Bozor iqtisodiyoti



Yüklə 123,96 Kb.
səhifə2/6
tarix29.11.2023
ölçüsü123,96 Kb.
#142629
1   2   3   4   5   6
Bozor iqtisodiyotiga muxolif

Qo’shimcha qiymat nazariyasi. Qiymatni aniqlab va qiymat qonunini ta’riflab bergach, K.Marks qo’shimcha qiymatni tahlil qilishga o’tdi. Bu uning nazariyasida markaziy tushuncha hisoblanadi. Bu yerda asosiy savol tug’iladi: agar «ekvivalentli ayirboshlash» tamoyili bo’yicha barcha mahsulotlar o’z qiymatiga olinsa va sotilsa, unda qo’shimcha qiymat qanday hosil bo’ladi? Marks ta’limoti bo’yicha, u quyidagicha ishlab chiqariladi.
Tovar ishlab chiqarish taraqqiyotining ma’lum bosqichida pul kapitalga aylanadi. Tovar muomalasining formulasi T-P-T (tovar-pul-tovar), ya’ni boshqa bir tovarni sotib olish uchun tovar sotishdir. Kapitalning umumiy formulasi P-T-P, ya’ni sotish uchun tovarni sotib olishdir. T-P-T mazmuni: odamlar o’rtasida har xil foydalilik ayirbosh qilinadi. P-T-P doiraviy aylanishda maqsad foyda olish hisoblanadi. Demak, P’>P bo’lishi kerak. Bu o’sish qayerdan keladi? (Marks uni «qo’shimcha qiymat» deb ataydi). Qo’shimcha qiymat tovarlar muomalasida paydo bo’lmaydi, chunki tovar ekvivalentli ayirboshlanadi, qo’shimcha qiymat bahoning ustiga qo’shib sotishdan ham kelib chiqmaydi, chunki bunday bo’lganda xaridor va sotuvchilarning o’zaro yutuq va yutqiziqlari bir-birini qoplagan bo’lar edi, holbuki gap ayrim hodisa ustida emas, balki ommaviy, o’rtacha, ijtimoiy hodisa ustida boradi. Qo’shimcha qiymat olish uchun «pul egasi bozordan shunday bir tovar topish baxtiga erishmog’i kerakki, bu tovar iste’mol qiymatining o’zi qiymat manbai bo’lishdek orginal bir xususiyatga ega bo’lsin», u shunday tovar bo’lishi kerakki, bu tovarni iste’mol qilish jarayoni ayni paytda qiymat yaratish jarayoni ham bo’lsin. Bunday tovar – ishchi kuchidir. Ishchi kuchining iste’mol qilinishi mehnatdir, mehnat esa qiymat yaratadi. Pul egasi ishchi kuchini uning o’z qiymati bo’yicha sotib oladi. Ishchi kuchi tovarining qiymati ishchining va uning oilasining yashashi uchun zarur bo’lgan tirikchilik vositalari qiymati bilan belgilanadi. Ishchi o’z ishchi kuchi qiymatidan ortiqcha qiymat yaratish xususiyatiga ega. Faraz qilaylik, ishchi kun bo’yi 10 soat ishlaydi. Holbuki, ishchi 5 soat mobaynida (Marks atamasi bo’yicha «zarur ish vaqtida») o’z qiymatiga teng qiymat yaratadi, keyingi 5 soat mobaynida («qo’shimcha ish vaqtida») esa qo’shimcha mahsulot yoki qo’shimcha qiymat yaratiladi. Kapitalist bu qo’shimcha qiymatni haq to’lamasdan o’zlashtirib oladi. K.Marks bo’yicha, kapitalist tomonidan qo’shimcha qiymatning o’zlashtirib olinishi mehnatning ekspluatatsiya qilinishidir. K.Marks o’zi ishlab chiqqan «formula» yordamida ushbu ekspluatatsiya darajasini, ya’ni ekspluatatsiya me’yorini ko’rsatib berdi.
Qo’shimcha qiymatning ishchi kuchi qiymatiga - o’zgaruvchi kapitalga bo’lgan nisbatini (mashinalar va xom ashyoda ifodalangan doimiy kapital esa o’z qiymatini faqat yangi mahsulotga o’tkazishi mumkin, lekin qo’shimcha qiymat yaratmaydi) u qo’shimcha qiymat me’yori deb atadi. Uning yozishicha, «qo’shimcha qiymat me’yori ishchi kuchining kapital tomonidan, yoki ishchining kapitalist tomonidan eksplutatsiya qilinish darajasining aniq ifodasidir». Qo’shimcha qiymat me’yori yangidan yaratilgan qiymatning kapitalist bilan yollanma mehnat o’rtasida qanday taqsimlanishini, shuningdek, ish kunining qancha qismida ishchi o’zi uchun va qancha qismida kapitalist uchun ishlashini ko’rsatib beradi.
Yuqorida qayd qilib o’tilganidek, ishchi «zarur ish vaqti»da o’z ishchi kuchi qiymatiga teng qiymat yaratadi, «qo’shimcha ish vaqti»da esa qo’shimcha qiymat yaratadi, ya’ni kapitalist uchun ishlaydi: kapitalist qo’shimcha ish vaqtini uzaytirishga harakat qiladi. Unga erishishning ikki yo’li mavjud: ish kunini uzaytirish va zarur ish vaqtini qisqartirish. Ish kunini mutlaq uzaytirish yo’li bilan olinadigan qo’shimcha qiymatni K.Marks «absolyut qo’shimcha qiymat» deb atadi. «Absolyut qo’shimcha qiymat hosil qilish, – deb yozadi u, – ish kunini ishchi faqat o’z ishchi qiymatining ekvivalentini ishlab chiqara oladigan chegaradan nariga uzaytirishdan va bu qo’shimcha mehnatni kapitalning o’zlashtirib olishdan iborat».
Zarur ish vaqtini qisqartirish va shunga muvofiq qo’shimcha ish vaqtini uzaytirish yo’li bilan olinadigan qo’shimcha qiymatni K.Marks “nisbiy qo’shimcha qiymat” deb atadi. Bu yerda shu narsaga e’tibor berish kerakki, ya’ni qiymat qonuniga xilof ish qilmaslik uchun, ekvivalentli ayirboshlashning buzilmasligi uchun kapitalist ishchi kuchi qiymatiga nisbatan ish haqini kamaytirish hisobiga zarur ish vaqtini qisqartirishi mumkin emas. Ammo ishlab chiqarishni yaxshi tashkil etish va samarali texnika va texnologiyani qo’llash tufayli mehnat unumdorligini oshirish yo’li bilan bunga erishish mumkin.
Kapitalist o’z foydasini ko’paytirish maqsadida fan va texnika yutuqlaridan ishlab chiqarishda ko’proq foydalanishga harakat qiladi. Ayrim kapitalistlar tomonidan fan-texnika taraqqiyoti natijalarini amaliyotda qo’llash o’rtacha ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga olib keladi, bu esa unga foydani ko’paytirish imkonini beradi. Bu yerda «ortiqcha qo’shimcha qiymat» vujudga keladi. Ammo raqobat qonuni asosida boshqa kapitalistlar tomonidan ham yangiliklarning ishlab chiqarishda qo’llanilishi natijasida bozor bahosi pasayadi va ortiqcha qo’shimcha qiymat yo’q bo’lib ketadi. Demak, qo’shimcha qiymat ishlab chiqarish tadbirkorlarni yangi texnika va texnologiyalarni qo’llashga undaydi.
Ish haqi. K.Marks ish haqini, klassik siyosiy iqtisod asoschilariga o’xshab, mehnat uchun to’lanadigan haq deb emas, balki ishchi kuchi uchun to’lanadigan haq deb talqin qiladi. Uning nazariyasiga muvofiq, ish haqi ishchining va uning oilasining hayot kechirishi uchun zarur bo’lgan tovarlar miqdoriga teng bo’ladi. Ish haqi darajasi mehnat unumdorligiga bog’liq bo’lib, u, o’z navbatida, ishlab chiqarishning mexanizatsiyalashuvi va texnologik jihatdan ta’minlanishi sababli ro’y beradi. Bu hol pirovard natijada ish haqining o’sishiga to’sqinlik qiladi, negaki texnik-iqtisodiy taraqqiyot ishchi kuchining doimiy ortiqchaligini keltirib chiqaradi. Ishchi kuchining ortiqchaligi esa, ishchilar bilan kapitalistlar o’rtasidagi munosabatda keyingisiga ustunlik beradi va ishchi kuchi o’z qiymatidan past bahoda sotiladi.
Demak, K.Marks bo’yicha, ishchi mehnatini emas, balki ishchi kuchini sotdi, bunda «haq to’lanmagan mehnat»ning (aniqlash va o’lchash mumkin bo’lgan) ish haqiga aloqasi bo’lmaydi, «haq to’lanmagan ishchi kuchi»ni esa aniqlash mumkin emas, negaki bitim (kelishuv) bir butun ishchi kuchi qimmatini ayirboshlash yuzasidan tuziladi. Kapitalist ish haqini «bitim» tuzilgandan keyin emas, balki mehnat jarayoni tugagandan keyin to’laydi. Ishchi o’z ishchi kuchining qiymatini ish haqi shaklida olishdan avval kapitalistga ma’lum miqdorda mehnat, shu jumladan, qo’shimcha mehnat ham qilishi kerak. Mehnat sarfi esa, uning nazariyasiga ko’ra, ish vaqti bilan o’lchanadi. Binobarin, ishchi kuchining ma’lum muddat davomida unumli mehnat qilishi uning qiymatiga haq to’lash sharti bo’lib qoladi.
K.Marks fikri bo’yicha, real ish haqi «hech qachon mehnat unumdorligi kuchining oshishi bilan mutanosib tarzda o’smaydi» va natijada ishchilarning kambag’allik va ma’naviy qashshoqligi kelib chiqadi. Lekin tajriba bunday qarashlarning mutloq noto’g’ri ekanligini ko’rsatib berdi. Kapitalizm nafaqat texnologiyalar darajasini takomillashtirib bordi (buni Marks tan olgan) balki ijtimoiy masalalar bo’yicha ham katta yutuqlarni qo’lga kiritdi.

Yüklə 123,96 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə