Reja: Borliq tushunchasi va uning turlari


Inson va tabiatning o’zaro aloqadorligi



Yüklə 38,5 Kb.
səhifə6/7
tarix28.11.2023
ölçüsü38,5 Kb.
#137048
1   2   3   4   5   6   7
6.Inson va tabiatning o’zaro aloqadorligi
Kishilik jamiyati moddiy olamning, tabiatning ko’p ming yillik tadrijiy taraqqiyotining qonuniy mahsulidir. U taraqqiyotining ma’lum bir bosqichida, insonlar jamoasi kelib chiqqan davrda yuzaga kelgan. Demak, jamiyat tarixi va uning taraqqiyoti inson ma’lum jamoaga birlashib mehnat qilgan, ishlab chiqarish qurollarini yaratgan, ma’lum ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar shakllangan davrdan boshlandi.
Jamiyat tarixi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy munosabatlar tarixidir. Jamiyat rivojlanishi esa shu munosabatlarning o’sishi va takomilashishi shaklida bo’ladi. Jamiyat tarixi tabiat rivojlanishi tarixining ma’lum bir davridan boshlandi.
Shunday qilib, inson va jamiyat tabiatning ajralmas bir qismi bo’lishi bilan birga uning alohida ongli qismidir. Jamiyat hamisha tabiat bilan o’zaro aloqada bo’ladi. Inson har doim tabiatning bag’rida yashaydi. Biz butun borlig’imiz bilan tabiatnikimiz va uning ichida yashaymiz, olamiz va ulardan to’g’ri foydalana bilamiz.
Inson hech qachon tabiatdan tashqarida, u bilan aloqa va munosabatda bo’lmasdan turib yashay olmaydi. Tabiat bilan jamiyat, tabiat bilan inson, tabiat tarixi bilan jamiyat tarixida dialektik birlikda, ta’sir va aks ta’sirdadir. Ularni birbiridan ajratish mumkin emas. Alohida inson ham, umuman jamiyat va insoniyat dunyosi ham nazariy, jismoniy, amaliy jihatdan tabiat bilan uzviy aloqadorlikda yashaydi.
Tabiat-tabiiy resurslar manbaidir. Tabiiy resurslar ya’ni, nafas olinadigan havo, ichiladigan suv, har xil xom ashyolar bo’lmasa inson, jamiyat yashay olmaydi, san’at, qishloq xo’jaligi va madaniyatni yuksaltirib bo’lmaydi. Tabiat biz uchun moddiy ne’matlarning birinchi manbai sifatida ham sog’liq, shodlik, hayot qiziqishining va har bir kishidagi ma’naviy boyliklarning bitmas-tuganmas manbai sifatida ham o’zining g’oyat zo’r ahamiyatini hech qachon yo’qotmaydi.
Tabiatning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri bo’lgan yer insonlarning oziq-ovqat manbai, uning dastlabki mehnat vositalarining xazinasidir. yer insonni boqadi, ingliz olimi Vilyam Petti aytganidek, mehnat boylikning “otasi” bo’lsa, yer uning “onasi”dir. Odamlar bir necha ming yillar davomida uning issiq bag’rida undi, voyaga yetdi. Insonning kundalik hayoti va sevinchlari ham yer tufaylidir. Shunday ekan, inson uchun g’oyat darajada muhim va zarur bo’lgan yerni e’zozlamaslik mumkin emas.
Kishilarning moddiy ne’matlar ishlab chiqarishi uchun muayyan tabiiy sharoitlar talab qilinadi. Tabiatning jamiyat bilan yaqindan aloqa bog’laydigan, uning taraqqiyotiga ma’lum darajada ta’sir ko’rsatadigan qismi tabiiy muhit deb ataladi. yer va yer osti boyliklari, daryolar, iqlim va boshqa shu kabilar tabiiy muhitni tashkil etadi.
Tabiiy muhit jamiyat taraqqiyotiga ta’sir etuvchi omil sifatida ikki katta turkumga bo’linadi. Ulardan biri tirikchilik vositalaridan iborat tabiiy boyliklar, ya’ni yerning hosildorligi, o’rmonlarda hayvonlar, suvda baliqlarning ko’pligidan iborat bo’lsa, ikkinchisi mehnat vositalari (mavjud sharoitlar, kema qatnaydigan daryolar, daraxtlar, ko’mir, neft, gaz va boshqalar)dir. Kishilik jamiyatining boshlang’ich davrida tashqi tabiiy sharoitlarning birinchi xil, jamiyat taraqqiyotining yuqori bosqichida ikkinchi xili hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
Tabiiy sharoit jamiyat taraqqiyotiga ikki xil ta’sir ko’rsatadi. Ma’lumki, tirikchilik vositalari va tabiiy manbalarga boy bo’lgan mamlakatlarda yashovchi xalqlar o’z tirikchiliklari uchun zarur bo’lgan mahsulotlarni tayyorlashda mablag’ va kuchni bunday tabiiy qulayliklarga ega bo’lmagan xalqlarga qaraganda ancha kam sarflaydilar. Qulay tabiiy sharoitlar jamiyat taraqqiyotiga ma’lum darajada yordam beradi. Qondirilishi mutlaq zarur bo’lgan tabiiy ehtiyojlarning miqdori naqadar kam bo’lsa, yerning tabiiy hosildorligi naqadar ko’p bo’lsa va iqlim naqadar qulay bo’lsa, ishlab chiqaruvchi hayotning saqlanish va takror qilinishi uchun zarur bo’lgan ish vaqti shuncha kam bo’ladi. Demak, uning boshqalarga ketadigan ortiqcha mehnati uning o’ziga ketadigan mehnatga nisbatan shuncha ko’p bo’lishi mumkin. Aksincha, tabiiy sharoit noqulay bo’lib, kishilarning asosiy vaqti, mablag’ va mehnati tirikchilik vositalarini yaratishga ko’proq sarf bo’lsa, u holda jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlari nisbatan sekinroq rivojlanadi. Noqulay tabiiy sharoit jamiyat taraqqiyotiga birmuncha salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Agar odamlar tabiiy sharoitlar bilan cheklanib, barcha tirikchilik vositalarini tabiatdan tayyor holda olganlarida (bunday bo’lishi mumkin emas, albatta) jamiyat taraqqiyoti juda sekin rivojlangan bo’lardi, odamlarda taraqqiyotga intilish, mehnat qurollarini rivojlantirish, tabiiy kuchlarga qarshi kurashish zaruriyati ham bo’lmasdi.
Turli tarixiy sharoitlarda tabiiy sharoitlarning jamiyat taraqqiyotiga ta’siri aynan bir xil bo’lgan emas. Ibtidoiy jamoa tuzumida odamlar o’zlarini qurshab olgan tabiatga butunlay qaram bo’lganlar. Ular tabiatni emas, balki tabiat ularni o’ziga butunlay bo’ysundirgan. Chunki hali bu davrda fan, texnika o’smagan, madaniyat rivojlanmagan, mehnat qurollari oddiy bo’lgan. SHuning uchun ham odamlarning hayoti tabiiy sharoitlar qulayligiga ko’p jihatdan bog’liq edi. Boshlang’ich davrda odamlar shuning uchun ham daryo bo’ylarida, tog’ yonboshlarida, tuprog’i serhosil joylarda, o’rmonlari va hayvonot dunyosi serob bo’lgan joylarda yashashga harakat qilganlar.
Qadimgi davrda tirikchilik vositalarining tabiiy manbalarga boy bo’lgan joylar jamiyat taraqqiyotiga katta qulaylik tug’dirgan. Shuning uchun ham Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy, O’rta Osiyo, Kavkazorti, O’rta yer dengizi o’lkalari madaniyatning eng qadimgi markazlari bo’lgan.
Madaniyatning ibtidoiy jamoa tuzumidan keyingi yuqori bosqichlarida odamlarning tabiatga bo’lgan ta’siri ancha kuchayib, tabiat resurslaridan foydalanish imkoniyatlari ancha kengaydi. Buning asosiy sababi ishlab chiqaruvchi kuchlarning, fan, texnika va madaniyatning rivojlanib borganligidadir.
Sotsiologiya fanidagi “jug’rofik determinizm” deb atalgan nazariyaga muvofiq, jamiyatning iqtisodiy tuzumini ham, uning ijtimoiy va siyosiy tuzilishini ham belgilaydigan narsa jug’rofik muhitdir. Masalan, frantsuz olimi Monteske
“Qonunlar ruhi to’g’risida” deb nomlangan asarida kapitalistik mamlakatlardagi millionlab ommaning boshiga tushayotgan azob-uqubatlarning asl sababi tabiiy sabablardir, deydi. Iqlim hukmronligi uningcha, hamma hukmronlikdan kuchliroqdir. Biroq jug’rofik determinizm tarafdorlari nima uchun tabiiy sharoiti bir xil bo’lgan ba’zi mamlakatlar tezroq rivojlanishini, ba’zilari esa sekinroq rivojlanishini tushuntirib bera olmaydi.
Darhaqiqat, tabiiy sharoitlar ijtimoiy taraqqiyotning borishini tezlashtirishi, unga turtki berishi, ijtimoiy ta’sir ko’rsatishi mumkin, lekin jamiyatning qiyofasini, ijtimoiy tuzumning xususiyatini, bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o’tishini belgilab beruvchi kuch bo’la olmaydi. Chunki, jamiyatning o’zgarishi va rivojlanishi tabiiy sharoitlarning o’zgarishiga qaraganda tezroq sodir bo’ladi. Tabiiy sharoitlarning sezilarli darajada o’zgarishi uchun ko’p yillar kerak bo’lsa, jamiyat hayotida tub o’zgarishlar bo’lishi uchun qisqa bir tarixiy muddat kifoya qiladi.
Yevropa, Osiyo, Afrikada geografik sharoit bundan 3 ming yil oldin qanday bo’lgan bo’lsa, hozir ham deyarli shunday. Biroq shu yillar ichida undagi davlatlar, xalqlar va millatlarning hayotida ko’plab o’zgarishlar sodir bo’lgan va bo’lmoqda. Buyuk o’zgarishlar jamiyat hayotida sodir bo’ladigan har qanday o’sish, o’zgarish va rivojlanishlarning geografik muhit o’zgarishiga nisbatan tezroq amalga oshishini ochiq-oydin ko’rsatib turibdi.
Yuqorida aytilganlarni umumlashtirib, quyidagicha xulosa chiqarish mumkin: 1) Insonning tabiat bilan aloqasi yerda inson paydo bo’lgan vaqtlardanoq yuzaga kelgan bo’lib, bu zaruriy ob’ektiv aloqadorlik o’z ahamiyatini bundan keyin ham hech qachon yo’qotmaydi; 2) Tabiat bilan jamiyat o’rtasidagi aloqadorlik, jamiyatning tabiatga, tabiatning esa jamiyatga ta’siri ob’ektiv qonuniyatdir; 3) Jamiyat bilan tabiatning ob’ektiv aloqadorligi, tabiiy sharoitlarning jamiyat taraqqiyotiga ko’rsatadigan ta’siri jahondagi ayrim bir xalqlar va mamlakatlarga taalluqligina bo’lib qolmasdan, balki butun insoniyat uchun, barcha jamiyatlar va mamlakatlar uchun bir xilda umumiydir; 4) Tabiiy muhit insonning moddiy ne’matlar ishlab chiqarish faoliyatining doimiy abadiy va zaruriy shartidir.

Adabiyotlar:



Yüklə 38,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə