Mavzu: O‘zbek bolalar adabiyotining vujudga kelishi. O‘tgan asrning 30-40–yillaridagi o‘zbek bolalar adabiyoti


Jahon xalqlari bolalar adabiyotlari, jumladan rus va qardosh xalqlar bolalar adabiyotlari



Yüklə 24,17 Kb.
səhifə2/2
tarix29.11.2023
ölçüsü24,17 Kb.
#140324
1   2
4-ìàúðóçà ìàòíè

Jahon xalqlari bolalar adabiyotlari, jumladan rus va qardosh xalqlar bolalar adabiyotlarining ilg`or tajribalarini o`rganish va ijodiy o`zlashtirish ham o`zbek bolalar adabiyotini yuzaga keltirish va rivojlantirishda samarali omil bo`ldi. Bu jarayon XIX asrning so`nggi choragida maktab-maorifsohasida sodirbo`la boshlagan siyosiy-ijtimoiyva ma`naviy-madaniy o`zgarishlar ta`sirida namoyon bo`la bordi, XX asr boshlarida esa hayotiy mazmun kasb etdi. Bunda milliy uyg`onish davrining ilg`or ziyolilari Mahmudxo`ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Saidrasul Aziziy (1866-1936) Abdulla Avloniylar, ayniqsa, salmoqli natijalarga erishdilar. M. Behbudiyning «Risolai asbobi savod»(1914), «Risolai jo`g`rofiyai umroniy» (1905), Risolai jo`g`rofiyai Rusiy» (1905), Kitobat-ul atfol» (1908), «Amaliyoti islom» (1908), «Tarixi islom» (1909), Munavvarqorining «Adibi avval», «Adibi soniy», «Tavji-al qur`on», «Yer yuzi» singari alifbo xrestomatiya va o`quv qo`llanmalari dunyoga keldi. Ayniqsa, S.M.Graminiskiyning (1859-1919) qo`llab-quvatlashi va uning tomonidan tuzilgan «Birinchi o`qish kitobi», «Ikkinchi o`qish kitobi»(1898), «Uchinchi o`qish kitobi»(1898) darsliklari ta`sirida bitilgan Saidrasul Aziziyning «Ustodi avval» (1902) otlig` birinchi o`zbek alifbosi, Abdulla Avloniyning «Birinchi muallim» (1908) va «Ikkinchi muallim» (1912), shuningdek, to`rt juzdan iborat «Adabiyot yoxud milliy she`rlar» singari darslik va qo`llanmalari katta e`tibor qozondilar, ularda keltirilgan she`r va nasriy lavhalar bolalarbopligi bilan ajralib turishidan tashqari, aksariyati I.A. Krilov, A.S.Pushkin, L.N. Tolstoy va K.D. Ushinskiylarning bolalarga atalgan masallari, she`riy ertaklari va hikoyalari tarjimasidan iborat edi. Zotan, XX asr boshlaridagi o`zbek ma`rifatparvarlik harakatining yetakchi namoyandasi, Toshkentdagi yangi usul – “usuli savtiya” maktablarining asoschilaridan biri Abdulla Avloniy o`zbek bolalar adabiyoti taraqqiyotiga ham samarali hissa qo`shgan shoirdir.

20-yillarda chinakam shakllanish jarayoniga kirgan o`zbek bolalar adabiyotini Elbek ijodisiz tasavvur qilish qiyin.


Muallimlik uni ham badiiy ijod, ham ilmiy ijod sari etakladi. Badiiy ijodga havas unda, o`z e`tiroficha hali Xoniy maktabida o`qib yurgan kezlarida – taxminan 14 yoki 15 yoshdaligida uyg`ongan esa-da, «1917 yildan boshlab yozuvga» chinakamiga berildi. Uning asl ismi Mashriq, otasiniki Yunus bo`lsa-da, elga dardkashlikni ko`zlab, Elbek taxallusini qo`llab, «she`rlar va ba`zan hikoyachalar yoza boshladi». Shu zaylda birin-ketin uning «Armug`on» (1921) masallar, «Ko`zgu» (1925), «Yolqinlar» (1927), «Sezgilar» (1927), «Bahor» (1929), «Mehnat kuylari» (1930), «She`rlar» (1934), «Chirchiq bo`ylarida» (1935), «G`unchalar» (1935) she`rlar to`plamlari, «Qo`shchi Turg`un» (1925), «Dadamat» (1936) hikoyalar majmualari, «Tozagul» (1934), «Bog`bon», «Etik», «Mergan» (1935) poemalar alohida kitoblar tarzida arab va lotin alifbolarida bosilib chiqdi. Uning she`rlari «Chig`atoy gurungi» uyushmasi chop etgan «O`zbek yosh ijodkorlari» (1922) to`plamidan joy oldi. Yangi-yangi she`r, hikoya va maqolalari o`sha davr matbuotida tez-tez bosilib turdi, o`zi ham o`zbek matbuotining faol namoyandasiga aylanib «Inqilob», «Maorif va o`qitg`uvchi», «O`zbekiston Sovet adabiyoti», «Bilim o`chog`i», «Yangi yo`l», «Alanga», «Uchqun» (Buxoro Xalq Respublikasi Maorif nazorati organi) singari qator jurnallarni tahrir hay`ati ishida qizg`in qatnashdi, shu zaylda Respublika matbuotining yuzaga kelishi va shakllanishida, o`zbek jurnalistikasining qaror topishi va rivojlanishida munosib hissa qo`shdi.
Elbek o`zbek tilining xalqimiz milliy qiyofasini ifoda etish uchun astoydil kurashdi, bu tilni kamsituvchilarga qarata 1922 yilda shunday satrlarni bitgandi:
Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat:
Kimlar erur turk tilini sotuvchi!
Bulbul kabi sayrab turg`on bu tilni
Uyalmayin bu o`lkadan otuvchi.
Boldan totli, jondan tunuk turkchani
Tushunmaydi xo`rlab-xo`rlab yotg`uchi
Ochunlarda boyligini ko`rasdan
Kimdir bunga: «Yordi, yormas degan!»
Mungli qushim, ularni qo`y, sen sayra,
Turk tilining dong`in chiqar ko`klarga…
«Til» she`ridan keltirilgan parchadan anglashtirayotirki, unda ifodalangan g`oya istiqlol g`alaba qozonib, milliy tilimiz davlat tili maqomini olgan ayni zamonda ham o`z dolzarbligini yo`qotganicha yo`q. Til va imlo masalalarini yorituvchi «Til», «Imlo masalasi», «Imlo va til quriltoyi chaqirilishi oldidan» (1920), «O`zbek imlo qurultoyi va uning qoldirgan ta`siri», «Alifbe masalasi» (1921), «Turk tillarining qonunlari to`g`risida» (1922), «Til darsligi», «Otilmagan sopqon» (tilga oid darslik haqida, 1923), «Tilimizdagi yangiliklar» (1924), «YAna til – imlo masalasi» (1925), «Imlomiz ustida bir necha so`z» (1927), «Til imlomiz ustida» (1929), shuningdek, o`zbek folklor iva etnografiyasi yuzasidan to`plagan materiallari asosida «O`zbek folklori lug`ati» (1922), «O`zbek xalqining izohli lug`atiga oid materiallar» singari o`nlab maqolalarni yozdi. Elbek til taraqqiyotini jamiyat taraqqiyotidan ayri tasavvur qilmadi.
Elbek o`zbek halqining boy og`zaki ijodiyotini to`plash va o`rganish ishiga ham tilshunos-muallim sifatida Turkiston Maorif Xalq Komissarligi qoshidagi O`zbek bilim hay`atida ishlagan kezlaridayoq kirishgan edi. U Bo`stonliq atroflaridan turli qo`shiqlar, laparlar, og`zaki drama, maqol va matallar, topishmoqlarni maroq bilan to`pladi. Shu kuzatishlari jarayonida xalq adabiyoti juda boy bo`lishi bilan birga o`z davri va o`sha zamon kishilarining turmushlarini o`z ichiga olgan qimmatli adabiy vasiqalardir, degan xulosaga keldi. Binobarin, ularni to`plash, nashr etish va o`rganishga jadal kirishishi zarurligini uqdirib, yoshlar ongini faollashtiruvchi o`zi to`plagan xalq topishmoqlari, maqollari va qo`shiqlarini jamlab «Topishmoqlar, maqollar va ashula to`plamim» nomi ostida 1923 yilda bostirib chiqardi. Bu kitob g`oyat qizg`in kutib olindi, unga O`zbekistonning boshqa joylaridagi folklor namunalarini qo`shish istagini ifodalovchi takliflar ham bo`ldi. Bu taklifni inobatga olib, Elbek Sirdaryo, Buxoro, Farg`ona, Xorazm va Samarqand shahar va qishloqlarini kezdi, folklor asarlarini yozib g`oyat yangidan to`plagan materiallarni qo`shgan holda 1928 yilda G`ulom Zafariy bilan hamkorlikda «Ashulalar» to`plamini nashrdan chiqardi, 1936 yilda yana yangi materiallarni qo`shib, shu to`plamni uchinchi nashrini amalga oshirdi.
Elbek xalq ertaklarini to`plar va o`rganar ekan, ularga o`zi o`zbekchaga o`girgan A.S.Pushkinning «Baliqchi va baliq haqidagi ertak», «Oltin xo`roz», «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» tajribasi asosida yondashib, ertak syujetini nazmda bayon etish an`anasini o`zbek bolalar dostonchiligini yuzaga keltirishga tatbiq etdi. Bu jihatdan uning 1935 yilda nashrdan chiqqan «Ertaklar» to`plamini tashkil etgan «Kambag`al yigit va par dasturxon», «Erksiz folchi», «Omonat» she`riy ertaklari alohida ahamiyatga molik.
Garchi «Kambag`al yigit va par dasturxon» shu nomdagi o`zbek ertagi asosida yaratilgan esa-da, unda A.S.Pushkinning «Baliqchi va baliq haqidagi ertak» asari bilan qator mushtarakliklar bor. Pushkin ertagi markazida kambag`al cholu kampir va oltin baliq obrazlariga daxldor epik sarguzasht tursa, Elbek asarida kambag`al kampiru o`g`li va turna orasidagi munosabatdan tarkib topgan syujet harakatdadir. Hatto tuzoqqa ilingan turnaning tilga kirib ovchi o`g`longa qilgan murojaati bilan oltin baliqning baliqchi cholga qilgan iltijosida mazmun o`xshashligi bor:
Turna: - Hoy yigit, meni so`yma,
Bo`shatib qo`yib yubor.
Buning uchun sen mendan
Ne so`rasang shuni ol!:
Oltin baliq: - Qo`yib yubor dengizga, bobo,
Katta to`lov to`layman senga,
Ko`ngling ne tilasa bergayman.
Syujetdagi tafovut shundaki, Pushkin talqinida bebiliska boylik qashshoq kampirni quturtiradi, Elbek talqinida xalq boyligini zo`ravonlik bilan tortib olgan ochko`z podshodan qasos olishga undalgan. Ochko`z podsho ovchi o`g`londan turna bergan par dasturxonni tortib olgach, turna ichidan askar chiqadigan qovoqni sovg`a qiladi. Shu askarlar zo`ravon, ochko`z podsho ta`zirini berib, kambag`al yigitga par dasturxonni qaytarishadi. Ertakda hak-huquq uchun kurash motivi ifodasini topgan.
«Erksiz folchi» she`riy ertagida ham ijtimoiy motiv ustuvor. Xalqning «soxta folbin» ertagi syujetini nazmda bayon etish asosida bitilgan bu she`riy ertakda nochorlikdan soxta fol ochish evaziga tirikchilik qilishga uringan, ammo kutilmagan omadi bilan podshoning yo`qolgan xachiri va qaroqchilar xazinadan o`margan bir qop oltinni topib nazarga tushgan, nihoyat yolg`oni chinga aylanib saroy folbini sifatida izzat-ikrom qozonsa-da, erkidan ayrilib tahlikada yashashga mahkum bo`lgan folbin qismati ko`rsatilgan. Folbin o`zining yolg`ondakam folchi ekanini har qancha takrorlamasin, na podshoh, na saroy ahli unga ishonishmaydi, uning yolg`on gapini esa rost o`rnida qabul qilishadi. Elbek bu bilan saroyning yolg`on va ig`volar maskaniga aylanganini, unda yolg`on rost o`rnini tamoman egallaganini fosh etadi.
Elbekning bu she`riy ertaklari badiiy saviyasiga ko`ra H.Olimjon, Mirtemir, S.Jo`ra, Q.Muhammadiy, Sh.Sa`dulla va Z.Diyorlarning 30-yillarda yaratgan she`riy-adabiy ertaklari darajasida turmasa-da, o`zbek bolalar dostonchiligini rivojlantirish yo`lidagi izlanish sifatida e`tirofga sazovor.
Elbek o`zbek bolalari xalq qo`shiqlarini to`plash va nashr etishning ham tashabbuskorlaridan bo`ldi. U o`zi to`plagan material asosida 1937 yilda chop ettirgan «Bolalar qo`shig`i» to`plami o`zbek folklorshunosligi tarixidagi dastlabki urinish samarasi sifatida ahamiyatlidir. To`plamda 18 ta bolalar qo`shig`i jamlangan.
Elbekning boshlang`ich maktab bolalari uchun darslik va o`quv qo`llanmalari tuzish tajribasi bolalar yoshi xususiyatlari va qiziqishlarini inobatga olgan holda badiiy asarlar yozish iqtidorini, demakki, bolalar shoiri va bolalar yozuvchisi sifatidagi iste`dodini shakllantirishda muhim omil bo`ldi. Bu jihatdan «Bilim» darsligining ikkinchi kitobida keltirilgan «Odamlarning kuchi nimada?» hikoyasi e`tiborga loyiq:
Odam miltiq, tuzoq, qarmoq, ketmon yasadi. Yirtqish hayvonlarni topib otdi. Tuzoq quyib, qushlarni ilintirdi. Qarmog`iga tiqish uchun ketmon bilan er kovlab, qurtni topdi va baliqni suvdan ilintirib oldi: odamning kuchi yasagan qurollarida.»
Adibning mahorati shundaki, hayotiy saboq bolalarga xos mushohadakorlik zaminida ifodalangan. Yoki 1922-1925-1927 yillarda 25 ming nusxada bosilgan «O`zbekcha o`qish kitobi»ning birinchisiga kirgan «Yo`ldoshning tegirmoni», «Totli sho`rvo» va «Jo`jalar» hikoyalari ham shu xildagi fazilatlarga ega. Chunki «Yo`ldoshning tegirmoni»da bolalar ijodkorligi o`yin jarayonida ochib beriladi:
«Qo`g`irchoq» to`rtligi esa parallelizm negizida bitilgan bo`lib, ahloqiy-didaktik mazmunga ega. Butun to`rtlikda «qanot» so`zi rang-barang ma`noda tovlanadi:
G`oz qanoti oq bo`lur,
Er qanoti ot bo`lur.
Bolalarning qanoti –
Maktabda o`quv bo`lur.
She`rning voqeaband mazmunga ega bo`lishi – unda epiklik alomatini ta`minlabgina qoldirmaydi, balki uning bolalarbopligini, aniqrog`i, undagi mazmun va obrazlarning «ko`rimliligini» – bola idrokiga mosligini belgilaydi. Elbekning o`zi ham bu hodisani chuqur anglaganini «Armug`on» to`plami so`zboshisida shunday e`tirof etgan: «Zamon kishilari hozirgi turmushga hamda o`zlarining ko`ngillariga to`g`rilab yozilgan kitoblarni axtarmoqqa boshladilar. Mana, men ham shuning kabi elimizning istagan narsalariga, oz bo`lsa-da, ko`mak etmoq umidi bilan ushbu kitobchani el bolalarining qarashlariga otmoqqa botirlik qildim…»

O`zbek bolalar adabiyotining shakllanish jarayoni XX asrning 20-30 yillarida, ayniqsa, jiddiy tus oldi, tezlashdi va keng qamrov kasb eta bordi. Asosan, she`riyat va hali hikoyachilik doirasida qolib kelayotgan bolalar adabiyoti bu davrga kelib, xalq ijodiyotiga keng va chuqur murojaat qilishga kirishib, o`z janriy imkoniyatlarini adabiy ertakning she’riy ertak, nasriy ertak, ertak qissa, dramatik ertak singari xilma-xil oraliq shakllari bilan boyitish va to`ldirishga muvaffaq bo`la boshladi. Aslida XIX asrning so`nggi choragi va XX asrning 10-yillarida fors-tojik shoiri Ubayd Zokoniyning "Mushuk ila sichqon" qissasi(Xislat tarjimasi), rus adabiyoti namoyondalari I.A.Krillov, A.S.Pushkin, L.N.Tolstoy, K.D.Ushinskiy masallari, ertaklari va hikoyalarining o`zbek tiliga o`girila boshlanganligi, shuningdek, Said Rasul Aziziy va Abdulla Avloniylarning voqeaband she`rlari, masallari hamda Hamzaning xalq rivoyati asosida yozilgan "Bolaning yomon bo`lmog`iga sabab bo`lgan onaning jazosi" she`riy ertagi, qolaversa, Abdulla Qodiriyning 20-yillarda xalq ertagi ruhida yozilgan"Jinlar bazmi" va Abdurauf Fitratning "Qiyomat" nasriy adabiy ertaklaridan o`z sarchashmasini olgan folklor syujetlari negizida bolalarbop asarlar yozish va shu asosda realistik o`zbek bolalar adabiyotini shakllantirish va rivojlantirish harakati 30-yillar arafasi va davomida chinakkam yangi bosqichga ko`tarildi. Buning bir qancha sabablari va omillari bor edi. Birinchidan, xuddi shu yillarda o`zbek folklorshunosligi ancha jonlangan edi, xalq qo`shiqlari va dostonlari qatorida ertaklarni yozib olish va nashr etishda samarali natijalarga erishila boshlandi. Bu ishda Elbek, G`ulom Zafariy va Shukur Sa`dulla singari bolalar adiblari ancha faollik ko`rsatdilar. Ayniqsa, Elbek bolalar folklorini to`plash yo`lida qizg`in izlandi, 1937 yilda o`zi to`plagan asarlar asosida tartib bergan "Bolalar qo`shig`i" to`plamini nashr ettirdi.


Ikkinchidan, 30-yillarning boshlarida "Bolalarga ertak kerakmi? Sehrli-fantastik ertaklar ular tarbiyasiga zararli emasmi?",- degan mavzularda boshlangan qizg`in bahs xalq ertaklariga munosabatni yanada chuqurlashtirishga xizmat qildi. Natijada, xalq ertaklari syujetlarini turli shakllarda ijodiy interpretatsiya qilish va shu asosda bolalarni xalq fantaziyasi olamiga olib kirish bir muncha jonlandi. Bu hol bolalar epik poeziyasining yuksalishi va dramaturgiyasining oyoqqa turishiga ijobiy ta`sir ko`rsatdi. Sirasini aytganda, bolalarga atalgan badiiy adabiyot yaratish an`anasinng dastlab, adabiy ertak shaklida Daniel Defo, Jonatan Svift, Jan de Lafonten, Sharl Perro, Erix Rapse, aka-uka Yakob va Vilgelm Grimmlar, Vilgelm Gauf, Hans Kristian Andersen, Karlo Kollodi, V.Jukovskiy, P.Yershov va boshqalar ijodiyotida keng miqyosda namoyon bo`lganligi va o`zbek bolalar adabiyoti vakillarining ular tajribalarini ijodiy o`zlashtira boshlashlari jarayon qiyofasini belgilay berdi. Natijada, folklor va yozma bolalar adabiyoti munosabatlari ikki tomonlama chuqurlashishga kirishdi:
Bolalar uchun ijod etish an`anasi hali yozuv bo`lmagan qadimgi zamonlardayoq onalar allalari, erkalamalari, ovutmachoqlari, shuningdek, xalq ertaklari, topishmoqlari, taqvim va maishiy qo`shiqlari, butun bir tizim tarzida namoyon bo`luvchi o`yinlari shakllarida folklor bag`rida yuzaga kelgan edi. Binobarin, bolalar uchun ijod etish xalq pedagogikasi va etnografiyasi aqidalariga to`yintirilgan qadimiy an`ana bo`lib, uning ijodiy andazasi bolalarga mo`ljallangan ixtisoslashgan badiiy yozma adabiyotning vujudga kelishini ta`minlagan omil bo`ldi. Bu folklor va yozma adabiyot orasidagi genetik (bevosita) aloqa natijasi edi.
Folklor va yozma adabiyot orasidagi bilvosita aloqa esa bolalar adabiyotida folklorizmlarning xilma-xil ko`rinishlarini yuzaga keltirdi va bolalar adabiyotining xalqchillashuvini, g`oyaviy-badiiy barkamollashuvini, qiziqarliligi va tabiiy soddaligini ta`minladi. Shu tariqa, o`zbek bolalar adabiyoti ham folklorga tayangan holda shakllana va rivojlana bordi.
Shuni ta`kidlash joizki, o`zbek bolalar adiblari xalq ijodiyoti namunalarini to`plash, nashr etish va bolalarga moslashtirish, folklordagi janriy rang-baranglik va ifodaviy vositalardan ijodiy foydalanishda, asosan, tubandagi ikki yo`nalishda amal qildilar:
Birinchi yo`nalish-folklor namunalari (ertaklar, masallar, rivoyatlar, latifalar va hokazolarni) bolalar yoshi, saviyasi va ruhiga moslashtirib qayta ishlash yoki tabdil (interpretatsiya) qilish. Bu ijodiy jarayonning bosh sharti-asarning xalqchil ruhiga putur yetkazmagan holda g`oyaviy-badiiy barkamolligini ta`minlash va shu asosda axloqiy-tarbiyaviy qimmatini oshirish hisoblanadi. Jumladan, xalq ertaklarini bolalarga moslashtirib qayta aytish an`anasi jahon xalqlari, xususan, rus bolalar adabiyotida anchagina tajribaga ega. Shukur Sa`dulla ana shu ilg`or tajribani o`rganish asosida nafaqat o`zbek, balki, boshqa xalqlar ertaklarini ham bolalarga moslashtirib tabdil qilishda ma`lum natijalarga erishdi. Bu jihatdan, ayniqsa, uning 30-50-yillardagi izlanishlari samarali bo`ldi. Bu davrda u ellikdan ortiq xalq ertagini bolalarga moslashtirib, qayta ishladi va kichkintoylarga tortiq etdi. Bular "Ikki sandiq" (1945,1948), "Yoriltosh", "Uch tulki" (1947), "Qarg`aboy" (1948), "Tulki bilan turna" (1951), "Maqtanchoq quyon" (1953), "Ayyor tulki" (1955), "Ohanrabo" (1959) singari rasmli kitobchalar tarzida nashrdan chiqdi.



Yüklə 24,17 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə