Ibtidoiy dinlar


Kulgulilik va fojiaviylik kategoriyalarining falsafiy mohiyati



Yüklə 27,82 Kb.
səhifə6/6
tarix11.03.2022
ölçüsü27,82 Kb.
#84432
1   2   3   4   5   6
Ibtidoiy dinlar

Kulgulilik va fojiaviylik kategoriyalarining falsafiy mohiyati

Fojeaviylik muammosi har doim falsafiy va estetik tafakkurning muhim tadqiqot obyekti bo‘lib kelgan. Har qanday fojea zamirida alohida fojiali to‘qnashuv yotadi, uning eng muhim jihati ko‘lamlilik va ijtimoiy ahamiyatga tegishligidadir. Fojeaviylik real hayot va inson kamolidagi kuchlar to‘qnashuvining natijasi bo‘lib, bu to‘qnashuvlar kurashining qanday tugallanishi pirovardida insoniyat istiqboli, taqdiri bilan bog‘lanib ketadi. Bu hol fojeaviylikning falsafiy jihatdan murakkab estetik kategoriya ekanligini ko‘rsatadi. Odatda, fojeiy qahramoni ko‘pincha ijobiy tusda tasvirlanadi: u o‘z davrining ijobiy orzu-umidlari, u yoki bu qirralarini o‘zida mujassamlashtirgan kuchli, yorqin, ulug‘vor shaxsni namoyon etadi. Lekin fojea to‘qimasida boshqa turdagi



qahramonlar kam aks ettirilgan bo‘lib, o‘z taqdirlari bilan tomoshabinda o‘ta kuchli his-tuyg‘ularni qo‘zg‘aydi. Ma’lumki, ilg‘or madaniy tafakkur doim hayotni o‘zlashtirish, o‘lim xavfini qisqartirish haqida o‘ylab kelgan. O‘lim qayg‘usidan farqli o‘laroq fojeaviylik qayg‘u va iztirobdan iborat bo‘lib, ulug‘vorlikning vayron bo‘lishi bilan bog‘liq: u - hayotning tugashi yoki ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy voqelikning barbod bo‘lishidir. Fojiaviylik estetika kategoriyalari orasida ulug‘vorlik bilan ko‘p jihatdan yaqin bo‘lib, haqiqiy ulug‘vorlikni fojiaviylikning davomi, deyish mumkin. Shu bois estetika ilmida fojiaviylik ulug‘vorlik bilan uzviylikda o‘rganiladi. Chunki, ulug‘vorlikning barcha xususiyatlari fojiaviylikning ham u yoki bu ko‘rinishi orqali namoyon bo‘ladi. Fojiaviylik mezoniy tushunchasining estetikasidagi markaziy muammosi-insonning imkoniyatlarini har tomonlama kengaytirish (san’at, badiiy adabiyot, jamiyat va tabatga nisbatan munosabatda), qahramonlik, buyuklik tushunchalarining qat’iy va o‘zgarmas chegaralarini buzib, uning mohiyatini yanada yaqinlashish, tashabbuskor va bunyodkorlikni rag‘batlantirish, hayotda umidvorlik va unga muhabbat tuyg‘ularini rivojlantirishdan iboratdir. Fojeiy qahramon kelajakka yo‘l tashlaydi, u eskirgan chegaralarni daf etadi. U doimo insoniyat kurashining oldida boradi. Fojeaviylikning yana bir xususiyati shundaki, u insonga borliqning mazmunini ochib berishda yaqindan ko‘mak beradi. Shaxs rivoji jamiyat va insoniyat o‘rtasidagi munosabatga bog‘liq ekanligini, jamiyat taraqqiyoti inson hisobiga emas, balki inson va inson orqali rivojlanishi zarurligi bevosita fojeaviylik tushunchasi orqali yanada konkretlashtiriladi. Bu esa pirovardida inson va insoniyat muammolarini insonparvarlik yo‘li bilan hal etishga olib keladi. Fojeaviylikda jamiyat va insoniyatning ezguligini himoya qiluvchi xususiyat mujassam. Mahmud Torobiy qo‘zg‘aloni natijasiz tugashi, uning o‘zi esa fitna qurboni bo‘lishi ajdodlarimiz qismatidagi fojeadir. Mahmud Torobiy g‘anim qo‘lida emas, o‘z qavmidan chiqqan-nurga emas, zulmatga talpingan kaltabin johil Olovxon Yusuf qo‘lida halok bo‘ladi. Biroq, Torobiy timsolidagi fojea hiyonat, sotqinlik,diyonatsizlik, zulm va zo‘ravonlik boshidan kechirgan va unga qarshi kurashgan millat, xalq va Vatan fojeasidir.

Yoki istiqlol muqaddas tutgan, o‘lkaning milliy, diniy zaminidagi taraqqiyot uchun kurashgan va xalq orasidagi g‘oyat katta mavqega ega bo‘lgan jadid ma’rifatchilarining fojeasi ham jamiyatni to‘qimtabiat «muhabbat»dan xalos etishning natijasi edi. Shu ma’noda fojeaviylikning estetik mazmuni: - shaxs bunyodkorligining abadiyatga dahldorligini; - ma’naviy jasorat xarakterini; - inson va borliq hayotining uyg‘unligini; - tarixiy ziddiyatlarni; - yashash zavqi va hayotga muhabbat tuyg‘ularini; - qalbni forig‘lash orqali ma’naviyatga yaqinlashish; - yovuzlikdan begonalashishda o‘z ifodasini topadi. Ilmiy, o‘quv va o‘quv uslubiy adabiyotlarda fojiaviylik kulgulilikning ziddi sifatida o‘rganiladi. Shu o‘rinda biz ham kulgulilikning estetik mazmuniga doir ayrim fikrlarni bayon etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Kulgililik kategoriyasiga doir tadqiqotlar kulgining predmetini bir tomondan, obyektiv xususiyat sifatida, ikkinchi tomondan, shaxsning subyektiv imkoniyatlari natijasi sifatida, uchinchi tomondan - subyekt va obyekt o‘zaro aloqadorligining natijasi sifatida o‘rganadi. Bu o‘z navbatida, kulgililik kategoriyasini turli rakursda o‘rganishga olib keldi. Estetik tafakkur tarixida kulgililik bir qadar keng o‘rganilgan. Jumladan, Aflotun ojiz va layoqatsizlarni kulgili odamlar, nodonlik - insonni kulgili qiladi, deydi. Arastu fikriga ko‘ra, kulgi ayrim xatoliklar hamda kishilarga ozor yetkazmaydigan va zarar keltirmaydigan xunuklikni keltirib chiqaradi. Insondagi jahldorlik, suskashlik, qizg‘onchiqlik, subutsizlik, izzattalablik, shuhratparrastlik kabi illatlar kulgililik obyektidir. Bundan tashqari, Arastu kulgi - axloq hududlarini bezarar buzishdir, degan fikrni bildiradi. Kulgilililk boshqa nafosatli hodisalar singari faqat obyektiv tomonga ega bo‘lmay, subyektiv tomonlarni ham o‘zida birlashtiradi. Kulgililikning subyektiv tomoni – keng ma’nodagi hazil(yumor) tuyg‘usidir. (Mol’yer hazil tuyg‘usini insonni hayvondan ajratib turadigan xususiyati deb atagan edi.) Hazil - insonlararo munosabatlarni tabiiy va erkin idrok etishi, turli beo‘xshov ziddiyatlarni anglagan holda ularga nisbatan oqilona kulgi bilan javob berish qobiliyatidir. Hazil tuyg‘usi juda murakkab aqliy tuyg‘u bo‘lib, unda shaxs o‘zining butun borlig‘i bilan namoyon bo‘ladi, uda insonning his-tuyg‘usi, aqliy madaniyati, orzu-umidlari va tabiati aks etadi. Shuning uchun ham insonning nima uchun kulayotganligiga qarab, uning qanday illat va qanday fazilatga ega ekanligini bilish mumkin bo‘ladi. Insonning turli sabalarga ko‘ra kulgisi qistaydi. Masalan, to‘yimli va mazali ovqatlanishdan rohatlanib kuladigan odamlar ham uchraydi, chunki bunday odamlar uchun kulgi hayotni sof fiziologikjismoniy idrok etish ifodasi bo‘lib xizmat qiladi. Kulgililik bevosita biror bir hodisa - insonning tashqi ko‘rinishi bilan uning asl mohiyati o‘rtasidagi nomuvofiq ziddiyat natijasida yoki amaldagi voqelik bilan yuksak estetik orzularga mos kelishi kerak bo‘lgan voqelik o‘rtasidagi muhim tafovutlar hamda kelishmovchiliklarni tabiiy anglash natijasida vujudga keladi. Ba’zi odamlar o‘zining pastkash, johil, loqayd, xudbin mohiyatini tashqi viqor, oliftalik, takabburlik bilan «bezab» ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Bu kabi odamlarni uchratganda ham insonda beihtiyor kulgi tuyg‘usi yuzaga keladi. Bunday kulgili holatga o‘sha odamning ichki olami bilan uning tashqi ko‘rinishi o‘rtasidagi beo‘xshovlik sabab bo‘ladi. Mazkur nisbatning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, kulgili holatdan olgan zavqimizga sog‘lom ma’nodagi «xudbinlik» hissi ham qo‘shilib ketadi. Chunki biz bachkana, kalondimog‘, ovsarsifat odamning asl mohiyatini anglash qobiliyatimiz bilan ma’naviy-insoniy jihatdan u odamdan yuksakroq ekanligimiz o‘zimiz uchun hamisha yoqimlidir. Shu jihatiga ko‘ra kulgi insonni ruhan ko‘taradi, unga insoniy g‘urur tuyg‘usi bag‘ishlaydi. Kulgi o‘z mohiyatiga ko‘ra demokratik xususiyatga ega: u barchani teng ko‘radi. Kulgi eskilik bilan kurashning omilkor vositasigina bo‘lib qolmay, balki insonning kuch-qudrati va ozodligi timsoli hamdir. Kulgi beqiyos rango-ranglik, xilma-xil qirralarga ega bo‘lib, mayin, rag‘batlantiruvchi, hushfe’l hazil tuyg‘usidan tortib, to ayovsiz achchiq istehzogacha bo‘lgan keng doirada amal qiladi. Umuman olganda, estetikaning go‘zallik, ulug‘vorlik, fojeaviylik kategoriyalari insonning tabiat va jamiyatga estetik munosabati hamda borliqni estetik jihatdan o‘zlashtirishda muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda go‘zallik kategoriyasi bog‘lovchi vazifasini bajaradi. Shu bois ulug‘vorlik va fojiaviylikda go‘zallik elementlari uchraydi va ko‘zga tashlanadi. Ma’lumki, inson ma’naviy olamni asosan uch soha orqali o‘zlashtiradi: aql-idrok, iroda-ixtiyor va his-tuyg‘u. Ular o‘z navbatida, insonning falsafiy, mantiqiy, axloqiy, estetik tafakkurini shakllantirishga xizmat qiladi. Jumladan, iroda-ixtiyorni o‘rganish – axloqshunoslik (etika)ning, aql-idrokni o‘rganish - mantiq ilmi (logika)ning, hissiyotni o‘rganish esa nafosatshunoslik (estetika)ning zimmasidadir. Mazkur sohalar azaldan falsafada o‘z o‘rinlariga ega bo‘lib kelgan. Inson ma’naviyatining yuksalishi uning fazilati bilan bog‘liq jarayon. Bu jarayon estetik tarbiyani ham taqazo etadi. Estetik tarbiya esa ma’naviy tarbiyaning ajralmas qismi sifatida inson ma’naviy va jismoniy olamining uyg‘un tarzda rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Chunonchi, estetik tarbiyada did, axloqiy tarbiyada fazilat ma’lum darajada shaxsning madaniyatlilik darajasini belgilaydi. Xulosa qilib aytish mumkinki, jamiyat ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotidagi har bir muammo u yoki bu fanning tadqiqot doirasiga tegishlidir. Shu ma’noda estetika ham fan sifatida maqsadi va vazifasi doirasida muayyan sohani o‘rganadi. Bu vazifalar umuman olganda, tabiat, jamiyat va tafakkur haqida yangi bilimlar hosil qilishga, qonun va kategoriyalar asosida olamni yangidan idrok etishga qaratilgan bo‘ladi.
Yüklə 27,82 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə