Mundarija kirish. Yosh davrlari madaniy xulq-atvorni shakllantirish



Yüklə 31,6 Kb.
səhifə1/2
tarix27.12.2023
ölçüsü31,6 Kb.
#162732
  1   2
KATTALARGA HURMAT


KATTALARGA HURMAT
MUNDARIJA


Kirish.
1. Yosh davrlari madaniy xulq-atvorni shakllantirish.
2. Ta’lim-tarbiya jarayonida madaniy xulq-atvorni shakllantirish.
3. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarni kattalar namunasida tarbiyalash
Xulosa.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.
Kirish.
Kelajak avlod haqida qayg’urish sog’lom, barkamol naslni tarbiyalab yetishtirishga intilish zamondan-zamonga, avloddan-avlodga o’tib kelayotgan milliy qadriyatlarimizdir. Har bir ota-ona o’z farzandining baxtu-saodati, fazlu-kamolini ko’rish uchun butun hayoti davomida kurashadi, mehnat qiladi, o’zini olmaydi. Shunday oilada katta bo’lgan bola milliy an’analar, qadriyatlar, urf-odatlar bolani shaxs sifatida, komil, barkamol shaxs sifatida shakllanishiga olib keladi.
Lekin o’zbek xalqi mustabidlik davrida ham o’z tarixini, qiyofasi oliyjanob an’analarini yo’qotmadi. Mehmondo’stlik, mehnatsevarlik, odoblilik, hayo-ibolilik va h .k axloqiy sifatlarimizni saqlab qololdi.
Mavzuning dolzarbligi shundaki, mustaqillik tufayli erishgan boy merosimizni qayta tiklash, undan keng foydalanish, rivojlantirish uchun qulay muhit yaratildi va yaratilmoqda. Jamiyatni rivojlantirish, hayotimiz taraqqiyoti va istiqboli ana shu tarbiya bilan fuqarolarimizning tarbiyalanganlik darajasi, zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali , ongli mutaxassislari bilan bog’liq. Chunki uzliksiz ta’lim tizimining har bir bosqichida bolalarning yosh xususiyatlari hamda jismoniy va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda ma’naviy va axloqiy tadbirlarning ish rejalarini tuzish va uni amalga oshirish nihoyatda zarurdir. Shuning uchun ham “Ta’lim to’g’risida”gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” hamda “Uchinchi ming yillik bolasi” davlat talablarida qayd etilgan dolzarb masalalar o’zining nazariy va ilmiy asoslariga ega. Bu dolzarb muammo Prezidentimizning “Barkamol avlod – O’zbekiston taraqqiyotining poydevori”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch asarlari” mazmunidagi istiqbolga qaratilgan bolalarning taraqqiyotini belgilovchi barkamol shaxs muammolari atroflicha uning mohiyati ochib berilgan.

Bola shaxsini shakllantirishda uni muayyan xatti-harakat, faoliyatga undaydigan motivlar muhim ahamiyatga ega. Motivlar axloqiy, ijtimoiy: kattalarga yordam berish, kichikning yonini olish, guruh kutubxonasida tartib o’rnatish istagi yoki xudbin: eng yaxshi o’yinchoqni tortib olish (o’zi uchun), mukofotni kutishda ko’maklashish, nohaq lekin kuchli bo’lgan tengdoshi tomonida turish bo’lishi mumkin. Agar kichik maktabgacha yoshda motivlarning birinchi va ikkinchi yo’llari har doim sezilarli bo’lmasa (bolaning axloqiy tarbiyalanganligi to’g’risida bir narsa deyish mumkin bo’lmasa), besh-olti yoshli bolalarda motivlar tarbiyalanganlik darajasini, shaxsning axloqiy yo’nalganligini yetarli darajada aniqlik bilan xarakterlaydi.


Tarbiyachi bolaning xatti-harakati, xulq-atvorini to’g’ri baholashi uchun, uning o’y-niyatlari, his-tuyg’u, istaklarini albatta bilishi kerak. Chunki xulq-atvor shakli ba’zan xohish, motivga zid bo’lishi mumkin. Aytaylik, bola o’rtog’ini urdi. Yo’l qo’yib bo’lmaydigan shakl, lekin uni bunga undagi motiv olijanob bo’lgan: u tengdoshini ayyorlik bilan aldagani uchun uni jazolagan. Tarbiyachi tarbiyalanuvchini u yoki bu xatti-harakatga majbur qilgan sabablarni aniqlar ekan, axloqiy tarbiyaning eng ishonchli usullarini topa oladi, ijobiy motivlarni amalga oshirishda bolaga yordam bera oladi.
Xulq-atvor motivlari asosan bola kundalik hayot va faoliyatda, kattalar va tengdoshlari bilan o’zaro munosabatlarda egallaydigan tarbiya jarayonida shakllanadi. Motivlar qanchalik mustahkam va axloqiylik jihatdan qimmatli bo’lsa, maktabgacha yoshdagi bolaning his-tuyg’ulari, xulq-atvor odatlari va tasavvurlari, ularning onglilik darajasi shunchalik mustahkam va qimmatli bo’ladi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni axloqiy tarbiyalashning mazmuni va metodlari bu yoshdagi bolalarning xususiyatlariga mos kelishi va u eng yaqin vaqtdagi axloqiy rivojlanish pog’onasini ko’zda tutishi kerak. Masalan, agar to’rt yoshga qadam qo’ygan bolalar o’z tengdoshlariga asosan tarbiyachining maslahati, besh yoshga to’layotganda bunday yordamni o’z hohishlariga ko’ra ko’rsatishlari lozim. Tabiiyki, xulq-atvorning yanada yuksak pog’onasiga tayyorgarlikni oldindan boshlash kerak.
Axloqiy tarbiya metodlari – pedagog ta’sir ko’rsatish usullari bo’lib, ular yordamida bolaning shaxsi demokratik jamiyat maqsadlari va ideallariga muvofiq ravishda shakllantiriladi.
Tarbiyachi insonparvarlik asoslarini shakllantirishi, demak metodlar insoniy bo’lishi lozim; jamoalarni tarbiyalash, demak bolalar hayoti va faoliyatini uyushtirib, ishni birgalikda bajarish istagi va ko’nikmalarini rivojlantirish, birgalikda inoq o’ynash, har bir bola haqida va har bir kishining barcha haqida g’amxo’rlik qilish; vatanparvarlik va fuqarolik his-tuyg’ularining asosi – Vatanga muhabbatni tarbiyalash – tarbiyaviy ishni ijtimoiy hayot bilan bog’lashdir.
Bolalarni tarbiyalash, ayniqsa axloqiy tarbiyalash, A.S.Makarenko ta’kidlaganidek, u yoki bu “yakka” metod yoki vosita bilan amalga oshirilmaydi. Pedagogik jarayonda turli metodlarning butun bir mujassamidan foydalaniladi.
Axloqiy tarbiya metodlarini shartli ravishda guruhlash mumkin.
Metodlarning birinchi guruhi bolalarda ijtimoiy axloq amaliy tajribasining vujudga keltirishini ta’minlaydi. Ularga bolani ijtimoiy axloqning ijobiy shakllariga o’rgatish, axloqiy odatlarni tarbiyalash metodini kiritish mumkin. Uning asosiy mazmuni shundan iboratki, bolalar muntazam ravishda eng rang-barang vaziyatlarda jamiyatda qabul qilingan me’yorlar va qoidalarga muvofiq ish tutishga, masalan, salomlashish va xayrlashish, xizmat uchun minnatdorchilik bildirish, savollarga xushmuomalalik bilan javob qaytarish, buyumlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lish va hokazolarga da’vat etiladi. Bolalar yordam va o’zaro yordam ko’rsatishga, ancha kichiklar, kattalar haqida g’amxo’llik qilishga o’rgatiladi, ularda haqqoniylik, kamtarlik tarbiyalanadi. O’rgatish mashq yordamida amalga oshiriladi. Bunda biror ish, xatti-harakatga bo’lganda’vat bolaning his-tuyg’usi, ongiga ta’sir ko’rsatish bilan qo’shib olib boriladi. Muntazam o’rgatib borish ijobiy fe’l-atvorini shakllantirish uchun nihoyatda muhimdir.
Mashq bolalarni rang-barang amaliy faoliyatga, tabiiy hayotiy va maxsus vujudga keltiriladigan, maktabgacha yoshdagi bolalarni bunday harakatlarga rag’batlantiradigan vaziyatlarda tengdoshlar va kattalar bilan muloqotga kiritishni ko’zda tutadi. Masalan, pedagog katta tarbiyalanuvchilar huzuriga kichik yoshdagi bolalarni taklif etadi va kattalariga mehmonlarni qanday qilib yaxshiroq kutib olishni tavsiya qiladi. Bunday hollarda olti yoshli bolalar xushmuomalalik, kichiklarga e’tibor, g’amxo’rlik ko’rsatib o’zlarining bilim va ko’nikmalarini amalga oshirishlari kerak. Boshqa holatda pedagog bolalardan biri uzoq vaqt kasallikdan so’ng, bolalar bog’chasiga kelganligini hisobga olib, yangi o’yinchoqni birinchi navbatda kimga berish kerakligini katta bolalarning o’zlari hal etishlarini taklif qiladi.
O’rgatish metodi kattalar yoki boshqa bolalar namunasidan foydalanish bilan qo’shib olib borilsa, u eng yaxshi samara beradi. Lekin bola katta yoshli odam yoki tengdoshi namunasida harakat qila boshlashi uchun, unda his-tuyg’ulariga ta’sir ko’rsatgan, faoliyatini yo’llagan kishiga o’xshash istagi bo’lishi kerak. O’xshashga bo’lgan istak taqlid qilish orqali amalga oshiriladi. Namuna bola faoliyatida o’z ifodasini topgandagina, uning shaxsga faol ta’siri haqida gapirish mumkin.
Pedagog tomonidan uyushtirilgan, aniq maqsadni ko’zda tutadigan kuzatishning ahamiyatini ta’kidlash lozim. Masalan, kichik bolalar katta maktabgacha yoshdagi bolalarning quvnoq, inoq o’yinlarini kuzatishadi va bu ularga ta’sir etmay qolmaydi: tarbiyachining undashi bilan ular yoqimli o’zaro munosabatlarni, optimistik kayfiyatni, harakat uyg’unligini namoyon etishadi. Bunday pedagogik yo’naltirilgan kuzatuvlarni ta’sir ko’rsatishning passiv metodi sifatida qarash kerak emas. Bu bolalar tajribasini ta’minlab turadigan, kuzatilayotganga nisbatan asta-sekin munosabatni shakllantiradigan va bolalarning yurish-turishiga ta’sir ko’rsatadigan manbaidir.
Harakatni ko’rsatishdan ham foydalanish mumkin. Bu xususiy, shu bilan birga samarali metod mazkur risolaning kichik va o’rta maktabgacha yoshdagi bolalar madaniy axloq ko’nikmalarini tarbiyalashga bag’ishlangan bo’limlarida yetarli darajada to’liq aks ettirilgan. Uning yordamida, masalan, mustaqillik yorqin ifodalangan axloqiy, ijtimoiy jihatga ega bo’ladi.
Metodlarning birinchi guruhiga shuningdek faoliyatni tashkil etish metodini ham kiradiki, bu faoliyat maktabgacha yoshda, ayniqsa, katta maktabgacha yoshda ijtimoiy foydali xususiyat kasb etadi. Birinchi navbatda bu bolalarning birgalikdagi, jamoa mehnatidir (masalan, guruh xonasini, maydonchasini yig’ishtirish, butalar, gullar o’tqazish, ekish va qushlarni boqish uchun o’simliklarning urug’ini yig’ish, 8 Martda kattalarga sovg’a qilish uchun o’yinchoqlar va boshqa buyumlar tayyorlash va hokazo).
Pedagog ishining maqsadini belgilaydi va umuman uni tashkil etishni, shuningdek kichikroq birlashmalarda uning qatnashchilarini tanlash hamda joy-joyiga qo’yishni puxta o’ylaydi. Tarbiyachi katta va tayyorlov guruhlarida rang-barang mehnat faoliyatini tashkil etar ekan, o’zini-o’zi uyushtirish ko’nikmalarini shakllantiradi: nimani va nima uchun qilish kerakligini, ishni qanday rejalashtirish va taqsimlashni o’ylashni bolalarning o’zlariga tavsiya etadi va hokazo. Pedagog o’z tarbiyalanuvchilariga umumiy natijalarni ham, har bir bolaning sarflagan kuch-g’ayratini ham to’g’ri baholashda yordam beradi. O’zini-o’zi uyushtirish bilan birga xayrixoxlik, o’zaro yordamga, bir-birini qo’llashga tayyorgarlik, mehnatsevarlik shu yoshdagi bolalar axloqiy rivojlanganligining ko’rsatkichlari hisoblanadi.
Kichik maktabgacha yoshda mehnat tarbiyasining asosiy vazifasi mustaqillikni shakllantirishda iboratdir. Chunki mustaqillik kichkintoyda mehnat topshiriqlarini bajarish istagi paydo bo’lishining zarur shartidir.
Shunday qilib, mehnat ham tarbiya vositasi, ham tarbiya metodidir.
Bolalar o’yini, ayniqsa rollarga bo’lib o’ynaladigan o’yin haqida ham shunday deyish mumkin. To’g’ri, u bevosita ijtimoiy ahamiyatga molik emas: uning axloqiy tarbiya vositasi va ta’sirchan metodi sifatidagi qimmati shundaki, bu faoliyat bolaga boshqa boshqa bolalar bilan erkin va mustaqil ravishda aloqa va munosabatlarni o’rnatish, maqsadni tanlash, materiallarni saralash va o’ylangan g’oyani amalga oshirish vositalarini topish imkonini beradi. Axloqiy rivojlanishdagi yutuq va kamchiliklar, bolalarning axloq me’yorlari va qoidalarini qay darajada egallagani ayniqsa o’yinda namoyon bo’ladi. Syujetli o’yin ikki tomonlama bolalar munosabatlarini ko’zda tutadi: ulardan biri – bu o’rtoqlarning o’yin yuzasidan munosabatlari yoki boshqacha aytganda, aniq munosabatlar; ikkinchisi–o’ynovchilarning muayyan syujet, rol bilan yo’lga solinadigan o’zaro munosabatlaridir.
O’yinni maktabgacha yoshdagi bola faoliyatining asosiy turi deb qaraganda uning mujassamlashtirgan tuzilish qismlarini ajratib ko’rsatish muhimdir. Negaki asosiy tarbiyaviy vazifalar shu qismlarda mujassamlashgan bo’ladi. Bular avval qoidalar bo’lib, ular o’ynovchilarning xulq-atvori va xatti-harakatini izga soladi. Bolalar qoidalariga rioya etgan holda harakat qilar ekanlar, o’zlarini tuta bilishga, uyushqoqlikka o’rganadilar, ularda intizomlilik asoslari shakllanadi.
Harakatli va didaktik o’yinlarda qoidalar o’yinning barqaror elementlaridan biri sifatida namoyon bo’ladi. Qiziqarli o’yin sheriklar bilan bo’ladigan harakatlarni muvofiqlashtirish, ular bilan hisoblashishni talab qiladi.
O’yinning mazmuni o’yin tuzilishini tashkil etadi. U his-tuyg’ularning rivojlanishiga ta’sir ko’rsatadi, ijobiy xulq-atvorning rivojlanishiga zamin yaratadi. Ijobiy syujetli-rolli o’yinlar, qatnashuvchilarning xulq-atvori aniq ajralib turadigan adabiy asarlarning mazmuniga oid dramalashtirilgan o’yinlar bola xatti-harakati va munosabatlarining axloqiy yo’nalishini shakllantirishga yordam beradi.
Tarbiyachi o’yinga rahbarlik qilar ekan, turmushning ijobiy tomonlarini aks ettiruvchi, pedagogik jihatdan qimmatli o’yinlarni rag’batlantiradi va rivojlantiradi; u taqlid uchun namuna sifatida rolga tayanadi. Tajriba bu kabi mazmunli o’yinlar bola tabiyasi uchun qanchalik muhimligini ko’rsatadi: zero o’yin muhim amaliy faoliyat sifatida bolaning his-tuyg’ulari va munosabatlarini, tevarak-atrofdagi narsalar haqidagi tasavvurlarini faollashtiradi. Kichkintoy onasini ifodalar ekan, o’z qizini g’amxo’rlik bilan ovqatlantiradi, uxlashga yotqizadi, u bilan sayr qiladi. Biroq eng qimmatli syujet ham axloqiy tarbiya vazifalarini hal etishga kafolat bera olmaydi. Bolalarning ijtimoiy axloq tajribarini egallash uchun faqat mazmunli o’yinlarni rivojlantirmasdan, bolalarda axloqiy his-tuyg’u va xatti-harakat odatlarini tarbiyalash bo’yicha umumiy ishni faollashtirish kerak. Shundagina bolaning zimmasiga olgan roliga muvofiq xatti-harakati o’rtasida birgalikda erishish mumkin.
Sanab o’tilgan metodlarni pedagog mehnat, o’yin, turmushdagi har qanday faoliyatda qo’llaniladi. Barcha hollarda erishilishi mumkin bo’lgan maqsad ajratib olinadi.
Tarbiyachi qo’llaydigan metodlar faqat bevosita emas, balki bilvosita, uning rahbarlik ta’siri biror narsa vositasida ko’rsatiladigan, ba’zan esa bolalardan yashirin bo’lishi ham mumkin. Masalan, tarbiyachi o’zini qoidaga muvofiq qanday tutish kerakligi haqida faqat ko’rsatma bermaydi, balki shunday vaziyat tug’diradiki, u bolani to’g’ri yo’l tutishni o’ylab ko’rishga, xatti-harakat usullarini mustaqil ravishda topishga majbur qiladi. Aytaylik, bolalarga o’yinni tugatib, sayrga otlanish aytiladi, lekin kiyinishdan oldin nima qilish kerakligi to’g’risida o’ylab ko’rish taklif etiladi.
Syujetli o’yinda ham tarbiyachining o’z o’rni ko’pincha yashirin bo’lishi mumkin. Masalan, pedagog bolalar o’rtasida ko’proq o’zaro xayrixohlik munosaatlari bo’lishini istab, ularga rol orqali ta’sir ko’rsatadi(kapitanga murojaat qilib, undan dengizchilarga vazifalarni to’g’ri taqsimlashda yordam berishni so’raydi, kichkintoy onaga sho’xlik qilayotgan bolalariga ertak aytib berishni maslahat qiladi va hakozo).
Bolalar qanchalik katta bo’lib borishsa, pedagogning o’yinda ularning o’zaro munosabatlariga tengdoshlari yoki kattaroq bolalar orqali ta’sir etishi uchun imkoniyati shunchalik ko’p bo’ladi. SHuni hisobga olish kerakki, bolalar doimo bir-birlariga ta’sir ko’rsatadilar. Salbiy ta’sirning oldini olish uchun pedagog o’ynayotgan guruhga yangi bolani kiritadi, umumiy qiziqishlar, mayllar asosida yangiguruhchalar vujudga keltiriladi, bolalarda o’rtog’iga yordam berish, unga biror narsani o’rgatish istagini va hokazolarni tarbiyalaydi. Uncha katta bo’lmagan bolalar jamoalari tuzilishiga, ular faoliyati mazmuniga ta’sir etishning bunday metodi axloqiy tarbiyada g’oyat muhimdir, bunda katta odamning ta’siri ham bevosita, ham bilvosita bo’lishi mumkin.
Metodlarning ikkinchi guruhsi maktabgacha yoshdagi bolalarda axloqiy tasavvurlar, mulohazalar, baholarni shakllantirishga qaratilgandir. Bunda tarbiyachining odob-axloq haqidagi suhbatlari, badiiy adabiyotlarin o’qish va hikoya qilib berish, kartinalar, rasmlar, diafilmlar, teleko’rsatuvlarni tomosha qilish, radio eshittirishlarni tinglash muhokama etish kiradi.
Bu vositalar, metodlar va usullarni, birinchidan, butun guruh bilan mashg’ulot o’tkazishda qo’llash maqsadga muvofiqdir. Bu yerda “Uchinchi ming yillikning bolasi” davlat dasturi asosida barcha bolalar o’zlashtirishi lozim bo’lgan eng murakkab bilimlar tizimlashtirilgan holda beriladi. Insonning qimmatli axloqiy fazilatlari, ijtimoiy hayot hodisalari haqida mashg’ulotlarda shakllangan tasavvurlar bolaning atrofidagi turmushda ma’naviy munosabatini shakllantirish uchun asos bo’lib xizmat qiladi.
Deyarli har bir mashg’ulot (ona tili, tasviriy faoliyat, sanoq va boshqalar)da axloqiy tarbiya vazifalarini amalga oshirish mumkinligini ko’zda tutish kerak.
Ikkinchidan, bolalarda axloqiy tasavvurlar, mulohazalar va baholarni shakllantirishga qaratilgan metodlardan, mashg’ulotlardan tashqari paytda faol foydalanish kerak. Bu tarbiyachining kuzatuvi asosida ijtimoiy tasavvurlar sohasidagi dasturida belgilangan bilimlarni egallamagan, umumlashtirishni qiyinlik bilan o’zlashtirayotgan bolalari yoki bilishga qiziqishi yuqori bo’lgan bolalar guruhi bilan suhbat bo’lishi mumkin.
Pedogogning bolalarda axloqiy xatti-harakat amaliy tajribasini tarkib toptirishda foydalaniladigan birinchi guruh metodlari «nima yaxshi-yu, nima yomon» degan axloqiy tasavvurni shakllantirish imkoniyatini tayyorlaydi. O’z navbatida og’zaki (va og’zaki-ko’rsatmali) metodlar, ya’ni axloqiy tasavvurlar va mulohazalar darajasi oshirish maqsadida qo’llaniladigan ikkinchi guruh metodlar bolaning xulq-atvorni, uning xatti-harakatlarini, kattalar va bolalarga bo’lgan munosabatini boyitadi va yo’naltiradi.
Tarbiyachi ikkinchi guruh metodlarini qo’llaganda, bolalarni faqat badiiy asarlarning qaharmonlari, pedagogning suhbati chog’ida so’z yuritilgan qandaydir voqealarning qatnashchilari ega bo’lgan axloqiy fazilatlar va munosabatlar bilangina tanishtirib qolmasdan, balki ularni shaxsiy amaliy tajribalarini muhokama qilish va tahlil etishga jalb qilish lozim. Masalan, «Sizningcha, yaxshi do’st bo’lish degani nima?», «Biz qanday o’ynadik», «Nima yaxshi-yu, nima yomon?»degan mavzularida suhbat o’tkaziladi. Tarbiyachi o’rta va katta yoshdagi bolalar bilan o’tkaziladigan suhbatlar chog’ida bolalarning umumlashgan fikrlari amaliy vaziyatni tasvirlash, tahlil etish bilan qo’shib olib borilishiga intiladi. Kichik yoshdagi bolalar aniq vaziyatlar va o’z hatti-harakatini suhbatlar chohida emas, balki, masalan qo’g’irchoq, stol teatrlari spektakllarini tomosha qilish, maxsus o’yin-mashg’ulotlar o’tkazishda osonroq eslaydi.
Ham ikkinchi, ham birinchi guruh metodlari barcha ma’lum bo’lgan metodlar, masalan ishontirish metodini o’z ichiga oladi. Chunki, undan tarbiyachining mehribon, aqlli so’zi orqali ham, badiiy asarlar yordamida ham, mohirona tashkil etilgan faoliyat orqali ham muvaffaqiyatli foydalanish mumkin.
Pedagogik jarayonda ijobiy namunaga tayanish keng qo’llaniladi. Tarbiyachi bolalarning kundalik hayotidagi axloqiy tarbiyasiga rahbarlik qilar ekan, shu metoddan foydalanishda: xushmuomala, g’amxo’r tengdosh yoki katta yoshli odamning namunasi, o’yinda rolli yoki mehnat topshirig’ini yaxshi bajarish namunasi, Vatanimizning eng yaxshi kishilari, adabiy qahramonlarning ijobiy namunasi.
Tarbiyachi ijobiy namuna bolaga taqlid uchun o’rnak bo’lib qolishi to’g’risida g’amxo’rlik qilishi kerak. Aniq hayotda har doim ham bunday bo’lavermaydi: ijobiy namunani ko’radi, lekin salbiy namunaga taqlid qiladi. Ijobiy namuna taqlid qilishga o’rnak bo’lishi uchun bu odamning asosiy, eng qimmatli belgilarini ko’rish, uning ishlarini axloqiy jihatlarini ko’rishga (yoki anglab yetish)ga yordam berish muhimdir. Bolaga shunday o’ynash yoki mehnat qilishga ko’maklashish kerakki, uning hali bolalarcha faoliyatida uni jalb etayotgan namuna belgilari muayyan darajada bo’lsa ham o’z aksini topadi.
Tarbiyachilar o’z guruhsi tarbiyalanuvchilarini kuzatar ekanlar, ularning axloqiy rivojlanish darajasi bir xil emasligiga ishonch hosil qiladilar. Har qanday yosh guruhida kattalarni o’zlarining xayrixohliklari, intizomliliklari, mehnatga qiziqishlari va mehnatsevarliklari, jamoatchilik xususiyatlarini namoyon etishlari bilan quvontiradigan bolalar bor. Ularda muayyan darajada xulq-atvor, tasavvurlar va his-tuyg’ular barqarorligi namoyon bo’ladi; bolalar o’z hohishi bilan yaxshi xatti-harakat qilishga intiladi va hokozo.
Har doim “o’rtacha” bolalar ham bo’ladi. Ularning xulq-atvori va munosabatlari barqaror emas, vaziyatga bog’liq, axloqiy tasavvurlari cheklangan, yuzakidir.
Bolalarning bir qismi pedagoglar va ota-onalarni turli xil salbiy xatti-harakatlarni, masalan: tengdoshlari bilan o’zaro munosabatlarda qo’polliklari, kattalarga behurmatliklari, xudbinliklari bilan tashvishga soladilar.
Bir xil yoshdagi bolalar rivojlanishi bir tekis emasligining sabablari xilma-xildir. Ular oilaviy tarbiyaning ham, ijtimoiy tarbiyaning ham o’ziga xos xususiyatlari, bolalarning individual farqlari bilan bog’liqdir. Tarbiyachilarning o’quv yilinig boshidanoq guruhdagi ahvolni tahlil etishlari, kamchiliklarning sabablarini aniqlashlari, bolalarni axloqiy tarbiyalashlarni takomillashtirish yo’llarini belgilab olishlari muhimdir.
Ishning bir qismi dastur asosida guruhdagi barcha bolalar bilan amalga oshiriladi. SHu bilan bir vaqtda axloqiy tarbiyalanganlik darajasiga ko’ra shartli ravishda bo’lingan kichik guruhlar bilan alohida-alohida, indivudial ish olib borish zarur.
Masalan, tarbiyachilar birinchi guruh bolalariga nisbatan qiyinchiliklarni yengib o’tish ko’nikmalarini chuqurlashtirish, yomon ishlarga yo’l qo’yayotgan o’rtoqlariga faol ta’sir ko’rsatish qobilyatini rivojlantirishni rejalashtiradi. Biroq ana shu guruhdagi ayrim bolalarga to’g’ri xatti-harakat qilish haqidagi bilimlar yetishmaydi. Bu esa uning tengdoshlari va kattalari bilan individual suhbat o’tkazish kerak bo’ladi.
Uchinchi guruh bolalari(eng past daraja) uchun bolalar bog’chasi va uyda osoyishta, xayrihohlik vaziyati yaratish ko’zda tutiladi. Shu maqsadda bolalar bilan suhbatlar o’tkaziladi, ularni kattalar qiziqish uyg’ota olgan amaliy ishlarga jalb etiladi. Bu guruhchadagi ayrim bolalarda “axloqiy rasmiyatchilik” kuzatilishi mumkin. Ular axloqiy mavzularda ajoyib mavzular yuritganlari holda, o’zlarini xudbinlarcha tutadilar. Bunday bolalarni ezgu xatti-harakatlar, yaxshi ishlarda mashq qildirish, boshqa odamlar uchun ahamiyatli bo’lgan faoliyatga jalb etish muhimdir.
Guruhda odatda osoyishta va ta’sirlanadigan; his-tuyg’uga tez beriladigan va gap ko’tara olmaydigan bolalar bo’ladi. Axloqiy tarbiya vazifalarini hal etganda, bularning barchasini hisobga olish muhimdir. Masalan; tarbiyachi bolalar mehnatini uyushtirar ekan, tortinchoq bolani xayrihoh, umid, ishonchga to’la bolalar guruhiga kiritadi.
Yil oxirida har bir yosh guruhi pedagogi bolalar bilan olib borgan ishlari shu jumladan axloqiy tarbiya ishlarini yakunlaydi. Shu maqsadda bolaning kattalarga munosabatini tengdoshlari shuningdek, ancha katta va kichik yoshdagi bolalar bilan bo’ladigan munosabatlarini, bolaning faoliyatga, shuningdek shaxsiy va jamoat mulkiga munosabatini kishilarning axloqiy fazilatlari, ijtimoiy turmush hodisalari to’g’risidagi bilim va tasavvurlarining mavjudligini, bolaning bu hodisalarga munosabatini tahlil qilish lozim.
Bu masalalardan har birining mazmunini pedagog “Uchinchi ming yillikning bolasi” davlat dasturidan oladi. Uyerda har bir yosh guruhi bo’yicha va xilma-xil faoliyat turlarida axloqiy tarbiya berish vazifalari berilgan. Tarbiyachi axloqiy mayllar, axloqiy xulq-atvor odatlarining barqarorligi darajasini belgilab olishi lozim, chunki bu erishilgan natijalarning bosh mezoni, bolalar axloqiy tarbiyalanganligining ko’rsatkichi hisoblanadi. Pedagog bolalarning faqat odatdagi sharoitda emas, balki o’zgartirilgan va umuman yangi sharoitlarda o’zlarini qanday tutishlarini; ular kattalar, ayniqsa eng obro’li kishilar huzurida va ularsiz, ularni hech kim ko’rmayapti, deb hisoblaganda o’zlarini qanday tutishlarini; bola xulq-atvor me’yorlari va qoidalarini o’z hohishi bilan bajarishga intilayotganligi yoki buni kattalarning ko’rsatmasi, qat’iy talabi bilan qilayotganini belgilab olishi kerak.
Pedagoglarning o’z tarbiyalanuvchilari, har bir bola to’g’risidagi mulohazalarning haqqoniyligiga ularning ota-onalar va oilaning boshqa katta yoshli a’zolaridan olgan ma’lumotlar ham yordam beradi.
Ikki yoshdan to’rt yoshgacha bo’lgan kichik maktabgacha yosh bolalarning ahloqiy rivojlanishida muhim davrdir. Bu yosh bosqichida kichkintoylarda yahshi va yomon to’g’risidagi dastlabki eng oddiy tasavvurlar, axloq ko’nikmalari, ularning atrofidagi kattalar va tengdoshlariga nisbatan yahshi his-tuyg’ular faol shakllanadi. Bu bolalar bog’chasi va oilaning maqbul pedagogik ta’siri sharoitida ayniqsa muvaffaqiyatli ro’y beradi. Bolalarda mana shu yoshda tarkib topadigan axloqiy his-to’yg’ular, tasavvur va ko’nikmalar ular to’plagan ma’naviy tajriba kelgusida ahloqiy rivojlanishiga asos bo’ladi. Kichkintoylarning maktabgacha tarbiya guruhsiga o’tish paytidan ularning hayoti birmuncha o’zgaradi. Bola hayotining uchinchi yili uning rivojlanishida o’tish davri hisoblanadi.U xali avvalgi bosqichdagi bolalar bilan ko’p tomonlari o’xshash bo’lgan va kattalarning alohida ehtiyotkorligi hamda e’tiborli munosabatini talab qiladigan kichkina bola. Biroq shu bilan birga unda ko’nikmalarni egallash, tasavvurlarni shakllantirish, shaxsiy xulq-atvor va faoliyat tajribasini egallashda sifat jihatidan yangi imkoniyatlar paydo bo’ladi. Bolalar bog’chasida ta’lim-tarbiya jarayoni qayd etilganidek, ikki yoshdan uch yoshgacha bo’lgan bolalar uchun harakatni kattalarning yordamisiz bajarishga, atrofdagi narsalar haqida so’z orqali fikr yuritishning eng oddiy turlarini namoyon etishga yangi shakldagi munosabatlarni paydo bo’lishi, yakka o’yinlar, birovlarning yonida o’ynashdan sekin birgalikdagi o’yin faoliyatining sodda shakllariga o’tish xarakterlidir.
Uchinchi va to’rtinchi yoshdagi bolalarda kattalarning erkalatishi, e’tiborga ehtiyoj, tarbiyachi bilan sirli yaqinlikka intilish kuchli bo’ladi. Bolalar hali ko’p narsada kattalarga qaram bo’ladilar. Bu kichkintoylarda gigiyena va o’ziga-o’zi xizmat ko’rsatishning elementar ko’nikmalari, mustaqil o’ynash atrofdagilan bilan muloqotda bo’lish malakalari yo’qligi bilan izohlanadi. Shuning uchun ham maktabgacha yoshdagi bolalarning tarbiyalashning asosiy vazifalaridan biri ularda turmush faoliyatida, o’yinda, mashg’ulotlarda mustaqillikni shakllantirishdan iborat. Bolalarning kuchi yetadigan, hayotiy tajribasiga mos keladigan narsalarni ularning o’zlari bajarishlariga o’rgatish lozim.
Bolalarning axloqiy tarbiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun qanday pedagogik shartlar zarur?
Bolalar hali ko’p narsada kattalarga qaram bo’ladilar. Bu kichkintoylarda gigiyena va o’ziga-o’zi xizmat kursatish, mustaqil o’ynash, shug’ullanish, atrofdagilar bilan muloqatda bo’lish bilan izohlanadi. Shuning uchun ham kichik maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalashning asosiy vazifalaridan biri ularda turmush faoliyatida, uyinda mashg’ulotlarda mustaqillikni shakllantirishdan iboratdir. Bolalarning kuchi yetadigan, hayotiy tajribasiga mos keladigan narsalarni ularning o’zlari bajarishlariga o’rgatish lozim. Bola mustaqillikni egallar ekan, o’ziga-o’z xizmat ko’rsatib (yuvinib, yechinib kiyimlarini tartibli taxlab, kiyinib, ovqat yeb)gina qolmay, balki atrofdagi sharoitda tartib saqlash (o’yinchoqlarni, risolalarni joyiga yig’ishtirish), yordamga tayanmay turib, bir qancha qoidalarni bajarish, ya’ni o’z xatti-harakatini boshqarish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Uch yoshlarda mustaqillikning o’sishida sifat jihatidan siljish ko’zatiladi.Bu tarbiyachining bolalarga yuqori talablar qo’yishiga: o’yin paytida, topshiriqlarni bajarishda o’rtoqlari bilan aloqa bog’lash, tengdoshlari bilan birgalikda umumiy faoliyat uchun sharoit yaratish, boshqalarning qiziqishlari, istaklari bilan hisoblashish, yordam ko’rsatishga imkon beradi.
Pedagog kichkintoylarni yakka tartibdagi va birgalikdagi faoliyatga jalb etar ekan, ularni yaxshi ishlarga mashq qildiradi, insonparvarlik tuyg’ularini shakllantiradi, atrofdagilarga (tarbiyachi, enagaga) quloq solish, ularga hurmat bilan munosabatda bo’lish istagini o’yg’otadi. Katta yoshli odam, jumladan uch yoshga qadam qo’ygan kichkintoylarda salomlashish, minnatdorchilik bildirish, kattalardan xush muomilalik bilan iltimos qilish, boshqa bolalar yonida ularga xalaqit bermay o’ynash, bolalar ko’rgan narsalarni ehtiyot qilib saqlash, o’rtog’i yuvinib, o’yinchoqni o’ynab bo’lgunicha tinchgina kutish ko’nikmalarini tarbiyalaydi, batartib yuvinishni, hafsala bilan oyoq artishni, o’yinchoqlarni joyiga yig’ishtirib qo’yishni o’rgatadi.
Tarbiyachi ikkinchi kichik guruhda kattalar va bolalardan xushmumomalalik bilan muomala qilish, atrofdagilarga qo’lidan keladigan xizmatlar ko’rsatish, tengdoshlari bilan birgalikda o’ynash, o’yinchoqlar, risolalarni yonbosish malakalarini mustahkamlaydi. Didaktik, harakatli o’yinlarda eng oddiy qoidalarga amal qilishga; boshlovchini vazminnlik bilan yeshitishga, o’z navbatini chidam bilan kutishga (bu kutish uncha uzoq bo’lmasa) o’rgatadi. Bolalar nonushtaga, tushki ovqatga stolni hozirlashga, o’simliklar va hayvonlarni parvarish qilishga oid topshiriqlarni bajarishga jalb etiladi.
Tarbiyachi bu vazifalarni amalga oshirish uchun ikki-to’rt yoshli bolalarni o’ziga xos xususiyati bo’lgan taqlidchanlikdan foydalanadi. Katta yoshli kishi shaxsiy namunasi bilan ishga atrofdagi kishilarga, bolalarga ijobiy munosabatni namoyish etadi. Kichik maktabgacha yoshdagi bolalarga katta emotsional xayrihohlik xususiyati xos bo’lib, bu yahshi xis-tuyg’u va atrofdagi kishilarga yaxshi munosabatlarni tarbiyalash vazifalarini muvaffaqiyatli hal etish imkonini beradi. Bunda tarbiyachining kichkintoylarga emotsional xolatni uning taklifi, iltimosiga xayrihohlikni, boshqa odamning xafagarchiligini ko’rganda u bilan birga qayg’urish hisini qo’llab – quvvatlashi g’oyat muhimdir. Bolalarda yaqinlariga muhabbat, ular uchun biror yahshi narsa qilish istagi tarbiyalanadi. Bunga bolaning atrofdagilarga ezgu his-tuyg’ularini namoyish etishini kattalar tamonidan ma’qullanishi, maqtashi orqali erishiladi.
Pedagog bolalarning to’rtinchi yoshida ularda o’rtoqlariga nisbatan maylni, yahshi mehribon bo’lishiga intilishini tarbiyalashni davom ettiradi, bolaga o’zining yomon odatlaridan uyalish kerakligini uqtiradi. Quvnoqlik, o’z kuchiga ishonishni tarbiyalashga alohida e’tibor berish kerak. Kichik maktabgacha yoshdagi bolalarda tengdoshlari bilan birgalikdagi o’yinlarga, ular bilan muloqatda bo’lishga ehtiyoj ancha yorqin ifodalangan bo’ladi. Ikki yoshdan uch yoshgacha bo’lgan bolalarga nisbatan bu vazifa tengdoshlari bilan muloqotda, yahshi natijalarga erishganda quvonch hissini rag’batlantirishdan iborat bo’ladi. SHu bilan birga tarbiyachi bolalarni o’zaro munosabat qoidalari bo’zilishini (itarib yubordi, o’yinchoqni olib qo’ydi) payqashga ham o’rgatadi.
Uch yoshda boshqa bolalar bilan muloqotda bo’lishga intilish ayniqsa kuchli bo’ladi. Bolalarning rivojlanganlik darajasi tengdoshlarining harakati va nutqini tushunish, ular bilan gaplashish, birgalikdagi o’yin mashg’ulot haqida kelishib olish imkonini beradi. Bolalar orasida kichkintoy o’z istagini boshqa bola va butun bolalar guruhi istagi bilan muvofiqlashtirishga o’rganadi. Uch yoshli bolalar yaxshi, rahmdil o’rtoq bo’lishlari mumkin. Bularning barchasi tarbiyachi zimmasiga ikkinchi kichik guruh bolalarida kichikroq bolalarga nisbatan xayrihoxlik bilan munosabatda bo’lish, katta yoshli kishining iltimosiga ko’ra yangi, kasallikdan keyin kelgan bolalar haqida g’amxo’rlik qilish, o’zi bilgan narsani boshqalarga o’rgatish ko’nikmalarini shakllantirish vazifasini yuklaydi. Bolalar kattalarga taqlid qilib, o’yinda tengdoshlari bilan kundalik muloqotda o’zaro e’tibor, g’amxo’rlikni namoyon etadi.
“Uchinchi ming yillikning bolasi” davlat dasturida ta’kidlanganidek, kichik maktabgacha yoshdagi bolalarni xulq-atvori sabr–toqatning yetishmasligi, axloq qoidalarini o’z vaqtida va to’g’ri bajara olmaslik bilan xarakterlanadi. Jumladan, uch yoshga qadam qo’ygan bolalarda tarbiyachining muayyan talablariga bo’ysunish istagini juda osonlik bilan ro’yobga chiqarish mumkin, biroq bu ko’pincha istagan narsani bajarish imkoniyatlariga zid keladi. Bolalarda zarur xulq-atvor ko’nikmalari mehnat malakalari, qiyinchiliklarni yengish, irodaviy kuch g’ayrat namoyon yetishga jismoniy kuch va qobiliyatlar yetishmaydi. SHu bilan birga kichkintoylar kattalarning, ayniqsa ishonchli, hech qanday shak-shubha uyg’otmaydigan tarzda aytgan gaplariga juda e’tiborlidirlar. SHuning uchun bolalarda ikki yoshdan uch yoshgacha bo’lgan davridanoq o’z xatti-xarakatini eng oddiy odob-axloq me’yorlariga bo’ysundirish ko’nikmalarini tarbiyalashga kirishish mumkin. Kundalik hayotdagi, o’yindagi xulq-atvor qoidalarini egallash bolalarga beixtiyor xarakatlarning oldini olishga ko’maklashadi, ularni o’zlashtirilgan qoidalarga muvofiq ish tutishga da’vat etadi, maqsadga intiluvchanlik asoslarining rivojlanishini ta’minlaydi.
Ikkinchi kichik guruhda madaniy xulq-atvor ko’nikmalari va odatlari jadal shakllanadi. Bunda motivlar muhim rol o’ynaydi. Bola faoliyati, uning xatti-harakati, munosabatlarining sabablari (motivlari) madaniy xulq-atvorning tashqi shakllari bilan uning ma’naviy ahamiyatli mayllari o’rtasida birlik o’rnatilishiga yordam beradi.
To’rt yoshli bolalar va kattalar (ota-onalar, pedagoglar)ning oddiy topshiriqlarini bajarishga qodir bo’lganliklarini, o’z xatti –harakatlari davomida: ”Bunday qilish mumkin, bunday qilish mumkin emas”degan qoidalarga amal qila olganliklari uchun, ular tengdoshlari va kattalarga biror foydali narsa qilishdek ijtimoiy ahamiyatli oddiy motivlarni anglay boshlaydilar. Bu pedagogdan bolalarning har qanday faoliyatini va xatti-harakatini shunday yo’lga qo’yishni talab qiladiki, bunda xatti-g’arakatga, jarayonga bo’lgan qiziqish sabablari, atrofdagilarning ma’qullashiga erishish istagi bilan bir qatorda boshqalarga (tengdoshlariga, kattalarga) kerakli bo’lishdek ma’naviy mayl ham shakllanadi.
Uch yoshga qadam qo’ygan bolalar hayoti uchun fikrlashning xarakterlidir. Ular talabni sharoit va muayyan shaxs bilan bog’laydilar. Ko’pincha bolalar bir xil talabni ba’zi sharoitlarda bajarishadi. Boshqasining oldida buzishadi, kattalar oldida bajarishadi va ularning yo’qligida bajarishmaydi.
Hatto to’rt yoshga qadam qo’ygan bolalar ham ahloqiy me’yor haqidagi tasavvurlari bilan o’z xatti –harakatlari o’rtasidagi o’zaro munosabatni aniqlay olmaydilar. Bundan tashqari, bolalarda o’zini-o’zi nazorat qilish, o’z xatti-harakatlarini ongli ravishda boshqarish ko’nikmasi yaxshi rivojlanmagan bo’ladi. Shu munosabat bilan ular ko’pincha mazkur holatda alangalanadigan hissiyotlar, istaklar ta’sirida ish tutib, tarbiyachining talablarini unutadilar. Shuning uchun ham to’rt yoshgacha bo’lgan bolalarning axloqiy odatlari, xatti –harakatlari ko’pincha vaziyatga xos xususiyatga ega bo’ladi, ya’ni bir xil sharoitlarda ruyobga chiqmaydi.
Biroq bolalar bog’chasi va oilaning o’zaro hamkorligi o’rnatilganda, pedagogik qimmatga ega bo’lgan kundalik muloqot, shuningdek, to’rtinchi yoshdagi bolalarga mos ravishda kattalar ham tengdoshlari bilan hamkorlikdagi faolyati tashkil etilganda, mustahkam odatlarni shakllantirish vazifasi ancha muvaffaqiyatli hal etiladi; axloq madaniyati, atrofdagilar bilan o’zaro munosabatlar vaziyatga bog’liq holda namoyon bo’lishidan vaziyatga bog’liq bo’lmagan tomonga o’zgara boshlaydi.
Uch yoshdan to’rt yoshgacha bo’lgan bolalar nutqni faol egallay boshlaydilar. Ular atrofidagi hodisalarni tushunib, ularni so’z orqali oddiy baholaydilar. Nutqning jadal rivojlanishi, bolalarning faolligi va jo’shqinligidan pedagog kichkintoylarni atrofdagi dunyo, kishilar, o’zaro munosabat qoidalari bilan tanishtirish uchun foydalanadi.
Birinchi kichik guruh tarbiyalanuvchilari inoq o’ynash, shug’ullanish, bir-birlarini xafa qilmaslik, o’yinchoqlarni tortib olmaslik, balki ularni xushmuomilalik bilan so’rash, mebel-jihoz, risolalarni ehtiyot qilish, ularni ehtiyotlash kerakligini o’zlashtirib olishlari kerak. Bolalarda hayvonlar, qushlarni sevish, o’simliklarni ehtiyot qilish lozimligi haqidagi tasavvurlar shakllanadi shakllanadi. Kichkintoylar kattalarning bolalar bog’chasida hamma narsa ular uchun yaxshi bo’lishi haqida g’amxo’rlik qilayotganliklarini (oshpaz ovqat tayyorlashi,enaga uyni yig’ishtirishi va hokazo), kattalarning mehnatiga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish zarurligini tushuna boshlaydi.
Ikkinchi kichik guruh bolalarda bu tasavvurlar faqat mustahkamlanib qolmay, yangi tasavvurlar ham shakllanadi. Masalan, bolalar kattalar mehnati singani uchun mebel-jihoz, kiyim, poyabzalni ehtiyot qilish zarurligini o’zlashtiradi. Bolalar barcha kishilarning mehnat qilishlarini: uylar qurishlarini, mashinalar yasashlarini, non, sabzavot va hokozolarni yetishtirishlarini, bir-birlariga yordam berishlarini bilib oladilar. Bolalar kichkintoylar haqida g’amxo’rlik qilish, kattalar va tengdoshlarga ko’maklashish yaxshiligini tushunadilar.
Bolalarda to’g’rilik: to’g’ri gapirish kerakligini, qavm – qarindoshlar, yaqinlar, tarbiyachiga hamma narsani so’zlab berish zarurligi haqidagi tasavvurlar shakllanadi.
Xulosa
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, maktabgacha yoshdagi bolalarda ijtimoiy turmush hodisalari va insoniy munosabat me’yorlari haqida oddiy tasavvurlar hosil bo’la boshlaydi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni axloqiy tarbiyalashning yuqorida aytib o’tilgan vazifalari hal etilishiga ko’pincha o’zboshimchalik, salbiy holat, qaysarlikning namoyon bo’lishi xalaqit beradi.
Uch yoshga borganda bolada namoyon etish ehtiyoji paydo bo’lib, o’zining “Meni”ni anglab yetish ro’y beradi. Bolaning o’ziga munosabati uning nima qila olishi va o’z muvaffaqiyatlarini qanday idrok etishiga bog’liq bo’ladi. Agar kattalar bolada keskin o’zgarish ro’y berganligini, uni avvalgi munosabat qanoatlantirmayotganini sezmay qolsalar inqiroz ro’y beradi. Bola, tarbiyachilar, ota-onalar berishga moyil bo’lganidan ko’proq darajada mustaqillikni talab eta boshlaydi. Ularning taqiqlashlar e’tiroz o’yg’ota boshlaydi. Unda qaysarlik paydo bo’ladi. Ayrim bolalardagi qaysarlik esa maxsus pedagogik chora ko’rishni talab etadi.
Pedagoglar uch yoshga to’layotgan bolaning hayotiga o’zini qaror toptirish, mustaqillikka intilish kabi ehtiyojlarini hisobga oladilar va qaysarlik vujudga kelishining oldini olish yuzasidan ish olib boradilar, agar bunday holat ayrim kichkintoylarda namoyon bo’lsa, kuch-g’ayratlarini ularni bartaraf etishga qaratadilar. Shu tariqa guruhdagi ayrim bolalarda kuzatiladigan qaysarlikni bartaraf etish ham bu yosh bosqichida bolalarni tarbiyalash vazifalaridan biri bo’lish mumkin.



Yüklə 31,6 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə