarga egalik qo‘shimchalari quyidagicha qo‘shiladi; buningiz, o‘shanisi kabi;
3) o, o, u, e unlilari bilan tugaydigan so‘zlarga egalik qo‘shimchalari quyidagicha qo‘shiladi:
a) ko‘pchilik so‘zlarga egalik qo‘shimchalari -m, -ng, -si; -miz, -ngiz, -si (yoki -lari) shaklida tovush orttirmay qo‘shiladi: bobom, bobong, bobosi, bobomiz, bobongiz, bobosi (yoki bobolari); orzum, orzung, orzusi; orzumiz, orzungiz, orzusi kabi;
b) parvo, obro‘, mavqe, mavzu, avzo so‘zlariga I, II shaxs egalik qo‘shimchalari qo‘shilganda bir u tovushi qo‘shib aytiladi va shunday yoziladi: parvoyim, parvoying; parvoyimiz, parvoyingiz; obro‘yim, obro‘ying; obro‘yimiz, obro‘yingiz kabi; III shaxs egalik qo‘shimchasi parvo, avzo, obro‘, mavqe so‘zlariga -yi shaklida, xudo, mavzu so‘zlariga esa -si shaklida qo‘shiladi: avzoyi, mavzusi kabi (dohiy kabi u undoshi bilan tugagan so‘zga xam III shaxsda -si qo‘shiladi: dohiysi kabi);
4) men, sen olmoshlariga -ni, -ning, -niki qo‘shimchalari qo‘shilganda qo‘shimchadagi n tovushi aytilmaydi va yozilmaydi: meni, mening, meniki; seni, sening, seniki kabi.
36. Quyidagi qo‘shimchalarning birinchi tovushi ikki xil aytilsa ham, bir xil yoziladi:
1) -bon, -boz qo‘shimchalari ba’zan -von, -voz aytilsa ham, hamma vaqt -bon, -boz yoziladi darvozabon, masxaraboz kabi. Lekin -vachcha qo‘shimchasi hamma vaqt shunday aytiladi va yoziladi: amakivachcha, xolavachcha kabi;
2) o‘rin kelishigi va chiqish kelishigi qo‘shimchasining, o‘tgan zamon yasovchisi va III shaxs ko‘rsatkichi -di qo‘shimchasining boshidagi undosh ba’zan t aytilsa ham, hamma vaqt d yoziladi; ishda, misdan, ketdi, kelmabdi kabi.
37. Quyidagi qo‘shimchalarning bosh tovushi ikki yoki uch xil aytiladi va shunday yoziladi:
1) taqlid so‘zlardan fe’l yasovchi -illa (chirilla, taqilla) qo‘shimchasi so‘z tarkibida v yoki u tovushi bo‘lganda -ulla aytiladi va shunday yoziladi: shovulla, lovulla, gurulla kabi;
2) nisbat shaklini yasovchi -dir qo‘shimchasi jarangli undosh bilan tugagan bir bo‘g‘inli so‘zlarga (kel so‘zidan boshqa), shuningdek, z undoshi bilan tugagan orttirma nisbat yasovchisidan keyin qo‘shiladi: quvdir, egdir, kuldir, yondir; o‘tkazdir, tomizdir kabi. Qolgan barcha hollarda bu qo‘shimcha -tir aytiladi va shunday yoziladi: tiktir, kestir, uyaltir, chaqirtir kabi;
3) jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi -ga, chegara bildiruvchi -gacha, ravishdosh shaklini yasovchi -gach, -guncha, -gani, -gudek, sifatdosh shaklini yasovchi -gan, buyruq maylining ikkinchi shaxs ko‘rsatkichi -gin, shuningdek -gina qo‘shimchasi uch xil aytiladi va shunday yoziladi:
a) k undoshi bilan tugagan so‘zlarga qo‘shilganda bu qo‘shimchalarning bosh tovushi k aytiladi va shunday yoziladi: tokka, yo‘lakkacha, ko‘nikkach, zerikkuncha, to‘kkani, kechikkudek, bukkan, ekkin, kichikkina kabi;
6) q undoshi bilan tugagan so‘zlarga qo‘shilganda bu qo‘shimchalarning bosh tovushi q aytiladi va shunday yoziladi: chopiqqa, qishloqqacha, yoqqach, chiqquncha, chiniqqani, qo‘rqqudek, achchiqqina kabi;
v) qolgan barcha hollarda, so‘z qanday tovush bilan tugashidan va bu qo‘shimchalarning bosh tovushi k yoki q aytilishidan qat’i nazar, g yoziladi: bargga, pedagogga, bug‘ga, sog‘ga, og‘gan, sig‘guncha kabi.
Qo‘shib yozish
38. Xona, nota, roua, bop, xush, ham, baxsh, kam, umum, rang, mijoz, sifat, talab kabi so‘zlar yordamida yasalgan qo‘shma ot va qo‘shma sifatlar qo‘shib yoziladi: qabulxona, tabriknoma, taklifnoma, bedapoya, ommabop, xushxabar, hamsuhbat, orombaxsh, kamquvvat, bug‘doyrang, umumxalq, sovuqmijoz, devsifat, suvtalab kabi.
39. -(a)r (inkor shakli — -mas) qo‘shimchasi bilan tugaydigan qo‘shma ot va qo‘shma sifatlar qo‘shib yoziladi: o‘rinbosar, otboqar, cho‘lquvar, ishyoqmas, qushqo‘nmas kabi.
40. Takror taqlid so‘zlarga qo‘shimcha qo‘shish bilan yasalgan ot va fe’llar qo‘shib yoziladi: pirpirak (pir-pir+ak), bizbizak (biz-biz+ak), hayhayla (hay-hay+la), gijgijla (gij-gij+la) kabi.
41. Narsani (predmetni) boshqa biror narsaga nisbatlash (qiyoslash), o‘xshatish yo‘li bilan bildiruvchi qo‘shma ot va qo‘shma sifatlar qo‘shib yoziladi: karnaygul, qo‘ziqorin, otquloq, oybolta, devqomat, sheryurak, bodomqovoq, qirg‘iyko‘z kabi.
42. Narsani uning rangi, mazasi, o‘zidagi biror narsasi va shu kabi belgilari asosida bildiruvchi qo‘shma otlar qo‘shib yoziladi: olaqarg‘a, qizilishton, achchiqtosh, mingoyoq kabi.
43. Narsaning biror maqsad, ish uchun mo‘ljallanganligini bildiruvchi qo‘shma otlar qo‘shib yoziladi: kirsovun, qiymataxta, tokqaychi, oshrayhon, molqo‘ra, nosqovoq, ko‘zoynak kabi.
44. Narsani joyga nisbat berish asosida bildiruvchi qo‘shma otlar qo‘shib yoziladi: tog‘olcha, cho‘lyalpiz, suvilon, qashqargul kabi.
45. Marosim, afsona kabilarni bildiruvchi qo‘shma otlar qo‘shib yoziladi: kiryuvdi, kelintushdi, qoryog‘di, Urto‘qmoq, Ochildasturxon kabi.
46. Qaratuvchili birikmaning bir so‘zga aylanishi bilan yuzaga kelgan qo‘shma otlar qo‘shib yoziladi: mingboshi, so‘zboshi, olmaqoqi kabi.
47. Ikkinchi qismi turdosh ot bilan yoki obod so‘zi bilan ifodalangan joy nomlari qo‘shib yoziladi: Yangiyo‘l, To‘rtko‘l, Mirzacho‘l, Sirdaryo, Kosonsoy, Yangiobod, Xalqobod kabi. Lekin ikkinchi qismi atoqli ot bo‘lgan joy nomlari ajratib yoziladi: O‘rta Osiyo, Ko‘hna Urganch, O‘rta Chirchiq kabi.
48. Rus tilidan aynan o‘zlashtirilgan yoki so‘zma-so‘z tarjima qilish yo‘li bilan hosil qilingan qo‘shma so‘zlar qo‘shib yoziladi: kinoteatr, radiostansiya, fotoapparat, elektrotexnika; teleko‘rsatuv, yarimavtomat, bayramoldi, suvosti kabi.
49. Qisqartmalarning barcha turlari va ularga qo‘shiladigan qo‘shimchalar qo‘shib yoziladi: SamDU, ToshDUning kabi. Lekin yonma-yon kelgan ikki qisqartma ajratib yoziladi: O‘zXDP MK (O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi) kabi.
50. Bir tovush ikki va undan ortiq tovush tarzida aytilsa, bunday holat harfni takror yozish bilan ko‘rsatiladi: yo‘o‘q, nimaa, himm, ufff kabi.
Chiziqcha bilan yozish
51. Juft so‘z va takror so‘z qismlari chiziqcha bilan yoziladi: el-yurt, mehr-shafqat, qovun-tarvuz, omon-eson, kecha-kunduz, yozin-qishin, asta-sekin, uch-to‘rt, o‘n-o‘n beshta (10-15 ta), bilinar-bilinmas, bordi-keldi, kuydi-pishdi, don-dun, oz-moz, mayda-chuyda, aldab-suldab, o‘ylab-netib, so‘ramay-netmay, kiyim-kechak, adi-badi, ikir-chikir, duk-duk, taq-tuq, qop-qop, ming-ming (ming-minglab), bitta-bitta (bitta-bittalab), baland-baland, chopa-chopa, ishlay-ishlay, yaqin-yaqinlargacha, hamma-hammasi, uy-uyiga, ich-ichidan kabi.
Eslatma:
1) juft so‘zdan qo‘shimcha yordamida yasalgan so‘zlar ham chiziqcha bilan yoziladi: baxt-saodatli, xayr-xo‘shlashmoq kabi;
2) juft so‘z qismlari orasida -u (-yu) bog‘lovchisi kelsa, undan oldin chiziqcha qo‘yiladi va juft so‘z qismlari ajratib yoziladi: do‘st-u dushman (do‘st-dushman), kecha-yu kunduz (kecha-kunduz) kabi;
3) yetakchi va ko‘makchi fe’l bir xil shaklda bo‘lsa, chiziqcha bilan yoziladi: yozdi-oldi, borasan-qo‘yasan, uxlabman-qolibman kabi.
52. Belgini kuchaytiruvchi qip-qizil, yam-yashil, dum-dumaloq, kuppa-kunduzi, to‘ppa-to‘g‘ri, bab-baravar kabi so‘z shakllari chiziqcha bilan yoziladi (lekin oppoq so‘zi qo‘shib yoziladi).
53. So‘zning -ma, ba- yordamida birlashgan qismlari chiziqcha bilan yoziladi: ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy, rang-barang, dam-badam kabi. Lekin mustaqil ishlatilmaydigan qism qatnashsa, bunday so‘zlar qo‘shib yoziladi. ro‘baro‘, darbadar kabi.
54. Rus tilidan aynan yoki so‘zma-so‘z tarjima qilish yo‘li bilan olingan so‘zlar asliga muvofiq chiziqcha bilan yoziladi: unter-ofitser, kilovatt-soat kabi.
55. -chi, -a (ya), -ku, -u (-yu), -da, -e, -ey (-yey) yuklamalari chiziqcha bilan yoziladi: sen-chi, boraylik-chi, sen-a, kutaman-a, bola-ya, mingta-ya, keldi-ku, kelgan-u, yaxshi-yu, yaxshi-da, qo‘y-e, yashang-e, o‘g‘lim-ey, keldi-yey kabi. Ammo -mi, -oq (-yoq), -ov (-yov), -gina(-kina, -qina) yuklamalari o‘zidan oldin kelgan so‘zga qo‘shib yoziladi: keldimi?, keliboq, o‘ziyoq, ko‘rganov, ko‘rdiyov, mengina, qo‘shiqqina kabi.
56. Tartib son arab raqamlari bilan yozilsa, -nchi qo‘shimchasi o‘rniga chiziqcha (-) qo‘yiladi: 7-sinf, 5-“A” sinfi, 3-, 7-, 8-sinf o‘quvchilari, 60-yillar, 1991-yilning 1-sentabri kabi. Tartib sonni ko‘rsatuvchi rim raqamlaridan keyin chiziqcha yozilmaydi: XX asr, X sinf kabi.
Ajratib yozish
57. Qo‘shma fe’lning qismlari ajratib yoziladi: sarf qil, ta’sir et, tamom bo‘l, sotib ol, olib kel , olib chiq, miq etma kabi.
58. Ko‘makchi fe’l va to‘liqsiz fe’l mustaqil fe’ldan ajratib yoziladi: aytib ber, olib ko‘r, so‘rab qo‘y, ko‘ra qol, bera boshla, yiqila yozdi; ketgan edi, ketgan ekan, ketgan emish kabi. Lekin mustaqil fe’l bilan yordamchi fe’l orasida tovush o‘zgarishi bo‘lsa, bunday qismlar qo‘shib yoziladi: aytaver (ayta ber), boroladi (bora oladi), bilarkan (bilar ekan) kabi.
59. Ko‘makchilar ajratib yoziladi: shu bilan, soat sayin, borgan sari, bu qadar, kun bo‘yi kabi Lekin bilan ko‘makchining -la shakli, uchun qo‘shimchasining -chun shakli chiziqcha bilan yoziladi: sen-la, sen-chun kabi.
60. Hamma, har, hech, bir, qay, u, bu, shu, o‘sha so‘zlari o‘zidan keyingi yoki oldingi so‘zdan ajratib yoziladi: hamma vaqt, har kim, hech qaysi, qay kuni, u yerda, shu yoqdan, o‘sha yoqqa kabi. Lekin birpas, biroz, birato‘la, birvarakayiga, birmuncha, buyon so‘zlari qo‘shib yoziladi. Shuningdek, qay so‘zi yoq, yer so‘zlari bilan ishlatilganda bir u tovushi tushsa, bu so‘zlar qo‘shib yoziladi: qayoqqa, qayerda kabi.
61. Sifat oldidan kelib, belgining ortiq yoki kamligini bildiradigan to‘q, jiqqa, tim, liq, lang, och kabi so‘zlar ajratib yoziladi: to‘q qizil, jiqqa ho‘l, tim qora, liq to‘la, lang ochiq, och sariq kabi.
62. Murakkab son qismlari ajratib yoziladi o‘n bir, besh yuz, qirq ming olti yuz bir, bir ming yetti yuz sakson beshinchi kabi.
63. Yildan yilga, tomdan tomga kabi birinchi qismi chiqish kelishigida, ikkinchi qismi jo‘nalish kelishigida bo‘lgan birikmalar ajratib yoziladi.
64. Belgining ortiq darajasini bildiruvchi ko‘pdan ko‘p, tekindan tekin, yangidan yangi, ochiqdan ochiq, qizigandan qizidi kabilar ajratib yoziladi.
65. Izofali birikmalar ajratib yoziladi. Bunda izofa undosh bilan tugagan so‘zlarga i shaklida, unli bilan tugagan so‘zlarga yi shaklida qo‘shiladi: dardi bedavo, nuqtayi nazar, tarjimayi hol kabi. Lekin izofa yozilmaydigan so‘zlar, shuningdek, qismlaridan biri yoki har ikkisi o‘zbek tilida mustaqil ishlatilmaydigan so‘zlar qo‘shib yoziladi: gulbeor (guli beor), dardisar kabi.
Bosh harflar imlosi
66. Kishining ismi, ota ismi, familiyasi, taxallusi, ramziy atoqli oti bosh harf bilan boshlanadi: Dilbar, O‘rinova, Muhabbat Majidovna, Azamat Shuhrat o‘g‘li, Hamza Hakimzoda, Muhammadsharif So‘fizoda, Mannon Otaboy, Navoiy, Furqat; Yelpig‘ichxon, Salomjon Alikov kabi.
67. Joy nomlari bosh harf bilan boshlanadi: Andijon, Yangiyo‘l (shaharlar), Naymancha, Buloqboshi (qishloqlar), Bodomzor, Chig‘atoy (mahallalar), Zavraq (dara), Yarqoq (yaylov), Qoratog‘, Pomir (tog‘lar), Oqtepa, Uchtepa (tepalar), Zarafshon, Sirdaryo (daryolar), Yoyilma (kanal); Turkiya, Hindiston (mamlakatlar) kabi. Bunday atoqli ot tarkibidagi sifatlovchi ham bosh harf bilan yoziladi: Shimoliy Kavkaz, Markaziy Qizilqum kabi.
68. Yulduz va sayyoralar, boshqa xil osmon jismlarining atoqli oti bosh harf bilan boshlanadi: Hulkar, Qavs, Mirrix (yulduz va sayyoralar nomi), Tinchlik dengizi (Oydagi relyef nomi) kabi. Yer, quyosh, oy turdosh otlari sayyora nomi bo‘lib kelgandagina bosh harf bilan yoziladi: Yer Quyosh atrofida, Oy Yer atrofida aylanadi.
69. Madaniy-maishiy va savdo korxonalariga, adabiyot va san’at asarlariga, sanoat va oziq-ovqat mahsulotlariga, shuningdek, transport vositalari, sport inshootlariga qo‘yilgan nomlar bosh harf bilan boshlanadi: “Tong” (mehmonxona), “Saodat” (firma), “Navro‘z” (xayriya jamg‘armasi), “Kamalak” (matbaa birlashmasi), “G‘uncha” (bog‘cha), “Botanika” (sanatoriy), “Paxtakor” (stadion), “Qutlug‘ qon” (roman), “Dilorom” (opera), “Tanovar” (kuy), “Ozodlik” (haykal), “Jasorat” (yodgorlik), “Sino” (sovutgich) kabi.
70. Muhim tarixiy sana va bayramlarning nomlari tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan boshlanadi: Mustaqillik kuni, Xotira kuni, Ramazon hayiti, Navro‘z bayrami kabi.
71. Davlatlarning, davlat oliy tashkilotlari va mansablarining, xalqaro tashkilotlarning nomidagi har bir so‘z bosh harf bilan boshlanadi: O‘zbekiston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Misr Arab Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining Raisi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon Tinchlik Kengashi kabi.
Boshqa tarkibli nomlarda oliy mansabni bildiruvchi birinchi so‘zgina bosh harf bilan boshlanadi: Bosh vazirning o‘rinbosari, Mudofaa vaziri, Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi kabi.
Vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar nomi tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan boshlanadi: Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Tilshunoslik instituti kabi.
72. Davlatning oliy darajali mukofoti nomi tarkibidagi har bir so‘z bosh harf bilan boshlanadi: “O‘zbekiston Qahramoni” (unvon), “Oltin Yulduz” (medal). Boshqa mukofotlar, faxriy unvonlar, nishonlar nomidagi birinchi so‘zgina bosh harf bilan boshlanadi: “Sog‘lom avlod uchun” (orden), “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” (faxriy unvon), “Matbaa a’lochisi” (nishon) kabi.
73. Gapning birinchi so‘zi bosh harf bilan boshlanadi. Yer tagidan Muqaddasga bir qarab oldim (O. Yoqubov).
Eslatma:
1) ko‘chirma gapdan keyin kelgan muallif gapining birinchi so‘zi (agar u atoqli ot bo‘lmasa) kichik harf bilan yoziladi: “Bu men”, — qo‘rqibgina javob berdi ko‘laga (O.Yoqubov);
2) xatboshiga gapning sanaluvchi qismlari chiqarilganda bunday qismlar oldidan chiziq qo‘yiladi va ular kichik harf bilan yoziladi:
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rishga tayyorlash vaqtida tegishli organ (mansabdor shaxs) quyidagi masalalarni:
— mazkur ishni ko‘rib chiqish uning huquq doirasiga kirish-kirmasligini;
— ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi protokol va ishga oid boshqa materiallar to‘g‘ri tuzilgan-tuzilmaganligini... hal qiladi;
3) gapning qismlari qavsli raqam yoki qavsli harf qo‘yib sanalsa, bunday qismlar ham kichik harf bilan yoziladi:
Hozirgi o‘zbek adabiy tilining lug‘at boyligi asosan besh manba negizida tarkib topgan: 1) umumturkiy so‘zlar, 2) o‘zbekcha so‘zlar, 3) tojik tilidan kirgan so‘zlar, 4) arab tilidan kirgan so‘zlar, 5) rus tilidan kirgan so‘zlar (“O‘zbek tili” darsligidan).
74. Tarkibli nomlarning bosh harfidan iborat qisqartmalar, atoqli ot bo‘lmagan ba’zi birikmalarning qisqartmalari bosh harf bilan yoziladi: AQSh (Amerika Qo'shma Shtatlari), BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti), AES (atom elektr stansiyasi) kabi. Qisqartma tarkibida bo‘g‘inga teng qism bo‘lsa, uning birinchi harfigina bosh harf bilan yoziladi: ToshDTU (Toshkent davlat texnika universiteti) kabi.
Ko‘chirish qoidalari
75. Ko‘p bo‘g‘inli so‘zning oldingi satrga sig‘may qolgan qismi keyingi satrga bo‘g‘inlab ko‘chiriladi to‘q-son, si-fatli, sifat-li, pax-takor, paxta-kor kabi. Tutuq belgisi oldingi bo‘g‘inda qoldiriladi. va’-da, ma’-rifat, mash’-al, in’-om kabi.
76. So‘zning bosh yoki oxirgi bo‘g‘ini bir harfdan iborat bo‘lsa, ular quyidagicha ko‘chiriladi:
1) so‘z boshidagi bir harfdan iborat bo‘g‘in yolg‘iz o‘zi oldingi satrda qoldirilmaydi: a-badiy emas, aba-diy, e-shikdan emas, eshik-dan kabi;
2) so‘z oxiridagi bir harfdan iborat bo‘g‘in yolg‘iz o‘zi keyingi satrga ko‘chirilmaydi: mudofa-a emas, mudo-faa, matba-a emas, mat-baa kabi.
77. O‘zlashma so‘zlarning bo‘g‘inlari chegarasida kelgan ikki yoki undan ortiq undosh quyidagicha ko‘chiriladi:
1) ikki undosh kelsa, ular keyingi satrga birgalikda ko‘chiriladi dia-gramma, mono-grafiya kabi;
2) uch undosh kelsa, birinchi undosh oldingi satrda qoldirilib, qolgan ikki undosh keyingi satrga ko‘chiriladi: silin-drik kabi.
78. Bir tovushni ko‘rsatuvchi harflar birikmasi (sh, ch, ng) birgalikda ko‘chiriladi: pe-shayvon, pe-shona, mai-shat, pi-choq, bi-chiq-chi, si-ngil, de-ngiz kabi.
79. Bosh harflardan yoki bo‘g‘inga teng qism va bosh harfdan iborat qisqartmalar, shuningdek ko‘p xonali raqamlar satrdan satrga bo‘lib ko‘chirilmaydi. AQSh, BMT, ToshDU, 16, 245, 1994, XIX kabi.
80. Harfdan iborat shartli belgi o‘zi tegishli raqamdan ajratib ko‘chirilmaydi: 5-“A” sinfi, V “V” guruhi, 110 gr, 15 ga, 105 m, 25 sm, 90 mm kabi.
81. Atoqli ot tarkibiga kiradigan raqam nomdan ajratilgan holda keyingi satrga ko‘chirilmaydi: “Navro‘z — 92” (festival), “O‘qituvchi — 91” (ko‘rik tanlov), “Andijon — 9”, “Termiz — 16” (g‘o‘za navlari), “Boing — 767” (samolyot), “Foton — 774” (televizor) kabi.
82. A.J. Jabborov, A.D. Abduvaliyev kabilarda ismning va ota ismining birinchi harfiga teng qisqartmalar familiyadan ajratib ko‘chirilmaydi. Shuningdek, v.b. (va boshqalar), sh.k. (shu kabilar) singari harfiy oldingi so‘zdan ajratib ko‘chirilmaydi.

Orfoepiya haqida umumiy ma’lumot. Orfoepiya (yunoncha orthos - "to‘g‘ri" epos-"nutq" demakdir) adabiy talaffuz qoidalari to‘plami bo‘lib, u milliy til doirasida yagona talaffuz me’yorini belgilaydi. Shunga ko‘ra, orfoepiya adabiy tilning og‘zaki shakli bilan bevosita bog‘liqdir.


O‘zbek milliy tilining tarkibi nihoyatda rang-barang va murakkab bo‘lib, u o‘zida uchta yirik lahjani birlashtiradi. Bu lahjalardagi so‘zlar talaffuzi o‘ziga xos fonetik, leksik va morfologik belgilari bilan farqla-nadi: 1) qipchoq lahjasida so‘z boshida adabiy tildagi y undoshi o‘rnida j talaffuz qilinadi: yo‘q //jo‘q, yigit//jigit; adabiy tildagi g‘ o‘rnida v undoshi aytiladi: tog‘//tov sog‘//sov; so‘z oxirida k, q undoshlari tushiriladi: kichik//kichchi, qattiq//qatti; 2) o‘g‘uz lahjasida esa so‘z boshida keladigan t, k jarangsiz undoshlari d, g tarzida talaffuz qilinadi: tog‘//dag‘, kel//gal kabi; 3) qarluq - chigil - uyg‘ur lahjasining o‘ziga xos fonetik xususiyatlari so‘z oxiridagi q undoshning g‘ tarzida aytilishi, ba’zan tushirilishida kuzatiladi: qovoq//qovog‘, shuningdek, bu lahjada
a unlisining o tovushiga o‘zgartirilishi ham kuzatiladi: aka//oka kabi.
O‘zbek lahjalaridagi bu kabi lahjaviy xilma-xilliklar, shubhasiz, adabiy tilning talaffuz me’yoriga ham o‘zining ta’sirini ko‘rsatadi. Ana shunday nutqiy tafovutlarni bartaraf etish, lahjalardagi eng maqsadga muvofiq so‘z shakllarini tanlagan holda qoidalashtirish orfoepiyaning muhim vazifalaridandir.
Og‘zaki nutqda har xil talaffuz qilinadigan tovush, qo‘shimcha va so‘zdan adabiy til uchun qabul qilingan bittasi to‘g‘ri talaffuz me’yori hisoblanadi. Masalan, o‘zbek shevalarida bir so‘z turlicha talaffuz qilinadi: ko‘z – go‘z, ota – ata, aka – oka, anor – onar kabi. Hozirgi zamon davom fe’li qo‘shimchasi shevada -yapti, -opti, -utti, -votti shaklida qo‘llanadi: boryapti, boropti, borutti, borvotti kabi. Adabiy tilda shulardan yo‘q, ko‘z, ota, aka, anor, boryapti variantlari adabiy talaffuz me’yori (orfoepik norma) sifatida saralangan.
Albatta, orfoepiya boshqa tillardan o‘zlashtirilgan so‘zlar talaffuzi-ni ham qamrab oladi. Xususan, o‘zlashma so‘zlarning orfoepiya qonun-qoidalariga mos ravishda talaffuz qilinishi qoidalashtirilgan. Masalan, fabrika, fakt so‘zlari pabrika, pakt tarzda aytilsa ham, ular asliga muvofiq talaffuz qilinishi lozim.
Adabiy talaffuz me’yorlari tilning tovush tizimi asosida yaratiladi. Bu esa orfoepik me’yorlarni belgilashda tovush tizimi, uning nutqiy jarayonda turlicha o‘zgarishini hisobga olishni taqozo etadi.
Ayrim unli va undoshlar orfoepiyasi 1. I unlisi atir, ayrim, bilan kabi so‘zlarda qisqa, biyron, siyrak kabi so‘zlar tarkibida y undoshdan avval kelganda o‘ta cho‘ziq; qirq, qir, qiz, kabi so‘zlar tarkibida qattiq i tarzida talaffuz qilinadi. Ayrim so‘zlarda i o‘ta qisqa talaffuz qilinib tushiriladi: qobiliyat//qobilyat, quyidagi //quydagi; azm, adl, ayol so‘zlari talaffuzida esa orttiriladi, biroq yozilmaydi.
2. U unlisi, buvi, buloq so‘zlarida qisqa; xusumat, quvvat kabi so‘zlarda esa cho‘ziq talaffuz qilinadi; gul, guvoh, kuyov kabi so‘zlarda yumshoq; qum, qurol, g‘ussa kabi so‘zlarda esa qattiq talaffuz qilinadi.
Ko‘rinadiki, unlilarning qattiq yoki yumshoq talaffuz qilinishi ko‘p hollarda yonma-yon kelgan undoshning til oldi yoki orqa ekanligi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Xususan, q, g‘, x kabi til orqa undoshlari ishtirok etadigan so‘zlarda ular qattiq, boshqa undoshlar (til oldi, sayoz til orqa undoshlari) ishtirok etgan so‘zlarda esa yumshoq talaffuz etiladi. Qiyoslang: qo‘pol, g‘o‘za, o‘rda, go‘dak, do‘l, jo‘yak, ko‘ngil.
3. B, v, g, d, z undoshlari urg‘usiz bo‘g‘inda, so‘z oxirida jarangsiz undoshlar yonida kelganda jarangsizlashgan holda talaffuz qilinadi: ketdi//ketti, kitob//kitop, zavod//zavot, barg//bark, aktiv//aktif, peshvoz//peshvos, izhor//ishor.
4. D, s, t, l, n, ch, sh, m undoshlaridan oldin qo‘llangan chuqur til orqa, portlovchi q undoshi x tarzida talaffuz qilinadi: naqd//naxt, maqsad//maxsat, vaqt//vaxt, baliqchi//balixchi, oqsoq/oxsog‘, nuqson// nuxson, qaqshamoq //qaxshamoq, cho‘qmor//cho‘xmor.
5. K, g, ng undoshlari oldida kelgan n sonori ng, ng‘ tarzida aytiladi:
ko‘lanka//ko‘langka, ko‘tarinki//ko‘taringki, dengiz//dengngiz, nonko‘r//
nongko‘r,yong‘oq//yongngoq//yongg‘oq, to‘ng‘illamoq//to‘ng‘g‘ilamoq.
6. Ikki unli yonma-yon kelgan so‘zlarda ko‘pincha y undoshi orttiriladi:oila// oyila, shoir//shoyir, rais/rayis, radio//radiyo kabi.
Ayrim grammatik shakllar orfoepiyasi 1.Tushum kelishik affiksi talaffuzda -di, -ti, -zi, -ri kabi fonetik variantlarga ega bo‘ladi: otni//otti, toshni//toshti, gulni//guldi, gapni//gapti//gappi, tuzdi//tuzzi.
2. Men, sen olmoshlariga -ning, -ni, -niki affikslari qo‘shilganda qo‘shimcha tarkibidagi bitta n undoshi tushiriladi va shunday yoziladi : mening, seni, meniki.
3. U, bu, shu, o‘sha kabi olmoshlarga -ga,-da,-dan,-day,-cha affikslari qo‘shilganda n undoshi orttirilib talaffuz qilinadi va shunday yoziladi: unga, unda, bundan, shundan, shunday, o‘shancha kabi.
4. Oxiri z undoshi bilan tugaydigan sonlarga dona son yasovchi -ta affiksi qo‘shilganda z undoshi s tarzida talaffuz qilinadi: to‘qqizta // to‘qqista, o‘ttizta // o‘ttista; oxiri z, sh bilan tugaydigan otlarga -siz sifat yasovchi qo‘shilganda ham bu undoshlar s tarzida talaffuz etiladi: boshsiz//bossiz, izsiz//issiz, ovozsiz//ovossiz; bunday holni oxiri z bilan tugaydigan ba’zi so‘zlarga ot yasovchi - chi affiksi qo‘shilganda ham kuzatish mumkin: zakazchi//zakaschi, arazchi//araschi, taqrizchi// taqrischi kabi.
5. Tarkibida - n, -in, -lan affiksi bo‘lgan so‘zlarga -la affikslari qo‘shilganda -n, -in, -lan affikslari oxiridagi n undosh m tarzida talaffuz qilinadi: kiyin-moqda//kiyimmoqda, burkanmoqda//burkammoqda, ovqatlandi// ovqallandi.
Adabiyotlar:
1. M.Hamroyev, D.Muhamedova, D.Shodmonqulova, X.G‘ulomova, Sh.Yo‘ldo­sheva. Ona tili. Darslik. Toshkent, 2007-yil.
2. Ne’matov H. Rasulov R. O‘zbek tili sistem leksikologiyasi asoslari. Toshkent, “O‘qituvchi”, 1995.
3. Ne’matov H., Shirinova N. Tilshunoslikning falsafiy masalalari. Buxoro, 2005.
4. Orifjonova Sh. O‘zbek tilida lugʻaviy graduonimiya. Filol. fan. nomz… avtoref. –Toshkent, 1996. 24 b.
Yüklə 58,94 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə